FOTO: MADINA AʼZAM

Oq qayiqda — maqsad sari

Parij-2024 Paralimpiadasiga yo‘llanma olgan Muhayyo Abdusattorova hikoyasi

U irsiy kasallik tufayli 3 yoshida yurolmay qolgan, 12 yoshigacha bunga “svet” yo‘q payti qilingan ukolni sabab deb bilgan. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni shu yili Shveysariyada o‘tkazilgan para-akademik eshkak eshish bo‘yicha musobaqada oltin medal va Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritgan Muhayyo Abdusattorova.

U irsiy kasallik tufayli 3 yoshida yurolmay qolgan, 12 yoshigacha bunga “svet” yo‘q payti qilingan ukolni sabab deb bilgan. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni shu yili Shveysariyada o‘tkazilgan para-akademik eshkak eshish bo‘yicha musobaqada oltin medal va Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritgan Muhayyo Abdusattorova.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo o‘zi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyat-u salohiyatiga e’tibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda o‘z hayot hikoyasi bilan bo‘lishmoqchi bo‘lganlar Telegram’da @Iroda_loyihaBot orqali bog‘lanishi mumkin.
Maxsus buyurtma asosida keltirgan “italyancha toychog‘i” — oq qayiqqa o‘tirib, O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida bezatilgan eshkaklarini qo‘liga olganida Muhayyo Abdusattorova o‘zini har qachongidan yaxshi ham kuchliroq his qiladi. Jilovsiz to‘lqinlar onda-sonda qaysarlik qilib, ba’zan quyosh nurlari qiynasa-da, jarayon unga zavq beradi.
Para-akademik eshkak eshish bilan endi-endi shug‘ullana boshlaganida Muhayyoning kutilmalari katta emasdi — u bor-yo‘g‘i hayot tarziga bir yangilik olib kirmoqchi bo‘lgandi, xolos. Ammo sport uning uchun nafaqat yaxshi reabilitatsiya, balki, muntazam shug‘ullansa, ertami-kech ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishish imkoniyati ekanini ko‘rsatib, isbotlab bergan.
Kasallik tarixi
Surxondaryodagi kamsuqum bir oilada dunyoga kelgan, besh qizning ikkinchisi bo‘lgan Muhayyo, o‘z ta’biri bilan aytganda, “el qatori katta bo‘lgan”. Unga: “Yo‘ling va yuzing yorug‘ bo‘lsin!”, deya musobaqalarga kuzatuvchi bobosi tarbiya bergan, “Fotiha” surasini ham aynan bobosi yodlatgan.
Muhayyoda kasallik alomatlari uch yoshida kuzatila boshlagan. Bir kuni qattiq isitmalagan Muhayyoga “tez yordam” chaqirilgan. “Svet” yo‘qligi uchun shifokor qorong‘ida ukol qilgan. Ertasi kuni qizaloqning qo‘l-oyog‘i ishlamay qolgan. Uydagilari ukol noto‘g‘ri qilingani, shuning uchun qizcha shu ahvolga tushib qolgan, degan gumonga borgan.
реклама
реклама
Viloyatdagi shifokorlar Muhayyoning xastaligiga 12 yoshigacha turlicha tashxislar qo‘yishgan, aniq va yakuniy tashxis — Shtryumpelning pastki paraplegiyasi esa unga Toshkentdagi Respublika skrining markazida qo‘yilgan.
Shtryumpelning pastki paraplegiyasi
Dunyoda har 100 ming kishidan 1–5 nafarida uchraydigan Shtryumpelning paraplegiyasi (nasliy spastik paraplegiya) orqa miyadagi uzun aksonlarning disfunksiyasi sabab oyoqlar harakatining qiyinlashishi va kontraktura — bo‘g‘im harakatining cheklanishi bilan namoyon bo‘ladi.
Bu nasliy-genetik kasallik odatda qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibatida kelib chiqadi — Muhayyoning ota-onasi ham amakivachchalar hisoblanadi.

Muhayyoning aytishicha, u bolaligida “kim aybdor?” ekani haqida o‘ylagan bo‘lsa-da, ulg‘aygach barini boricha qabul qilib, e’tiborini endi hayotini qanday yaxshilash mumkinligiga qaratishni o‘rgangan, masalaga shunday qaragan yaxshiroq, deb hisoblaydi. Qolaversa, oila qurayotgan vaqtida 19 yoshda bo‘lgan onasi va 21 yashar bo‘lgan otasini ham tushunishga harakat qiladi.
Ular yosh, ustiga-ustak turmush qurish haqidagi qarorni ham o‘zlari qabul qilmagan. Shundan xulosa qilib, kelajakda kimnidir ayblamaslik uchun ham shaxsiy hayotim bilan bog‘liq qarorlarni mustaqil qabul qilishga ahd qilganman
Salomatligi bilan bog‘liq muammolar sabab maktabga 9 yoshdan chiqqan Muhayyo avvaliga Surxondaryodagi o‘rta maktablarda o‘qigan. Ahvoli og‘irlashib, maktabga o‘zi mustaqil borolmay qolgach, o‘qishi Toshkentdagi nogironligi bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabga ko‘chirilgan. “Maxsus maktabda o‘zimni yaxshi his qilganman. Aynan shu yerda kimligini anglay boshlaganman”, — deb eslaydi u.
Darmonga aylangan sport
Hozir Gulistondagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 1-bosqichida ta’lim olayotgan Muhayyo Abdusattorova bundan to‘rt yil avval — koronavirus pandemiyasi sabab joriy qilingan karantin vaqti tashqi dunyodan uzilib, izolyatsiyada qolish naqadar og‘irligini tushungach, hayot to‘lqinlarini eshkak yordamida kechib o‘tishga qaror qiladi.
Dengizlikka da’vo qilmasa-da, ishga tushirilganidan buyon “Toshkent dengizi” deya erkalanuvchi To‘yabo‘g‘iz suv ombori yoqasida eshkak eshuvchilarning sport bazasi joylashgan. Muhayyo shu yerda yil davomida, deyarli uzluksiz shug‘ullanadi.
Kun badantarbiyadan boshlanadi. Asosiy mashqlar esa yopiq zalda, ochiq havoda yoki suvda bo‘lishi mumkin. Suvga kuniga ikki, ba’zida uch mahal tushiladi. Suvdagi mashg‘ulotlar vaqtida sportchilarning harakatlarini murabbiylar alohida qayiqda turib nazorat qilib boradi — to‘lqinning baland-pastligi, qachon o‘ngga, qachon chapga harakatlanish kerakligi, ortga qaytish yo olg‘a suzishni aytib turadi.
Ortiqcha vazn — sportchi uchun haqiqiy boshog‘riq, shu bois Muhayyo va uning sheriklari parhezbop, ammo foydali ovqatlar tanovul qiladi.
Tushlik vaqti kimdir: “Qizlar kamroq ovqat yeyishi kerak!”, deb luqma tashlaganida, Muhayyo: “Tengma-teng ishladim, vazifalarni bab-barobar bajarib, tosh ham ko‘tardim, nega endi sendan kamroq yeyishim kerak ekan?!”, deya davrada hammani kuldiradi.
Muhayyoning ta’kidlashicha, sportchi xotin-qizlarga yigitlarga nisbatan osonroq, chunki ularni nafaqat hurmat qilib, avaylashadi, balki ko‘proq qo‘llab-quvvatlashadi ham.
Vaqtinchalik yutuqlarim uchun emas, balki meni borimcha qabul qilganlar davrasida bo‘lish — baxt. Menga eski, hali suvga tushishni bilmagan Muhayyoga munosabatda bo‘lgandek, oddiy, ortiqcha iltifotsiz muomala qilishlari yoqadi. Sportchi do‘stlarim va murabbiylarim — aynan shunday. Shuning uchun ularni o‘z oilamdek yaxshi ko‘raman, bu yerda o‘zimni uydagidek his qilaman
Muhayyo bazaning eng so‘lim, daraxtlar qurshovidagi yog‘och uyda ikki dugonasi bilan birga yashaydi. Bazada kun tartibing har doim deyarli bir xil — mashg‘ulot, ovqatlanish, mashg‘ulot, uyqu; shu tartibga yangi rang kiritish maqsadida qizlar kelishib qora mushuk boqib olgan.

Laqabi Bagira bo‘lgan bu xumpar ba’zida murabbiyning oq mushukchasi bilan o‘ynaydi, qizlarga erkalanadi, qitmirlik qiladi, bir so‘z bilan aytganda, zeriktirmaydi… Mushukdan ham zerikkanida esa Muhayyo sayr qilishni yaxshi ko‘radi…
Sport bilan oshno tutinguniga qadar Muhayyo har uch oyda davolanishga majbur edi. Sport sabab hozir harakatlari ancha yengil, ahvoli yaxshi. Lekin bu — bugun sport bilan shug‘ullanishga kirishdi-yu birdaniga ahvoli yaxshilandi va shu zahoti yutuqlarni qo‘lga kirita boshladi, degani emas.

Ilk bor qayiqqa maxsus nimchada chiqib, suvga ag‘darilgani, birinchi xalqaro musobaqasi — Pragadagi Jahon chempionatida kuchli xavotir sabab suvga tusholmagani, qo‘llari shilinib, qadoq bo‘lib ketgani kechagidek yodida. Bunday holatlar istalgan sportchida bo‘ladi, ammo hamma ham bu qiyinchiliklarga bardosh bera olmasligi, sportni tashlab ketishi mumkin.
Muvaffaqiyat notalari
Akademik eshkak eshish tarixidagi eng taniqli sportchilardan biri hisoblangan Jorj Yeomans Pokok bu sport turiga ta’rif berarkan, uni “harakat simfoniyasi” deb atagan edi. Muhayyo esa matonat, iroda va chidamkorlikni bu “simfoniya"ning asosiy notalari, deb hisoblaydi. Sababi jarayonda mushaklarni tez va faol ishlatishdan tashqari, muvozanat, marom va diqqatni uyg‘unlashtirish talab etiladi. Nafaqat jismoniy, balki ruhiy og‘riqlarni yengish esa har doim ham oson emas.
реклама
реклама
Bunday vaqtda iroda chiniquvidan tashqari murabbiylarning qo‘llovi ham muhim. Ayniqsa, stress va xavotir hissi ruhiyati va faoliyatiga tez ta’sir qiladigan Muhayyo kabi qizlar uchun. Buni yaxshi bilgan ustozlari, mashg‘ulot va musobaqalardagi natijalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, unga qattiq gapirmaydi, aksincha, olg‘a harakat qilishda davom etish kerakligini aytib, dalda beradi.
Muvaffaqiyatsizlik damlari yutuqni birga nishonlaganlarning deyarli bari yo‘q bo‘lib qolishi mumkin. Lekin murabbiylarim Bunyod Otamurodov, Bekzod Xolmirzayev, Otabek Abduvaliyev har qanday vaziyatda ham yonimda. Ahvolimni his etib, yaxshiroq harakat qilishim uchun motivatsiya berishadi. Buning uchun ulardan minnatdorman
Muhayyo hozir Litvada, 28-avgustdan 8-sentabrgacha Parijda bo‘ladigan 2024-yilgi Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Safari arafasi bo‘lgan suhbatimiz yakunida u hayotni suzishga o‘xshatishini aytdi — hayot ham suvdek gap, unda cho‘kib ketmaslik uchun tipirchilash emas, balki suv maromiga qarab suzmoq, tartibli harakat qilmoq kerak.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / "Gazeta.uz".
Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda