Lotin alifbosining amaldagi versiyasida ham, taklif qilinayotgan versiyasida ham [ц] tovushini oʻz ichiga olgan neologizmlar masalasi mavhumligicha qolmoqda. Bu tovush oʻzbek tiliga rus tili taʼsirida kirib kelgan. Masalan, "цех", "полиция", "цирк". Oʻzbek tilida "Ц" harfi mavjud emas, shuning uchun uning oʻrniga "S" yoki "TS" ishlatiladi. Ayrim hollarda bu paradokslarga olib keladi. Masalan, "цех" soʻ
zi lotin yozuvida "sex" deb yoziladi. Ingliz tilida bu soʻz jinsiy aloqani bildirganligi sababli, ayrim kishilar bu soʻzni atayin grammatik xato bilan — "seh" deb yozadi.
"Gazeta.uz" muxbiri [ц] tovushi masalasi boʻyicha izoh soʻrab, ishchi guruh vakiliga murojaat qildi, biroq javob olmadi.
Qayd etish joiz, oʻzbek lotin yozuvini joriy etish toʻgʻrisidagi 1993-yilgi qonunning
birinchi tahririda "С c" harfi aynan "ц" ifodalar edi, "Ч" uchun esa "Ç ç" harfi ishlatilgan.
Tanqidchilar, shuningdek, budjet xarajatlariga ham ishora qilmoqda, sababi — yangi alifbo kiritilgandan soʻng yoʻl belgilari, reklama bannerlari, peshlavhalar, darsliklar, veb-saytlar va boshqalarni oʻzgartirish kerak boʻladi. Nizomiddin Mahmudov Kun.uz muxbirining shu mavzudagi savoliga javob berar ekan, katta xarajatlarni kutishga hojat yoʻqligi, chunki oʻtish bosqichma-bosqich boʻlishini qayd etgan.
Yangi alifboga oʻtish tarafdori boʻlgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev
oʻz postida darsliklar har ikki-uch yilda bir yangilanishini, pasport va ID-kartalardan ularning amal qilish muddati tugagunga qadar foydalanish mumkinligini taʼkidlaydi. Kupyuralar bosqichma-bosqich oʻzgartiriladi, eskilari esa isteʼmolda qoladi. Yoʻl belgilarini almashtirish ham, uning fikricha, ularning xizmat qilish muddati bilan belgilanishi mumkin.