Borjomi yaqinida Gruziyaning mashhur tog‘-chang‘i kurortlaridan biri — Bakuriani joylashgan. Bu yerda bir nechta — endi chang‘i uchishni boshlaganlardan tortib to professionallarga mo‘ljallangan chang‘i trassalari bor. Ammo bu yerga yozda ham kelsa bo‘ladi.
Birinchidan, shahar tog‘lar bilan o‘ralgan, havosi ajoyib, ikkinchidan, bu yerda ham Borjomidagi kabi mineral suvlar bor (umuman olganda, Borjomi suvlarining boshi ham asli Bakurianida), uchinchidan, sayyohlar uchun qishin-yozin barcha xizmat va qulayliklar muhayyo, to‘rtinchidan, yozda bu yerda mazza qilib ekoturizm va xayking (piyoda sayr) bilan shug‘ullanish mumkin, chunki shahar atrofida bir necha milliy park va qo‘riqxonalar bor.