Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Bosma meros qo‘riqchisi
Kitob sotuvchi Yuriy Kim hikoyasi
66 yoshli Yuriy Kim 5 yildan beri Chilonzor-3 mavzesidagi dehqon bozorida kitob sotadi. Uning noyob kitoblar to‘plami 5000 jilddan ortiq. “Gazeta.uz” u kitob sotishni qanday boshlagani, ularni qayerdan sotib olishini va hozir kitobxonlar undan eng ko‘p qaysi asarlarni so‘rashi haqida hikoya qiladi.
66 yoshli Yuriy Kim 5 yildan beri Chilonzor-3 mavzesidagi dehqon bozorida kitob sotadi. Uning noyob kitoblar to‘plami 5000 jilddan ortiq. “Gazeta.uz” u kitob sotishni qanday boshlagani, ularni qayerdan sotib olishini va hozir kitobxonlar undan eng ko‘p qaysi asarlarni so‘rashi haqida hikoya qiladi.
Chilonzor dehqon bozori ichida katta kitob do‘koni yashiringan. Oziq-ovqat peshtaxtalari bo‘ylab rang-barang muqovali yog‘och javonlar cho‘zilib ketgan, stollar ustida esa sarg‘ayib ketgan sahifali kitob taxlamlari ko‘zga tashlanadi. Hayratlanarli kitob kolleksiyasi yonida go‘sht maydalashadi, quritilgan meva va yong‘oqlar sotishadi. Bunday qarama-qarshilik xaridorlarni umuman ajablantirmaydi. Javondagi adabiyotlarning ko‘pligidan ularning ko‘zlari o‘ynab, qo‘llari qiziqarli asarlar tomon cho‘ziladi. Ushbu bilimlar xazinasining egasi — 66 yoshli bukinist Yuriy Kim. Bozordagi sotuvchi va xaridorlar uchun u — oddiygina Yura amaki.
Kitob sotuvchi asli Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan. Umrining so‘nggi 10 yilini kitob sotishga bag‘ishlagan. Uning qalbida adabiyotga qiziqish erta bolalikda uyg‘ongan. Ilgari kitob qariyb yagona ma’lumot manbai va dam olishning eng yaxshi shakllaridan biri edi. Yura amakining eslashicha, o‘sha vaqtlarda kitobdan tashqari faqat uchta radiostansiya va telekanal bor edi, xolos. Vaqtichog‘lik uchun deyarli boshqa hech narsa yo‘qligi bois u har kuni maktabdan keyin kutubxonalarga borishga odatlangan.

“Sovet davrida adabiyot borasidagi tanlovi juda tor bo‘lgani uchun har qanday yangi asar kitobxonlar orasida katta qiziqish uyg‘otardi. Agar kutubxonaga Aleksandr Dyuma, Jyul Vern, Konan Doyl, Gerbert Uells, Ernest Heminguey olib kelinsa bormi, darhol qo‘lma qo‘l bo‘lib ketardi, — deydi Yuriy Kim. — Uchta kutubxonaga a’zo edim. Qo‘limga tushgan kitobni qo‘ymay o‘qirdim. Lekin, har qanday bola kabi, men ham sarguzasht, ilmiy fantastika va detektiv kitoblarni ko‘proq yoqtirardim”.
Yura amakining aytishicha, 1960−1970-yillarda kitoblar, ayniqsa, xorijiy adabiyotlar taqchil edi. Chet ellik mualliflarning yaxshi sifatda bosilgan asarlarini topish uchun har bir do‘konga bosh suqib ko‘rish kerak edi. Kitob do‘konlarida bozor yoki kutubxonalarda uchramaydigan adabiyotlar sotiladigan alohida, maxsus bo‘limlar bo‘lardi. Ammo xohlagan kitobingni sotib olish oson ish emasdi.

O‘sha vaqtlarda kitoblar 2−3 so‘mdan sotilgan, biroq ularni faqat maxsus talon bilangina sotib olish mumkin edi. Talon olish uchun kamida 20 kilo makulatura topshirish talab etilardi. Shu bilan birga, yaxshi kitob topish va unga talon olish uchun kerakli lahzani ushlay bilish ham lozim edi. Yaqin orada qaysi kitob kelishi haqida tanish sotuvchilar yoki mahalliy gazetalarning so‘nggi sahifalarida beriladigan e’lonlardan bilish mumkin bo‘lardi. Kitob kelgan kuni esa kitobsevarlar kutilgan durdonani qo‘lga kiritish uchun ertalabdan navbatga turardi. Odamlar kitob almashar, bir-biriga o‘qishga berib turardi — ba’zida hatto tanishining tanishidan so‘rab bo‘lsa ham.

“Biror sinfdoshim yaxshi kitob topib kelsa, uni o‘qish uchun butun sinfimiz bilan navbatga turardik. Uzoq kutilgan kitobni tezroq olish uchun bir-birimizni shoshirardik. Bitta kitobni qo‘lma-qo‘l o‘qirdik. Kitob har doim ham egasiga qaytavermasdi — sayohatini davom ettiraverardi”, — deb eslaydi Yura amaki.
реклама
реклама
Vaqt o‘tishi bilan yangi bosmaxonalar ishga tushdi. Samizdat (qo‘lda yoki bosma shaklda norasmiy nashr etilgan asarlar — tahr.) paydo bo‘ldi. Kitoblar qo‘lda, sifatsiz qog‘ozlarga qayta bosilib, ko‘chirilardi. Ammo adabiyotning haqiqiy ixlosmandlari uchun buning ahamiyati yo‘q edi — sifatlimi-sifatsizmi, ular uchun eng muhimi, kitob bo‘lsa kifoya edi.

“Kitob tirajlari katta ekaniga qaramay, ashaddiy kitobxonlar ko‘pligidan kitob yetishmovchiligi hech yo‘qolmasdi. Bu vaziyat kitoblarni kolleksiya qilib yig‘ish modasini keltirib chiqargan. Shaxsiy kutubxona juda nufuzli narsa hisoblanardi. Har safar mehmonga borganda uy egasidan birinchi bo‘lib kutubxonasini ko‘rsatishni so‘rardik. Agar o‘qigim kelib yurgan kitobimni ko‘rib qolsam, egasidan uni berib turishni iltimos qilardim”, — deydi u.
Yuriy Kim 1990-yilda Toshkentga ko‘chib keladi. Kitob sotishni boshlashdan avval esa Qashqadaryoda dehqonchilik qilgan — 10 yildan ortiq piyoz va tarvuz yetishtirgan. Keyin “Otchopar” (“Chilonzor”), “Askiya” va “Mirobod” bozorlarida kiyim-kechak, poyabzal va sumka sotgan. Bukinistika olami bilan uni yaqin do‘sti — Silver Kurtametov tanishtirgan va unga o‘zi to‘plagan barcha kitoblarni sovg‘a qilgan.

“U yolg‘iz yashardi, bolalari ancha yil avval Rossiyaga ko‘chib ketgandi. Kitob kolleksiyasini qoldirishi uchun hech kimi yo‘q edi. Keyin u qattiq kasal bo‘lib qoldi. O‘limidan avval barcha eski va noyob kitoblarini menga meros qilib qoldirdi. Uning “Yangiobod”dagi do‘koni ham menga o‘tdi. Shu tariqa kitob sota boshladim”, — eslaydi Yura amaki.
реклама
реклама
U Yangioboddagi eski buyumlar bozorida besh yil bukinist do‘stining to‘plamini sotadi. Ishga bozorning ish kunlari hisoblangan dam olish kunlarida saharlab chiqardi. 2018-yili uyiga yaqinroq bo‘lish va har kuni kitob sota olish uchun Chilonzor dehqon bozoriga ko‘chadi. Hozir kitoblar egallagan burchak ko‘p vaqtdan beri bo‘sh yotgani uchun joy izlashga hojat ham qolmaydi — bozor ma’muriyatining ruxsati bilan Yura amaki 118 ta kichik g‘aladondan javonlar yasab, ularni kitoblar bilan to‘ldiradi. Ortganini qutilarga joylashtiradi.
Yura amakining kitoblar to‘plami, ta’bir joiz bo‘lsa, do‘kon tarmoqlarining assortimenti bilan raqobatlasha oladi. Sotuvga qo‘yilgan asarlar orasida sovet davrida bosilgan kitoblar ko‘proq. Ular bolalar adabiyoti, badiiy adabiyot, tibbiyot, psixologiya, falsafa, tarix, musiqa, sport, pazandalik va boshqa shu kabi bo‘limlarga ajratilgan. Javonlarda o‘tgan asrning 80−90-yillarida bosilgan nodir kitoblarini ham topish mumkin. Kitoblar narxi 5 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha.
Yura amaki Silverning barcha kitoblarini sotib bo‘lgach, o‘z uyidagi kutubxonasidan asarlarni olib chiqishni boshlagan. Avvaliga ortiqcha nusxalarni, keyinroq uyda hech kim o‘qimay qo‘ygan yoki shunchaki eskirgan kitoblarni.

30 yil davomida to‘plangan kitoblarni osongina sotib yuborganingizdan afsuslanmaysizmi, degan savolga u kulib shunday deydi: “Ular bilan men qayerga ham boraman — o‘zim bilan narigi dunyoga olib ketmayman-ku. Odamlar o‘qisin, axir kitoblar shu uchun yaratilgan”.

Uning fikricha, hozir topib bo‘lmaydigan kitobning o‘zi yo‘q. Sevimli asarini sotib yuborsa ham, bir yil ichida u yana o‘ziga qaytib keladi. Shu bois u kitoblarga qandaydir muqaddas narsaga qaragandek qaramaydi. Ammo shunday katta kitob kolleksiyasiga egaligidan o‘zini xuddi boy odamdek his qilishini tan oladi.
Assortimentni to‘ldirish maqsadida Yuriy Kim odamlardan kitob sotib oladi. Ilgari u kamyob asarlarni buyum bozorlariga borib, yerosti yo‘laklari va makulatura punktlaridan izlardi. Shu tariqa u qanchadan qancha eski kitoblarni olov va shrederlarning o‘tkir tishlaridan qutqarib qolgan. Hozir odamlar Yura amakiga o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib, uydagi kitob javonlarini bo‘shatib berishni so‘raydi yoki eski kitoblarini o‘zlari olib kelib, tekinga topshirib ketadi.

“Olib kelingan ba’zi kitoblar juda yomon ahvolda bo‘ladi, ularni o‘zim qo‘lda tuzataman. Ish joyimda kitobning barcha qismlarini tiklayman. Yo‘lning narigi tarafida bosmaxona bor, yetishmayotgan sahifalarini o‘sha yerda chiqartiraman. Keyin ularni kitobga yopishtirib, yirtilgan muqovani joyiga qo‘yib, boshidan tikib chiqaman. Men kitoblarning umrini uzaytirishni xohlayman, shunda ularni boshqalar ham o‘qiy oladi”, — deydi u.

Sotuvchi xaridorlar bilan suhbatlashish imkoni borligi uchun ham o‘z ishini yaxshi ko‘radi. Uning oldiga kitob izlab har xil odamlar keladi: masalan, o‘quvchilar — darslik, abituriyentlar — test kitoblari, talabalar — kasbiy ta’limga oid adabiyotlar, kolleksionerlar esa antiqa kitoblar so‘raydi.
Yura amaki har kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha savdo qiladi. Ertalab kitoblarni taxlab chiqadi, keyin ish joyini tartibga keltiradi va ilk mijozlarni kutib oladi.

Savdo har doim har xil: misol uchun, 10−15 ta kitob sotilgan omadli kunlar ham bo‘lib turadi. Gohida birorta ham kitob sotilmasligi mumkin. Lekin Yura amaki bu haqda qayg‘urmaydi, chunki u har bir kitob, ertami-kechmi, o‘z egasini topishiga ishonadi.
Sotuvchining tan olishicha, hozir kitob uning yoshlik davriga qaraganda ancha kam sotib olinadi. “Internetda har qanday adabiyotni topish mumkin”, — deya bunoga izoh beradi o‘zi. Uning fikricha, qog‘oz kitoblarni, asosan, kitobni qo‘lda ushlab o‘qishga odatlanganlar sotib oladi. Chunki oddiy kitobni o‘qish jarayoni ko‘pchilikka estetik zavq bag‘ishlaydi va asar bilan bog‘liqlikni kuchaytiradi. Ammo so‘nggi vaqtlarda qog‘oz kitoblarga talab yana oshib bormoqda. Odamlar orasida katta yozuvchi va shoirlarning asarlariga yana qiziqish uyg‘onayotganidan sotuvchi juda mamnun.

“Badiiy adabiyot xaridorlar orasida eng ommabopligicha qolmoqda. Ayniqsa, yoshlar jahon mumtoz adabiyoti namunalarini ko‘p so‘rab keladi. Bundan tashqari, psixologiya, falsafa, tarix va ezoterizmga oid kitoblarni ham sotib olishadi”, — deydi u.
Ishdan bo‘sh vaqtida Yura amaki o‘z assortimentidagi kitoblarni o‘qiydi. Odatda klassikani tanlaydi, ammo so‘nggi paytlarda bolaligida yoqtirgan ilmiy fantastika va detektiv janrlaridagi hikoyalarni qayta o‘qishni afzal bilyapti.

Tarix esa hali ham uning eng sevimli janri. Sotuvchi uchun ular asosiy ilm va hikmat manbai bo‘lib, ma’naviy ozuqa sifatida xizmat qiladi. Uyidagi kutubxonasida Sergey Borodin, Yavdat Ilyasov va Isay Kalashnikovning ko‘plab tarixiy romanlari yig‘ilgan. Ular tufayli olam qanday qilib hozirgi ko‘rinishiga kelgan va nima uchun boshqacha emasligini tushunib yetish mumkin.
реклама
реклама
Sotuvchi hozir yoshligidagidek kechayu kunduz kitob o‘qiy olmaydi — ko‘zlari, yoshiga yarasha, tez charchaydigan bo‘lib qolgan. Shuning uchun uni ba’zan telefonida yangilik va teledasturlarni ko‘rayotgan yoki tinglayotgani holda uchratish ham mumkin.

“Biz, keksalarga, uzoq vaqt ishsiz qolish mumkin emas. Ishdan uzoqlashsangiz, uyda o‘tirib qolasiz. Har kuni ishga chiqqanda, odamlar bilan suhbatlashganda, toza havoda vaqt o‘tkazganda umringizga umr qo‘shiladi”, — deya xulosa qiladi u.
Agar Chilonzor ko‘chasiga yo‘lingiz tushsa, ko‘cha bo‘yidagi bozorchada joylashgan kitob rastalariga albatta tashrif buyuring. Bu yerda siz kitob tog‘larini ko‘rasiz va varaqlarning shitirlashini eshitasiz. Peshtaxta ortida sizni qo‘lida mushukcha, yuzida esa tabassum bilan bir nuroniy sotuvchi kutib oladi. U siz uchun o‘z tarixi va oldingi egalari qoldirgan xotiralarni jamlagan kitoblarni tanlab beradi.

Matnni Farzona Xamidova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi Madina Aʼzam.


Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda