Men 1926-yilning 10-yanvaridan 10-fevraligacha otpusqaga ketub, dam olib yurganimda, bu "Yig'indi gaplar" nom maqolani yozg'anman. Otpusqadan qaytqandan so'ngra, 14−15-chislada navbatdagi chiqaturg'an "Mushtum" jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag'animda ularning ichida bu maqolani ham qo'shub, mas'ul muharrir Komil Alimovga olub borg'anman. Mas'ul muharrir Komil Alimov haligi "Yig'indi gaplar" nom maqolani menim qo'lumdan olib, o'zining kabinetida baland ovoz bilan o'qub berdi. Ul maqolani o'qub bergan vaqtda uning kabinetida o'rtoq G'ozi Yunus, Sanjar Mirmahmudov va qonto'rshik (kontorachi) Xaluchayev bor edi. Mas'ul muharrir Alimov maqolani o'qug'an vaqtda ba'zi joylarini xato o'qug'ani uchun men tuzatib turdim. Keyin o'qub tamom qilg'andan so'ng, "Xo'b, bostiraylik", dedi, ham "Yaxshi ketdi" deb qo'shimcha qildi va men bostirg'anman, chunki Alimov ijozat bermagan holda, tabiiy, maqolaning materiali yirtqilanub tashlansa kerak edi.
Maqolani mas'ul muharrir Alimovga ko'rsatmasdan ilgari, Ziyo Saidiyga ham o'qub bergan, xuddi boshlag'animda hodisaning tepasiga Xurshid ham kirib qoldi. Men o'qub bergandan so'ng, "Ko'b yaxshi ketdi" deb maqtab yubordi. Bu onglashilmovchilikdan ilgari rasmiyat, ya'ni idoraga kelgan maqolani bostirish yoki bostirmaslik to'g'risida muharrir rezolyutsiya solmas edi. O'shaning uchun bu maqola rezolyutsiyasiz bostirilg'on. Rasmiyat faqat jurnalning 28-sonidan boshlandi.
Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg'an, hech bir hukumatka yoki siyosatka tegadirg'an joyi yo'q. Maqola bosilub jurnal tarqalg'andan so'ngra besh kuncha o'tkandan so'ngra Alimov Samarqanddan qaytub keldi va meni o'zining oldiga chaqirtirib, "Nimaga bostirding, men ijozat bermagan edim", dedi. Men "Sen ijozat berding, men bostirdim", deb janjallashdik. Maqolani Alimovning kabinetida o'qug'anda Ziyo Saidiy yo'q edi, ham kirgan emas, shaxsiy adovatka ketub, "Bor edim", deb gapiradir.
Bu guvohlarning mundog' gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt jonlariga tekkan bo'lsam kerak, ammo qay tariqada ularga gap tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og'zaki tanqid qilar edim. Matbuotda tanqid qilg'anim yo'q. Qisqasi, umuman, Ziyo Saidiy va boshqalar manga qarshi bo'lg'anlari uchun yolg'ondan guvohlik beradirlar.
"Yig'indi gaplar" maqolasini ma'nisi, kelgan-ketkan gaplar degan so'zdir ham faqat kulgi tariqasida yozilg'andir. Haqiqatda kulgi yozilg'anlig'ini isbot qilmoq uchun quyidagi izohotni berub ketishni lozim topaman: kulgulikning boshlanish tarixi juda eskidir. Kulgulik insonlar birga tug'ilg'an, uning boshqa xususiyatlari, ya'ni kamolot va ruhiy holatlari ila yondoshdir. Shuningdek, biz o'zbeklarning kulguligimiz ham o'z tarixini eskidan boshlaydir. Ammo yangi inqilobiy kulguligimiz o'z tarixini buyuk O'ktabrdan so'ng yozdi. Munda, albatta, dunyo madaniyati intibohining va yangi sho'rolar madaniyatining kulgulikka bag'ishlagan hadyalari, yangi qo'shimchalari orqaliq keng qanot yoyg'an holatda ko'rinadir. Ya'ni bu kun boshqa masalalar o'z doiralarini kengaytirib, ulg'ayg'anda
sarbastalanganlaridek, kulgulik ham o'ziga huquqni katta olg'an. Bu kungi
muzhikani o'rtoqlik kulguligi, muzhikasi ma'nosi bilan onglanmaydir.
Yuqorida deganimizdek, bizning muzhikamiz juda yosh, uning tug'ilishi ham O'ktabrning yumishlaridan bo'ldi, desak yanglishmaymiz, chunki O'ktabrgacha bo'lg'an o'n yil ichida jadidlik bayrog'i ostida chiqg'an matbuotka nazar tashlansa, kulgu rangidagi parchaga juda oz uchrashiladi yoki sira uchrashilmaydir. Demak, bizga yangi davr kulguligini boshlab berguvchi, bizga o'xshash xom kishilarni bu yo'lg'a tortquchi ulug' O'ktabrdir. Uning shu yoshlig'i va kamchiligi bo'lishi ham tabiiydir.
Har bir narsani tug'ilish tarixiga nazar tashlanib ko'riladirkim, ul ibtidoiy davrida, albatta, bir ehtiyoj orqaliq dunyoga kelsa ham, ammo boshda g'oyaga tegishlik darajada xizmat qilolmaydir. Shunga o'xshash kulgulik ham tug'ilishda shaxsiy hangama yo'linigina o'tab, takomil qoidasi bo'yincha bu kungi holatka kelgan. G'arbdagi ma'nosi bilan emas, bizning Sharq uchun o'rta asr - quruni vusta davrini xotirlatqan xon zamonlari muzhikasiga bu kungi kulgulikni taqqos qilub ko'rsak, shubhasiz yer bilan ko'kcha farq ko'ramiz.
Buning uchun, albatta, taajjubning joyi yo'q, biz xonlar zamonida emas, mehnatkashlar davrida yashaymiz.
Misol uchun, eski zamon kulguligini bu kungi muzhika bilan tenglashtirib qarayliq: masalan, xon zamonlarida xonga yoki shuning kabi katta mansablik bekka hazil to'qish mumkin emas, ammo quyi mansablik qozi,
o'nboshi,
cho'g'ol va shular singari kichik ma'murlarga muqallid va mutoyaba qilish mumkin edi. Bunga misol uchun tarixdan izlansak ko'ramiz: o'tkan asrning 80-yillarida Afg'onistondagi taxt janjallari va ichki ig'tishoshdan qochib, amir Abdulrahmonxon Turkistonga sig'inadir. Munda bir necha vaqt qolub, toshkantlik Kalparash ismlik o'z zamonasida mashhur bir qiziq bilan tanishib qoladir va uning haziliga, taqlidiga maftun bo'ladir. Abdulrahmonxon bir necha zamondan keyin Afg'oniston taxtiga o'lturib, toshkantlik boyag'i Kalparashni o'z yonig'a chaqiradir. Kalparash ijobat etib Kobilga borg'ach, xon vositasi bilan undagi mansabdor va ayon bilan tanishadir. Xonning ishorati bilan anjumani oliylardan ayonga hazil to'qub, ularga muqallid bo'la boshlaydir
Xon bilan bo'lg'an bir majlisda xonning ruxsati ila Kalparash oldin beklarga birma-bir hazil va taqlid qilub chiqg'an. Kayfi kelib xursand bo'lg'an xon: "Menga ham muqallid bo'l, hazil to'qi!", deb Kalparashga buyuradir. Kalparash buyruq bo'lg'andan so'ngra xonning o'ziga muqallid bo'ladir: xon kabi taxtda o'lturib, chilim so'raydir. Poyasi chilimni yaxshi tayyorlamag'ani uchun g'azablanib, uni o'n darra urishga buyuradir. Bu taqlidni Kalparash shunday ado qiladirkim, ko'rguchilar xudda xonning o'zini ayni holatda ko'radirlar. Ammo xon o'zining qilig'idan orlanadir va shu holatda Kalparashni jallodga topshirub, o'ldirtiradir.
Bu misoldan muddao shundakim, bu kungi muzhika o'zining eski siqiq doirasidan chiqg'andek, bu kun ishchi-dehqon boshluqlari ham ularning, ya'ni ishchi-dehqonlarning o'z oralaridan chiqg'an o'z og'alaridirlar. Hozirgi kulgulik ham qanot quyruqlanib bu kungi bir Kalparash mazkur o'z hukumatining arbobidan bir og'iz so'z hazil va mutoyaba to'qiy oladir, deb bilaman.
Yuqorida aytildi: kulgulik kishilar bilan tug'ilib, ular bilan birga kamolotka erisha borg'usi, deb. Albatta, kulgulik boshlanishda tor, siqiq doirada bo'lg'anlig'ida shubha yo'q. Masalan, madaniyatda ibtidoiy bo'lg'an xalqlarning kulgusini oddiy hazildan, vaziyat muzhikasidan yuqorida ko'rib bo'lmaydir. Insonlar bir oz o'sib, orada sinflar tug'ilg'andan so'ng, kulgulik bir muncha o'skan, ya'ni bir sinf ikkinchi sinfdan, boy kambag'aldan, murid eshondan kulib boshlag'an. "Oshqovoqni qaynatib, yog'ini olg'an avliyo" yoki "Eshonimning tasbihlari nosvoy qovoq" kabi sinfiy hajvlar shu jumladandir.
Kulgi maydonida keyingi yangilik sajiya muzhikasidir. Ya'ni kulgulikning uchunchi poyasi sajiyaviy kulgusidir. Biz buning misollarini manim "Toshpo'lat tajang", "Kalvak maxzum", "Ovsarlar" va "O'tkan kunlar" ro'monimdan "O'zbek oyim" ham boshqalarda ko'ramiz. Bizning yangi adabiyotimizda xarakterli narsalar oz, balki yo'q darajasida bo'lg'anliqdan buning uchun misolni o'z asarlarimdan oldimki, bunda meni ma'zur ko'rsinlar.
Albatta, kulguni keyingi maktabninggina qolipig'a solib yurgazib bo'lmaydir. Sajiya kulgusida ham narigi unsurlardan bir muncha qo'shilmay chorasi yo'q. Inson degan so'zdan, umuman dunyodag'i kishilar onglang'anidek, ul sajiyada va holati ruhiyada ham bir-birisidan juda uzoqlasha olmaydir. Biz yuqorida muzhikadagi uch davr ta'rifini qilg'an edik. Ham uch davr bir-birisining ustiga kelib o'lturg'an deymiz. Masalan, na'ma dunyoga yangi chiqishida bir xil tovush bergan va bu kun kamolga erishub, chin na'malik holini olg'an: uni hamma ohangini qo'shub birga chalinmasa, bir xil tovush bilan kulolning yasag'anlari shushtagidan ortiqcha kamolotni berolmaydir. Demak, nima bo'lg'anda ham, hozirgi kulgulikda har holda yuqorida mazkur uch poyaning birlikda bo'lishi majburiy bo'lishi majburiy bo'lub tushadir.
Ichki ma'naviy tomondan kulgulikda uch turlik unsur ham bor: 1-mutoyaba (sharj ma'nosida), 2-yumor (hajv), 3-satira (ibrat). Shu uch turlik kulgulikni ifoda qilishda yordamchi (vositachi) xizmatini o'taguchi unsurlar ersa: hazil, kinoya, mubolag'a, tasfir, tashbiya, tamsil, istiora, tatoqqul, tajohul, xalq maqollari va ta'birlari va shunga o'xshash gaplar.