Mahallalar musiqasi
Xonanda Sayyora Musayeva bilan Yangiyo‘l bo‘ylab sayr
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bunda biz mashhurlar bilan birga piyoda sayr qilamiz. Bu safar xonanda Saya Musa bilan birga Yangiyo‘lni aylanib, jamoat makonlari yetishmovchiligi, ko‘p xonadonli uylar boshqaruvi va qadrdon shahar bilan bog‘liqlik haqida gaplashdik.
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bunda biz mashhurlar bilan birga piyoda sayr qilamiz. Bu safar xonanda Saya Musa bilan birga Yangiyo‘lni aylanib, jamoat makonlari yetishmovchiligi, ko‘p xonadonli uylar boshqaruvi va qadrdon shahar bilan bog‘liqlik haqida gaplashdik.
Sayyora Musayeva bilan Yangiyo‘lning Beruniy va Samarqand ko‘chalari kesishgan aylanma chorrahada ko‘rishdik. U yo‘l-yo‘lakay ona shahri haqida so‘zlab berishdan mamnunligini tan olib, rasmiylar e’tiborini Yangiyo‘lning hali ham yaxshilash mumkin bo‘lgan jihatlariga qaratishdan umidvorligini aytib o‘tdi.

Sayyora quyida keltirilayotgan o‘z hikoyasi davomida so‘zlarni tasbeh donalari kabi saraladi, ko‘plab ma’nodosh fe’llarni qo‘lladi va ular orasidan o‘z fikrini aniq yetkazish uchun eng mos keladiganlarini tanlab oldi. U mana shunday tuganmas izlanishda ekanini uni birinchi ko‘rganingizdayoq his qilasiz: egnida oq paxtalik ko‘ylak, Bali uslubidagi etnik kimono, kumush taqinchoqlar va salkam 40 kokil qilib o‘rilgan sochlar. Uning qiyofasi tanishdek tuyulsa-da, sharqona yuz tuzilishi va ust-boshiga qaramay, u an’anaviy o‘zbek ruhiyatini emas, ko‘proq global yangi davr madaniyatini eslatadi.
Sayyora Musayeva xuddi musiqasi singari retritga o‘xshaydi: Qoraqalpog‘istondagi “Stixiya” yoki Leningrad viloyati o‘rmonlaridagi “YogArt” kabi transformatsion kemping-festivallarida qatnashadi, sukut saqlash va’dasi bilan o‘tkaziladigan vipassana meditatsiyasi bilan shug‘ullanadi, didjeridu va vargan kabi nomi g‘alati etnik cholg‘u asboblarda erkin ijod qiladi.
Bularning bari xonanda uchun tanish tajribalar. Sayyora Musayeva bunday tajribalarni yoqtiradi va olganlarini ijodga yo‘naltiradi. Uning ijodida Yangiyo‘l ham o‘z aksini topgan va u bu shaharni, har vaqt ma’nolarni tadqiq etuvchi va hissiyotlarga e’tibor qaratgan bir inson sifatida, o‘ziga xos tarzda qabul qiladi.
Bolalik ta’mi
Biz Sayyoraning bolaligi o‘tgan uy tomon yo‘l oldik. U shahardagi chiqindilarni olib chiqish bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirmoqchi bo‘lgan ham ediki, avtomobil signallari vang‘illashi uning ovozini bosib ketdi. Ko‘rinishidan, u e’tibor qaratgisi kelmayotgan bu shovqin unga noqulaylik tug‘dirayotgandi, ayni vaqtda, baqir-chaqir qilib, bu yerdagi keskinlikni oshirishni ham istamasdi. Shu bois Sayyora bir zum jim qoldi.
Men uzoq vaqt xorijda yashadim, ammo onam shu yerda, Toshkent ham juda qiziqarli bo‘lib qolgan. Hozir ota-onamizning uyida yashayapmiz. Bizni tashvishga solayotgan ayrim jihatlarni ko‘rsatib o‘tishni istardim.
Men har doim: “Bir kuni kelib taniqli bo‘lib ketsam, albatta Yangiyo‘l bilan shug‘ullanaman”, derdim. Bu, mashhur bo‘lmay turib bu ish bilan shug‘ullanib bo‘lmas ekan-da, degani emas, ammo kishi faollik (aktivizm)ga butun umrini bag‘ishlashi kerak, men bo‘lsam hayotimni musiqaga bag‘ishlagim keladi. Mashhurlik esa maishiy muammolarni nisbatan tezroq hal qilish imkonini beradi.

Bizda yaqinda chiqindi tashish xizmati narxi oshdi, ammo hokim almashgach, Yangiyo‘ldan chiqindilarning olib chiqib ketilishi sustlashib qoldi. Chiqindi to‘plash shoxobchasida qarovchi o‘z oilasi bilan birga yashaydi. Adashmasam, u yerda to‘rtta yosh bola bor. U yerda chiqindilar oshib-toshib ketadi. Ahvol nega bunday ekanini bizga aytishmaydi. Qarovchining o‘zi ham buning sababini bilmasa kerak. Biz nima qilish kerakligini so‘radik. O‘zim o‘qigan Gorkiy nomli maktabga borib, u yerdagi chiqindilarni olib chiqishga mas’ul shaxslarni topib, vaziyatni o‘nglashga urinib ko‘rish kerak, deyishdi.

Avvallari Yangiyo‘l nisbatan orasta va shinam tuyulardi. Hozir unga mana shu shinamlik yetishmaydi. Bundan odamning dili og‘riydi, axir bu joylar — uyim. Uyda g‘amxo‘rlikni his qilasan va o‘zing ham unga g‘amxo‘rlik qilging keladi.
Sayyora o‘zi katta bo‘lgan hovlidagi mana shu shinamlik va o‘zaro g‘amxo‘rlikning tarkibiy qismlarini yodga oladi. Shiftlari baland sakkiz xonadonga mo‘ljallangan ikki qavatli imorat xonandaning onasi mehnat qilgan gidraliz zavodidan ikki qadam berida joylashgan. Yomg‘ir yog‘gan kezlarda Sayyora opasi bilan birga soyabonni olib, ishdan qaytayotgan onasining yo‘liga peshvoz chiqardi — zavodga olib boruvchi bu yo‘l har doim rasvo bo‘lgan. Yo‘lak (pod'ezd)ning yog‘och zinalarida poshnalardan ho‘l izlar qolardi. Yo‘lak o‘shandan beri hech ham o‘zgarmagandek — faqat avvalgidan ham eskirgan va birinchi qavat zinasi ostida kichik hujra paydo bo‘lgan. Avvallari uning o‘rnida supurgi va chelaklarni saqlashar, bolalar esa yo‘lak zinalarini kim yaxshiroq tozalashi bo‘yicha musobaqalashishardi.
Bu yerga ko‘chib ketganimizdan beri hali biror marta kelmagan edim. Ammo yonidan o‘tib qolsam, albatta ortga qarab, bolaligimdagi Yangiyo‘lni — hamma xuddi bir butun oiladek yashagan mehribon va qiziqarli shaharni eslayman. Biz ikkinchi qavatdagi ikki xonali xonadonda yashardik. Qo‘shnilarning eshiklari hech qachon qulflanmasdi. Gala xola eshikni taqillatmay ham kirib, bemalol biz bilan birga televizor ko‘rib o‘tirar yoki muzlatgichimizga mo‘ralishi mumkin edi.
Koridorimizda katta ko‘zgu bor edi va men uning qarshisida qo‘limga biror nimani, masalan, dezodarantni xuddi mikrofon kabi tutib olib, qo‘shiq aytishni yoqtirardim. Eshiklarimiz eski, xat-hujjatlarni tashlab ketishga mo‘ljallangan teshigi bo‘lardi — shundan ichkaridagi hamma gap-so‘z tashqariga eshitilib turardi. Bir safar qo‘shni xonadondagi Lyosha qo‘shiq aytayotganimni eshitib qolib: “Sara, baqirishni bas qil endi!”, deb jig‘imga tekkandi. O‘shanda: “Mashhur bo‘lib ketsam, albomimni sotib olasan”, degandim unga. Keyinroq, nolinchi yillarning boshida, Tarona Records’ning Zero guruhi tarkibida qo‘shiq kuylay boshlaganimda, o‘y-xayollar qanday qilib hayot haqiqatiga aylanib ketishi mumkinligini Lyosha bilan eslagandik.

Ko‘zni quvontiradigan hovlichamiz bor edi. Bu yerda o‘tirib olib, kartoshka pishirardik. Ko‘chamizda o‘rik, gilos, uzumlar o‘sardi, biz bu mevalarni yeb, ko‘chada sayr qilishni yaxshi ko‘rardik. Mana, eski olcha hali ham bor ekan. Mana bu yerda esa nastarin o‘sardi. Mana bu simyog‘och nastarinning shoxlarini uzib olishimga yordam berardi. Keyin men ularni o‘qituvchimga, u buni ko‘rib qanchalar xursand bo‘ladi, degan xayolda olib borardim.
Maktabga temiryo‘l kesishmasidan o‘tib borardik. Avvallari bu yerda to‘siqlar yo‘q edi va temiryo‘lni istalgan joydan kesib o‘tish mumkin edi. Hozir uni ikki tomondan to‘sib, faqat maxsus o‘tish joylari qoldirilgan. Maktab davri tomlardagi quvlashmachoqlar, futbol va lapta, katta sinf o‘quvchilari uchun uyushtiriladigan diskotekalari bilan yodda qolgan. Unda tog‘am didjeylik qilardi. Biz juda kichkina edik, lekin bu diskotekalarga kirishga shunchalik qiziqardikki, qorovullarni chalg‘itib kirish uchun turli bahonalar o‘ylab topardik.
9-sinfni bitirgach, men Toshkentdagi estrada-sirk kollejiga o‘qishga kirdim. Boshida Yangiyo‘lda yashab, o‘qishga poytaxtga qatnaganman. Har kuni sahar 6 da turib, bozorgacha piyoda borar, u yerdan “Sobir Rahimov” metrosiga qatnaydigan marshrutkaga chiqardim. Metroda “Hamza"gacha borib, so‘ng 9-tramvayga o‘tirardim. Ba’zida o‘qishga kech qolardim, albatta. Lekin meni to‘g‘ri tushunishardi, chunki men har doim o‘z to‘lqinimda bo‘lganman.
Mahallalar musiqasi
Sayyora bozor tarafga borishni taklif qildi. U bozorni samimiy insoniy munosabatlar uchun yaxshi ko‘radi — bu yerda har bir sotuvchining o‘z xaridorlari, har bir xaridorning o‘z sotuvchilari bor. Xonandaning aytishicha, ilgarilari odamlar bozorga piyoda borib kelardi. Taksidan foydalanilmasligiga sabab — pulni tejash, jamoat transportidan foydalanilmasligiga sabab — unga chidab bo‘lmasligi: tiqilinch, dim, yoqimsiz hidlar.

Bolaligida jamoat transportining harakat tarkibi kichik sig‘imli avtobuslar, marshrutkalar va “Damas"lardan iborat edi. Avtoparkning bugungi manzarasi ham avvalgisidan sezilarli farq qiladi, deyish qiyin, lekin turmush sezilarli darajada farovonlashgan va hozirgi vaqtda odamlarning bir qismi taksi va shaxsiy transportdan foydalanishga o‘tgan.
Bozor shaharning juda sershovqin, rang-barang va dizayni uyg‘un bo‘lmagan reklamalarga to‘la bosh ko‘chasida joylashgan. Yangiyo‘lning markaziy madaniyat va istirohat bog‘i — shahardagi 200 metrga 200 metrlik maydonni egallagan yagona “yashil orolcha” ham xuddi shu ko‘chada. Sayyoraning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ ko‘p yillardan beri yopiq. Ba’zida unga kirish mumkin, ammo eng oddiy infratuzilma ham yo‘qligi uchun u yerda odamlar sayr qilmaydi.
Maktabda o‘qib yurganimizda bu park bizga kattadek tuyulardi, lekin, qarang, u qanday kichkinagina ekan, — deya hayron bo‘ladi xonanda. — Bu yerda turli bayramlar o‘tkazilardi, attraksionlar bo‘lardi, gavjum edi. Parkda hozir ham yaxshi, daraxtlar baland, sersoya, lekin unda hayot yo‘q. O‘zi bu shaharda sayr qilgulik joy va umuman qilsa arzigulik ish yo‘q. Avvallari kinoteatrimiz bor edi, hozir uning o‘rnida kinoteatri yo‘q savdo markazi ishlayapti. Madaniyat saroyi bor edi, lekin uni qandaydir ofislar egallab olgan. Shaharda bolalar juda ko‘p, lekin ular ko‘ngilxushlik qilishi uchun joy yo‘q.
Siz bilan uchrashuvga tayyorlanarkanman, men sayr yo‘nalishini chizmadim, chunki biz sayr uchun Toshkentga boramiz. Lekin shunchaki oyoqning chigalini yozish uchun shuncha yo‘l bosish ham kishiga alam qiladi. Xo‘sh, Yangiyo‘lda qayerda piyoda sayr qilish mumkin? Katta yo‘llar bo‘yida changga qorishmaslik uchun mahallalar ichidagi ko‘chalarda sayr qilamiz.
Yangiyo‘l degani mana shu. Agar qandaydir obyektlar haqida gapiradigan bo‘lsak, birinchi uyimiz, maktabim, onam ishlagan zavod, bozor va park meni Yangiyo‘l bilan bog‘lab turadi. Bugungi kunim va kelajagimni Yangiyo‘lda ko‘rmayman, lekin, o‘zimdan qochib keta olmaganim kabi, bu shahardan ham qochib ketmayman. Ildizim shu yerda, shuning uchun ham bu yerga qaytishni istayman. Musiqa bilan tanishuvim shu yerda boshlangan, aynan shu yerda yaqinlarim mening musiqaga oshufta inson ekanligimga ishontirgan.

Oilamiz musiqani yaxshi ko‘rardi va bunday chiroyli hamohanglik menga har doim yoqqan. O‘zim ko‘rmagan bo‘lsam-da, aytishlaricha, buvim dugonalari bilan to‘planib, milliy cholg‘ularni chalib, ashulalar aytgan ekan. Tog‘amning rok-jamoasi bor edi, onam rus xalq qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rardi, bobom esa o‘zbek mumtoz musiqasi ixlosmandi edi.
Bir kuni uning oldiga borib: “Bobo, sizga qo‘shiq aytib bermoqchiman”, dedim. U ochiqchasiga: “E, qo‘y, bolam, men senlarning riki-rikilaringni tushunmayman”, dedi.
Men o‘sha vaqtda kollejdagi tomoshaga tayyorlanayotgan va Boburning “Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga” g‘azaliga ishlangan qo‘shiqni mashq qilayotgan edim. Uyimizdagi mehmonxonaning o‘rtasiga turib olib, qo‘shiqni ayta boshladim, bobom esa ko‘zlarini yumib, boshlarini qimirlatib eshitib, onamga: “Buning odam bo‘ladi”, deganlar.

Onam ham menga ishongan. Bir kuni, hali kollejda o‘qib yurgan vaqtim, televizorda bir qiz “Novaya volna” xalqaro tanlovida Uitni Xyustonning qo‘shig‘ini aytayotganini eshitib qoldim. Tomosha qila turib: “Qani endi men ham shu tanlovda qatnashsam!”, deb o‘ylagandim. O‘shanda onam yonimga kelib: “Bolam, senda hali hammasi o‘xshaydi”, degandilar.

Keyin har xil davrlar bo‘ldi. Menga shou-biznes yoqmasdi. Boshqa birovlar tomonidan yozilgan narsalarni men o‘z tanimdan o‘tkazib ko‘rardim: odamlarga yoqadigan g‘amgin qo‘shiqlarda o‘zim yo‘q edim. Har qanday san’atkor kabi, men ham kuylayotgan hikoyamda tinglovchi o‘zini topishini, o‘zini tanishini istayman. Buning uchun odam o‘zini va dunyoni aldamasligi kerak. Kishi o‘zini aldamasa, u o‘z kuch va imkoniyatlarini yaxshilik yo‘lida sarflaydi, xudbinlik qilmaydi. O‘zimizga nisbatan rostgo‘y bo‘lganimizda, biz barcha uchun maqbul kelajakni qura olamiz, axir hammaga bir xil asosiy narsalar — toza havo, sokinlik, xavfsizlik va xotirjamlik kerak-ku.

Agar har kim o‘zi ishiga — o‘z ijodiga shunday yondashsa, biz muvozanatlashgan, sokin shaharlarda yashagan bo‘lardik. Yangiyo‘l ham shinamroq bo‘lishi uchun ishni chiqindilarni olib chiqish va sayr joylarini tashkil etishdan boshlash kerak. Odamlar ko‘chada vaqt o‘tkaza boshlasa, o‘z atrofida ham nisbatan sokinroq, xotirjamroq muhitni ko‘rishni xohlaydi. Vaqt o‘tishi bilan bu xohish-istaklar muhitda o‘z aksini topadi: tashqi reklama sokinlashadi, ko‘chalardagi shovqin va xiralik nisbatan kamayadi, odamlardagi xavotir darajasi ham pasayadi.

Hamfikrlar bilan to‘planib, umumiy sa’y-harakatlar bilan hech bo‘lmasa oilaviy vaqt o‘tkazish, o‘ynash, sayr qilish mumkin bo‘lgan bir park tashkil qilishni istardim. Shu maqsadimga erishsam, ko‘nglim orom topardi.
Sayyoraning orzusidagi qulay shahar retsepti har qanday shovqin bosilib ketadigan jazirama vaqtidagi o‘zbek mahallasi kabi “jaranglaydi”: so‘ritok soyasi ostida, qumriyu musichalarning g‘urg‘urlashini eshitib, bolang bilan dam olib yotsang; qozonda pishillatib piyoz qizartirilayotgani, qo‘shnilarning tushunib bo‘lmas g‘ovur-g‘uvuri, pashshalarning vizillashi qulog‘ingga chalinsa. Bu hissiyotlarning qadri — bugungi behalovat davrimizda yetishmayotgan xotirjamlikda. Kim bilsin, ideal shahar tasavvur qilganimizdan ko‘ra bizga yaqinroqdir — shunchaki ildizlarimizga qaytishning o‘zi kifoya qilar.
Saya Musa sayr qilishni tavsiya etadi
Saya Musa eshitishni tavsiya etadi
Maqola homiysi — Yandex Music.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli.

Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda