Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Buxoro boʻyicha gastronomik qoʻllanma
Nimani qayerda tatib koʻrish mumkin?
Buxoroning gastronomik manzarasi uning tarixiy obidalari kabi boy va rang-barang. “Gazeta.uz” shaharda sayyohlar tatib ko‘rishi mumkin bo‘lgan mashhur taomlar va ular tayyorlanadigan maskanlar ro‘yxatini taqdim etadi.
Ro‘yxat Buxoro shahridagi USTO mehmon uyi (“Art guest house USTO”) oshpazi Ruxsora Umarova tavsiyalari asosida tuzildi.
Buxoroning gastronomik manzarasi uning tarixiy obidalari kabi boy va rang-barang. “Gazeta.uz” shaharda sayyohlar tatib ko‘rishi mumkin bo‘lgan mashhur taomlar va ular tayyorlanadigan maskanlar ro‘yxatini taqdim etadi.

Ro‘yxat Buxoro shahridagi USTO mehmon uyi (“Art guest house USTO”) oshpazi Ruxsora Umarova tavsiyalari asosida tuzildi.
Foto: The Plov / Instagram
Sofi osh

O‘zbek palov madaniyati turfa. Har bir hududning o‘ziga xos palov tayyorlash usuli bor. Nomi forschadan tarjima qilinganda “haqiqiy osh” degan ma’no bildiruvchi sofi osh (oshi sofi)ni Buxoroning taomlar bo‘yicha tashrif qog‘ozchasi deb ta’riflash ham mumkin.

Sofi osh boshqa palovlardan tayyorlanish usuli bilan farq qiladi. Unda masalliqlar alohida qaynatilib, tartib bilan mis qozonga joylanadi va bug‘da pishiriladi.
Dastlab qozonga go‘sht hamda parrak qilib to‘g‘ralgan piyoz solinib, bir soat past olovda qaynatib olinadi. So‘ng alohida boshqa qozonda qaynab turgan suvga guruch va tuz solinib, 3−4 daqiqa pishiriladi, keyin bo‘yra ustiga yoyib qo‘yiladi. Guruchga ziravorlar sepib aralashtiriladi.

Shundan keyin mis qozonga qaynatilgan go‘shtning sho‘rvasi, go‘sht, mayin qilib to‘g‘ralgan sabzi, no‘xat, mayiz hamda bo‘yradagi guruch tartib bilan solinadi-da, 40 daqiqa bug‘ga qo‘yiladi.

Bug‘da deyarli pishib bo‘lgan masalliqning ustidan uchinchi bir qozonda qizdirilgan juvoz (chigitdan olinadigan yog‘) va paxta yog‘i quyilib, 15 daqiqaga damlab qo‘yiladi. Katta tovoqlarga avval bir-biriga yopishmagan, dona-dona bo‘lib chiqqan guruch, ustidan sabzi, mayiz, no‘xat, keyin esa to‘g‘ralgan go‘sht qo‘yilib, taom dasturxonga tortiladi.

Mis qozonda, bug‘da qaynatib pishirilgani uchun ham sofi osh parhezbop yengil taom sifatida qadrlanadi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: The Plov
2020-yilda ochilgan va bir vaqtning o‘zida 400 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega ushb muassasada haqiqiy o‘zbekona shukuhni ham his etish mumkin. Shift qismi adras matoli yopinchiqlar-u qandillar, devorlari Buxoro tarixi va me’morchiligiga oid suratlar, sopol tovoqlar va pardalar uyg‘unligida bezatilgan.

Sofi osh narxi: 1 porsiyasi — 40 ming so‘m; 0,7 porsiyasi — 37 ming so‘m.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Abu Ali Ibn Sino shoh ko‘chasi, 8/1. Moʻljal: “Dunyo tekstil” do‘koni oldida.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    Osh ikki navbatda pishiriladi. 1-navbat — 11:00 dan 15:00 gacha, 2-navbat — 18:00 dan 21:00 gacha. 10 kishidan ko‘p guruhlar oldindan stol buyurtma qildirishi lozim.
  • Telefon raqami:
    (+998) 93 960-25-55.
Foto: “Kurutobxona” restorani / Instagram
Qurutoba
Tojik milliy taomi hisoblangan qurutoba Buxoroda juda mashhur, yaqin-yaqindan poytaxt Toshkentda ham ommalasha boshladi. Qurut, patir, yog‘, go‘sht, pomidor va bodring qo‘shib tayyorlanadigan bu taom ayniqsa yozning jazirama kunlarida juda talabgir bo‘ladi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: “Kurutobxona” restorani
Bu muassasa tarixi bilan bog‘liq qiziq bir fakt bor: uning oshpazlari qurutobaning eng haqiqiysini tayyorlash uchun Tojikistonga maxsus borib, bu taom sir-asrorlarini o‘rganib kelgan. Ammo “eng haqiqiy qurutoba” buxoroliklarga unchalik ma’qul kelmagan. Shu sababli u 2015-yilda bir, keyin 2022-yilda yana bir o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Oxir-oqibat “Qurutoba” restorani oshpazlari bu taom bo‘yicha o‘z retseptini ishlab chiqqan.

Tojikistonda foydalaniladigan zig‘ir yog‘i Buxoroning issiq iqlimiga to‘g‘ri kelmagani uchun “Qurutoba"da tabiiy sariyog‘dan foydalaniladi. Taom o‘zi juda yog‘li bo‘lgani uchun, uning ichiga solinadigan patir imkon qadar yog‘sizroq qilib pishiriladi. Go‘shti esa ko‘zada 6 soat davomida qaynatiladi. Qurutlar odatda sigir sutidan bo‘ladi, ammo bu taomga qo‘shiladigan qurutlar orasida echki sutidan qilingani ham bo‘lishi shart.

“Qurutoba” restoranida bu taom dasturxonga yong‘oq daraxti yog‘ochidan tayyorlangan tovoqda tortiladi. Tamaddixona rahbari Hilola Temirovning ta’kidlashicha, taomning o‘zini ham yong‘oq yog‘ochidan tayyorlanan qoshiqda tanovul qilish kerak, “chunki yong‘oq daraxtining o‘ziga xos hidi qurutoba ta’mi bilan qorishganida, faqat shu taomgagina xos maxsus yangi is paydo bo‘ladi”. Uning oddiy qilib tushuntirishicha, “bunday idishlarsiz qurutoba — qurutoba emas”.

“Kurutobxona” restorani yozda bir vaqtning o‘zida 100 nafar, boshqa fasllarda esa 60 nafargacha xo‘randaga xizmat ko‘rsata oladi. Hilola Temirovaning qayd etishicha, Tojikiston bilan chegaralar ochilib, o‘zbekistonliklar qurutoba borgan sari ko‘proq totib ko‘ravergani sayin, O‘zbekiston shaharlarining o‘zida ham bu taomga bo‘lgan talab oshdi. Shu bois “Qurutoba” 2024-yilda o‘z faoliyatini qayta tiklab, hozirgacha uzluksiz ishlab kelmoqda.

Qurutoba narxi: 1 porsiyasi — 90 ming so‘m.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Samarqand ko‘chasi, 174-uy. Moʻljal: Samarqand Darvozasining orqa tarafida.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    11:00 dan 22:00 gacha, dam olish kunisiz.
  • Telefon raqami
    +998 90 718−11−12
    +998 90 718−55−05.
Foto: Pinterest
Qayish
Buxoroda xamirli taomlar ko‘p iste’mol qilinadi. Shuning uchun restoranlar menyusida ularning turfa xillarini uchratasiz. Masalan, shilpildoq va beshbarmoqqa o‘xshash, faqat qiyma yo qaylasi bilan farq qiladigan qayish taomi to‘yimli va mazaliligi bilan buxoroliklar mehrini qozongan.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Joy  choyxonasi
G‘ulomjon karvonsaroyida 2023-yili tashkil etilgan Joy choyxonasi o‘zining ayvonli intereri, naqshinkor matolar bilan bezatilgan stol-stullari bilan xo‘randalarini tarix, sharqona hashamat va zamonaviylik uyg‘unlashgan muhitga olib kiradi.

Choyxona bir vaqtning o‘zida 130 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Qayish narxi: qiymali qayish — 55 ming so‘m, suzmali qayish — 45 ming so‘m.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Sarrofon ko‘chasi, 2-uy. Labi Hovuz maydoni.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    11:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunisiz.
  • Telefon raqami:
    +998-88 183−02−00.
Foto: Uzbekistan.travel
Tandir kabob
Tandir kabob o‘zbek oshxonasida o‘ziga xos ta’mi bilan mashhur.

Tandir kabob tayyorlash bo‘yicha har yerning o‘z retsepti bor. Umumiy qoidalarda yangi so‘yilgan qo‘y go‘shti yirik bo‘laklarga bo‘linadida tuz va ziravorlar bilan aralashtirilib, orasiga archa bo‘laklari qo‘yib bir muddat tindiriladi. Archa taomga xushbo‘y hid va xushta’m maza beradi.

So‘ng tandir tayyorlanadi. Uning ichiga o‘tin yoki ko‘mir yoqilib, devorlari qizdiriladi. Tindirib qo‘yilgan go‘shtlar uzun temir tayoqlarga ketma-ket ilib chiqilib, qizigan tandirga tushiriladi.

Go‘sht tandir ichida bir necha soat davomida bug‘da, o‘z sharbatida pishadi. Kabob pishib bo‘lgach, ko‘katlar, piyoz va tandir non bilan birga dasturxonga tortiladi. Tandir kabob qadimda ko‘chmanchi qabilalar, janchilar va sayohatchilar uchun yo‘lda pishirishga qulay taom bo‘lgan bo‘lsa, cho‘ponlar bu taomni yerosti tandirida tayyorlashgan.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: “Chor Bakr” kafesi
Bir paytning o‘zida 200 nafargacha xo‘randaga xizmat ko‘rsata oladigan “Chor Bakr” kafesi 1991-yilda beri faoliyat olib boradi.Bu yerda tandir kabob qo‘zichoq go‘shtidan, o‘rik kundalari va archa bilan pishirilib, 2,5 soat davomida tayyorlanadi.

Bu yerda yil-12 oy tandir kabob tayyorlanadi. Shuningdek, buyurtmaga qarab, vegeterian taomlar ham tayyorlab berilishi mumkin.

Tandir kabob narxi: 1 kilogrammi — 246 ming so‘m.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Chor Bakr, 4. Chor Bakr masjidi oldi, Jondor yoʻlida.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    11:00 dan 23:00 gacha.
  • Telefon raqami
    +998 90 413−63−75.
Foto: “Mantuxona” / Instagram
Manti
Manti — o‘zbek milliy oshxonasining xamir va qiyma uyg‘unligidagi mashhur taomlardan biri. Manti tayyorlash boshqa milliy taomlardan o‘zining nozikligi va sabr talab qiluvchi jarayoni bilan ajralib turadi. Uning mazasiga o‘ziga xos shirinlik va yumshoqlik beruvchi asosiy sir — qo‘lda mayda to‘g‘ralgan go‘sht va ko‘p miqdordagi piyozdir. Go‘sht va piyoz tuz hamda ziravorlar bilan aralashtirilib, o‘zida sharbat to‘plashi uchun biroz tindiriladi.

Tarkib yupqa yoyilgan xamirga solinib, har bir hududning o‘ziga xos bo‘lgan maxsus usulida qadaladi va mantiqozonga qo‘yilib, bug‘da pishirib olinadi. Mavsum va xohishga qarab qovoq, ismaloq, kartoshkadan ham manti tayyorlash mumkin, ammo xo‘randalar orasida go‘shtli manti talabgir.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: “Mantuxona” / “Chorbaxosa”
1984-yildan beri faoliyat olib borayotgan “Chorbaxosa” kafesining ikkinchi nomi — “Mantuxona”. Bu yerda faqat va faqat manti pishiriladi.

Ushbu muassasa mantilarining xamiri yupqaligi va go‘shtining mayinligi bilan mashhur, shuning uchun bu yerda bir vaqtning o‘zida o‘nlab va hatto yuzlab xo‘randa taomlanishidan hayron qolmasa ham bo‘ladi.

Manti narxi: donasi 7,5 ming so‘mdan.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Sulaymon Murodov koʻchasi, 23-uy. Moʻljal: Buxoro Markaziy bozori, sumka sotiladigan doʻkonlar roʻparasi.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    8:00 dan 22:00 gacha, dam olish kunisiz
  • Telefon raqami
    +998 93 960 77 74.
Foto: meros.uz
Somsa
Somsa — eng qadimiy taomlardan biri va, palov singari, uning ham har bir hududda o‘ziga xos turi bor. Buxoro somsalari orasida eng mashhuri, shubhasiz, Olot somsasi bo‘lsa kerak.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: La Samsa Bukhara kafesi
Aslida Samarqandning brendi bo‘lgan La Samsa’ning Buxoro filiali ochilganiga hal bir fasl ham bo‘lgani yo‘q. Bu yerda xo‘randalarga Olot somsasidan tashqari Qorako‘l somsasi va qatlama-somsa ham taklif etiladi. (Qorako‘l somsa tandirda pishiriladi, go‘shti ko‘proq va xamiri qarsildoq bo‘ladi. Olot somsa esa go‘shti kamroq va xamiri oddiy bo‘lib, pechda pishiriladi).

Somsa narxi: Tovuqli va kartoshkali qatlama somsa — 8 ming so‘mdan, go‘shtli qatlama somsa — 12 ming so‘m, Qorako‘l somsasi — 15 ming so‘m, Olot somsasi — 12 ming so‘m.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Muhammad Iqbol ko‘chasi, 7-uy. Mo‘ljal: Sahid Zarafshan mehmonxonasi yonida.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    24/7
  • Telefon raqami
    +998 95 846−70−00
    +998 99 078−78−80.
Foto: Greycat кафеси / Instagram
Pitsa
Klassik va zamonaviy ta’mlar uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan, italyan oshxonasidan butun dunyo menyusiga ko‘chgan pitssalar har qanday joy va davrada talabgirligicha qolaveradi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Greycat kafesi
2024-yil avgustidan beri faoliyat olib borayotgan ushbu tamaddixonada 10 dan ortiq turdagi pitssalar pishiriladi, bolalar uchun ham maxsus takliflari bor. Bu yerda tayyorlanadigan pitssalarning uni aynan Italiyaning o‘zidan keltiriladi.

Greycat kafesida pitssadan tashqari pasta, turli salat, steyk va barbekyular ham tayyorlanadi.

Pitsa narxi: 70 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha.
  • Manzil
    Buxoro shahri, Ko‘ksaroy ko‘chasi, 19. Moʻljal: Kogon yo‘lida
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    8:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunisiz
  • Telefon raqami
    +998 99 460−00−06.
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Qo‘shimcha tavsiyalar
Agar nonushta yoki yo‘l-yo‘lakay tanovul qilib ketish uchun nimadir yegulik kerak bo‘lsa, Buxoro Markaziy bozori va “Zelyoniy bozor” — eng yaxshi manzil.
Markaziy bozor
Bu yerda holva, qaymoq, non, parvarda, nisholda, sho‘rdanak, bichak, salat va tuzlamalar bo‘yicha keng tanlov qilish mumkin.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    Dushanbadan jumagacha har kuni soat 8:00 dan 18:00 gacha.
Yashil bozor (“Zelyoniy bozor”)
Quruq va ho‘l mevalar, ko‘katlar, sut, qaymoq, bichak, tuxumbarak, non, baliq kabilarning yangi va mazalilarini topish mumkin. Bu yerda oshpaz va asl dehqonlarning o‘zi sotuvchilik qiladi.
  • Joylashuv
  • Ish vaqti
    Har kuni tongda, soat 6:00 dan 10:00 gacha.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda