Mahallalar musiqasi
“Sahar” guruhi yakkaxoni Anvar Jo‘rayev bilan Toshkent bo‘ylab sayr
“Gazeta.uz” Yandex Music bilan hamkorlikda “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Biz bunda mashhurlar bilan birga piyoda sayr qilamiz. Bu gal “Sahar” guruhi yakkaxoni Anvar Jo‘rayev bilan poytaxtni aylanib, o‘zbek musiqa sanoati rivoji, senzura, Tashkent City’ning afzalliklari haqida gaplashdik.
“Gazeta.uz” Yandex Music bilan hamkorlikda “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Biz bunda mashhurlar bilan birga piyoda sayr qilamiz. Bu gal “Sahar” guruhi yakkaxoni Anvar Jo‘rayev bilan poytaxtni aylanib, o‘zbek musiqa sanoati rivoji, senzura, Tashkent City’ning afzalliklari haqida gaplashdik.
Anvar Jo‘rayev bilan “Oybek” metro bekati oldidagi Moti restoranida ko‘rishdik. U bu joyni Olmaotadan Toshkentga qaytgach, restorator do‘sti bilan birga ochgan. O‘zbekistondagi o‘zgarishlar unda mamlakat rivojiga qandaydir hissa qo‘shish istagini uyg‘otgan. U bu istakni o‘z qiziqishlari va loyihalari orqali ro‘yobga chiqaryapti, chunki, Anvarning o‘zi ta’kidlaganidek, “har kim o‘zi bilgan ishni yaxshi uddalaydi”.

U urbanistikani yaxshi tushunmaydi va buni ochiq tan oladi (garchi madaniyat bu sohaning ko‘zga tashlanmas bir qismi hisoblansa-da). Mashina unga piyoda sayrlardan ko‘ra ko‘proq xavfsizlik hissini taqdim etadi, shu bois u hozir piyodalarning muammolaridan unchalik ham boxabar emas. Lekin pandemiya yilida u butun shaharni bolalar aravachasi bilan kezishga majbur bo‘lgan. Shaharsozlikka qiziqmaydigan odamni boshqa hech bir narsa yosh bola bilan birga uzoq sayrlardek tezda hushyor torttirmaydi.

Anvar bir maromli va xotirjam odamdek taassurot qoldiradi. Uning bugungi turish-turmushi bilan nolinchi yillarning boshida uzun sochlari va ajabtovur kiyimlari bilan Toshkentning rok-sahnalarida tekinga qo‘shiq aytib yurgan yigit o‘rtasida bog‘liqlik topishga qiynalasan kishi. Aytishicha, yosh ulg‘aygan sari kishidagi altruizm (beminnat, beg‘araz mehnat) hissi ham so‘nib boradi. Yoshlik shijoati o‘rnini seni maqsadlar sari yetaklab boruvchi vazminlik egallaydi.

U musiqa, konsertlar va madaniyat, ta’lim, taqiq va yozilmagan qoidalar haqida ko‘p mushohada yuritadi. Ularning chuqur izlarini nafaqat kreativ sanoatda, balki oddiygina hayotimizda ham — tarbiya, odamlar o‘rtasidagi kelishuvlar va shahar muhitida ham ko‘plab uchratish mumkin.
Anvar madaniy hayotdan ko‘ra aynan shahar muhitida yaxshi o‘zgarishlar ko‘proq bo‘lyapti, deb hisoblaydi. Shu o‘zgarishlar bo‘lmaganida, ehtimol, u qaytmagan ham bo‘lardi.
Vatan va nolinchi yillarning erkinligi haqida
Men “Vatan qayerda?” degan savolni o‘zimga ko‘p berganman. Uchquduqda, harbiylar oilasida tug‘ilganman, onam shifokor edi. Surgutga (Rossiyaning Xanti-Mansi muxtor okrugidagi shaharga — tahr.) ko‘chib o‘tgan vaqtimiz men, adashmasam, hali bir oylik ham emasdim. To‘rtinchi-beshinchi sinf bo‘lgunimcha o‘sha yerda yashaganmiz. Bu shahar xotiramda neft qazib olish markazi va abadiy qish makoni sifatida qolgan. U yerda haqiqiy yoz degan narsa deyarli bo‘lmasdi: har doim kurtkachada, boshga qalpoq kiyib yurasan. Rossiyalik bolalar kabi vaqtichog‘lik qilardik — o‘rmonga borardik, qo‘ziqorin terardik, olmaxonlarni quvlardik. Jismoniy tarbiya darslarimiz faqat chang‘i va konkida o‘tardi. Vobkentga (Buxoro viloyatiga — tahr.) ko‘chganimizdan so‘ng, men chang‘ilarim va xokkey formamni fotosalonga topshirib yubordim. O‘shandan beri na chang‘ida, na snoubordda uchdim. Ekstremal sportni yoqtirmayman. Sahnadagi adrenalin yetib ortadi menga.
Meni musiqadan boshqa hech narsa qiziqtirmasligini har doim bilganman. To‘g‘ri, gitara chalishni qizlarga yoqish uchun o‘rganganman, buni yashirmayman. Ota-onam musiqa masalasida meni darrovgina qo‘llab-quvvatlamagan. Otam bu vaqtga kelib pensiyaga chiqqan, onam bilan birga mokki-biznes bilan shug‘ullanardi. Bu Sovet Ittifoqi parchalanib, hammayoqda qashshoqlik hukm surayotgan, ikkita “Jiguli"ning puli bir kilo go‘shtga teng bo‘lib qolgan zamonlar edi. Tirikchilik uchun boshqa yo‘l yo‘q edi. Ular tovar uchun Rossiyaga borib, bu yerga olib kelib sotishardi. Keyinroq biz Toshkentga ko‘chib, uch yil idish-tovoq bozorida savdo qildik. U vaqtlarda bozor rastalari loy va yog‘ochdan ko‘tarilgan sellofan chodirlardan iborat edi, hozir hammasi idish-tovoq butiklariga aylanib ketgan. Shunga qaramay, u vaqtda hammasi zo‘r edi, chunki pulimiz ko‘p edi.

Ota-onam, musiqa bilan shug‘ullanishni boshida g‘irt ahmoqlik deb hisoblagan bo‘lsa-da, qo‘shiq yozishim uchun menga pul bergan. Otamning prokuror, har xil yuqori mansablarda ishlaydigan o‘rtoqlari ko‘p edi. U: “Yuridik institutga o‘qishga kirib, prokuraturada ishlaysan, davlat xizmatchisi bo‘lasan”, derdi. Onam esa: “Sen uchun yig‘ib qo‘ygan pulimiz bor. Xohlasang, mashina sovg‘a qilamiz, institutga o‘qishga kiritamiz yoki o‘z bilganingcha ishlat”, degan. Musiqaga shunchalik oshufta edimki, meni na mashina va na institutga kirish qiziqtirardi. Lekin qo‘shiqlarim o‘xshamay, ishonchni oqlay olmasam, bundan keyin yana ko‘mak olishim dargumon edi.
Bizning xit qo‘shiqlarimiz bor edi, mashhur edik, ammo bir tiyin pulimiz yo‘q edi. Biz Tezikovkaga borib, o‘zimizga sekond-xenddan narsalar sotib olardik. Ajabtovur liboslar kiyib yurardik. 20 yil avval “Tarona"ning konsertlarida ayol xonandalar super tor kiyimlarda, shortiklarda, dekoltelarda kuylayverardi. Birov bilan birovning ishi yo‘q edi.
Biz “Yomg‘ir” va “Meni izlama” degan ikkita qo‘shiq yozdik va ikkalasi ham “uchdi”. Sahnaga chiqishdan o‘zga ilojimiz qolmagandi. Ikkita qo‘shiq bilan O‘zbekiston bo‘ylab turnega chiqib ketganmiz. “Jonim” degan guruh bo‘lardi, mamlakatni ular bilan birga aylanganmiz. Biz ikkita, ular esa 12 ta qo‘shiq aytadi. Shunda “Tarona” bizga albom yozishimiz kerakligini aytdi.

Ammo u vaqtlarda musiqa ortidan tirikchilik qilib bo‘lmasdi — avvallari shunchaki pul to‘lashmasdi. “O‘zbekkonsert"dan (avvallari u “O‘zbeknavo” deb atalardi) telefon qilib: “Falon joyga borib, qo‘shiq aytasizlar”, deyilardi. Mezbon esa kimningdir jiyani, o‘g‘li, qizi bo‘lib chiqardi. Boshidan oxirigacha tekinga xizmat qilib kelardik.

Bizning xit qo‘shiqlarimiz bor edi, mashhur edik, ammo bir tiyin pulimiz yo‘q edi. Biz Tezikovkaga borib, o‘zimizga sekond-xenddan narsalar sotib olardik. U yerdan chiroyli djinsi shimlar, zo‘r yozuv va suratlar tushirilgan Amerika futbolkalarini topsa bo‘lardi. Biz ajabtovur liboslar kiyib yurardik, bir safar Olmaotada hatto yubkada sahnaga chiqqanman. Nolinchi yillarda O‘zbekistonda ham shunday ishlar qilish mumkin edi, ammo hozir bunday qilib bo‘lmaydi. O‘tgan yili “Xalqlar do‘stligi” saroyidagi konsertda bir necha muxlisalar bizni byustgalterlar bilan “toshbo‘ron” qilmoqchi bo‘ldi. Lekin bunga ruxsat bermadik, aks holda bizni “O‘zbekkonsert"ga chaqirishar, katta mojaro bo‘lardi. 20 yil avval esa “Tarona"ning konsertlarida ayol xonandalar super tor kiyimlarda, shortiklarda, dekoltelarda kuylayverardi. O‘zimiz ham charm ishton, shlyapa va kovboycha etiklarda chiqardik. Sochimni yelkamgacha tushirib yurardim. Birov bilan birovning ishi yo‘q edi.

Buyoqda ijodni monetizatsiya qilib bo‘lmaydi, biz esa kelajak haqida bosh qotirishimiz kerak edi. Yoshimiz 23−25 da, endi nima bilan shug‘ullanishimizni hal qiladigan vaqt kelib qolgandi. 25 yoshingda ham ota-onangning yelkasida o‘tirish — kishiga xush yoqadigan holat emas. Boz ustiga, mashhur bo‘lsang, seni qizlar yaxshi ko‘rsa, muxlisangni restoranga taklif qilishni, o‘zing ham chiroyli kiyinib yurishni istasang — nimadir qilish kerak. Biz yo o‘z yo‘nalishimizni to‘ylar tomon burishimiz, yoki boshqa chora topishimiz kerak edi.

Olmaotada biz to‘laqonli guruh tuzib, musiqa sanoatining ich-ichigacha kirib bordik. 100 minglab odam to‘plangan festivallarda chiqishlar qildik. Bu Esquire va Yandex o‘tkazadigan tadbirlar edi. Toshkentda ham shunday tadbirlar albatta bo‘ladi, deb o‘ylayman. Katta kompaniyalarning mamlakatimizga kirib kelayotgani shundan darak beryapti. Ular festivallar va shunga o‘xshash boshqa faol tadbirlarni uyushtiradi. Bizda davlatning o‘zi ham katta festivallar o‘tkazyapti, bunga katta resurs sarflayapti.
O‘zbekistondagi tadbirlar va san’atkorlarning “o‘ldirilishi”
Hozircha Toshkentda bitta muassasam bor. Biznesga juda sho‘ng‘ib ketganim yo‘q, hali ham asosiy daromadim musiqadan. Lekin biz ham odammiz — bizning ham qandaydir qiziqishlarimiz, manfaatlarimiz bor, biror nimaga pul tikamiz, nimadir o‘xshaydi, nimadir yo‘q. Hozir Qozog‘istondagi sheriklar bilan birga ivent-agentlik (tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha tashkilot) ochishni o‘ylayapman. Mavjud agentliklarning saviyasi menga ma’qul, lekin bizda baribir hammasi qandaydir mahalliy darajada. Bu nafaqat bir xil bezaklar va yoritishda, balki yondosh mas’uliyatsizlikda ham namoyon bo‘ladi.
Bizda shunaqa-ku:

“Aka, bo‘ldi, gaplashib olaylik, Xudo xohlasa, hammasini hal qilamiz. Hammasi zo‘r bo‘ladi”, deyiladi.
Aniqlik yo‘q, nimadan umid qilishing kerakligini umuman bilmaysan. Oxir-oqibat, odamlar birgina “yo‘q” degan so‘zni ayta olmagani va majburiyatlarini ham bajara olmagani uchun urishib qoladi. Sen go‘yoki “ha” degandek bu javobga shunchaki umid qilmagansan-ku axir, shu gapga ishonib rejalar tuzgansan. Deylik, biz aranjirovkachi (musiqa sayqalchisi) bilan kelishdik, u aranjirovkani bir haftadan keyin yuboradigan bo‘ldi. Shu kelishuvga ishonib, fotosuratchi bilan, klipni surat olish bo‘yicha operatorlar bilan, qo‘shiq va klipni aylantirish bo‘yicha radiostansiya va telekanallarning menejerlari bilan gaplashasan, chunki aytilgan vaqtda qo‘shiqni olib borishingni bilasan. Shuncha kelishuvning ustiga bir haftadan keyin aranjirovkachi ishni ertaga boshlashini ma’lum qiladi. U qanday bahona qilishining farqi yo‘q. U ishni qilmagani haqida hatto ogohlantirib qo‘yishni ham ep ko‘rmaydi.

Yoki tadbir o‘tkaziladigan maydonchaga kelganingda, u yerda ovoz uskunalari yo‘q bo‘ladi, keyin “voy, yordamchimiz esidan chiqaribdi, hozir, yarim soatda yetib kelarkan, aka”, degan gapni eshitasan. Oqibatda bir yarim soat kutasan va shu bilan hammayoq alg‘ov-dalg‘ov: ovozni tekshirishga ulgurilmaydi, tadbir boshlanib ketadi, ashulachining sharmandasi chiqadi, buyurtmachi artistdan norozi va tadbirdan keyingi umumiy kayfiyat rasvo. Vaholanki, san’atkor qo‘lidan kelganicha harakat qilgan bo‘ladi.
Men O‘zbekistonda bunday mas’uliyatsizlikka muntazam to‘qnash kelaman. Qozog‘istonda ham ilgari shunday edi, ammo hozir uncha-muncha tartibga tushib qolgan, chunki artistlar tayming asosida ishlashni talab qiladi. U yerda ivent-agentliklar majburiyatlarini bajara olmasa, pulsiz qolishini yaxshi biladi. Agentlik qanday hollarda jarimaga tortilishi mumkin? Masalan, ovoz ustasi “o‘tirib qo‘ysa” yoki bezakchilar o‘z ishini uddalay olmasa. Shu bois u yerda ishonchsiz pudratchilar bilan ishlashmaydi, pudratchilar ham o‘z ishini yaxshi bajarishga harakat qiladi.

Bizda ham asta-sekin shu darajaga chiqilyapti. Rivojlanyapmiz, bu o‘sish hech qayerga yo‘qolib qolmaydi. Hozir O‘zbekistonda relokantlar, katta kompaniyalar ko‘pligidan xursandman. Ular jamiyatimizni tartibga solyapti, mas’uliyatga, vaqtni to‘g‘ri hisoblashga o‘rgatyapti.
Joriy sharoitda biz vaziyatdan turlicha chiqamiz. “Xalqlar do‘stligi"da konsert berganimizda Moskvadan o‘zimizning ovoz rejissyorimiz — Dima Kulikovni chaqirdik, chunki O‘zbekistonda ovoz masalasi har doim muammo bo‘lgan. Dima hammani o‘tirg‘izib-turg‘izdi: “Almashtir, men aytganimni qo‘y”, deb. Birinchidan, u tayyorgarlikni konsert boshlanishidan ikki oy avval boshladi. Bizdan: “Bas-gitarachi barabanchi yoki sahnaga nisbatan necha daraja burchak ostida o‘tiradi?”, deb so‘radi, chunki ovozning sifati mana shunaqa narsalarga ham bog‘liq.

O‘sha konsertda biz ikki marta 4500 kishidan odam to‘pladik. Ammo bizda konsert madaniyati ham yo‘q. Odamlar tirbandlik, tiqilinchda qolmaslik uchun oxirgi ashulani eshitmay turib ketadi va qo‘shiqchi yarim huvillagan zalga qarab kuylashga majbur bo‘ladi. Ilgarilari konsertga borish biz uchun qandaydir o‘ziga xos voqea edi. Qo‘shiqchilarni ko‘rib, o‘zimizni yo‘qotardik. Hozir-chi, odamlar tekin konsertga ham kelmayapti. Ehtimol, bu yomon kontent ko‘pligidandir. Vaholanki, odatda kontentning aynan shunaqasi ommaviy tomoshabinga ega bo‘ladi.

Bu yil kuzda, agar homiy topa olsak, “Humo Arena"da konsert bermoqchimiz. Homiysiz konsert o‘tkazish imkonsiz. Konsert pul keltirmaydi, hatto o‘zini qoplamaydi, chunki chipta juda arzon. To‘liq fonogrammali konsert o‘zini qoplashi mumkin, chunki u yerda xarajatlar nari borsa 10 ming dollar bo‘ladi. “Xalqlar do‘stligi"dagi konsertimiz esa 100 mingga tushdi, biz esa bor-yo‘g‘i 5000 ishlab topdik. Jonli ijro uchun berilgan butun boshli chegirma bilan shuncha hali. “Xalqlar do‘stligi"da shunaqa — fonogramma ostida kuylasang, zalning bir oqshomlik ijarasi 14 mln so‘m, jonli ijro bo‘lsa — 7 mln. Salkam 5000 kishilik ulkan zal uchun bu pul — arzimas chaqa.

Shuning uchun ham saroyning ahvoli haminqadar. Davlat uni yaxshilash uchun pul ajratmaydi, chunki uning bundan boshqa tashvishlari ham tiqilib yotibdi. Biror xususiy qo‘lga sotishsa, uni obdon ta’mirlab, o‘rindiqlari, uskunalarini yangilab, tezda binoyidek qilib qo‘yardi. U holda zal ijarasi 5000 dollardan boshlansa kerak.
Bunday narx, albatta, san’atkorlarni sindiradi — hozirgidek kunda-shunda konsert bo‘lmaydi. Hech bo‘lmasa kamida bir kun sifatli auditoriya to‘play oladigan va chiptalarini 50 ming so‘mdan emas, hech yo‘g‘i 10−15 dollardan sota oladigan bama’ni san’atkorlar qoladi. Vaholanki, yevropacha konsertlarda chiptalarning eng arzoni ham 100 dollardan boshlanadi.
Konsertlar o‘zini oqlashi uchun chipta narxi shunday bo‘lishi kerak. Odamlar ham chiptani shu narxga sotib olishni xohlashi kerak. Nima uchun biz Sting, The Weeknd, Robbi Uilyamsning konsertlariga boramiz, ularni jonli eshitish uchun samolyotga, konsertga chipta xarid qilamiz, mehmonxonadan joy olamiz, nima qilish kerak bo‘lsa hammasini qilamiz? Nima uchun? Menimcha, gap faqat shunday qilishga imkonimiz borligida emas, balki bu san’atkorlarning qo‘shiqlarida qadriyat, qiymat borligida. Albatta, birlamchi ehtiyojlari qondirilmagan odamlarning konsertlarga tupurgani bor. Madaniy jihatdan boyish — bu hashamat. Keling, jamiyatning birlamchi ehtiyojlari ta’minlab bo‘lingan qatlamlari haqida gaplashaylik. Ular musiqada qiymat, qadriyat ko‘rishi kerak. Qo‘shiq ularga muhabbatni, qandaydir voqealarni eslatishi kerak.
Senzura va O‘zbekiston musiqa sanoatining o‘ziga xosliklari haqida
Men bosh senzor hisoblangan “O‘zbekkkonsert"ni tugatgan bo‘lardim. Musiqa sifatli bo‘lishi uchun senzuradan voz kechish kerak. Musiqani “ruxsat etilgan” va “ruxsat etilmagan” turkumlarga ajratish sifatni va musiqaning o‘zini ham o‘ldiradi. Har qanday musiqa ajoyib. To‘g‘ri, sifatni baholash masalasi ham bor. Siz 300 ming so‘m hamga, 3000 dollarga ham ustki kiyim sotib olishingiz mumkin. Ular sifat jihatidan bir-biridan farq qiladi, ammo ikkisi ham yashashga haqli.
Mamlakatdagi o‘zgarishlar kreativ sanoatga, musiqalarning xilma-xilligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Hozir to‘ylar ham boshqacha o‘tyapti. Masalan, to‘ylarda reperlar, folklor jamoalari chiqish qilyapti. Iste’dodli yoshlar ham ko‘paygan. Lekin san’atkorlarning daromadi masalasi hamon murakkabligicha qolyapti. Bizda mualliflik huquqi ishlamaydi, tur o‘tkazuvchi agentliklar yo‘q, umuman, tur (konsert sayohati) degan narsaning o‘zi qilinmaydi ham. Konsta va Ruxsora bu masalada nimalardir qilishga urinyapti, ularga gap yo‘q. Ammo bu madaniyatning shakllanishiga yillar kerak bo‘ladi.

Yevropa yoki AQShda iqtidorli biror bola albom chiqarib, mualliflik huquqi bo‘yicha ajratmalaridan yiliga 10 mln dollar pul ishlab topishi mumkin. Uni leybl oladi, xalqaro tur o‘tkazishni taklif qiladi, unga 100 mln dollar to‘laydi. Artist ortiqcha narsalarga boshini qotirib o‘tirmaydi. U faqat musiqa bilan shug‘ullanadi, oilamni qanday boqaman, degan tashvish bo‘lmaydi unda.

Bizda esa bozor boshqacha: odamlar to‘y orqali pul topadi. Bu narsa aynan senzura va taqiqlarning zararli oqibatidan kelib chiqqan. Qandaydir bema’nilarni taqiqlash istagini, ehtimol, tushunish mumkindir, ularning jamiyatga ko‘rsatadigan salbiy ta’siridan xavotir bo‘ladi. Lekin undaylar har doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. O‘sha bema’nilar bor joyda Rolling Stones kabi (zo‘r)lar ham bo‘ladi.
Masalan, Qozog‘istonda hech qanday taqiq yo‘q. Shuning uchun ularning Irina Kayratovna, A’Studio, Dimash kabi san’atkorlari mashhur va dunyo bo‘ylab gastrollar qilmoqda. Ular xohlagan narsasini kuylayapti va haqiqiy ijod bilan band. Ular hayotining besh yilini studiya yerto‘lasida o‘tkazib, oxiri “uchadigan” va pul keltiradigan a’lo kontentni tayyorlashi kerakligini biladi. Bizda esa hammasi yagona taqiqlanmagan narsa — to‘y segmenti atrofida o‘ralashgan, barcha qo‘shiqlar ishq-muhabbat va shu kabilar haqida.
Agar kino, televideniye va musiqadan senzura ketsa hamda mualliflik huquqi ishlay boshlasa, vaziyat o‘zgarishi mumkin. Mavzu va matnni anglaydigan fikrlovchi ongli auditoriya ham paydo bo‘lishi kerak. Musiqa — bu ta’lim demak. Odam har xil bastakorlar, guruhlarni eshitsa, u musiqa olamida mo‘ljal ola boshlaydi, nisbatan sifatli mahsulot, chuqurroq ma’no-mazmunga ega musiqa bastalashi mumkin. Albatta, 10 yoshli bola Dvorjakni eshitib mazza qilmas, lekin bu narsa u bilan qoladi. Bir psixolog aytgandi: agar bolani juda kichkinaligida ursangiz, u buni hodisa o‘laroq eslab qolmas, ammo hissiy jihatdan bu voqea albatta yodida qoladi. Musiqa bilan ham xuddi shundayligiga ishonchim komil. Bola 10 yoshida uvertyuralarni eshitib zavqlanmas, ammo bari ongida qoladi va 18 yoshga to‘lganida u rasvo narsani eshitishga toqat qilolmaydi.
Tashkent City va yo‘llardagi vaziyat haqida
Toshkent bo‘ylab sayrni biz Moti’dan ikki qadam narida — “Moviy gumbazlar” xiyobonidan boshladik; bu joyni Anvar Jo‘rayev “alleyka” (“xiyoboncha”) deb ataydi. U bu yerda ba’zida do‘stlari bilan sayr qiladi, ba’zan bolalarini oilaviy velosipedda uchiradi, shu yerdagi eski-tuskilar bozorini tomosha qiladi. O‘zi bu narsalarga unchalik ham qiziqmaydi, ammo tomosha qilmaslik qiyin. Eski narsalardan faqat musiqa asboblarigina juda qiziqtirib qolishi mumkin, chunki unda kim kuy ijro etgan, qanday qo‘shiqlar yaralgan — qiziq-da. Ko‘chada uni muxlislar tanib qolishi — tez-tez yuz beradigan holat. U o‘z muxlislari bilan eski qadrdonlaridek gaplashadi, esdalik uchun suratga tushadi va o‘zini oxirgi marta qachon ko‘rishishganini eslay oladigandek tutadi.
Men ochiq turdagi transport vositalarini yoqtirmayman. Samokat, velosiped va skuterlar xavfsiz emas. Lekin Moskvada ba’zan samokat olib, VDNX atrofida uchib turaman. Moskvada markaz bo‘ylab sayr qilish, Aleksandr bog‘iga yoki Zaryade parkiga kirish yoqadi. Ular juda toza, umuman, Toshkent parklarini Moskvadagilari bilan taqqoslaganda xayolga birinchi bo‘lib keladigan narsa, ehtimol, aynan tozalik bo‘lsa kerak. U yerda odamlar tozalikka rioya qiladi, maysa ustida bemalol yotsang ham bo‘ladi. Bizda esa odamlar ko‘p tupuradi. Men Toshkentda aynan tupurish va haydovchilar madaniyati bilan bog‘liq vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qilgan bo‘lardim.
O‘zbekiston transport xavfsizligiga erishishiga hali ancha bor. Bizda haydovchilik madaniyati va yo‘lda o‘zaro hurmat degan narsa umuman yo‘q. Mana, misol uchun, hamma kameralardan noliydi, ularni kimningdir biznesi, deb hisoblaydi. Men yiliga oshib borsa ikki marta kameraga tushsam-tushaman yoki yo‘q. Qoidani buzmasang, bu kamera bormi-yo‘qmi, aynan sen uchun ahamiyatsiz. Esimda, Olmaotada kameralarni o‘rnatish endi boshlangan chog‘lari ko‘pchilik ularni butaforiya deb o‘ylagan. Bir kuni menga uyim yonidagi kameradan 18 yo 19 ta jarima kelgandi. Bu narsa odamni juda tez tartibga solib qo‘yadi. Tartib-intizom — aynan xavfsizlik demak.
Konsta va Gross sug‘urta kompaniyasi bilan birga “Yashagim kelar” qo‘shig‘iga klip olgandik. G‘oya YTHlarning haqiqiy jabrlanuvchilarini olib chiqishdan iborat edi. Ushbu klipdan maqsad mashina qiymatini, mulkning o‘rnini qoplash mumkin, ammo inson salomatligini qayta tiklab bo‘lmasligini ko‘rsatish edi. Buni yoddan chiqarmaslik kerak.
Men piyoda sifatida o‘zimni xavfsiz his qilmayman. Asosan parklarda piyoda sayr qilaman. Albatta, ba’zida mashinani bu yerda, “xiyoboncha"da qoldirib, Navoiy teatri orqali Brodvey (Sayilgoh)ga, undan skver (Amir Temur xiyoboni)gacha ham borib turaman. Menga bu yerda markazning nafasi, gavjumlik, ko‘cha mashshoqlari yoqadi. Har doim ularning ijrosiga baho berib, pul qoldiraman. Ularni qo‘llab-quvvatlash kerak. 1990-yillarning oxirida ko‘cha mashshoqlari hozirgidan ko‘proq edi. U vaqtlarda submadaniyatlar ham ko‘p edi, ammo keyin bu narsalar taqiqlandi, keyin boshqasi taqiqlandi, shu bilan hammasi yo‘qolib ketdi. Ularning yana qaytayotgani quvonarli.
Men 2004-yili Olmaotaga borganimda, Toshkent unda ancha orqada qolgan edi. Qozog‘istonda taraqqiyot bor edi, mashhur brendlar mamlakatga kirib kelayotgan, yaxshi savdo markazlari qurilayotgan edi, odamlar madaniyatga pul sarflardi. Taxminan 2017-yilgacha shunday davom etdi. Hozir esa menga Toshkent vaybi ko‘proq yoqadi. Agar biz iqtisodiy va siyosiy jihatdan hozirgidek to‘g‘ri ketishda davom etaversak, bizni juda buyuk kelajak kutyapti, deb o‘ylayman.
Anvarga Sitida sayr qilish yoqadi. Biz Sitiga Afrosiyob ko‘chasidagi hovlilar yoqalab bordik. U yashillikka burkangan, sokin, yonidan ariqchalar oqib o‘tgan bu uylarning o‘ziga xosligidan hayratlanadi. Qurilganiga necha zamonlar bo‘lgan ikki qavatli “dom"larning vazifasini taxmin qiladi. Anhorbo‘yini o‘zi uchun kashf etib, nima uchun Olmaotaga ko‘chguniga qadar qizlar bilan bu yerlarga sayrga kelmaganiga hayron bo‘ldi.
“Biz ayollar bilan qayerlarda sayr qilardik-e, — deya eslaydi u. — Algoritmda yashardim. Qo‘limizda hech qachon tayinli pul bo‘lmagani uchun eng oson ish Chilonzor bo‘ylab sayr qilish edi. Marshrutkada „Chilonzor“ metrosiga borib, undan Mirzo Ulug‘bek (hozirgi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘)gacha piyoda borardik. Yozda u yerdagi ko‘lda bolalar bilan cho‘milardik. Hali artist bo‘lmagan vaqtimiz, qizlarning e’tiborini o‘zimizga qaratishni xohlardik. U vaqtlarda parklarda, Brodveyda karaoke stollari bo‘lardi. Men har doim yaxshi kuylaganman, shuning uchun atrofda birdan qizlar to‘planardi va ketma-ket: „Zo‘r aytyapsiz, yana bir bor kuylab bering“, degan gaplar boshlanardi. Shu tariqa qizlar bilan tanishardik”.
Siti ajoyib joy bo‘lgan, deb hisoblayman. O‘zingni xuddi Dubaydagidek his qilishing mumkin bo‘lgan bir burchak. Bu yerdagi bog‘, infratuzilma, savdo markazi a’lo darajada, bola bilan bemalol sayr qilishing mumkin, hatto uni qo‘yib yuborsang ham bo‘ladi. Qandaydir xavfsiz. Rafiqam nuqul: “Biz Sitidan uy olishimiz kerak”, deydi.

Siti o‘rnida mahalla bo‘lgan, ammo men u yerda hech qachon bo‘lmaganman. Siti aqlbovar qilmas darajada pul, sayyohlarga qanchadan qancha taassurotlar, soliq tushumlari, ish o‘rinlari keltiryapti. O‘sha mahalla-chi, mamlakatga, investitsiyaviy muhitga nima bera olgan bo‘lardi? U mahallaning biror o‘ziga xosligi bormidi? Bizda ommalashtirish, tanitish mumkin bo‘lgan meros shundoq ham tiqilib yotibdi.

Registon, Ark va Ichan-qal'a kabi eng mashhur obyektlarning o‘zi bir olam. Odamlar ularni lozim darajada bilmaydi. Mana, Eyfel minorasi yoki Ozodlik haykali shu qadar ko‘p piar qilinganki, butun dunyo ularga intiladi. Men ularda o‘ziga xos biror jihatni ko‘rmayman, ammo odamlar shu timsollarni ko‘rishni xohlaydi, shu tariqa ular joylashgan mamlakat budjetlariga pul keltiradi. Men hech qanaqasiga Eyfel minorasi yoki Ozodlik haykalining qadrini yerga urmoqchi emasman. Shunchaki, bizda hatto dizaynerlik o‘ylanmalari bo‘yicha ham qiziqroq va boyroq meros bor, deb hisoblayman.

Qo‘limizda bor narsalarni ko‘rsatishni o‘rganishimiz kerak. Mana, amerikaliklarni olaylik — ular har qanday narsadan shou yasab, o‘z haykali yoki prezident saylovini ham to‘g‘ri sotishni eplaydi. Har bir shtatning o‘z laqabi va ramzi bor. Ular merchlar, pochta markalari, shahar darvozalaridagi stellalarda o‘z aksini topadi. Axir bular ham kimlardir tomonidan o‘ylab topilgan-ku. Ehtimol, bu ishlar qimmatga tushar, ammo uzoq muddatli istiqbolda baribir o‘zini oqlaydi.
Toshkentga qaytish haqida
Toshkentga qaytishimga sabab bo‘lgan omillardan biri, bu — Olmaotaning havosi. Men undan qochib qutildim, chunki o‘zimni yomon his qilayotgandim, tomog‘im og‘rirdi. Olmaotadagi ahvol — falokat. Hozir Toshkent ham, garchi o‘zim buni hali jismonan his qilmayotgan bo‘lsam-da, havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinlarda turibdi.

Umuman, menda shundoq ham qaytish niyati bor edi, chunki mamlakatdagi vaziyat o‘zgardi: hamma narsa yengillashdi, yurishib ketdi. Bu narsa meni yaxshi ma’noda hayron qoldirdi. Ammo men bu yerga ishlashga kelishim bilan kovid boshlandi. U vaqtlarda o‘g‘lim hali yurmasdi, aynan o‘shanda men Olmaota va Toshkent o‘rtasidagi farqlarni his qildim. Toshkentda yo‘lda, piyodalar o‘tish joylarida hech kim yo‘l bermasdi. Binoyidek yo‘laklar, panduslar ham yo‘q edi. Shaharni, yo‘l va trotuarlarni qayta qurish bo‘yicha yaxshi loyihalar endi-endi paydo bo‘lyapti. Sharoitlarni hozirlashga majbur qilishyapti.
Istalgan shahardagi eng muhim narsa — uning kayfiyatini tutib olishdir. Men Toshkentda ham, Olmaotada ham, Moskvada ham o‘zimni birdek yaxshi his qilaman. Qayerdir bunisidan-da yaxshiroq, deb aytmagan bo‘lardim. Ehtimol, shuning uchun ham, “Vataning qayerda?” degan savolga javob berishim qiyin bo‘lsa kerak. Men Uchquduqda tug‘ilganman, hayotimning bir qismi Surgutda, o‘smirligim — Vobkent va Buxoroda, yoshligim — Toshkent va Olmaotada o‘tgan. Qayerga bormay, o‘zimni bir xilda qulay his qilaman.
Anvar Jo‘rayev sayr qilishni tavsiya etadi
Anvar Jo‘rayev tinglashni tavsiya etadi
Maqola homiysi — Yandex Music.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Matn muallifi: Sabina Bakayeva.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda