1. Agar o‘zimni maktab bitiruvchisi deb tasavvur qilsam, avvalo, vaqt — eng muhim resursligi, u cheklangani va uning o‘rnini hech qachon qayta to‘ldirib bo‘lmasligini eslatgan holda, uning qadriga ko‘proq yetish hamda undan yanada unumliroq foydalanishni o‘zimga maslahat bergan bo‘lar edim.
2. Uchta eng muhim hislat:
Tanqidiy fikrlash va intellektual kamtarlik. Sun’iy idrok, texnologiya rivojlanayotgan davrda yangi ma’lumotlarning yaratilishi, ularning tarqatilishi va qabul qilish tezligi kundan-kunga tezlashib bormoqda. Eski avloddan farqli o‘laroq, yangi avlodda teskari muammo mavjud — ma’lumotlar haddan ziyod ko‘p, ular orasida feyklar va qasddan yolg‘on ustiga yaratilganlari ham cheksiz.
Shuning uchun ma’lumotni xolisona tahlil qilish, tarafkashlik mavjudligini his qilish va ishonchli dalillar taqdim etilganda fikrni o‘zgartira olish qobiliyati juda muhimdir. Insonda o‘zi avvaldan ishongan narsasini tasdiqlovchi ma’lumotlarga shubha bilan qarash, turli nuqtai nazarlarni izlash va biror narsani bilmaganida, uni tan olish — katta hislat.
Men doimo bilmagan narsamni bilmayman deyishga va u haqida o‘rganishga harakat qilaman. Menda hatto bilaman deb o‘ylagan narsamni ham bilmayman deyish pozitsiyasi doimo mavjud.
Uzluksiz o‘rganish va mehnat. Tez o‘zgaruvchan va shiddat bilan rivojlanayotgan dunyomizda moslashuvchanlik va uzluksiz o‘rganish eng katta boyliklardan biridir. Yoshlar muvaffaqiyatga bir zumda yetish emas, balki vaqt mobaynida izchil harakat qilish, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish orqali yetishish mumkinligini tushunishlarini hohlar edim.
Ingliz tilida integrity degan so‘z bor — u poklik va hallolikni anglatadi. Mana shunday o‘zgarmas axloqiy prinsiplar va halollik (integrity) hislati yoshlarda bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Insonlarga qisqa erishilgan va qoidalarni cheklab o‘tilgan muvaffaqiyatlar mukofotlanadigandek tuyuladigan davrda, muvaffaqiyat uchun o‘z vijdonidan, axloqiy prinsiplar va halollik (integrity)dan voz kechmaganlar keskin ajralib turadi. Bu hatto, hech kim sezmasa ham, ko‘rmasa ham, to‘g‘ri ish qilish, qiyin bo‘lsa ham haqiqatni aytish va hatto noqulay bo‘lsa ham majburiyatlarni bajarish kerakligini anglatadi.
3. Sizning avlodingiz aqlbovar qilmaydigan imkoniyatlarga ega, har qachongidan ham eng yaxshi davrda ulg‘ayyapsizlar, deb o‘ylayman. Bugungi kunda insoniyat iqtisodiy farovonlik, salomatlik, umr ko‘rish davomiyligi, imkoniyatlar bo‘yicha hatto bir-ikki avlod oldin ham tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadan bahramand bo‘lmoqda. Lekin muvaffaqiyat baribir o‘sha abadiy fazilatlarni talab qiladi: mehnatsevarlik, halollik, sabr-toqat va donolik. Buni erta tushunganlar baxtli va muvaffaqiyatli hayotni yaratadi.
Yangi hayotga qadam qo‘yar ekansiz, barqaror o‘sishni ta’minlaydigan asosiy narsalarni himoya qiling: uyqu, salomatlik, harakatlanish va sport, oila, haqiqiy do‘stlik va axloqiy prinsiplar. Hayotingizning kelgusi yillari jarayonlarni (masalan, sun’iy idrok orqali) osonlashtiruvchi va tezlashtiruvchi yechimlarga to‘la bo‘ladi. Yon-atrofdagilar, tengdoshlaringiz doim sizdan muvaffaqiyatliroq, daromadi ko‘proq yoki omadliroq bo‘lib tuyulishi mumkin, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda. Siz o‘z yo‘lingizga diqqat qiling, boshqalarning sur’atiga emas. Har bir insonning hayoti o‘ziga xosdir hamda ijtimoiy tarmoqlar va hikoyalar orqali siz ularning kurashlari, ziddiyatlari va muvaffaqiyatsizliklarini emas, balki faqat yorqin lahzalarini ko‘rayotgan bo‘lishingiz mumkin.
Tez muvaffaqiyatga erishish, daromad olish yoki istalgan maqsadga erishish uchun hech qachon qisqa va nopok yo‘llarni tanlamang. Birovlarni aldash, imtihonlarda ko‘chirish, yolg‘on ustiga munosabat va sherikchilikni qurish hamda boshqalarning mehnatini o‘zimniki deb o‘g‘irlash, g‘irromlik qilib bo‘lsa ham maqsadga yetish kabi vasvasaga soladigan onlar son-sanoqsiz bo‘ladi. Ushbu vasvasalarga butunlay qarshi turing, pokligingizni, obro‘ingizni saqlang. Poklik ishonchni mustahkamlaydi, ishonch esa barcha mazmunli munosabatlar va muvaffaqiyatlarning asosidir!