Foto: Behzod Boltayev / “Gazeta.uz”

Sitorai Mohi Xosa
Buxoro amirlarining yozgi qarorgohidagi o‘zgarishlar tarixi
“Sitorai Mohi Xosa” degan so‘zlarni eshitgan kishi, agar bu joy haqida biror tasavvurga ega bo‘lsa, ko‘pincha hovuz oldidagi ayvonli va ikki qavatli saroyni ko‘z oldiga keltiradi. Google’da qidirganda ham asosan o‘sha imorat suratlari chiqadi. Umuman olganda, bu tasavvur unchalik ham xato emas, lekin Buxoro hukmdorlarining bosh qarorgohi hisoblangan Arkdan taxminan 7 kilometr (mashinada 15−20 daqiqalik yo‘l) uzoqlikda joylashgan bu saroy “Sitorai Mohi Xosa” nomli majmuaning faqat bir qismi, xolos.
“Sitorai Mohi Xosa” degan so‘zlarni eshitgan kishi, agar bu joy haqida biror tasavvurga ega bo‘lsa, ko‘pincha hovuz oldidagi ayvonli va ikki qavatli saroyni ko‘z oldiga keltiradi. Google’da qidirganda ham asosan o‘sha imorat suratlari chiqadi. Umuman olganda, bu tasavvur unchalik ham xato emas, lekin Buxoro hukmdorlarining bosh qarorgohi hisoblangan Arkdan taxminan 7 kilometr (mashinada 15−20 daqiqalik yo‘l) uzoqlikda joylashgan bu saroy “Sitorai Mohi Xosa” nomli majmuaning faqat bir qismi, xolos.
Bundan roppa-rosa 105 yil muqaddam ham bu majmuaga kelgan mehmonlarni (tabiiyki, ularning deyarli barchasi yuksak martabali bo‘lgan) darvozaxonaning boloxonasidan yangraydigan karnayu surnay, nog‘orayu childirma sadolari ostida ikki tomonda turgan soqchilardan iborat faxriy qorovul kutib olardi. Chunki bu Buxoro amirining shahar tashqarisidagi eng hashamatli qarorgohlaridan biri edi.

Hozir bunday dabdabayu as’asalar yo‘q: darvozaxonaning soqchilar o‘tiradigan bo‘lmalari chiptaxonaga, majmuaning o‘zi esa Xalq amaliy bezak san’ati muzeyiga aylantirilgan. Buxoro amirligining so‘nggi yillaridagi eng yaxshi me’morchilik namunalari bilan, shuningdek, mintaqa hunarmandchiligi tarixi bilan tanishish uchun o‘zbekistonlik sayyohlar 10 ming so‘m, chet elliklar esa 40 ming so‘m to‘lashi kerak.

Ma’lumot uchun, 2024-yilda muzeyga 134 mingdan ziyod sayyoh kelgan — ularning 48,6 mingi mahalliy, 85,4 ming nafari xorijiy edi.

Chipta va xizmatlar narxi
Katta yoshli O‘zbekiston fuqarolari uchun
10 000 so‘m
O‘zbekistonlik talabalar uchun
8 000 so‘m
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari uchun
2 000 so‘m
Chet el fuqarolari uchun
60 000 so‘m
O‘zbek tilidagi ekskursiya
70 000 so‘m
Rus yoki ingliz tilidagi ekskursiya
120 000 so‘m
Chipta va xizmatlar narxi
Katta yoshli O‘zbekiston fuqarolari uchun
10 000 so‘m
O‘zbekistonlik talabalar uchun
8 000 so‘m
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari uchun
2 000 so‘m
Chet el fuqarolari uchun
60 000 so‘m
O‘zbek tilidagi ekskursiya
70 000 so‘m
Rus yoki ingliz tilidagi ekskursiya
120 000 so‘m
Nima uchun bu majmua “Sitorai Mohi Xosa” deb ataladi?
“Sitorai Mohi Xosa” majmuasi amir Nasrulloxon davri (1826−1860-yillar)da bunyod etila boshlagan bo‘lsa-da, hozirgi soz inshootlarning deyarli bari Buxoroning so‘nggi amiri — Said Olimxon zamonida qurilgan. Buxoro hukmdorlari bu joyni suyukli rafiqalari yoki o‘z davrida Sitorai Mohi Xosa nomi bilan tanilgan malika Bibi Oyposhsho (Buxoro xonligining so‘nggi mustaqil hukmdorlari — Ubaydullaxon va Abulfayzxonning onasi hamda o‘zbek mang‘itlar sulolasi vakillarining amir Haydar (1800−1826)dan boshlab barcha Buxoro hukmdorlarining bibikaloni) sharafiga atab qurdirgan, degan taxminlar bor.

Majmua nomining tarjimasi masalasida bir necha talqinlar bor. Eng ommalashganlari — “Oydek go‘zal yulduz”, “Oy va yulduzlardek saroy”. R.Muinining “Buxoro me’moriy yodgorliklari” kitobida esa “Oy va yulduz saroyi” degan talqin keltiriladi.

Tilshunos va tarixchi Eldar Asanov havola qilgan talqinga ko‘ra, majmuaning forscha nomini esa o‘zbek tiliga “Amir xosasining Oy va yulduzi” deb tarjima qilish ham mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, amir xosasi — bu hozirgi Prezident administratsiyasidek gap, ya’ni, davlat rahbarining yaqin, xos doirasi.

Oy va yulduz — Buxoro davlatining ramzlari. Ularni amirlik bayrog‘ida ham, shuningdek, “Sitorai Mohi Xosa” majmuasining ko‘plab joylarida ham uchratasiz.

“Sitorai Mohi Xosa"da amir Nasrulloxon, amir Muzaffarxon va amir Abdulahadxon qurdirgan aksariyat (eski) imoratlar saqlanib qolmagan. Amir Olimxon davri inshootlarning bugungi kungacha yetib kelishida esa, avvalo, majmuaning shahar tashqarisida joylashgani qo‘l kelgan. Chunki Qizil armiyaning 1920-yil avgust-sentabrda amirlikni tugatishga qaratilgan bosqini vaqtidagi bombardimonlarda Buxorodagi ko‘plab obidalar, saroylarga zarar yetgan. Ammo Sitorai Mohi Xosa bunday vayrongarchiliklardan omon qolgan.

O‘sha yil oktabrida, aftidan, shaharda boshqa munosib joy qolmagani uchun, Buxoro xalq vakillarining birinchi qurultoyi Sitorai Mohi Xosada o‘tkazilib, Buxoro Xalq Jumhuriyati tuzilgani aynan shu yerda e’lon qilingan. Fayzulla Xo‘jayev boshliq yosh respublika uchun dastlab “tug‘ilganlik joyi”, so‘ng ma’lum muddat bosh idora vazifasini o‘tashidan avval esa Sitorai Mohi Xosa amir Said Olimxonning yozgi qarorgohi edi.
Saroylar arxitekturasi va interyeri
“Sitorai Mohi Xosa"dagi inshootlar qurilishida Said Olimxonning 1893−1896-yillari Sankt-Peterburgda o‘qib kelgani, Yevropa me’morchiligi bilan tanishganining ta’siri seziladi. Masalan, amir binolarni loyihalashtirish uchun Margulis va Sakovich kabi rossiyalik muhandislarni jalb qilgan, buxorolik ustalarni esa yevropacha me’morchilik usullarini o‘zlashtirishlari uchun Sankt-Peterburgga tajriba oshirishga yuborgan.

Shuning uchun saroyning tashqi ko‘rinishi ko‘proq yevropacha chiqqan, ichki bezaklarida esa milliy va yevropacha usul va yechimlar qorishtirilgan.

Hozirgi chiptaxonadan kirgandagi “Havli berun” (tashqi hovli)ga asosan hunarmandlar joylashtirilgan — bu yerda saroyning zargar, misgar, kandakor, zardo‘z, kulol, naqqosh, kashtado‘z, xattotlari amir va uning oilasi buyurtmalarini bajargan. Xorijiy mehmon va elchilar bu yerda hunarmandlarning ishini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘lgan, biror buyum yoqib qolsa, o‘sha narsa amir nomidan ularga sovg‘a qilib berilgan. Bu hovli hozir ham hunarmandlar makoni va bu yerda turli suvenirlar sotib olish mumkin.
Usti yopiq maxsus yo‘lak — dolon orqali tashqi hovlidan ichki hovliga — “Hovli durun"ga o‘tilgan. Bu yerda ham mahalliy, ham yevropacha me’moriy uslublarni o‘zida jamlagan “Qabulxona” binosi peshvoz chiqadi.
Bir qavatli bu bino amir yotoqxonasi, qabulxonasi, mehmonlar uchun kutish xonasi, oynavand ayvon (choyxona), Oq uy kabi bir necha qismga bo‘lingan. Bino me’morchiligi ham milliy-an'anaviy, ham yevropacha uslublarni o‘zida jamlagan.
Amirning majmuadagi asosiy vaqti ham aynan shu binoda kechgan: u shu yerdagi yotoqxona (“Xonai xob”)da hordiq chiqargan, tongda “Salomxona"ga chiqib, a’yonlariga ko‘rinish bergan, “Xonai bozi” (o‘yinxona)da esa shaxmat, domino yo qarta o‘ynab vaqtichog‘lik qilgan.
Bunda har bir xona belgilangan vazifasiga ko‘ra bezatilgan. Masalan, o‘yinxonaning devorlariga Rossiya va Fransiyadan keltirilgan turli-tuman rangli shishalar bilan zeb berilgan, devorlarida shaxmat taxtasiga o‘xshash bezaklarni uchratish mumkin.
Dahlizxonada namoyishga qoʻyilgan buyumlar.
Oʻngda — Venetsiyada ishlangan koʻzgu.
Dahlizxona— toʻgʻrida Amir Olimxonning ot yopinchigigʻi.
Mirzaxona — “Qabulxona”ning xat-hujjat ishlari yuritiladigan boʻlimi.
Mirzaxonadagi pechka.
Mirzaxonadagi seyf.
Shifti arkasimon Ziyofatlar xonasi ham shunday rang-barang, poli esa amir mehmonlari bilan yevropachasiga tamaddi qilayotganida raqsga tushadigan raqqosalarning oyoq tovushlari yaxshi eshitilishi uchun parket bilan qoplangan.
“Qabulxona"dagi kutish xonasi — “Xonai intizor” saroyning milliy uslubdagi eng chiroyli qismlaridan biri. Uning rang-barang devorlari va tokchalaridagi bir-birini takrorlamaydigan gul va daraxt naqshlari buxorolik ustalar — Hasanjon Umarov va Nabijon Hafizov tomonidan ishlangan.

Ranglarni ham ustalarning o‘zi tayyorlagan va, taxminlarga ko‘ra, ustalar ranglarni chiqarish uchun mevalar, tuya suti, tuxum sarig‘i, tilla suvi, bodom va xandon-pista danagidan olingan yog‘dan foydalangan, lak sifatida esa o‘rik va shaftoli shirasini ishlatgan.
“Qabulxona"ning eng muhtasham xonasi, shubhasiz, usta Shirin Murodov va uning 25 shogirdi tomonidan 1912−1914-yillarda bezaklangan “Oq uy” (“Oq zal”) — “Xonai safed"dir. Amir o‘z mehmonlarini aynan shu xonada qabul qilgan; rangorang “Xonai intizor"dagi uzoq kutishdan so‘ng, rang masalasida uning butunlay qarama-qarshisi hisoblangan oppoq “Xonai safed” mehmonlarga yanada hashamatli va salobatlidek ko‘ringan. Majmuadagi eng katta — maxsus buyurtma asosida Varshavada yasattirilgan qandil ham “Oq uy"ga o‘rnatilgan.
Bir hikoyaga ko‘ra, usta Shirin bu xonani qanday bezatish ustida ikki oy bosh qotiradi va yechimni yoz tunlarining birida — to‘lin Oy va yulduzlardan yorishib turgan osmonga qarab topadi: aytishlaricha, bu manzara unga bo‘lajak “Oq uy"ning jamolidek bo‘lib ko‘ringan.

Usta bu xonani bezatish davomida devorlarni pardozlash bo‘yicha “oyna pardoz” usulini o‘ylab topgan. Bunda xona devorlariga avval o‘yna o‘rnatilib, so‘ng uning ustiga ganchli bezaklar ishlangan, natijada ganch ostida qolgan oyna minglab bo‘laklarga bo‘linib, jilolanib turgan.
“Oq zal"ning tokchalari Xitoy va Yaponiyadan keltirilgan qimmatbaho chinni guldonlar bilan to‘ldirilgan. Sitorai Mohi Xosada bunday nozik chinni buyumlarni ko‘plab uchratish mumkin — ayniqsa kirill alifbosidagi “П” harfi shaklida qurilgan “Qabulxona” binosining oxirida joylashgan choyxonada.
Choyxona binosining tashqi tarafdan ko‘rinishi.
Choyxona bezagi.
Choyxonada Amir Olimxon davridagi idishlar kolleksiyasi.
Ekspozitsiyalar va bog‘lar
Buxoroning so‘nggi amiri chinnidan yasalgan nafis buyumlarni kolleksiya qilib to‘plashga ishqiboz bo‘lgan.
Hozirda Xalq amaliy bezak san’ati muzeyining “Yozgi saroy intereri” ekspozitsiyasi hisoblangan “Qabulxona” binosida Buxoro amirlariga chet ellik (asosan rossiyalik) mehmonlar tomonidan sovg‘a qilingan ko‘plab buyumlar, amir, uning oilasi va a’yonlari foydalangan vositalarni ko‘rish mumkin. Ularning aksariyati ham o‘sha vaqtlarda xorijiy davlatlardan keltirilgan.
“Shohnoma” gilami. Eron shohi Nodirxon tomonidan Buxoro amiri Muzaffarxonga sovg‘a tariqasida yuborilgan.
Bronzadan ishlangan “Buloq bo‘yida qiz” asari.
Bronzadan ishlangan “Shamdon ko‘tarkan askar” asari.
Bronzadan ishlangan “Qiz va chiroq” asari.
Ichki hovlida amirning mehmonlari uchun yevropacha usulda sakkiz qirrali imorat — mehmon uyi (“Xonai hisht”) solingan. “Xonai hisht” haqidagi afsonalardan biriga ko‘ra, amir Olimxon Rossiya podshosi Nikolay II ning singillaridan biriga oshiq bo‘lib qolib, uning vasliga yetish uchun sakkiz qirrali mana shu mehmonxonani qurdirgan. Bino bitgach, amir rus qiziga muhabbat izhor qiladi, ammo rad javobini oladi…
Hozir bu pavilonda Nikolay podshoning singillarini eslatuvchi hech narsa yo‘q — u buxoroliklarning XIX asr oxiri — XX asr boshidagi kiyimlari ko‘rgazmasiga aylantirilgan.
Majmuaning janubiy qismida esa o‘sha — Google’da “Sitorai Mohi Xosa” deb qidirganda eng ko‘p chiqadigan, mavritancha uslubda qurilgan “Kanizakxona” (boshqa manbalarda “Yotoqxona”) joylashgan. Bu amirning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq bino bo‘lib, unda Said Olimxonning nikohidagi to‘rt xotini va bolalari, shuningdek, onasi Eshon oyim va ularning kanizaklari yashagan. Hozirda bu bino badiiy kashtachilik muzeyiga aylantirilgan.
Yotoqxona binosi oldida O‘rta Osiyodagi eng katta — bo‘yi 53 metr, eni 46 va chuqurligi 3 metr bo‘lgan hovuz qurilgan bo‘lib, u “Kanizakxona” saroyi oldida o‘ziga xos mikroiqlimni yuzaga keltirgan.

Hovuz bo‘yida, shuningdek, “azoncha"li minorachaga tutashgan ikki qavatli shiypon ham bor.
Sanab o‘tilgan ushbu binolar bir-biridan gulzorlar, ishkomlar, mevali va manzarali daraxtlardan iborat bog‘lar, hayvonot burchagi bilan ajratilgan.

Umuman, majmua avvalboshdan yozgi bog‘ sifatida rejalashtirilgani uchun unda binolardan ham avvalroq daraxtlar bo‘lgan. Ammo ilk ekilgan daraxtlardan faqat XVIII asr ikkinchi yarmida ekilgan Balx tutlarigina bugungi kungacha yetib kelgan.
Manbalarda ta’kidlanishicha, amir zamonida bu bog‘larda filu ohular, tovusu qirg‘ovullar kezib yurgan, ularni “Qabulxona"ning milliy uslubdagi choyxonasida oyoqni uzatib, mehmonlar bilan birga mazza qilib choy ichib, tomosha qilsa bo‘lardi. Hozir u davrlardan yolg‘iz yodgorlik sifatida tovuslar qolgan, xolos.
Binolarning SSSR davridagi faoliyati va zararkunanda restavratsiya
1920-yil sentabrida Buxoro amirligi qulagach, Sitorai Mohi Xosa yana to‘rt yil — Buxoro Xalq Jumhuriyati tugatilguniga qadar rasmiy doiralar uchun qarorgoh vazifasini o‘tadi. “Qabulxona” 1927-yili “Buxoroning so‘nggi amirlari turmush tarzi” muzeyiga, 1947-yili Xalq ijodi muzeyiga, 1974-yili esa Xalq amaliy bezak san’ati muzeyiga aylantirildi.
“Mehmonxona” va “Kanizakxona"dan esa 1925−1953-yillarda dam olish uyi sifatida foydalanildi. “Kanizakxona” 1991-yilgacha Buyrak xastaliklarini davolash sanatoriyasi uchun yotoqxona, “Mehmonxona” esa sanatoriya uchun kutubxona vazifasini bajardi.
Hozirda ushbu uch bino, yuqorida ta’kidlanganidek, Xalq amaliy bezak san’ati ekspozitsiyalariga aylantirilgan. O‘tgan davrda “Haramxona” qisman, masjid, “Gulxona”, hayvonot bog‘ining bir qismi, amir Nasrulloxon va amir Muzaffarxon davrida qurilgan saroy binolari butunlay yo‘q bo‘lib ketgan.
Vaziyat so‘nggi yillarda yanada og‘irlashgan — uch yil avval restavratsiya jarayonida “Sitorai Mohi Xosa"ning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilingani, majmuaning bir qismi o‘zining tarixiy va badiiy ahamiyatini to‘liq yo‘qotgani ma’lum bo‘lgandi.
“Biz ishlar xato bajarilayotganini ko‘rib, bilib turdik. Ammo qarshilik qilolmadik. Kuchimiz yetmadi. Tushuntirdik, tushunishmadi”, — degandi o‘shanda majmua rahbari Suhrob Salimov. O‘shanda restavratsiya ishlari mutaxassis bo‘lmagan kishilar tomonidan olib borilgani alohida ta’kidlangan edi. Bunday nisbatan yaxshi saqlangan tarixiy obidalar unchalik ham ko‘p emasligi hisobga olinsa, ularni saqlash va qayta tiklash ishiga bunday sovuqqon yondashuvni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
“Hozirda „Haramxona“ hovlisi va binosini tiklash bo‘yicha juda ko‘p muammolar turibdi. Hovlining old va tashqari tomonlaridagi yo‘qolib ketgan me’moriy bezak ko‘rinishlarini tiklash, birinchi va ikkinchi qavatning buzilgan bino va shakllarini qayta tiklash kerak”, — deydi Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi Sitorai Mohi Xosa amaliy bezak sanʼati muzeyi katta ilmiy xodimi, sanʼatshunos Nargiza Jumayeva.
San’atshunos Nargiza Jumayeva sayyohlar uchun o‘z kitobiga dastxat qo‘yib bermoqda.
Majmua janubida usti ayvonli yana bir darvoza bor. U maydonga qaragan bo‘lib, maydonda uloq, ko‘pkari o‘tkazilgan, amir esa ayvonda o‘tirib, jarayonni tomosha qilgan.

Nargiza Jumayevaning aytishicha, bu darvozaxonani ham ta’mirlab, oldidagi maydonda “XIX asr oxiri — XX asr boshidagi transportlar ko‘rgazmasi"ni tashkil etish mumkin.
Sitorai Mohi Xosaga kelgan tashrifchilar majmuaning saqlanib qolgan qismini ko‘rib juda hayratlanadi, agar ta’mirlashga yo qayta tiklashga muhtoj qismlari ham restavratsiya qilinsa, sayyohlar hayrati yanada ortadi, deb hisoblaydi Nargiza opa. Buning uchun vayronaga aylangan binoyu bog‘lar xuddi amirlik davridagidek qayta tiklamoq lozim.

“Gul ekan deb atirgul, daraxt ekan deb archa, qush ekan deb chumchuq olib kelgan bilan ish bitmaydi”, — deb xulosa qiladi u.
Maqola Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi — Behzod Boltayev.
Materialni tayyorlashda Nargiza Jumayevaning “Sitorai Mohi Xosa bo‘ylab” risolasidan foydalanildi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda