G'elonliklar qishni qanday o'tkazadi?
Qishloqdan Xolida Musulmon fotohikoyasi
G'elonliklar qishni qanday o'tkazadi?
Qishloqdan Xolida Musulmon fotohikoyasi
Qashqadaryodagi G'elon qishlog'i — O'zbekistonning o'ziga xos maskanlari ro'yxatidagi borish shart bo'lgan joylardan biri. Ammo qishda kamdan-kam sayyoh u yerga yetib boroladi. Fotojurnalist Xolida Musulmon Yangi yil arafasi G'elonda bo'lib qaytdi. Uning yangi fotohikoyasi — qahratondagi qishloq hayoti haqida.
Qashqadaryodagi G'elon qishlog'i — O'zbekistonning o'ziga xos maskanlari ro'yxatidagi borish shart bo'lgan joylardan biri. Ammo qishda kamdan-kam sayyoh u yerga yetib boroladi. Fotojurnalist Xolida Musulmon Yangi yil arafasi G'elonda bo'lib qaytdi. Uning yangi fotohikoyasi — qahratondagi qishloq hayoti haqida.
Har faslning o'z ifori, shamoli-yu bo'roni, mehnati-yu mashaqqati, rohati-yu tarovati bor. Bahorni yalpiz iforisiz, yozni issiq-jaziramasiz, kuzni yuzimga urilgan mezonsiz tasavvur qila olmaganimdek, qishni ham tizzabo'yi qoru, u beradigan kayfiyatsiz his qilolmayman.

Albatta, qor zavqini va go'zal qish ziynatini izlagan fotojurnalist qiz uchun Toshkent torlik qiladi. Ko'ngil kengligu qirliklarni qumsaydi. Bu shunday kenglikki, soxtalikdan yiroq, ko'p qavatli uylardan-da balandroq…

Shu xohish sabab bo'ldi-yu, nomi tillarda doston, o'z tabiati va an'analari bilan mashhur G'elon qishlog'iga qishki sayohatga otlandim. Qishloqning yozdagi yashilligi va kuzdagi rangorangligi shu vaqtgacha barcha obyektivlarni zabt etib ulgurgan, yangilik emas. Ammo bu zaminning qishda qanday qiyofa kasb etishi, g'elonliklar qanday kun kechirishi meni tinimsiz sayohatga undadi.

Yo'l yuray, yo'l yursam-da mo'l yuray, muhimi murod-maqsadimga yetay, deya yo'lga chiqdim.
G'elon dengiz sathidan 2300 metr balandlikda joylashgan qishloq. Qishning qor-qirovli kunlari tuman markazi — Shahrisabzdan bu yerga 3−4 soatda yetib kelish mumkin.

Tog' yo'llari past-baland va g'adir-budur bo'lgani uchun ham qishloqqa maxsus, yo'ltanlamas avtomobillarda borish tavsiya etiladi. G'ildiragiga zanjirlar bog'langan mashinalarda jarlik yoqalab ketarkansiz, tabiat cheksizligi oldida o'zingiz bir mitti zarra ekanligingizni anglaysiz. Tabiatning betakror go'zalligi va biroz qo'rquv sabab ko'zga uyqu ham kelmaydi.

Ayniqsa, qish tongida quyuq tuman tushgan yo'llarni bosib o'tishning zavqi bo'lak. Hisorak suv ombori uzra yoyilib ketgan tuman tabiatning usta musavvir ekanligini isbotlaydi-qo'yadi. Quyuq tuman, ko'zni qamashtiruvchi nur va inson umri kabi past-baland chiziqli tog'lar…
G'elon bizni purviqor qorli tog'lari va tiniq buloq suvining quyosh nurida oynadek akslanishi bilan qarshi oldi, kirishimiz bilan dimoqqa o'tin, ko'mir hidi urildi. Qishloqda hozir 1280 dan ortiq xonadon bor, ularda 5426 kishi yashaydi.

"G'elon" mahalla fuqarolar yig'ini raisi Safarmurod Jabborovning so'zlariga ko'ra, G'elon qishlog'i 2300−2400-yillik tarixga ega.

"„G'elon" so'zi fors-tojik tilidan tarjima qilganda „yashillik" ma'nosini bildiradi. Bu hududga aholi ilk bor bundan 2300−2400-yil muqaddam kelib joylashgan. G'elonliklarning asosiy mashg'uloti — dehqonchilik va chorvachilik, ko'proq kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan" — deydi u.
Qishloqdagi usta-hunarmand va temirchilar esa qishin-yozin vaqtini barakali o'tkazib, sevimli mashg'ulotlari bilan shug'ullanadi, shogirdlariga hunar asrorlarini o'rgatadi.

Rahmonqul Rasulov ham shunday humarmandlaridan. 64 yoshli usta salkam 40 yildan buyon temirchilik bilan shug'ullanib, hamqishloqlariga o'rog'u ketmon, bolg'ayu bolta yasab, og'irini yengil, kam-ko'stini but qilgan holda daromad topmoqda.

"Temirchilik ota-bobomdan meros, men to'rtinchi avlodman. Hunarimga qiziqqanlardan bilimimni qizg'anmayman. Sabr va mehnat bilan hammasiga erishish mumkin", — deydi temirchi.
Yog'ochdan turli ro'zg'or buyumlari, milliylik aks etgan esdalik sovg'alari yasovchi hunarmand Nasrullo ota Jumayev salkam 70 ni qoralab qolgan, ammo uning gapga chechanligiyu yuz-ko'zidan hunarini sevishi yaqqol seziladi. Ustaxonasida hali shakl berilmagan turli yog'och bo'laklari-yu do'ppi ichidagi yong'oqlarni ko'rib, kun kelib ular ham san'at asariga aylanishi mumkinligini o'ylaysiz va hayajoningiz ortadi. Nasrullo ota yog'ochlarga ishlov berarkan: "Tabiatning o'zi usta hunarmand, men undan ilhom olaman, xolos", — deydi kamtarlik bilan.
Qishloq me'moriy manzarasi ham Nasrullo otaning hunarmandchilik buyumlari kabi xilma-xil. Past-baland yo'llar bo'ylab qad rostlagan, aksari ikki qavatli xonadonlar, ularning deraza romlari va eshiklari qishloqning asriy ko'rinishini shakllantirib bergan. Ammo G'elonning tashrif qog'ozchasi bo'lgan eski uylarni buzib, o'rniga yangicha uslubda xonadon solayotganlar ham bor. Umid shuki, bu ishlar G'elonning beqiyos kompozitsiyasiga ta'sir qilmas.
G'elonliklar qishda asosan uy-yumushlari, osh-ovqat bilan band. Qishning qori-yu yomg'iriga qaramay oilasi dasturxonini mazali nonlar bilan to'ldirayotgan qishloq ayollarining tandirga lovullatib olov yoqayotgani, savatda issiq nonlarni ko'tarib, uyiga shoshayotganini ko'rib, bir olam mehrni his qilasiz. Ular sizdan issiq noni kabi beg'ubor tabbasumini ham qizg'onmaydi. Sut va sariyog' solib pishirilgan katta-katta patir nondan totib ko'rdimu, kun kelib men ham tandirda shunday non yopishni o'rganishni niyat qilib qo'ydim.
G'elonda yoshi ulug' momo-yu bobolar bisyor, qolaversa keksalik ularning tanlarida g'ariblik emas, o'zgacha go'zal qiyofa yaratgan. Xolbuvi momo Ne'matova ham, o'z ta'biri bilan aytganda, "bir kam 91"ni qarshilagan (yoshi ulug'larda yoshini shu tarzda ifodalash odati bor — 60, 70, 80, 90,100 yoshga kirgan bo'lsa, yoshiga yo bir yil qo'shib, yo ayirib aytadi).

Momoning yuz-ko'zlaridan u yoshligida ham suluv bo'lgani seziladi. Xolbuvi momo shuncha yashab, qaridim demaydi — hamisha o'zi uchun yumushlar topadi. Masalan, xonasidagi pechka kullarini o'zi olib, to'kib keladi, qaytishda esa o'tin olishni ham esdan chiqarmaydi. "Harakatda baraka" deya shuni aytishar, balki?!

Momo xonadon zinapoyalarini hassasi bilan birma-bir, mustaqil bosib o'tadi. Umr ham xuddi shu pillapoyalarga o'xshaydi, inson uning qaysi pog'onasida ekanligini esa anglashi mushkul.
G'elonliklar uylarini o'tin, tappi-yu tezak, ko'mir bilan isitadi. G'elonda qish aprel, ba'zan may oyiga qadar davom etishini hisobga olsak, tomlarga tutashtirib taxlangan tappilarning ko'pligi-yu, o'tinlarning bisyorligidan hayron qolmasa ham bo'ladi. "Qishloq aholisi yozni qish qahratoniga tayyorgarlik ko'rib o'tkazadi" deb bejiz yozmagan fotograf Madina A'zam G'elon haqidagi o'z fotohikoyasida.
Nafaqat xonadonlar, balki qishloq maktablari ham ko'mirda isitiladi. G'elonda ikkita: 1- va 56-sonli maktab bor. 1-maktabga borgan kunim boshlang'ich sinf o'quvchilarining savodxonlik (Alifbe) bayrami ustidan chiqdim. O'quvchilar va o'qituvchilar hayajonda, ota-onalar esa tadbirdan zavq olmoqda edi.
1-maktab binolari biroz eskirgan, deraza romlariga sovuq kirmasligi uchun "plyonka"lar qoqilgan. Maktab qorovuli Qosim ota Latipov isitish tizimidan tez-tez xabar olib turadi — yo'qsa tizim ishlamay qolib, maktab sovib ketishi mumkin.
Katta sinf o'quvchilari esa yakuniy oraliqlarni topshirish bilan bilan band. O'quvchilarning ilmga chanqoqligi kuchli. Ammo bu qishloqning shaharlardan uzoq ekani, malakali mutaxassislar yetishmovchiligi bu qiziqishning ba'zan kamayishiga, sharoit qarshisida tanlov qilishga, eng alamlisi, yengilishiga ham sabab bo'lmoqda.

"Yozda Shahrisabiz shahridagi repetitorga qatnab, tayyorlanib keldim, hozir ingliz tilini mustaqil o'rganyapman, bizda maxsus kurslar yo'q", — deydi 10-sinf o'quvchisi Shukurullo.
реклама
реклама
G'elonning o'z muzeylari va kutubxonalari bor. Masalan, eski masjid binosi o'rnida 2021-yil noyabridan beri ham kutubxona, ham muzey sifatida ishlayotgan bir muassasa bor. Asoschisi — nafaqadagi o'qituvchi Rahimqul Nuraliyev. Kutubxonada 1,5 mingdan ortiq kitob, muzeyda esa g'elonliklardan yig'ilgan 200 dan ortiq eksponat bor.

"Kutubxona va muzeyimizga ko'proq yoshlar va sayyohlar keladi. Yoshlarning ingliz tiliga qiziqishi baland, lekin kutubxonamizda inglizcha adabiyotlar yo'q, shu jihatdan qo'llab-quvvatlashsa, mamnun bo'lardik", — deydi Rahimqul aka.
Kutubxonaga qanday qilib kitoblar yuborish mumkin?
Kutubxona manzili: 181309, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, "Gʻelon" mahalla fuqarolar yigʻini, 941-uy.

Kutubxona asoschisi Rahimqul aka Nuraliyevning telefon raqami: (+998) 99-742-04-71.
Sayohat davomida qishloqdagi ikki to'yda qatnashishga va g'elonliklarning ahil-inoqligiga yana bir karra guvoh bo'lishga ham ulgurdim. Qahratonga qaramay, to'ylarda butun qishloq qatnashdi, ular uchun doshqozonlarda oshlar damlandi. Masalan, men qatnashgan bir to'yda oshpaz Jo'raqul Ne'matov 70 kilo osh damladi.
Yangi yil arafasi borgandim, qishloqda ham bayram kayfiyati hukmron edi. Bolalar bilan birga qorbola yasab, qorbo'ron o'ynadik. Qishloq yigit-qizlari qorbo'ron-u qorbola yasashga juda usta ekan. Bu bahsda bellashish uyoqda tursin, ularga teng ham kelolmadim.

Chana uchish uchun esa qalin qorga iz tushmagan tepalik sari otlandik. Hammaning kayfiyati ko'tarinki. Ildam qadamlar izidan qalin qorda balandlikka chiqishga qiynalganimdan juda sekin yurardim. Qishloq bolalari tepalikdan navbat bilan sirpanishar, qahratonni esa o'yinning qizig'i tufayli payqashmasdi ham.
Kechki qahraton esa o'z hukmini o'tkazdi. Bolalar muzlab qolishganidan isinish uchun shu yaqindagi qarindoshinikiga kirishga qaror qildi: ostonada qolgan oyoq kiyimlarning ichigacha qor to'lgan edi.

G'elonliklarning o'ziga xos fazilatlaridan yana biri — yuzi kabi dasturxonining ham ochiqligi. Qaysi xonadonga kirmang, darhol dasturxon yoziladi, issiqqina choy keltiriladi.
Kech tusha boshlashi bilan xonadon mo'rilaridan ko'kka tutun o'rlaydi, havoni esa yoqilayotgan o'tin-u ko'mir hidi egallaydi.
Yo'l yurdim, yo'l yursam-da mo'l yurdim, shu tariqa G'elonga qilgan sayohatim ham yakunlandi. Bu go'zal qishloqqa yana kelish va uni chuqurroq o'rganishni niyat qildim. Murod-maqsadga yetish esa yangi marralarni ko'zlash demak. Endi qor bag'rida qolgan izlardan ortga ham qaytmoq kerak…
Fotohikoya muallifi: Xolida Musulmon.
Grafik materiallarga bo'lgan barcha huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli.

"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda