Mardlik va jasorat o'yini
Ko'pkari haqida Xolida Musulmon fotohikoyasi
Qishloqlarda ko'klamning kirib kelishi an'anaviy o'yinlar bilan nishonlanadi. Ko'pkari — shulardan biri. "Gazeta.uz" fotomuxbiri Xolida Musulmon Jizzaxda ko'pkariga borib, erkaklar nega uloq chopishi, g'oliblarga qanday sovg'alar berilishi va nega unda ayollar qatnashmasligi haqida hikoya tayyorladi.
Qishloqlarda ko'klamning kirib kelishi an'anaviy o'yinlar bilan nishonlanadi. Ko'pkari — shulardan biri. "Gazeta.uz" fotomuxbiri Xolida Musulmon Jizzaxda ko'pkariga borib, erkaklar nega uloq chopishi, g'oliblarga qanday sovg'alar berilishi va nega unda ayollar qatnashmasligi haqida hikoya tayyorladi.
Martning charog'on kuni. Jizzax viloyati G'allaorol tumani "Uzunbuloq" qishloq fuqarolar yig'iniga kiruvchi Avliyo qishlog'i qir-adirlari yaqin-yaqinda ham qor bilan qoplangan edi. Hozir esa bu yerlarda haqiqiy bahor nafasini his qilasan kishi. Maysalar quloq chiqarib, chor-atrof yashillikka burkangan, shamol esa ko'kda biri biridan chiroyli bulutlarni haydaydi.
Bugun bu yerga yuzlab ko'pkari (uloq) muxlislari yig'ilgan. Ko'pkari — bahorning eng asosiy o'yin-kulgilaridan biri; Avliyo qishlog'i oqsoqoli Saidqosim otaning aytishicha, bu yerlarda hech bir Navro'z ko'pkarisiz o'tmaydi. Musobaqa nafaqat Avliyo qishlog'i va yondosh mahallalarning erkaklarini, balki qo'shni Baxmal, Zafarobod va Zarbdor tumanlari chavandozlarini bir joyga to'plagan. "Jang" bo'ladigan maydon atrofidagi tepaliklar tomoshabinlar bilan to'la.
Ammo ular orasida xotin-qizlar yo'q. Ayol kishining ko'pkarida qatnashishi — o'ta kamyob hodisa. Jamiyat ayollarning bunday musobaqalarda qatnashishini ma'qullamaydi. Ba'zan har turli yegulik sotuvchilar orasida xotin-qizlarni ko'rib qolish mumkin, ammo shunda ham ular bu yerga uloqqa qiziqqanlaridan emas, balki ishlash uchun keladi. Shunday ayollardan biri tajribali kabobpazga yordamchilik qilyapti. Atrofni manqalda pishayotgan qo'y go'shtining ishtahani qitiqlovchi hidi tutib ketgan.
Xuddi shunday bir qo'yni sal avvalroq ko'pkari sifatida so'yishgan edi. Tashkilotchilik Avliyo qishlog'ining 1988-yilda tug'ilgan yigitlari chekiga tushgan. Jonliq so'yilgach, uning ichini ichak-chavoqdan tozalab, tuz bilan to'ldirishdi.
реклама
реклама
"Qishloqda bir muchalda tug'ilgan va navbatdagi muchal yoshiga yetgan yigitlarning uloq berish an'anasi bor, — deydi Saidqosim ota. — Hozir qishloqda 2000-yilda tug'ilganlar yo'q. Ular yo o'qishga, yo mehnat muhojirligiga chiqib ketgan".
Musobaqa boshlanishi oldidan boshqa xalq o'yinlari, masalan, kurash ham tashkillashtiriladi. Ko'pkarining o'zi 3−4 soat davom etadi. Qoida bo'yicha, har kim o'zi uchun o'ynaydi — jamoaga bo'linish degan narsa yo'q, ammo ba'zida ikki-uch kishi bir jamoa bo'lib harakat qilishi ham mumkin. Ko'pkarida qatnashuvchilar soni va yoshiga cheklov yo'q. O'ziga ishongan har qanday chavandoz baxtini sinab ko'rishi mumkin.
Chavandozda o'ziga bo'lgan ishonch qayerdan keladi? Albatta, mashg'ulotlar orqali — g'alaba uchun doimiy shug'ullanish kerak. Chavandozlar bilan birga otlar ham o'zi ustida ishlaydi. Otlar yoz jaziramasida umuman tashqariga chiqarilmay, yemlanadi. Kuz kelib, havo salqinlagach, dastlabki yengil mashg'ulotlar boshlanadi. Yigitlar yaylovlarda sadoqatli tulporlari bilan birga bo'lajak musobaqalar uchun kuch to'playdi. Ko'pkari mavsumi oktabr-noyabrda boshlanib, bahorning issiq kunlariga qadar davom etadi. Yoz jaziramasida uloq chopishdan ma'no yo'q — uning foydasidan zarari ko'proq.

Erkaklar o'z kuchini sinash, qanchalik epchilu chayirligini ko'rsatib qo'yish uchun ham uloq chopadi. Tulporini ko'pkariga solib, uning narxini oshirib olishni o'ylaydigan yoki shunchaki zot (sovrin)ni qo'lga kiritish uchun keladigan chavandozlar ham bor.
O'yindan maqsad — uloqni bir marradan ikkinchi marraga olib borish. Uloqni taqimidan tushirmay, raqiblariga oldirib qo'ymay, marra ("qozon")ga yetkaza olgan chavandoz va'da qilingan sovrin egasiga aylanadi.
Ko'pkariga hamma ataganini tikkan — gilam, pul, maishiy texnikadan tortib bosh sovrin — buqagacha. Kattaroq musobaqalarda zotga mashina ham qo'yilishi mumkin. Mukofot jamg'armasini o'yinchilarning o'zi shakllantiradi. Sovg'alar uchun bozor-o'char bilan mahalla yo qishloq oqsoqollari shug'ullanadi, ularning o'zi ko'pkari vaqti hakamlik ham qiladi. Uskunalarni ijaraga olish va davrani olib boruvchi boshlovchini taklif qilish kabi tashkiliy ishlar ham oqsoqollar zimmasida.
Bu safargi musobaqada buqani Erkin Bozorboyev olib ketadigan bo'ldi. 28 yoshli bu chavandozni odamlar Erkin polvon deya e'zozlaydi. U sakkiz yildan beri uloq chopadi. Mavsumning barcha o'yinlarida faol qatnashadiganlar yaxshigina daromad ham qiladi. Erkin Bozorboyev kuniga 10−20 mln so'm foyda qilgan kunlari ham ko'p bo'lganini ta'kidlaydi.

"Ko'pkari — ota-bobomdan qolgan meros. Men unga qadriyat darajasida qarayman va meni polvon deb chaqirishlaridan g'ururlanaman", — deydi chavandoz.
реклама
реклама
Ko'pkari ishqibozlari orasida bolalar ham ancha-muncha. Tulporiga shiddat bilan qamchi solayotgan Erkin polvon va boshqa chavandozlarni havas bilan tomosha qilayotgan 13 yoshli Lazizbek ulardan biri.
"Men kichkinaligimdan uloqda qatnashishni va Ruslan, Mirsodiq, Boburshoh polvonlar kabi jasur bo'lishni orzu qilaman. Otamning ikkita oti bor. Agar mendan otni tanlaysanmi yo mashinanimi, deb so'rashsa, o'ylab o'tirmay otni tanlagan bo'lardim. Negaki otda mehr, xarakter, shiddat, olovni his qilish mumkin".
Fotosuratlar muallifi: Xolida Musulmon / "Gazeta.uz"
Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda