“Implantli insonlarga achinmang, hammadek munosabatda bo‘ling”

Aka-singil Ubaydullayevlar hikoyasi

Hayot odamlarning farqli ekani va o‘ziga xosligi bilan go‘zal, deb hisoblovchi bu aka-singilning to‘ng‘ichi hozirda sport, kenjasi esa tibbiyot yo‘nalishida tahsil oladi. Ayni damda, ular san’at shaydosi ham. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramonlari — Azamat va uning singlisi Sevara.
Hayot odamlarning farqli ekani va o‘ziga xosligi bilan go‘zal, deb hisoblovchi bu aka-singilning to‘ng‘ichi hozirda sport, kenjasi esa tibbiyot yo‘nalishida tahsil oladi. Ayni damda, ular san’at shaydosi ham. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramonlari — Azamat va uning singlisi Sevara.
“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʻda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
Kishi ulg‘aygani sari bu hayotdagi muammolar bolaligida o‘qigan ertaklaridagi kabi qandaydir sehrli so‘z yo tayoqcha bilan emas, balki aql bilan hal qilinishini anglab boradi. Lekin bu — hayotda mo‘’jizalar umuman sodir bo‘lmaydi, degani emas. Turli ixtirolar, masalan tibbiy kashfiyotlar sabab ayrimlarning oyoqqa turishi, yorug‘ dunyoni ko‘ra boshlashi, eshitishi va umuman dardlarga davo topilishi ham bir karomat asli.

Aka-singil Ubaydullayevlarning bu boradagi fikri biroz boshqacharoq — toshqotgan, ko‘zlari ko‘r va quloqlari kar qalb qarshisida ilm-fanu kashfiyotlar ham ojiz. Qalb, uning his qilishdan to‘xtamasligi eng katta mo‘’jiza, musiqa esa so‘zlar ifodalolmaydigan qalbning iqrori. Bu iqror Azamatning childirmasi, Sevaraning bo‘lsa gitarasida dilhiroj bo‘lib yangraydi.
Farzand
21 yoshida hamshahariga turmushga chiqqan buxorolik Dilovar Bafoyeva to‘ng‘ich farzandi — Azamatni ilk bor bag‘riga bosganida tushkunligu shamollashlar bilan o‘tgan homiladorligidagi qiyinchiliklarni esidan chiqarib yuborgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, Toshkentda o‘qiyotgan turmush o‘rtog‘ining yoniga ko‘chib kelganida, hali bir yoshga to‘lib ulgurmagan o‘g‘li kasal bo‘lib qoladi.
реклама
реклама
Sevaradan farqli o‘laroq, to‘ng‘ichimizning eshitmasligini ancha kech — 8 oyligida bilganmiz. Buni birinchi marta SamPI (Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, ToshPTI)dagi shifokor payqagan. O‘shanda Azamat shamollab qolgandi. Avvaliga ishonmaganmiz, lekin takroriy tekshiruvlar do‘xtirning haqligini ko‘rsatgan.
Kutilmagan tashxisdan tushkunlikka tushgan ota-ona, avvaliga, bolamiz do‘stu begona orasida gap-so‘zga qoladi, deb bu haqda hech kimga aytmaslik haqida o‘ylaydi. Lekin keyinroq bu holatni birinchi galda o‘zlari qabul qilishlari lozimligini, qolaversa, bu uyaladigan va yashiradigan narsa emasligini tushunib yetadi.

Hali hech kim bilmagan payt Azamatning ovozlarga e’tiborsizligini birinchilardan bo‘lib bobosi payqaydi. Kun kelib ikkala nabirasining qariyb 35 ming dollarlik operatsiyasini ham aynan Ubaydullo ota qoplaydi.
Mutaxassisligi LOR bo‘lgan turmush o‘rtog‘im koxlear implant qo‘ydirish bo‘yicha izlanib, 2008-yili Azamatni operatsiya qildirish uchun Rossiyaga olib borgan. U yerdagi mutaxassislar bilan tanishib, tajriba almashgach, ular erimga jarrohlik amaliyotidan so‘ng implantlarni sozlashni o‘rgatishga tayyorligini bildirgan. Qaysidir ma’noda farzandlarimiz sabab audiologlikni tanlagan umr yo‘ldoshim shundan beri boshqa bolalarning ham quvonchiga sababchi bo‘lib kelyapti.
Audiolog — eshitish muammolarini aniqlash, eshitish apparatlari va koxlear implantlar kabi qurilmalarni sozlash hamda ularni foydalanuvchilarga moslashtirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis.
Onda-sonda otasining ishxonasiga borib, umrida ilk bor eshitayotgan kichkintoylarning hayratini kuzatishni yoqtiradigan va kelajakda o‘zi ham dadasi — Maxsud akaning ishidan davom ettirib, hayrat ulashish niyatida bo‘lgan Sevaraning operatsiyasi esa O‘zbekistonning o‘zida o‘tkazilgan.

“Azamatning operatsiyasi yaxshi o‘tgach, 2009-yili Sevara uchun shifokorlarni Toshkentga chaqirtirganmiz. Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazida Sevara va yana ikki kishi operatsiya qilingan. O‘shanda bu eshitish implantlarini o‘rnatish bilan bog‘liq O‘zbekistonda o‘tkazilgan birinchi amaliyot bo‘lgandi”, — deya eslaydi Dilovar opa.
Shunday qilib, olamni ovozlar vositasida ham anglashni Azamat 5 yoshida, Sevara esa 2,5 yoshidan boshlaydi. “Oyi”, “dada” degan so‘zlarni eshitishni besh yil kutgan ota-ona farzandlaridagi kichik o‘zgarishlarni ham katta sensatsiyadek kutib oladi. Bolalarning tovushlarga reaksiyasini, talaffuz qilishga urinishini zo‘r hayajon bilan kuzatadi. Ovozlar bilan bog‘liq kashfiyot, masalan, Azamatning o‘ziga ham qiziq bo‘lgan.
Bolaligimda ko‘pchilik shunchaki oddiy, men esa implant bilan eshitganim uchun o‘zimni boshqacharoq his qilardim. Esimni tanigach, odamlarning fikrlashi va ichki dunyosi turfa bo‘lgani kabi, tashqi tarafda ham farqlar bo‘lishi normal ekanini, hayot shunday o‘ziga xosliklari bilan rang-barangligini tushunib yetganman.
Eshitish bo‘yicha nogironligi bor ba’zi bolalarning ota-onalari implant naf berganidan xabar topgach, natija bilan tanishish uchun Maxsud akalarnikiga kelib turishi odatiy holga aylanib qolgan. Xonadon egalari ham umid bilan kelganlarni har doim ochiq chehra bilan kutib olib, imkon qadar yordam berishga harakat qilgan.

“Poytaxt va viloyatlardagi sharoitlar bir-biridan keskin farq qilishini bemor, nogironligi bor bolalarning ota-onalari juda yaxshi biladi. Surdopedagogga berish, mutaxassis bilan shug‘ullantirishga sharoiti yo‘qligi bois farzandi rivojlanishdan ortda qolayotgan, buning uchun ich-etini yeyayotganlar, yolg‘iz onalar qancha. Ularni hech bo‘lmasa ma’nan qo‘llab-quvvatlash, imkoni boricha ko‘maklashish kerak”, — deb hisoblaydi Dilovar opa.
Hayot — eng katta maktab
“Transport, ko‘chalar va umuman jamoat makonlari qulay va inklyuziv bo‘lsa, ta’lim dargohlarida har kim teng ta’lim ololsagina inson o‘zini jamiyatning to‘laqonli bir bo‘lagi ekanini his qiladi”, — deydi onasining maktab bilan bog‘liq tahqirlovchi vaziyatga duch kelganini eslagan Sevara.
Azamatni oddiy maktabga joylashtiraman deganimda, ba’zilar ustimdan kulgan. Maktab direktorlari pedagog bo‘la turib bolamni mensimagani, „o‘g‘lingiz bizga to‘g‘ri kelmaydi“, deb qaytarganini, Sebzordagi 122-maktabning rahbari: „Bolangiz yaxshi gapirmas, eshitmas ekan-ku, bunday bolalarni o‘qita olmaymiz“, deganini hech esdan chiqarolmasam kerak.
Mening farzandim ham boshqa bolalar kabi oddiy maktabga borishga haqli, degan shahdidan qaytmagan ayol o‘g‘lini oxiri 146-maktabga joylashtirishning uddasidan chiqadi.

“Moslashuv sekin bo‘lganigami, Azamat biroz tortinchoqroq edi. Shungamikin, maktabda o‘quvchilar bilan tanishuv vaqti uyalganidan tashqariga qochib chiqqan. Keyin maktab rahbari Zurriyot opaning o‘zi uni sinfga olib kirib, joylashtirgan”, — deb eslaydi ona.
Umuman, Azamatni bir safar to‘rt-besh bola o‘rab olib, qulog‘idagi apparati haqida so‘roq qilgani, Sevara bir-ikki marta ustozlarining bo‘lmag‘ur gap-so‘zlaridan yig‘lab kelganini hisobga olmasa, aka-singilning bolaligi yaxshi voqealar va to‘garaklardagi qiziq mashg‘ulotlar bilan o‘tgan. Bunda, albatta, ularning hamma bilan bir va teng o‘sishi uchun intilgan ota-onaning o‘rni beqiyos.
Mashg‘ulot va iroda
Nima qilsa bolalarining kelajagi uchun manfaatli bo‘lishi haqida ko‘p bosh qotirgan ota-ona aka-singilni qo‘shimcha mashg‘ulotlar — rassomchilik va raqsga bergan.
“Ham band bo‘lsin, ham ijtimoiylashsin, deya bolalarni imkon qadar uyda olib o‘tirmaslikka harakat qilganmiz. Yassi oyoq bo‘lgani uchun Sevarani gimnastika va raqs to‘garaklariga ham berganimizda, ayrim qarindoshlarimiz gap-so‘z qilgan. Agar odamlarning bunday gaplariga quloq solganimizda, bolalarimiz rivojlanishda orqada qolgan bo‘lardi”, — deydi Dilovar opa.
Aka-singil to‘garaklarga qatnab yurgan vaqti ularga qo‘yilgan implantlarni ishlab chiqargan “Med-El” kompaniyasi festival va tadbirlar uchun iste’dodli bolalarni saralab olishni boshlagan. Sahna chiqishlariga tayyorgarlik jarayonida Azamat va Sevaradagi san’atga qiziqishni ko‘rib, tashkilotchilardan biri bolalar musiqa va raqs bilan yaxshiroq shug‘ullanishlari uchun ularni “Orom” nomli 38-maktabga o‘tkazishni tavsiya qiladi. “Orom”da bolalarga Zuhra ismli ustozi raqs sir-asrorlari, Ilhom muallim esa cholg‘u asboblari chalishni o‘rgatadi.
реклама
Bolalarimning san’atga qiziqishi ortidan chet elga ham chiqdim, — deydi Dilovar opa faxr bilan. — 2010-yili dadasi ikkimiz ularning Sankt-Peterburgdagi festivaldagi ishtirokini ko‘rishga borganmiz. Farzandlarimizning katta sahnadagi chiqishidan so‘ng butun zal ular uchun qarsak chalayotganini ko‘rib, xursandligimdan ko‘z yoshlarimni to‘xtata olmay qolganman.
Eshitish bo‘yicha imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Sehrli simfoniya” musiqiy festivalida bir necha bor muvaffaqiyatli qatnashgan aka-singil Ubaydullayevlar hozirda talaba — Sevara Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida davolash ishi yo‘nalishida, akasi Azamat esa Buxoro davlat universitetida Jismoniy tarbiya va sport fakultetida tahsil oladi.
Canon Young People dasturi doirasida tashkil qilingan suratga olish mahorat darslaridagi ishtirokidan keyin fotografiyaga ham qiziqib qolgan bu aka-singil ularni doim qo‘llab-quvvatlaydigan ota-onasini dunyodagi eng kuchli va matonatli insonlar deb biladi. 2023-yili onkologiyani yenggan Dilovar opa esa, o‘z navbatida, sabr va irodani farzandlaridan, ularning yutuqlaridan olishini ta’kidlaydi.
“Hayot ertaga bizni qayerga olib borishi, kimni qanday ko‘yga solishi noma’lum. Shunday ekan, yaqinlarimizni borida qadrlab, imkon boricha mehr va muhabbatimizni darig‘ tutmaylik”, — deydi implantli insonlarga achinish emas, hammadek munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidlovchi Azamat va Sevaraning onasi.
реклама
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Dilruh Isomiddinova / “Gazeta.uz”.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda