Poytaxtni egallagan Olot kutubxonasi

Turkmaniston bilan chegara yaqinida kutubxona ochish uchun Turkiyadan qaytgan Shahnoza Navroʻzova hikoyasi
Buxoro viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Olot tumani “Muxtor” mahallasida 2023-yil iyunida Shahnoza Navroʻzovaning saʼy-harakati bilan “Navroʻz” kutubxonasi ochilgan edi. Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas uning bu tashabbusi Oʻzbekiston banklarini, prezident maslahatchisi oʻrinbosari Timur Ishmetov taʼbiri bilan aytganda, kutubxonachilikka ilhomlantirdi: 15 bank Toshkentdagi 100 ta mahallada kutubxonalar ochib, 2024-yil 1-mayidan ularni ishga tushirdi.

“Gazeta.uz” muxbiri tajribasi poytaxtda qoʻllanila boshlagan Olotdagi kutubxonada boʻlib qaytdi.
Charchatuvchi harakatsizlik
Bolaligida qoʻy boqishga, bugʻdoyzordan qushlarni haydashga chiqqan vaqti ham qoʻlidan kitobni tushirmagan, uyidan topolmaganida qarindoshlarinikiga borib boʻlsa ham kitob oʻqigan Shahnoza televizorda chet el kutubxonalarini koʻrganida: “Nega bizda shunday kutubxonalar yoʻq?” degan savolni oʻziga ham, atrofidagilarga ham koʻp bergan. Yillar oʻtib uning orzuga toʻla javobsiz savoli maqsadga aylanadi.

Bir necha yil Turkiyada yashab, ishlagan Shahnoza Navroʻzova 2022-yil fevralida vatanga qaytganida Olotdagi mahalla idoralari uchun yangi binolar qurilayotganini koʻradi-yu, koʻpdan beri koʻngliga tugib yurgani — kutubxona ochish rejasini mahalla guzari binosi ichida amalga oshirish fikri miyasidan lip etib oʻtadi. Bu orada Turkiyaga shoshilinch qaytishiga toʻgʻri kelib qolgan boʻlsa-da, kutubxona ochish harakatini masofadan turib ham toʻxtatmaydi.

Bunda unga suyangan togʻi — otasi Bekmurod aka Navroʻzov yordam beradi. Otasi uni har doim — hatto chet elda oʻqimoqchiman, deganida ham, oʻzi shuncha ovoragarchiliklarga uchrasa-da “Qizim bilmasa, bir nimani boshlamaydi”, deya farzandini qoʻllab-quvvatlagan... Shunday qilib, Bekmurod aka qizi nomidan Olot tuman hokimligiga borib, mahalla guzari binosidan kutubxona uchun joy ajratishlarini soʻraydi — kutubxonaga joy topishdek uzoq, mashaqqatli, ovoragarchiliklarga toʻla jarayon shunday boshlanadi.
Shahnoza Navro'zova otasi Bekmurod Navro'zov bilan
Foto: Behzod Boltayev / “Gazeta.uz”
Kutubxona uchun mahalla guzaridan joy olish rejasi oʻrtaga tuman hokimligi tushsa ham, hokim yordamchisi tushsa ham hal boʻlmaydi. Bu jarayonda otasini charchatishni istamagan Shahnoza Turkiyadan qaytadi ham. Shundan soʻng kutubxonani maktab hududida tashkil etish fikri tugʻiladi. U Yoshlar ishlari agentligining Buxoro viloyati boʻyicha rahbari bilan tumandagi 29-maktabga kutubxona uchun joy ilinjida borganida dastlab maktab direktorining “oʻzi dars oʻtishimizga xona yetmayapti-yu” degan eʼtirozini eshitadi.

“Kutubxona haqida fikr paydo boʻlganida, oʻzim chetda boʻlsam ham, kitoblar tayyor boʻlsa, gʻoyamni biror masʼul tashkilotga aytsam boʻldi, “oʻzimiz boshlab yuboramiz”, degan javob olaman deb oʻylagandim. Ammo unday boʻlmadi. Ustimga sovuq suv quyib yuborilgandek his qildim. Rad etishlari ham emas, harakatsizliklari koʻproq charchatdi”, – deya oʻsha vaqtdagi ahvolini eslaydi Shahnoza Navroʻzova.

Amallab maktab direktorini kutubxona uchun joy ajratishga koʻndirishadi. Xonani taʼmirlash kerak edi. Shahnoza bir tashkilotning taʼmir haqidagi vaʼdasiga ishonib, bir oy vaqt yoʻqotadi. Bu orada maktab direktori xonasini qaytarib oladi... Oxir-oqibat yana hokimlik, Yoshlar ishlari agentligi oʻrtaga tushib, maktabdagi kutubxona uchun ajratilgan xona takroran olinadi. Shahnoza kitoblar sotib olish uchun oʻzi va ijtimoiy tarmoqlardagi koʻngillilar yordamida toʻplangan pul xona taʼmiriga yetmasligini bilsa-da, tavakkaliga usta tushiradi.
Ikki oy deganda taʼmir tugaydi va 2023-yil iyunidan kutubxona tashrifchilarni qabul qilishni boshlaydi. Avvalboshi kutubxonaning mahalla guzari binosida emas, balki maktab hududida ochilayotganidan tashvishlangan, “odamlar maktabdagi kutubxonaga kelarmikan?”, deb ikkilangan Shahnozaning xavotirlari oʻrinsiz boʻlib chiqadi: birinchidan, mahallaning yangi guzari qurilganicha bu xona vaqtincha mahalla idorasi vazifasini bajargani uchun mahalladoshlarning oyogʻi buyoqqa oʻrgangan, ikkinchidan, Shahnozaning mahalla ahli yaxshi taniydigan otasi Bekmurod aka shu maktabda qorovul edi — yosh-u qari uning oldidan kutubxonaga behijolat oʻtib qaytadi.
Kitob toʻplash va uning mashmashalari
Shahnoza mahallasida kutubxona ochmoqchi ekani haqida Twitter (hozirgi X) ijtimoiy tarmogʻida yozganida, uni koʻpchilik, xususan, katta auditoriyaga ega foydalanuvchilar ham qoʻllab-quvvatlaydi. Shu tariqa Buxoro viloyatining bir mahallasida bir fuqaroning shaxsiy tashabbusi bilan kutubxona ochilayotgani haqidagi xabar nafaqat Oʻzbekistondagilar, balki undan tashqaridagi vatandoshlar orasida ham ovoza boʻladi. Koʻp oʻtmay har tarafdan kitoblar kela boshlaydi.

“Har kun hali u, hali bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi kitob joʻnatayotganini aytib yozib qolardi. Hatto Samarqand, Surxondaryoning chekka hududlaridagi menga umuman notanish odamlardan ham kitoblar keldi. Ayniqsa, Twitter foydalanuvchilarning qoʻllovi, yordami men uchun qadrli”, – deydi Shahnoza. U kelgan har bir pochtani maktabdagi kutubxonada kitobxon yigit-qizlarning oʻzi bilan birga hayajonlanib ochganini hozir ham quvonib eslaydi.
Befarq boʻlmagan vatandoshlardan tashqari turli tashkilotlar, nashriyotlar ham kutubxonani qoʻllab-quvvatlagan. Masalan, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Oyina.uz” sayti nomidan 200 ga yaqin kitob berilgan. “Asaxiy Books” kitoblar doʻkoni va “Akademnashr” nashriyoti ham bir necha bor hadyalar yoʻllagan, kitoblarga chegirmalar bergan. Respublika Xalq banki kutubxonani mebellar, kompyuter va konditsioner bilan jihozlab bergan. Ismini oshkor etmay kitobu sovgʻa ulashganlar ham ancha. Masalan, oʻquvchilar mazza qilib oʻtiradigan bin-beglar — ana shunday anonim hotamtoylar sovgʻasi.
Foto: Behzod Boltayev / “Gazeta.uz”
Ammo bu jarayonning ham oʻziga xos qiyinchiliklari boʻlgan. Masalan, Kanadada istiqomat qiluvchi Madina Musayeva yuborgan Harvard klassikasiga mansub 26 tomlik kitoblar jamlanmasi oʻziga xos shov-shuvli voqeaga aylangan...

Bir kuni Shahnozaga Toshkentdan bojxona xizmati xodimlari telefon qilib, uning nomiga Kanadadan kelgan kitoblarning mazmuni, nima maqsadda keltirilgani haqida soʻraydi. U bularning bari yangi ochiladigan kutubxona uchunligini tushuntiradi. Bojxonachilar pochtani Shahnozaning oʻzi yoki uning nomidan biror yaqini olib ketishini soʻraydi. Ukasi bojxonaga borganida undan kutubxonaning hujjatlari soʻraladi. Kutubxona hali toʻla ishga tushmagani, hujjatlari yoʻqligi aytilgach, bojxonachilar bu kitoblar uchun boj toʻlanishi lozimligini uqtiradi-yu, ammo bunga asos keltira olmaydi.

Shundan soʻng Shahnoza ham, Madina Musayeva ham holat haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozadi. Muammo Yoshlar ittifoqi eʼtiboriga tushadi, u yerdan bir masʼul xodim bojxonaga borib, bojxonachilar bilan rosa gaplashib, oxiri boj puli (470 ming soʻm)ni toʻlab, kitoblarni Olotga joʻnatib yuboradi.
“Miyamdan “Moddiy manfaatimiz boʻlmasa, qanday kitoblar ekanligini aytgan boʻlsak, nima uchun boj toʻladik?”, degan savol aylanardi... Boshqalardan ham Oʻzbekistonga kitob olib kelayotgani uchun asossiz boj olinmasligi kerak, degan maqsadda bu holatni yoritishga qaror qildik”, – deydi Shahnoza.

Koʻp oʻtmay, oʻzini Bojxona qoʻmitasi vakili deya tanishtirgan kishi bogʻlanib, boj puli qaytarilishini, postlarni oʻchirishni, aks holda, qoʻmitaga nisbatan tekshiruv boshlanishi aytib, iltimos qiladi. Shahnoza va Madina esa bu masala rasman yoritilib, boj puli haqiqatan ham notoʻgʻri olinganligi tan olinib, uzr soʻralsagina postlar oʻchirilishini bildiradi. Shundan soʻng Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati holat haqida Facebook’da yozib, uzr soʻraydi.

Baʼzan kitobxonlar soʻragan asarlar topilmay qolganida imkoniyatdan kelib chiqib kitoblar sotib olinadi ham. Shahnoza Navroʻzovaning aytishicha, ayni damda kirill alifbosida bosilgan kitoblar kerak boʻlyapti — maktab oʻquvchilari kirill-u lotinda birdek oʻqiyveradi, ammo yoshi katta, keksa kitobxonlar lotin alifbosida oʻqishga qiynaladi. “Shuning uchun ham kitob tanlayotganda biri lotinda, boshqasi kirillda boʻlishiga ahamiyat beraman”, – deydi kutubxona asoschisi.
Hozir “Navroʻz” kutubxonasida 3 ming atrofida kitob bor — ular orasida mumtoz nasriy va nazmiy asarlardan tortib tarixiy, diniy va boshqa mavzulardagi, asosan oʻzbekcha, shuningdek, rus, ingliz, turk tillaridagi kitoblar bor.
Kutubxonaga qanday qilib kitoblar yuborish mumkin?
Kutubxona manzili: Buxoro viloyati, Olot tumani, “Muxtor” mahallasi, 29-maktab. Pochta indeksi : 200200

Kutubxona asoschisi Shahnoza Navroʻzovaning telefon raqami: +998 99 905 04 89
Kitobxonlar
Shahnozaning kuzatuvlariga koʻra, eng faol kitobxonlar — 10-25 yosh va 50-65 yosh oraligʻidagilar. Eng yosh kitobxon — 6 yosh (unga odatda kattaroq qarindoshlari oʻqib beradi), eng keksasi esa 86 da. Xotin-qizlar nisbatan koʻproq oʻqiydi — Shahnoza buni erkaklarning asosan tirikchilik tashvishlari bilan bandligi bilan izohlaydi. Shunga qaramay, Shahnoza xotin-qizlar yanada koʻproq oʻqishi kerak deb hisoblaydi —ayollarga kitoblarni uyga ham olib ketishlari mumkinligni bot-bot eslatadi, oilalar qiz farzandlarini kutubxonaga yuborayotganining oʻzini ham muvaffaqiyat deb biladi.

“Navroʻz”da kitobxonlarning elektron daftarchasi degan narsa bor — unga kutubxonaning har bir aʼzosi ism-familiyasi va telefon raqami, oʻqishga olgan kitoblari kiritiladi. Shu daftarchadagi maʼlumotlardan kelib chiqib xulosa qilinsa, kutubxona ochilganidan to 2024-yil apreligacha eng koʻp — 35 ta kitobni Shahnozaning uzoq yillar hamshira boʻlib ishlagan onasi — 60 yoshli Farogʻat buvi Roʻziyeva oʻqigan. Kutubxona ochilishini, taʼbir joiz boʻlsa, hammadan koʻproq kutgan qassob Joʻra amaki esa olti oyda 25 ta kitobni tamomlagan. Qassob amaki asosan tarixiy mavzudagi kitoblarni yaxshi koʻradi, “boshqalari quruq gap-da”, deydi. “Amaki kutubxonamizdagi deyarli hamma tarixiy asarlarni oʻqib boʻlganlar”, – deydi Shahnoza. U kishi shu kunlarda Jin Sharpning “Diktaturadan demokratiyaga” kitobi mutolaasi bilan band.

Bu shunaqa — keksalari kitobxon mahalla. Masalan, Qurbongul momo ismli doʻkondor bir onaxon bor. Shahnoza bir kuni uning doʻkoniga kirsa, “Men koʻp kitob oʻqiganman, qani, sening tavsiyang bilan ham bir oʻqiy-chi”, degan. Shahnoza unga Deniyel Kizning “Eljernonga atalgan gullar”ini olib kelib bergan. Momoning aytishicha, unga bu asar juda yoqqan, yigʻlab oʻqigan. Shundan beri Shahnoza doʻkon oldidan oʻtayotganida onaxon tugatgan kitobni olib, oʻrniga yangisini tashlab ketadi. Shu tariqa Qurbongul momo ham salkam toʻrt oyda 11 ta kitobni oʻqib qoʻygan.
Yoshlar ham qarab oʻtirgani yoʻq. Sarvinoz Sayfullayeva shu vaqtgacha 28 ta kitobni, 9-sinfda oʻqiydigan Oydinoy Avliyoqulova va uning tengdoshi Sevinchxon Boymurodova esa 20 tadan kitobni oʻqib tamomlagan. Sarvinoz doimiy mutolaa kishini erkin fikrlashga oʻrgatadi, deydi, Oydinoy esa kitobni insonning joniga qiyoslaydi: “Inson joni boʻlsa yashaydi. Agar unga jon kerak boʻlsa, kitob oʻqiydi”.
Kutubxona ochilishi bilan Sevinchxonning necha yillik orzusi nisbatan yaqinlashgan: u gʻoliblari ota-onasiga avtomobil sovgʻa qilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovida qatnashishni xohlar, lekin maktab kutubxonasida bu tanlov dasturiga kiritilgan kitoblarning koʻpi yoʻqligi uchun bu orzusi juda uzoqdek koʻrinardi. “Navroʻz”da ham “Yosh kitobxon” roʻyxatiga tushgan kitoblar toʻliq emas — 70 tacha kitobdan hozircha 30 tachasi bor.
16 yoshli Ruxshona yarim yilda 18 ta kitobni oʻqib tugatgan. Uni Shahnoza Navroʻzovaning ishongan shogirdi desa ham boʻladi. Kutubxona rahbari Turkiyaga borib kelishi zarur boʻlib qolganida, kutubxonaga bir oy aynan Ruxshona qarab turgan. Qizgina kutubxonaga shundoq ham qarab oʻtiraverishini aytsa-da, u mehnatining qadrini bilishi kerak deb hisoblagani uchun Shahnoza unga ish haqi toʻlagan.
Bular-ku “Navroʻz”ning eng faol aʼzolari. Hozirgacha kutubxona aʼzolari tomonidan 1000 dan ortiq kitob oʻqilgan. Kutubxonaga kelgan deyarli har bir kitobxonning yonida kelasi safar biror sherigi boʻlishi odatiy hol boʻlib qolgan. Kimgadir uka-singlisi va hatto ota-onasi ergashsa, boshqa birovning sinfdoshlari-yu doʻst-dugonalari qoʻshilib oladi. Masalan, Sevinchxon oila aʼzolari bilan birga tikish toʻgaragidagi ustozi va tengdoshlariga kitobxonlikni “yuqtirgan”.
Kutubxona odatda ertalab soat 9:00 dan kech 17:00 ga qadar ishlashiga qaramay, Shahnozaning oʻzi Oʻzbekistonda boʻlganida 20:00, 23:00 va hatto baʼzida tonggacha ham ochiq turaveradi. U Oʻzbekistonga qaytganidan beri asosiy vaqti shu kutubxonada oʻtayotganini aytadi. Turkiyada boʻlgan vaqti kitobxonlar kech boʻlishiga qaramay, Ruxshonani telefon qilib chaqirtirib, kitob olib ketishgan holatlar boʻlgan.
Ezgu ishlar toʻlqini
Shahnozaning kutubxona ochishi boshqa mahalladoshlari koʻngliga tugib yurgan yaxshi niyatlarini yuzaga chiqarishga bir turtki boʻldi. Kutubxona mebellarini yasagan usta: “Shu yerda men ham duradgorlikni oʻrgatsam-chi?”, deb qiziqib qolgan. Diplomatiya yoʻnalishida oʻqigan boshqa bir tanishi esa mahalladoshlarning huquqiy bilimini oshirish uchun treninglar oʻtib berishni taklif qilgan.

“Shularni kuzata turib, bir odam bir narsani chin dildan xohlashi bilan shunchalik toʻlqin paydo boʻlyaptimi, demak, koʻpchilikning xohishi bilan yanada katta ishlar qilsa boʻlar ekan-da, deb oʻylab qolaman”, – deydi uning oʻzi. Ehtimol, kutubxonani ochish uchun yordam bergan kishilarda ham shunday muassasa tashkil etish orzusi boʻlgandir va ular shuning uchun ham mening harakatimga xayrixohlik bildirishgandir, deb oʻylaydi Shahnoza. Odamlar uning kutubxonasida orzusining bir parchasini koʻra olganidan toʻlqinlanib ketadi.

U avvallari tarjimasida oʻzi qatnashgan biror kitobni kimningdir qoʻlida koʻrsa yoki kitob haqida biror fikr eshitsa, quvonib ketardi — mehnating samarasini koʻrish yoqimli-da. Unga yordam berganlar ham uning bu tuygʻularini his qilishi, faxrlanib yurishi uchun u kutubxona bilan bogʻliq har bir jarayon-u harakatni ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashib boradi. Qaysidir maʼnoda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ilhomlantiradi — undan ilhomlanib, undan ibrat olib, oʻz mahallasi, oʻz qishlogʻida kutubxona ochish niyatida Shahnozadan yoʻl-yoʻriq, maslahat soʻraganlar kam emas. Buxoroning boshqa hududlarida, shuningdek, vodiy viloyatlarida ham baʼzi tashabbuskorlar allaqachon harakatga tushgan.

U savollarga javob berishdan qochmaydi. “Boshida qanday dovdiraganim, qiynalganimni oʻzim bilaman, ammo men bu yoʻlni bosib oʻtdim. Tajribam kimgadir foyda bersa, faqat xursand boʻlaman”, – deydi u. Kutubxonachiga eng koʻp beriladigan savol — qancha mablagʻ sarflangan? Shahnoza Navroʻzovaning aytishicha, kutubxona ochilguniga qadar 85 mln soʻm ishlatilgan — buyum koʻrinishidagi yordamlar, hadya, sovgʻa sifatida taqdim etilgan kitoblar bunga kirmaydi. Kutubxona ochilgach xarajatlar asosan Shahnozaning oʻz hisobidan boʻlgani uchun u aniq sonni aytolmaydi-yu, lekin “barcha xarajatlarni qoʻshsa, hozirgacha taxminan 110 mln soʻmcha sarflangan boʻlsa kerak”, deydi.
U oʻtgan davr ichida kutubxona ochish uchun nimagadir tayyor boʻlishni kutish kerak emas ekan, degan xulosaga kelgan. Ehtimol, “Oʻzim Oʻzbekistonda boʻlmasam, qanday qilib kutubxonani Oʻzbekistonda ochaman?” degan qoʻrquvi boʻlmaganida, kutubxona ham 5-6-yillar avval tashkil qilingan boʻlardi. Shahnozaning aytishicha, harakatni boshlashga jurʼat topishning oʻzi katta gap — rasmiy idoralar ovora qilsa-da, mana, oʻzi guvoh — odamlar befarq qarab turmas ekan, yordam berarkan. Faqat qatʼiyat kerak — uning oʻzida shu xususiyat boʻlmaganda, rasmiy idoralar bilan “olishuvlar”dan oʻtolmasdi-ku.
Shahnoza bino masalasida yugurib yurganda, hokimlik vakillari undan: “Natija qancha vaqtda boʻladi?”, deb soʻrab qolgan. Shahnoza: “Besh yilda zoʻr natija boʻladi”, desa, hokimlik vakillari: “Besh yil?! Natija besh kunda boʻlishi kerak. Bizga ertagayoq natija boʻlishi kerak”, tarzida javob bergan. Oʻsha suhbatni eslarkan, “Men hali ham besh yil deb kamaytirib aytgandim, aslida natija 10 yildan keyin boʻlsa ham juda katta yutuq hisoblanadi”, – deydi Shahnoza Navroʻzova.
“Bu ham qiz bola, bir-ikki keladi, baqir-chaqir qiladi, yana tinchiydi deb oʻylashgan boʻlsa kerak. Menda “bu erkaklar davrasi ekan, erkak kishi gapirayotganda men jim turishim kerak”, degan fikr shakllanmagan. Notoʻgʻri qilyaptimi, menga xalal beryaptimi, kim boʻlishidan qatʼiy nazar, yuziga aytaveraman. Oʻzi qila olishimga koʻzim yetsagina biror ishni boshlayman. Boshladimmi, oxirigacha olib borishim kerak. Bunga qarshi boʻlganlarning oʻziga ham: “Siz yonib turgan olovga kerosin sepyapsiz, men toʻxtamayman, toʻsqinlik qilayotganingiz uchun ham davom etaman”, deganman», – deydi u.

Ammo Shahnoza uning hikoyasini oʻqiyotganlar butun Oʻzbekistonda shunday toʻsiqlar, rasmiy befarqliklar boʻlarkan, degan xulosa chiqarishlarini xohlamaydi. Ehtimol, Toshkent yo boshqa biror markazroq joyda bu tashabbus buncha qiyinchilikka uchramas va ish oson, tezroq bitishi mumkin edi, degan fikri ham yoʻq emas. “Markazdan kelayotgan ijobiy oʻzgarishlar toʻlqini qaysidir nuqtalarda uzilib yoki yoʻqolib qolishi hisobiga hududlarda shunday toʻsiqlar paydo boʻladi”, – deb hisoblaydi u.

Darvoqe, Shahnoza kutubxonaga sakkiz oy beminnat kutubxonachilik qilib kelgan. Yuqorida taʼkidlanganidek, kutubxonaga boshqa kishi qarab turganida, Shahnoza unga oʻz hisobidan haq ham toʻlagan. Kutubxonada ish oʻrni yaratish masalasida bir yil davomida uchrashmagan, maslahatlashmagan tashkiloti qolmagan hisob.
“Holat uchun kimni ayblay, kimdan oʻpkalay: masʼul tashkilotlarnimi, butun boshli tizimnimi yoki tizimdagi mana shunday kemtikliklarni koʻra, bila turib ham kutubxona ishiga qoʻl urgan va shu orqali jamiyat taraqqiyotiga oz boʻlsa-da hissa qoʻshishga tishi-tirnogʻi bilan urinayotgan oʻzimnimi? Bilmayman... Eplolmas ekansan, nima qilarding kutubxona ochib, deydiganlar ham boʻlar. Bu ishimdan bir lahza boʻlsa-da pushaymon boʻlmaganman va hech qachon boʻlmayman ham. Bularni yozishimdan maqsad - davlat uchun begona emasligim, shunday faol kutubxonalar mendan boshqalarga ham kerakligi, u yerdan foydalanib dunyosi ranglanayotgan, bilim olayotgan yoshlar, bolalar kelajagi biror davlat tashkilotini ham qiziqtirishini his qilib, biroz taskin topish...”, – deb yozadi Shahnoza Telegramdagi kanalida qoldirgan postda.
Ushbu post yozilganidan toʻrt kun oʻtib, 2024-yilning 22-aprelida ishchi oʻrni yaratish masalasi Xalq banki yordamida hal qilinadi. Endi Olot tumani “Navroʻz” kutubxonasi Xalq banki homiyligidagi muassasaga aylandi va yollanma ishchi oʻrni yaratilib, 6 oylik mehnat shartnomasi imzolandi. Shuningdek, bank kutubxonani har yili 100 ga yaqin yangi kitob bilan taʼminlashni ham oʻz zimmasiga oldi.
Nega hamma mahallada kutubxona boʻlishi kerak?
“Hammayoq elektron kitob boʻlgan vaqtda hech kim kutubxonaga bormaydi”, deb uni bu yoʻldan qaytarishga urinishsa-da, Shahnoza oʻylagan loyihasi toʻgʻriligiga hech shubha qilmagan, bu borada ikkilanmagan. U “Yoshlar kitob oʻqimayapti”, “Oʻzbeklar kitob oʻqimaydi” degan gap-soʻzlarga ham qoʻshilmaydi. Bunday hukm chiqarishdan avval shu gaplarni aytayotgan kishilar oʻziga-oʻzi shu savolni bersin, deydi Shahnoza: “Kitob oʻqish uchun sharoit yaratib berilganmi oʻzi?”.

Ayni vaqtda, kutubxona ochib, “mana sharoit!” deyish bilan ish bitmaydi — endi kitobxonlar bilan faol ishlash kerak. “Oʻzim filologman. Kimgadir yoʻl-yoʻlakay Fitrat haqida gapirib qoʻygan bilan u Fitratning kitoblari-yu, unga atab yozilgan asarlarni olib oʻqimasligini yaxshi bilaman. Lekin Fitrat haqidagi maʼlumotlarni qiziqarli tarzda yetkazsangiz, odamda u haqda bilish ishtiyoqi uygʻonadi. Shuning oʻzi katta narsa», – deydi u.

Kutubxona odamlarning yashash joyiga yaqin boʻlishi, Oʻzbekistondagi har bir mahalla, har bir qishloqda hech boʻlmasa bittadan kutubxona boʻlishi kerak, deb hisoblaydi Shahnoza. “Mahalla binosi bormi, unda kutubxonasi ham boʻlishi shart”, – deydi u. Shahnoza Navroʻzova nafaqat oʻzining mahallasi, balki boshqa mahallalar binosiga borib ham kitob koʻrmaganini aytadi. Vaholanki, uning fikricha, davlatda har bir mahallada kutubxona tashkil etish imkoniyati bor.
Nega har bir mahalla, har bir qishloqda kutubxona boʻlishi kerak, nega bu muhim? Shaharda kitob doʻkonlari nisbatan koʻp, aholi daromadi ham yuqoriroq, boz ustiga, jamoat transporti ham yaxshi. Ammo qishloq aholisida har doim ham farzandiga yangi kitob olib berish, bolalarini uzoqdagi kutubxonaga yuborish imkoni boʻlavermaydi. Deyarli hammaning bolasi oʻquv kursiga qatnaydi. Uning toʻlovi, yoʻlkirasidan tashqari har bir qoʻllanmasi, darsligi ham pul. Masalan, ingliz tilidan bitta “Headway”ning oʻzi 100 ming soʻmdan ortiq. Buni bilgan Shahnoza harna yordam boʻlar deb shu turkumdagi kitob-qoʻllanmalar, lugʻatlarni ham kutubxonaga keltirgan.

“Kutubxona faqat kitob oʻqiladigan emas, ijtimoiy qiymat yaratiladigan joy boʻlishi kerak”, — deb taʼkidlaydi Shahnoza. U yerda suhbatlar uyushtirilishi, oʻsha hudud, mahalla, davlatning urf-odatlarini koʻrsatadigan unsurlar boʻlishi, hududning ijtimoiy hayotiga taʼsir qiladigan, birov birovga xalaqit bermaydigan, har kim oʻzining fikr erkinligini bemalol namoyon eta oladigan darajadagi joyga aylanishi kerak.

“Erkinlik oʻzi hamma joyda boʻlishi kerak. Lekin kutubxonadan atrofga taralsa ham katta natija”, – deydi Shahnoza. Uning oʻzi kutubxonada bolalar birga nafaqat kitob oʻqiydi, balki ular bilan koʻp-koʻp suhbatlar oʻtkazadi, bolalarga ularning mustaqil shaxs ekani uqtiradi, erkin fikr bildirishi mumkinligiga urgʻu beradi.

U kitobxon yoshlar bilan endi tanisha boshlagan vaqti xona pollarini, javonlarning changini artib yo hovlini supurib tursa, bolalar yordamga kelisharkan. U bunga ruxsat bermay: «Hech kim sizning mehnatingizdan foydalanishga haqli emas, menga yordam berishga ham majbur emassiz. Kutubxona ishlarini oʻzim qilaman, sizlar esa kitoblaringizni oʻqing, – deb, ularni qaytarib yuborganini aytadi.
Maʼnaviy qoniqish
“Oʻz ishing bor, Turkiyada yasharding, bu yerga kelib, moddiy manfaat keltirmaydigan boshogʻriq bilan shugʻullanishdan senga nima naf?”, deb koʻp soʻrashadi Shahnozadan. Hatto: “Foyda katta shekilli-a, Turkiyani tashlab qishloqqa kelding”, deydiganlar ham yoʻq emas. Shahnoza hech qanday moddiy foyda yoʻqligini, kutubxonani rivojlantirishga boʻlgan ishtiyoqi kuchliligidan Turkiyadagi sevimli ishi, sevimli muhitini tashlab kelganini aytganida, suhbatdoshlarining xuddi ahmoqqa qaragandek qarashlaridan tushkunlikka tushib qolishini yashirmaydi.
Bu moddiy foyda oladigan ish emas-ku. Bolalik orzum ushalyapti axir. Hamma narsani moddiyat bilan oʻlchashni istamayman. Nimanidir ortiqchasi bilan olgandan koʻra insoniy xarakterim shakllansin, hobbilarim bilan shugʻullanay, sayohat qilay, deyman. Yoshim 34 da boʻlsa, 30 ga oʻtish davrida inson psixologiyasi biroz algʻov-dalgʻov boʻlarkan, “mendan nima qolyapti, nimadir bera olyapmanmi?”, degan savollar koʻproq oʻylantirarkan. Qilayotgan ishim kimningdir hayotida qandaydir ijobiy turtki boʻlsa, men bu dunyodan oladiganimni olgan boʻlaman
Shahnoza Navroʻzova
Uning fikricha, moddiy manfaat keltirmaydigan, lekin jamiyatga foydasi tegadigan ishlar bilan mashgʻul boʻlganlar bu ishlari orqali maʼnaviy qoniqish oladi. Ayni vaqtda, Shahnoza moddiyatga qarab ish tutadiganlarni ham tanqid qilmoqchi emasligini, hammaning oʻz tanlovi borligini ham inkor etmaydi...
Bir kuni mahalladoshi Matluba xola Shahnozaning choʻntagiga qogʻoz soladi-da, “Ketganimdan keyin oʻqiysan”, – deydi. Qogʻozda esa Shahnozaga atab “Kitobxon singlim” degan sheʼr yozilgan ekan. U kunda yoki kunora kichik kitobxonlardan ham mana shunday minnatdorlik yoki havas maktublarini olib turadi.
Qishloq ayollari kutubxonaga kelib, Shahnoza bilan uzundan-uzoq suhbatlar qurishni yaxshi koʻradi. Keksalar esa uning ota-onasiga: “Qizingiz baraka topsin!”, deb koʻp aytishadi. Bularni koʻrib, eshitib Shahnoza ichiga sigʻmay ketadi — bundan ortiq sharaf bormi?!

Olotni shu vaqtgacha koʻpchilik qorin toʻydiruvchi somsa brendi bilan tanirdi, endi esa uning ongni toʻydiruvchi “ziyo brendi” ham bor — Shahnoza bu brend muallifi sifatida ham har qancha gʻururlansa arziydi.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Behzod Boltayev. Shuningdek, Shahnoza Navro'zovaning arxiv fotosuratlaridan ham foydalanilgan.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda