FOTO: Dilruh Isomiddinova

“Nogironlik hayotda o‘z o‘rningni topish uchun to‘siq emas”

Hunarmand va deputat Jasurbek Jumayev hikoyasi

U 2009-yildan somon san’ati bilan shug‘ullanadi, ayni damda Milliy rassomlik va dizayn institutida fotografiyadan dars ham beradi. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — “Jasorat” medali sohibi, nogironligi bor inson sifatida Oliy Majlis deputatligiga saylangan ilk o‘zbekistonlik Jasurbek Jumayev.

U 2009-yildan somon san’ati bilan shug‘ullanadi, ayni damda Milliy rassomlik va dizayn institutida fotografiyadan dars ham beradi. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — “Jasorat” medali sohibi, nogironligi bor inson sifatida Oliy Majlis deputatligiga saylangan ilk o‘zbekistonlik Jasurbek Jumayev.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʻda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
Insoniylikning dini va millati yo‘q. Jasurbek Jumayev bu haqiqatni Toshkentga ilk kelgan vaqti uyidan uch yil, qalbining to‘ridan esa bir umrlik joy bergan otasining bolalikdagi do‘sti Vladimir Fotindan o‘rgangan.

Uni somon san’atiga qiziqtirgan ham, retro qo‘shiqlar yangraydigan oppoq Nissan’ida “Parkentskiy”dan Chilonzordagi hunar maktabiga erinmay olib-kelib yurgan ham aynan Vladimir amaki bo‘ladi. Hayotda o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lgan yosh Jasurning bo‘lajak parvoziga qanot bo‘lgan nafaqadagi bu uchuvchining o‘zi — bobosi bir vaqtlar O‘zbekistonga quloq qilingani ortidan — Sijjakda tug‘ilib o‘sgan.
Bir kuni Sijjakda
Toshkent viloyatining ulug‘vor tog‘lari bag‘rida joylashgan Sijjak go‘zal manzarasi, dilni yayratuvchi havosidan tashqari, asalarichilik xo‘jaliklari bilan ham mashhur. Sijjakliklar har bir asalari qutisi mehnat va hamjihatlik asosiga qurilgan “mo‘’jaz bir saltanat” ekani, tuxum qo‘yadigan ona ari unda “boshliq”ligini juda yaxshi biladi.
“Bu kichik jamiyatda har bir arining o‘z vazifasi bor. Yaxshilab kuzatsangiz, biri asal, boshqasi propolis yoki dorivor o‘simliklar olib kelayotganini, yana biri esa mumdan uya yasash bilan bandligini ko‘rasiz — bu esa mehnat taqsimoti aniq belgilanganini ko‘rsatadi”, — tushuntiradi asalarichilar sulolasining vakili bo‘lgan Jasur Jumayev.
реклама
Qishloq bolaliklari odatda o‘xshash bo‘ladi. Bepoyon bedazor bo‘ylab yugurish, qirga chiqib, imoratlar hali to‘sib ulgurmagan tabiat husniga maftun bo‘lish, soy-ariqlarda cho‘milib, ba’zida shippakning bir poyini oqizib yuborish singari mashg‘ulotlardan tashqari, maktabdan so‘ng mol-holga qarash, uy yumushlariga yordamlashish kunning ajralmas qismidir. Arilar bilan til topishish, ularni ko‘rish uchun tez-tez toqqa chiqishni aytmaganda, Jasur akaning bolaligi ham aynan shunday kechgan.
реклама
1997-yilning 4-mayidagi xotirasidan hech chiqmaydigan hodisa ham aynan tog‘da, asalarilar holidan xabar olish uchun tepalikka chiqqanida yuz bergan. O‘shanda uning chap, keyin esa o‘ng oyog‘i to‘satdan ishlamay qolgan.

“Shifokorlar yurolmay qolishimga uzoq vaqt orqa miyaning yalligʻlanishi bilan kechadigan oʻtkir miyelit sabab, deb aytgan. Lekin 8−9 yil avval o‘zbekistonlik eng yaxshi professorlardan biri oʻtkir miyelitli odam oqsoqlanib bo‘lsa ham yurishi, meniki boshqa bir mavhum tashxisligini aytdi. Koreyalik, hindistonlik shifokorlarga ham tekshirtirdim va hozir aravachada ekanimning tibbiy sababini o‘zim ham bilmayman”, — deydi 13 yoshida hayoti qandaydir 15 daqiqa ichida birdan o‘zgarib ketgan suhbatdoshimiz.
O‘sha voqeadan keyin u tuzalmay qolishi, ertasini o‘ylab “kasalxonada qolaman, ketmayman”, deya yig‘lagan. Lekin ko‘z yosh to‘kkan faqat u emasdi. Sovuqqon va hech yig‘lamaydigandek ko‘rinadigan Alimboy ota kechalari unsiz yig‘lagan — bunga og‘riqdan bezovtalanib uyg‘ongan o‘g‘lidan boshqa birov guvoh bo‘lgan emas. Qishloqning qo‘ligul chevari Nazira ayaning ko‘zlari ham o‘g‘li bilan bog‘liq voqeadan so‘ng tez-tez “changdan” qizaradigan bo‘lib qolgan.
Ota-onam meni oyoqqa qo‘yish uchun qo‘lidan kelganini ortig‘i bilan qildi. Olib bormagan shifokoru tabiblari qolmadi. Samarqandlik tabib yurib ketmasligimni aytganida ham, oradan shuncha vaqt o‘tib hozir ham, ular hanuz mening oyoqqa turib ketishimga ishonadi va hozir ham shuni so‘rab, duo qiladi. Xayollarida yurib ketgan o‘g‘li bor.
Dunyodan uzilish, oshna-og‘aynilar bilan ko‘rishmay qo‘yish, jondan sevgan mashg‘uloti — futbolda o‘yinchidan tomoshabinga aylanishning psixologik jihatdan qanchalik og‘irligini yaxshi bilgan Jasur Jumayev nogironligi bor insonlarning ijtimoiylashuvi, biror ish bilan band bo‘lishi nafaqat ularning ruhiyati, balki kelajagi uchun ham muhimligiga e’tibor qaratishni xohlaydi.
Birinchi navbatda bola, shaxsning nogironligi borligini uning oldida ro‘kach qilmaslik, o‘ylamay gapirilgan so‘z va xatti-harakatlar bilan uni sindirib qo‘ymaslik kerak. Qolaversa, ota-onalar imkoni boricha uning kasb-hunarli yoki ilmli bo‘lishi uchun sharoit yaratib berolsa, farzand keyin ham o‘zini-o‘zi eplaydi, sohasi ortidan jamiyatga qo‘shiladi. Ish beruvchilar esa nogironlikka emas, salohiyat va qobiliyatga, kadrning qo‘lidan keladigan ishga baho berishi kerak, — deydi xodimlari soni 20 dan ortiq bo‘lgan korxonalar 3 foizli kvota asosida nogironligi bor shaxslarni ishga olishi shartligini eslatgan Jasur Jumayev.
Eng katta qo‘rquvi kimgadir boqimanda bo‘lib qolish bo‘lgan qahramonimizning o‘zi ham uyda payti turli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib ko‘rgan. Xususan, onasidan tikuvchilikni o‘rgangan, she’rlar bitgan, Sijjakning buzilgan magnitofonlarining “qulog‘ini burab”, tuzatib qo‘yadigan kichik ustaga aylangan.

Lekin bir kuni bularning bari vaqtni o‘ldirishdan boshqa narsa emasligini, tayinli kasb-hunarning boshini tutmasa, shaharga ketmasa, hayoti 5−10 yildan keyin, hatto so‘nggi nafasigacha ham hech qanday o‘zgarishsiz o‘tishi mumkinligini tushunib yetgan.

“Qishloqdan ketayotganimda otam: „Bu yerda oilang, opa-ukalaring bor-ku, ketib nima qilasan? Toshkentda qiynalasan“, degandilar. 2017-yili u kishiga saraton tashxisi qo‘yildi. Vaqt o‘tib, dadam: „Men seni ketganing, yo‘lingni topganing qutqardi“, dedilar”, — deb eslaydi Jasur aka.
Faoliyat
Jasur aka maktabning qolgan 6 yilini, tushunarli sababga ko‘ra, uyda o‘qishga majbur bo‘lgan. Ammo o‘zi o‘rganishni juda ham xohlagan chizmachilik va kompyuter singari qo‘shimcha darslardan “mumkin emas” degan asossiz bahona sabab bebahra qolgan.
Lekin bu uning Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida kompyuter grafikasi va badiiy foto bo‘yicha bakalavrni, multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi bo‘yicha esa magistraturani tamomlashiga to‘siq bo‘la olmadi. O‘qishni bitirgach, institut rahbariyati unga ish taklif qildi — Jasur aka hozir talabalarga badiiy fotokompozitsiyani o‘rgatadi.
Talabalar bilan individual ishlashni yoqtiradigan dotsent o‘z ishini tahlil qilolgan, xolis baho berolgan fotografgina yaxshi suratkash ekanini ularga bot-bot takrorlaydi. Tabiiyki, bunga o‘zi ham amal qilgan holda, ijodi, faoliyatini tez-tez tahlil qiladi.

O‘zini etyudchi fotograf deb biladigan ustoz yillar davomida bir xonadan chiqmagani uchunmi, keng, bepoyon, manzaralarni kadrga muhrlashni yoqtiradi. Talabalariga tabiiy yorug‘lik, chiroqlardan o‘rinli foydalanib, turli burchak, fon va emotsiyalar bilan modelning holatini aks ettirishni professional darajada o‘rgatishiga qaramay, o‘zi tor xonada portret suratga olishni unchalik xushlamaydi.
Tabiat qo‘yniga, umuman boshqa hududlarga odatda fotokamerasi bilan borib, ilojini topsa somon olib qaytadi. “Somon sanʼatimizdagi eng asosiy boʻyoq hisoblanadi. Bir rasm uchun ko‘p somon ketmasada, kerakli rangni topish ancha vaqt talab qilishi mumkin”, — tushuntiradi hunarmand.
Jarayon chizishdan boshlanadi. 3D ga o‘xshab chiqishi uchun detallarga ajratilib, keyin somon yopishtiriladi. So‘ngra “kuydiradigan qalam” (vijigatel) bilan pardozlanadi. Bu suratdagi qaysidir qismning boshqasidan to‘qroq ko‘rinishini ta’minlaydi. Kuydirib, ishlov berilganidan keyin esa fonga yopishtiriladi.

“Bunday asarlar turli muddatda bitadi. Ularning orasida shifonerning ustida uzoq vaqt chang bosib, yillar o‘tgach, to‘satdan g‘oya kelib, yakuniga yetadigani yoki o‘sha g‘oya yo‘qligi uchun chala qolganlari ham bo‘lishi mumkin”, — deydi ishlarida o‘zbekona o‘ziga xoslik ufurib turishini yoqtiruvchi ijodkor.
Jasur aka odamlar uning kimligiga emas, ishiga baho berishini xohlaydi. Shuning uchunmi, Hastimom majmuasining Baroqxon madrasasidagi 2009-yildan beri faoliyat yuritib keladigan mo‘’jaz ustaxona, shuningdek, chizilgan ishlari ham uniki ekanligi bilinmaydi.
Rasmlarning orqasida faqat ismim va imzoni qoldiraman, lekin xaridor mening aynan qaysi Jasur ekanimni bilishini istamayman. Chunki asar meniki ekani ma’lum bo‘lsa, uni sotib olgan odam suratni emas, meni eslab qoladi. Men esa jismoniy harakatim cheklangani bilan emas, ijodim bilan eslashlarini xohlayman.
Ilk ishi Buxorodagi Minorai Kalon bo‘lgan ijodkor asarlarini uyida, bir kirsa soatlab chiqqisi kelmaydigan ijodxonasida tayyorlaydi. Qalbi orom topadigan mazkur ijodxona yil davomida 90−100 ga yaqin asarlarning “tug‘ilishi”ga so‘zsiz guvoh bo‘ladi.
реклама
реклама
Avvallari asosiy vaqtini somon san’ati bilan shug‘ullanishga sarflagan, ustaxonani rivojlantirish asosiy maqsadi bo‘lgan Jumayev xalq noibiga aylanganidan keyin ijod va muallimlikka kam vaqt ajratadigan bo‘lib qolgan.

U ARGOS platformasi orqali tanlovda ishtirok etgach, 2023-yildan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligining katta yoshdagilar uchun ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va monitoring qilish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan.

U 2024-yilning 27-oktabrida parlament saylovlarida Bo‘stonliq tuman va Chirchiq shahrini, shuningdek, Qibray tumanining ayrim qismlarini qamrab olgan 47-saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik saylandi.
Tariximizda ilk bor nogironligi bo‘lgan Jasur Alimbayevich qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Bu parlamentimizni tom ma’noda inklyuziv organga aylantirib, ushbu qatlam manfaatlarini yanada keng ifoda etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi desak to‘g‘ri bo‘ladi, — degan edi Shavkat Mirziyoyev u haqida yangi tarkibdagi Oliy Majlis deputatlariga qilgan murojaatnomasida.
Dars berganida ijod va siyosat, somon san’ati bilan shug‘ullanganida ustozligi va deputatligini unutadigan suhbatdoshimiz Oliy Majlis ostonasini xatlab, binoga ichiga kirishi bilan bor e’tiborini ishga qaratishini ta’kidlaydi.

“Butun O‘zbekistondan, qolaversa, nogironligim borligi uchun nogironligi bor shaxslardan ko‘proq murojaat keladi. Qaysi hududdan bo‘lishidan qat’i nazar, murojaatlarni qabul qilib, uning ustida ishlaymiz. O‘rganib chiqib, muloqotda bo‘lgach, bir-ikki martalik yordam emas, balki tizimli yechim topishga harakat qilamiz. Qabulxonadagi opa „murojaatchilarni qabul qilish bo‘yicha bu hafta siz peshqadamsiz“, deb hazillashib qo‘yadi”, — deydi deputat.
Qonunchilikda nogironligi bor shaxslar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar bir talay, ular ishlashi uchun odamlar o‘ziga taalluqli qonun hujjatlari bilan tanishishi, o‘z haq-huquqini bilishi va, kezi kelganda, bu huquq va imtiyozlarni talab qilib olishi foydadan holi emas, deydi Jasur aka. “O‘z haq-huquqini bilgan shaxs, „Bu qonuning shu moddasida mana bunday deyilgan“, desa, kim uni inkor qila oladi? Inkor qilib ko‘rsin-chi, javobgarlikka tortiladi”, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Oila
Jasur aka talaba payti, sevishib oila qurgan. Ikki sijjaklikning sevgi qissasi poytaxtda, sinfdoshining singlisi bo‘lgan Sarvinoz Toshkentga o‘qishga kelgach uchqunlagan.

“Holatim va vaqtning qadrli ekanini bilganim uchun jiddiy gaplashishdan avval Sarvinozga ota-onasi va akasiga bu haqida aytib, rozi-rizolik olishni so‘raganman. „Rozi bo‘lishmasa, hayotingda muhim inson bo‘lib qolmay“, deganman”, — deydi hozirda ikki o‘g‘ilning otasi bo‘lgan Jasur Jumayev.
Bolalariga odamlarni ajratmaslik, yaxshilik qilish muhimligini uqtiradigan ota farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga, katta o‘g‘li Umidjonning qo‘shimcha darslari va futboldagi natijalari bilan qiziqib, nazorat qilishga, imkoni bo‘lishi bilan birga sayr qilishga harakat qiladi.

Sayr ular uchun dardlashish, fikr almashish uchun eng yaxshi mashg‘ulot. Unda maktabdagi baholar, kun qanday o‘tgani va ba’zi haqiqatlar haqida ham gaplashiladi. 2−3 yil avvalgi jiddiy suhbat ham shunday sayrlardan birida bo‘lgan.
Bir kun kelsam, ko‘chadan uyga kirmaydigan o‘g‘lim xonasiga qamalib olgan — sog‘lom bo‘la turib, o‘zini psixologik nogiron his qilyapti. Aylangani chiqqanda nima bo‘lgani haqida so‘radim. Javobini eshitgach, „men kuchliman, seni mashinada olib ketaman-ku“, singari bolaligida ruhiyatini sindirmaslik uchungina o‘zining tilida aytilgan gaplarni takrorlamadim. Katta bo‘lib qolgan va haqiqat bilan yuzlashishga tayyorligini hisobga olib, boshqacha javob qaytardim. „O‘rtoqlaring meni nogiron degan bo‘lsa, to‘g‘ri aytibdi. Men nogironmanmi, yo‘qmi? Men nogironman, bundan keyin ham yurmayman. Mendan uyalmasdan yashashni xohlasang, yasha. Bo‘lmasa uyga kirib, o‘tiraver, dedim.
O‘shanda farzandiga bu gaplarni aytish uchun kuch topish Jasur akaga oson bo‘lmagan. Bunday damlarda ichidan nima o‘tishini o‘zi yaxshi biladigan ota hali kenjasining ham shunday o‘y-xayollari, savollari bo‘lishini, u bilan ham bu borada gaplashishga to‘g‘ri kelishini yaxshi biladi. Ungacha esa kichkintoy Usmonning ko‘zi o‘rganishi va g‘ayritabiiy qabul qilmasligi uchun uni ham o‘zi bilan ko‘p birga olib yuradi. “Yaxshiroq moslashuv bo‘lishi uchun odamlarga qo‘shilish, ko‘chaga ko‘proq chiqish kerak”, — deydi u.
Jasur aka hozirda o‘zi tug‘ilgan Bo‘stonliqda galereya quryapti. Allaqachon poydevori bitib, tomi yopilgan binoda u odamlar art-terapiya orqali ruhan tiklanishi, ijod orqali qalbiga malham topishini xohlaydi.
Ijod meni ma’naviy sog‘lomlashtirdi, ruhiyatim tiklanishiga sabab bo‘ldi. Aynan u bois men fikran, xayolan va ijodda o‘zimni sog‘lom his qilaman. Galereya jismoniy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, boshqalarga ham shunday ijobiy ta’sir qilishidan umidvorman.
Maqsad, niyat va harakat, qolaversa, ota-onamning duolari bilan ozmi-ko‘pmi natijalarga erishdim, deb hisoblaydigan Jasur akaning fikricha, bu hayotda eng muhimi — kerak bo‘lib yashashdir: “Men uchun eng katta baxt — uyga qaytgach, ishning charchog‘ini his qilib uxlash. Yaqinlaringga, jamiyatga keraksiz bo‘lib qolishdan yomoni yo‘q”.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Dilruh Isomiddinova / Gazeta.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda