Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
“Prezidentga pochta yetkazishni orzu qilaman”
40 yildan beri pochtalyonlik qiluvchi Ro‘zixon Ochilov hikoyasi
Asli jarqo‘rg‘onlik Ro‘zixon Ochilov hayotini pochtaga bag‘ishlagan. 58 yoshli pochtachi har kuni 100 chaqirimdan ortiq masofa bosib, cho‘ldagi shahar aholisiga davriy nashrlar, xatlar va jo‘natmalarni yetkazadi. “Gazeta.uz” eng ko‘hna kasblardan birining quvonchlari, qiyinchiliklari va taqdiri haqida hikoya qiladi.
Asli jarqo‘rg‘onlik Ro‘zixon Ochilov hayotini pochtaga bag‘ishlagan. 58 yoshli pochtachi har kuni 100 chaqirimdan ortiq masofa bosib, cho‘ldagi shahar aholisiga davriy nashrlar, xatlar va jo‘natmalarni yetkazadi. “Gazeta.uz” eng ko‘hna kasblardan birining quvonchlari, qiyinchiliklari va taqdiri haqida hikoya qiladi.
Jarqo‘rg‘on — Surxondaryo viloyatining janubidagi 17 ming aholi istiqomat qiluvchi ko‘hna shaharcha. Uning markazida Jarqo‘rg‘on pochta bo‘limi bor. Ro‘zixon Ochilov 38 yildan beri shu yerda mehnat qilib keladi. Pochtachi yettita mahallaga xizmat ko‘rsatib, har kuni maktablar, mahalla qo‘mitalari va jarqo‘rg‘onliklarning uylariga gazeta, xat, banderollar tarqatadi. Uning asl ismini bu yerda kamdan-kam odam biladi — shahar aholisi uni ko‘p vaqtlardan beri qisqagina qilib “Eshon bobo” deb chaqiradi.

“Pochtachimizning laqabi o‘zbek xalqi orasida alohida ahamiyatga ega. Qadimdan „eshon“ unvoni chuqur diniy bilimga ega bo‘lgan va aholiga ma’rifat ulashgan, hurmat va e’tirofga sazovor din peshvolariga berilgan. Odamlar maslahat va yordam so‘rab murojaat qiladigan dono va tajribali keksalarni „bobo“ deb ataydi. Ro‘zixon Ismatovich ham, ma’lum ma’noda, aholimizni „ma’rifatli“ qiladi. Uni shaharda hamma biladi. Ko‘pchilik uchun deyarli qarindoshdek bo‘lib ketgan”, — deydi Jarqo‘rg‘on pochta bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Jo‘rayev hamkasbi haqida.
Ro‘zixon Ochilov pochtalyonlikka o‘zidan-o‘zi kelib qolmagan. 1987-yili armiyadan qaytgach, Jarqo‘rg‘on tumanidagi to‘qimachilik fabrikasida usta yordamchisi bo‘lib ishlay boshlagan. Bir yil to‘qimachilik dastgohida ishlagan. Biroq baxtsiz hodisa tufayli uchta barmog‘idan, shu bilan birga ishidan ham ayriladi. Qariyb bir yil ish qidiradi. Kunlarning birida xat jo‘natish uchun pochta bo‘limiga kiradi. O‘sha paytdagi operator Raisa Naumova bilan suhbat asnosida, u bu yerda o‘ziga ish bormi-yo‘qmi, shunga qiziqadi. Shu tariqa, uning pochta xizmatidagi yo‘li boshlanadi.
Ro‘zixon aka ishni boshlashdan avval pochta rahbariyatining ko‘rsatmasi bilan Toshkentga, aloqa bo‘limi boshliqlarini tayyorlash bo‘yicha ikki oylik kursga jo‘nab ketadi. O‘qishni tugatgach, 1988-yil may oyida pochta bo‘limi direktori Mengliqul Misirov tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani aloqa bo‘limi operatori lavozimiga qabul qilinadi. Ro‘zixon Ismatovich hozirgacha alohida iliqlik va minnatdorlik bilan tilga oladigan ustozlari rahnamoligida ishga kirishadi.
U ishni har birini o‘zi yaxshi taniydigan o‘z mahalladoshlariga pochta yetkazib berishdan boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan xizmat ko‘rsatish geografiyasi kengaydi, yo‘nalishlar tobora murakkablashdi. Pochtachi o‘zining birinchi yetkazgan xatini yuzda tabassum, ko‘zda yosh bilan eslaydi.

“O‘sha unutilmas kunda men askardan xat olib keldim — bu xabarni uning ota-onasi ikki yil davomida kutgan edi. Ular qo‘limdagi konvertni ko‘rib, yuzlari quvonchdan yorishib ketdi va hayajon bilan: „Pochtachi o‘g‘limizdan xat olib keldi!“ deya qiyqirib yubordi. Ular meni uyga, dasturxonga taklif qildi, choy bilan mehmon qildi. Ular uchun bu xat haqiqiy bayram — uyda go‘yoki to‘y boshlanib ketgandek edi”, — deydi u.
Hozir Ro‘zixon Ochilov Jarqo‘rg‘on pochta aloqa bog‘lamasining “Ismoiltepa” aloqa bo‘limiga rahbarlik qiladi. Pochtalyonning ish kuni ertalab soat sakkiz-to‘qqizda boshlanadi. Birinchi navbatda u yangi xat-xabarlar bilan shug‘ullanadi; jo‘natmalar, xatlar va gazetalarni tarqatish qulayroq bo‘lishi uchun manzillariga qarab saralaydi. Soat 10 ga kelib, pochta sumkasi to‘ladi va Eshon bobo pochta yetkazish uchun o‘ziga biriktirilgan to‘rtta hududga yo‘l oladi. Yo‘l-yo‘lakay odamlar u bilan salomlashadi, hol-ahvol so‘raydi, tanish-bilishlarga salom yo‘llaydi.
реклама
реклама
Eshon bobo birinchi bo‘lib maktablarga gazeta va bolalar jurnallarini tarqatadi. 65-o‘rta maktab direktori — uning doimiy mijozlaridan biri. U “Yangi O‘zbekiston”, “Jadid” va “Ishonch” gazetalarining yangi sonlarini har doim intiqlik bilan kutadi. Eshon boboni darvoza oldida ko‘rib, direktor pochtachini shaxsan qarshi olish maqsadida pillapoyaga chiqadi. Ular o‘zaro suhbatlashar ekan, skuterni bir zumda maktab bolalari o‘rab olishadi, unga chiqib olib, sumkadagi pochtalarni qiziqsinib tomosha qilishadi. Pochtachi ularga muloyimlik hayhaylagan bo‘ladi — bolalar darrov qochib qoladi. Xayrlashayotib, ular: “Eshon bobo, menga ham xat olib keling!”, deya qo‘l silkiydi.
Shundan keyin pochtalyon rasmiy hujjatlar, xabarnomalar, farmoyishlar, kommunal xizmatlar uchun kvitansiyalar, yig‘ilish va saylov uchun axborot byulletenlari va materiallarni yetkazish maqsadida mahalla qo‘mitalariga jo‘naydi. Bu yerda u odatda ushlanib qoladi, chunki qo‘mita raisi bilan suhbatlashib, mahalla hayotidan so‘nggi yangiliklarni bilib olishni yoqtiradi.
Keyin jarqo‘rg‘onliklarning uylari tomon yo‘l oladi. Yelkasidagi sumka asta-sekin yengillashadi, quyosh esa sekin ilgarilayotgan marshrut vaqtini o‘lchab, tobora yuqoriga ko‘tariladi. Imoratlar orasidagi masofa sezilarli uzoq va yo‘llar notekisligi tufayli u bir soat ichida bor-yo‘g‘i beshta qabul qiluvchiga pochta yetkazib berishga ulguradi, xolos.

Ba’zan navbatdagi uyda yopiq eshik va sukunat kutib oladi — uy egalari o‘z yumushlari bilan qayoqqadir ketgan bo‘ladi. Bunday vaqtlarda pochtalyon yengil xo‘rsinib, titilib ketgan yon daftarchasini oladi-da, “Ertaga qaytaman” deb belgi qo‘yadi.

“Biz ayrim mamlakatlardagi pochtachilardek pochtani qabul qiluvchining eshigi oldida qoldirib keta olmaymiz. Barcha jo‘natmalar manzil egasiga shaxsan, o‘z qo‘liga topshirilishi shart. Bordi-yu ertaga biror kishi xat yoki jo‘natmani olmagani haqida shikoyat qilsa, javobgarlik bizning zimmamizda bo‘ladi. Shu bois, uyda hech kim bo‘lmaganda, pochtachilar uy egalari bilan yuzma-yuz kelish uchun uch-to‘rt qayta kelishga majbur bo‘ladi. Agar har bir uy oldida pochta qutilari o‘rnatilsa yoki mobil xabarnoma tizimi joriy etilsa, bu vaqt, kuch va yoqilg‘ini tejashga yordam bergan bo‘lardi”, — deydi Eshon bobo.
Pochtalyon kunning asosiy qismini oyoqda o‘tkazadi — uyma-uy yurib, xat-xabarlarni yetkazadi va odamlar bilan bir-ikki og‘iz suhbatlashgan bo‘ladi. Tushlikka yaqin u jo‘natmalarning yangi partiyasini olish uchun pochta bo‘limiga qaytadi, so‘ng yana yo‘lga chiqib ketadi. Kunlik pochta jo‘natmalari hajmi 10−20 tadan 100−150 tagacha yetishi mumkin. Ayniqsa, dam olish va bayram kunlaridan keyin xat va jo‘natmalar yig‘ilib qoladi. Ba’zida pochtaning ko‘pligidan tushlik qilishga vaqt bo‘lmaydi, shunaqa vaqtlarda Eshon bobo yo‘l-yo‘lakay buterbrod yeb, choy ichib oladi.
реклама
реклама
Pochtachiga ish davomida pochta yetkazilishini kuzatish va tasdiqlash imkonini beruvchi portativ mobil qurilma yordam beradi. Qurilma xodimni keraksiz qog‘ozbozlikdan xalos etib, ishni sezilarli darajada yengillashtirdi, chunki ilgari barcha hujjatlar qo‘lda to‘ldirilardi. Endilikda u markaziy pochta tizimi orqali qurilmaga manzillar va pochta jo‘natmalari ro‘yxatini yuklaydi. Har bir jo‘natma shtrix-kod yoki QR-kodga ega. Pochtachi jo‘natma holatini yangilash uchun uni skanerlaydi. Topshirish paytida u darhol jo‘natma yetkazib berilganini qayd etadi, oluvchi esa imzosi va shaxsiy hujjatini skanerlash orqali qabul qilganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, qurilma 80 dan ortiq turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni joyida amalga oshirish imkonini beradi. Barcha ma’lumotlar avtomatik ravishda tizimga uzatiladi.

“Sovet davrida pochtalyonlar faoliyati faqat xat-xabar yetkazish bilan cheklanib qolmagan edi. Pensiya va ijtimoiy nafaqa to‘lovlarini ham tarqatardik. Odamlar meni ko‘rib yugurib kelar, xat bor-yo‘qligi haqida so‘rardi. Hozir ko‘pchilik meni ko‘rishi bilan yashirinadi yoki ketishga shoshiladi, hazillashib: „Menga xat olib kelmagansiz, deb umid qilaman!“ deydi, chunki ular ko‘pincha jarima xabarnomalarini ham olib kelishimni biladi-da”, — deb kuladi pochtachi.
Eshon bobo birinchi marta pochtalyon formasini kiyganida, uning sumkasi gazeta va jurnallarga to‘la bo‘lardi. U bo‘limga davriy nashrlar qoplab olib kelingan vaqtlarni eslaydi — odamlar bosma nashrdagi har bir so‘zni qiziqib o‘qir, sevimli nashrlarining yangi sonlarini sabrsizlik bilan kutardi. Lekin hozir, barcha yangiliklarni internetdan bilish mumkin bo‘lgan davrda, pochtachining sumkasi tarkibi butunlay o‘zgarib ketdi. Endi Eshon boboning sumkasidan asosan rasmiy konvertlar — prokuraturadan xatlar, notarial hujjatlar, kommunal xizmatlar hisobvaraqlari va davlat muassasalaridan kelgan xabarnomalar joy olgan.

Telegrammalar yo‘qolib ketdi, shaxsiy yozishmalar va otkritkalar almashinuvi kamaydi — endi barcha muloqot ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan. Bunday o‘zgarishlar, garchi zamonaviy muloqot usullarining qulayligini juda yaxshi tushunsa-da, pochtachini biroz xafa qiladi.

“Xat yozish, hech bo‘lmaganda, fikrlash va o‘z mulohazalarini yozma shaklda ifodalashni o‘rganish uchun ham zarur. Xatni konvertdan olgan paytdagi o‘ziga xos va betakror hissiyot — telefondagi navbatdagi xabarni ochish emas. Bitta xat o‘nlab xabarlardan ko‘ra ko‘proq quvonch bag‘ishlashi mumkin. Qo‘lyozma satrlarda muallifning qalbi yashaydi, ularda ko‘proq hayot, insoniy iliqlik va mehr-muhabbat mavjud”, — deb hisoblaydi pochtachi.
Eshon bobo uyga faqat kechqurun soat besh-oltilarda, horg‘in, lekin mamnun holda qaytadi — demak, barcha xatlar o‘z egalarini topgan. Agar biror sababga ko‘ra u barcha xat-xabarlarni yetkazib berishga ulgurmagan bo‘lsa, ertasi kuni ishni, albatta, o‘sha manzillarga borishdan boshlaydi. Shunday qilib, u haftada olti kun, har qanday ob-havo sharoitida ishlaydi, chunki pochta soatdek aniq ishlashi lozim. Jo‘natmalar kam bo‘lsa, uyiga ertaroq qaytadi.

“Pochtachi bo‘lish — bu shunchaki xat-xabar tarqatish emas. Har bir xat yoki jo‘natma qo‘limizga tushgunicha uzoq, ba’zan ming kilometrdan ziyod masofani bosadi. Bu yo‘lning narigi tarafida kimdir uni intizorlik bilan kutayotgan bo‘ladi. Vazifamiz oddiy, shu bilan birga, juda muhim — xatni 48 soat ichida yetkazib berish. Shuning uchun pochtachi mas’uliyatli, ziyrak va mohir bo‘lishi zarur”, — deydi Eshon bobo.
реклама
реклама
Jarqo‘rg‘on landshafti adirlar, qumli yo‘l va barxanlardan iborat. Pochtachilar ana shunday sharoitda har kuni kamida 100 kilometr yo‘l yuradi. Bu masofani piyoda bosib o‘tish, albatta, imkonsiz. Shu bois davlat Jarqo‘rg‘on pochta bo‘limining barcha pochtalyonlariga bir vaqtlar velosipedlar tarqatgan edi. Biroq mahalliy infratuzilma bunday transport vositasiga moslashmagani uchun uchun velosiped piyoda yetkazib berishning noqulay va xavfli muqobiliga aylandi.

Shu bois Eshon bobo 1991-yili o‘z puliga “Vosxod” rusumli mototsikl sotib oladi. U bilan uzoq masofalarni tezroq bosib o‘tish, kuch va vaqtni tejash mumkin edi. Biroq 20 yillik foydalanuvdan so‘ng mototsikl yaroqsiz holga keldi, unga zarur ehtiyot qismlarni topish esa qiyinlashdi.

Shunda pochtachi o‘z transport vositasini yangilashga qaror qildi va 2021-yilda skuter sotib oldi. U bilan birga pochta xizmati uslubiga mos keladigan yangi ko‘k forma ham xarid qildi. Ro‘zixon Ochilovning fikricha, bu uni professionalroq ko‘rsatadi va yo‘lda ko‘zga tashlanishini ta’minlaydi. Skuter oldingi transport vositasiga nisbatan ancha qulayroq va xavfsizroq bo‘lib chiqdi.
Biroq, qulayligiga qaramay, qishda u har doim ham muzlamalarga bas kela olmaydi, bu esa bir necha bor yiqilishlarga sabab bo‘lgan. Yo‘ldagi nosozliklar qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkin. Mototsikllar odatda itlarni o‘ziga jalb qiladi, biroq transportning tezligi ulardan qochib qutulish imkonini beradi. Nosozliklar esa odamni o‘ljaga aylantirishi mumkin.

“Bir safar kechqurun uzoq tepalikdagi uylardan biriga pochta yetkazishimga to‘g‘ri keldi. Yo‘l-yo‘lakay orqamdan bir to‘da it ergashdi. Eng noqulay paytda akkumulyator o‘chib qoldi va to‘xtashga majbur bo‘ldim. Itlar darhol meni har tomondan o‘rab olishdi — ularning vovullashlari va yirtqichlarcha turishlaridan hujumga shaylanayotganlari ko‘rinib turardi. Umidsizlikdan sumkamni silkitib, baland ovozda yordamga chaqira boshladim. Baxtimga, odamlar o‘z vaqtida yetib kelib, itlarni haydab yubordi”, — dahshat bilan eslaydi Eshon bobo.
Pochtalyonlik ishi yaxshi jismoniy tayyorgarlik va chidamlilikni talab qiladi. Biroq pochta xodimlari orasida yoshlarni kamdan-kam uchratasiz — xodimlarning aksariyati o‘rta va keksa yoshdagi kishilar. Eshon bobo buning sababini ish haqining pastligi ushbu kasbni yoshlar uchun jozibador qilmasligida, deb izohlaydi. Pochtachilar oyiga 1,2 mln so‘m, bo‘lim boshliqlari esa 1,5−2 mln so‘m maosh oladi. Ish hajmi va murakkabligini hisobga olsak, bunday maoshlar arzimasdek.

“Pochta xizmatlari narxi oshirilganida edi, ehtimol, bizda ko‘proq odam ishlashni xohlagan, mehnatimizni qadrlagan bo‘lardi”, — deydi u.
Taxminan uch yil oldin Jarqo‘rg‘onga prezident kelishi kerak edi. Butun shahar uning tashrifiga faol tayyorgarlik ko‘rdi: yo‘llarga asfalt yotqizildi, uylarning fasadlari bo‘yaldi, ko‘chalar obodonlashtirildi, daraxtlar o‘tqazildi. Pochta xodimlari orasida o‘zgacha hayajon hukmronlik qilardi — tez orada ular tantanali nutq so‘zlab, davlat rahbariga o‘z yutuqlarini namoyish etishlari kerak edi. Biroq so‘nggi lahzada prezident yo‘nalishni o‘zgartirib, qo‘shni Angor shahriga yo‘l oldi. Eshon bobo voqealarning bunday o‘zgarishidan xafa bo‘lsa-da, hali ham prezident bilan uchrashish umidini yo‘qotmagan.

“Men eng ko‘p prezidentga pochta yetkazishni orzu qilaman. Uchrashganimda, uning qo‘lini mahkam siqib, qilayotgan ishlari uchun rahmat aytardim va qo‘liga xat tutqazardim. Unda o‘zim va hayotim haqida hikoya qilgan, shuningdek, shahrimizga bir piyola choyga taklif qilgan bo‘lardim. Shu bilan birga, Jarqo‘rg‘ondagi yo‘llar oxirigacha bitkazilmaganini ham eslatib o‘tgan bo‘lardim”, — deydi Eshon bobo.
Ikki yildan so‘ng pochtachi pensiyaga chiqadi. Aytishicha, u bu lahzani ko‘pdan beri kutyapti. Ishi zavqli bo‘lsa-da, salomatligi avvalgidek emas. Pensiyaga chiqqach, uy yumushlari bilan shug‘ullanish va nevaralari bilan birga bo‘lish uchun vaqti ko‘proq bo‘ladi. Biroq butun umrini bag‘ishlagan sevimli ishi bilan xayrlashish ham og‘ir. Eshon boboning tan olishicha, pensiyaga chiqqach, u hamkasblari va pochta oluvchilar bilan kundalik uchrashuvlarni juda sog‘inadi. Pochta xodimlari Eshon bobo vaqti-vaqti bilan o‘z hikoyalari va tajribasi bilan bo‘lishish uchun pochta bo‘limiga kelib turishidan umidvor.

“Men pochta ishini eng ko‘p har kuni turli odamlar bilan muloqot qilish, ulardan xabar olish va hayotlarining bir qismiga aylanish imkoniyatini taqdim etgani uchun ham yaxshi ko‘raman. Odamlar men orqali nafaqat pochtani, balki yangiliklarni ulashadi. Bugun — to‘yga taklifnoma bo‘lsa, ertaga — janoza haqidagi qayg‘uli xabar bo‘lishi ham mumkin. Pochtalyonlik o‘zbek tilida „xabarchi“, „jarchi“ deb atalishi bejiz emas. Odamlar bor ekan, bu kasb yashayveradi, chunki pochtachi — barcha ma’lumotlar og‘izdan-og‘izga o‘ta boshlagan davrlardayoq paydo bo‘lgan eng qadimiy kasblardan biridir”, — deya xulosa qiladi Eshon bobo.
Matn muallifi — Farzona Hamidova.
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda