Menga qiziq-da — hokimlar qaysi soha mutaxassisi o‘zi? Kim u — iqtisodchimi, marketologmi, urbanistmi? Keladi-da, o‘nlab yillar davomida odamlar o‘rgangan, qon-qoniga singib ketgan, DNKlariga o‘rnashib qolgan narsalarni “yangi reja”si bilan o‘zgartirib, buzib tashlaydi. Uning “yangi rejasi” bo‘yicha endi odamlar bu ko‘prikdan emas, boshqa ko‘prikdan o‘tishi kerak, bu bozorga emas, boshqa bozorga borishi kerak. Vaholanki, mahallamizdagi bozor yaxshi edi, uni buzmasdan ham yanada chiroyli qilsa bo‘lardi. Men ko‘p gapirgan piyodalar ko‘prigini ham buzmaslik mumkin edi.
Ya’ni, ba’zida shaharning tabiiy rivojlanishiga ham qo‘yib berish kerak. Tashqaridan har xil odam kelib, “nima to‘g‘riligini men sizlardan ko‘ra yaxshiroq bilaman”, deb o‘z rejalarini tiqishtiravermasa, shahar o‘zini o‘zi eplay oladi. Har bir shaharning tabiiy afzalliklari bor. Ularni buzmaslik kerak. Ularni butkul, tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgartirib tashlamaslik kerak. Ular shaharning joni. Nimadir qurmoqchi bo‘lsang, bo‘sh joy tiqilib yotibdi. Ishlab turgan narsaga teginishning nima keragi bor?
Shaharlar har doim ham hokimiyatga yoqadigan bo‘lavermaydi, ba’zida xalqqa yoqadigan bo‘lishi ham mumkin. Shahar bu xuddi mas’uliyati cheklanmagan bir korxonadek gap — o‘zini o‘zini eplash uchun u o‘zi yo‘l topyapti, siz faqat uning rivojlanishiga xalal bermay, sharoit hozirlab bersangiz kifoya. Masalan, bir joyda bitta bozor ochilib, u yerda 100 ta tadbirkor 10 kishidan ishlatyaptimi — bir joyda 1000 kishi ishlashi katta narsa-ku — u o‘syaptimi, rivojlanyaptimi, uni buzish yo ko‘chirish haqida o‘ylamaslik kerak.
Har holda, Guliston kabi shaharlarda bunday ishlarni juda ehtiyotkorlik bilan qilish lozim. Bu yerdagi tadbirkorlarning hammasida ham qora kuniga asrab qo‘ygan puli yo‘q — agar siz boshlagan ko‘chirish o‘xshamay qolsa, ish bermasa, bu odamlar oldida juda katta aybdorga aylanib qolasiz. Shuning uchun o‘z holiga qo‘ygan yaxshiroq. Ha, chiroyli bo‘lmasligi mumkin, qandaydir vahima-planlarga mos kelmas — qo‘lingizdan kelsa, xalal bermay, buzmay, shu bozorni chiroyli qilib bering. Lekin bu tadbirkorlar iqtisodiyotni yurgizyapti, solig‘ini to‘layapti, odamlarni ishlatib, oylik beryapti — yaxshisi, ularga tegmaslik kerak.