FOTO: Dilruh Isomiddinova

“Nogironlikdan hech kim kafolatlanmagan”

“Sharoit Plyus” rahbari Muhabbat Rahimova

“Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — qaror qabul qilishda insonlar turfa ekani hisobga olinishi kerak deb hisoblovchi — Muhabbat Rahimova. Biz u bilan “Sharoit Plyus”ning loyihalari, bandlik muammosi va nogironligi bor shaxslarning zo‘ravonlikka uchrashi haqida suhbatlashdik.

“Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — qaror qabul qilishda insonlar turfa ekani hisobga olinishi kerak deb hisoblovchi — Muhabbat Rahimova. Biz u bilan “Sharoit Plyus”ning loyihalari, bandlik muammosi va nogironligi bor shaxslarni zo‘ravonlikdan himoya qilish haqida suhbatlashdik.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki insonligi, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʼda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
“Nogironligi bor inson deganda ko‘z oldingizda qanday shaxs gavdalanadi?” — inklyuzivlik bo‘yicha tashkil qilingan treningda berilgan bu savolga aksariyat ishtirokchilar yo diskriminatsiya, yoki qahramonlashtirish modeliga asoslangan (va bu borada biroz bo‘lsa-da ma’lumoti bor odamning ta’bini xira qiladigan) javobni berdi. Barcha fikrlarni bosiqlik bilan eshitgan Muhabbat Rahimova esa nogironligi bor inson, eng avvalo — shaxs ekanini, nogironlik esa bir holatligini hafsala bilan tushuntirdi.

Uning fikricha, bu mavzu muhokamasida jazavaga tushish, hissiyotga berilib muloqotdan qochish nogironligi bor va yo‘q bo‘lgan kishilar o‘rtasida devorni battar kattalashtiradi, xolos. Bilmaslik bilan bog‘liq yanglish qarashlarni esa faqat aniq fakt va misollar bilan o‘zgartirish kerak.
Qobiq
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning 2023-yilgi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining 16 foizi — 1,3 milliardini nogironligi bor shaxslar tashkil etadi. O‘zbekistonda esa, 2025-yilgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, nogironligi bor 1 031 609 nafar kishi yashaydi, ya’ni, bu mamlakat aholisining 2,7 foizi demak. Boshqachasiga aytganda, har 37 o‘zbekistonlikdan biri nogiron (aslida undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin).
Shunga qaramay, kundalik hayotda — jamoat transportida, ko‘chada, ish va o‘qishda nogironligi bor shaxslar deyarli ko‘rmaysiz. Bu, Britaniyaning “Difference North East” tashkiloti o‘tkazgan tadqiqotda ta’kidlangandek, ijtimoiy-madaniy muhit, jismoniy to‘siq va iqtisodiy omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bir nechta bo‘g‘inlarning yallig‘lanishi bilan kechadigan poliartritning alomatlari 5 yoshida kuzatila boshlagan, aniq tashxisini esa 8 yoshida bilgan Muhabbat Rahimova ham yurolmay qolganidan keyin odamlarning gap-so‘zidan xavfsirab, ko‘chaga chiqmay qo‘ygan.
реклама
“O‘sha payt tibbiyotdagi muammolar sabab shifokorlar kasallikni erta aniqlay olmagan. To‘qqiz farzandli katta xonadonga kelin bo‘lib tushgan onam uy ishlaridan ortolmagan bo‘lsa-da, „Oltinoyim!“ deb erkalaydigan otam meni davolatish uchun imkon darajasida do‘xtir va tabiblarga qaratgan. Foydasi bo‘lmagach, Toshkentdagi 26-maktabda o‘qishni uydan davom ettirganman.16 yoshdan nogironlik nafaqasini olganim uchun doim qo‘limda pul bo‘lgan — ota-onam bir so‘mga ham tegmay, o‘zimga olib kelib berardi. To‘qish, tikish, pishirish bilan shug‘ullanib, o‘zimni harna eplardim. Ammo hech ko‘chaga chiqqim kelmasdi. Odamlarning munosabati, ularning ko‘zi menda bo‘lishini o‘ylab, ancha payt aravachaga ham o‘tirmaganman”, — deb eslaydi u.
реклама
Ko‘cha-ko‘ydagi nafaqat achinish bilan qarash yoki bepisand munosabat, balki urbanistik noqulayliklar ham nogironligi bor shaxslarning o‘zini yomon his qilishiga sabab bo‘ladi, ularning tashqariga chiqish istagini so‘ndiradi.

“Infratuzilmadagi kamchiliklarning ham stereotiplarga ta’siri bor. Elementar sharoit bo‘lmasa, nogironligi bor odam transportdan foydalangisi, pandusi yo‘q yoki liftsiz binolarga borgisi kelmaydi, tashqariga chiqmay qo‘yadi. Atrofda ularga duch kelmagan, nogironlik haqida ma’lumoti bo‘lmagan shaxslarda shu tariqa yanglish tushunchalar, masalan, nogironligi bor odamga moliyaviy, umuman qandaydir yordam kerak, degan qarash shakllanadi”, — deydi Muhabbat Rahimova.
Bir safar uning o‘zi bilan ham odatda stereotiplarga asoslangan va oqibatda nogironligi bor shaxslarning yanada qobiqqa o‘ralishiga sabab bo‘ladigan shunday voqea sodir bo‘lgan — u istirohat bog‘idan chiqib kelarkan, bir kishi unga “sadaqa” bermoqchi bo‘lgan.
Sharoit
Muhabbat Rahimovaning ijtimoiylashuvi 2008-yili, Yaponiyaning JICA agentligi boshlagan loyihadagi ishtirokdan so‘ng boshlangan. Bir-biri bilan tanishib, qadrdonga aylangan faollar 2010−2011-yillarda o‘zaro yordam guruhiga asos solgan.
Tajriba almashishga asoslangan yig‘ilishlarda tug‘ilgan maqsad va rejalar vaqt o‘tgani sari kattalashgan. Guruhni nogironligi bor shaxslarni qo‘llab-quvvatlovchi rasmiy tashkilotga aylantirish istagi paydo bo‘lgan. Bu tashabbusga Muhabbat Rahimova bosh-qosh bo‘lgan. Biroq tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha qilingan dastlabki 11 ta urinishning bari muvaffaqiyatsiz tugagan.
Rad javobi sabab qo‘l siltasam, nogironligi bor inson hech narsaga qodir emas va u jamiyatda o‘z o‘rnini baribir topa olmaydi, degan qarashni o‘z misolim bilan o‘zim tasdiqlagan bo‘lardim. Shuning uchun imkoni boricha yana harakat qilaverdim va oxir-oqibat 2016-yili „Sharoit Plyus“ rasman faoliyatini boshladi.
Dastlab, boshqaruv bo‘yicha tushunchasi boru tajribasi yo‘qligi tufayli biroz xavotirga tushgan. Ammo yangiliklarga o‘ch jamoaning qo‘llovi bilan hammasi izga tushib borgan. Boshida Muhabbat opa o‘zi o‘sib ulg‘aygan Yunusobodning Bobodehqon mahalla idorasidagi kichik bir xona tashkilot uchun vaqtinchalik “qarorgoh” bo‘lgan. Sharoitni o‘zi hozirlagan jamoa, chor-atrofni nogironligi bor shaxslarga moslashtirishgan.
Tailand va Filippin kabi Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida mahalliy aholi o‘zi tashabbus ko‘rsatib, nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlar hozirlaganidan ilhomlangan Muhabbat Rahimova mahalla idorasining kiraverishiga hashar yo‘li bilan pandus qildirgan. Buning uchun bir homiy jalb qilinib, u ajratgan mablag‘ga 3−4 qop sement keltirilgan.

“Inklyuzivlashishni mahallalardan boshlash mumkin va buning uchun alohida loyiha ham shart emas. Birinchi navbatda mahallaning o‘zida sahovatpesha homiylarni topish kerak. Keyin maktab, masjid, bog‘cha va to‘yxona qurilishi yoki ta’mirida nogironligi bor shaxslarning ham ehtiyojlari inobatga olinib, deylik, pandus o‘rnatilsa, qariya va yosh bolali insonlar uchun ham ayni muddao bo‘ladi. O‘nta mahallada shunday tashabbus bo‘lsa, pandus bilan bog‘liq o‘nta muammo hal degani. Bu ishlar nogironligi bor shaxslar uchun qilinayotgani ma’lum bo‘lgach, odamlarning ham xabardorligi ortadi, munosabat va stereotiplar ham o‘zgaradi”, — deydi u.
2024-yilda “sharoitchilar” Jahon banki, Yandex Go va tadbirkorlarning yordami bilan Bobodehqon mahallaci hududidagi boshqa kattaroq joyga ko‘chib o‘tadi. Xiyobon ko‘chasidan imtiyoz asosida ijaraga olingan bu uyni 30 ga yaqin xodim va ko‘plab ko‘ngillilarni birlashtiruvchi “Sharoit Plyus”ning bosh ofisi deyish mumkin. “Sharoit Plyus”ning “bolalari”dan biri hisoblangan “Ish Plyus” loyihasi xodimlari Olmazor va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida o‘tiradi. “Huquq Plyus”chilar esa, shanba kuni ofisga kelishini aytmasa, odatda imo-ishora xodimlari (surdo-tarjimonlar) singari masofadan ishlaydi.
реклама
Ostonasidan tortib mayda detallarigacha nogironligi bor kishilar uchun moslashtirilgan bu ofisga tikuv mashinalari bilan jihozlangan xona fayz bag‘ishlab turadi. Kelgusida nogironligi bor ayol-qizlar va nogiron farzandi bor onalar uchun mo‘ljallangan kompaniyaga aylantirish ko‘zda tutilgan ushbu tikuv sexining ishga tushganiga hali ko‘p bo‘lmagan — 2025-yilgi 8-mart bayrami munosabati bilan “Qizlar” loyihasi uchun tikilgan shopperlar jamoa olgan ilk buyurtma edi.
реклама
Mutaxassisligi modeler-dizayner bo‘lgan Muqaddas opa boshliq chevarlar jamoasi uncha katta emas — hozircha uch-to‘rt kishidan iborat. Ular orasida kichkina yangilikdan ham zavqlanishni biladigan qo‘ligul Dilfuza va Dilnoza opalar ham bor.

Masalan, Dilnoza opa jamoat transportidan o‘zi mustaqil foydalanayotgani, avvalgidan farqli ravishda onasining yordamisiz ham kelib-ketayotgani haqidagi maqtovdan bolalarcha quvonadi. Ishoralar bilan u ham o‘zi mustaqil kelayotganini bildirgan Dilfuza esa, hayratimizni ko‘rib, faxr bilan biser tikishda davom etadi.
Bir inson boshqalarning hayotiga ma’no olib kirishi mumkinligining chinakam isboti bo‘lgan Muhabbat opa esa chaqchaqlashib ishlayotgan qizlarni ko‘rib, ko‘ngli yorishadi. Mental va jismoniy holat, nutqdagi muammolar odamlar bir-birini tushunishi uchun to‘siq bo‘la olmasligiga yana bir bor amin bo‘ladi.
Hozir qizlar navbatdagi katta buyurtma — maktab formasini tikish bilan mashg‘ul. Tayyor bo‘lgach, bozorga chiqariladi. Men odatda hujjatlar, tashkiliy masalalar bilan band bo‘lganim uchun ularga faqat onda-sonda tikish ishlarida ko‘maklashaman, xolos. Qolganini o‘zlari uddalaydi. Imkoniyatdan samarali foydalanish uchun fursat topib, pazandalik bilan ham shug‘ullanishadi. Masalan, o‘tgan kuni birga somsa pishirishdi, endi boshqa pishiriqlarni ham tayyorlab ko‘rishmoqchi.
Ofisdagi professional montaj kompyuterlari bilan jihozlangan kovorking xonasida esa turli trening va yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Masalan, o‘tgan yili media va fotografiya, 2024-yil kuzida esa moliyaviy savodxonlik kurslari uyushtirilgan. Biz suhbatlashgani borgan vaqtimizda nogironligi bor shaxslar uchun kompyuter kursi davom etayotgan edi.
“Sharoit Plyus”ning qanday loyihalari bor?

“Kitob Plus” — ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun onlayn kutubxona.

“Huquq Plus” — nogironlik mavzusida huquqiy savodxonlikni oshirish, maslahatlar berishga mo‘ljallangan platforma.

“Praxis Plus” — ko‘zi ojizlar uchun Brayl printerida daftar, kitoblar ishlab chiqaradigan bosmaxona.

“Ish Plus” — nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandlik bilan ta’minlashga qaratilgan.
“Tashkilotimiz asosan grant va homiylik mablag‘lari evaziga ishlaydi. Grantlar esa odatda loyihani davom ettirish uchun emas, uni yo‘lga qo‘yish uchun beriladi. Orada uzilish va to‘xtalishlar ham bo‘lishi mumkin. Mana shunday paytda muammoni ichidan his qilgan Murod Egamov singari fidoyi hamkasblarimiz ko‘ngilli sifatida ishlashda davom etadi”, — deydi u hamkasbiga ishora qilib.
O‘zi uyda ta’lim olgani uchun ilgari nogironligi bor odamlarni jamiyatda yo‘q, deb o‘ylagan Murod akaning bu boradagi fikri 2019-yili “Sharoit Plyus” logotipi va nogironligi bor insonlarning suratlarini ko‘rib qolgach o‘zgargan. “Ochiq va shaffof ishlagani, qolaversa, o‘zimda odamlarga yordam berish imkoniyati borligi uchun ham olti yildan buyon „Sharoit Plyus“ bilanman”, — deydi u.
Muhim
Nogironligi bor farzandi bo‘lgan onalar bilan ishlash, ularning huquqiy, psixologik va boshqa zarur masalalar bo‘yicha savodxonligini oshirish “Sharoit Plyus”ning o‘ziga yarasha qiyin kechgan, ammo Muhabbat Rahimova yana yo‘lga qo‘yishni xohlagan loyihalardan biri hisoblanadi.
Sababi nogironligi bor farzandlarning ota-onalari asosiy urg‘uni tibbiy reabilitatsiyaga qaratadi, oqibatda ijtimoiylashuvda oqsash kuzatiladi. Onalar bilan ishlaganda bu masalaga ko‘proq e’tibor qaratish esa oilalardagi muhitning o‘zgarishiga ta’sir qilishi mumkin.
Oila, jamiyat va davlat imkon qadar birgalikda harakat qilsa yaxshi. Lekin nogironligi bor insonning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida asosiy mas’uliyat baribir oilaga tushadi. Chunki ota-ona bolaligidan qo‘llab-quvvatlamasa, kurslarga qatnashiga, band bo‘lishiga sharoit yaratmasa, farzandning kelajagiga ta’sir qilishi mumkin.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmagan, jamiyatga to‘laqonli aralasha olmagan inson esa tushkunlikka tushadi. Bu holat ayniqsa balog‘at yoshidagi yigit-qizlarda ko‘proq kuzatilishi mumkin, deydi Muhabbat opa.
“Tushkunlikka turli sabablar — ijtimoiy va iqtisodiy ahvol, javobsiz sevgi va mehr yetishmovchiligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, katta hayot ostonasidagi yoshlar kelajagi, xususan, oila qurish masalasida ham tashvishlanadi. Ha, oila qurish ham bir huquq — bunga holat to‘siq bo‘lmasligi kerak, lekin bordiyu insonning bu boradagi shaxsiy tanlovi, baxt haqidagi tushunchasi boshqacha bo‘lsa, buni boshqalar faqat hurmat qilishi kerak. Sababi inson o‘zini qayerda kerakli his qilsa — mana shu baxt”, — deydi u.

Insonning tanlovi, xohish-istaklarini inobatga olmay uning o‘rniga qaror qabul qilish ham bosim. Bunday ruhiy bosim muntazam bo‘lsa, unda bu — zo‘ravonlik. Muhabbat opaning qayd etishicha, psixologik zo‘ravonlik nogironligi bor shahslarning oilasida muttasil chetlashtirish, og‘zaki kamsitish, ma’lum bir xonaga kiritmaslik, dasturxondan ayirish ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi.
Hozirda nogironligi bor ayollarning zo‘ravonlikka uchrashi masalasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birga ishlayotgan Muhabbat Rahimova aynan nogironligi bor ayollar ko‘proq zo‘ravonlikka uchrashini ta’kidlaydi. JSST hisoboti va shu mavzuga doir tadqiqotlar (1,2) tahlili uning so‘zlariga isbot bo‘la oladi.
Zo‘ravonlikka uchragan nogironligi bor shaxslarning murojaat qilmasligini bir necha sababi bor. Ular bosim ortishi, munosabat yanada yomonlashishidan xavfsirab, uydagi gapni ko‘chaga chiqarmaslikka harakat qiladi. Bundan tashqari, nogironligi bor kishi ko‘pincha o‘ziga nisbatan zo‘ravonlikni „oddiy holat, oilada bo‘lib turadigan bir urush-janjal“ deb tushunishi ham mumkin. Hatto ko‘pincha „nogironligim bo‘lmaganda bunday bo‘lmasdi“, deya o‘zini o‘zi aybdor ham qiladi.
Muhabbat Rahimova BMTning Aholishunoslik fondi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi zo‘ravonlik masalalariga bag‘ishlangan loyihalarda ham qatnashgan. Ushbu loyihalardagi suhbatlar davomida xotin-qizlarning o‘z uyi yo‘qligi, tug‘ilib-o‘sgan uyiga qaytsa, ota-onasining gap-so‘zga qolishini xohlamasligi, shu sababli ham turmushga chiqqan uyidan chiqib keta olmasligi ma’lum bo‘lgan.

Nogironligi yo‘q odam esa oilasida zo‘ravonlikka uchrasa, uydan chiqib ketishi, ishga joylashib, ijaraga uy olishi mumkin. “Lekin nogironligi bor ayolda bu imkoniyat yo‘q”, — deydi moliyaviy mustaqillik ham bir xavfsizlik ekanini ta’kidlagan Muhabbat opa. Hayotda shunga o‘xshash holatlar, xususan, hamma narsa bo‘lishi mumkinligi uchun ham u nogironligi bor shaxslarning biror ish bilan band bo‘lishi muhim, deb hisoblaydi.
Bandlik
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov Gazeta bilan bo‘lgan suhbatda O‘zbekistonda, rasmiy ma’lumotlar bo‘yicha, nogironligi bor shaxslarning 3,7 foizdan 7 foizgacha bo‘lgan qismi ish bilan band ekanini ta’kidlagan edi. Aslida 2025-yil holatiga ko‘ra O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarning aynan qanchasi ish bilan band ekanini ko‘rsatib beruvchi ochiq va aniq statistika yo‘q.
Ammo bir narsa aniq — “Sharoit Plyus”ning Dilmurod Yusupov asos solgan “Ish Plyus” loyihasi nogironligi bor shaxslar orasida bandlik ko‘rsatkichining oshishiga hissa qo‘shayotgan yaxshi loyihalardan biri. Loyiha 2021-yildan beri 300 ga yaqin kishini ish bilan ta’minladi, ularning 70 ga yaqini “Safia” qandolatchilik kompaniyasiga ishga joylashtirildi — kompaniya bu borada “Ish Plyus” bilan yaqindan hamkorlik qildi.
Dastlab platforma orqali ish beruvchi va ish qidiruvchi shaxslar o‘zaro bog‘lanishi uchun imkoniyat yaratilgan edi. Lekin nogironligi bor shaxsni ishga olinishi bilan bog‘liq muammolar hanuz uchrab turgani bois, loyiha ish izlovchilarga rezyume tayyorlash, vakansiya topish, hatto suhbat va ish joyiga borib tanishtirishni ham o‘z zimmasiga oldi.
Loyiha o‘zi ishga joylashtirgan xodimlarning faoliyatini kuzatib boradi. Monitoring jadvalida sinov muddatidagi talabgorlar sariq, shartnoma asosida ish boshlagan xodimlar yashil, ishga olingan yoki bo‘shatilgan kishining ism-familiyasi esa qizilga olingan.

“Loyiha kordinatorlari davlat va xususiy sektordagi imkoniyatlarni izlash bilan birga, ish beruvchilar bilan bog‘lanib, ularga qonunchilikda mavjud imtiyozlar haqida ham ma’lumot beradi. Ilgari idora va tashkilotlarda nogironligi bor shaxslar uchun kvota asosida ish o‘rinlari ochilgan bo‘lsa-da, ular ko‘p hollarda bizning talabgorlarimizga mos kelmasdi — masalan, kompyuterda ishlay oladigan kishiga jismoniy kuch talab qiladigan ishlar taklif qilinardi. Idora va tashkilotlarning bunday yondashuvi, tabiiyki, noto‘g‘ri edi. Hozir bu vaziyat ancha o‘zgargan”, — deydi Muhabbat opa.
Uning fikricha, nogironlikdan hech kim kafolatlanmagan. Baxtsiz hodisa, keksalik va hatto ekologik muammolar sabab ham insonning holati birdan o‘zgarishi mumkin. “Har bir islohot yoki qaror qabul qilishda turli odamlar — nogironligi bor shaxs, keksa, yosh bolali onalarni ko‘z o‘ngimizga keltirsak, atrof-muhit adolatli va inklyuzivroq bo‘ladi”, — deydi u.
“Sharoit Plyus” nogironligi bor shaxslar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarini davom ettirish uchun homiyлар izlamoqda. Siz ham jamiyat uchun ahamiyatli loyihalarning davom etishiga hissangizni qo‘shishingiz mumkin.

Bog‘lanish uchun aloqa ma’lumotlari:

Email: info@sharoitplus.uz

Manzil: 100114, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Xiyobon ko‘chasi, 22-uy.

Telefon: +998 (55) 500−50−60
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Dilruh Isomiddinova / Gazeta.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan
bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda