Mahallalar musiqasi
Shokir bilan Toshkent bo‘ylab sayr
“Gazeta.uz” va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bunda biz mashhurlar bilan birga piyoda sayr qilamiz. Bu gal reper Shokir bilan birga poytaxtni aylanib, xavfli haydash, o‘zbek repining o‘zgarishi, mahalliy yulduzlarning jahonga chiqishi va muloqot kuchi haqida gaplashdik.
“Gazeta.uz” va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bunda biz mashhurlar bilan birga piyoda sayr qilamiz. Bu gal reper Shokir bilan birga poytaxtni aylanib, xavfli haydash, o‘zbek repining o‘zgarishi, mahalliy yulduzlarning jahonga chiqishi va muloqot kuchi haqida gaplashdik.
Shokir o‘zining oq Tracker’ida bizni Toshkent Sitidan Farg‘ona yo‘liga olib ketayotgan edi. Uning studiyasi o‘sha yerda. Shahrisabz ko‘chasidamiz. Yon-verimizdan Toshkentning yo‘qolib borayotgan, eski va yangi ramzlari — “Trilliant”, “Bolalar dunyosi” qarshisidagi yashil hudud, “Tata” mehmonxonasi, 6-tug‘ruqxona, har ikki yilda bir terrasalari buzib tashlanadigan restoranlar o‘tadi. Uning haydash uslubi odamni xavotirga solib, shoshirib qo‘yadi. Bir daqiqa oldin harakat bir maromda edi, ammo, Toshkent yo‘llaridagi vaziyat va yo‘l-transport hodisalari haqida gap boshlashimiz bilan, allaqanday o‘zgarish yuz berdi.

— Sizga kameralardan tez-tez jarima kelib turadimi?

— Yo‘q.
Qo‘shiqlaridan Shokirning ashaddiy haydovchi ekani seziladi. U tezlik va tavakkalchilikni sevadiganlar toifasidan. Ammo, o‘zining aytishicha, bu qiziqishi endi o‘tmishda qolgan.

Bir necha hafta o‘tib, undan Shahrisabz ko‘chasida bizning guvohligimizda yuz bergan “shashka qilib haydash” voqeasi haqida so‘radim. Bu provokatsiyamidi? Yo tuyg‘ular jo‘shqinligi? O‘zini ko‘rsatib qo‘yishmi yo? Balki manipulyatsiyadir? Shokir bizni juda ta’sirchan deb gumon qilib, o‘shanda “yumshoq, muloyim va tartibli” haydaganini ta’kidladi va bularning barchasi qanday boshlangani haqidagi xotiralarga cho‘mdi.
Shumaxerning ukasi
Olti yil avval, Shokir hali o‘zini isloh qilishga kirishmagan vaqtda, uning atrofida faqat poygachilar edi. “Muntazam avariyalarga yo‘liqardik, kimdir o‘lardi”. Bu hol shunchalik odatiy bo‘lib qolgandiki, oddiy hayot tarzidek qabul qilinardi. Hammasi oxirgi avariyadan keyin o‘zgardi. Aslida bunga o‘xshash hodisalar ko‘p bo‘lgan, ammo shu safar, poygachilar tili bilan aytganda, u “sochilib ketgan” edi.
“Bu 2024-yil 3-mart kuni ro‘y berdi — mana shu sana mening ikkinchi tug‘ilgan kunim. Mashina ham, motor ham sochilib ketdi — hech narsa qolmadi. O‘sha safar har doimgidan ham ko‘ra dahshatliroq bo‘ldi. Umuman olganda, qandaydir tushuntirib bo‘lmas narsa yuz berdi. Malibu’dagi yigitcha bilan yaxshigina bellashdik. Hammasi juda yaxshi boshlangan edi. Yo‘l nam edi, biz zigzag qilib haydadik. Keyin boshqaruvni yo‘qotdim.
Men beton ustun tomon — urilib, yo‘q bo‘lib ketish sari dadil uchib ketayotgandim. Ammo shu vaqt bir nazariyani tekshirib ko‘rishga qaror qildim: agar vaziyatni butunlay o‘zgartirib, rulni boshqa tomonga bursam, nima bo‘larkin? Shu tariqa ikkita simyog‘och, avtobus bekati va daraxtni “terib ketdim”. Keyinchalik, voqeani tahlil qilarkanman, avariyaning og‘irligidan emas, balki odamlarga zarar yetkazishim mumkin bo‘lganidan ko‘proq dahshatga tushdim.

Xudoga shukrki, bekatda hech kim yo‘q edi. Lekin — odamlar bo‘lganida-chi? Yana shunday fikr ham borki, agar u yerda odamlar bo‘lganida, men, katta ehtimol bilan, ustun va o‘limni tanlagan bo‘lardim. Mana shuni o‘ylasam, yana ham ko‘proq dahshatga tushaman. O‘limdan qo‘rquv bor, ammo bizga singdirilgan yana bir durust dastur ham mavjud: o‘ldirma, yolg‘on gapirma, zarar yetkazma.
Shokir mashina boshqaruvini yo‘qotishidan avval tezligi qanday bo‘lganini eslay olmaydi. “18 yoki 19 edi, shekilli” deydi. Poygachilar nollarni tushirib gapiradi. Ularni tunda — Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi “T” shaklidagi chorrahadan boshlanib, Maxtumquli, Shahrisabz va Rustaveli ko‘chalari orqali to Sergeli ko‘prigigacha cho‘zilgan yo‘lda — “shahar poligoni”da uchratish mumkin. Ular bu yo‘lakni o‘zlariniki — “poygachilar trassasi” deb e’lon qilishgan. Ular yo‘lda bir-birini tanimasa-da, shunchaki kimdir yonidan kamida ikki barobar yuqori tezlikda o‘tib ketsa, buni chaqiriq deb qabul qiladi va “suzish”ni boshlaydi — chunki 50 tezlikdagi oqimda “nolsiz 14” bilan aynan suzasan.
“Bu juda xavfli narsa. Ilgari shaharda bunday o‘yinlar o‘ynash (mashinani „shaxmat-shashka“ qilib haydash — tahr.) xavfli ekani haqida o‘ylamasdim. Chunki o‘zingni xuddi hamma narsani nazorat qilayotgandek his qilasan. Axir sen zo‘rsan-ku. Mashina haydashda ustasan. Salkam Shumaxerning ukasisan. Adrenalin izlab: „Hozir ko‘rsatib qo‘yaman, hammani lol qoldiraman!“, deb o‘ylaysan”.

“Shaxmatchi”lar hayoti davomida o‘rtacha 30−40 tacha yirik yo‘l-transport hodisasiga guvoh bo‘ladi. Va har safar bu hodisalarda boshqalarni aybdor sanaydi. Ammo qaysidir bir avariyadan keyin kishi ongida allaqanday o‘zgarish yuz beradi va u tez haydashni bas qiladi. Chunki aynan shu lahzada u aslida hech narsani nazorat qila olmasligini anglab yetadi. U shu vaqtgacha yo‘lda yurgan hammani epchil deb o‘ylagan bo‘ladi-yu, lekin o‘ziga ham, boshqalarga ham ortiqcha baho berib yuborganini tushunib yetadi.
Kishi hayotini xavf ostiga qo‘yadigan poygalarga ishtiyoq Shokirning ijodiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatgan. U avvallari tilni “sindiradigan” Millymallymoe taxallusi ostida, rus tilida qo‘shiqlar yozardi. Shokirning birinchi mashhur bo‘lgan qo‘shig‘i nomi “Gonki Tashkenta” (“Toshkent poygalari”) deb ataladi, uning eng asosiy panchi (muhim qismi)da shunday satrlar uchraydi (ruschadan erkin tarjima — tahr.):
“Gazni gilamchagacha bosib tushiraman —
U yerda allaqachon 100 dan yuqori tezlik.
Kechirgaysan meni, birodarim svetofor.
Men sen uchun ranglarni ajrata olmaydigan daltonik”
Poygachilar va “shaxmatchi”lar bu trekni yaxshi ko‘rardi. Reperga YTHlar bo‘lgan joylardan: “Shokir, salom, birodar! Mana, sening qo‘shig‘ing sadolari ostida shunday avariya bo‘ldi”, degan gaplar bilan videolar jo‘natishardi. Bunday mashhurlik uni cho‘chitib yubordi.
“Esimda, bu “shashka”larning besh qismini yozib bo‘lgach, poygalar haqida qo‘shiq aytishni butunlay to‘xtatdim. Yaqinda “Taroq” nomli trekim chiqdi, u ham poygalar haqida. Ammo u boshqacha. Bu yigit bilan qiz o‘rtasidagi munosabatlarga majoziy ishora bo‘lib, unda qiz o‘zini qoidalarga amal qiladigan to‘g‘ri inson sifatida ko‘rsatsa, yigit haydash mahorati bilan maqtanadi. Bunga javoban qiz bunday xatti-harakat arzimas va noo‘rin ekanligini aytadi”.
Shokir ilgari mashinalar bilan bog‘lagan barcha narsalar yangi qo‘shiqlar matniga singib boradigan assotsiativ qatorni hosil qiladi, biroq ularning mohiyati aynan poyga va “shashka”ga taalluqli bo‘lishi shart emas. Shokirning fikricha, agar qo‘shiq muallifi o‘z hikoyasini faqat poyga metaforasi orqali samimiy ifodalay olsa, boshqa yo‘l nosamimiy chiqishi mumkin. Bunda tinglovchi muallifning yolg‘on ishlatayotganini baribir his qiladi.
“Men his-tuyg‘ularni aldash mumkinligiga ishonmayman. Hammamiz bizga yolg‘on gapirayotganlarini sezish imkonini beradigan dastur bilan tug‘ilamiz. Qo‘shiqlarda ham xuddi shunday. Agar men hozir qo‘shiqda yolg‘on ishlatsam, u hech qachon muvaffaqiyatga erishmaydi, chunki u samimiy emas, haqiqiy emas”.
Shokirning e’tirof etishicha, yugurish va longbordga bo‘lgan yangi qiziqishlari uni yoshlikdagi mashinalar kabi kuchli jalb qilmasa-da, baribir o‘ziga xos zavq bag‘ishlaydi. U Toshkent Sitida yuguradi va longbordda uchadi. U bu joyni yugurish, sayr qilish va yashash uchun eng qulay makon deb biladi.

Siti Shokirning bolalik va o‘smirlik davri o‘tgan joylardan sezilarli farq qiladi. U Qorasuv-1 mavzesida katta bo‘lgan. U yerlar Shokirning shaxsiy shahar xaritasidagi eng sevimli manzillaridan. U hozir ham ruhiy osoyishtalik izlagan vaqti, shu yerlarga kelib turadi.
Rep kundaligi
Do‘stim Zarif Ochilov o‘zbek repi haqidagi filmida, boshqa ijrochilar qatori, Shokirni ham suratga tushirgan. Zarif 2000-yillar boshida, janrning ko‘pchilik vakillari hali rus tilida ijod qilayotgan bir paytda, o‘zbek tilida rep yozgan. Xo‘sh, o‘zbekcha rep nima uchun aynan 20 yildan keyin ommalashib ketdi?

Shokirning ham til bilan bog‘liq o‘ziga xos tarixi bor. U rus tilida ijod qilib, qo‘shiq kuylagan va bu til bilan keng tinglovchilar ommasini topishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda: Moskvada, Dubayda, Olmaotada, Shri-Lankada yashashga harakat qilgan.
“Qanchalik zo‘r mamlakatda yashasam ham, baribir uyni sog‘inardim. Bunchalik sog‘inish to‘g‘ri emas, deb o‘ylardim, keyin tushundimki, men shunchaki vatanparvarman va bunga qarshi hech narsa qila olmas ekanman. Vatanga qaytgach, til o‘rganishni boshladim, chunki besh-olti yil oldin o‘zbek tilini umuman bilmasdim. Talaffuzim juda kulgili edi, mahalladagi bolalar meni “o‘ris” deb masxara qilishardi.
O‘zbekcha repga zarurat “tank”lar paydo bo‘lgach tug‘ildi. Hozir rep aynan kuchli “tank”lar tufayli qiziqarli bo‘lib turibdi. Eski davrda rep shunday edi: “Man sani bilaman, san mani bilmaysan”. U vaqtlardagi o‘zbek repi Amerika repining nusxasi — qo‘pol edi. U ham o‘zicha yangi, qiziq edi-yu, lekin ko‘p ham maroqli emasdi. Hozir esa biz sifat va miqdor jihatidan o‘sdik. Masalan, eng kuchli “tank”imiz — Konstani olsak, u ijtimoiy masalalar, chuqur ichki kechinmalar orqali har bir insongacha yetib bora olyapti, chunki u og‘riqli mavzularni ko‘taryapti — faqat rep shaklida. Uning repi ma’no-mazmunga to‘la.

Buyoqda Massa ham bor — u butunlay boshqa olam. U odamlarga nima kerakligini o‘rgana oldi. Juda ajoyib. Yana kim shunday qila oladi? Mening yo‘nalishim esa umuman boshqacha.

Hozir uchalamiz barcha chartlarda yetakchimiz. Massa sport, qizlar va pul haqida kuylayapti, hozircha uning yo‘lidan hech kim yurganicha yo‘q. Mening yo‘nalishim — chekma, ichma, yon-atrofingga hushyor bo‘l. Men ham hozircha o‘z yo‘nalishimda yagona ilhomlantiruvchiman. Konsta — ijtimoiy mavzular ustasi. Abrobey uning yo‘lidan ketyapti. U dard haqida kuylaydi, lekin uning repida o‘zbekona ohanglar bor: maqomlar, estrada sadolari. Bu qiziq, qandaydir g‘ayrioddiy yangilik.

Yana xorazmlik Asil — Asl Wayne — ham bor. U — G‘arb qiroli. U vokal, ehtimol, xorazmcha nolalar orqali o‘z bozorini topdi. Crazy Chab — Romka Masharipov ham o‘zbek tilida kuylay boshlaganidan juda xursandman. Men unga bu borada ko‘p yalinib-yolvorib, oxiri ko‘ndirdim. Roma ismli yigitning o‘zbek tilida, boz ustiga, Xorazm shevasida rep o‘qishi — mutlaqo aqlbovar qilmas hodisa.
Shokirning fikricha, qo‘pollik va yuzakilik nafaqat o‘zbek repidan, balki global darajada ham yo‘qolgan. O‘zini rep nazariyotchisi qilib ko‘rsatmagan holda, u bu tendensiyani janrlar o‘rtasidagi raqobat bilan bog‘laydi. Har doim rok va pop yetakchi bo‘lgan. Rep esa musiqa makoniga yangi nafas olib kirdi, ammo ohangdorroq bo‘la olgani uchun ommalashdi.
“Bu repni ommalashtirish uchun bo‘lgan ishmi-yo‘qmi, bilmayman. Men bunga chuqur kirishadigan faylasuf ham, tahlilchi ham emasman. Mening birinchi darajali vazifam — ichki og‘riqni, baxtni, yomon va yaxshi narsalarni o‘zimdan chiqarib tashlash. Shuning uchun qo‘shiq o‘rganish men uchun qiyin. Ko‘p yozaman, chunki ichimda doim nimadir kechadi. Rep — mening kundaligim. Odamlar qanday qilib kundalik yozarkin, deb hech tushunmasdim. Keyin angladimki, o‘zim bir umr boshqacha usulda — mikrofon, quloqchinlar va bitta bit bilan kundalik yozib yurgan ekanman”.
Olib-sotarcha fikrlash
Barchasi o‘z davrining mashhur reperi, Xobbit taxallusi ostida ijod qilgan ajoyib san’atkor — Artyom Dolmatovning rep maktabida boshlangan. Shokir to‘rtinchi guruh talabasi edi. Darslar Rim-katolik ibodatxonasida o‘tkazilardi. Bu joy uning xotirasida mukammal akustikasi bilan muhrlanib qolgan bo‘lib, shaxsiy shahar ramzlari ro‘yxatiga ham kiritilgan. Shundan beri 15 yil o‘tdi. O‘zbekistonda hozir ham rep maktabi bormi-yo‘qmi, Shokir bundan bexabar. Ammo bu hodisaning o‘zini bolalar uchun qiziqarli va muqobil mashg‘ulot deb hisoblaydi. Bunday maktabda ular misra tuzishni, yaxshi ohangda kuylashni va hikoya qilishni o‘rganishlari mumkin.
“Treklarimda yevropacha ohangni o‘zbek tili bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilaman. Bu men uchun muhim, chunki qanday bo‘lmasin, Billboard’ga (musiqa sanoatiga bag‘ishlangan nufuzli Amerika jurnalining reytingi — tahr.) kirishim kerak. O‘z qo‘shiqlarim yoki men birga ishlaydigan san’atkorlar orqali bo‘lsa ham. Lekin o‘zbek tilini hamma eshitishi kerak. Uning qanchalik go‘zal va ajoyib ekanini bilishi kerak”.
Bu maqsadga erishish yo‘lida o‘zimga aniq bir muddat qo‘ymaganman, lekin nima qilish va bunga qancha mablag‘ zarurligini aniq bilaman — kamida 10 million dollar kerak. Biz o‘z bozorimizga qarab, million dollarni katta pul deb hisoblaymiz. Men bunday fikrda emasman. Ikki-uch oy ichida investorlar va homiylar orqali bu mablag‘ni yig‘ish mumkin. Qilsa bo‘ladigan ish bu.
Shunday bir test bor edi: siz hayot yo‘lingizda ketayotganingizda, oldingizda oxirgi zina paydo bo‘ladi. Bu zinada o‘zingiz istagan hamma narsaga ega bo‘lasiz. Unga chiqish uchun esa imkoniyatlaringizni taqsimlashingiz kerak: 100 foizlik resursdan qanchasini pulga, qanchasini aqlga va qanchasini atrofingizdagi odamlarga ajratasiz?

Men atrofimdagilarga 90 foiz, qolgan barcha narsalarga 5 foizdan ajrataman. Kuch — netvorkingda. Muloqot orqali hamma narsaga erishish mumkin. Mamlakatimizda millionlab dollar mablag‘ga ega odamlar yetarli. Muhimi, o‘z g‘oyangizni tushuntirib, yetkaza bilishda. Men oyiga muntazam ravishda 5−8 marta g‘oyalarim taqdimotini qilaman. Axir men sotuvchiman-ku. Umrim savdoda o‘tgan, faqat musiqa meni hech qachon tark etmagan. Uskunalar xarid qilish, kompyuter va dasturlarni yangilash, o‘qish, ovoz dasturlash bo‘yicha qandaydir kurslarda qatnashish uchun mehnat qilganman.
Dastlab otamning qurilish kompaniyasida ish boshlaganman. Birinchi topgan pulimga kompyuter sotib oldim. Keyin mikrofon kerak bo‘lib qoldi va otam meni “Akfa” sexiga ishga yubordi. O‘sha paytda juda jizzaki edim, deyarli hamma bilan janjallashardim, hamkasblarimni mensimasdim. So‘ngra savdo agenti bo‘lib ishga joylashdim-u, uch oy davomida bir tiyin pul topa olmadim. Ana shunda men kuch muloqotda ekanini, odamlar bilan samimiy, chin ko‘ngildan muomala qilish kerakligini angladim. Ishimning beshinchi oyida meni yuqori lavozimga ko‘tarishdi. Supervayzer bo‘ldim va butun Toshkentni piyoda kezib chiqdim. Hozir o‘ylab qarasam, o‘sha paytda odamlar biroz mehribonroq va og‘irkarvonroq bo‘lgandek. Bugun hamma tez, puxta-pishiqroq, lekin, shu bilan birga, jozibadorroq ham. Hayot tez harakat qilishga, qarorlar qabul qilishga majburlayapti — pul rag‘batlantiryapti.

Olib-sotarlar bilan muloqot menga hamma ishni uddalash mumkinligini o‘rgatdi. Shunday holatlar bo‘lganki, men o‘zim hech qachon xarid qilmaydigan mahsulotni boshqalarga sotganman. Shuning uchun “bu ish imkonsiz yoki amalga oshirib bo‘lmaydi” deyishsa, ishonmayman. Shunchaki, har bir narsaning pishib-yetiladigan o‘z vaqti-soati bor, xolos.

Taqdimotlarda bizning musiqamiz butun dunyoda yangrashi kerakligini ta’kidlab kelaman. Buning uchun biz tobora ko‘proq platformalarda o‘z o‘rnimizni topishimiz lozim. Platformalarda ijodkorlar soni ko‘payishi uchun esa tinglovchilar ham ko‘payishi kerak. Ammo hozircha aholining to‘lov qobiliyati past. Obunalar soni oshsa, bu ijodkorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va ularni rivojlanishga hamda olg‘a intilishga rag‘batlantiradi.
O‘zbek repi xalqaro bozorni egallashni allaqachondan beri uddalayapti. Shokirning so‘zlariga ko‘ra, Konsta muntazam Rossiyada konsert beradi. Yaqinda Shokirning o‘zi ham Moskvada 2000 kishilik omma oldida chiqish qilgan. Konsertlariga o‘zbek tilini tushunmaydigan tinglovchilarning ham kelishi uni hayratga soladi, vaholanki, uning maqsadi — aynan ularning e’tiborini qozonish.

20-may kuni — Shokir 31 yoshga to‘ladigan sanada — Toshkent teleminorasi ostidagi tennis kortlarida uning konserti bo‘lib o‘tadi. Aytishicha, u bu chiqishi bilan o‘zini o‘zi isloh qilganini va “so‘nggi besh yilda 30 karra o‘sgani”ni tarixga yozib qo‘ymoqchi.
“Avvallari men butunlay boshqacha odam emas. Hayotimda tartib yo‘q edi. Uch kunlab uxlamay yurgan vaqtlarim bo‘lardi, xususan, poygalarni ham deb. Atrofing to‘polonchilar bilan to‘la bo‘lsa, sen o‘zing ham beqaror to‘polonchiga aylanib qolasan. Bularning bari sog‘liqqa, ayniqsa, ruhiy salomatlikka juda salbiy ta’sir qiladi — doimiy xavotir, tahlikada yurasan. Barini bitta irodali qaror bilan o‘zgartirish mumkin. Shuning uchun ham mening matnlarim ilhomlantiradi. Transformatsiya, o‘zgarish, o‘z-o‘zini isloh qilishni nimadan boshlash kerakligini bilaman. Shunchaki o‘zingga to‘g‘ri savollarni berib, o‘z-o‘zing bilan gaplashishing kerak. Agar mendan kishi qaysi uchta savolni o‘ziga berishi kerak, deb so‘rashsa, shunday javob bergan bo‘lardim: “Atrofda meni nimalar o‘rab turibdi? Hozir nima qilyapman? Nega shunday qilyapman?”.
Shokir sayr qilishni tavsiya etadi
Shokir tinglashni tavsiya etadi
Maqola homiysi — Yandex Music.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.

Matn muallifi: Sabina Bakayeva, Viktoriya Abdurahimova.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda