Diabet sabab o‘zini qadrlashni o‘rgangan kutubxonachi

Zuhra Ahmadjonovaning hikoyasi

U hayoti davomida ko‘p qiyinchilik, xo‘rlliklarga uchragan. Farzand dog‘i kuchli depressiyaga tushirgan. “Iroda” loyihasining bu galgi qahramoni — 35 yoshida qo‘yilgan diabet tashxisidan so‘ng sog‘ligiga e’tibor bera boshlagan, kutubxonadagi ishini esa hayotining eng yaxshi bobi deb hisoblovchi Zuhra Ahmadjonova.
U hayoti davomida ko‘p qiyinchilik, xo‘rlliklarga uchragan. Farzand dog‘i kuchli depressiyaga tushirgan. “Iroda” loyihasining bu galgi qahramoni — 35 yoshida qo‘yilgan diabet tashxisidan so‘ng sog‘ligiga e’tibor bera boshlagan, kutubxonadagi ishini esa hayotining eng yaxshi bobi deb hisoblovchi Zuhra Ahmadjonova.
“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʻda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
Zuhra Ahmadjonova diabet bilan to‘laqonli hayot kechirish uchun zararli mahsulotlardan tiyilish, vaqtida insulin olish haqidagi do‘xtirining tavsiyalariga ortig‘i bilan rioya qiladi. Buning uchun yomon emotsiya va o‘ylardan imkon qadar “parhez” qilib, o‘zini yaxshi his qilishiga insulindan ham yaxshiroq ta’sir ko‘rsatuvchi yosh kitobxonlar bilan muloqotga iloji boricha ko‘proq vaqt sarflaydi.
Taqdir
To‘rt farzandning ikkinchisi bo‘lgan chorsulik Zuhra Ahmadjonova 1986-yili mashinasoz Mahamedovlar oilasida, opasi Fotimadan 5 daqiqa o‘tib dunyoga kelgan. Chehrasi va ovozi ayni, faqat xarakteri bilan farq qiladigan opa-singillarning bolaligi egizaklar haqidagi filmlardagidek “beg‘ubor quvliklar”ga boy kechgan.

Kitobsevar kichik Mahamedova dars va imtihonlarda hozirjavoblik qilib, biroz shumtakaroq Fotimani “qutqarsa”, kezi kelganda katta Mahamedova ham vazmin va uyatchan singlisining o‘rniga javob beradi — masalan, Zuhra yoqtirmagan yigit bilan uchrashib, uning nomidan “yo‘q” deb keladi.
реклама
реклама
Dastlab 45-maktabda, keyin Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida birga o‘qigan egizaklarning taqdiri o‘xshash bo‘lmadi. Fotima Pedagogika oliygohiga o‘qishga kiradi. Bu borada omadi chopmagan Zuhra esa, nasib qilmasa, kuchli xohish va harakat ham yetarli bo‘lmas ekan, degan xulosaga keladi.

“Menga dugonalar bilan aylanishga borishdan ko‘ra huquq va tarix kitoblarini o‘rganish ko‘proq zavq berardi. Lekin, astoydil tayyorlanganim va ota-onamning qo‘lloviga qaramay, Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kirolmadim”, — deydi u.
2005-yilning mandat javobi chiqqan kunda uning hayoti orzuga to‘la oldin va armonli keyinga ajraladi. Maxsus forma kiyib, qarindoshidek tergovchi bo‘lishni orzu qilgan Zuhra 21 yoshida oq libos kiyib, Ahmadjonovlar xonadoniga kelin bo‘ladi.
Qizlarga bolaligidan tosh bo‘lsa kemirib, suv kelsa simirish kerakligi uqtiriladi. Ro‘zg‘or ishlari o‘rgatilib, hamma narsaga ko‘nadigan qilib tarbiyalanadi. Lekin turmushning qanday kechishi faqat bir inson — kelingagina bog‘liq emas. Munosabatlar mustahkam bo‘lishi uchun nafaqat bo‘lajak kuyov, balki qaynona-qaynota ham har tomonlama tayyor bo‘lishi, bir-birini hurmat qilishi kerak. Yo‘qsa, maishiy muammolar va arzimagan sabablar bilan notinchlik bo‘laveradi. Qarabsizki, sog‘liq va quvvat yo‘qoladi, yoshlik va vaqt behuda uvol bo‘ladi.
Qonunchilikda tuhmat, haqorat va zoʻravonlik uchun javobgarlik belgilanganidan xabardor Zuhra Ahmadjonova yangi kelinligidayoq hamma narsa u abituriyentligida sevib o‘qigan Konstitutsiyadagidek mukammal emasligini, hayotda “ota-ona va oila sha’ni”, “odamlarning gap-so‘zi” va “farzand taqdiri” degan yozilmagan kodekslar borligini va, nima uchundir, ularning yuki asosan xotin-qizlarning gardaniga tushishiga guvoh bo‘ladi.
Sodda va bo‘shligim sabab turmushda ancha qiynaldim. Kurakda turmaydigan haqorat, tuhmatga qolgan paytlarim ham bo‘ldi. Dastlab ota-onamning yuzini shuvut qilmaslik, singlim va ukam turmush quradigan yoshda esa ular „qaytib kelgan opasi bor ekan“ degan isnodga qolmasligi uchun boshimdan kechirganlarim haqida lom-mim demaganman. Bir safar ko‘zimning tagi ko‘karganini ko‘rib qolgan singlimga hayotimga aralashmaslikni tayinlaganman.
Hayot o‘zi shunday, bu kunlar ham o‘tib ketadi, deya o‘zini yupatib yurgan ayolning sabr kosasi birinchi marta to‘ng‘ich farzandi — o‘g‘li bir yashar paytida to‘ladi. O‘shanda uning ruhiy holati shu qadar yomon ediki, o‘z joniga qasd qilmoqchi ham bo‘ladi.

“Tushlikda ko‘zim biroz ilingani uchun beshikning cho‘pi bilan kaltaklanganman. Eshitmagan gapim qolmagan. Shundan keyin o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim, lekin begunoh bolamni ko‘zim qiymadi. Qolaversa, ota-onamni kuydirib ketamanmi, deya yarim soatga yaqin ikkilanib yurganman. So‘ng shahdimdan qaytib, ota uyimga borganman. Bor gapdan xabar topgach, nega shu paytgacha churq etmaganimni so‘ragan otam „ko‘chada qolgan qizim yo‘q, yashamaysan u yerda“, deb kelinlik uyimdagi mebellarni olib keltirgan”, — deya eslaydi Zuhra Ahmadjonova.
O‘sha voqeadan so‘ng u bir yilcha otasinikida yashaydi. Bu vaqt ichida turmush o‘rtog‘i yarashishga urinib, ko‘p marta uning oldiga keladi. Otasi yo‘qligida ichikib, uni ko‘rganida talpinib yig‘laydigan farzandining ko‘z yoshlariga chidolmay, “bolam yetim qolmasin”, deya Zuhra eri bilan yarashadi.

“Qaytishimga qarshilik qilgan dadam, kun kelib pushaymon bo‘lishim mumkinligini aytgan. Yarashishimizga imkon berishlarini iltimos qilib, oilam parchalanib ketishiga yo‘l qo‘ymaganman”, — deydi u.

Qaytganidan keyin bir muddat hammasi joyiga tushgandek bo‘ladi, orada ikkinchi farzandi — qizi dunyoga keladi. 10 yildan keyin bir paytlar o‘zi orzu qilganidek alohida yashay boshlaydi. Ammo har kuni qarashish uchun borgan kelinlik uyida qaynotasi xo‘rlashda davom etadi. Xiyonatga duch kelganida esa otasining gaplarini eslab, uning naqadar haq bo‘lganiga yana bir bor amin bo‘ladi.
“Juda kuchli depressiyaga tushib qolganman. To‘g‘ri muhitda, to‘g‘ri tarbiya topganim uchun hayotda bunday jirkanchliklar bo‘lishi xayolimga ham kelmasdi. O‘shanda o‘zim faqat Xudoga solish bilan cheklangan, hech qanday qonuniy chora ko‘rmagan bo‘lsam-da, hozir inson o‘zini bunchalik xo‘rlatmasligi, o‘zini qadrlashi, vaqtida yordam so‘rashni bilishi kerak, deb hisoblayman. Odam o‘zini yaxshi ko‘rishi, o‘ziga rahmi kelishi kerak — bu narsani vaqt o‘tib, sog‘ligimni yo‘qotgach tushundim”, — deydi yoshligida oyoqda infarkt o‘tkazgan ayol.

Shundan so‘ng, turmush o‘rtog‘i yo‘q bo‘lib qolganida opa-ukasi kelib holidan xabar olmaguncha, farzandlari bilan bir burda nonsiz qolgan paytlari ham bo‘ladi. Bularning baridan xabar topgan ota-onasi bu safar ham “boshqa yashamaysan” deya uni olib ketishadi. Lekin ikki yil ota uyida yashagach, 2019-yili farzandlarining kelajagini o‘ylab, yana oilasini tiklashga rozi bo‘ladi.
“Orada pishiriq, buxgalteriya kurslariga qatnagan bo‘lsam-da, oliy ma’lumotim bo‘lmaganiga ko‘p achindim. Agar o‘qiganimda, yaxshiroq ishim bo‘lganida, boshqacharoq bo‘larmidi: kreditga uy olib, bolalarimni katta qilib olarmidim, ehtimol”, — deydi boshqalar to‘g‘ri xulosa qilishi uchun kechmishi haqida bo‘lishishga o‘zida kuch topgan bu ayol.
Diabet
2020-yili Zuhra Ahmadjonova uchinchi bor ona bo‘ladi. Pandemiya payti tug‘ilgan Imron 7 kunligida koronavirusdan vafot etadi. Shundoq ham yillar davomidagi muttasil asabiylashishlardan madori qolmagan Zuhra bu voqeadan keyin yana kuchli depressiyaga tushadi.
Bolalarim, boshqa narsalar bilan ham ishim bo‘lmay qoldi — shuncha nohaqlik va adolatsizliklar sig‘gan dunyoga ortiqchalik qilgan bolam ko‘zimga ko‘rinar, ko‘chada go‘yo qo‘limni ushlab yurgandek tuyulaverardi. Bir kulib, bir yig‘laydigan, saharda qabristonga borib, kechasi uyga qaytadigan tirik o‘likka aylangandim.
Zuhra Ahmadjonova “sog‘ holimda shuncha xo‘rlandim, kasal bo‘lsam meni jinnixonaga topshirvorishsa-chi, ikkita bolam qolib ketadimi?”, degan o‘ydan keyin yana o‘zini qo‘lga olishi kerakligini tushunib yetadi.

Chalg‘ish uchun ishga kiradi. Avvalroq maktab, savdo-sotiq, va buxgalteriya kabi sohalarida oz-ozdan ishlab ko‘rgan suhbatdoshimizning sog‘ligida muammolar aynan o‘sha payt — kassirlik qilayotganida ko‘zga tashlanadi.

“Ish payti ko‘z oldim xiralashib, oshqozonim bezovta qila boshladi. Buni charchoq va sal avval depressiyani boshdan kechirganimga yo‘ydim. Bu orada bosh terim shilinib, yara bo‘lib ketdi. Diabeti bor ammam bu haqida xabar topgach, menda ham ushbu kasallik alomatlari borligidan shubhalandi. Glyukometrida o‘lchab ko‘rganimizda — ko‘rsatkich o‘ta yuqori natijani ko‘rsatdi. Ammam 'ertagayoq shifoxonada tahlil topshir' deya tayinladi”, — deydi u.
Akademik Yolqin To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 2024-yili “Gazeta.uz”ga taqdim qilgan ma’lumotda O‘zbekistonda 2022-yili jami 48 711 kishi (ularning 616 nafari bolalar, 151 nafari o‘smirlar)da qandli diabet aniqlangani, 2023-yilning yarmida bemorlar soni 17 970 kishiga ko‘payib, jami 363 585 nafar (O‘zbekiston aholisining 0,99 foizi)ga yetgani aytiladi.
Tahlil natijalariga ko‘ra 2021-yili Zuhra Ahmadjonovada dunyoning qariyb 830 million aholisida qayd etilgan qandli diabet borligi aniqlanadi. Diabetning ikkinchi turi deb tashxis qo‘ygan shifokor unga tabletka yozib beradi. Zuhra ko‘rsatmaga binoan vaqtida ichganiga qaramay, dorilarning ta’sirini sezmaydi.

Bosh og‘rig‘i va og‘iz qurishi muntazam davom etib, ustiga-ustak oyog‘i shilinib, yiringlaydi. Keyinroq esa unda kasallikning ikkinchi turi emas, asosan bolalarda uchraydigan, ammo bu istalgan yoshdagi insonlarda ham aniqlanishi mumkinligini inkor etmaydigan birinchi turi borligi ma’lum bo‘ladi.
Bir kuni mazam bo‘lmay, diabetik komaga tushib qoldim. Fotima yonimda bo‘lmaganida va tez yordam bilan shifoxonaga olib bormaganida, bilmadim, nima bo‘lardi. Hushimga kelganimda shifokorlar menda diabetning tabletkalarning o‘zi kuchsizlik qiladigan, insulin olmasa bo‘lmaydigan birinchi tur borligini tushuntirdi.
Shundan buyon u kunni qondagi qand miqdorini o‘lchashdan boshlaydi. Uzoqqa borgudek bo‘lsa, atir-upasini qoldirsa qoldiradiki, kuniga besh, ba’zida to‘rt marta qabul qiladigan insulinini doim o‘zi bilan olib yuradi.

“2021-yili diabeti bor shaxs sifatida hisobga qo‘yilganimdan buyon insulinni har oy 27-poliklinika orqali davlat hisobidan olaman. Glyukometrni ham poliklinikadan berishgan. Har oy telefon qilib, nazorat qilib turishadi, navbatim kelganda dorini olib ketishni eslatishadi”, — deydi u.

Poliklinikadagi bo‘shab ketgan shifokorlardan birining “diabetni korreksiya qilib beraman” deya yozib bergan dorisidan yana komaga tushishiga bir bahya qolgan Zuhra O‘zbekistonda tajribali shifokorga duch kelish ham “bir baxt”, deb hisoblaydi.
Shahar tez tibbiy yordam kasalxonasi (Jukovskiy)ning endokrinologiya bo‘limida ishlovchi G‘anisher Jumayevga duch kelganini o‘zining omadi deb biladi. Shifokor ko‘rsatmalari bilan yuklamalarsiz jismoniy faollikni ko‘paytirgani, parhez qilishi unga ijobiy ta’sir qilgan. Asosiysi, “diabet meni emas, men uni nazorat qilaman”, degan fikrga kelgan.

“O‘ylab qarasam, ushbu kasallik hayotimga 'boshqa narsa, kimsalarga qayg‘urishni bas qil, undan ko‘ra o‘zingga, sog‘ligingga e’tibor ber', degan ogohlantirish bilan kirib kelgan ekan. U qaysidir ma’noda menga o‘zimni avaylashni, hayotning har lahzasidan zavqlanishni o‘rgatdi”, — deydi vaqtini eng ko‘p kutubxonada chog‘ o‘tkazuvchi suhbatdoshimiz.
Kutubxona
Zuhra Ahmadjonova 2024-yilning aprelidan beri “Orient Finans” bankining tashabbusi bilan Yashnobod tumanida tashkil qilingan “Qadriyat” kutubxonasida ishlaydi. Ushbu maskan poytaxtdagi 100 ta mahallada Olotdagi “Navro‘z” qiroatxonasi tajribasidan ilhomlanib ochilgan muassasalardan biridir.
Yaxshi kitob qalb va ruhiyat uchun eng yaxshi oziqa — kutubxona esa aqlning charx xonasi, qalbning oromgohi, deb hisoblaydigan suhbatdoshimiz bu yerda 2024-yil aprelidan buyon ishlab kelyapti. Uni kutubxonachilikka mahalladoshi Nazokat opa taklif qilgan.
Tashxisimdan xabar topgan bank mas’ullari menga qulaylik yaratib, orada dam olib ishlashni, o‘zimni toliqtirib qo‘ymaslikni tayinlagan. Orada 6 kun shifoxonada yotib chiqqanimda ham harna bo‘lsin, deb oyligimdan ushlab qolishmadi, qo‘llab-quvvatlashdi.
Ilk bor kutubxonaga borganida o‘rnatilgan gir aylana javonlar, bir-biridan qiziqarli kitoblarni ko‘rib, uning yoshligida qalbiga ko‘milgan orzulariga jon kirgandek bo‘ladi. “Kuchli istak va harakatning o‘zi orzularga erishish uchun yetarli emas” degan xulosasi esa “ezgu tilaklar qachon bo‘lsa ham ushaladi, faqat hamma narsaning vaqt-u soati bor”ga o‘zgaradi.

Sababi bir vaqtlar rosa ham talaba bo‘lgisi kelgan ayolni bugun kichkintoy kitobxonlari “ustoz” deb chaqiradi. Kutubxonashunoslik o‘quv kursini muvaffaqiyatli tugatgani uchun sertifikat, mahalla va tumanda kitobxonlikka qo‘shgan hissasi uchun esa tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Eng muhimi, u har kuni kitoblar va bolalardan ko‘p narsa o‘rganadi.
Kutubxona a’zolari 80 nafar, kelib-ketadigan 100 kitobxon orasida mahalladoshlar, kattalar ham bor. Lekin kutubxona 253-maktab bilan yon qo‘shni bo‘lgani uchun asosan o‘quvchilar ko‘p keladi. Bolalar va ularning ota-onalarida telefon raqamim bor. Mabodo tashqarida bo‘lsam, qo‘ng‘iroq qilib qachon kelishimni so‘rab, kelgunimcha kutib turishadi. Mabodo kimdir ko‘rinmay qolsa, onasi telefon qilib: „O‘quvchim kelmay qoldi deb o‘ylamang, sal shamollab qolgan, davolanyapti, tuzalishi bilan boradi“, deb ogohlantirib ham qo‘yadi.
Maktabda ertalab o‘qiydiganlar kutubxonaga asosan darsdan keyin, kunduzi darsi borlar esa tushlikkacha va ba’zida darsdan chiqib keladi. O‘quvchilari orasida unga shirinlik ilinadiganlari, quchoqlab ko‘rishadiganlari, “kitob o‘qimasam turolmayapman, shunaqa ham o‘ziga ‘magnitʼ qiladimi?”, deb ajablanadiganlari va, eng qizig‘i, unga “ish” taklif qiladiganlari ham topiladi.
Ustoz, bu yerdan hecham ketib qolmang, xo‘pmi?! Yaxshisi-chi, maktabga o‘tib, bizga dars bering deyishadi, — kuladi Zuhra Ahmadjonova. — Men esa shuncha beg‘uborlik va samimiyatdan masrur bo‘lib, mo‘’jazgina mana shu xonada ularga bir nimalar o‘rgatishga urinaman. O‘qib, mazmunini aytib bersangiz, esingizda ham qoladi, men ham sizdan yangi narsa o‘rganaman, deyman. Ular mutolaadan keyin albatta gapirib beradi, birga muhokama qilamiz. Orada flamingo (bir guruh bolalar qog‘ozga yozilgan hayvon va boshqa predmetlarni imo-ishoralar bilan ko‘rsatadi, ikkinchi guruhdagilar esa topishi kerak bo‘ladi — tahr), tez o‘qish o‘yinlarini o‘ynaymiz. Kutubxonaga endi a’zo bo‘lgan vaqti o‘qishga qiynaladigan bir qizimizning baholari yaxshilangan ekan, onasi xursandligidan boshim ko‘kka yetdi. Bundan tashqari, diktant yozishni uyga vazifa qilib ham beraman. Darrov bajarib, Telegram orqali yuboradi, baraka topgurlar.
Shu kunlarda “Dunyoning ishlari” bilan band Humoyun, “Koinot”ni o‘rganayotgan Ilhom va pechene yaxshi ko‘rgani uchun “Baxt pechenyesi”ni o‘qiyotgan Muyassar ayniqsa serqatnov o‘quvchilardan.

Kutubxonaga a’zo bo‘lish hujjatbozliklardan xoli bo‘lishi kerak deb hisoblaydigan Humoyun bunday ovoragarchilik yo‘qligi, muhit tinch va kutubxonachi opasi xushmuomala ekanligi uchun ham “Qadriyat”ga har kuni keladi.
“Maktab kutubxonamiz odatda yopiq bo‘ladi va unga shunday kirib, kitob o‘qib bo‘lmaydi. A’zo bo‘lish uchun sinf rahbari qandaydir qog‘oz yozib berishi kerak. Kitob o‘qish oson va qulay bo‘lgani yaxshi. Masalan, bu yerga endi kelganimizda ism-familiyamiz, nechanchi sinfda o‘qishimiz va telefon raqamimiz so‘ralgan, xolos”, — deydi 6-sinfda o‘qiydigan Humoyun.
реклама
реклама
“Bu bilimdon shirintoylar hayotimga mazmun kiritgan. Kutubxonaga kelsam, bolalar bilan ishlab, chiroyli, fayzli tadbirlar o‘tkazsam, bahri dilim ochiladi”, — deydi kutubxonachiligi bilan faxrlanib, uni o‘ziga eng mos kasb deb hisoblaydigan Zuhra Ahmadjonova.

“Ertaga kim bor, kim yo‘q — bu qisqa hayotda hammamiz ham bir-birimizga g‘animatmiz. Ko‘proq kulib, hayot go‘zalliklarini his qilib yashaylik. Bolalarimizga ham bizdan ko‘proq yaxshi xotiralar qolsin”, — deya xulosa qiladi u.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda