Bu vositadan birinchi galda amirning oilasi faol foydalangan: Buxoroga "poyezd neʼmati" kirib kelgach, amir Abdulahadxon oilasi va ayonlari bilan birga muntazam ravishda Peterburg, Moskva, Qrimga sayohat qiladi, "dunyoni koʻrgach" Yalta, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk kabi kurortlardan yer olib, qarorgohlar qurdira boshlaydi (ularning
ayrimlari hozirgacha saqlanib qolgan).
"Rossiya, Kavkazorti va Qrim shaharlarida boʻlib, u yerdagi aslzodalar hayoti bilan tanishgan amir barcha qulayliklarga ega, xorijiy mehmonlarni kutib olishga moʻljallangan milliy va yevropacha uslubda saroy barpo etishga farmon beradi", deyiladi tadqiqotchi Zilola Hamidovaning 2017-yili "Moziydan sado" jurnalida eʼlon qilingan maqolasida.
Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Shavkat Bobojonovning qayd etishicha, amir ushbu saroyni Rossiya imperatori Nikolay Ikkinchini Buxoroga taklif qilish maqsadida qurdirgan.