Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Samarqand Provansi
Bir lavanda fermasi tarixi
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Samarqand Provansi
Bir lavanda fermasi tarixi
Server O‘smanov 2017-yili Samarqandning bir chekkasida ko‘chatxona ochadi. Bir yil o‘tib uning yashil kolleksiyasida besh tup lavanda paydo bo‘lgan. Hozir esa uning gektarlik lavandazoriga har yili yuzlab odam keladi. Server aka o‘nlab o‘simlik turlari parvarishlayotgan bu joyni botanika bog‘iga aylantirish niyatida.
Server O‘smanov 2017-yili Samarqandning bir chekkasida ko‘chatxona ochadi. Bir yil o‘tib uning yashil kolleksiyasida besh tup lavanda paydo bo‘lgan. Hozir esa uning gektarlik lavandazoriga har yili yuzlab odam keladi. Server aka o‘nlab o‘simlik turlari parvarishlayotgan bu joyni botanika bog‘iga aylantirish niyatida.
Samarqand markazidan 4 kilometrlik masofada Flora Lavender Farm lavanda dalasi yastanib yotibdi. Yozning qaynoq pallasida bu lavandalar binafsharangning turli tuslariga burkanib, butun dalani o‘zining tinchlantiruvchi mayin tarovati bilan to‘ldiradi. Fransuz provansi muhitiga sho‘ng‘ish maqsadida bu yerga har yili yuzlab mehmonlar keladi.

Bu lavandazorga samarqandlik Server O‘smanov egalik qiladi. Ishtiyoqmand bog‘bon o‘z faoliyatini 2017-yilda boshlagan bo‘lib, keyingi davrda o‘z kolleksiyasini faol to‘ldirib bordi. O‘simliklarni tanlashda O‘zbekiston iqlimiga mos keladiganlariga ustuvorlik berildi. Hozir uning bog‘ida 100 dan ortiq turga mansub o‘simliklarni uchratish mumkin. Server O‘smanov o‘z ko‘chatxonasini kelajakda botanika bog‘iga aylantirmoqchi. Hozircha u yerda ekskursiyalar, floristika bo‘yicha mahorat darslari, fotosessiyalar, piknik va oilaviy tantanalar o‘tkazilmoqda.
реклама
реклама
Server O‘smanov bir piyola lavandali choy ustida nabotot olamiga mehri, gul biznesini yo‘lga qo‘yish va botanika bog‘ini ochish orzusi haqida gapirib berdi.
Harbiylikdan floristlikka
Butun umr harbiy libos kiygan odam bo‘lganman. 1991-yilda Donetskdagi Slavyansk Fuqarolik aviatsiyasi texnikumini tamomlab, Samarqandga ta’tilga keldim. Shundan so‘ng ofitser unvonini oldim va xizmatni, taqsimot bo‘yicha, fuqaro aviatsiyasida davom ettirishim kerak edi. Biroq Sovet Ittifoqi parchalangach, Vatanda qoldim. O‘shanda ichki ishlar organlariga xizmatga kirishga qaror qildim va u yerda 2017-yilgacha — Milliy gvardiyaga ishga o‘tgunimga qadar ishladim.
Harbiy kareram bilan bir qatorda sport sohasida ham muvaffaqiyatlarga erishganman. Texnikumda o‘qiyotgan vaqtim boks bo‘yicha Ukraina terma jamoasi a’zosi edim. Samarqanddagi xizmatim davomida ham sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmadim va musobaqalarda qatnashdim. 2000-yildan boshlab Samarqand viloyati IIBning qo‘l jangi bo‘yicha terma jamoasiga rahbarlik qildim. Jamoamiz bir necha yil O‘zbekiston IIV chempionatlarida va barcha kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi.

Sport faoliyatiga qo‘shgan hissam uchun Ichki ishlar vazirligi 2006-yilda O‘zbekiston “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining Samarqand viloyati kengashi rahbari etib tayinladi. Samarqandning Markaziy stadioniga rahbarlik qilardim. Unda mahalliy “Dinamo”, “Sherdor”, “Registon” futbol klublari, shuningdek, O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari ishtirokidagi muhim uchrashuvlar, shuningdek, boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

Biroq viloyatning asosiy va eng yirik stadioni maydonining qoplamasi talab darajasida emasdi. Shuning uchun, shaxsan o‘zim maysazorlar barpo etish va ularni parvarishlash texnologiyasini o‘rgandim. Sport gazonlari toptalishga chidamliligi bilan oddiy maysazorlardan farq qiladi. Uning sifati va xususiyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Moskvadagi “Lokomotiv” va Kiyevdagi Lobanovskiy nomidagi stadionlarda bo‘ldim. Tabiiy gazonlar bo‘yicha turkiyalik mutaxassislarni taklif etib, ularning tajribasidan foydalandim.
Natija o‘zini uzoq kuttirmadi. 2010-yilda biz sifatli maysazor bilan qoplangan, ko‘rkam va parvarishlangan maydonni yaratishga muvaffaq bo‘ldik. U 14 yil xizmat qildi, “Dinamo” stadioni esa O‘zbekistondagi eng yaxshi stadionlardan biriga aylandi. Mana shu yil yangi rahbar u yerga zamonaviy va sifatli maysazor yotqizdi.

2020-yilda yangi qiziqishim — bog‘dorchilikka o‘zimni to‘la bag‘ishlash maqsadida podpolkovnik unvonida iste’foga chiqdim.

Men futbol maydoni bilan band bo‘lgan vaqtim, Samarqandda ham yashil qoplamaga bo‘lgan talab o‘sib bordi. Bog‘lar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarga maysalar ekila boshlandi, markaziy ko‘chalarda esa kilometrlab cho‘ziladigan maysazorli yo‘laklar paydo bo‘ldi. Bularni ko‘rib, shahar aholisida ham o‘z hovlilarini ko‘kalamzorlashtirish istagi tug‘ildi. Qarindoshlarim va do‘stlarim menga murojaat qila boshlashdi. Keyin ularning tanish-bilishlari kela boshladi. Yerini maysazor bilan obodonlashtirmoqchi bo‘lganlar soni mening o‘simliklarga bo‘lgan qiziqishim bilan birga o‘sib bordi. Shunda men maysazor ishlab chiqarish va o‘rnatish bilan shug‘ullanadigan kompaniya ochishga qaror qildim va ishlar yurishib ketdi.
Vaqt o‘tishi bilan qiziqishim kattaroq narsaga aylandi. Faqat maysaning o‘zi yetarli bo‘lmay qoldi: odamlar yana qandaydir gullar va butalar so‘ray boshladi. Avvaliga barcha o‘simliklarni Toshkentdan sotib olib, tashib kelishga to‘g‘ri kelardi. Bu qimmat va noqulay edi, eng asosiysi — o‘simliklarning barchasini boshqalar yetishtirardi.

Toshkentdagi Darina Lux ko‘chatxonasi egalari, yaqin do‘stlarim Rinat va Adelya meni o‘simliklarni o‘zim ham yetishtira olishimga ishontirishdi va uylaridagi bog‘dan novdalar kesib olishimga ruxsat berishdi. O‘zim uchun 10 turdagi butalardan qalamcha tayyorlab, mashinaga ortdim va Samarqandga olib keldim. Stadionda kichikroq issiqxona qurib, ularni parvarish qilishni o‘rgandim. Bu mening o‘simliklarni ko‘paytirishdagi eng birinchi va eng muvaffaqiyatli tajribam edi. Biz ekkan hamma narsa unib, o‘sib chiqdi. Bunday natijani boshqa takrorlay olmadim.

Mening ilk o‘simlik kolleksiyam, u bilan birga ko‘chatxona yaratish g‘oyasi ham ana shunday paydo bo‘lgandi.
Fermada kundalik hayot
Ko‘chatxona g‘oyasini amalga oshirishga qat’iy qaror qilgach, 2017-yili loyihani shahar hokimiga taqdimot qildik va 1,5 gektar yer oldik. Reja bo‘yicha, bog‘imiz uchun 20 gektar maydon kerak edi, shu bois berilgan maydoni bizga dastlab kichik ko‘rindi. Biroq ishga kirishgach, birinchi yili shu 1,5 gektarning atigi 6 sotixni o‘zlashtira oldik, xolos. Bir necha yil o‘tgachgina bog‘imizning har bir burchagi o‘simliklarga to‘ldi.
Ko‘chatxonani tashkil etarkanmiz, u yerda millionlab o‘simliklarni yetishtirish va sotishni, odamlar turli navlar bilan bevosita tanishishlari mumkin bo‘lgan o‘ziga xos ko‘rgazma zali yaratishni xohlagandik. Avvaliga stadiondagi issiqxonadan barcha tuvaklarimizni ko‘chirib keldik. Keyin turlarni ko‘paytirish uchun shaharga chiqdik. O‘z vaqtida Samarqandga Belgiya va Italiyadan ko‘plab qiziq o‘simlik turlari keltirilgandi. Biroq ular shaharning obodonlashtirish xizmatlari tomonidan lozim darajada parvarish qilinmagani uchun nobud bo‘lish arafasida edi. Shu bois kuzda namunalarni kesib olib, ko‘paytirish maqsadida ko‘chatxonamga olib keldim. Men eng yoqtiradigan narsa — bittagina novdadan butun bir hayotning o‘sib chiqishini kuzatishdir.

Ochiq yerda o‘sadigan hamma narsani ekib bo‘lgach, bozorlardan, do‘konlardan, ko‘chatxonalardan, hamkasblarim va tanishlarimdan gullar sotib ola boshladim. Hozir urug‘larni chet eldan buyurtma qilib, o‘z ko‘chatxonamda ko‘paytiraman va sotaman. Barcha sharoitlarni ta’minlaganimizga qaramay, ba’zi o‘simliklar besabab nobud bo‘ladi. Bog‘bon hamisha sinchkov va sabrli bo‘lishi kerak. Har bir tajriba uchun kamida bir yil umr ketadi.
Boshida bog‘ bilan faqat o‘zimiz shug‘ullandik, keyinchalik — bog‘ kengayib ketgach — ishchilar yolladik. Katta jamoa borligiga qaramay, men hali-hamon dalada o‘zim vaqt o‘tkazishni yoqtiraman. Kunimni bog‘ni aylanib chiqishdan boshlayman — ertalab soat 7:00 da kelib, o‘simliklarimni ko‘zdan kechiraman. Agar biror o‘simlikning ahvoli yomonlashganini ko‘rsam, suv quyilmagan yoki payhon qilingan bo‘lsa, darhol chorasini ko‘raman. Hech bir ishchi bog‘ga uning egasidek g‘amxo‘rlik qilolmaydi baribir. Shu bois men kechgacha dalada bo‘laman, ba’zida shu yerda tunab ham qolaman.

Kechasi bog‘da o‘ziga xos muhit hukm suradi. Yozda bu yer tinch, kimsasiz, salqin; bu bog‘da hech kim bo‘lmagan davrlarnini eslatadi. Men o‘simliklarim bilan yolg‘iz qolishni, ularning dunyosiga to‘la sho‘ng‘ishni va ular mening parvarishim ostida qanday o‘sib, rivojlanayotganini kuzatishni yoqtiraman.

Shunday qilib, yovvoyi, begona o‘tlar bosgan maydon asta-sekin gullab-yashnab, yashil tusga kirdi. Kolleksiyamiz yangi va noyob turlar bilan tez sur’atda boyiyapti. O‘simliklar shu qadar ko‘paydiki, biz ularni mavsumiy ravishda bo‘lib, davlat muassasalariga — bolalar bog‘chalari, maktablar, kasalxonalarga bepul tarqatyapmiz. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali ham “egalari”ni topamiz. Bu yil Samarqanddagi Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘iga shaharning boshqa joyida o‘smaydigan bo‘yimadaron hadya qildim.
Lavanda — eng yaxshi do‘st
Lavanda bilan ilk bor rafiqamning gul do‘koniga bu ajoyib o‘simlikning 25 tuvagi keltirilganda tanishganman. Men uni birinchi ko‘rishdayoq yaxshi ko‘rib qolganman. Aynan uning go‘zalligi va xushbo‘y isi keyinchalik rafiqam ikkimizni Samarqand yuragida kichik Provans yaratishga ilhomlantirdi.

Beshta ko‘chatni o‘zimga olib, ulardan qalamcha qildim va dalaning o‘sha paytda bo‘sh yotgan bir chetiga ekdim. Lavanda juda beg‘ubor va yoqimli o‘simlik. Unga unumdor tuproq va ko‘p suv kerak emas, bu esa uni bizning iqlimimizda yashash uchun ideal nomzodga aylantiradi. Bu o‘simlikni kuzda o‘tqazgan ma’qul, shunda u ildiz otadi, qishlaydi va bahorda rivojlana boshlaydi. Agar hamma ish to‘g‘ri qilinsa, yozda gullab, ko‘zingizni quvnatadi.
Issiq kunlarda lavandani har 7−10 kunda bir sug‘orish yetarli. Tomchilatib sug‘orishda butun fermaga 2−3 kub metr suv sarflanadi. Mamlakatdagi ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, tez-tez sug‘orish va doimiy parvarish talab qilmaydigan o‘simliklarni tanlashga harakat qilaman. Yerimizga avtomatik sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun kredit oldik va bundan sira afsuslanmadik. Hozir barcha jarayonlarni telefondan boshqara olaman, bu esa kuch va vaqtni sezilarli darajada tejaydi.
Gullash mavsumi iyun boshidan avgust oxirigacha davom etadi. Mening lavandam xuddi taqvimga qaragandek, ob-havodan qat’i nazar, har doim oyning birinchi sanasida gullaydi. Boshqa o‘simliklarda bunday holatni sira kuzatmaganman.

Vaqt o‘tishi bilan ekilgan besh tup ko‘chat 50 taga, keyin 100 taga, so‘ngra 500 taga ko‘paydi. Hozir menda 10 dan ortiq navdagi 1000 ga yaqin lavanda tuplari bor. Ular orasida Ingliz, Fransuz, Xidkot, Bandera va Lavandin navlarini uchratish mumkin. Lavandin keng bargli va tor bargli lavandaning duragayi hisoblanadi. U tarvaqaylab ketmaydi, ixcham shaklini saqlab qoladi, to‘yingan rang, o‘tkir hid va yuqori hosildorlikka ega. Shuning uchun mening dalalarim Qo‘qon lavandazorlaridan ranglar xilma-xilligi va o‘ziga xos ifori bilan ajralib turadi.
реклама
реклама
Lavanda nafaqat gulbarglarining rangi, balki tashqi ko‘rinishi bilan ham farqlanadi. Ba’zilarida boshoqdek — kichik gullar poya atrofida joylashgan. Boshqalarida esa gulning eng yuqori qismida uzun va ingichka gulbarglar mavjud. Barglari ham har xil shakl va rangga ega: to‘q yashildan och kumushranggacha. Yaqinda fermamda oq lavanda ko‘chati paydo bo‘ldi. Hozir uning qanday moslashayotganini kuzatyapman. U go‘zallik jihatdan boshqalari bilan tenglasha olmasa-da, kolleksiyamizga xilma-xillik bag‘ishlaydi.
2018-yilda lavanda bilan imkon qadar ko‘proq odamlarni tanishtirmoqchi bo‘ldim va ijtimoiy tarmoqlarimning faol foydalanuvchilarini fermaga taklif etdim. Mehmonlar uchun ekskursiya, mahorat darslari, choy dasturxoni tayyorladik, biroq ular kela solib suratga tushish va suratga olishga kirishdi. Dalada atigi uch-to‘rt qator lavanda bo‘lsa-da, shuning o‘zi ham ko‘rganlarni hayratga solgan edi. Mendan lavanda sotishni so‘rashdi, lekin men bu o‘simlikni do‘st deb bilishim, do‘stlar esa sotilmasligini aytdim. Do‘stlarim bu g‘oyani rivojlantirishni maslahat berishdi va bu to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi.

Boshqa bog‘larning tajribasini o‘rganib, o‘z bog‘imda dam olish maskani yaratish haqida ham o‘yladim. Tashrif buyuruvchilar uchun sayrlar va bog‘dorchilik bo‘yicha mahorat darslari, fotosessiyalar, otda sayr qilish, uy hayvonlari bilan muloqot, floristika mashg‘ulotlari, gastronomik mashg‘ulotlar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, nikoh marosimlari va oilaviy kafe tashkil etdik. Faoliyat turlarining kengligiga qaramay, men faol dam olish, shovqin-suronli tadbirlar va shov-shuvli ziyofatlarga qarshiman, chunki bular nafaqat odamlarning tinchligini buzadi, balki o‘simliklarga ham zarar yetkazadi. Bu joy ko‘ngilxushlik uchun emas, balki tabiat qo‘ynida yolg‘izlik va mulohaza yuritish uchun yaratilgan.
Ferma hududida qat’iy qoidalar o‘rnatilgan: chiqindi tashlamaslik, chekmaslik, gulxan yoqmaslik, o‘simliklarga zarar yetkazmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslik. Biroq ularga amal qilmaydiganlar har kuni topiladi. Biz lavandani uzmaslikni so‘raymiz, biroq odamlar: “Ozgina uzdim xolos-ku”, deydi. Lekin har kim ozgina-ozginadan uzib olaversa, bog‘imizning holi nima kechadi? Odamlar o‘zgalarning mehnatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini istardim.

Shunga qaramay, bog‘ faoliyati davomida ko‘plab yaxshi insonlar bilan tanishdim. Ba’zi mehmonlar qaytib ketishdan avval menejerlardan meni chaqirishlarini so‘raydi, shaxsan tanishib, bunday go‘zallikni yaratganimiz uchun minnatdorchilik bildiradi. Bu hamisha juda yoqimli va ishlashga ilhomlantiradi.

Lavandadan guldastalar, quruq gullar, xushbo‘y yostiqchalar, lavanda choyi solingan xaltachalar tayyorlaymiz, chunki o‘simlik ko‘plab shifobaxsh va tinchlantiruvchi xususiyatlarga ega. Hosilni hamkorimizga berib, lavanda moyi olamiz. O‘tgan yili o‘z dalamizdan 20 litr moy oldik. Biz ishlayotgan sharoitni hisobga olganda, bu ajoyib natija. Yiliga bir necha bor poytaxtdagi “Teplo-market”da qatnashamiz va bitta yarmarkaning o‘zida bir yil davomida dalada sotiladigan mahsulotga teng mahsulot sotamiz.
Bir gektarlik lavandazor — bu ko‘ngilxushlik. Lavanda mahsulotlari bilan biznes qurmoqchi bo‘lsangiz, kamida 100 gektarlik dala kerak. Biroq men faqat bu bilangina cheklanishni maslahat bermagan bo‘lardim. Xilma-xil o‘simliklarni ekib, o‘stirishga harakat qilish kerak. Atrofni go‘zallik bilan o‘rash lozim. Bog‘ yaratish — bu kelajakka ishonch demakdir.
Botanika bog‘i orzusi
Bizning dalamizda lavandadan tashqari boshqa ko‘plab noyob o‘simliklarni ham uchratish mumkin, ularning aksariyati dorivor. Masalan, mavrak, kiyiko‘t, jambil, kalendula, moychechak, bo‘yimadaron va boshqalar. Dalamizda o‘tkazilgan so‘nggi “aholini ro‘yxatga olish” ma’lumotlariga ko‘ra, hozir ko‘chatxonada 100 dan ortiq tur o‘syapti. Ularning ba’zilar, masalan, perovskiya va kuril choyi kabilar hatto Samarqand shahrida ham uchramaydi.
реклама
реклама
2021-yilda Tver botanika bog‘i direktori va Yevroosiyo botanika bog‘lari assotsiatsiyasi (ABSEA) rahbari Yuriy Naumsov bilan tanishdim. U meni bog‘larning noyob konsepsiyasi ustida ish boshlashga ilhomlantirdi. Bog‘ning har bir qismi ilgari Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan turli mintaqalarning kichik burchagini ifodalab, dunyo landshaft madaniyatlarining xilma-xilligini namoyish etadi. Buning uchun kamida 10 gektar yer kerak.

Men allaqachon rus hovlisi, xitoy bog‘i, dorixona polizi, o‘zbek tuprog‘ini aks ettiradigan hududlarni yaratdim. Yaqin kelajakda O‘rtayer dengizi, islomiy va monastir bog‘larini barpo etishni rejalashtirganman. Ular misolida Markaziy Osiyo va Yevropaning bog‘-park san’ati haqida hikoya qilmoqchiman. Nomlaridagi farqlarga qaramay, ular umumiy ildizlarga ega. Bizda bu “chorbog‘”, ularda esa “muntazam bog‘” deb ataladi.
Lekin hududni shunday obodonlashtirish kerakki, keyinchalik bu bog‘ni buzishga hech kimning qo‘li bormasin. Buning uchun turli o‘simliklar, qiziqarli joylar va ruxsat etilgan ko‘ngilochar maskanlarga ega tegishli infratuzilma bo‘lishi lozim. Men atrofini o‘rindiqlarga ega park o‘rab turgan mehmonxona hamda floristika ustaxonasi qurishni rejalashtirganman. To‘g‘risi, hozircha buning uchun mablag‘ni qayerdan topishni bilmayman. Xalqimizda: “To‘y boshlasang, pul topiladi”, degan naql bor-ku.

Umid qilamanki, loyihamiz shaharga xizmat qiladigan to‘laqonli botanika bog‘i sifatida qabul qilinadi. Faqat hozircha bu maqomni olish uchun qayerga murojaat qilish kerakligini ham bilmayman.

Bog‘ men uchun shunchaki biznes emas. Bu umrim baxshida bo‘lgan faoliyat, hayotim mazmuni. Rafiqam meni qo‘llab-quvvatlaydi va yordam beradi, farzandlarim esa, garchi qiziqishimni har doim ham to‘liq qo‘llab-quvvatlamasalar-da, bog‘ hayotida tengma-teng qatnashadi. Bog‘imiz — faxrimiz va, umid qilamanki, yillar o‘tib, u yanada o‘sadi va gullab-yashnaydi.
Matn muallifi — Farzona Hamidova
Suratlar muallifi — Yevgeniy Sorochin

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda