Milosh Formanning "Kakku uyasi uzra parvoz" filmi ijtimoiy notenglikka e'tibor qaratuvchi psixologik dramadir. U har kimga avvalo inson sifatida munosabatda bo'lish kerakligini uqtiruvchi, ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi aqlbovar qilmaydigan voqealarni ochib beruvchi film. Ammo mening eng yoqtirgan filmlarim orasida ekanligining sababi bugina emas, hamma gap uning nimkosasida. Filmda tizimni o'zgartirish, erkka intilish bilan birga, mustabidning standartlariga bo'ysunmaydiganlarning individualligini yo'qotishga urinish aks etadi go'yo. Qolaversa, birgina shaxs o'ziga xosligining chiqitga chiqarilishi ko'pchilik taqdiriga ta'sir qilishi mumkinligiga ham ishora qilinadi.
Unda hayotga tashnalik va hafsalasizlik, intilish va qo'l siltash yonma-yon keladi. Shifoxona — davlat, bemorlarni esa xalq deb oladigan bo'lsak, ular orasida, sog'dek ko'ringanlar aslida naqadar telbaligi, ba'zilarga esa, aksincha, telbanamo yashash ma'qulligi, kimlardir o'zini soqovga solishiga guvoh bo'lasiz. Qoyilmaqom psixologik rollari bilan ma'lum Jek Nikolson gavdalantirgan qahramon, filmda dastlab qoidalar asosida nimalarnidir o'zgartirmoqchi bo'ladi, ovoz berish, murosa yo'llarini sinab ko'radi. Befoydaligini tushunib yetgach esa boshqacha yechim topmoqchi bo'ladi.
Rejissor ta'biri bilan aytganda Sovet ittifoqining metaforasi bo'lgan "psixushka"da ham Oruellning tillarga doston, hammani kuzatib, nazorat qilib turadigan
"katta og'a"si singari obraz — hamshira Ratched bor. U tartib-qoidalarga bo'ysunmaydiganlarni, isyonkorlarni yoqtirmaydi, ularning tanobini tortib qo'yadi. Yengil jazo emotsional manipulyatsiya, tabletka va shok terapiyasi bo'lsa, oliysi tafakkurga hujum —
lobotomiya, "sabzavotlashtirish"dan iborat bo'ladi.