Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Buxorodan sovg‘alar
200 ming so‘mgacha bo‘lgan beshta noodatiy va amaliy sovg‘a
Har qanday sayyoh u yoki bu joyga borganida, o‘zi va yaqinlari uchun biror esdalik sovg‘a olib ketishni istaydi. Ammo, bir vaqtning o‘zida ham esda qolarli, ham hamyonbop esdalik topish oson ish emas. “Gazeta.uz” Buxoroda 200 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin bo‘lgan ommabop sovg‘alar ro‘yxatini tuzdi.
Har qanday sayyoh u yoki bu joyga borganida, o‘zi va yaqinlari uchun biror esdalik sovg‘a olib ketishni istaydi. Ammo, bir vaqtning o‘zida ham esda qolarli, ham hamyonbop esdalik topish oson ish emas. “Gazeta.uz” Buxoroda 200 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin bo‘lgan ommabop sovg‘alar ro‘yxatini tuzdi.
Qo‘lda yasalgan qo‘g‘irchoqlar

150 ming so‘mdan boshlanadi
Buxoro qo‘g‘irchoqlari — shunchaki suvenir bo‘libgina qolmay, sharqona iliqlikni o‘zida mujassam etgan kichik san’at asarlaridir.

Labi Hovuz atrofidagi Zokir Jo‘rayev va Iskandar Hakimov ustaxonasida Amir Olimxon va kanizaklari ko‘rinishidagi, shuningdek, zardo‘zi libosdagi Buxoro qizlariyu ertak qahramonlari kabi turli qo‘g‘irchoqlarni topish mumkin.

Qo‘l mehnati bilan yasalgan bu o‘yinchoqlar nafaqat kolleksionerlar, balki o‘zbek urf-odatlari va Buxoroning ko‘hna shukuhini qadrlaydigan har qanday kishini xursand qilishi aniq.
Shopperlar

50 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha
Shopperlar kundalik hayotda ham, safarda ham foydali, buning ustiga ajoyib aksessuar. Eng yaxshi tomoni Buxoroda tanlov keng: xohishingizga qarab adras, baxmal, so‘zani kashtadan tikilgan yoki bosma naqshli sifatli shopperlarni topishingiz mumkin.
Bezakli yostiqjildlar

30 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha
Yostiq nafaqat hordiq vaqti eng yaxshi hamroh, shu bilan birga intererning chiroyli bir detali ham. Turfa ko‘rinishdagi yostiqjildlar kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Agar u Buxoroni ham eslatib tursa, qanday yaxshi, shunday emasmi?

Olimxon karvonsaroyi va Labi Hovuz atrofidagi do‘konlarda quroq uslubida tikilgan, kashtalar bilan bezatilgan hamda zamonaviy tasvirlar tushirilgan yostiqjildlar sotiladi.
Sho‘rdanaklar

kilosi 30 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha
Buxoro sho‘rdanaklar totliligi bilan mashhur. Danaklar qanchalik mayda va po‘chog‘i yupqa bo‘lsa, sho‘rdanakning navi shunchalik yuqori bo‘ladi. Buxoroning qurg‘oqchil iqlimi o‘rikning mayda danakli navlarini yetishtirish uchun qulay bo‘lgani bois bu yerda boshqa viloyatlar yoki poytaxtga qaraganda sifatli sho‘rdanaklarni topish osonroq.
Bosh kiyimlar

150 ming so‘mdan boshlanadi
Bosh kiyim ham sovg‘a uchun yaxshi tanlov. Ayniqsa, milliy naqsh va kashtalar bilan bezatilgan bo‘lsa. Labi Hovuz bo‘yidagi do‘konlarda shunday shaklda do‘ppi va kepkalarni sotib olish mumkin.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan

Fotosuratlar muallifi — Yevgeniy Sorochin.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda