Bir oyning oʻzida ham koʻklam, ham qahraton
Chuvilloqdan Xolida Musulmon fotohikoyasi
Bir oyning oʻzida ham koʻklam, ham qahraton
Chuvilloqdan Xolida Musulmon fotohikoyasi
Oʻzbekistonda fevral bahoriy iliqlik bilan boshlanib, yarim oyda qishligini eslab qoldi. Xususan, Jizzaxning Chuvilloq qishlogʻida ham yashillikka burkangan qirlarni yana qor bosdi. "Gazeta.uz" fotomuxbiri Xolida Musulmon qadrdon qishlogʻida bir oyda kuzatilgan ikki fasl tarovatini kadrlarga muhrladi.
Oʻzbekistonda fevral bahoriy iliqlik bilan boshlanib, yarim oyda qishligini ekanini eslab qoldi. Xususan, Jizzaxning Chuvilloq qishlogʻida ham yashillikka burkangan qirlarni yana qor bosdi. "Gazeta.uz" fotomuxbiri Xolida Musulmon qadrdon qishlogʻida bir oyda kuzatilgan ikki fasl tarovatini kadrlarga muhrladi.
Koʻklam
Fevral oʻrtalari. Qish hali hukmronligini tugatganicha yoʻq. Ammo bu yil Chuvilloqqa bahor erta keldi. Mayin shabada gullagan bodom iforini dimoqqa eltadi, tanga xush yoquvchi quyoshning iliq nurlari endigina nish urayotgan kurtaklar uzra tovlanadi.
Maysalar nish urgan qir uzra choʻponning "hayt-huyt"i va qoʻzichoqlarning maʼrashi eshitiladi. Qish boʻyi koʻklamga entikkan qishloq aholisi dalayu qirda bahorgi yumushlarini boshlab yuborgan.
Qishloq bolalari ham bahoriy oʻyinlar bilan band.

Tutzor ham bahor elchisi boychechakka burkangan. Qishloq bolalari kaftlarini boychechak bilan toʻldirgan.
Qishloqda boychechak bilan bogʻliq bir odat bor: odamlar birinchi koʻrgan boychechagini oyogʻi bilan yanchadi. Bu odat xalq tilida: "Boychechak insonga uzoq umr tilamas ekan, „bir yil oldin ham seni koʻrgan edim, hali ham tirikmisan?", deya yomon niyat qilarkan", — deya izohlanadi.
реклама
реклама
Bu odat xalq qoʻshiqlarida ham kuylanadi:

Boychechakni tutdilar,
Tut yogʻochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.

Men avvallari bu odatni tushunmasdim. Ezilgan va ezilayotgan boychechaklarga juda rahmim kelar va yigʻlardim. Hozir esa bu odat mantigʻini tushungandekman. Qish — mashaqqat, bahor — omonlik, boychechak esa mashaqqat va omonlik oʻrtasidagi vosita, qishdan chiqqan odamlar yaxshi kunlarga yetish uchun sovuq niyat qiluvchi gulni yanchib, oʻziga umr tilaydi. Zero, xalq hamisha toʻkin-sochin, yorugʻ kunlarda uzoq umr koʻrishni orzu qilgan.
Koʻklamda qishloq mana shunday goʻzal manzara kasb etadi.
Qahraton
Fevral oʻrtalari. Atrofni bahor ifori qoplagan. Ammo qish hali koʻch-koʻronini yigʻgani yoʻq.
Osmonni qora qargʻalar qopladi. Qushlar sovuq ob-havodan darak berayotgandek. Tabiat toʻnini teskari kiydi. Kutilmaganda koʻklam oʻrnini qahratonga boʻshatdi.
"Qishning bir kuni qolsa ham qoʻrq" deganlaridek, qishloq ahli uy isitish uchun yana oʻtin gʻamlay boshladi.
Endigina gullagan boychechaku bodom gullarini, atirgul kurtaklarini qor bosdi. Bu yil hosil moʻl boʻlishidan umidvor boʻlgan bogʻbon qorda qolgan bodomidan umidini uzdi, chogʻi.
24-yillik tajribaga ega bogʻbon Asliddin Gulmurodov bunaqangi ob-havo oʻzgarishi har yili ham kuzatilishi, ammo yaqin orada bahor bunchalik erta kelganini ham, uning ketidan bunday qahraton boʻlganini eslay olmasligini taʼkidlaydi.
"Bodom gullab qoʻygandi. Gulkosachasiga muz tegmasa, hosildan umid qilsa boʻlardi. Bu safar sovuq rostmana urdi, hech qanday umid yoʻq", — deydi 61 yoshli bogʻbon.
реклама
реклама
Butun qishloq qor bilan qoplandi. Uy tomlariyu tarnovlardan, daraxt novdalaridan sumalaklar osildi. Manzara goʻzal. Ammo dehqonu bogʻbonga bu goʻzallikdan zarracha yengil emas — yillik 30 mln soʻmlik foydani sovuq urib turganida manzara koʻngilga sigʻadimi.
Kechagina yashillik kasb etgan qirlarni qoʻy-qoʻzi ovozi emas, endi chana uchayotgan bolalar qiy-chuvi tutdi.

Bolalar qishning soʻnggi oylaridagina uning asl zavqini tuyayotgandek edi.
Tabiat shunday goʻzallikka ega, zamin shunday moʻjizaga boy. Biz ularni payqasak va asray olsak kifoya.
Fotohikoya muallifi: Xolida Musulmon.
Grafik materiallarga bo'lgan barcha huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli.

"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda