Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Samarqanddan sovg‘alar
200 ming so‘mgacha bo‘lgan beshta noodatiy va amaliy sovg‘a
Samarqanddagi Siyob bozoridan yaqinlarni hayron qoldirishi ham, quvontirishi ham mumkin bo‘lgan, ayni vaqtda Samarqand kayfiyatini-da o‘zida ifoda eta oladigan shirinliklar va turmushda foydali turfa xil buyumlarni topish mumkin. Gazeta narxi 200 ming so‘mgacha bo‘lgan shunday sovg‘alarni bir sahifaga jamladi.
Samarqanddagi Siyob bozoridan yaqinlarni hayron qoldirishi ham, quvontirishi ham mumkin bo‘lgan, ayni vaqtda Samarqand kayfiyatini-da o‘zida ifoda eta oladigan shirinliklar va turmushda foydali turfa xil buyumlarni topish mumkin. Gazeta narxi 200 ming so‘mgacha bo‘lgan shunday sovg‘alarni bir sahifaga jamladi.
Samarqand yopgan noni
15 000 — 50 000 so‘m
Samarqand noni — shaharning eng mashhur ramzlaridan biri. U tuz va ba’zida eritilgan sariyog‘ qo‘shib qoriladigan maxsus xamirdan tayyorlanib, tandirda pishiriladi.

Xamir uzoq vaqt aralashtiriladi, shakl berilgan yopgan nonlarga esa maxsus “choppi"lar yordamida chiziqlar (naqshlar) tushiriladi, ustiga kunjut yo qora sedana sepiladi.

Samarqand nonining o‘ziga xosligi — nonning chetlari juda zich bo‘lishiga qaramay, o‘rtasi qalin va yumshoq bo‘ladi, darrov qotib qolmaydi, uzoq vaqt yangidek turadi. Bu nonni xona haroratida 10 kungacha, sovitkichda esa uch oygacha saqlash mumkin.

Yopgan nonlarning og‘irligi 250 grammdan bir yarim kilogacha bo‘lishi mumkin. Samarqand nonining bayramona ko‘rinishlarini quruq meva va gulli naqshlar bilan bezab berishlari ham mumkin.
Choy
Kiloli bargli choy — kilosi 50 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha, paketchali choylar — bir qadog‘i 10 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha
Choy — Samarqand an’analari va mehmondo‘stligining muhim bir qismi. Siyob bozorida Samarqand choy fabrikasida qadoqlangan mahalliy choy namunalarini ham topish mumkin.

Bu yerda turli navga mansub — mayin va yengil ko‘k choylardan tortib rangi qorayib chiqadigan o‘tkir ta’mli qora choylargacha topish mumkin.

Arzon suvenir sifatida choy qadoqlari (qutilari)ni ham xarid qilsa bo‘ladi — ular yo‘lda yoningda olib yurishga ham qulay.
Pashmak holva
Donabay — 3 ming so‘mdan 5 so‘mgacha, to‘plam holida — 20 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha
Pashmak — an’anaviy o‘zbek shirinligi bo‘lib, u ko‘z ochib yumguncha og‘izda erib ketadigan ingichka lazzatli ip ko‘rinishida bo‘ladi. U cho‘zinchoq qandolat qorishmasiga un va sariyog‘ qo‘shib tayyorlanadi.

Qorishma kerakli ko‘rinishga kelguniga qadar ko‘p marta burab, cho‘ziladi. Pashmakning qurug‘i arzonroq, nisbatan yog‘li va qaymoqqa botirilgani esa qimmatroq turadi.

Siyob bozorida doim yangi pashmak topish mumkin. Bu yerda sotiladigan pashmaklar asosan Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidan olib kelinadi. Holvani pergament qog‘ozli o‘ramda yoki maxsus qadoqlangan to‘plamlarda sotib olish mumkin.
Ziravor va qog‘ozsochiqlar uchun to‘plamlar
150 ming — 200 ming so‘m atrofida
Qopqoqchasi bor mitti ko‘zacha ko‘rinishidagi betakror tuzdonlar nafaqat foydali, balki bezatilayotgan dasturxon uchun yorqin bir anjom vazifasini ham o‘tay oladi. To‘plam tuzdon, murchdon, tishkavlagich uchun idishcha va qog‘ozsochiq idishidan iborat. Bu anjomlar taglik sifatida ham ishlatsa bo‘ladigan likopcha bilan birga sotiladi. Bu idish-tovoqlarga qo‘lda chizilgan naqshu jimjimalar chinakam sharqona kayfiyatni taqdim etadi.
Sharflar
100 ming — 180 ming so‘m atrofida
Samarqandning tarixiy qismidagi savdo rastalarida xilma-xil sharflar sotiladi. Mahalliy hunarmandlar bunda ham tabiiy, ham sun’iy shoyidan foydalanadi. Sharflardagi suratlar orasida gulli naqshlar, geometrik shakllar, bo‘yoq dog‘iga o‘xshash yirik jimjimalarni ham uchratish mumkin.

Samarqand shoyisi pishiqligi, nafis tovlanishi va o‘ziga xos mayinligi uchun alohida qadrlanadi. Rastalarni aylanib, ingichka va keng, qo‘lda surat solingan yoki print bosilgan sharflarni topish mumkin. Printli sharflar orasida yoqimtoy mushukchalar va mashhur rassomlarning rasmlari reproduksiyalari ham uchrab turadi.
Uchburchak sumkacha
200 ming so‘m
Joriy mavsum trendiga aylangan o‘zbekona kashtali uchburchak sumkachalar qiziqarli sovg‘a bo‘lishi mumkin. Aksessuar yorqin naqshlar, odatda, qalampir, anor, paxta chanog‘i va sharqona madaniyatning boshqa xil ramzlari bilan bezatiladi. Kashtaning har bir qismi pishiq va mustahkam iplar bilan qo‘lda tikiladi. Sumkachalarning bitta katta bo‘lmasi bor, qo‘lga kalta bog‘ich bilan taqib olinadi.

Sotuvda o‘nlab xil ranglardagi — asl to‘q tuslardan tortib zarhal yoki yaltiroq iplar bilan bezatilgan yorqin va bayramona ko‘rinishdagi sumkachalargacha topish mumkin.
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi — Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda