Azimaning hikoyasi

OIV musbat inson uzoq yashashi, ishlashi, oila qurishi va sog‘lom farzandni dunyoga keltirishi mumkin

OIV tashxisi qo‘yilgan kishilar o‘z vaqtida davolansa, hamma qatori yashashi, orzulariga erishishi mumkin. “Iroda” loyihasining Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan maqolasi qahramoni, o‘zining OIV statusini omma oldida ochiqlagan ilk o‘zbekistonlik qiz — Azima Yodgorovaning hayoti bunga yorqin misol.
OIV tashxisi qo‘yilgan kishilar o‘z vaqtida davolansa, hamma qatori yashashi, orzulariga erishishi mumkin. “Iroda” loyihasining Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan maqolasi qahramoni, o‘zining OIV statusini omma oldida ochiqlagan ilk o‘zbekistonlik qiz — Azima Yodgorovaning hayoti bunga yorqin misol.
“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʼda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
Azima qaysi davrada, kim bilan tanishib muloqot qilishidan qat’i nazar, mavridi kelishi bilan qarshisidagi odamdan “OIV nimaligini bilasizmi?”, deb so‘raydi. Bilmaganlarga ushbu kasallik, uning qanday yuqishi va qanday yuqmasligini tushuntiradi.

Odatda, bu haqda to‘g‘ri ma’lumotga ega kishilar kamdan-kam uchraydi. Ko‘pchilikning tasavvurida esa u xuddi narkomaniya bilan birdek — skelet, ilon chirmashgan shprits tasviri, “O‘z yo‘lingni tanla”, “Vaqtida qayt” qabilidagi shiorlar bilan “asr vabosi” sifatida tasvirlangan plakatlar, OIV bilan yashovchi insonlarning yuzi shuvutu o‘limi muqarrar qilib, stereotipik tarzda ko‘rsatilgan ijtimoiy roliklar bois yanglish tushunchaga ega.
Uy
Hayot har qanday vaziyatda dastak bo‘luvchi, bizga ishonishdan to‘xtamaydigan, eng og‘ir paytda ham yonimizda bo‘ladigan insonlar borligi bilan go‘zal. Ularning kim ekani muhim emas, asosiysi, shunday bir insonning chindan borligi, buni o‘zing hamisha his qilib turishing.
реклама
реклама
Azimaning hayotida ham shunday inson bor. Bu uning har gal borligiga shukur qilib, uzoq umr tilaydigan, bordiyu hastalansa, kulib turgan ko‘zlari o‘sha zahoti jiqqa yoshga to‘lishiga sabab bo‘luvchi buvisi. Azima hayotning eng katta iltifoti deya tariflangan oila mehri nimaligini aynan buvisi — Aziza aya sabab bilgan. Buvisi uning uchun ham oila, ham uy — Azima hozir poytaxtda, buvisi esa Toshkentdan 70 km uzoqda yashasa ham, bunda masofa oila mehrini, uning taftini his qilishga to‘sqinlik qilolmaydi.
Azima 2001-yili, muddatidan avval — 7 oyligida dunyoga kelgan. Nimjon va kamqon tug‘ilgani uchun katetr ulangan, qon ham quyilgan, ahvoli o‘nglanavermagach, shifokorlar yashab ketishiga umid yo‘qligini aytgan. 28 kunlik go‘dak bilan ilk bor Bo‘kadagi uyi ostonasida tanishgan Aziza aya esa nabirasi yaxshi bo‘lib ketishiga, ulg‘ayib ko‘zini quvnatishiga chin dildan ishongan.
O‘sha paytda bolalar yormasi (smes)ni topish hozirgidek oson bo‘lmagani, qolaversa, moddiy ahvolimiz ham tangroqligidan buvim meni qo‘shnimizning sigir suti bilan boqqan. Bir safar o‘sha govmishni sotmoqchi bo‘lishganida, buvim buyog‘iga nima qilishini, meni qanday katta qilishini o‘ylab, yig‘lagan ekan. Qo‘shnimiz esa meni va buvimni ko‘zi qiymay, sigirini sotmagan va men qozon ovqat yeydigan yoshga yetgunimcha o‘sha sigir suti bilan oziqlanganman.
Azimaning uyi bilan bog‘liq bolalik xotiralari bisyor. Uni “ko‘k ko‘zim” deya erkalaydigan buvisi uni o‘zi bilan hammayoqqa olib yurgani, bir kun koriga yarashini uqtirib, uy ishlarini o‘rganishga qo‘yarda-qo‘ymay undaganini tabassum bilan eslaydi.

Yana u buvisi o‘z bolaligini, shuningdek, Azima va qolgan ikki nevarasini qanday katta qilgani — bag‘rida chaqaloq bilan pulsiz, nonsiz ko‘chada qolgan paytlari haqida hikoya qilib beradigan yoz oqshomlarini ham unutmaydi. Holbuki, o‘shanda u ko‘kdagi yulduzlar hisob-kitobi, sanoqda adashib qayta sanash singari o‘ta jiddiy “ish” bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shunga qaramay, buvisi aytgan gaplarning bari, ayniqsa: “Men o‘qimadim, onalaring ham o‘qimadi, ammo sizlar o‘qimishli bo‘linglar”, degan nasihati qulog‘ida qolgan.
Tashxis
OIV (odamning immunitet tanqisligi virusi) — immun tizimining pasayishi va tanqisligiga sabab bo‘luvchi virus. U odatda immun tizimining kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayishi va oqibatda odamning turli infeksiya va xastaliklarga sezgir bo‘lib qolishi bilan namoyon bo‘ladi. OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) esa OIV infeksiyasining oxirgi bosqichi. OIV yuqtirib davolanmagan kishilarda OITS belgilari 8−10 yil o‘tib paydo bo‘lishi mumkin.

BMTning OIV va OITS bo‘yicha birlashgan dasturi (UNAIDS)ning 2023-yildagi holatga asoslanib taqdim qilgan ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzida OIV bilan yashovchi insonlar soni 39,9 millionni tashkil qiladi. Ularning 86 foizi o‘zining OIV statusidan xabardor. Xususan, O‘zbekistonda OIV musbat insonlar soni 62 mingga yaqin, ulardan taxminan 49 ming nafari o‘z statusini biladi.
Azima ham o‘z statusi haqida 6 yoshga to‘lganida, nuqul kasal bo‘laverib, tish va tirnoqlari to‘kilavergach, tibbiy ko‘riklardan birida xabar topgan. O‘shanda ToshMIdagi professorlardan biri qizaloqning sog‘ligidagi muammoning sababini aniqlash uchun OIVga ham test topshirib ko‘rishni tavsiya qilgan.

Tahlil javobi chiqqach, hamma shokka tushgan. Azima esa uchta harfdan iborat ko‘rinmas kasallik qanday qilib buvisi, xolasi va boshqalarni bunchalik qo‘rqitayotgani, hatto yig‘latayotganini tushunmay hayron bo‘lgan.
O‘sha vaqtlarda bu faqat fohisha va narkomanlarda uchraydigan kasallik, degan gaplar bo‘lgan. Shungamikin, buvim bir kelajagimdan qayg‘urib, „Ko‘k ko‘zim uzoq yashamaydimi, o‘lib qoladimi endi?“, deb yig‘lasa, boshqa safar o‘sha gap-so‘zlardan vahimaga tushib, „Odamlarga nima deyman, axir bu kichkinagina qiz bo‘lsa, yonimdan jilmasa, qanday qilib bunaqa kasal bo‘lishi mumkin?!“, deya ayuhannos solardi.
Respublika OITSga qarshi kurashish markazining Profilaktik va epidemiyaga qarshi ishlar bo‘limi boshlig‘i Shoakbar Anvarovning tushuntirishicha, inson tanasidagi ko‘krak suti, qon va qon to‘qimalari, shuningdek, jinsiy a’zolarning ajralmalarida uchrovchi OIV virusi asosan uch xil yo‘l bilan — onadan bolaga, qon orqali hamda jinsiy yo‘l bilan yuqadi.

Quyidagi holatlarda, aksincha, yuqmaydi:

  • Qo‘l berib ko‘rishganda
  • Yo‘talganda, aksirganda
  • Jamoat joylarida
  • Hasharotlar chaqqanida
  • Umumiy basseyn, hammom, hojatxonadan foydalanganda
  • Umumiy idish-tovoqdan foydalanganda, ovqatlanganda
  • Kiyim-kechak va ko‘rpa to‘shak orqali
Shoakbar Anvarov taqdim qilgan statistikaga ko‘ra, O‘zbekistondagi OIVning jinsiy yo‘l bilan yuqishi holatlari ko‘paygan, qon orqali va onadan bolaga yuqishi holatlari esa kamayib boryapti. Jumladan,

  • jinsiy yo‘l bilan yuqish holatlari 2012-yilda 53,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib 81 foizga chiqqan;

  • parenteral (qon orqali) yuqish 2012-yilda 31,7 foiz bo‘lgan, 2023-yilga kelib 14 foizni tashkil qilgan;

  • vertikal yuqish (onadan bolaga) 2012-yilda 3,5 foiz edi, 2023-yilga kelib 0.4 foizgacha kamaydi.
Aslida OIV musbat insonlardan ular bu kasallikni qanday yuqtirib olganini so‘ramagan ma’qul. Shunday bo‘lsa-da, OIV bilan yashovchi insonlar ovozi bo‘lishga intilayotgan suhbatdoshimiz o‘zi bu masalaga to‘xtaldi. “OIV kamqon tug‘ilganim uchun menga quyilgan qon yoki tishlarim to‘kilganida stomatologga borgan vaqtim yuqqan bo‘lishi ham mumkin. Aniq sababi o‘zimga ham noma’lum”, — deydi u.
Stigma
Stigmatizatsiya va diskriminatsiya OIV va OITSga qarshi kurashish, uning oldini olishiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan. Kasalligi oshkor bo‘lishidan cho‘chigan ko‘pchilik aynan shu omillar ta’sirida tibbiy yordam olish va davolanishni ortga suraveradi. Qolaversa, gap-so‘zlardan qo‘rqqan odam o‘z dardi, emotsiyalari bilan bo‘lishmaydi, o‘z qobig‘iga o‘ralib qoladi. Bu psixologik ahvolning ham yomonlashishiga olib keladi, surunkali stress esa shundoq ham OIV “changali"da bo‘lgan immunitetga ta’sir qilmay qolmaydi.
UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, 2014−2019-yillarda tadqiqot olib borilgan 36 mamlakatning (ular orasida Tojikiston va Qirg‘iziston ham bor) 25 tasida 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan aholining kamida 50 foizi OIV bilan yashovchi odamlarga nisbatan kamsituvchi munosabatda bo‘ladi.

Xususan, Azimaning tashxisi aniq bo‘lgach, uni ham OIV va OITS bilan bog‘liq turli “hukm” va salbiy tamg‘alar bilan qarshilashgan. Shunday holatlarning birinchisi buvisining sog‘ligiga, o‘zining esa ruhiyatiga qattiq zarba bergan.
Tashxisdan keyin hisob (uchet)ga qo‘yishgan, dori berishgan. Davolanish uchun yo‘llanma asosida Yunusoboddagi Virusologiya kasalxonasida yotganman. Umumiy palatada har xil odam, xususan, bir yengiltabiat ayol ham bor edi. Shundoq ham to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lmagan buvim uning gaplaridan juda qo‘rqib, shunchalik ta’sirlanganidan mikroinfarktni boshdan kechirgan. Men esa uning: „Baribir o‘lib ketasan-ku, davolanib nima qilasan, bekorga umid qilma“, degan gapidan qattiq tushkunlikka tushganman.
O‘sha voqeadan keyin Azima dorilarini ham ichmay qo‘ygan. Xonasidan tashqariga chiqmay, yoniga hech kimni yo‘latmay, idishlarini ham alohida qilib qo‘ygan.

“Chamasi o‘n yoshimda yara aralash juda bir ko‘rimsiz toshma chiqqandi. O‘shanda mehmonga kelgan qarindoshimiz: „Badaning qurbaqanikidek qo‘tir bo‘lib yotibdi, bolalarimdan nariroq yur — ularga yuqib qolmasin“, degan” — Azima shu voqeani eslarkan, bu hayotidagi eng og‘ir kamsitishlardan biri bo‘lganini ta’kidlaydi.

“O‘z yaqinlarim shunday deb tursa, boshqalar meni qanday tushunadi, qandoq qabul qiladi?” deb yig‘laganida, buvisi kim nima desa ham uni boricha qabul qiladigan, sevib-ardoqlaydigan insonlar, xususan, o‘zining borligini eslatib yupatadi.
Guruh
UNICEF qoshidagi OIV bilan yashaydigan bolalar va o‘smirlar uchun kunduzgi parvarish markazida qo‘llab-quvvatlov guruhi bor. Unda o‘g‘il-qizlar va ularning ota-onalariga kasallik haqida asosli va faktlarga tayanib to‘g‘ri ma’lumot beriladi. Treninglar doirasida turli viloyatlardan kelgan insonlar bir-biri bilan tanishib, do‘st tutinadi.

Kasallik haqida xabar topgan sinfdoshlarining o‘zini olib qochishi, ustozlarining “uyda o‘qiy qol” degan gaplarini og‘ir qabul qilgan Azima OIVni o‘sha qo‘llab-quvvatlash guruhida, psixolog Kamila Fatixova yordamida anglagan, bu xastalik bilan normal yashash mumkinligini tushunib yetgan, deyish mumkin.
Azima bu guruhga ilk bor yil tugayotganida, guruh a’zolari bayramga tayyorgarlik bilan band bo‘lgan vaqtda, shifokor Nodira Artiqovnaning tavsiyasi bilan borgan. O‘sha vaqt nimjongina, soch va tirnoqlari ham to‘kilib turadigan Azimaning nazdida guruhdagilarning hech biri kasalga o‘xshab ko‘rinmasdi, shungami, u: “Meni, aftidan, sog‘lomlarga qo‘shib qo‘yishdi-yov”, deb o‘ylab, qaytib bormagan.
Nimadir bo‘ldiyu, bahorda o‘sha yerga takror borishga qaror qildim. Shu safar yigit-qizlar bilan tanishib, ularning hikoyalarini eshitdim. Ko‘pining hikoyasi bir-birinikiga o‘xshar, yangiyo‘llik bir qizning taqdiri esa xuddi meniki bilan bir xil edi. Ularni eshitarkanman, yolg‘iz emasligimni his qilib, o‘zimni yig‘idan bazo‘r to‘xtatganman. Keyin o‘zim ham kechmishim bilan bo‘lishib, ancha yengil tortganman.
Guruhning yig‘ilishlarida qatnashish bepul, ammo har safar Bo‘kadan Toshkentga kelib-ketish oson emasdi. Azima esa qo‘shnisidan qarz olib bo‘lsa ham yig‘ilishlarni qoldirmaslikka harakat qilgan. Buvisining: “Unday qilma, keyingi oy ham yashashimiz kerak-ku”, degan gapiga har safar bir xil javob berardi: “Bu hafta bormasam, qiziq mavzulardan qolib ketaman”.
Qaror
“Meni quchoqla, menda OIV”— Azima 2016-yilgi “Mo‘'jiza vaqti” yarmarkasida mana shunday plakat bilan ko‘rinish berib, OIV statusini ochiq yuz bilan omma oldida e’lon qilgan O‘zbekistondagi birinchi qizga aylangan.

OIV bilan yashovchi insonlarning ovozi bo‘lishni diliga tugib, buning uchun fursat kutib yurgan Azima yarmarkada ijtimoiy rolik ham olinishidan xabar topganida quvongan. Tashkilotchilarning kasallik statusini ochiqlash taklifiga guruhidan birgina u, buvisi bilan maslahatlashgan holda, rozilik bildirgan.
Buvisi: “Bilasan, noto‘g‘ri ma’lumotga ega odamlar ham bor. Ularning yomon reaksiyasidan xafa bo‘lib qolishing, ko‘ngling og‘rishi mumkinligini ham o‘ylab ko‘r. Hammasiga tayyor bo‘lsang, o‘zingga ishonsang va keyin afsuslanmasang bo‘ldi. Ammo unutma — qaroring qanday bo‘lsa ham, men sen bilan birgaman”, — deb dalda bergan.

Yarmarka kuni Azimaning yoniga kelib, uni bag‘riga bosganlar ko‘p bo‘lgan. Odamlarning qo‘llovidan qizning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan, hayajoni ortgan. Biroq bir shifokor ayoldan: “Hamma ayb o‘zingda, sog‘ bo‘lsang senga shunday kasallik yuqarmidi” degan gapni eshitib, tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘lgan.
Meni umuman tanimagan, men haqimda ma’lumotga ham ega bo‘lmagan hamjinsim, kamiga yana tibbiyot xodimi bo‘la turib, meni ayblaganidan dilim og‘rigan. Lekin aynan shunday qarashlar noto‘g‘riligini isbotlash uchun ham bilmaganlarga tushuntirishda davom etishim, kurashishim kerak, deb o‘ylaganman.
OIV bilan yashovchi insonga kasalligini o‘zi tan olishi (qabul qilishi)dan tashqari odamlarning qo‘llovi ham o‘ta muhimligini yaxshi bilgan Azima UNAIDS va UNICEF ko‘magida OIVni qabul qilishni targ‘ib qiluvchi treninglar o‘tkazadi. U hozir Farg‘ona davlat universitetining psixologiya yo‘nalishida o‘qiyapti, o‘qishni bitirgach, OIV musbat odamlarni psixologik qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqchi.
Shifo
Turli yomon yorliqlar tufayli Azima bir vaqtlar: “Sevib turmush qurolmayman, umuman oila qurolmasam ham kerak”, degan xayolga borgan. Ammo bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bunday fikrlar ham OIV bilan bog‘liq stereotip ekanini isbotlagan.

“Turmush o‘rtog‘im meni yoqtirib qolib, manzilimni qidirib topgan, — deb eslaydi Azima. — Uni qarshilagan buvim esa OIV haqida gapirib, „Qabul qilsangiz shu, lekin boshqacha bo‘lsa, qizimni umidvor qilmang“, degan. U qabul qilgan, fikridan qaytmagan. Oilasidagilar norozi bo‘lganida, ularga vaqtida davolanib yurgan kishi sog‘lom odam bilan oila qurib, sog‘lom farzand dunyoga keltirishi mumkinligini tushuntirgan”.
Vaqtida davolanish degani — bu retrovirusga qarshi terapiyadir. OITSga qarshi kurashish markazi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, retrovirusga qarshi terapiya — OIVning inson organizmida ko‘payishini to‘xtatishga qaratilgan davolash turi bo‘lib, uni vaqtida boshlash orqali qondagi virus yuklamasini aniqlanmaydigan darajagacha tushirish mumkin. Azima ham buning uddasidan chiqqan.
реклама
реклама
Bolaligidan dorilarni o‘z vaqtida ichgani, davolangani uchun hozir undagi virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan va ayni paytda boshqa yondosh kasalliklar yo‘q.

U doim ichadigan dorilarini qabul qilishda davom etgan, turmush o‘rtog‘iga esa to‘ydan avval qabul qilish uchun maxsus preparat berilgan. Shifokorning tavsiyasiga amal qilgani va doimiy nazoratda bo‘lgani uchun eriga kasallik yuqmagan — u har zamonda tekshiruv uchun test topshirib turadi.
Nikoh arafasidagi tekshiruvlarda menga vijdon haqida va’z o‘qishgan, — deydi Azima. — Sog‘lom insonning hayotini barbod qilmaslikni, statusi o‘zimniki kabi inson bilan oila qurishimni tavsiya qilganlar, turmush o‘rtog‘imga esa kasal qizni nima qilasan, deguvchilar bo‘lgan. Ammo biz oila qurdik, hozir bir yoshli — soppa-sog‘ qizalog‘imiz ham bor.
Azimada virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgani uchun shifokor unga shundoq tug‘ishga ruxsat bergan. Lekin u tavakkal qilmaslik uchun farzandini kesarcha kesish yo‘li bilan dunyoga keltirgan.

“Aisha dunyoga kelgach, olti soat o‘tib maxsus dori ichirilgan. 28 kun ichida, bir yarim oyligi va uch oyligida tahlil topshirganmizda, qonida virus chiqmadi. Hozir u ham hisobda turadi — agar 1 yoshu 8 oyligida ham virus chiqmasa, u hisobdan chiqariladi”, — tushuntiradi u.
Azima OIV bilan yashovchi insonlar o‘zlarining qonunda belgilab qo‘yilgan huquq va majburiyatlari haqida bilishlari kerakligini ta’kidlarkan, odamlarni asossiz ma’lumotlar bilan birovni yomonotliq qilmaslik va biroz hamdard (empatik) bo‘lishga chaqiradi.

“Yanglish qarashlar sabab hayoti barbod bo‘layotgan, bir xonadan tashqariga chiqmay, hatto o‘z uyida ruhiy zo‘ravonlikka uchrayotgan, huquqlari poymol bo‘layotganlar ko‘p. Aslida ular, umuman OIV musbatli insonlarga ko‘p narsa kerak emas — jamiyat qabul qilsa, ajratmasa, kamsitmasa, biror narsaga erishishi yo‘lida to‘siq bo‘lmasa, kifoya. Qolganiga, hamma qatori, o‘z mehnatimiz, harakatimiz bilan erisha olamiz”, — deya xulosa qiladi Azima.
Ma’lumot uchun: O‘zida OIV infeksiyasi bor-yo‘qligini shaxsga doir ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlangan holda bilmoqchi bo‘lganlar OITSga qarshi kurashish markazlaridagi do‘stona xonalarga murojaat qilishi mumkin. Murojaat uchun telefon: 71/276−93−25; 95/036−93−25.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda