Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta

Samarqand bo‘yicha gastronomik qo‘llanma
Nimani qayerda tatib ko‘rish mumkin?
Samarqand nafaqat go‘zal me’morchiligi, balki an’anaviy palov va somsadan tortib ko‘cha taomlarigacha bo‘lgan xilma-xil yeguliklari bilan ham mashhur. Tahririyatimizda ishlaydigan samarqandlik hamkasblarimiz bu shaharda qayerga borib, nimalar tanovul qilish mumkinligini so‘zlab berdi.
Samarqand nafaqat go‘zal me’morchiligi, balki an’anaviy palov va somsadan tortib ko‘cha taomlarigacha bo‘lgan xilma-xil yeguliklari bilan ham mashhur. Tahririyatimizda ishlaydigan samarqandlik hamkasblarimiz bu shaharda qayerga borib, nimalar tanovul qilish mumkinligini so‘zlab berdi.
Palov
Samarqanddagi palov shunchaki taom emas, balki asriy an’analar va o‘ziga xos tayyorlash uslubini o‘zida mujassam etgan haqiqiy oshpazlik falsafasidir. Yog‘liroq Toshkent oshidan farqli o‘laroq, Samarqand palovi quruqroq, sochiluvchan tuzilishi va yorqin go‘sht ta’mi bilan ajralib turadi.
Qayerda tatib ko‘rish kerak: Oshqand
Samarqandliklar palovni “Oshqand” restoranida tatib ko‘rishni maslahat beradi. Bu yemakxona 2024-yil fevral oyida ochilgan bo‘lsa-da, allaqachon mahalliy aholi va sayyohlar orasida mashhur bo‘lib ulgurgan. Taomnomada, palovdan tashqari, o‘ndan ortiq salat turlari va an’anaviy gazaklar, jumladan, chalob, tuzlangan anzur piyozi yoki ishtaha ochuvchi g‘urob mavjud.

Porsiya narxi — 45 ming so‘m.
  • Manzil
    Galaosiyo 3-tor ko‘chasi, 625B
    Mo‘ljal — “Behruz Med servis”
  • Ish vaqti
    Palov kuniga ikki marta — ertalab soat 11:00 da va kechqurun soat 18:00 da tayyorlanadi. Muassasa soat 23:00 gacha ishlaydi. Dasturxonni oldindan band qilib qo‘ygan ma’qul, ayniqsa dam olish kunlari.
  • Telefon raqami
    (+998) 91 553−33−31
No‘xatsho‘rak
No‘xatsho‘rak no‘xat va go‘shtdan tayyorlanadi, ko‘pincha suyakli qo‘y go‘shti ishlatiladi. Katta qozonga avval qaynatilgan no‘xat va go‘sht solinadi, so‘ng piyoz, sarimsoqpiyoz, zira, kashnich qo‘shib, bir necha soat past olovda dimlanadi. Bunday usul no‘xatning yumshoq va sochiluvchan bo‘lishiga, go‘shtning esa sersuv va nozik tuzilishini saqlab qolishiga imkon beradi. Natijada to‘yimli, quyuq va xushta’m sho‘rva hosil bo‘ladi. No‘xatsho‘rak an’anaviy tarzda tuzlangan piyoz, sabzavotli salat va non bilan tortiladi.
Qayerda tatib ko‘rish kerak: Noxat
“Noxat” kafesi kamida besh yildan beri shu taomni tayyorlab keladi va bugungi kunda shaharning turli nuqtalarida uchta filialiga ega. Bu yerda no‘xatsho‘rak klassik an’analarga ko‘ra tortiladi: go‘shtli no‘xat, shu jumladan “ilik” — suyak iligi alohida laganga qo‘yiladi, to‘yimli, quyuq sho‘rva esa kosaga solinadi, shunda har kim uning miqdorini o‘z ta’biga qarab o‘zgartirishi mumkin.

Porsiya narxi — 50 ming so‘m.
  • Manzil
    YPX posti
    Mo‘ljal — Kamol AYQSh
  • Ish vaqti
    Kecha-yu kunduz, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 95 410-19-19
Kabob
Qayerda tatib ko‘rish kerak: Mansur Shashlik
Samarqandliklar “Mansur Shashlik"da kabob yeyishni tavsiya qiladi. Bu yerda kabobning 20 ga yaqin turi — qo‘y go‘shti, mol go‘shti, tovuq go‘shti, kolbasadan tayyorlangan, shuningdek, sabzavotli va aralash kaboblar tayyorlanadi. Bundan tashqari, taomnomada sho‘rvalar, salatlar va gazaklar mavjud, shuning uchun bu yerda to‘laqonli tushlik qilish oson. Muassasani mahalliy aholi ham, shahar mehmonlari ham barqaror sifati va hamyonbop narxlari uchun qadrlaydi.

Porsiya narxi — 5 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha.
  • Manzil
    Panjikent ko‘chasi, 113
    Mo‘ljal — “Onkologiya shifoxonasi” bekati
  • Ish vaqti
    10:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 90 606-30-30
“Muliyon” manti
“Muliyon” manti nomi Samarqandda go‘sht boy katta uy chuchvaralarining sinonimi sifatida ishlatiladi. Ular yupqa xamirdan tayyorlanadi va ichiga ko‘p piyoz va dumba yog‘i qo‘shilgan to‘g‘ralgan qo‘y go‘shti solinadi. Shu tufayli go‘sht sersuv bo‘lib, ichida to‘yimli, xushbo‘y sho‘rva hosil bo‘ladi.
Qayerda tatib ko‘rish kerak: Oblokul bobo
“Oblokul bobo” restoraniga haqiqiy uy mantilarini tanovul qilish uchun kirishadi. Ulardan tashqari, restoranda barak biryon — qizdirilgan tovada tezda qovurilgan to‘g‘ralgan go‘shtni ham tatib ko‘rish mumkin. Bunday texnologiya go‘shtning tabiiy ta’mini saqlab qolish imkonini beradi, tashqi tomondan esa ishtaha ochuvchi qarsildoq po‘stloq hosil bo‘ladi.

Porsiya narxi — donasi 9 ming so‘m.
  • Manzil
    Ogahiy ko‘chasi, 8
    Mo‘ljal — pivo zavodi
  • Ish vaqti
    08:00 dan 20:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
     (+998) 91 530-04-39
Xalisa
Xalisa — o‘zbek oshxonasining eng qadimiy taomlaridan biri. U bug‘doy yoki arpa, go‘sht, piyoz va zira qo‘shib tayyorlanadi. Ba’zan dumba yog‘i ham qo‘shiladi. Xalisa katta cho‘yan qozonlarda ochiq olovda soatlab pishiriladi. Taom o‘ziga xos ta’m va yengil tutun hidiga ega bo‘ladi.

Uzoq vaqt dimlanganidan so‘ng bo‘tqa quyuq, deyarli qaymoqsimon holatga keladi, go‘sht esa og‘izda erib ketadi. Bunday taom murakkab uglevodlar va oqsillarning uyg‘unligi tufayli odamni qizdiradi va ko‘p quvvat beradi. Bu ayniqsa qishda yoki shahar bo‘ylab uzoq sayrlardan so‘ng juda foydali. Samarqandda xalisani ko‘pincha sovuq holda iste’mol qilishadi — bu usul yilning ayniqsa issiq davrida ommabop.
Qayerda tatib ko‘rsa bo‘ladi: Xalisa.uz
“Xalisa.uz” restorani menyusida taomning faqat ikkita turi bor — katta va kichik porsiya. Xalisaga tandirdan yangi uzilgan non va bir choynak choy ham qo‘shib beriladi.

0,7 porsiya narxi — 35 ming so‘m, 1 porsiya narxi — 55 ming so‘m.
  • Manzil
    Limonad ko‘chasi
    Mo‘ljal — “Chashma” restorani
  • Ish vaqti
    09:00 dan 01:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 91 520-23-45
Somsa
Samarqand somsasi — bu aynan shu hududda o‘ziga xos retsept asosida tayyorlanadigan yengil, qarsildoq lazzat. Yupqa qatlamli xamir doiralar shaklida yoyiladi, ko‘p miqdordagi piyoz, tuz, maydalangan qora murch va zira qo‘shilgan to‘g‘ralgan qo‘y go‘shti bilan to‘ldiriladi. Ba’zan shirinroq ta’m berish uchun qovoq yoki kartoshka bo‘laklari ham qo‘shiladi. Uchburchak shaklidagi somsa sopol tandirga joylashtiriladi, u yerda yuqori haroratda pishiriladi, natijada yorqin oltin rangli, qarsildoq qobiq hosil bo‘ladi, ichi esa sersuv va xushbo‘y masalliqli bo‘lib qoladi.
Qayerda tatib ko‘rsa bo‘ladi: Qo‘qon somsa №1
Sobiq Qo‘qon ko‘chasidagi oilaviy kafe shunisi bilan mashhurki, bu yerda ertalabdan kechgacha uzluksiz somsa pishiriladi. Ish kunlari mijozlar oqimi to‘xtamaydi. Dam olish kunlari bu yerda kabob ham tayyorlanadi.

Porsiya narxi — 10 ming so‘m.
  • Manzil
    Muqimiy (sobiq Qo‘qon) ko‘chasi, 109
  • Ish vaqti
    08:00 dan 17:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 98 273-30-20
Bu sizni ajablantirishi mumkin, ammo samarqandliklar afsonaviy shaurma, xot-dog, stakandagi muzqaymoq va avtomatdan gazli suvni ham tatib ko‘rishni maslahat beradi. Samarqandliklar yarim asrdan beri tanish ta’mlar uchun bir xil joylarga qatnaydi. O‘tgan vaqt ichida bu muassasalar na kengaygan, ularning ichida na biror narsa o‘zgargan. Sifat va ta’m ham o‘zgarishsiz qoladi.
Shaurma
“Afsonaviy” shaurma ta’mining siri uning qatlamliligida: go‘sht (tovuq, mol go‘shti va go‘sht sousi) ziravorlar va yogurt marinadida 12 soat davomida tuzlanadi, so‘ngra vertikal sixga tiziladi va asta-sekin oltin rangga kirguncha pishiriladi. Go‘shtning yupqa bo‘laklari kesiladi, yangi lavash yoki pitaga solinadi, ustiga pomidor, bodring, karam va ko‘katlarning katta qatlami, shuningdek, ikkita maxsus sous: mayonezli hamda pomidor va achchiq qalampir asosidagi sous ham qo‘shiladi.
Qayerda tatib ko‘rsa bo‘ladi: Hamd
“Hamd” restorani Samarqanddagi 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan ilk shaurmaxonalardan biri. Muassasa har doim gavjum. Mehmonlar ham har doim to‘q va mamnun.

Porsiya narxi — kichigi 27 ming so‘m, o‘rtachasi 35 ming so‘m, kattasi 57 ming so‘m.
  • Manzil
    Orzu Mahmudov ko‘chasi, 11
  • Ish vaqti
    08:30 dan 02:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 55 701-09-09
Xot-dog
Samarqandning mashhur xot-dogi xuddi shunday yegulikning G‘arb mamlakatlaridagi asl nusxasiga umuman o‘xshamaydi. U yangi baton yoki yupqa non bilan tortiladi, sosiskalar qovuriladi va non turli xil sabzavotlar bilan to‘ldiriladi.
Qayerda tatib ko‘rsa bo‘ladi: Doner Kebab
“Doner Kebab” — samarqandliklar uchun 20 yildan ortiq vaqt davomida “o‘sha xot-doglar” tayyorlanadigan diqqatga sazovor joy. Muassasa XX asrning mashhur me’moriy yodgorligi — Yo‘ldosh Oxunboboyev uyida joylashgan. Ichkarida bir nechta stol va stullar bilan oddiy oshxona mavjud, ammo ko‘rinishi oddiy bo‘lishiga qaramay, bu yerda deyarli har doim navbat bo‘ladi. Bu yerga maktab o‘quvchilari va talabalardan tortib ishchilar va nafaqaxo‘rlargacha keladi.

Nonga uch xil — oddiy, “Toshkent” yoki “Kanada” sosiskalaridan biri va mayda to‘g‘ralgan kartoshka somonchasi solinadi. Keyin unga funchoza, sabzi, lavlagi salati va achchiq-chuchuk qo‘shiladi. Klassik ketchup yoki o‘tkir pomidor sousi ham qo‘shiladi, xohishga ko‘ra ozgina mayonez va xantal ham qo‘shish mumkin.

Porsiya narxi — oddiy sosiskali batonda 16 ming so‘m, har qanday sosiskali nonda 23 ming so‘m.
  • Manzil
    O‘zbekiston ko‘chasi, 27
  • Ish vaqti
    11:00 dan 03:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 90 276-88-38
Muzqaymoq
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Sogdiana
Sogdiana 2002-yilda oddiy freyzer apparatidan ish boshlab, bugungi kunda turli xil salqin shirinliklar taklif etadigan mashhur qahvaxonaga aylandi. Bu yerda an’anaviy sutli va shokoladli rojoklarni ham, banan yoki qulupnay ta’mli mevali muzqaymoqlarni ham tatib ko‘rish mumkin. Hovlida tayyor stakanlardagi, naychalardagi va eskimo muzqaymoqlari solingan muzlatgichlar o‘rnatilgan. Yonida esa 16 xil sharsimon muzqaymoq ham sotiladi. Katta guruh uchun yarim kilogrammlik yoki bir kilogrammlik chelaklar ham mavjud.

Porsiya narxi:

  • kichkina rojok — 8 ming so‘m
  • katta rojok — 14 ming so‘m
  • sharsimon muzqaymoq — bir sharchasi 10 ming so‘m
  • bir stakan plombir — 10 ming so‘m
  • bir stakan mevali muzqaymoq — 9 ming so‘m
  • eskimo — 10 ming so‘m
  • naychalar — 12 ming so‘m
  • chelak (500 g) — 25 ming so‘m
  • chelak (1000 g) — 50 ming so‘m
  • Manzil
    So‘g‘diyona-A mavzesi, Ali Qushchi ko‘chasi, 8A
  • Ish vaqti
    Har kuni 08:00 dan 23:00 gacha
  • Telefon raqami
    (+998) 97 912-11-47
Gazli suv
Samarqandda gazli suv sotiladigan ko‘cha aravalari hamon shahar manzarasining ajralmas qismi hisoblanadi. Samarqandliklar ulardan birini tavsiya etadi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Gazli suv aravasi
O‘zbekiston ko‘chasidan yursangiz, sokin tor ko‘chalarning birida, bahaybat qarag‘ay soyasida gazli suv sotiladigan kichik aravani ko‘rasiz — u bu yerda kamida 10 yildan beri turibdi. Bu yerda gazli suv aprel boshidan oktabr oxirigacha sotiladi. Aravacha to‘xtamasdan ishlashi uchun sotuvchilar navbatma-navbat ishlaydi.

Porsiya narxi: 200 ml — 3 ming so‘m, 300 ml — 4 ming so‘m, 400 ml — 5 ming so‘m.
Material O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlandi

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashri saytida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli ma’lumotga ega bo‘lsangiz va uni boshqalar bilan bo‘lishishni istasangiz, hikoyangizni sp@gazeta.uz manziliga yuboring

Made on
Tilda