FOTO: MADINA A'ZAM
Sahna ortidagi
jarayon va qahramonlar
Sharoitidan ko'ra nomi ko'proq o'zgargan
O'zbekiston davlat drama teatridan reportaj
O'zbekiston davlat drama teatrining XIX asrning oxirida hashar yo'li bilan qurilgan binosi spektakllardan tashqari qurultoylar, mitinglar va hatto dafn marosimlariga ham guvohi bo'lgan. So'nggi bor 40 yil avval to'liq ta'mirdan chiqqan tomoshagohda bugun 130 dan ortiq kishi ishlaydi. Ular orasida ishga kelgach hayotning butun tashvishlarini unutuvchi va sahnada "yashovchi"lar bor. "Gazeta.uz" muxbirlari yillar davomida sharoitidan ko'ra nomi ko'proq o'zgargan teatr bilan tanishdi.
O'zbekiston davlat drama teatrining XIX asrning oxirida hashar yo'li bilan qurilgan binosi spektakllardan tashqari qurultoylar, mitinglar va hatto dafn marosimlariga ham guvohi bo'lgan. So'nggi bor 40 yil avval to'liq ta'mirdan chiqqan tomoshagohda bugun 130 dan ortiq kishi ishlaydi. Ular orasida ishga kelgach hayotning butun tashvishlarini unutuvchi va sahnada "yashovchi"lar bor. "Gazeta.uz" muxbirlari yillar davomida sharoitidan ko'ra nomi ko'proq o'zgargan teatr bilan tanishdi.
Fayzulla Xo'jayev, Cho'lpon va Fitrat teatr tomoshasidan tushgan pulni Germaniyadagi o'zbek talabalariga yuborishga qaror qildi — oxiri ularning bari "qatag'onga uchrashi" bilan yakunlanadigan bu spektaklda yonimdagi ayol, uning o'zbekchada qiynalib gapiradigan qizi, nariroqdagi o'quvchilar ham ko'z yoshini tiya olmadi. Zal sovuqligidan ustki kiyimini ham yechmagan kamina esa tomoshaning jonliligidan o'sha davrga tushib qolganu, adolatsizlik qarshisidagi chorasizlikdan "iliklarimga qadar muzlagandim".

Hissiy abgor holda qolgan bir zal tomoshabin ijodkorlar ta'zim uchun sahnaga qaytganidagina sergak tortdi. Olqishlar his-tuyg'ular aks-sadosidek jarangladi — tomoshabin spektaklga qanchalik "kirib ketgan" bo'lsa, shunchalik kuchliroq, uzoqroq qarsak chaldi. Ko'mib yuborilgan va necha yillar chalajon qolgan o'zlik masalasiga defibrillyator vazifasini o'tagan bu spektakl nomi "Turkiston bolalari", uni sahnaga olib chiqqan tomoshagoh esa O'zbekiston davlat drama teatri edi.
Birinchi teatr
Aksar yoshi ulug'lar Xadrani tarixga aylangan tramvay deposi, kalla-pochadan tayyorlangan gumma, jaziramada yarim yalang'och bolalar miriqib cho'miladigan favvora, avtobus bekati yonidagi gazli suv budkasi kabilar bilan eslaydi.
Chorsu, Beshyog'och, O'rda va Sebzorni tutashtiruvchi bu chorrahaning chap qanotida xalq orasida Abror Hidoyatov nomi bilan tanilgan O'zbekiston davlat drama teatri joylashgan. Yemakxonayu do'konlarga to'la o'ng qanot — gavjum "Ganga" tarafdan farqli o'laroq, teatr tomon qandaydir huvillagan, horg'in ko'rinadi.
O'zbek teatri 1914-yili Mahmudxo'ja Behbudiyning "Padarkush" pesasi bilan "tug'ilgan". O'zbekiston davlat drama teatri binosi esa O'zbekistondagi eng ko'hna teatr binosidir.

Eski suratlarda bino fasadi suvoqli bo'lganini ko'rish mumkin, lekin hozir suvoq yo'q, g'ishti ko'rinib turadi. Tomida O'zbekistondagi aksar an'anaviy me'moriy obidalardagi kabi gumbaz ko'zga tashlanadi.
реклама
реклама
Bino o'rni o'z vaqtida san'atga befarq bo'lmagan Saidkarimboy ismli badavlat kishiniki bo'lgan. "Kadastr hujjatlarida bino qurilgan yil sifatida 1905-yil ko'rsatilgan bo'lsa-da, qurilish hashar yo'li bilan 1892-yilda boshlangani aytiladi", — deydi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sardor Mansurov.

Binodan asosan teatr sifatida foydalanilganiga qaramay, vaqti-vaqti bilan unda boshqa tadbirlar ham o'tkazilgan. Masalan, sovet davrida qurultoylar, yig'ilish va mitinglar, hatto vafot etgan taniqli shaxslar bilan vidolashuv marosimlar ham bo'lib o'tgan.
Foto: Tashkent Retrospective
Binoda 1968-yilgacha O'zbek Milliy akademik drama teatri — o'sha vaqtlarda Hamza nomli teatr faoliyat yuritgan.

Hamza teatri keyinchalik Navoiy ko'chasida (sobiq "Vatan" kinoteatri o'rnida) barpo etilgan hozirgi binosiga ko'chgan. Saidkarimboy qurdirgan eski imoratda esa yangi teatr tashkil etilgan. U yo'nalishi bo'yicha avvalgi teatrdan farq qilgan — unda asosan yoshlar (dastlab rejissor Ergash Masofayev boshliq yosh aktyorlar truppasi) ishlagan, yosh dramaturglarning asarlariga keng o'rin berilgan, sahnaga zamonaviy mavzular olib chiqilgan.
Teatr uchun ikkita nom varianti ko'rsatilgan, biri — „Kommunistlar", ikkinchisi — „Yosh gvardiya". Oxir-oqibat „Yosh gvardiya" degan nom Moskva orqali tasdiqlangan. Shu tariqa 1968-yil 26-oktabrda „Yosh gvardiya" teatri tavallud topgan. Unda ilk bor Maksim Karimovning „Diydor" spektakli qo'yilgan, unda bosh qahramonlarni o'sha davrning eng mashhur aktyor va aktrisalar, er-xotin To'g'on Rejametov va Shirin Azizova o'ynagan. Ularni sahnada ko'rish uchun odamlar teatrga oqib kelgan.
Sardor Mansurov
Teatr uchun ikkita nom varianti ko'rsatilgan, biri — „Kommunistlar", ikkinchisi — „Yosh gvardiya". Oxir-oqibat „Yosh gvardiya" degan nom Moskva orqali tasdiqlangan. Shu tariqa 1968-yil 26-oktabrda „Yosh gvardiya" teatri tavallud topgan. Unda ilk bor Maksim Karimovning „Diydor" spektakli qo'yilgan, unda bosh qahramonlarni o'sha davrning eng mashhur aktyor va aktrisalar, er-xotin To'g'on Rejametov va Shirin Azizova o'ynagan. Ularni sahnada ko'rish uchun odamlar teatrga oqib kelgan.
Sardor Mansurov
Teatrga 1970-yillarda O'zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov bosh rejissor, 1984-yillardan 2000-yillargacha O'zbekiston xalq artisti Bahodir Yo'ldoshev badiiy rahbar bo'lgan. Keyinchalik Minavvara Abdullayeva, Sayfiddin Meliyevlar bosh rejissor sifatida ishlagan. Hozir O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Olimjon Salimov teatr bosh rejissori va badiiy rahbari.
Teatr nomi keyinchalik yana o'zgargan — Mustaqillikning ilk yillari "Yosh gvardiya" o'rniga Abror Hidoyatov nomi berilgan, 2008-yili esa ulug' san'atkorning nomi teatrdan olib tashlanib, shunchaki O'zbek davlat drama teatri deb atala boshlagan. 2016-yilda esa O'zbekiston davlat drama teatri deb qayta nomlangan.

Hozir teatrda jami 130 kishi ishlaydi, 54 nafari ijodiy jamoa a'zolari. Ular orasida xalq artistlari Dilbar Ismoilova, Elyor Nosirov, Aziza Begmatova, xizmat ko'rsatgan artistlardan Munojot Teshaboyeva, Dono Boboxonova, Madina To'xtayeva kabilar bor. Hayratlanarlisi, Aziza Begmatova, Dono Boboxonova va Madina To'xtayeva kabi ustoz san'atkorlar teatrda "Yosh gvardiya" jamoasi tashkil etilganidan — 1968-yildan beri ishlaydi.
Sahna ortida
Abdulla Qahhorning "Ayajonlarim" pesasi asosida sahnalashtirilgan spektakl qo'yiladigan kuni teatrga yana bordik. Vaqtimiz bemalol edi, shu bois spektakl sahna yuzini ko'rguniga qadar qanday bosqichlardan o'tishini ko'rgimiz keldi.

Teatrda asosiy ish qanday boshlanadi? Sahnalashtirish uchun pesa tanlashdan. Asar tasdiqlangach, rejissor rassomga o'z tasavvuri va istagini tushuntiradi. Rassom rejissorni tinglab, tanlangan asarni uning mohiyatini anglaguncha o'qib chiqib, nimani amalga oshirsa bo'ladiyu qaysi dekoratsiyaning imkoni yo'q — shuni aytadi.

Bir to'xtamga kelingach, taxminiy qoralama (eskiz) tayyorlanadi — deylik, spektakl uchun sahnaning qayeriga zina o'rnatiladi, qayeriga miltiq osiladi, ko'rpachalar qayerda turadi va hokazo, va hokazo. Shu eskiz asosida dekoratsiya quriladi.
Spektaklning muvaffaqiyati olqishlarning asosiy qismini o'zi bilan olib ketuvchi aktyorlar mahoratigagina bog'liq emas. Tomoshabin sahna ko'rinishi davomida o'zini hikoya qilinayotgan davr muhitida his qilishi lozim. Muhitni esa sahna ortining eng zahmatkash va ayni vaqtda eng kamsuqum vakillaridan hisoblangan sahna ustalari bunyod etadi.

Ular sahnaga faqat tomoshabin yo'q vaqtda chiqishga shunchalik o'rganib qolganki, odatdagidan sal ko'proq e'tibordan ham o'zini noqulay his qiladi. "Singlim, qo'ying, men bilan nimani ham gaplashasiz", — deydi sahna ustalaridan biri Abdusattor aka.
Yo'q, sahna ustalarini suhbatga rozi qilib bo'lmadi baribir. Spektakllarda ishlatiladigan choynak-piyola, gilam, karavot, stol-stul singari rekvizitlarga mas'ul Dilfuza opa Abdurazzoqovani o'z ishi haqida gapirib berishga bazo'r ko'ndirdik.

Opaning bu teatrda ishlayotganiga salkam 20 yil bo'lib qolgan. Vaholanki, yoshligida u teatrda ishlash haqida xayol ham surmagan. "Telegrafistka edim. Shu teatr aktyoriga turmushga chiqqanman. Uchinchi farzandim tug'ilgach, teatrga ishga kirdim", — hikoya qiladi u.
Dastlab hatto suratga tushishdan ham bosh tortgan Dilfuza opa suhbat davomida ancha dadillashdi, ko'proq xotiralari bilan bo'lishgisi keldi.
Endi ishga kirgan vaqtlarim kimdir foyeda she'r o'qisa, o'ziga o'zi gapirib yursa, hayron bo'lardim. Hozir esa o'zim ham ularning biriga aylanib qolganman.
Dilfuza Abdurazzoqova
Endi ishga kirgan vaqtlarim kimdir foyeda she'r o'qisa, o'ziga o'zi gapirib yursa, hayron bo'lardim. Hozir esa o'zim ham ularning biriga aylanib qolganman.
Dilfuza Abdurazzoqova
Shuning uchun bo'lsa kerak, teatrga kelganida u hayot tashvishlarini unutadi. "Bu yer tamoman boshqa olam", — deydi u.
Dilfuza opa kabi rekvizitchilar pesa uchun zarur barcha buyumlarni oldindan tayyorlab qo'yib, spektakl davomida ularni aktyorlarga tutqazib yuborish uchun sahnaning ikki chetidagi "karman"da shay turadi. Bu yerdan tomoshabin zali ham ko'rinadi (lekin tomoshabinga bu "cho'ntak"lar ko'rinmaydi), sahna shundoq eshitilib turadi.
Dekoratsiya va rekvizitlardan tashqari spektakllar uchun maxsus tikiladigan liboslar ham muhim. Dizayner-rassomlar asar haqida to'liq ma'lumot olib, shu bo'yicha libos va aksessuarlar qoralamasini chizadi. Rejissor ma'qullagach, liboslar tikiladi. Tayyor kiyim-kechaklarni kostyumer qabul qilib oladi. Dilfuza opa bizni ulardan biri — Lazokat Ahmedova bilan tanishtirdi.
Kichik va tor xonadagi matoli "eksponat"larni but va toza saqlashga mas'ul Lazokat opani "kostyumer-pari" desa ham bo'ladi. Kiyimlar kir bo'lsa, tozalashga topshiradi. Tozalarini o'z o'rniga iladi. Dazmollangan kiyim va moylangan poyabzallarni esa spektakl arafasi aktyorlar xonasiga eltib beradi.

Lazokat opa ham avvaliga gapirishni xohlamadi, ammo Dilfuza opa uning gapirmaganiga qo'ymadi. Aytishicha, u avvallari tikuvchilik fabrikasida ishlagan. Korxona yopilgach, 2014-yili teatrga ishga kirgan.
O'shanda bu o'ta mas'uliyatli ishligini, har bir aktyorning turli spektakllar alohida kostyumi bo'lishi, buni eslab qolishim lozimligini uqtirishgan. „Adashishga haqqingiz yo'q, chunki aktyor bu libosni kiyib obrazga kiradi, libos sabab asabiylashib qolsa, rolini maromida o'ynay olmasligi mumkin", degan gap hanuz qulog'imda. Har qalay, buning uddasidan chiqyapman chog'i.
Lazokat Ahmedova
O'shanda bu o'ta mas'uliyatli ishligini, har bir aktyorning turli spektakllar alohida kostyumi bo'lishi, buni eslab qolishim lozimligini uqtirishgan. „Adashishga haqqingiz yo'q, chunki aktyor bu libosni kiyib obrazga kiradi, libos sabab asabiylashib qolsa, rolini maromida o'ynay olmasligi mumkin", degan gap hanuz qulog'imda. Har qalay, buning uddasidan chiqyapman chog'i.
Lazokat Ahmedova
Spektakl vaqti "karman"dagi navbatchilar orasida kostyumerlar ham bo'ladi. Axir istalgan vaqtda "favqulodda holat" yuz berishi — masalan, aktyorlarning libosi yirtilib, tugmasi uzilib tushishi mumkin. Kostyumer esa ish qurollari — to'g'nog'ichu igna-ipi bilan doim yordamga tayyor turadi.
"Rollar yod bo'lib ketgan — kim qaysi gapni qachon aytishigacha bilamiz. Shu darajadaki, ba'zan „o'zimiz ham sahnaga chiqib ketsakchi-a!", deb hazillashib qo'yamiz. Chunki sahnada ma'lum gap aytilgach, aktyor libos almashtirishga kiradi, rekvizitlar almashtiriladi, shunday vaqtlarda bir-birimizga qarashamiz", — deya Dilfuza opaga nazar tashlab qo'yadi Lazokat Ahmedova.

Darhaqiqat, rekvizitlarning hammasi ham choynak-piyola kabi yengil narsalar emas. "Ba'zida stol-stullarni ham ko'tarishga to'g'ri kelib qoladi. Lekin, bilasizmi, o'rganib qolganman — og'ir-yengil deb shikoyat qilmayman", — deydi yoshligidan mehnatda chiniqqan Dilfuza opa. Bunda qiziq hodisalar ham bo'lib turadi.

Masalan, bir spektaklda qorong'i payt ko'rpacha almashtirilishi kerak bo'lgan, ammo Dilfuza opa bunga ulgurmasidan sahnada chiroq yonib ketgan. U tomoshabin qarshisida yugurib ketolmay, o'zini xuddi qo'shnisinikida yurgandek tutganini maroq bilan gapirib berdi. Bundan ilhomlangan Lazokat opa esa "Atirgullar qismati" spektaklida bo'lgan voqeani esladi.
O'shanda spektakl qahramoni homiladordek ko'rinishi uchun dastlab unga qorin bog'lab, keyin sahnada uni yechib olishimiz kerak bo'lgan. Shunaqa vaqtlarda „mana, akusher-ginekolog ham bo'ldik", deb kulamiz.
Lazokat Ahmedova
O'shanda spektakl qahramoni homiladordek ko'rinishi uchun dastlab unga qorin bog'lab, keyin sahnada uni yechib olishimiz kerak bo'lgan. Shunaqa vaqtlarda „mana, akusher-ginekolog ham bo'ldik", deb kulamiz.
Lazokat Ahmedova
Rejissor
"Sahnadagi tayyorgarlikkacha odatda taxminan ikki-uch oy vaqt ketadi. Aktyorlar dastlab bir xonaga to'planib, qahramonlarining so'zlarini yodlaydi. So'zlar yodlanib, asar mazmunini tushunib yetilgach, sahnada ikki-uch, ba'zan to'rt soatlab davom etadigan tayyorgarlik boshlanadi", — deya tushuntiradi teatr direktori o'rinbosari, aktyor Akbar Omonto'rayev.

To'liq bezatilgan tayyor sahna, grim qilingan va spektakl liboslarini kiygan aktyorlar ishtirokidagi hal qiluvchi (bosh) repetitsiyaga qadar uch-to'rt, zarurat tug'ilsa 10 tagacha "progon" o'tkaziladi. Oddiy "progon" ham bosh repetitsiyaga o'xshash jarayon, faqat hal qiluvchi repetitsiya teatr badiiy kengashi va mas'ullar (masalan, Madaniyat vazirligi vakillari) guvohligida bo'lib o'tadi. Ularning fikr-mulohazalari asosida, kamchiliklar bo'lsa, spektakl tuzatib-to'ldiriladi va undan keyin — premyera.

"Shu vaqtgacha taqiq yo cheklov bo'lmagan, faqat onda-sonda mavzu jihatdan talab bo'lishi mumkin. Ya'ni, „bu yilgi rejaga falon mavzudagi spektakl ham qo'shinglar", degandek. Biz yil davomida sahnalashtiradigan to'rtta spektaklimizdan birini aytilgan mavzuga bag'ishlashimiz ham, bag'ishlamasligimiz ham mumkin va bu normal ijodiy jarayon", — deydi teatr rahbari Sardor Mansurov.

"Odamlar ko'proq yengil mavzularga qiziqsa-da, teatrimiz farqli — spektakllarimizda asosan jiddiy mavzular ko'tariladi. Oddiy ishchi bo'lsam ham, Olimjon akani har qanday mavzuning ikir-chikirlarigacha e'tibor beradigan eng professional rejissorlardan, deb bilaman. U sahnalashtirgan „Romeo va Juletta" odamlarga shunchalik yoqdiki, asti qo'yaverasiz", — deydi rekvizitchi Dilfuza opa.
Shekspirning "Otello", "Hamlet","Qiyiq qizning quyilishi" kabi shoh asarlari o'zbek teatr sahnalarida ko'p qo'yilganiga qaramay, aytishlaricha, "Romeo va Juletta" o'zbek jamoatchiligiga ilk bor Olimjon Salimov rejissorligida 2021-yili taqdim etilgan.

"Bu spektakl tomoshabinlar tomonidan juda iliq kutib olindi. Uning 2021-yil 30-dekabrdagi namoyishiga kelgan prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov "Romeo va Juletta"ni Navoiyning "Layli va Majnun"i bilan taqqoslab, "Qish ichra bahor" sarlavhali maqola ham yozgandi", — deydi teatr rahbari Sardor Mansurov.
реклама
реклама
Shunisi ham borki, ijodkor mahoratli bo'lsa, har qanday cheklovni yengib o'tish mumkin. Bu borada Sardor Mansurov "Yer baribir aylanaveradi" asari bilan bog'liq qiziq holatni hikoya qilib berdi.

1990-yillarda yozilgan bu asarda yozuvchi Sharof Boshbekov o'sha vaqtdagi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini keskin tanqid ostiga olgan. 2016-yildan beri teatr ijodiy jamoasiga rahbarlik qilib kelayotgan Olimjon Salimov shu asarni sahnalashtirishga qaror qilgan.
Rejissor aytdimi, demak, qilish kerak, deb ishga kirishdik. Asarni Madaniyat vazirligiga chiqardik. Mutasaddilar ko'rib, „tomoshabinga qarab, „shu ham xalqmi?!", deydigan joylari bor ekan, hozirgi kunimizga qanchalik to'g'ri kelarkin", degan mulohazani bildirdi. Shunga qaramay, hech narsa o'zgartirilmadi — rejissorimiz shunday mohirona sahnalashtirdiki, xalqqa qarata aytilgan gap o'rinli bo'lib chiqdi.
Sardor Mansurov
Rejissor aytdimi, demak, qilish kerak, deb ishga kirishdik. Asarni Madaniyat vazirligiga chiqardik. Mutasaddilar ko'rib, „tomoshabinga qarab, „shu ham xalqmi?!", deydigan joylari bor ekan, hozirgi kunimizga qanchalik to'g'ri kelarkin", degan mulohazani bildirdi. Shunga qaramay, hech narsa o'zgartirilmadi — rejissorimiz shunday mohirona sahnalashtirdiki, xalqqa qarata aytilgan gap o'rinli bo'lib chiqdi.
Sardor Mansurov
Teatr yil davomida tomoshabinlar e'tiboriga odatda to'rtta spektaklni havola qiladi. Ba'zida kamroq yo ko'proq bo'lishi ham mumkin. Masalan, 2022-yilda to'rtinchi spektaklga ulgurilmagani uchun 2023-yilda jami beshta spektakl taqdim etilgan

Bir yilga to'rtta spektakl kam emasmi, degan savol tug'ilishi mumkin. Ammo bir pyesa sahna yuzini ko'rgunicha — rollar taqsimlanib, "chitka" (o'qish)dan to aktyorlar ilk bor spektakl liboslarini kiyib, sahnada repetitsiya qilishigacha bo'lgan yo'lga nazar tashlansa, hammasi imkoniyat doirasida ekani oydinlashadi.
Aktyor
Yuzlab tomoshabin ko'zi qadalgan sahnaga chiqish uchun jur'at va iroda kerak. Bu yod olingan so'zlarni shunchaki aytib berish emas, balki qahramonning ichki kechinmalari va ruhiyatini mimika, plastika, kezi kelganda improvizatsiya bilan, musiqa, adabiyot, tasviriy san'at, ba'zida hatto raqs bilan uyg'unlashtirgan holda tomoshabinga yetkazishdir. Juda murakkab, ammo tik turib qarsak chalayotgan minnatdor tomoshabinni ko'rgach esdan chiqadigan jarayon.

O'zbekiston xalq artisti Dilbar Ismoilova 70 yildan buyon shu jarayon ichida yashab kelayotgan aktrisalardan. Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Olim Xo'jayev, Sora Eshonto'rayeva va onasi Zaynab Sadriyeva kabi professionallar bilan birga ishlagani va ularning tarbiyasini olganidan faxrlanishi aytishdan charchamaydigan 85 yoshli san'atkor, "Ayajonlarim"da bosh rolni o'ynayotgani, vaqti juda tig'izligiga qaramay, biz bilan xotiralarini bo'lishishga bajonidil rozi bo'ldi.
Men uchun rol shunchaki axborot berish emas. Gavdalantirayotgan obrazim ichida "yashash"im ham kerak. Shu kungacha 100 dan ortiq katta-kichik rollarda o'ynagan bo'lsam, barida jonimni berganman. Biror rolni olsam, uni ipidan-ignasigacha tahlil qilib, hazm qilmaguncha sahnaga chiqmayman. Obrazning mag'zini chaqish muhim.
Dilbar Ismoilova
Men uchun rol shunchaki axborot berish emas. Gavdalantirayotgan obrazim ichida "yashash"im ham kerak. Shu kungacha 100 dan ortiq katta-kichik rollarda o'ynagan bo'lsam, barida jonimni berganman. Biror rolni olsam, uni ipidan-ignasigacha tahlil qilib, hazm qilmaguncha sahnaga chiqmayman. Obrazning mag'zini chaqish muhim.
Dilbar Ismoilova
Ustoz san'atkor yuragini jizillatmagan rolni rad etishini, bunday rolni qancha harakat qilsa ham, tomoshabiga yetkazib bera olmasligini aytadi. "Tomoshabinni aldab bo'lmaydi", — deydi u va so'ziga tasdiq sifatida ustozi Shukur Burhondan iqtibos keltiradi: "Yurak va ko'z bir xil bo'ladi. Yurakdagi narsa ko'zda aks etadi".

Soat 18:00 ga yaqinlashgani sari grimxonadagi pardoz jarayoni tezlashadi. Ammo bunda shoshqaloqlik ketmaydi — pardoz obrazning tugallanishi, qahramonning ko'rinishi, asarning mohiyatini ochib berishda ahamiyatli lahza.
"„Inqilob tongi" spektaklida Buxoroning eng sohibjamol, oldi ayollaridan bo'lgan Oyimjahonni o'ynaganman. Uningdek ko'rinish uchun har bir detalga e'tibor berish lozim edi. Zitalina ismli pardozchimiz bu vazifani do'ndirgan. Parikdan foydalanmay, o'z sochimni mayda qilib o'rganmiz. Gajak hatto qaysi tarafga qarashi kerakligigacha aytib turilgan", — deb eslaydi Dilbar Ismoilova.
Sahna
Nafaqat zal, balki sahna ortida ham odam ustki kiyimini yechgisi kelmaydi. Isitish tizimida muammo bor — qancha harakat qilinsa ham, teatr xodimlari o'z yonidan xarajat qilsa ham, tizimni ishlatib bo'lmagan. Konditsioner yo pechkaning kuchi esa binoni to'liq isitishga yetmaydi.

Shunday bo'lsa-da, spektakl va rol talab qilsa, aktyorlar yupun kiyim-kechakda ham sahnaga chiqaveradi. Ammo tomoshabin mehribon. Masalan, qahraton vaqti qo'yilgan "Vafodor it" spektaklida yengi kalta yaktakda sahnaga chiqqan aktyorlarni tomoshabinlarning o'zi issiqroq libos kiyib olishga chaqirgan.
Teatr har yili bolalar uchun Yangi yil tomoshalarini uyushtiradi. Kelganlar: „Bu yil to'rtta teatrga bordik, eng zo'r tomosha sizlarda bo'ldi, lekin zalinglar sovuq ekan-da", deb ketadi. Yoki: „Bu yil ham Yangi yil tomoshasi bo'ladimi? Direktorimiz o'tgan yili shu teatrga borganidan keyin bir-ikki bola shamollab qolgandi, bu yil issiq bo'larmikan, deb so'rayaptilar", deb qolishadi.
Sardor Mansurov
Teatr har yili bolalar uchun Yangi yil tomoshalarini uyushtiradi. Kelganlar: „Bu yil to'rtta teatrga bordik, eng zo'r tomosha sizlarda bo'ldi, lekin zalinglar sovuq ekan-da", deb ketadi. Yoki: „Bu yil ham Yangi yil tomoshasi bo'ladimi? Direktorimiz o'tgan yili shu teatrga borganidan keyin bir-ikki bola shamollab qolgandi, bu yil issiq bo'larmikan, deb so'rayaptilar", deb qolishadi.
Sardor Mansurov
Teatr darvozasidan kirib, tomoshabin zaliga borish uchun foye bo'ylab o'ngga yurarkansiz, xiralashib qolgan naqshinkor devorlarga shu vaqtgacha teatrda ishlab ketgan ijodkorlarning suratlarini, avval qo'yilgan spektakllardan fotolavhalarni ko'rasiz.

Vaqt bo'ldi. Zalning arksimon yog'och eshiklari ochilib, tomoshabinlar ichkariga taklif qilindi. Qirmizi o'rindiqqa o'tirgan tomoshabinlar aktyorlarning chiqishini kuta boshladi. Sahnasining oldida ikkita isitgichi bor bu zal — teatrning eng chiroyli, ko'rimli joylaridan biri.
Va nihoyat spektakl boshlandi. Aktyor va aktrisalar binodagi sharoit va ahvol ular uchun go'yoki ahamiyatsizdek mahorat bilan o'z rollarini o'ynashga kirishadi. Tomoshabinning eti jimirlaydi — ham sovuqdan, ham tomoshaning zo'ridan; ba'zi sahnalarda qiqirlab kuladi — kechinmalarning samimiyligidan mimikalar nazoratdan chiqadi. Dilbar Ismoilova esa o'z rolida, o'zi aytganidek, "yashaydi". Buni ko'rib, yana eting jimirlaydi.

Biz esa sahna ortidamiz. Hayajoni ichiga sig'mayotgan aktyorlar, hatto eng profesionallari ham, uyoqdan-buyoqqa yuribdi. Hayajonlanmay qo'yish — eng yomoni, deydi teatrning bir xodimi biz bilan suhbatda. Aktyor rolga berilib ketganidan og'riqni ham, sovuqni ham sezmasligi mumkin, deya qo'shimcha qildi u.

Kimligimizni bilgach, shunday dedi: "Teatrdagi ahvol va sharoit qanday ekani, bu yerga e'tibor va rag'bat kerakligi haqida haqiqatni va faqat haqiqatni yozinglar".
Ahvol
Rostdan ham — otaxon teatr binosining ahvoli qanday o'zi? Ahvoli yaxshi emas, ta'mirtalab — so'nggi bor 1980-yillarda kapital ta'mirdan chiqqan binoda boshqacha bo'lishi mumkinmi o'zi? Ammo u madaniy meros obyekti hisoblangani uchun unda bitta mixni ham Madaniy meros agentligi bilan kelishib qoqish kerak, shunday ekan, bu binoni o'zingcha ta'mirlab tashlay olmaysan.

Sardor Mansurovning ta'kidlashicha, bino reja bo'yicha 2015-yilda ta'mirlanishi kerak edi, ammo 2013-yilgi kuchli yog'ingarchiliklar vaqtida bino tomidan suv o'tib ketgan. Shundan so'ng ta'mir 2014-yilga ko'chirilgan. 2014-yil yanvarida esa prezident Islom Karimovning "O'zbek milliy akademik drama teatrining 100 yilligini nishonlash haqida"gi qarori e'lon qilinib, e'tibor bundan 1,5−2 yil avval to'liq ta'mirdan chiqqan Milliy teatrga qaratilgan yana — binosi 100 yillik teatr esa chetda qolib ketgan.
"Milliy teatr — bu oldingi Hamza teatri. Biz bir tomondan xursand bo'ldik, lekin ta'mirlanadigan teatr sifatida narigi bino nazarda tutilgan edi, vaholanki 1914-yilda ish bizning teatrimiz joylashgan binoda boshlangan edi-ku", — deydi Sardor Mansurov.

Teatr jamoasi: "Biz baribir 2014-yilgi ta'mirlash rejasiga kiritilganmiz-ku", deb umid qilgan. Yil o'tgan, 2015-yil boshlangan. "Balki eski reja bo'yicha 2015-yilda ta'mirlab berishar", deb turishsa, mutasaddilar: "Sizning teatringizni ta'mirlash 2014-yilgi ko'chirilgandi-ku", deb teatrni dog'da qoldirgan.
Oxiri 2018-yilda hukumatning bir qarorida O'zbekiston davlat drama teatrini kapital ta'mirlash va moddiy-texnika bazasini kuchaytirishga topshiriq berilgan. O'shanda bu ishlar uchun salkam 12 mlrd so'm ajratilishi ko'zda tutilgan edi. Ammo mutasaddilar ta'mirlash ishlariga kirishgunicha koronavirus pandemiyasi boshlangan — hamma omon qolish uchun kurashayotgan bir damda kimning ko'ngliga teatr sig'adi axir?

Pandemiya g'avg'olari o'tib, hayot yana o'z maromiga qaytgach, teatr jamoasi yana unga va'da qilingan ta'mirni so'ray boshlagan. 2022-yilda ta'mirni ko'zda tutuvchi navbatdagi hujjat chiqqan — bu safar prezident qarori. Ammo uning-da ijrosi teatr rahbari bir yig'ilishda bosh vazirga shaxsan murojaat qilmagunicha boshlanmagan. Baxtga qarshi, so'nggi 5−6 yilda narx-navo yaxshigina oshgan bo'lsa-da, 2018-yili ta'mir uchun va'da qilingan 12 mlrd so'm ko'paymay, aksincha, 5 mlrd so'mga aylanib qolgan.
Madaniy meros agentligining tasarrufida obyektlar juda ko'pligini, ularga pul taqsimlash ham oson emasligini tushunish kerak. Lekin bu teatr — u yopilsa, tomoshabinni yo'qotib qo'yamiz. Bir necha yil davomida ta'mirlanadigan bo'lsa, demak hozir binoning fasadi ta'mirlansa, orqasi bitgunicha, old tomoni yana ko'chib tushadimi? O'zi hozir kelayotgan tomoshabinlar ham havozalarni ko'rib: „Haliyam ishlayapsizlarmi?", deyapti.
Sardor Mansurov
Madaniy meros agentligining tasarrufida obyektlar juda ko'pligini, ularga pul taqsimlash ham oson emasligini tushunish kerak. Lekin bu teatr — u yopilsa, tomoshabinni yo'qotib qo'yamiz. Bir necha yil davomida ta'mirlanadigan bo'lsa, demak hozir binoning fasadi ta'mirlansa, orqasi bitgunicha, old tomoni yana ko'chib tushadimi? O'zi hozir kelayotgan tomoshabinlar ham havozalarni ko'rib: „Haliyam ishlayapsizlarmi?", deyapti.
Sardor Mansurov
"Do'stlar klubi" — bu yana bir qiziq masala. Bunday amaliyot prezidentning 2017-yil 3-avgustda ziyolilar bilan bo'lgan uchrashuvidan so'ng yo'lga qo'yilgan edi. Unga ko'ra, moddiy jihatdan baquvvatroq korxona va tashkilotlar turli madaniyat muassasalarini otaliqqa oladi. O'zbekiston davlat drama teatriga o'sha vaqtda yangi tashkil etilgan Yoshlar ittifoqi biriktirilgan.

Ittifoq homiyligida italyan yozuvchisi Karlo Goldonining "Ikki boyga bir malay" asari asosida "Truffaldino — ikki boyning malayi" nomli spektakl sahnalashtirilgan. Buning uchun Ittifoq 90 mln so'm ajratgan. Teatr jamoasi shu asar bilan Turkiya va Qirg'izistondagi tanlovlarda qatnashib kelgan — "do'st" tashkilot Turkiya safari uchun 100,5 mln, Qirg'izistonga borib kelishga esa 20 mln bergan.

"Keyin nimadir bo'ldiyu, Yoshlar ittifoqidan homiyliklar kamaya boshladi. Oxir-oqibat, boshqa teatrlarda ikki-uch yilda 2 mlrd so'mgacha yetgan homiylik bizda 287 mln so'mligicha qolib ketdi. Ba'zan o'zimiz ham ikkilanib qoldik — o'zi kim kimga homiy: ular bizgami yo biz ularga? Yoshlar Ittifoqining qanday tadbiri bo'lsa, bizning aktyorlar borardi-da", — deb eslaydi teatr rahbari.

Hozir teatrning "do'sti" o'zgargan — Yoshlar Ittifoqi o'rniga "Asakabank" biriktirilgan. "Bank teatr uchun 2 mlrd so'm ajratish arafasida turibdi. Shuni tasdiqlatsak, „Do'stlar klubi" bo'yicha ishimizni qayta yo'lga qo'yib yuboramiz. E'tibor yo'q emas bor, asosiysi — to'xtab qolmasa bo'lgani", — deydi u.


Tomoshabin
Teatr o'zining mavjudligini internetda nisbatan yaxshi bildiradi — uning sayti bor, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari faol yuritiladi. Shundan bo'lsa kerak, chiptalarni onlayn sotib oluvchilar soni, ular hali juda ko'p bo'lmasa-da, oshib boryapti.

"Hozir chiptalarni onlayn sotib olsa ham bo'ladi. Maishiy mavzudagi, komediya yo'nalishidagi spektakllarning chiptalari nisbatan oson sotiladi. Masalan, dam olish kunlariga komediya qo'ysak, chiptalarning taxminan 30 foizi onlaynda sotilib ketadi", — deydi teatr rahbari Sardor Mansurov. Jiddiy, dramatik asarlarning "bozori" bunchalik chaqqon emas hozircha (umuman, san'atning boshqa sohalarida ham vaziyat taxminan shunday).
Yuqorida ta'kidlanganidek, teatrning onlayn maftunkorligi durust, ammo oflayn borasida bunday deb bo'lmaydi; ta'mirtalablikdan boshqa masalalar ham bor. Bir vaqtlar teatr joylashgan Zarqaynar ko'chasida "Abror Hidoyatov teatri" nomli avtobus bekati bo'lar, shuni mo'ljal qilib, odamlar teatrga kelaverardi. Ko'chada harakatni qayta tashkil etish jarayonida qatnov faqat bir tomonlama qilinib, bekat olib tashlangach, teatr xaritadan yo'qolib qoldi go'yo. Mashinada kelayotgan tomoshabin qayerdan aylanib kelishni bilmay sarson, yo'l so'rashga majbur.
реклама
реклама
Darvoqe, shahar avtomobillarga to'lib toshgan bir vaqtda teatr atrofida tayinli avtoturargoh yo'q. "Zarqaynar ko'chasida harakatni avvalgidek ikki tomonlama qilish va avtoturargoh masalasida shahar hokimligiga ham murojaat qilganmiz", — deydi teatr rahbari Sardor Mansurov. Ammo avtoturagoh bor-yo'qligiga, teatrning issiq-sovuqligiga qaramay, hech bir premerani o'tkazib yubormaydigan sodiq muxlislar ham talaygina.

Ular har kelganida ijodkorlarga tashakkurlarini aytadi, shu bilan birga taklif va tanqidlarini ham bildiradi — murojaat va takliflar daftari aynan shunday sodiq va talabchan tomoshabinlar sharofati bilan qaydlarga to'la.
"So'nggi ikki yildan beri har shanba va yakshanba kunlari soat 18:00 da spektakl qo'yyapmiz. Ko'z tegmasin, bu ishimiz yaxshi natija beryapti. O'zi har kuni spektakl qo'yilishi kerak, lekin ish kunlari bazo'r 4−5 chipta sotilsa, deyarli huvillagan zal uchun tomosha qo'ya olmaymiz-ku", — deydi direktor.

Ba'zida favqulodda takliflar ham bo'lib turadi — ayrim tashkilotlar birdaniga butun zalni, 250 chiptaning barchasini oladi, lekin "qulayroq vaqtda, kunduzi qo'yib beringlar", deb iltimos qiladi. "Shunday takliflar tushganida spektakllarni soat 14:00 yoki 16:00 ga ham ko'chirib turamiz", — deydi teatr rahbari.

Hash-pash deguncha spektakl tugadi. Karlo Goldonining "Ikki boyga bir malayi" bilan Uilyam Shekspirning "Romeo va Juletta"sini ularning o'z yurtiga ham borib namoyish qilishni niyat qilgan jamoa a'zolari ijrosi qoyilmaqom bo'ldi.

Biz ham boshqa tomoshabinlar qatori teatr bilan xayrlashdik, lekin shunchaki emas — teatr bilan bog'liq qarorlar ijrosi ham shunday chiroyli va muvaffaqiyatli yakun topishiga umid qilgan holda tomoshagohni tark etdik.
Yo'l-yo'lakay o'zbek teatrining pardasini ochib bergan Behbudiyning so'zlari esga tushdi: "Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko'zliklar ko'rub kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur".
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / "Gazeta.uz".
Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda