Toshkent — mozaik pannolar vizual va madaniy kodning ajralmas qismiga aylangan dunyodagi kam sonli shaharlardan biridir. Hozir poytaxtda
500 ga yaqin mozaika: turar-joy binolari va jamoat inshootlarining fasadlarini bezab turgan ulkan monumental pannolardan tortib, hovlilar va metro bekatlaridagi kichik kompozitsiyalargacha mavjud. Asarlar soni bo‘yicha Toshkent jahon rekordiga da’vogarlik qilishi mumkin va shuning uchun ham ayni damda Ginnesning rekordlar kitobiga ariza topshirish imkoniyati
ko‘rib chiqilmoqda.
Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlarida saqlanib qolgan mozaik pannolarning aksariyati sovet modernizmi gullab-yashnagan davr — 1960−1980-yillarda yaratilgan. Ular yangi vizual muhitni shakllantirishga qaratilgan davlat buyurtmalari va shaharsozlik dasturlari doirasida barpo etilgan. Loyihalar ustida mahalliy rassomlar va me’morlar hamda SSSRning boshqa respublikalaridan taklif etilgan ustalar ishlagan. Bu davr mafkurasi: taraqqiyot, mehnat, ilm-fan, xalqlar do‘stligi va insonga g‘amxo‘rlikni aks ettiruvchi uslublar, texnikalar va syujetlarning xilma-xilligini ta’minlagan.