Ammo 12-may kuni, jaz festivali tugashi bilan, shahar yana o‘zining avvalgi maromiga qaytdi. Turgan gapki, shaharda konsertlar bundan keyin ham o‘tkaziladi, ammo ular pullik va yopiq maydonlarda bo‘ladi. Boz ustiga, jazdan farqli o‘laroq, aksariyat konsertlardagi musiqa keng ommaga mo‘ljallanmagan. Jahonning ko‘plab shaharlarida hamma uchun mo‘ljallangan kuy-qo‘shiqlarni ko‘cha mashshoqlari ijro etadi. Ularning ijrosi uchun katta sahnalarning keragi yo‘q, ammo raqs uchun ko‘cha mashshoqlarining bo‘lishi muhim.
“Raqs maydonchalarini tashkil etishning shaharga nima keragi bor?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Edinburg universiteti tadqiqotchisi Idan Chen raqsning terapevtik foydasi va inson salomatligiga ijobiy ta’sirini alohida
qayd etadi. Raqs emotsional muammolar yechimi bo‘lishi mumkin, chunki u stressni kamaytirishga yordam berib, yaxshi kayfiyat gormoni hisoblangan serotoninning ko‘paytiradi,
deb yozadi Harvard tibbiyot maktabi. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning
aniqlashicha, raqs demensiyadan aziyat chekayotgan kishilarning kognitiv qobiliyatlariga ham ijobiy ta’sir qiladi — raqs terapiyasi natijasida ularda diqqat-e’tibor (konsentratsiya) va muloqot ko‘nikmalari yaxshilanadi. Raqs terapiyasi shizofreniyaning salbiy simptomlarini ham kamaytirishi
aniqlangan. Va oxir-oqibat — raqs shunchaki yoqimli jismoniy mashg‘ulot.