Foto: Abdumavlon Madmusayev
Mahallalar musiqasi
DAKT direktori Alibek Kabduraxmanov bilan Toshkent bo‘ylab sayr
“Gazeta” va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bu safar Navoiy nomidagi Katta teatr direktori Alibek Kabduraxmanov bilan Toshkentni aylandik. U bilan direktorlikka tayinlanishi va teatr rejalari haqida suhbatlashdik, 1990-yillarni esladik, orzudagi Toshkent haqida xayol surdik.
«Газета» ва Yandex Music «Маҳаллалар мусиқаси» лойиҳасини давом эттиради. Бу сафар Навоий номидаги Катта театр директори Алибек Кабдурахманов билан Тошкентни айландик. У билан директорликка тайинланиши ва театр режалари ҳақида суҳбатлашдик, 1990-йилларни эсладик, орзудаги Тошкент ҳақида хаёл сурдик.
Alibek Kabduraxmanovni ko‘plab o‘zbekistonliklar — jumladan men ham — eng sevimli dirijyori deb biladi. O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri rahbari oqimga qarshi suzishdan, uni tushunmay qolishlari mumkinligidan, tanqid va nafrat to‘foniga duch kelishdan cho‘chimaydi. Odamlar erkin, ochiqko‘ngil, jasur, sahnada hazillashadigan, o‘zini tabiiy, samimiy tutadigan bu insonda o‘zi ko‘radi.

Iyul oxirida Qabduraxmanov Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatriga rahbar etib tayinlandi. Biz yangi direktor bilan uning lavozimga kirishishining 26-kunida ko‘rishdik. Suhbat ulkan kreslo, katta stol va joy hamda shaxsning muhimligini ko‘rsatuvchi boshqa jihozlar o‘rnatilgan xonada, tantanali bir vaziyatda boshlandi. Muloqotimizni Teatr maydoni va “Moviy gumbazlar” xiyoboni bo‘ylab sayr qilib, davom ettirdik. Ammo, shahar markazida ko‘tarilgan chang bo‘roni va Alibekning ish jadvali juda zichligi tufayli, bu sayr uzoq davom etmadi. Suhbatdan tugashi bilan u darhol teatr mavsumi boshlanishi arafasi qaynayotgan qozonga o‘xshab qolgan teatrga qaytdi.
Tayinlov va yangi lavozim haqida
28-iyul kuni [O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri] dirijyori sifatida uyquga ketib, 29-iyul kuni Katta teatr direktori bo‘lib uyg‘ondim. Garchi ko‘nglimning tubida bunday bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan bo‘lsam-da, bu juda kutilmagan holat bo‘ldi. Men taxminan 60−70 yoshlarimda, eshitish qobiliyatim yomonlashib, mushaklarim zaiflashib, jamiyat va Vatanga foydam tegishi uchungina qandaydir direktorlik lavozimini egallashim mumkinligi haqida o‘ylagandim.

Tayinlov hayotimda shu vaqtgacha hech qachon his qilmaganim bir mas’uliyatni yukladi. Konsertga charm kurtka kiyib borishga ruxsat berilgan ijodiy shaxs toifasidan butunlay boshqa vazifa va majburiyatlarga ega bo‘lgan rahbarlar toifasiga o‘tdim. Teatr direktori — kundalik muammolarni hal qiladigan shaxsdir. Bu lavozimda, masalan, quruvchilar plitalarni qanday yotqizayotgani, isitish tizimini qanday o‘rnatayotgani, barcha texnik xodimlarni tozalash vositalari, maxsus kiyimlar va boshqa zarur anjomlar bilan qanday ta’minlanayotganini nazorat qilish lozim.
Teatr jamoasi Milliy simfonik orkestrdan 10 barobar katta. Orkestrda qo‘l ostimda 80 kishi ishlagan bo‘lsa, bu yerda 700 ga yaqin xodim bor. Dirijyor sifatida intizom tarafdori edim va hozir ham shundayman. Teatr kiyim ilgichdan boshlanadi, bizning holatimizda esa kiyim ilgich — bu intizom. Hamma narsa aniq, o‘z vaqtida va sifatli bo‘lishi shart.

Ilgari shaxsiy kotibam va alohida kabinetim yo‘q edi. To‘g‘risi, bunday sharoitda ishlash o‘zimga g‘alati tuyulyapti. Direktorlik kursisiga o‘tirmayapman hatto — ko‘zga ko‘rinarli dastlabki biror natijaga erishgach o‘tirmoqchiman, o‘zimga shunday so‘z berganman. Bundan tashqari, odamlar bilan teng darajada muloqot qilishni yaxshi ko‘raman, shuning uchun uchrashuvlarda stolboshida emas, balki hozir siz bilan o‘tirganimizdek, suhbatdoshning ro‘parasida o‘tirishni ma’qul ko‘raman. Xonamda hech narsani o‘zgartirmadim, faqat katta doska so‘radim. Unda vazifalarni yozaman va teatrdagi jarayonlarni qanday takomillashtirish bo‘yicha hisob-kitoblarimni qilaman.

Bizni hamma joyda o‘zgarishlar kutyapti. Masalan, kiyinish qoidalarini joriy etamiz. Teatr futbolka va shortikda kelish mumkin bo‘lgan joy emas. Yosh bolalar, chaqaloqlar bilan spektakllarga kiritmaymiz. Endi zalga ovqat bilan kirish ham taqiqlanadi. Aytadigan gapim shu. Chiroyli so‘zlar menga xos emas. Kamroq gapirib, ko‘proq ishlash kerak.
Hozirgi ish jadvalim me’yorlashtirilmagan. Ishni soat 09:00—09:30 da boshlab, 00:00 yoki 01:00 da tugataman. Teatrni ko‘p aylanaman, har kuni nazorat qilaman. Har kuni juda ko‘p odamlarni qabul qilaman, doim turli masalalarni hal qilamiz. O‘zimga xos yondashuvim bor: avval hammani eshitaman, keyin barcha tomonlarni tinglagach, qaror qabul qilaman.

Kelishingizdan bir soat oldin Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdim. Avgust davomida teatrda Italiya, Gruziya elchilarini, Fransiya elchixonasi vakilini qabul qildim. Hamkorlik strategiyalarini ishlab chiqyapmiz, istagimiz — O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarni jahon darajasida amalga oshirish.
Ikki haftadan so‘ng 96-teatr mavsumi ochiladi. Ochiq osmon ostida o‘tadigan “Ad astra” (“Yulduzlarga”) konsertini tayyorlayapmiz, 6-sentabr kuni bo‘ladi. Bu konsert keng ko‘lamli, avvalgilariga o‘xshamas bo‘lib o‘tishiga kafolat beraman.

Aynan men direktor bo‘lganim uchun dasturda simfonik musiqa konsertlari ko‘payishini anglatmaydi. Bunday konsertlar, ilgarigidek, qandaydir operaning konsert ijrosi yoki eng sara opera ariyalari yangraydigan kecha shaklida davom etaveradi, masalan, 14-sentabrdagi “Uch tenor” konsertidagi kabi.

Kuzda “Don Juan” operasi premerasini namoyish etamiz. Bu operani texnologik jihatdan yangicha talqin qilishga birinchi urinishimiz bo‘ladi, xuddi bahorda Xalqaro opera va balet festivali doirasida tomoshabinlar ko‘rgan italiyalik rejissyor Stefano Podaning “Gofman ertaklari” kabi.
Ko‘cha musiqachilari haqida
Bu mavzuning ochilishiga sabab — Teatr maydoni va unga tutash yerosti yo‘lagidagi ko‘cha musiqachilaridir. So‘nggi yillarda shahar ma’muriyati va huquq-tartibot idoralarining bunday mashshoqlarga munosabati mo‘’tadil. Men ham buni ma’qullayman, ammo har safar “Traviata” yoki “Jizel” namoyishidan so‘ng teatrdan chiqib, kechki shaharning nisbiy sukunati o‘rniga fonar tagida turgan, oyog‘i ostiga karnay qo‘yib olib, Viktor Soyning “Gruppa krovi” (“Qon guruhi”) yoki Bastaning Moya igra" (“Mening o‘yinim”) qo‘shiqlarini mikrofonga g‘o‘ng‘illab aytayotganini eshitsam, ko‘cha ijodi qanchalik o‘rinli ekani haqida o‘ylanib qolaman — bu boradagi mening ichki ziddiyatim juda kuchli, go‘yo chiroyli kabrioletda beton to‘siqqa borib urilgandek.
San’at va ijodni cheklab bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Tasavvur qiling, oqshomni qanday o‘tkazish borasidagi bir necha tanlov orasidan inson bekorchilik yoki jinoyatni emas, balki musiqani tanlaydi. Ehtimol, bu yerda, teatr yonida u o‘zining ham odamlar oldiga chiqib, Soyni kuylashga haqli ekanligini butun dunyoga isbotlashga urinayotgandir. Balki ertaga u Dimashga o‘xshab mashhur bo‘lib ketar? Ha, to‘g‘ri, ming yoki millionta mashshoqdan oxir-oqibat faqat bir-ikkitasigina shunday maqomga erishishi mumkin, lekin shu ham imkoniyat-ku. Agar shunday ehtimol bo‘lsa, insonni qoralash, unga to‘sqinlik qilish qanchalik to‘g‘ri? Shu bilan birga, noyob favvora va 1940-yillar me’morchiligiga ega bo‘lgan Teatr maydonining o‘ziga xos muhitini saqlab qolish mumkinligiga ham qo‘shilaman.

Bu masalada o‘zimga o‘zim qarshi chiqishim mumkin, ehtimol, shunday qilaman ham, chunki masala murakkab, tushunib bo‘lmaydigan. Ko‘cha mashshoqlariga zavqlanib qaramayman, lekin ular mavjud bo‘lishi kerak, buni bilaman. Ular shaharga fayz, shinamlik bag‘ishlaydi. Ko‘cha mashshoqlari har xil bo‘ladi. Ularning qanday taassurot qoldirishi o‘z ustida qanchalik ishlashiga, qanday kuylashiga bog‘liq: chiroyli, samimiy yoki qanday bo‘lsa shundayligicha. Umuman olganda, agar inson musiqani sevsa, u bu ish bilan professional darajada shug‘ullanishi kerak, deb o‘ylayman. Boshqa tomondan, juda ko‘plab yorqin yulduzlar aynan ko‘chadan yetishib chiqqan.
Men o‘zim ko‘chada mashshoqlik yo sozandalik qilmaganman. Yoshligimda yoshlar orkestri tarkibida Yevropaga gastrolga borganimizda, yigitlarning bemalol shaharga chiqib, qo‘shiq aytib, ozgina pul ishlab olganliklarini ko‘rganman. To‘g‘risi, bunga qanday munosabatda bo‘lishni bilmayman. Bir tomondan, sen musiqachisan, yuksak madaniyat egasisan. Boshqa tomondan, yoshsan, boshingda ming xil xayol. Menda shunchaki soz chalish istagi bor edi, lekin pul ishlash niyatim yo‘q edi. Nega? Chunki san’at juda hammabop va, ayni damda, erishib bo‘lmas marra bo‘lishi kerak. Bu paradoks. Agar san’at hammabop bo‘lsa, u ommaviy, agar hammabop bo‘lmasa, u teatrga xos. Bundan tashqari, mening yoshligimda ko‘chada mashshoqlik qilish ko‘p ham obro‘li va xavfsiz ish emasdi, shuni ham hisobga olish kerak — axir bizning davrimizda ko‘chada musiqachilik qilishga umuman ruxsat yo‘q edi. Ko‘chaga chiqmay qolishimga, ehtimol, shu ham sabab bo‘lgandir.
Teatrlarda nima uchun tomoshabin kamligi haqida
Odamlar, ayniqsa yoshlar, teatrga ko‘p ham boravermaydi. Bu muammoning ildizini bizda teatr menejmentining yetarlicha rivojlanmaganligida ko‘raman. Spektakllar nima uchun ommalashmasligi ham tushunarli. Yoshlar eski dekoratsiyalardagi emas, zamonaviy spektakllarni ko‘rishni istaydi. Texnologik jarayonlar zarur. Masalan, agar rejissyor g‘oyasiga ko‘ra spektaklda qor yog‘ishi kerak bo‘lsa, biz haqiqiy qor yog‘dirishimiz lozim. Qog‘ozni maydalab yoki penoplastni emas, balki nisbatan arzon turadigan qor mashinasini ishga tushirish kerak. Gologrammalar, 3D-mapping — bularning barchasidan foydalanish mumkin va foydalanish kerak ham.

Texnologiya pulga sotib olinadi. Biz ularga mablag‘ izlaymiz. Bizda homiylikni rivojlantirish zarur. Agar biznes teatr san’atining qadrini to‘liq anglay olmayotgan bo‘lsa, demak, buni ularga ko‘rsatib berish lozim. Bu direktor sifatida mening va jamoamning vazifasi. Ishlash kerak. Yo‘lni kim bosib o‘tadi? Yurayotgan odam.
Motsart, Gaydn davrlarida ham shoular bo‘lgan, lekin hozir ko‘pchilik negadir bu so‘zda yomonlikni ko‘radi. Agar biror opera qahramoni, deylik, “Madam Batterflyay”dagi ayol suv ustida yursa, tomoshabinlarning reaksiyasi qanday bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring-da. Bu spektaklning badiiy qiymatiga qanchalik ham ta’sir qiladi, teatrning ma’rifiy vazifalarini yo‘qqa chiqarishi mumkinmi? Axir syujet o‘sha-o‘sha qolaveradi-ku. Taraqqiyotni to‘xtatib bo‘lmaydi. Unga qarshi chiqish befoyda. Biz 50−60 yillardagi dekoratsiyalarga yopishib olmaymiz, chunki o‘n yillar davomida shunday bo‘lgan, hamma bunga o‘rganib qolgan, buni qonun deb biladi. Katta avlod uchun bu balki bahona bo‘lishi mumkin, lekin men uchun bu jinoyat.
Simfonik musiqani ommalashtirish haqida
Odamlar simfonik musiqani sevishini xohlaysizmi? Uni tinglashlariga sharoit yaratib bering. Buni bolalar bog‘chasidan boshlash kerak. Shuningdek, musiqiy merosimizni ham hisobga olish lozim. Maqom, baxshichilik kabi ajoyib yo‘nalishlarimiz bor. Ular juda past baholanadi va men buni tushunmayman, chunki ular — jahon miqyosidagi klassika.

Simfonik va milliy musiqa birgalikda poytaxtning, mamlakatning madaniy hayoti rivojiga kuchli turtki beradi; millat barcha jihatdan: ham ma’nan, ham jismonan sog‘lomlashadi.

Buning uchun bolalar bog‘chalarida musiqa qo‘yish kifoya. Maktabgacha ta’lim vazirligi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda bolalar idrokining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oladigan reja ishlab chiqishi mumkin. Ikki-uch soatlik musiqiy to‘plam fon sifatida yangrasa ham, ishoning, bolaning to‘rt yil bog‘chada bo‘lishi o‘z natijasini beradi. Bolalar “Siniy traktor” (“Ko‘k traktor”)ni qandaydir yo‘l bilan yodlab olyapti-ku. Simfonik musiqa, maqom, baxshichilik — bu mumtoz, milliy musiqa. Bularni eshitib ulg‘aygan bola teatrga kelib, tanish kuyni eshitsa, mana shu tanib qolganining o‘zida teatrga qiziqib qoladi.
“Simforok” hech qachon simfonik musiqani ommalashtirish loyihasi bo‘lmagan. U shunchaki odamlarning e’tiborini Milliy simfonik orkestrga qaratish vositasi edi. Va u ish berdi! Loyihadan oldin bunday jamoa borligini, u nimadir bilan shug‘ullanayotganini kamdan-kam odam bilardi, chunki bizda simfonik musiqa haqida odatda hech kim bosh qotirmaydi. Ammo estrada bilan birga qilingan hamkorlik hamkorlik hammaning og‘zida; hamma dirijyorning sahnaga charm kurtka kiyib chiqqanini muhokama qilyapti. Bu menga yoqadi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Shunchaki, men — san’atkorman va bu mening ishim.

9-oktabr kuni mening ishtirokimdagi so‘nggi “Simforok” bo‘lib o‘tadi. Loyiha bilan ham, orkestr bilan ham xayrlashamiz, chunki endi men butunlay teatrga tegishliman va direktor sifatida mening boshqa vazifalarim bor.
Farzand tarbiyasi haqida
Men haqimda yozilgan bir maqolada bolaligimda barabanchi bo‘lishni orzu qilib, qoshiq bilan likopcha va qozonlarni urib, taqillatganimni yozishgan ekan. Aslida hech qachon bunday bo‘lmagan. Men musiqachi bo‘lishni orzu ham qilmaganman, rejalashtirmaganman ham, hech kimning muxlisi ham emasdim. Bir kuni tasodifan musiqa maktabiga borib qoldim. Ehtimol, o‘yinqaroqlik qilgandirman. Musiqiy faoliyatni tugatish haqida o‘qish paytidayoq o‘ylaganman — 9-sinfgacha maktab menga yoqmasdi, keyin nimadir o‘zgardi-yu, birdan qiziqib qoldim.
Men general Petrov nomidagi Respublika musiqa tarbiyalanuvchilari maktab-internatida ta’lim olganman. Bu maktabning tarixi 1944-yildan boshlanadi. U asosan harbiy orkestrlar uchun damli cholg‘u ijrochilarini tayyorlashga ixtisoslashgan edi. U yerda faqat o‘g‘il bolalar tahsil olardi. Sovet Ittifoqi parchalangach, maktab bir muddat ishladi, keyin uning negizida Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi tashkil etildi, hozir esa u Milliy gvardiyaning Harbiy-musiqa akademik litseyiga aylantirilgan.

Aynan shu yerda ta’lim olganimdan faxrlanaman. Men sovet davrida toblangan ustozlarni uchratdim, ular o‘z kasbiga fidoyiligi va g‘ayrati bilan hayratga solardi. Bu insonlar ishga shunchaki odatlanib emas, balki jamiyat uchun muhim bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalash uchun kelardi. Men o‘zim yoqtirmaydigan solfejio bo‘yicha o‘qituvchilarimdan intizomni o‘rgandim va, shuni angladimki, musiqiy eshitish qobiliyati bo‘lmasa ham, intizomli bo‘lsang, hamma narsani uddalay olasan.
11 yoshli qizim ham musiqa maktabiga qatnaydi, lekin u musiqachi bo‘lmaydi. Unga buning keragi yo‘q. Biz uni musiqaning nimaligini tushunib olsin, deb o‘qishga berdik; mashg‘ulotlar fikrlashning turli shakllari va turlarini rivojlantiradi. 5 yoshli o‘g‘lim klassik musiqani yoqtirmaydi, lekin uning chet tillariga qobiliyati bor, u allaqachon bir nechta alifboni o‘rganib olgan. Ko‘pchilik negadir ota-onasi musiqachi bo‘lsa, farzandlari ham musiqachi bo‘lishi kerak, deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. Agar majburlasangiz, aksincha, musiqadan bezdirib qo‘yishingiz mumkin.

Ota-ona farzandlari va ularning tarbiyasi uchun mas’ul. Menga koreyscha usul juda yoqadi: bola besh yoshgacha xudoday, besh yoshdan keyin — qulday. Bolalarda bolalik bo‘lishi kerak. U tugagach, o‘rganish davri boshlanadi. Ota-ona bolaga yaxshi ta’lim beradi, sport mashg‘ulotlariga, to‘garaklarga, teatrlarga olib boradi, lekin kattalarning tomoshalariga emas, balki bolalar spektakllariga olib boradi. 18 yoshdan keyin bolalarni o‘z holiga qo‘yib berish kerak, toki ular o‘zlari mustaqil qaror qabul qilib, o‘z hayotini o‘zi bilganicha yashasin.
Tramvaylar, bayram mandarinlari va 1990-yillardagi bolalik haqida
Men Toshkentda tug‘ilganman. Uning tramvaylarini eslayman va juda sog‘inaman. “G‘alabaning 40 yilligi” dahasida, hozir yer usti metrosi yurgan joylarda ilgari tramvay qatnardi. Men unga o‘tirib konservatoriyaga borardim. U ko‘pincha tiqilinch bo‘lardi, shunda “Ikarus” yoki LAZ avtobuslariga chiqishga to‘g‘ri kelardi. Uzatmalar qutisidan chiqadigan g‘alati ovozlar, goh ochilmaydigan, goh yopilmaydigan eshiklar esimda.

1990-yillarni o‘ylasam, hammaga qiyin bo‘lgani esimga tushib ketadi. Hozir-chi, bolalar uchun supermarketlarda hamma narsa muhayyo, bizning davrimizda esa uyga “Snikers” yo “Mars” olib kelishsa, bu yil voqeasiga aylanib ketardi. Bolaligimizda biz kutgan va faqat bayramda sotib olinadigan mandarinlar hozir qishin-yozin rastalarda yotibdi: Eronniki deysizmi, Turkiya yo Xitoyniki deysizmi, qanaqasidan xohlasangiz bor. Shularni eslab, o‘zim ham sovet o‘tmishi bilangina yashaydigan “buvijon”ga aylanib qolayotganimni his qilaman. E, bunday savollaringiz bilan meni qayerga undayapsiz? (kuladi)
Tug‘ilganimdan beri “G‘alabaning 40 yilligi”da yashayman. Hech qachon ko‘chmaganman. O‘tgan vaqt ichida hududimizda sodir bo‘lgan ajoyib voqealar sirasidan “Korzinka”ning paydo bo‘lishi, metro qurilishi va yo‘llarning asfaltlanishini alohida ta’kidlashim mumkin. Bu yil esa uyimiz yo‘lagi (pod’ezdi)ga plastik derazalar o‘rnatishdi. Men bu o‘zgarishni salkam 30 yildan beri kutardim.

Bizning dahamizga bolalar maydonchalari yetishmayapti. Afsuski, ularning o‘rnini avtoturargoh qilib, betonlab tashlashyapti. O‘zim ham ba’zan kechasi mashinani qo‘yadigan joy topolmay qiynalsam-da, bu muammoni bunday hal qilish kerak, emas deb o‘ylayman. Menimcha, bolalar maydonchalarining yo‘qligi tufayli bolalar turli bema’niliklardan aziyat chekib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketyapti. Ular o‘zlarini band qiladigan hech narsa topolmayapti. Esimda, uyim yonidagi 255-maktabda aviamodelchilik to‘garagiga, rasm chizishga borardim va bu to‘garaklar bepul edi. Hozir esa hamma narsa uchun pul to‘lash kerak.
Hovlimizda o‘z davramiz bor edi. “General” o‘ynardik — g‘ishtga tayoq yoki tosh otardik. “Pichoqchalar” degan xavfli o‘yinimiz bo‘lardi, yaxshi ko‘rardik bu o‘yinni. Yerga doira chizib, uni ishtirokchilar soniga qarab xuddi pirogdek bo‘lib chiqib, so‘ng navbatma-navbat pichoq otish kerak edi — pichoq kimning sektoriga tushsa, o‘sha “yer”ni olardi. Balki hozirgi “dom” quruvchilar ham bolaligida shu “Pichoqcha” o‘yinini o‘ynagandir.

Hovlidagi ermaklardan yana biri dovuchcha o‘g‘irlash, olchali qo‘lbola ichimlik tayyorlash edi: ko‘chadan allaqanday shishani topib, bir amallab yuvib, ichiga olcha tiqib, tayoq bilan ezg‘ilab, o‘sha nordon narsani ichardik — nima uchun bunday qilardik, bilmadim, lekin baxtli edik. Bu ishlarimizdan ajoyib xotira qolgan, ammo hozirgi aqling bilan bu dizenteriya sari yo‘l ekanini tushunasan. Umuman olganda, men bizning avlod, 1990-yillarning bolalari qanday omon qolganimizga hayron qolaman. Butun sharoit bizning omon qolmasligimiz uchun moslashtirilgandek edi, go‘yo.
Toshkentning bugungi kuni va kelajagi haqida
Toshkentni meni men qilgani uchun sevaman. Shu yerda tug‘ilib, shu yerda ta’lim oldim. Shahar yashilligini yo‘qotayotgani meni xavotirga soladi. Har safar qayerdadir chinor, qayerdadir eman kesilganini eshitsam, qalbim o‘rtanadi. Nazarimda, Toshkentning ruhi uning aynan daraxtlarida. Turli asosli omillar tufayli shahrimiz aslida bunday yashil bo‘lmasligi, bo‘la olmasligi kerak, lekin shu omillarning hammasiga qarshi o‘laroq shahar shunday yashil tusga kirgan va bunga ko‘plab odamlarning mehnati bilan erishilgan. Kesilgan har bir daraxt xiyonatdek qabul qilaman.
Shaxsiy avtomobilim bor, lekin men, katta ehtimol, ko‘proq piyodaman. Yo‘llarda o‘zimni xavfsiz his qilmayman. Menimcha, vaziyatni o‘nglash juda oson — piyodalar o‘tish joylarini ko‘tarish (platformali qilish) kerak. Shunda piyodalarni urib yuborish holatlari kamayadi, chunki mashinalar tezlikni pasaytirishga majbur bo‘ladi. Bu juda oddiy usul. Nega bunday qilinmayapti, bilmayman. Qandaydir aylanma yo‘llar, murakkab yechimlar o‘ylab topilmoqda. Yo‘llar, svetoforlar uchun mas’ul bo‘lgan odamlarni esa yo‘l-transport hodisalaridan o‘lim darajasi eng past bo‘lgan Norvegiya yoki Finlyandiyaga yuborish mumkin. U yerda bir oy yashab, tayyor yechimlar bilan qaytishsin.
Piyoda sayrlarni yaxshi ko‘raman. Ba’zan o‘y-xayollarni yig‘ib olish uchun ko‘chaga chiqib, teatr atrofida aylaman. Sukunatda yuraman. G‘alati tuyulishi mumkin, lekin musiqa tinglashni yoqtirmayman. Hayotimda musiqa shundoq ham juda ko‘p. Direktorlik xonamda o‘tirganimda ham orkestrning mashq qilayotganini eshitaman. Teatr atrofida aylanib yurganimda vokalchilarning mashq qilayotganini eshitaman. Konsertlarga tayyorgarlik ko‘rayotganimda musiqani o‘rganaman va uni doimiy ravishda tinglayman. Qaysidir nuqtada shunchaki “o‘chirish” kerak, aks holda qulog‘ing o‘rganib qolib, nozik jihatlarni ilg‘amay boshlaysan.

Mening tasavvurimdagi kelajak Toshkenti — madaniyat madaniyatligicha qoladigan shahardir. Odamlarning simfonik musiqa konsertlariga ham, teatr tomoshalariga ham borishi men uchun muhim. Men tasavvur qilgan ideal Toshkentda teatrlar ko‘p bo‘ladi va ularning birortasi shunchaki rasmiyatchilik uchungina ochilgan bo‘lmaydi.
Alibek Kabduraxmanov sayr qilishni tavsiya etadi
Alibek Kabduraxmanov tinglashni tavsiya etadi

Matnlar muallifi: Viktoriya Abdurahimova.

Fotosuratlar muallifi: Abdumavlon Madmusayev, Yevgeniy Sorochin / Gazeta.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda