Inqilobdan oldingi Samarqand bo‘ylab sayr
Ko‘rish lozim bo‘lgan 20 inshoot
Samarqandning XIX asr ikkinchi yarmida, Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin qurilgan qismi tarixchilar tomonidan “ruscha shahar” deb ataladi. O‘sha davrdagi binolarning ko‘pi bugungi kungacha saqlanib qolgan. Gazeta o‘lkashunos Svetlana Jukova bilan birga diqqatga sazovor joylar bo‘yicha yo‘lko‘rsatkich tayyorladi.
Samarqandning XIX asr ikkinchi yarmida, Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin qurilgan qismi tarixchilar tomonidan “ruscha shahar” deb ataladi. O‘sha davrdagi binolarning ko‘pi bugungi kungacha saqlanib qolgan. Gazeta o‘lkashunos Svetlana Jukova bilan birga diqqatga sazovor joylar bo‘yicha yo‘lko‘rsatkich tayyorladi.
Samarqand O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, uning tarixi 2750-yildan beri davom etib kelmoqda. U qadimgi Afrosiyobdan Temuriylar saltanati poytaxtigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tib, madaniyat, savdo va me’morchilikning yirik markaziga aylandi. Biroq an’anaviy sharqona qiyofa shaharning ko‘p qatlamli tarixining faqat bir qismini tashkil etadi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Samarqand tarixida yangi sahifa ochildi. Shahar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinib, mustamlakachilar tomonidan Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilgach, shaharning tarixiy markazi yonida “Rus Samarqandi” deb atalgan yangi qism shakllana boshladi. Dastlab podsho qo‘shinlari eski loy qal’aga joylashdi. Ammo tez orada uning qayta qurish boshlandi va bu yangi shahar qurilishining boshlang‘ich nuqtasiga aylandi. O‘zgarishlar tashabbuskori Turkistonning birinchi general-gubernatori Konstantin fon Kaufman edi. U 1870-yili yangi Samarqandning zamonaviy qiyofasiga asos solgan bosh rejani tasdiqlaydi. Shu tariqa keng ko‘chalar, ma’muriy binolar, o‘quv yurtlari, banklar, davlat uylari va ibodatxonalardan iborat bilan “yevropacha” Samarqand vujudga keladi.
O‘sha davrda qurilgan binolarning ko‘pi bugungi kungacha saqlanib qolgan. Gazeta muxbirlari tarixchi va o‘lkashunos Svetlana Jukova bilan birga 1917-yilgi inqiloblardan avvalig Samarqandning diqqatga sazovor joylarini aylanib chiqib, sayr yo‘lko‘rsatkichini tuzdi.
Shaharning yashil makonlari
Samarqandni yashil xiyobonlarsiz, keng shox-shabbalari yoyilgan baland daraxtlarsiz, soya-salqin yo‘laklarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. XIX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida, shahar Turkiston general-gubernatorligining muhim markaziga aylangach, nafaqat ma’muriy binolar qurilishiga, balki ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Samarqandning yangi qismidagi nisbatan kichik hududda bir vaqtning o‘zida beshta yashil bog‘ va xiyobon barpo etilgan. Ularning uchtasi hozirgacha saqlanib qolgan va kengayishda davom etyapti.
Abramov xiyoboni
Samarqandning markaziy xiyoboni eski sharqona va yangi ruscha shahar o‘rtasidagi ramziy chegaraga aylangan. U bir vaqtlar Amir Temurning qadimiy qal’asi joylashgan joydan boshlanadi. Abramov xiyoboni “yevropacha” Samarqandning asosini tashkil etuvchi ko‘chalarning radial rejasiga asos solgan.
Xiyobon 1880-yillarning boshida barpo etilgan va dastlab general-gubernator Aleksandr Abramov nomi bilan atalgan. Xiyobonning uzunligi taxminan bir kilometr bo‘lib, uchta daraxtzor va ikki yo‘lni o‘z ichiga olgan. Botanik, bog‘bon va vizioner Mixail Ivanovich Nevesskiy bu jonli makonning o‘ziga xos me’mori bo‘lgan. Aynan u Samarqandning bo‘lajak yashil manzarasini belgilab bergan edi.

Nevesskiy o‘zining tarixiy uslubdagi kichik dala-hovlisini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shahar ko‘chatzori ichiga qurgan edi. Uy nafaqat yashash uchun, balki ochiq osmon ostidagi botanika laboratoriyasining bir qismi sifatida mo‘ljallangan edi. Eski shahar va yangi mavzelar o‘rtasidagi cho‘l kabi bo‘shliqlarni jonli yashil mintaqaga aylantirish uchun Neveskiy butun bir ko‘kalamzorlashtirish tizimini ishlab chiqdi. U butun dunyodan ko‘chatlar buyurtma qildi, daraxt turlari ustida tajribalar o‘tkazdi va ularni maxsus tashkil etilgan ko‘chatzorda yetishtirdi. Uning qariyb 30 yillik tinimsiz mehnati tufayli Samarqand o‘zining “o‘pkasi”ga — yuzlab daraxtlar yashilligiga burkangan xiyobonga ega bo‘ldi.
Vaqt o‘tishi bilan xiyobon bir necha bor o‘z nomini o‘zgartirdi: Umumta’lim xiyoboni, keyin Gorkiy nomidagi xiyobon, Mustaqillik yillariga kelib — Universitet xiyoboni. Bugungi kunda bu yerda eman, qarag‘ay, chinor, katalpa daraxtlari, shuningdek, hozirgacha O‘zbekiston tabiatining botanik yodgorligi hisoblanayotgan noyob Livan kedri o‘sadi. Ko‘p yillik daraxtlarning shox-shabbalari xiyobonlar ustida birlashib, sersoya “yashil galereya” hosil qiladi, shu sababli ham issiq kunlarda bu yerda havo harorati shaharning qolgan qismiga qaraganda bir necha daraja past bo‘ladi.
Gubernator bog‘i
Gubernator bog‘i Universitet xiyoboniga tutashib, uning davomini tashkil etadi. XIX asr oxirida barpo etilgan bu bog‘ mahalliy turlar — qayrag‘och va chinorni hamda chet eldan keltirilgan noyob daraxt navlarini o‘z bag‘riga olgan. Bog‘ ma’muriy binolar yonida obodonlashtirilgan dam olish maskani bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi.
Dastlab ekilgan daraxtlar orasida Qrim qarag‘ayi, shuningdek, 1886-yilda Shimoliy Amerikadan keltirilgan botqoq sarvlari ham bor edi. Nevesskiy tashabbusi bilan bu daraxtlarni Samarqand iqlimiga moslashtirish uchun sun’iy suv havzasi qazilgan. Ilgari shahar ahli bu yerda zavq bilan qayiqda sayr qilardi. 1991-yildan keyin havza ikkiga bo‘linib, mavjud dendrologik tizim izdan chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, sarv daraxtlari o‘sgan kichik orolcha saqlanib qolgan.

Sovet davrida bog‘ni ko‘kalamzorlashtirish davom ettirildi — ko‘m-ko‘k archalar, qayinlar, katalpalar va pavlovniyalar ekildi. Hozir Gubernator bog‘i turli davrlarning daraxtlari uyg‘unlashgan noyob maskan bo‘lib, ochiq osmon ostidagi jonli botanika muzeyini eslatadi.
Shahar bog‘i
Samarqandning yashil zanjirining uchinchi halqasi shahar bog‘i, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Markaziy madaniyat va istirohat bog‘i hisoblanadi. U 1886-yili barpo etilgan. Daraxtlarni tanlashda tuproqni boyitadigan va iqlimga oson moslashadigan turlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu yerda lipaning turli navlari, Qrim qarag‘aylari, tut, kashtan va so‘nggi o‘n yilliklarda Shimoliy Amerikadan keltirilgan gledichiyalar bor. Yashil maydonlarni sug‘oradigan muhandislik ariq tizimi ham tarixiy ahamiyatga ega: u bir vaqtning o‘zida ham sug‘orish, ham yomg‘ir suvlarini oqizib yuborish vazifasini bajargan. Umuman, Samarqandni ko‘kalamzorlashtirishni ariqlardan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Samarqandning yashil xiyobonlarida sayr qilar ekansiz, vaqtning nafasini sezish oson. Bu yerda XIX asr oxirida ekilgan daraxtlar va 2010-yillarda shaharni qayta qurish jarayonida paydo bo‘lgan yosh nihollar yonma-yon o‘sib turibdi. Mixail Nevesskiyning shahar landshaftini shakllantirishga bo‘lgan yondashuvi hamon dolzarb: nafaqat go‘zallik, balki iqlim, foyda va biologik xilma-xillik haqida ham o‘ylash lozim. Shahar haqida qayg‘urish an’anasini Nevesskiy falsafasi bilan Samarqand bog‘bonlari va dendrologlarining avlodlari bir-biriga uzatib kelmoqda. Sersoya chinorlarning barglari shitirlashi ostida Samarqand yashil, tarixiy va xotirjam sayr qilishga ochiq shahar sifatida yashashda davom etmoqda.
Ayollar gimnaziyasi
Inqilobdan oldingi Samarqandning eng e’tiborga molik yodgorliklaridan biri Universitet xiyobonida joylashgan sobiq Xotin-qizlar gimnaziyasi binosidir. 1904-yilda me’mor Georgiy Svarichevskiy loyihasi asosida qurilgan bu inshoot Turkiston o‘lkasida ayollar ta’limi bilan bog‘liq dastlabki muhim binolardan biridir. G‘ishtning terilish uslubi, cho‘zinchoq ravoqli derazalar, simmetrik hajmlar hamda rus eklektikasi uslubidagi qat’iy, biroq nafis fasadlar muassasaning ta’lim vazifasi ilmiy va jiddiyligini alohida bildirib turadi.

Qurilish materiali alohida e’tiborga loyiqdir. IX asrdan boshlab mintaqada an’anaviy ravishda loy suvoqli xom g‘isht ishlatib kelingan. Biroq Samarqandning Yevropa qismini barpo etish yangi yechimlarni talab qildi. XIX asr oxirida general-gubernator Kaufmanning tashabbusi bilan shaharda “temir tosh” deb ataladigan alohida mustahkam pishiq g‘isht ishlab chiqaradigan zavodlar ochildi. Ikki marta pishirilganligi tufayli temir tosh yog‘ingarchiliklarga, zilzilalarga va vaqt ta’siriga chidamli edi. Xalq orasida uni imperator Nikolay Ikkinchi davridagi sifatli qurilishlar bilan bog‘lab, “Nikolay g‘isht” deb ham atashgan.
1917-yilgi inqiloblardan keyin va sovet davrida bino o‘zining ta’lim vazifasini saqlab qoldi. Bugungi kunda bu yerda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining biologiya fakulteti joylashgan. Yaqinda ta’mirlangan, parvarish qilingan fasad akademik an’analar ruhini saqlab qolgan holda hamon Universitet xiyoboniga qarab turibdi.
Rus-Xitoy banki
Universitet xiyoboni bo‘yida inqilobdan oldingi Samarqand me’morchiligining go‘zal namunalaridan biri hisoblangan Rus-Xitoy bankining sobiq binosi ham bor. Uning peshtoqida qurilgan yili (1899-yil) aniq ko‘rsatilgan, peshtoqida esa binoning egasi — savdogar Bauerga ishora qiluvchi kirillcha “Б” harfini hozir ham ko‘rish mumkin.

XIX asr oxirida Samarqandning yangi qismi taraqqiyoti bank va savdo binolarini qurish ishlari avjiga chiqishi bilan birga kechgan. Rossiya va Xitoy sarmoyalari ishtirokida tashkil etilgan bank Buyuk Ipak yo‘li savdosiga faol jalb qilingan mintaqaning iqtisodiy aloqalari uchun xizmat qilgan. Binoning me’morchiligi uslubiy xilma-xillikni namoyon etadi — unda antik portiklardan tortib zamonaviy unsurlargacha ko‘rish mumkin. Unda klassitsizm, modern va sharqona bezak elementlari mujassam bo‘lgan.
Boy bezaklar — XIX asrdan saqlanib qolgan ikkita portik, naqshlar, sher niqoblari, devorlardagi ko‘zgu qistirmalar alohida e’tiborni tortadi. Intererlar Sharq va G‘arb uyg‘unligi ruhida bezatilgan: shiftlar klassik Yevropa an’analariga mos kelsa, devorlar sharqona uslubda o‘yilgan oyna panellari bilan ziynatlangan. Bu me’morlarning Yevropa estetikasini Samarqand muhitiga singdirishga emas, balki uyg‘unlashtirishga intilganini ko‘rsatadi.

Binoning ichki qismida, shuningdek, baland shiftli operatsion zal bor, uning devorlar esa bug‘ quvurlari ko‘rinmas qilib o‘rnatilgan noyob isitish tizimiga ega — o‘sha davr uchun bu texnologik yangilik hisoblangan.
Bino o‘z vazifasini bir necha bor o‘zgartirgan: turli yillarda bu yerda viloyat kasalxonasi, universitet rektorati, ma’muriy idoralar joylashgan. Biroq sovet davrida uning old qismi Samarqand davlat universitetining fizika-kimyo fakulteti binosi ortida qoli ketdi. Faqat rektor Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan 2021−2022-yillarda Samarqand arxitektura-qurilish universiteti mutaxassislari rahbarligida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari sabab binoning tarixiy qiyofasi qayta tiklandi.

Loyiha ustida arxitektor va ta’mirlovchilar — Galina Sigikalo, Habib Qayumov, Asqar Hasanov va boshqalar mehnat qildi. Ularning vazifasi shunchaki fasadni yangilash emas, balki ilmiy rekonstruksiya qilish edi. Yetti qavat bo‘yoq olib tashlandi, naqshlar, panjaralar, zulfinlar va zinapoyalar qayta tiklandi, asl marmar zinapoyalar va markaziy zalning shifti ehtiyotkorlik bilan saqlab qolindi. Bezak unsurlari — qandillar, pardalar va inqilobdan oldingi intererga moslashtirilgan jihozlarga alohida e’tibor qaratildi. Kirish joyida, shuningdek, Xitoy madaniyatidagi an’anaviy boylik qo‘riqchilari hisoblangan Fu itlarining haykallari qayta o‘rnatildi. Haykal oq xitoy marmaridan yasalgan.
Bugungi kunda sobiq bank binosida Samarqand davlat universiteti qoshidagi O‘zbekiston va Xitoy do‘stlik muzeyi joylashgan. Uning ekspozitsiyasi asrlar davomida ikki mamlakat madaniyati va xalqlarini bog‘lab turgan qadimiy savdo yo‘li — Buyuk ipak yo‘li tarixiga bag‘ishlangan. Muzey dam olish kunlarisiz, dushanbadan yakshanbagacha soat 9:00 dan 18:00 gacha ochiq (kassa soat 17:00 da yopiladi). Kirish narxi O‘zbekiston fuqarolari uchun — 5 ming so‘m, chet elliklar uchun — 25 ming so‘m.
Gubernator uyi
Samarqandning harbiy gubernatori uyi 1874-yilda qurilgan bo‘lib, hozirda Universitet ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan. Bu bino eski shahar qal’asidan tashqarida qurilgan birinchi mustahkam inshoot edi. Aynan shu imoratdan shaharning Yevropa uslubidagi qismi rivojlanishi boshlangan. Bino Samarqand bosib olinganidan ko‘p o‘tmay Turkistonga kelgan Rossiya muhandislik qo‘shinlari bitiruvchilari — Vladimir Nepodkupniy va Levin Levinson loyihasi asosida qurilgan.
Muhandislar mintaqa uchun noodatiy me’moriy yechim tanlagan — bu ikki tomonlama yoritilgan hajm bo‘lib, unda quyosh nuri nafaqat an’anaviy derazalar orqali, balki chordoq fonarlarini eslatuvchi tomdagi shisha ustqurmalar orqali ham kirardi. Bunday tizim idora zallarining tabiiy yoritilishini ta’minlab, gubernator qarorgohi maqomiga mos keladigan kenglik va ochiqlik hissini taqdim etgan.

Bino arxitekturasida klassitsizm, modern va Sharq me’morchiligi xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan eklektik uslub unsurlari uyg‘unlashgan. Toshdan ishlangan peshtoqlar, peshtoq simmetriyasi, o‘yma naqshli deraza hoshiyalari va keyinchalik avtomobil kiradigan joyga moslashtirilgan an’anaviy arava yo‘lagi — bularning bari shahar qo‘rg‘oni yoki ertakdagi saroyga o‘xshash qiyofani shakllantiradi.
Koshona avvalboshdanoq ma’muriy vazifani bajargan va 150 yil davomida bu xususiyatini o‘zgartirgani yo‘q. Inqilobdan avval bu yerda Turkiston general-gubernatorining mahkamasi joylashgan. Sovet davrida bino shahar ijroiya qo‘mitasi uchun xizmat qilgan, mustaqillik yillarida esa Samarqand shahar hokimligi shu yerga joylashdi.
Jamoat yig‘inlari uyi
Alisher Navoiy ko‘chasida, XIX asr oxiridagi savdogarlarning hovlilari orasida, bugungi kunda Samarqand viloyat qo‘g‘irchoq teatri sifatida tanilgan bir imorat saqlanib qolgan. Uning tarixi Jamoat yig‘inlari uyi sifatida 1895-yildan boshlanadi. Bu bino shaharning Yevropa qismidagi asosiy madaniy muassasa bo‘lib, u bundan oldin Ayollar gimnaziyasini qurgan me’mor Georgiy Svarichevskiy tomonidan loyihalashtirilgan edi.
Jamoat yig‘inlari uyi Samarqandning ijtimoiy hayot markazi edi. Bu yerda ballar, musiqiy kechalar, ko‘rgazmalar o‘tkazilardi, klub yig‘ilishlari va ma’ruzalar uyushtirilardi. Bino puxta rejalashtirilgan tuzilishi bilan ajralib turardi: unda 200 o‘rinli tomosha zali, majlislar va dam olish xonalari, kiyim ilgichli vestibyullar, o‘quv xonalari mavjud edi. Me’morchilik uslubi neoklassik va eklektik yo‘nalishlarni uyg‘unlashtirgan bo‘lib, sharqona bezaklarga nozik ishora qilingan — xuddi XIX asr oxiridagi Samarqandga xos tarzda.

Sovet davrida bino o‘zining madaniy vazifasini saqlab qoldi. 1920-yillarda, Samarqand O‘zSSR poytaxti bo‘lganida, bu yerda Xalq maorifi komissarligi va siyosiy maorif bo‘limlari joylashgan edi. Keyinchalik bino shaharning dastlabki professional sahnalaridan biri — Chexov nomidagi rus drama teatriga aylandi. Truppa yangi binoga ko‘chirilgach, tarixiy imorat qo‘g‘irchoq teatriga berildi va u hozirgacha shu yerda faoliyat ko‘rsatyapti.
Bugungi kunda teatrda rus va o‘zbek tillarida spektakllar muntazam namoyish etiladi. Repertuarda bolalikdan tanish bo‘lgan ertaklar: “Baliqchi va baliq haqidagi ertak”, “Bo‘g‘irsoq”, “Vinni Pux”, “Maqtanchoq”, shuningdek, yaqinda premerasi bo‘lib o‘tgan “Olovuddinning sehrli chirog‘i” kabi yangi sahna asarlari bor. Teatrning yetakchi ustalaridan biri rassom Nikolay Sultonov nafaqat spektakllar uchun dekoratsiyalar yaratadi, balki qo‘g‘irchoqlar muzeyi bo‘ylab kichik ekskursiyalar ham o‘tkazadi. Chipta narxi 10 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kirish bepul. Spektakllar soat 10:00 dan 16:00 gacha har soatda namoyish etiladi.
Xalq uyi
“Rus Samarqandi”ning yana bir diqqatga sazovor binosi — 1911-yili qurilgan Xalq uyidir. Bu me’moriy ansambl shaharning yangi qismidagi madaniyat o‘chog‘i sifatida tasavvur qilingan: bir tom ostida teatr, kutubxona va muzey joylashishi kerak edi. Biroq loyihani to‘liq amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan — Birinchi Jahon urushi boshlanib, uch vazifadan faqat ikkitasi ro‘yobga chiqqan. Loyiha me’morlar jamoasi tomonidan tayyorlangan: dastlabki ishlarni Ijitskiy-German bajargan, asosiy loyiha Geynzelmanga tegishli, qurilish va keyingi o‘zgartirishlar uchun esa Svarichevskiy va Lebedev mas’ul edi. Lebedev rahbarligida bino romantik qiyofa kasb etgan.
Xalq uyi peshtoqida tarixiylik modernizm unsurlari bilan uyg‘unlashgan. Uning me’morchiligida Yevropa gotikasiga xos belgilarni ko‘rish mumkin: nayza shaklidagi ravoqlar, kichik minoralar, yuqori darajadagi simmetriya. Samarqandning mustahkam “temir” g‘ishti va sopol qo‘shimchalar kabi mahalliy ashyolar binoning sharqona qurilish an’analariga bog‘liqligini ta’kidlaydi. Peshtoqning nafis chiziqlari, o‘ymakor karniz va bezakli terrakota unsurlari Xalq uyiga ertakdagi uychaning ko‘rinishini beradi.

Ichki qismida badiiy bezakli sopol pechkalar va Lyudmila Otchenashenko tomonidan yaratilgan syujetli devoriy sopol pannolar saqlanib qolgan. Binoni bezashda O‘zbekiston xalq rassomi, devor va pechka naqshlari muallifi Sofya Rakova ham qatnashgan. Bularning bari shunchaki bezak emas, balki g‘oyaning badiiy qismi, “xalq uchun uy” tushunchasining mujassamidir.
Xalq uyi boshidanoq madaniy markaz vazifasini bajargan. 1937-yili bu yerga Pushkin nomidagi shahar kutubxonasi joylashtirilgan. Boy fondga ega kutubxona xiyobondagi yangi binoga ko‘chib o‘tgach, 1970-yillarda bo‘shagan bino Beruniy nomidagi bolalar kutubxonasiga berilgan. Kutbuxona yaqin-yaqingacha ham shu yerda faoliyat yuritayotgan edi, ammo 2025-yil boshida bino ta’mirlash ishlari uchun yopildi.
Savdogar Dmitriy Filatovning sharob zavodi
Gagarin ko‘chasida Samarqandning eng e’tiborga molik sanoat yodgorliklaridan biri — M.A. Xovrenko nomidagi Samarqand sharob zavodi majmuasi qad ko‘targan. Uning tarixi birinchi gildiya savdogari Dmitriy Filatov nomi bilan bog‘liq. U 1870-yildayoq sharob zavodi qurish uchun yer uchastkasini sotib olgan edi. Bu Turkiston o‘lkasidagi Yevropa texnologiyalari asosida ishlaydigan va mahalliy xomashyo — Zarafshon vodiysining uzumidan foydalanadigan birinchi sharob ishlab chiqarish korxonasi edi.

1910-yilda ishlab chiqarish binolari yonida me’mor Stogov loyihasi asosida xususiy koshona qurildi. Ushbu nafis g‘ishtin imorat cho‘zinchoq ravoqli derazalar va bezakli naqshlar bilan bezatilgan edi. Unda sharob zavodining ma’muriy xizmatlari va mulkdorlarning turar joylari bo‘lgan.
Sovet hokimiyati o‘rnatilgach, sharob zavodi davlat mulkiga aylandi va 1930-yillarda O‘rta Osiyoda soha rivojiga katta hissa qo‘shgan sovet sharobchiligining taniqli arbobi M.A. Xovrenko nomini oldi. Sovet davrida zavod vino, konyak va likyorlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxonaga aylandi. Uning mahsulotlari MDH mamlakatlari va xorijga eksport qilingan.
Bugungi kunda zavod inqilobdan oldingi davrning tarixiy binolari va me’moriy unsurlarini saqlab qolgan holda zamonaviy sharob korxonasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Stogov saroyida hozirda Samarqand sharobchilik tarixi muzeyi ochilgan bo‘lib, u yerda noyob eksponatlar: arxiv yorliqlari, qadimiy mahsulotlar namunalari, hujjatlar va fotosuratlar bilan tanishish mumkin. Muzeyda degustatsiya zali mavjud bo‘lib, u yerda tashrif buyuruvchilarga firma sharoblari va konyaklarini, jumladan, mashhur “Samarqand” konyagi va “Aligote” navli sharoblarni totib ko‘rish imkoniyati beriladi.

Zavod dushanbadan shanbagacha, soat 9:00 dan 17:00 gacha ekskursiyalar uchun ochiq (kassa soat 16:00 da yopiladi). Muzey va degustatsiya zaliga kirish narxi O‘zbekiston fuqarolari uchun — 30 ming so‘m, xorijiy mehmonlar uchun — 50 ming so‘m.
Harbiy yig‘in binosi
“Rus Samarqandi”ning ushbu nafis va vazmin-tantanavor binosi 1882-yili me’mor Nepodkupniy loyihasi asosida bunyod etilgan. Harbiy yig‘in binosi XIX asr oxirida Samarqandning yangi shahar qismi aholisining sezilarli katta qismini tashkil etgan garnizon zobitlarining hordiq chiqarishi va uchrashuvlari uchun mo‘ljallangan edi. Bu yerda qabullar, musiqiy kechalar o‘tkazilgan, ma’ruzalar tinglangan, klub yig‘ilishlari uyushtirilgan.
Bino me’morchiligi eklektika unsurlari bilan tarixiylikni o‘zida mujassam qilgan. Peshtoq yumaloq derazalar, klassik ustunlar, bezakli sopol qo‘shimchalar va XIX asr oxiridagi jamoat binolariga xos bo‘lgan frontonli ayvon bilan bezatilgan. Ichki qism klassik uslubda bo‘lib, keng zal, ustunlar, naqshlar, kiyim ilgichli dahlizga ega. Bino XX asrni yaxshi o‘tkazgan va ta’mirlash paytida faqat ayrim me’moriy unsurlar va havo almashtirish tizimi qayta tiklangan.
Sovet davrida bino dastlab Garnizon zobitlar uyi, keyinchalik Qizil Armiya uyi va so‘ngra Okrug zobitlar uyi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Bu yerda konsertlar, faxriylar uchrashuvlari, xotira kechalari o‘tkazish davom etgan. Mustaqillik yillarining boshida bino Samarqand viloyat Savdo-sanoat palatasiga berilgan.
Rus-Osiyo banki
Navoiy va Shohi Zinda ko‘chalari kesishmasida, bir burchakda, chodirsimon tomli hashamatli bino — sobiq Rus-Osiyo banki bo‘limi binosi qad rostlagan. U 1905-yildan 1907-yilgacha mashhur tarixchi va me’mor Boris Kastalskiy loyihasi asosida qurilgan. U binoni shunchaki loyihalashtirib qolmay, balki uning tuzilishiga yangi asr ruhini — oqilona yondashuvni, ilg‘or texnologiyalarni va o‘ziga xos uslubni singdirgan.

Rus-Osiyo banki o‘z davrining muhandislik yangiligi hisoblangan temir-beton qoplamalari qo‘llanilgan Samarqanddagi dastlabki binolardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi me’morchilik ilk modern uslubining ta’sirini yaqqol aks ettiradi: fasad plastikasiga e’tibor, bezak elementlari, chodirsimon tom, ayniqsa burchakli joylashuvga mos keladi. Shunga o‘xshash usul keyinchalik Samarqandning boshqa mashhur binolarida ham qo‘llanilgan.
Dastlab bank bir qavatli imoratdan iborat edi, yerto‘lasi esa keng edi — uning g‘aznasi ham aynan yerto‘lasida edi. 1929-yili binoga ikkinchi qavat qo‘shilgan. Sovet davrida unda qishloq xo‘jaligi institutining talabalar yotoqxonasi joylashgan. Keyinchalik bino yana bank vazifasini bajarishga kirishgan: birinchi qavatda O‘zbekiston Milliy bankining bo‘limi joylashgan.

Bugungi kunda majmua katta hududni egallaydi. Fasad ortida shinam ichki hovli yashiringan bo‘lib, u yerda bank boshqaruvchisining uyi — ikki yorug‘likli ustqurma va ifodali me’moriy plastikaga ega bo‘lgan an’anaviy shahar koshonasi saqlanib qolgan. 2020-yillarda u Silk Road University loyihasi doirasida to‘liq ta’mirlandi. Hozirda u yerda Art Station galereyasining san’at makoni joylashgan. Bu zamonaviy ko‘rgazma maydonchasi tarixiy muhitga uyg‘un tarzda qo‘shilib ketgan.
Pryanik uychasi
Universitet xiyobonining janubidagi mahallalar ichkarisida, past qavatli binolar orasida samarqandliklar mehr bilan “Pryanik (shirin kulcha) uychasi” deb ataydigan bino yashiringan. U Turkistonda xizmat qilgan va Samarqandning me’moriy qiyofasiga salmoqli hissa qo‘shgan me’mor Viktor Andreyevich Voysexovich tomonidan 1916-yili qurilgan.
Uy savdogar oilasi uchun hashamatli turar-joy sifatida loyihalashtirilgan bo‘lib, ko‘zni qamashtiruvchi peshtoq, nafis bezaklar, yumshoq tom chiziqlari va naqshinkor derazalarga ega. U haqiqatan ham bolalar kitoblaridagi ertaknamo uyni eslatadi — o‘lkashunos Svetlana Jukovaning aytishicha, me’morning o‘zi uni bolaligida aynan shunday tasavvur qilgan ekan. Uning yoshlikdagi bu orzusi o‘zi qariyb 20 yil yashagan Samarqand shahrida ro‘yobga chiqqan.

Voqea oilaviy xotiralarda davom etgan. 1930-yillarda, rafiqasi vafot etgach, Voysexovich o‘g‘lining oldiga — Leningradga ko‘chib ketgan. U yerda nabirasi Veronika tug‘ilgan va aynan u uchun bobosi “Pryanik uychasi” haqida doston yozgan. Unda u bir paytlar me’morlik orzusini amalga oshirgan Samarqanddagi uyni mehru muhabbat bilan tasvirlagan. Oradan qariyb bir asr o‘tib, 2011-yili Veronika bobosining ertagidagi o‘sha uyni izlab topish va ko‘rish maqsadida Samarqandga kelgan.
Sovet davrida bino turar joy vazifasini bajargan, keyinchalik ma’muriy idoraga aylantirilgan. Yaqin vaqtlargacha bu yerda shahar hokimligining Obodonlashtirish boshqarmasi joylashgan edi. Hozir uy ta’mirlanyapti. Tashqi ko‘rinishidan u hamon o‘yinchoq saroyni eslatadi: mutanosib shakllari, yumaloq qismlari, nafis naqshlari va koshinlari bilan bu bino go‘yo sahnaga qo‘yilgan dekoratsiyaga o‘xshaydi.
Abram Kalantarov ko‘shki
Birinchi gildiya savdogari Abram Isaakovich Kalantarovning ko‘shki qariyb o‘n besh yil mobaynida qurilgan: qurilish ishlari 1902-yilda boshlanib, 1916-yilda nihoyasiga yetgan. Oxirida mulkning janubi-sharqiy burchagida nozik did va me’moriy ulug‘vorlik bilan bajarilgan hashamatli mehmonxona qanoti barpo etilgan.

Aytishlaricha, ko‘shkni kengaytirishga imperator Nikolay Ikkinchining ehtimoliy tashrifi haqidagi ovozalar turtki bo‘lgan. Oliy martabali mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirish maqsadida Kalantarov nafaqat boylik ramzi, balki Samarqand mehmondo‘stligini namoyon etadigan imorat qurishni niyat qilgan. Loyihani o‘sha davrning yetakchi me’morlaridan biri, modernizm, sharqona uslub, eklektika jihatlarini uyg‘unlashtirish mahorati bilan tanilgan me’mor Y.O. Nelle ishlab chiqqan.
Ko‘shkning ichki bezaklari nafisligi va tafsilotlarining boyligi bilan hayratda qoldirardi. Shiftlar qo‘lda naqshlangan, zallar Venetsiya ko‘zgulari, Germaniyadan buyurtma qilingan rangli vitrajlar va Varshavadan keltirilgan billur qandillar bilan ziynatlangan. Kamin va pechkalar Yevropadan maxsus keltirilgan noyob koshinlar bilan qoplangan. Qurilishning umumiy qiymati 134 ming oltin rubldan oshgan — bu o‘sha davr mezonlari bo‘yicha ulkan mablag‘ edi.

Tantanali xonalarni badiiy bezash Samarqandning eng mohir ustalariga: yog‘och o‘ymakorlari va bezakchi rassomlariga ishonib topshirilgan. Sharqona usullar — nozik o‘ymakorlik, tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yash orqali ular yevropacha nafislik va sharqona bezakning o‘ziga xos uyg‘unligiga erishib, ko‘shkning ichki ko‘rinishini haqiqatan ham betakror qilgan.
Inqilobdan so‘ng Abram Kalantarov binoni davlatga topshirgan. 1920-yillarda bu yerda Akmal Ikromov rahbarligidagi O‘zSSR Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi faoliyat yuritgan. 1934-yili bu yerga Samarqand muzeyi joylashtirilgan. 1981-yil boshida binoda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan: osma shiftlar, linkrust gulqog‘ozlar, pape-mashe naqshlari va bezak unsurlari qayta tiklangan. 1981-yil oxirida ko‘shkda Samarqand viloyat o‘lkashunoslik muzeyi ish boshlagan. Hozir bino qayta ta’mirlash uchun vaqtincha yopilgan
Tumanov va Oxunboboyev uylari
Buyuk Turon ko‘chasining bir qismida XX asr boshlaridagi me’morchilikka ikki xil yondashuvni aks ettiruvchi bir juft hovli saqlanib qolgan — ularning biri xususiy turar joy, ikkinchisi esa ma’muriy bino sifatida qurilgandi.
Muhandis va me’mor Tumanovning hovlisi 1912-yilda barpo etilgan. Bu o‘zi uchun loyihalashtirilgan uy bo‘lib, me’morning o‘zi ham buyurtmachi, ham ijrochi bo‘lgan noyob holat hisoblanadi. Binoning poydevori xom g‘isht va yuqori mustahkamlikdagi kuydirilgan “temir tosh” uyg‘unligidan iborat. Bunday birikma nafaqat konstruksiyaning mustahkamligini ta’minlagan, balki o‘ziga xos me’moriy ko‘rinish yaratish imkonini ham bergan. Uy asl bezak unsurlarini — presslangan shishadan yasalgan eshik dastagi, derazalarning mutanosibligi, devorlarning tuzilishini saqlab qolgan. Bugungi kunda u o‘zining dastlabki vazifasini — turar joy vazifasini bajarishda davom etyapti. Uy egalarining binoning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirmay, uning asl holatini saqlab qolayotgani quvonarli.
Uning yonida Oxunboboyev uyi nomi bilan mashhur bo‘lgan XX asr boshidagi bino joylashgan. U taxminan 1900-yilda qurilib, dastlab shahar xo‘jalik boshqarmasi sifatida foydalanilgan. Sovet davrida, Samarqand O‘zSSR poytaxti bo‘lganida, bu uyda respublika Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining birinchi raisi (prezidenti) Yo‘ldosh Oxunboboyev istiqomat qilgan. Keyinchalik hovlida Qizil Xoch jamiyati joylashgan. Keng hovlini hozir ham ko‘hna eman daraxti bezab turibdi, kiraverishda esa nafis o‘ymakorlik va mis jihozlar bilan bezatilgan yog‘och eshik saqlanib qolgan. 2000-yillarda binoda chet tillarini o‘qitish markazi faoliyat yuritgan. Hozir ta’mirlash ishlari olib borilyapti.
Bir chiziqda joylashgan ziyoratgohlar
Samarqandning Yevropa qismida bir ko‘cha borki, turli konfessiyalarga tegishli diniy binolarning deyarli bari shu yerda joylashgan. Agar bu ko‘cha bo‘ylab yursangiz, kichik ziyoratni amalga oshirishingiz mumkin — bir ibodatxonadan boshqasiga, bir diniy an’anadan keyingisiga o‘tib, ularning har biri bilan bog‘liq o‘ziga xos tarix bilan tanishsa bo‘ladi.

Yo‘lda birinchi bo‘lib Avliyo Aleksey sobori uchraydi. U 1909−1911-yillarda me’morlar Fedor Verjbitskiy va Fyodor Smirnov loyihasi asosida qurilgan. Ibodatxona mustaqillik yillarida — 1996-yilda Moskva va Butun Rus patriarxi Aleksiy Ikkinchi soborni shaxsan muqaddaslashtirish uchun Samarqandga kelganida dindorlarga qaytarilgan. Rus uslubidagi hashamatli bino hamon faoliyat yuritmoqda va shahar pravoslav jamoasi hayotida muhim ahamiyatga ega.
Undan bir necha qadam narida 1916-yilda qurilgan Avliyo Yohann Cho‘qintiruvchi katolik cherkovi joylashgan. Uning paydo bo‘lishi tarixi Birinchi Jahon urushi asirlari — Turkistonga kelib qolgan polyaklar, avstriyaliklar, vengerlar bilan bog‘liq. Katolik jamoasi vakillari Turkiston general-gubernatoriga ibodatxona qurish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilgan. Me’moriy loyihani mintaqaning taniqli me’morlaridan biri Y.O. Nelle amalga oshirgan. Qurilishga muhandislar Dombrovskiy, Shitko va Ribchinskiy rahbarlik qilgan. Ibodatxona xayr-ehsonlar hisobidan qurilgan. Hozirgi kungacha u chiziqlarining uyg‘unligi va me’morchiligining nafisligi bilan e’tiborni tortib keladi.
Uning yonida 1903-yilda Samarqanddagi birinchi arman-grigorian Muqaddas Bibi Maryam cherkovi qurilgan. U asosan savdogarlardan iborat mahalliy arman hamjamiyatining tashabbusi va mablag‘lari evaziga barpo etilgan. Sovet davrida bino ko‘plab ibodatxonalar singari yopilgan va ma’muriy bino sifatida foydalanilgan. Ibodatxona qoshidagi cherkov maktabi Madaniyat uyiga aylantirilgan. XX asrning barcha qiyinchiliklariga qaramay, cherkov binosi saqlanib qoldi va Samarqand arman merosining muhim ramziga aylangan.
Agar ko‘chadan biroz chetga burilsa, XIX asr oxiridagi qadimiy savdogar saroyiga chiqish mumkin, u yerda 1990-yillardan beri Buxoro yahudiylarining “Or-Avner” sinagogasi joylashgan. Yahudiy jamoasining milliy madaniy markazi ham shu yerga ko‘chib o‘tgan. Bino XX asr boshlarida Samarqandga xos bo‘lgan sharqona eklektika xususiyatlarini saqlab qolgan: nafis ravoqlar, yog‘och o‘ymakorlik elementlari va paxsa g‘ishtning iliq rangi. Sinagoga hozir ham ishlab turibdi, saroy hovlisi ko‘pincha bayram ziyofatlari va jamoat tadbirlariga mehmonlarni qabul qiladi.
Yo‘lni davom ettirib, 1905-yilda me’mor I.P. Lebedev loyihasi bo‘yicha qurilgan Pokrov soboriga yetib borish mumkin. 1907-yilda qo‘ng‘iroq minorasiga zarar yetkazgan zilziladan so‘ng, sobor shahar aholisi mablag‘lari hisobidan qayta tiklangan. Bu sovet davrida hech qachon yopilmagan kamsonli ibodatxonalardan biri bo‘lib, bu yerda qadimiy ikonalar, devoriy rasmlar va XX asr boshidagi ichki bezaklar saqlanib qolgan.
Ibodatxonadan atigi 150 metr narida 1910-yilda qurilgan Hazrati Yusuf Hamadoniy masjidi qad rostlagan. U musulmonlar diniy hayotining muhim qismi bo‘lib qolmoqda. Masjidning ko‘rinishi sodda, lekin go‘zalligi ham aynan shunda.
Va nihoyat, bu ramziy halqani 1882-yilda Avliyo Georgiy G‘olib nomi bilan qurilgan Georgiy cherkovi (harbiy cherkov) yakunlaydi. Loyihani Rossiya imperiyasi qurilish idorasining taniqli vakillaridan biri — me’mor Nikolay Lemke amalga oshirgan. Ibodatxona XIX asr oxiri — XX asr boshlarida O‘rta Osiyo pravoslav cherkovlari me’morchiligining o‘ziga xos xususiyati bo‘lgan Vizantiya uslubida qurilgan. 2022-yilda Georgiy cherkovi binosi Xalqlar do‘stligi va diniy bag‘rikenglik muzeyiga aylandi. U har kuni soat 9:00 dan 17:00 gacha ochiq, kirish narxi mahalliy aholi uchun 10 ming so‘m, xorijliklar uchun 35 ming so‘m.
Samarqand ko‘chalari bo‘ylab bunday marshrut nafaqat dinlar tarixi haqida hikoya qiladi, balki shaharning qanchalik ko‘p qatlamli va ko‘p konfessiyali bo‘lganini va shunday bo‘lib qolayotganini ham yaqqol ko‘rsatadi. Samarqandda masjid va pravoslav ibodatxonasi, katolik cherkovi va sinagoga, arman cherkovi va xalqlar do‘stligi muzeyi yonma-yon turishi mumkin hamda bularning bari boy tarixiy o‘tmishdan dalolat beruvchi go‘zal me’morchilik fonida joylashgan. Aynan shu jihat Samarqandni Sharq va G‘arb bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmagan, balki yagona, jonli madaniy makonga aylangan betakror shaharga aylantiradi.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda