Foto: Yevgeniy Sorochin / gazeta
Mahallalar musiqasi
Gazeta mas’ul muharriri Elina Sakayeva bilan Toshkent bo‘ylab sayr
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi"ni davom ettiradi. Bu safar yaqinda “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan muharririmiz Elina Sakayeva bilan Toshkentni aylandik. U bilan so‘z erkinligi, ayollar huquqlari, poytaxtning rivojlanishi haqida suhbatlashib, Vatanning tarovati qanday bo‘lishini angladik.
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi"ni davom ettiradi. Bu safar yaqinda “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan muharririmiz Elina Sakayeva bilan Toshkentni aylandik. U bilan so‘z erkinligi, ayollar huquqlari, poytaxtning rivojlanishi haqida suhbatlashib, Vatanning tarovati qanday bo‘lishini angladik.
Gazeta — introvertlar nashri. Garchi jurnalistda suhbatlashish uchun mavzu doimo topilsa-da, ko‘pchiligimiz bir-birimiz bilan kamdan-kam muloqot qilamiz. Ayniqsa, Elina bilan. Uning tug‘ilgan kunlaridan birida tabriknomamda men hech qachon undan aqlliroq ayolni uchratmaganimni yozgan edim. Hatto undan biroz cho‘chiyman, chunki Elina fikrlarni g‘oyat izchil, ma’noli, asosli, adabiy va tez bayon eta oladigan insonning noyob namunasidir. U xuddi Yekaterina Shulman yoki Anton Dolinga — tili qon hujayralarining bir turi bo‘lgan odamlarga o‘xshaydi. Va shunday odam endi mening mana shu yozganlarimni o‘qiydi. OMG.

Elinaning yana bir o‘ziga xos xususiyati — o‘ziga bo‘lgan ishonch. O‘zbilarmonlik emas. U o‘z qadr-qimmatiga tabiiy ravishda ishongan inson taassurotini uyg‘otadi — Xudo bergan qadriyat, tug‘ma qadriyat — undagi hech narsa menda inkor yoki tushunmovchilik uyg‘otmaydi. Elina qanday bo‘lsa, shunday, chunki u o‘zini to‘liq qabul qiladi. Uning misoli quyidagi qoidani tasdiqlaydi: o‘zingga qanday munosabatda bo‘lsang, boshqalar ham senga shunday munosabatda bo‘ladi. Hamkasbimning bu tabiiy xususiyatini o‘zlashtirib, ko‘paytirib, negadir har bir ayolga singdirgim keladi. Menimcha, aynan jamiyatimizdagi ayollarga mana shunday o‘zi bilan kelishuv yetishmaydi.

Men Gazeta’da olti yildan beri ishlayman va bunda hamma o‘z va tahririyat falsafalarining birligini his qilsa-da, nashrning qadriyatlarini qachondir biror nom bilan ataganimizni eslay olmayman. Menimcha, Elina bilan suhbatda men bu atamalarni birinchi marta hamkasbimdan eshitdim va misollari bilan batafsil tushuntirish oldim. Menda qarshimda safdoshim turgani va aynan shu mutlaqo beg‘araz g‘oyalar jurnalistlik kasbining asosi ekanligi haqida mutlaqo qat’iy tushuncha shakllandi. Va hozir, mana shu matnni yozayotganimda, menga shunday imkoniyat nasib etgan ekan, bu qadriyatlarning har birini yoritishga qaror qildim.
Jurnalistika va kasbiy vazifa haqida
Jurnalistika bilan 14 yoshimda tanishganman. Bolaligimdan xayolotim boy edi (kitobxonlikka muhabbat uyg‘otgan ota-onamga rahmat) va insholarni yaxshi yozardim. Maktab va litseydagi rus tili o‘qituvchilari: “Elina — rus tilining yulduzi”, deyishardi. Maktabning so‘nggi sinflarida Bolalar ijodiyoti markazidagi jurnalistika to‘garagiga qatnardim. Ustozimiz Vadim bizga jurnalistika haqida nimalarnidir uqtirishga harakat qilardi. Uning aytganlarini yaxshi eslay olmayman, lekin biz ma’lum adabiyotlarni, masalan, Dante Aligerining “Ilohiy komediya"sini o‘qishimiz va shu asarlar asosida biror narsa yozishga urinishimiz yoki muhokama qilishimiz kerak edi.

To‘garak a’zolari kichik gazetacha chiqarardi, men unda o‘zimning romantik nasrimni chop etardim. Kurs ikki yoki uch yillik edi, men uni maktab bilan birga tugatdim, so‘ng Kibernetika instituti qoshidagi litseyga o‘qishga kirdim. Oxirgi kursda institut qayta tashkil etildi, litsey O‘zDJTUga o‘tkazildi va butun tarkib To‘qimachilikdagi yangi binoga ko‘chirildi.
O‘qituvchilar butunlay o‘zgardi, litseyning so‘nggi kursida rus tilidan Irina Aleksandrovna To‘laganova o‘qituvchilik qildi. Ilgari pedagoglar meni maqtab, besh qo‘ygan bo‘lsa, Irina Aleksandrovna kutilmagan qadam tashladi. U: “Elina, siz rus tili va adabiyoti bo‘yicha shahar olimpiadasida albatta qatnashishingiz kerak, chunki shunda universitetga grant asosida kirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz”, dedi. Men esa litseyga ko‘p bormaganim va umuman ishonchli o‘quvchi taassurotini qoldirmaganim uchun so‘radim: “Nahotki menga ishonasiz?”. U: “Albatta, sizga ishonaman. Qanday qilib ishonmaslik mumkin?”, deb javob berdi.

Bu menga juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. U tashqi ko‘rinishidan menga juda yoqardi. Uning qat’iyatli, nafis, o‘qituvchilarga xos qiyofasi bor edi, ayni paytda har qanday o‘quvchi bilan tengma-teng gaplasha olardi. Mana, bu go‘zal, aqlli ayol menga ishonar ekan! Bu men uchun yangilik edi. Irina Aleksandrovna menda o‘z kuchimga ishonch uyg‘otdi.

Men olimpiadada e’tiborga molik natijaga erishmadim — testlardan yiqildim, ammo insho uchun 3-o‘rinni oldim. Shunda o‘qishga gumanitar yo‘nalishga topshirishdan ma’no borligini tushundim. Jurnalistikaga kirolmasligimga ishonchim komil edi, shuning uchun sotsiolog bo‘lishni o‘ylagandim. Ammo 2008-yili, men o‘qishga kirayotganimda, Milliy universitetda sotsiologiya bo‘yicha “yevro guruh”lar ochilmadi. O‘zbek tilida o‘qishni eplay olmasdim, shuning uchun onam bilan, ayniqsa jurnalistikaga kirish unchalik qiyin emasligi ma’lum bo‘lgach, rejalarimizni shoshilinch qayta ko‘rib chiqa boshladik. Kasbimizga tasodifan kirib qolishim tarixi mana shunday.

Universitetga o‘qishga kirganimdan so‘ng, yana 5−7 yil davomida Irina Aleksandrovnani 1-oktabr bilan muntazam tabriklab turdim. U esa buni hech qachon alohida bir narsa sifatida qabul qilmasdi. Menga oddiy bir o‘quvchidek munosabatda, shunday salomlashardi. Menimcha, bu yaxshilik qilib, uni unutib qo‘ygan inson qalbining ulkan kengligidan dalolat. Ehtimol, o‘sha paytda uning hissasi haqida aniq gapira olmagandirman. Oradan shuncha yillar o‘tdi, men esa buni endigina anglab yetdim.
Gazeta’da “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim haqidagi xabarni yozganimizda, bu nashrda to‘qqiz yildan beri ishlayotganimni angladim. To‘qqiz yil-a! Xayolimda endi uch yilcha bo‘lgandek edi. Yangiliklar oqimida vaqt o‘tganini sezmay qolasan. Balki bu qaysidir ma’noda ishning yoqimli ekanidan dalolatdir. Agar yoqmaganida, bir yil uch yildek tuyulgan bo‘lardi.

Men har doim ham o‘z ishimning super fidoyisiman, ishimiz uchun har kuni ko‘ksimga uraman, deb maqtana olmayman. Dastlabki uch yillik faoliyatimdan keyin Feysbukda bir post yozgandim: shu vaqt ichida hech qachon uyg‘onib, ishga borgim kelmayotganini o‘ylamagan ekanman. Ammo to‘qqiz yil o‘tgach, bunday kunlar ham bo‘lishini tan olishga to‘g‘ri keladi. Dangasaligimdan emas. Shunchaki axborot iste’molidan charchab ketasan, yoqmaydi.

Lekin kasbdan ketish fikri hech qachon xayolimga kelmagan. Bu, ehtimol, men a’lo darajada bajara oladigan yagona ishdir. Ishda menga yoqadigani narsa bir vaqtning o‘zi yoqmaydi ham — har kuni yangiliklarni o‘qishing kerak. Ba’zi odamlar siyosatdan tashqarida ekanligini, shu bois yangiliklarni o‘qimasligini aytadi. Ba’zida men ham shunday tanlovga ega bo‘lishni xohlab qolaman. Ammo umuman olganda, kundalik hayotimizning o‘zi ham siyosat, ham iqtisodiyot, ham ekologiyadan iborat, shuning uchun bu jarayonlarga aralashib turganimiz ma’qul.

Gazeta’ning birinchi raqamli qadriyati

Ishimning men uchun muhim yana bir jihati — bu nimagadir ta’sir o‘tkazish imkoniyati borligidir. To‘g‘ri, biz siyosatchi emasmiz, lekin shunga qaramay, Gazeta’ning jamiyatdagi ta’sir kuchi ancha yuqori. Ayniqsa, bosh muharrir Azamat Atajanovning obro‘-e'tibori va u belgilagan tahririyat standartining qo‘llab-quvvatlanishi tufayli. Biz bu ta’sirdan jamoatchilik fikrini boshqarish, shaxsiy piar yoki ommabop bo‘lmagan qarorlarni targ‘ib qilish uchun foydalanmaymiz. Biz o‘z kuchimizni shaharni, imkon bo‘lsa mamlakatni ham, biroz yaxshilashga yo‘naltiramiz.
Ba’zan shunday og‘ir holatlar bo‘ladiki, yangiliklarni o‘qigim ham, ayniqsa, yozgim kelmay qoladi. Shunchaki kun bo‘yi karavotdan turmay yotgim keladi. Lekin, xayriyatki, bunday holatlar o‘tkinchi. Va men o‘zimga “Bundan tashqarida yashay olamanmi va buni xohlaymanmi o‘zi?” degan savolni berganimda, “Yo‘q” degan javob jaranglashini anglayman. Men hali ham o‘zim ishongan g‘oyalarni ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlayman.

Gazeta’ning ikkinchi raqamli qadriyati

Menda mualliflik materiallari deyarli yo‘q, ammo nashr muharriri sifatida Gazeta’ning kundalik kun tartibiga sezilarli ta’sir ko‘rsataman va o‘z darajamda bugun o‘quvchiga nimani taqdim etish muhimligini, masalaning mohiyatini tushunishi uchun qanday ma’lumot qo‘shish kerakligini, qaysi mutaxassislarga so‘z berish lozimligini hal qila olaman. Shunga ko‘ra, mavzularni tahririyat qoidalari, ya’ni, umuminsoniy qadriyatlardan kelib chiqib tanlayman.
Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jinsiy zo‘ravonlik, jumladan, ko‘chada shilqimlik qilishga doir o‘zgartishlar kiritilganida, metro yoki avtobusda shilqimlik uchun jarima solinishi haqidagi ma’lumotni e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qildik, toki odamlar buni endi jazoga tortilishini bilishsin.

Xotin-qizlarning huquqlari haqida davlat darajasida so‘z ochilishidan avval davlat idoralari sahifalarida bor-yo‘g‘i seni urishgani uchun oilani buzmaslik va boquvchini xafa qilmaslik kerakligi mazmunidagi xabarlarni ko‘rish mutlaqo oddiy hol edi. 2017-yili Ichki ishlar vazirligi saytidan shu mazmundagi bir axborotdan skrinshot ham olgandim.

Gazeta’ning uchinchi raqamli qadriyati

Fiziologik va ijtimoiy zaiflik tufayli ayollar va bolalarning huquqlari buzilishi ehtimoli yuqori. Buni o‘zgartirish uchun, boshqa har qanday huquqbuzarliklarda bo‘lgani kabi, jazo muqarrarligi bo‘lishi kerak. Qonundan qo‘rqish ortidan huquqiy madaniyat shakllanishi lozim, shunda mushtumzo‘rlar ayollarga nisbatan ochiqchasiga ortiqcha harakat qilishdan chindan ham qo‘rqadigan bo‘ladi. Birinchi navbatda, oiladagi zo‘ravonlikka murosasiz bo‘lish kerak. Ayol “o‘zi sababchi bo‘ldi”, “o‘zi so‘rab oldi” yoki “shunga loyiq bo‘lgani uchun shunday bo‘ldi” deb zo‘ravon va zo‘ravonlikni oqlab bo‘lmaydi. Aslida, bolagami, ayolgami, erkakka nisbatanmi — farqi yo‘q — zo‘ravonlik me’yor bo‘lmasligi kerak.
So‘z erkinligi haqida
So‘z erkinligi haqida mulohaza yuritish qiyin. Menimcha, bu haqda gapirishdan ko‘ra, bu bilan inqilobiy tarzda emas, izchil, evolyutsion tarzda shug‘ullanish kerak. Kimdir berishi mumkin bo‘lgan so‘z erkinligiga ishonmayman. So‘z erkinligi indeksidagi 148-o‘rin biz, jurnalistlar, hali ko‘p ishlashimiz kerakligini ko‘rsatadi. Menimcha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, qanchalik uzoqqa borish mumkinligini tushunish uchun chegaralarni sinab ko‘rish mutlaqo oqilona yondashuv. Shu bilan birga, jurnalistika davlatdan ko‘ra ko‘proq jamiyat haqida ekanligini yodda tutgan holda ishlash lozim.

Gazeta’ning to‘rtinchi raqamli qadriyati

Jurnalistlar, birinchi navbatda o‘z ustida ishlashi kerak, deb hisoblayman. Qo‘rqmaslikka chaqirish befoyda, o‘z-o‘zini senzura qilish qanday shakllangani haqida har kimning o‘z hikoyasi bordir. Men ko‘proq jurnalistlarni murosali, unchalik ziddiyatli bo‘lmagan til topishga harakat qilishga chaqirgan bo‘lardim. Ba’zida yumshoq yondashuv to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlardan ko‘ra yaxshiroq natija berishi mumkin. Mening fikrimcha, agar siz jamoatchilik muhokamasida maqsadga erishmoqchi bo‘lsangiz, hozirgi sharoitda buni qanday amalga oshirish kerakligini o‘zingizdan so‘rashingiz lozim. Agar javob moslashuvchan bo‘lish bo‘lsa, demak, moslashuvchan bo‘lish kerak.
O‘zi bilan munosabati haqida
Ko‘pincha men o‘zim bilan kelishaman, hech narsa uchun uyalmayman, o‘zimni kamsitmayman — na tashqi ko‘rinishim uchun, na qandaydir odatlarim uchun, na aytgan yoki aytmagan gaplarim uchun. Albatta, hamma odamlar kabi mulohaza yuritaman, lekin o‘zimni yeb qo‘ymayman. Qanday qilib shunday bo‘lib qolganini bilmayman. Balki bu mening oilam bilan bog‘liqdir. Kichkinaligimda ota-onam hech qachon: “Unday qilma, bunday qil”, deb qat’iy aytmagan. Hech qachon meni ahmoq yoki noto‘g‘ri ish qilayapsan deb dakki berishmagan. Biror e’tirozlari yoki savollari bo‘lsa, buni muhokama qilish mumkin edi. Oilamda o‘z fikrini o‘tkazadigan zolim odamlar yo‘q edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men o‘zimni shunday qabul qilaman. Xato qilishga haqqim bor, noto‘g‘ri harakat qilishga haqqim bor, lekin umuman olganda hammasini to‘g‘rilash mumkin. Shu tushuncha bilan yashayapman.
Bilaman, oiladan meros qolgan nosog‘lom qarashlarni muvaffaqiyatli yengib o‘tgan odamlar bor. Masalan, bolaligida kaltaklangan, ammo bu noto‘g‘ri ekanini va tarbiya usuli hisoblanmasligini tushunib ulg‘ayganlar bor. Buni qanday yengish mumkinligini bilmayman. Ehtimol, ijobiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan hayotiy tajribalarga iloji boricha ochiq bo‘lish kerakdir. Bir paytlar ota-onangiz kabi munosabatda bo‘lgan sherigingiz bunday hislarni uyg‘otishi dargumon.

Bilaman, inson beixtiyor bolalik ssenariylarini takrorlaydigan holatlar mavjud. Aytaylik, agar otasi oiladan ketgan bo‘lsa va bu qiz uchun katta hissiy yo‘qotish bo‘lsa, kelajakda juft topish uni otasiga o‘xshash odamga olib borishi mumkin. U ham qizni tashlab ketishi yoki uning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashi ehtimoli bor. Bu og‘riqli bog‘liqlikni yengish qiyin. Ammo agar ichki kuch va bu nosog‘lom ekanligini tushunish hissi bo‘lsa, buni, jumladan terapiya yordamida ham yengsa bo‘ladi.

Jurnalistlar uchun har bir gapga qandaydir dalil yoki ekspertiza bo‘lmasa, fikr yuritish qiyin. Odamlar esa jurnalistlar bilan muloqotdan shuni kutadi. Siz har qanday davrada, xoh sayrda, xoh qarindoshlarnikida, do‘stlar davrasida bo‘ling, birinchi navbatda nima bo‘ladi? Sizni: “Mana, Elina Gazeta’da ishlaydi”, deb tanishtirishadi. Hammasi: “Oooo, Gazeta’da”, deb sizga qarab, asrlar donishmandligini aytib berishingizni, har bir so‘zingiz bilan haqiqatni yoyishingizni kutishadi. Balki shuning uchun davralarda introvert bo‘lib qolgandirman. Jilmayib, jim turishni afzal ko‘raman.
Vaholanki, hali jurnalist bo‘lmasimdan oldin ham fikrimni asosli tarzda ifoda etish men uchun muhim edi. Ehtimol, bunga tarmoqdagi muloqot ham ta’sir qilgandir. U yerda aytayotgan gapingizga e’tiborli bo‘lishingiz kerak, chunki har doim sizga munosib qarshi dalil keltirib, mavzuni to‘liq bilmasligingizni ko‘rsatadigan odam topilishi mumkin. Negadir bu menga qattiq ta’sir qilardi. Doimo bahsga kirishadigan bo‘lsak, fikr asosli bo‘lishi kerak, deb o‘ylardim. Agar fikrim bo‘lmasa yoki biror narsaga qanday munosabatda bo‘lishni bilmasam, avval bilimdon odamlar bu haqda nima deyishini o‘qib, keyin o‘z fikrimni shakllantirar edim.
Urbanistik vatanparvarlik va shahardagi sukunat haqida
Men hech qachon Mirzo Ulug‘bek tumanidan ko‘chib ketmaganman va, ehtimol, uning muxlisi hamdirman, chunki u Toshkentdagi eng yashil hududlardan biri. Bilmadim, bu qay darajada tumanning xizmati, balki bunga shaharning asosiy ko‘chalaridan biri shu yerdan o‘tgani sababdir. Har holda, bu ne’matlardan zavqlanib foydalanaman!

Bolalik yillarimda shahar qanday ko‘rinishda bo‘lganini yaxshi eslayman va bu o‘zgarishlarni taqqoslay olaman. Masalan, Parkent ko‘chasidagi ofisimiz o‘rnida — o‘sha paytdagi general Petrov mavzesida — garajlar va gazeta do‘konchasi kabi kichik tijorat do‘koni bor edi, u ko‘pincha yopiq turardi. Onam bilan shu yerdan Parkent bozoriga borardik. U joy biroz tushkun ko‘rinardi.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan tramvay yo‘li o‘tardi. Jamoat transportidan foydalana boshlaganimda, taxminan 15−16 yoshimda, bu yerda mening bekatim bor edi. Shu yoshgacha uydan uzoqqa ketishni hech narsa talab qilmagan. Ammo internetdan foydalanishni boshlagach, boshqa tumanlarda yashaydigan do‘stlarim paydo bo‘ldi va shoshilinch ravishda jamoat transportini o‘zlashtirishga to‘g‘ri keldi, bu menga katta zavq bag‘ishlardi.
Birinchi safar, hozir esimda, to‘ppa-to‘g‘ri shaharning narigi chekkasiga — Birodarlik qabristoniga borgan edim. Menga qanday yetib borishni batafsil tushuntirishgandi va men hatto birinchi martada adashmasdan borgandim. Bu kattalardek jamoat transportiga o‘tirib, o‘zingiz uchun pul to‘lashingiz va kerakli bekatni o‘tkazib yubormaslik mas’uliyati ostida yurish juda hayajonli tajriba edi.

O‘sha yoshimda men erkinlikni, shunchaki uydan sarguzashtlarga peshvoz chiqishni juda xohlardim. Ehtimol, bu o‘smir uchun eng foydali vaqt o‘tkazish usuli emasdir va siz vaqtni unumliroq sarflashingiz — masalan, ingliz tilini o‘rganishingiz ham mumkin. Ammo bu tajriba — erkin sayr qilish va men suhbatlashishni istagan odamlar bilan muloqot qilish menga foydali bo‘ldi deb o‘ylayman. Odamlarni yaxshiroq tushunishni va soddaroq bo‘lmaslikni o‘rgandim.

Men, albatta, yerga tushganim yo‘q, bolaligimda esa deyarli har doim osmonlarda uchib yurardim. Ota-onam bilan prezident yo‘li va Salor bozori o‘rtasidagi eski paxsa uyda yashardik. Hovlimiz juda tinch va yam-yashil edi. Butun bolaligimni qo‘g‘irchoqlar o‘rniga o‘simliklar bilan o‘ynab, bog‘da timirskilanib o‘tkazardim — xayolotim boy edi. Poyasi uzun, chetlari o‘yilgan terak barglari qushchalar bo‘lardi. Ularga poxoldan in qurardim. Bahorda paydo bo‘ladigan boshoqchalar tipratikan rolini o‘ynardi. Yana yovvoyi chirmovuq gullar ham bor edi — agar gul to‘plamini poyasidan tirnoq bilan kesib olsangiz, juda hashamatli pushti ko‘ylak kiygan xonim paydo bo‘lardi. Atrofimdagi tabiat mening yolg‘iz rivojlanishim uchun yoqimli muhit edi. Boshqa bolalar bilan unchalik ko‘p o‘ynamasdim, chunki yolg‘iz qolishni va xayol surishni yaxshi ko‘rardim.
Hozir erim bilan kvartirada yasharkanmiz, mahallalarning sokinligini juda sog‘inamiz, biroq o‘z uying bo‘lishi va unga egalik qilish katta e’tiborni talab qiladi va bu fikr ayni vaqtda bizni biroz xavotirga ham soladi. Erim ham hovlida ulg‘aygan, shu bois ba’zan yerga yaqinroq bo‘lishni, kechqurun ko‘chaga chiqib, nam tuproq va to‘kilgan barglar hidini to‘yib-to‘yib hidlashni, ochiq havoda o‘tirishni qo‘msaymiz. Aynan shu yerda yashash odati tufayli, bugungi kungacha men uchun uyg‘onganda derazadan osmon va daraxtlarni ko‘rish nihoyatda muhim.

Shuning uchun men doimo eski binolarda yashashni ma’qul ko‘raman — bunday daraxtlar va joyning o‘ziga xos ruhini boshqa qayerdan topasiz? Bu ruhni diniy ma’noda emas, balki uyg‘unlik, shakllangan odatlar, his-tuyg‘ular va ona yurt bilan bog‘liq xotiralar nuqtai nazaridan tushunaman. Umuman olganda, eski turar joylar menga qulayroq tuyuladi. Ehtimol, ular bolaligimdan beri menga o‘z qiyofalari bilan hamroh bo‘lib kelgani va ularda mening qalbim, avlodlar xotirasining bir bo‘lagi mavjudligi uchundir.
Masalan, men otam ko‘p yillar oldin bitirgan maktabga qatnagandim. Hozir istiqomat qilayotgan ko‘chamda ko‘p yillardan beri boradiganim basseyn bor. Basseynga borib, dam olish, yangiliklardan so‘ng asablarni tinchlantirish, keyin esa yo‘lning narigi tomonidagi qahvaxonada qahva ichish — men uchun bu yozning o‘ziga xos marosimi.
Sayrlar, musiqa va Vatan tarovati haqida
Tabiatning yetishmasligini sayr bilan to‘ldirishga intilaman. Har qanday ob-havoda ishdan uyga piyoda qaytaman. Bunday 50 daqiqalik tez yurishni yoqtiraman. “Prezident yo‘li” bo‘ylab yo‘nalishimning bir qismi menga juda yoqadi. Bu yer yam-yashil, issiq kunlarda ham salqin, qor yoqqanda va kuzda esa ajoyib manzara kasb etadi, chunki daraxtlarning barglari asta-sekin rangini o‘zgartiradi: yorqin sariq zaranglardan to jigarrang eman va to‘q qizil hind nastarin (siren)larigacha.

Garchi bu ko‘chada “ajoyib” beton bilan qayta qurilgan eng yaxshi yo‘lak bo‘lmasa-da, u yetarlicha tekis. Velosipedchilar ham bemalol o‘tishi mumkin, ular ham bu yo‘lakdan faol foydalanadi. Itlari bilan sayr qiluvchilar ko‘p — hozir uy hayvonlarim yo‘q, lekin ilgari bor edi va ularni kuzatishni yoqtiraman.
Menimcha, yo‘l yetarlicha sokin — ehtimol, odatda quloqchin taqib yurganim uchun menga shunday tuyular. Musiqa tanlash borasidagi talabchanligim yoshligimdagi kabi qat’iy bo‘lmasa-da, hozir ham metal yo‘nalishidagi turli qo‘shiqlarni tinglayman.

Ashaddiy metalchi bo‘lgan erim bilan tanishganimda, u albomlarni to‘liq tinglash kerakligini aytdi, chunki ijrochi unga ma’lum bir g‘oyani singdiradi, albomdagi bitta qo‘shiqni tinglasang, bu g‘oya to‘liq ochilmaydi. Rostini aytsam, buning uddasidan kamdan-kam hollarda chiqa olganman.

Katta zavq olish uchun ataylab to‘liq tinglagan yagona narsam — bu myuzikllar edi. Masalan, Amerikaning “Nayza haqidagi doston” fantastik seriyasiga asoslangan, ammo katta ijodiy qayta ishlangan “So‘nggi sinov” nomli eski rus myuziklini. Juda yoqimli, falsafiy, ekzistensial, dramatik asar; ajoyib ovozlar, go‘zal lirika. U turli teatr jamoalari tomonidan bir necha bor sahnalashtirilgan.
Yandex Music va “Mening to‘lqinim” paydo bo‘lgach, mobil dastur foydalanuvchilarining aksariyati albomlarni emas, balki tasodifiy qo‘shiqlarni tinglashlari ma’lum bo‘ldi. Robot saralab bergan shaxsiy to‘plamlar yangilik bo‘ldi va men nafaqat metal, balki blyuz-rok, trans va elektronika kabi yondosh janrlarda ko‘plab ijrochilarni kashf eta boshladim.

Ishdan chiqqanimda quloqchinlarni taqib, pleylistni ishga tushiraman. Men uchun bu 50 daqiqa davomida o‘zim va musiqa bilan qo‘shilib ketish lahzasi, bunda ma’lumot olmaysan, uni tahlil qilmaysan, ishlab chiqarmaysan, balki shunchaki qandaydir trans holatida bo‘lasan, atrofdagi voqelikni faqat samokatchi bosib ketmaydigan darajada idrok etasan. Bu yoqimli. Bu miyani bo‘shatishning yaxshi usuli. Ammo buni har doim ham uddalab bo‘lmaydi.
Qancha yil ishlasang ham, ba’zida yangiliklardan biror fojiali vaziyatni osonlikcha o‘tkazib yuborish uchun yetarlicha loqaydlikni yoqolmaysan. Ma’lumki, jurnalistlarda stressning bir omili ikkinchisi bilan almashadi, hech narsaga uzoq e’tibor bermaysan. Ammo qandaydir dahshatli zo‘ravonlik haqidagi xabarni yoritayotganingda, hayotga bo‘lgan ishtiyoq va motivatsiya juda pasayib ketishi mumkin.

Albatta, vaqt o‘tishi bilan o‘zingni qulay his qilishing uchun muvozanat bo‘lishi kerak, degan fikrga qo‘shilasan. Qandaydir yoqimli, kulgili yangilik global larzalarni to‘g‘rilay olmaydi, lekin hech bo‘lmaganda chalg‘itadi. Inson ruhiyati uchun, ehtimol, o‘zgarish imkoniyatini izlash juda xosdir, aks holda u ishdan chiqishni boshlashi mumkin.

Kasbiy charchoq alomatlarini birinchi marta his qilganimda, menda piyoda kurer bo‘lib ishlashni xohlash haqida g‘alati fikr paydo bo‘ldi: minimal aqliy zo‘riqish va, agar omading kelsa, orqangda unchalik og‘ir bo‘lmagan quti bilan shahar bo‘ylab shunchaki yurish.
Charchashni yengishda haftada bir kun dam olish yoki uydan ishlash yordam beradi. Introvert bo‘lganim uchun ba’zida yolg‘iz qolishim va o‘zimga kelishim juda zarur. Shuning uchun yolg‘iz sayr qilishni, suzishni, shahar tashqarisiga chiqishni yaxshi ko‘raman. Toshkent tog‘larining o‘ziga xos tarovatini — daryo, ko‘kalamzor, tungi salqinlik, ovqat pishirilayotgan gulxan, namlikdan cho‘kkan chang hidini yoqtiraman. Bularni Toshkentdan kamida 60 kilometr uzoqlashganda his qilasiz. Men uchun Vatan aynan shunday hid taratadi.
Yo‘lni kesib o‘tishdan qo‘rqish va avtoturargohga aylangan trotuarlar haqida
Uyga doim bir yo‘ldan — uzoqroq yo‘ldan qaytaman, chunki u yerda ko‘chani to‘rt marta kesib o‘taman, qisqa yo‘ldan yursam yo‘lni sakkiz marta kesib o‘tishim kerak bo‘ladi. Yo‘lni kesib o‘tish men uchun har doim stress. Ehtimol, muharrir bo‘lib ishlay boshlaganimdan keyin bu xavotir kuchaygan bo‘lishi mumkin, chunki bu mavzu ichiga qancha ko‘p ko‘rsang, shuncha ko‘p qo‘rqasan. Axir shifokorlar, huquq-tartibot xodimlari va jurnalistlardan ko‘ra ko‘proq kim ko‘radi bu mavzuni?

Gazeta’da ish boshlashdan avval ko‘chada yurish nega noqulay yoki o‘ng‘aysiz ekani haqida o‘ylamasdim. Ammo bosh muharrirdan olgan bilimlarim tufayli bu narsalarga qarashim tartibli bo‘lib qoldi.

Gazeta’ning beshinchi raqamli qadriyati

Piyoda o‘zini himoyasiz his qiladi, chunki yo‘lning qatnov qismi odatda tekis, to‘g‘ri va silliq bo‘lib, haydovchilar bemalol uchib o‘tadi. Demak, ko‘p narsa haydovchiga bog‘liq qolyapti, aslida unday bo‘lmasligi kerak.
Svetofor ham har doim najotkor emas. Men yashaydigan Oqqo‘rg‘on ko‘chasining oxiridagi piyodalar o‘tish joyi buning isboti. T-shaklida chorrahaga svetofor o‘rnatilganda, undan 70 metr naridagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi yo‘q qilindi: zebra o‘chirildi, belgilar olib tashlandi. Bu o‘tish joyi svetofordagidan ko‘ra qulayroq va xavfsizroq bo‘lgani uchun ko‘p bahslar bo‘ldi. Chunki chorrahaning har tomonidan burilayotgan mashinalar piyodalarga yashil chiroq yonib turganiga qaramay, ularni o‘tkazib yuborishni xohlamaydi.
Oqqo‘rg‘on ko‘chasining o‘zi ham, menimcha, ancha muammoli. U menga juda yoqadi, doim bu yerda yashashni xohlaganman, lekin ko‘cha shunchalik gavjumki, bundan aziyat chekadi. Bu yerda birinchi qavatlarda ko‘plab bizneslar ochilyapti. Trotuarning bu bizneslar oldidan o‘tgan qismlarining taqdiri biznes egalarining vijdoniga havola bo‘lib qolgan: xohlasa silliq, sirpanmaydigan plitkalar yotqiza, yashil hududni saqlab qoladi yoki Oqqo‘rg‘onni chiroyli qiladigan keksa daraxtlarni betonlab tashlaydi.

Uyimiz yonidagi asfaltga ko‘milib qolgan daraxt tanalarini “Xalq nazorati” orqali qutqarishga to‘g‘ri keldi. Inspektor keldi, biz u bilan qo‘llarimiz bilan ishchilarga daraxtlar tagini qancha masofagacha asfaltdan tozalash kerakligini ko‘rsatib turdik. Yaxshiyamki, “Xalq nazorati” mobil dasturi orqali tezkor javob olish mumkin. Afsuski, bu ham faqat Ekologiya vazirligi bilan bog‘liq holatlardagina shunday tezkor. Boshqa hollarda biror narsaga erishish baribir qiyin.

Masalan, trotuarlardagi tartibsiz to‘xtash joylari e’tibordan chetda qolmoqda. Deyarli butun Oqqo‘rg‘on ko‘chasi tartibsiz to‘xtash joylariga to‘la, ammo ular mutlaqo noto‘g‘ri va xavfli. Muammoni pullik to‘xtash joylari bilan hal qilish mumkindir — Oqqo‘rg‘onda tramvay yo‘li olib tashlangani sababli, u yerda haqiqatan ham pullik to‘xtash joylarini tashkil etish mumkin bo‘lgan katta maydon bo‘shab qolgan.
Tartibsiz to‘xtash joylari va ularni keltirib chiqarayotgan haydovchilar — mashinasi xalaqit beryaptimi-yo‘qmi o‘ylab ko‘rmaydigan odamlar — meni juda qattiq g‘azablantiradi. Nima uchun buni tushuntirish kerakligini bilmayman. Trotuardagi piyodalarga mashina xalaqit berayotganini payqash unchalik qiyin emas-ku.

O‘zimda javobi yo‘q bir falsafiy savol bor: nega bir tomondan “qo‘shnilar nima deydi?” deb ko‘p o‘ylaymizu, boshqa tomondan “mening mashinam turgani uchun kolyaska bilan trotuardan o‘ta olmagan qo‘shnilar nima deydi?” deb kam o‘ylaymiz?

Gazeta’ning oltinchi raqamli qadriyati

Bu bir kishi — ehtimol, bilmasdan — o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishi bilan bog‘liq masala. Boshqa tomondan esa, vakolatli kishilar guruhi buni tizimli choralar ko‘rishga arziydigan jiddiy muammo deb ham hisoblamaydi. Men uchun adolat tushunchasi juda muhim. O‘nlab yoki yuzlab odamlar foydalanishi mumkin bo‘lgan joyni bitta avtomobil shunchaki band qilib turishi, menimcha, adolatdan emas.
Shahardagi o‘zgarishlar haqida
Toshkent juda o‘zgaryapti. Shahar jadal, ammo tartibli rivojlanishini istardim. Yangi binolar eski kommunikatsiyalar ustiga qurilayotgani tashvishlanarli. Hatto biznes markazi egalari o‘z transformatorini o‘rnatsa ham, baribir uni umumiy quvvatlarga ulaydi. Albatta, bular ham sekin-asta yangilanmoqda, lekin qurilish jarayoni infratuzilmani modernizatsiya qilishdan ancha oldin boshlangani ko‘rinib turibdi.

Ochig‘ini aytganda, yaxshi o‘zgarishlarni ham tan olish kerak. To‘g‘risini aytsam, jamoat transportida to‘lovlarni to‘liq elektronlashtirilishiga, eskirgan transport vositalarini yangilariga almashtirish mumkinligiga ishonmagandim. Aprel oyida Germaniya va Rossiyadan kelgan dugonalarimga shaharlarimizni ko‘rsatdim. Kartani bir-ikki tekkizib, qizlarni Toshkent metrosiga olib tusha olishimdan, bizda transport ko‘pligi va yangiligi bilan faxrlandim.

Meni hayratga solgan narsa shuki, sayyohlar O‘zbekistonga xos bo‘lgan mazali taomlar yeyish mumkin bo‘lgan joylarning ko‘pligini chindan ham qadrlar ekan. Yana bir ajablanarli tomoni, mehmonlarim Toshkentda bo‘lib o‘tgan balet festivaliga juda qiziqib qoldi. Mening nazarimda, O‘zbekistondan g‘arbdagi mamlakatlarda madaniy tadbirlar bizdagidan ko‘ra ko‘proq va ularga kirish ham osonroqdek edi. Qizlar esa Boris Eyfmanning “Aka-uka Karamazovlar” spektaklini tanlab, undan va teatr binosidan juda mamnun bo‘lishdi.

Shahar bilan tanishish uchun mehmonlarimga Toshkent bo‘ylab o‘zim bilgan eng yaxshi gid Rustam Husanovni tavsiya qildim. Uning ko‘plab ekskursiyalarida qatnashganman va uning bunchalik ko‘p o‘lkashunoslik ma’lumotlarini bilishi meni hayratga soladi. Bunday ma’lumotlarni O‘zbekiston tarixi bo‘yicha hech qaysi darslikdan topolmagan bo‘lardim. Ehtimol, keksalardan ham eshitmagan bo‘lardim, chunki ularga bunday savollar bilan murojaat qilishga botinolmasdim.

Ishonchim komilki, ekskursiyalarda Rustam Toshkent haqida bilganlarining uchdan bir qismini ham aytib bermaydi, chunki an’anaviy ekskursiya o‘rta asrlarning katta qismini qamrab oladi. Biroq Toshkentning XIX-XX asrlardagi shahar qiyofasining tez o‘zgarishlari bilan bog‘liq ulkan qiziqarli tarixi ham bor.
Toshkentni sevaman. Bir kuni mendan mamlakatdan ketishni xohlaysizmi, deb so‘rashdi. Ba’zida shahar ichidagi ko‘p qavatli yo‘l kesishmalari, bog‘larni tijorat obyektlariga aylantirish kabi ochiqdan-ochiq noto‘g‘ri qarorlar va yirik kommunal avariyalar, havoning jiddiy ifloslanishi kabi ochiqchasiga yomon vaziyatlar yuzaga kelganda, ketish fikri paydo bo‘ladi.

Lekin Toshkent baribir mening uyim, bu yerda yaqinlarim yashaydi. Menga begona mentalitetda qiyin — men o‘z hududimga bog‘liq mavjudotman.

Gazeta’ning yettinchi raqamli qadriyati

O‘zbekistonliklarda samimiy mehr-oqibat bor, g‘azab va tajovuzkorlik, uchragan odamga qo‘pollik qilish istagi yo‘q. Bu yerdan tashqarida yashay olmasdim, deb o‘ylayman. Shuning uchun menga berilgan savolga ko‘chib ketmoqchi emasligimni, aksincha bu yerni yaxshilashga o‘z hissamni qo‘shmoqchi ekanligimni aytdim.
Elina Sakayeva sayr qilishni tavsiya etadi
Elina Sakayeva tinglashni tavsiya etadi

Matn muallifi: Sabina Bakayeva.

Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda