Markaziy Osiyo san’ati tarixi bo‘yicha mutaxassis Lazar Rempelning yozishicha, Buxoro hammomlarining fazoviy o‘lchovi (bino ichki qismlarining hajmi va fazodagi o‘zaro joylashuvi) va tashqi loyihaviy ko‘rinishi, tarkibi va tizimi bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. Masalan, binodagi toshlar o‘rni sal o‘zgartirilsa yoki qo‘zg‘atilsa ham, hammomning isitish texnologiyasi buzilishi mumkin.
Ayrim tadqiqotchilar obidalarning asrlar davomida saqlanib qolganini nafaqat qurilish materiallari sifati, balki ularning falakiyot bilan uyg‘unlashtirib qurilgani bilan izohlaydi. Xususan, Shavkat Bobojonovning tushuntirishicha, ilgari me’morlar binolarni qurishda astronomik jihatlarni ham inobatga olgan.
Masalan, Buxoro Arki Yetti og‘a-ini yoki Cho‘mich yulduz turkumiga qarab, yetti tosh ustunli poydevor shaklida qurilgan, deb taxmin qilinadi. Shuningdek, Masjidi Kalon ham Quyosh tizimi bilan bog‘liq holda qurilgan degan taxminlar bor — emishki, masjidning markaziy gumbazi va uning atrofidagi 288 kichik gumbaz Quyosh va uning atrofidagi osmon jismlarining harakatini ramziy ifodalaydi, deydi Shavkat Bobojonov. Somoniylar maqbarasi esa kvadrat shaklida bo‘lib, ustiga yarim sharsimon gumbaz o‘rnatilgan — shundan kelib chiqib, kvadrat Yerni, gumbaz esa Oyni ifodalashi taxmin qilinadi.
Hammomlar orasida me’moriy jihatdan eng yaxshisi deya ta’riflanadigan Sarrofonga, jumladan, uning pol ostidagi isitish tizimiga sovet davridagi ilmiy-tadqiqot ishlari vaqtida jiddiy zarar yetkazilgan va hammom foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan, deyiladi Madaniy meros agentligi axborotida. O‘z navbatida, hammomning jiddiy zarar ko‘rishiga unga uzoq vaqt texnik xizmat ko‘rsatilmagani, materiallarining eskirganligi va ekstremal iqlimning ochiq ta’siri ostida qolgani ham sabab bo‘lgan.
1970−1990-yillari oralig‘ida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari davomida Sarrofon hammomning me’moriy elementlari — gumbazlari, devor bezaklari, kirish qismi va pol strukturalari imkon qadar saqlab qolingan. “Bu elementlar uning tarixiy va me’moriy yodgorlik sifatida qadrlanishni belgilaydi va „hammomlik“ funksiyasini saqlab qolganini anglatadi”, — deyiladi agentlik ma’lumotida.
“Toqi Sarrofon” hammomi investitsiya kiritish sharti bilan Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-fevraldagi 53-sonli qarori asosida ijaraga berilgan. Qaror doirasida obyektni ijaraga oluvchi tashkilot majburiyat sifatida hammomni ta’mirlash, zamonaviy talablarga moslashtirish va u orqali madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha zarur choralarning ko‘rilishini ta’minlashi lozim. Hozirgi vaqtda hammomda an’anaviy isitish tizimidan foydalanilmaydi.
Bugungi kunda Kunjak va Bozori Kord hammomlari O‘zbekistondagi barcha madaniy meros obyektlari qatori muhofaza qilinmoqda, ehtiyoj tug‘ilganda ilmiy asosda restavratsiya qilinadi. Madaniy meros agentligining ruxsatisiz ijarachalar biror joyni o‘zgartirishlari mumkin emas. Hatto har kunlik tozalash ishlari ham Sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuningdek, 1920-yilgi bombardimonlardan yarim vayronaga aylangan Kavshi Olak (yoki Amiri) hammomi ham hozirda arxeologiya obyekti sifatida muhofazaga olingan.