Trolleybus o'rniga elektrobus
Bundan 14 yil avval toʻxtatilgan Toshkent trolleybuslari oʻrnini elektrobuslar egallaganiga bir yil toʻldi
Toshkent bundan qariyb 77 yil avval — 1947-yilning 5-noyabrida — ilk bor trolleybuslar bilan tanishgandi. 2010-yilning 30-aprelida esa poytaxt trolleybuslar bilan xayrlashgan. Trolleybus faoliyatini tugatish xato qarorlardan biri sifatida ko'riladi. Bu xato 2023-yilda qisman to'g'rilandi — bir vaqtlar trolleybuslar yurgan yo'llarda endi elektrobuslar harakatlanmoqda. "Gazeta.uz" ayni bir joyda yurgan trolleybus va elektrobuslarning suratlarini jamladi.
Toshkent bundan qariyb 77 yil avval — 1947-yilning 5-noyabrida — ilk bor trolleybuslar bilan tanishgandi. 2010-yilning 30-aprelida esa poytaxt trolleybuslar bilan xayrlashgan. Trolleybus faoliyatini tugatish xato qarorlardan biri sifatida ko'riladi. Bu xato 2023-yilda qisman to'g'rilandi — bir vaqtlar trolleybuslar yurgan yo'llarda endi elektrobuslar harakatlanmoqda. "Gazeta.uz" ayni bir joyda yurgan trolleybus va elektrobuslarning suratlarini jamladi.
O'zbekistondagi ilk trolleybus tarmog'i 1947-yil noyabrida Toshkent shahrida ishga tushgan edi. Keyinchalik O'zbekistonning Samarqand (1957), Olmaliq (1967), Andijon (1970), Farg'ona (1971), Namangan (1973), Buxoro (1987), Nukus (1991), Jizzax (1998) va Urganch (1998) shaharlarida ham trolleybus qatnovlari yo'lga qo'yilgan. Farg'ona, Namangan va Urganchdagi trolleybus yo'nalishlari nafaqat shahar ichida, balki undan tashqarida ham qatnagan.
реклама
реклама
Tabiiyki, eng katta trolleybus tarmog'i Toshkentda bo'lgan. Mustaqillik arafasida Toshkentda 25 ta trolleybus yo'nalishi, 450 ga yaqin trolleybus bo'lgan. Mustaqillikning ilk yillarida Chexiyadan 141 ta yangi "Shkoda" trolleybuslari olib kelingan. Deyarli butun shaharni qamrab olgan trolleybus tarmog'i toshkentliklarning sevimli transport vositalaridan biri hisoblangan.
1979-yilgi "Shahar koʻchalarining laynerlari" hujjatli filmidan parcha
Hukumatning 1999-yilgi qaroriga asosan, 2005-yilgacha yana yuzlab trolleybuslar olib kelinishi kerak edi. Nafaqat Toshkentda, balki O'zbekistonning boshqa shaharlarida ham trolleybus tarmoqlari rivojlantirilishi ko'zda tutilgandi. Ammo nimadir bo'ladiyu (nima bo'lganini hech kim bilmaydi), elektrotransport rivojiga e'tibor birdan susayadi.

Trolleybus zavodi qurilishi to'xtatiladi, Chirchiq, Guliston, Qo'qon, Termiz, Qarshi va Navoiyda trolleybusni yo'lga qo'yish loyihalari bekor qilinadi (bekor qilinayotgan vaqtida Navoiydagi loyiha 90 foizga tayyor edi, Buxoro-Kogon trolleybus yo'li esa ishlayotgandi). Yangi troleybuslarni sotib olish shartnomalari ham yo'qqa chiqadi. Toshkentdagi trolleybus depolari birin-ketin yopila boshlaydi.

2010-yilga kelib Toshkent trolleybusi mashinalari asosan eskirgan, yo'lovchi oqimi katta bo'lgan magistral liniyalari yopilgan, talabgir yo'nalishlar bo'yicha yo'lovchi tashimaydigan, umuman olganda, tugatilsa ham birov sezmaydigan bir transportga aylantirib bo'lingandi. 2010-yilning 29-aprel kuni ishga chiqqan, depo raqami 2567 bo'lgan 6-yo'nalishdagi mashina Toshkent tarixidagi (hozircha) so'nggi trolleybus hisoblanadi.
Xivadagi trolleybuslar turargohi. 2016-yil. Foto: Tashtrans.uz
Bugun O'zbekiston bo'yicha faqat Xorazm viloyatida trolleybus faoliyati saqlab qolingan. Ammo Urganch va Xiva shaharlari orasida qatnovchi trolleybuslarga ham oson bo'layotgani yo'q — bu yil qishda hatto bir muddat ishlamay qoldi. Umuman, nafaqat poytaxtda, balki O'zbekistonning boshqa shaharlarida ham trolleybuslarning tugatilishi xato qarorlardan biri sifatida ko'riladi.

Toshkentda 2023-yil bahorida o'sha xato qaror oqibatlarini nisbatan yumshatuvchi voqea yuz berdi — O'zbekiston poytaxtiga Xitoydan yuzlab elektrobuslar olib kelindi. Bir vaqtlar trolleybuslar yurgan yo'llarda endi yangi zamon elektrotransporti — elektrobuslar harakatlanmoqda.
Ham trolleybus tugatilgan kunni eslab, ham elektrobuslar olib kelinganiga bir yil to'lishi munosabati bilan, "Gazeta.uz" Toshkent trolleybusi tarixidan hikoya qiluvchi 10 ta fotolavhani tanlab oldi va ularni 2024-yilgi manzaralar bilan taqqosladi.
"Chorsu" mehmonxonasi
Estrada-sirk kolleji
Furqat koʻchasi, Xalqlar doʻstligi maydoni
Beshyogʻoch maydoni
"Oʻzbekiston" mehmonxonasi
Beshyogʻoch maydoni
"Bolalar dunyosi" doʻkoni
реклама
реклама
Oʻrda, Navoiy koʻchasi
Toshkent kuranti
Koʻkaldosh madrasasi
Material muallifi: Guliraʼno Musayeva.
2024-yilgi fotosuratlarni Xolida Musulmon olgan.

Arxiv suratlar Tashkent Retrospective, TransPhoto.org, TashTrans.uz hamda "Зодчество Узбекистана" (Y.Bosin) kitob-albomidan olindi.


Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi
havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda