“Anjanliklar keldi!”
Andijonlik futbol muxlislari va ularning o‘zbek futboliga ta’siri haqida
“Andijon” futbol klubi muxlislar harakati jamoaning uy uchrashuvlarida butun boshli shoular uyushtiryapti. Ularning chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda millionlab marta ko‘rilyapti, tribunadagi muhit esa Yevropa stadionlaridagi manzaralarni eslatadi. “Gazeta.uz” fan-klub qanday paydo bo‘lgani va uni kuchli qilayotgan jihatlar haqida hikoya qiladi.
“Andijon” futbol klubi muxlislar harakati jamoaning uy uchrashuvlarida butun boshli shoular uyushtiryapti. Ularning chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda millionlab marta ko‘rilyapti, tribunadagi muhit esa Yevropa stadionlaridagi manzaralarni eslatadi. “Gazeta.uz” fan-klub qanday paydo bo‘lgani va uni kuchli qilayotgan jihatlar haqida hikoya qiladi.
“Andijon” futbol klubining deyarli har bir uy uchrashuvida stadion to‘lib toshadi. Tomoshabinlarning aksariyati o‘yinni ko‘rgani kelsa-da, ular orasida muxlis (fanat)lar futbolchilarni qanday qo‘llab-quvvatlayotganini tomosha qilish uchun qo‘shni viloyatlar, balki chet ellardan kelayotganlar ham kam emas. Andijondagi Burgut Ultras fan-klubi 17 yillik tarixga ega. Jamoaga muxlislik qilarkan, fan-klub a’zolari shoular uyushtiradi. Ularning chiqishlari aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda millionlab marta ko‘rilmoqda va O‘zbekistonning boshqa klublari fanatlari uchun namuna ham bo‘lyapti.
“Andijon” futbol klubi bosh direktori Elbek Samatovning so‘zlariga ko‘ra, o‘yinga chipta sotib olayotganlarning ko‘pi muxlislarning performans (namoyish)larini yaxshiroq ko‘rish uchun fan-klubga qarama-qarshi sektordan joy berilishini so‘raydi.
Dastlabki “ultras”lar (futboldagi muxlislik harakatlari — tahr.) o‘tgan asrda Yevropada paydo bo‘lgan edi. Ular sport jamoalarini, asosan futbol klublarini qo‘llab-quvvatlovchi muxlislarning uyushgan guruhlari hisoblanadi.
Muxlislik harakatlari o‘z jamoalarining axborot tashviqoti va qo‘llovi bilan faol shug‘ullanadi, klub atributikalarini tarqatadi, tribunalarda maxsus shou-tomoshalar uyushtiradi va hatto klub siyosatiga ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin.
Burgut Ultras a’zolarining ta’kidlashicha, Andijondagi harakat mahalliy aholining futbolga bo‘lgan ulkan mehri tufayli, shuningdek, fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiyev tomonidan muxlislarning to‘laqonli hamjamiyatga aylantirilgani sabab yuzaga kelgan.
“Andijon” futbol klubining “uyi” — “Bobur Arena”da har o‘yinda Burgut Ultras tomonidan haqiqiy futbol muhiti yuzaga keltiriladi: “to‘lqin” keltirib chiqariladi, o‘ziga xos chorlov-chaqiriqlar baqirib kuylanadi, tutunli shashkalar yoqiladi va qizil-ko‘k rangli bayroqlar hilpiratiladi. Aytish mumkinki, andijonlik muxlislar Farg‘ona vodiysidagi futbolning o‘ziga xos tashrif qog‘ozchasiga ham aylanib qoldi.
Elbek Samatovning fikricha, “Andijon” fan-klubi topayotgan shuhrat butun O‘zbekistonda muxlislik harakatining rivojlanishiga yordam bermoqda.

“Bizning fan-klubga qarab, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning boshqa futbol jamoalari fan-klublari ham o‘sib-rivojlanayotgani ko‘rish bizni quvontiradi. Muxlislik harakatlarining saviya va darajasi kun sayin o‘sib bormoqda”, — deydi “Andijon” FK rahbari.
реклама
реклама
Mahalliy muxlislik harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Andijon” rahbariyati jamoa o‘yinlarini tomosha qilish uchun yillik abonement (chipta)larni sotuvga chiqargan, bundan tashqari, futbolkalar tarqatadi va boshqalarni ham Burgut Ultras’ga a’zo bo‘lishga chaqiradi.
“Anjanliklar keldi!” — bu jamoa muxlislari orasidagi eng mashhur chaqiriq-shior. Muxlislar o‘z ishiga juda jiddiy yondashadi. O‘yinlar vaqtida qaysi shior va ashulalardan foydalanish mumkin, qaysi mashhur qo‘shiqni “futbol tili”ga o‘girish va qanday performanslar uyushtirsa bo‘ladi — bularning bari haqida izchil bosh qotiriladi. Aynan shu jarayonda andijonliklarning mahorati alohida e’tirofga loyiq. O‘yinlar yo‘q kunlarda esa muxlislar stadionda repetitsiya uchun to‘planadi.
u muxlislarning eng katta orzusi — O‘zbekiston Superligasida “Andijon”ning g‘olibligi — chempionligini ko‘rish. Birinchi davra yakunlariga ko‘ra, jamoa musobaqa jadvalining o‘rtasidan o‘rin olgan (qayd etish joiz, mavsumning birinchi yarmi davomida jamoa ma’lum muddat musobaqada peshqadamlik ham qildi). Elbek Samatovning ta’kidlashicha, aynan ishqibozlar jamoaga sovrinlar keltirishi mumkin.

“Muxlislar qo‘llovi jamoaning kelgusi muvaffaqiyatlarida o‘z mevasini beradi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi futbolchilarni bor kuchi bilan harakat qilishga undab, hozirning o‘zida ham jamoaga naf keltiryapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, — deydi Elbek Samatov.

Fotosuratlar muallifi: Dilyaver Ablyakimov


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda