Санъатдан шифо топиш
Бухоро замонавий санъат биенналесини қандай томоша қилиш керак?
Buxoroning Eski shahar qismida “Qalblar dardiga darmon” zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tyapti. Gazeta ko‘rgazma kuratorlari, prodyuserlari va moderatorlari bilan birga zamonaviy rassomlar asarlarini qanday tushunish lozimligi va biyennale doirasida qanday tadbirlar o‘tkazilayotgani haqida hikoya qiladi.
Buxoroning Eski shahar qismida “Qalblar dardiga darmon” zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tyapti. Gazeta ko‘rgazma kuratorlari, prodyuserlari va moderatorlari bilan birga zamonaviy rassomlar asarlarini qanday tushunish lozimligi va biyennale doirasida qanday tadbirlar o‘tkazilayotgani haqida hikoya qiladi.
Bu yil kuzda Buxoro xalqaro madaniy tadbirning markaziga aylandi. Zamonaviy san’at biyennalesi doirasida 5-sentabrdan 20-noyabrgacha Eski shahardagi karvonsaroylar, masjidlar, madrasalar va hatto kanallar san’at makoniga aylantirildi. “Qalblar dardiga darmon” deb nomlangan ko‘rgazma an’anaviy hunarmandchilik va zamonaviy san’at o‘rtasidagi muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir tashkilotchisi — O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shaharni yangi madaniy o‘lchamlarda ko‘rsatish va uni ijodiy uchrashuvlar, gastronomik namoyishlar, mahorat darslari, musiqiy chiqishlar va rassomlarning installyatsiyalari singari yorqin tadbirlar bilan to‘ldirishni maqsad qilgan.

Gazeta Buxoro biyennalesi bo‘yicha qo‘llanma tayyorladi: unda madaniyat festivali g‘oyasi, uning shahar uchun ahamiyati, maydonlarning me’moriy xususiyatlari, taqdim etilgan san’at asarlari va tadbirning gastronomik qismi haqida hikoya qilinadi.
Biyennale o‘zi nima va u Buxoroga nima uchun kerak?
Biyennale (italyancha biennale — “ikki yillik”) — bu har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ko‘rgazma. Biyennalelar zamonaviy va amaliy-bezak san’ati, arxitektura, muzey, kitob biyennalelari va boshqa turlarga bo‘linadi. Biyennale formati dastlab 1895-yilda Venetsiyada paydo bo‘lgan.

Buxoro biyennalesi komissari, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, Buxoro tarixan yangi g‘oyalar va madaniyat markazi bo‘lgan va bugun bu maqomni qayta tiklash imkoniga ega.

“Bu azim shaharning ko‘chalari, yodgorliklari va afsonalari ikki ming yildan ortiq tarix mobaynida odamlar, g‘oyalar va madaniyatlar ta’sirini o‘zida aks ettirib kelgan. Bu zaminda she’riyat, ilm-fan, hunarmandchilik doimo yonma-yon taraqqiy etib, uning ilmi bir paytlar butun boshli sivilizatsiyalar yo‘lini yoritgan. Buxoroni O‘zbekistondagi birinchi xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi uchun maydonchaga aylantirish — bu shunchaki moziyni qo‘msash hissi emas, balki mustahkam ishonch belgisi. Bu shaharning yana bir bor ijod, muloqot va madaniy almashinuvning global markazi sifatida namoyon bo‘lishi mumkinligiga bo‘lgan ishoradir”.
Gayane Umerova aytishicha, Buxoro biyennalesi g‘oyasi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining shaharning tarixiy qismini qayta tiklash bo‘yicha keng qamrovli dasturi doirasida tug‘ilgan. Jamg‘arma xalqaro hamkorlar bilan birgalikda nafaqat Buxoro merosini asrab-avaylashga hissa qo‘shadi, balki qadimiy yodgorliklardan ko‘rgazma maydonlari va ma’ruza zallari sifatida foydalanib, ularning vazifasini ham sinab ko‘radi.

Biyennale badiiy rahbari va kuratori Diana Kempbell loyihada 140 dan ortiq ishtirokchini birlashtirdi. Ular orasida xalqaro mualliflar, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yosh rassomlari va buxorolik hunarmandlar bor. Ular birgalikda 70 dan ortiq san’at asarlarini yaratdilar — bu ishlarning barchasi O‘zbekiston hududida yaratildi.

Bu asarlar zamonaviy san’at an’analarni to‘ldirishi, his qilish va tafakkurning yangi shakllarini ochishi mumkinligini ko‘rsatadi, deydi ko‘rgazma prodyuseri Anastasiya Skvorsova Gazeta bilan suhbatda. Gayane Umerovaning fikricha, ko‘rgazma asrlar davomida Buxoroning madaniy o‘zligini saqlab qolgan ustalarning bilim va mahoratiga hurmat belgisi bo‘lib ham xizmat qiladi.

“Rassomlar va hunarmandlar o‘rtasidagi muloqotda eski bilimlardan yangi shakllar tug‘ilayotganini ko‘rish ta’sirli. An’analar va zamonaviylik kesishgan nuqtada paydo bo‘lgan bu san’at asarlari ijodda barchamiz bir tilda so‘zlashayotganimizning yaqqol namunasidir”, — deydi Gayane Umerova.
Anastasiya Skvorsovaning qo‘shimcha qilishicha, san’at olamida hunarmandlar ko‘pincha “kadr ortida” qolib ketadi: ularning mehnati rassomlar g‘oyalarining texnik ijrosi sifatida qabul qilinadi, mualliflik haqida og‘iz ochilmaydi. Bu yerda esa hunarmandlar to‘la huquqli hammualliflarga aylanadi. Ularning bilimlari, materiallari, qo‘l mehnati — nafaqat g‘oyani amalga oshirish vositasi, balki badiiy ifodaning bir qismi hamdir.
“Bunday hamkorlik an’analarga yangicha qarashni ochadi. Tanish shakllarni shunchaki takrorlash o‘rniga, mahalliy ustalar zamonaviy rassomlarning g‘oyalarini qayta ko‘rib chiqish, to‘ldirish va boyitish imkoniga ega bo‘ladilar, — deya tushuntiradi Anastasiya Skvotsova. — Bu hunarmandlar uchun ham sinov, ham ilhom manbai bo‘ldi: ular o‘z mahoratlari yangicha jaranglashi va yanada rivojlanishi mumkinligining guvohi bo‘ldidar. Bu an’analarni zamonaviy san’atning bir qismiga aylantirish va dunyoga hunarmandchilikning qiymati g‘oyaning qiymatidan kam emasligini ko‘rsatishga urinishdir”.
Biyennale mavzusi va uning ahamiyati haqida
Birinchi Buxoro biyennalesining bosh mavzusi favqulodda shoirona jaranglaydi — “Qalblar dardiga darmon”. Bu majoziy nom zamirida ulamo Ibn Sinoning tajribasi yashiringan bo‘lib, bunda u inson ruhiy holatining jismoniy ahvoliga qanday ta’sir ko‘rsatishini isbotlashga uringan. Afsonaga ko‘ra, Ibn Sino hunarmandning qiziga bo‘lgan tolesiz muhabbatdan iztirob chekayotgan yosh shahzodani davolash uchun palov retseptini o‘ylab topgan, deya hikoya qiladi biyennale badiiy rahbari Diana Kempbell.

Biyennale tashkilotchilari rassomlarga o‘z ijodlari orqali ruh va tana o‘rtasidagi aloqa mavzusiga murojaat qilishni taklif etishdi: qalb og‘rig‘i tabiatini o‘rganish va uni yengish yo‘llarini izlash. Biyennale san’atning insonga yo‘qotish, xavotir va yolg‘izlikni yengishda, shuningdek, o‘zi va boshqalar bilan aloqaning yangi shakllarini topishda qanday yordam berishi haqida mulohaza yuritish maydoniga aylandi.
реклама
реклама
Diana Kempbellning tushuntirishicha, ko‘rgazma yurakni tiriklikni ta’minlaydigan a’zo sifatida emas, balki aql, ruh va tananing birlashuv markazi — moddiy va ma’naviy narsalar uchrashadigan joy sifatida ko‘rib chiqadi. Shu ma’noda yurak xotirani saqlaydi, shaxsiyatni shakllantiradi, og‘riq va muhabbatga javob qaytaradi hamda tasavvur va intuitsiya manbaiga aylanadi.

“Yurak shunday kuchli tasavvur qobiliyatiga egaki, u dunyoni o‘zgartira oladi — bilim va muhabbat uyg‘unligi orqali. Bu „aqliy sezgirlik“ uni aqldan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega ekanidan dalolat: aynan yurak orqali inson o‘zining fikrlari, so‘zlari va xatti-harakatlari dunyoga qanday ta’sir ko‘rsatishini anglaydi. Qalb og‘rig‘ini boshdan kechirish, ayniqsa, og‘ir. Shu bilan birga, aynan shu og‘riqda o‘zgarish uchun imkoniyat yashiringan: singan qalb muallimga, odamlarni zamon va makonda birlashtiradigan hamda ijodda o‘z ifodasini topadigan umumbashariy tajribaga aylanadi”, — deya ta’kidlaydi Kempbell.
Uning so‘zlariga ko‘ra, palov uning uchun ham shifo, ham taskin bo‘lgan oshiq shahzoda haqidagi afsona biyennale nomidagi asosiy majozni ochib beradi. “Retseptlar” — nafaqat pazandachilik, balki madaniy amaliyotlar, an’analar, inqirozlarni yengib o‘tishga va umumiylik tuyg‘usini saqlab qolishga yordam beradigan san’at shakllaridir. San’at, hunarmandchilik va hamkorlikdagi ijod shaxsiy va jamoaviy jarohatlarni davolashga yordam beradi, xuddi bir paytlar lazzatli taom shahzodaning iztiroblarini yengillashtirganidek, deydi biyennale badiiy rahbari.
Tashkilotchilar g‘oyasiga ko‘ra, biyennale katta san’at ziyofat dasturhoni sifatida tashkil etiladi: ko‘rgazmalar, tomoshalar, musiqa, gastronomik loyihalar va mahorat darslari yagona “dasturxon"ga aylanadi, uning atrofida rassomlar, hunarmandlar, oshpazlar, musiqachilar va tomoshabinlar to‘planadi. Har kim o‘z hissasini qo‘shadi va bu “masalliqlar"dan qalb taskin topishi, inson esa daxldorlik hissini tuyishi mumkin bo‘lgan umumiy makon vujudga keladi.
Tarixiy me’morchilik ko‘rgazma maydoni sifatida
Buxoro o‘z tarixi davomida uzoq va yaqin qo‘shnilari bilan savdo-sotiq, ma’rifiy va ma’naviy aloqalar olib borgan. Shahar bu yerda to‘qnashgan turli kasb va madaniyat vakillari ta’sirida shakllangan. Bu oqimlar tufayli Buxoro o‘zgarib bordi. Shu jumladan, uning me’morchiligining vazifasi ham o‘zgardi — odamlar binolarni dolzarb ehtiyojlarga moslashtirdilar. Ibodatxona sifatida foydalanilgan joy ertaga mehmonxonaga, asrlar o‘tib esa muzeyga aylanishi mumkin edi.

Binolarni moslashtirish tajribasiga ergashgan holda, biyennale me’morchilik bo‘yicha ijodiy direktori Vael Al Avar qadimiy yodgorliklardan ko‘rgazma pavilyonlari sifatida foydalanishga qaror qildi. Bundan tashqari, biyennalega tayyorgarlik doirasida ilgari yopiq bo‘lgan tarixiy binolar ta’mirlandi va Buxoroning yangi madaniy hududiga kiritildi.
Markaziy obyektlardan biri Magoki Attori masjidi — Labi hovuz maydonidagi o‘rta asr me’morchiligi yodgorligi. Buxoro hududida islom dini o‘rnatilgunga qadar masjid o‘rnida bozor bo‘lib, u yerda ziravorlar va zardushtiylik butlari bilan savdo qilingan. Vaqt o‘tishi bilan masjid sinagogaga aylandi. Keyin uning negizida gilamlar muzeyi ochildi. Bugungi kunda masjid ichki qismi shahar tarixiga bag‘ishlangan axborot markaziga moslashtirilgan.

Ijodiy direktorning so‘zlariga ko‘ra, bu Buxoro me’morchiligi har doim nafaqat mushohada obyekti, balki odamlar va madaniyat bilan muloqot qilish makoni bo‘lganidan dalolat beradi.
реклама
реклама
“Biyennale me’morchiligi — bu bir qator vaqtinchalik pavilyonlar yoki yangi inshootlar emas. Biz mavjud binolar bilan ishlaymiz, ularni ko‘rgazma paytida ham, undan keyin ham yangicha foydalaniladigan joylar ketma-ketligiga aylantiramiz. Tashrif buyuruvchilar tarixiy obyektlarni qayta kashf etishlari, mahalliy aholi esa Eski shaharning madaniy hududi bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi. Buxoro me’morchiligi har doim turli joylardan kelganlar — savdogarlar, olimlar, ilohiyotshunoslar yoki sayohatchilar uchun uchrashuv joyi va shu bilan birga uning aholisi uchun shinam, mehmondo‘st uy vazifasini bajargan”, — deydi Vael Al Avar.
Biyennalening asosiy maydonlari
Buxoro biyennalesining markaziy qismi Eski shahar markazidagi beshta yangilangan tarixiy binolarda: Xo‘ja Gavkushon ansambli, to‘rt karvonsaroydan iborat Fathullajon, Ayozjon, Ahmadjon va Ulug‘bek Tamakifurush majmuasi, Rashid va Alam madrasalari, shuningdek, Xo‘ja Kalon masjidida joylashgan.
Bu obyektlarning har biri qalbni davolash yo‘lidagi bir bosqich sifatida namoyon bo‘ladi: yo‘qotishni boshdan kechirish va og‘riqni anglashdan tortib, qalbning yumshashi, ichki muvozanat va jamiyatga qo‘shilishgacha. Tashrif buyuruvchilar bu yo‘lni san’at orqali bosib o‘tadilar, tarixiy makonlarni qayta kashf etadilar va ular bilan hissiy hamda ma’naviy darajada muloqotga kirishadilar.
Jamoat makonlari
Tashkilotchilar tarixiy binolarga kirishdan oldin biyennale bilan tanishishni hunarmandlar yashaydigan va ishlaydigan Buxoro ko‘chalari va maydonlaridan boshlashni taklif etadilar.
500 metrlik yo‘nalish bo‘ylab sayr Toqi Sarrafon (1-gumbaz)dan — bir vaqtlar hind va yahudiy savdogarlari pul almashgan XVI asrga oid savdo gumbazlaridan biridan boshlanadi. Shundan so‘ng yo‘l shaharni Zarafshondan suv bilan ta’minlab turgan qadimiy Shohrud arig‘i bo‘ylab davom etadi. Shundan so‘ng mehmonlar Xo‘ja Gavkushon ansambli oldida saqlanib qolgan hovuzlardan biri yonidan o‘tadilar. Bu hovuz nafaqat suv manbai, balki uchrashuv, dam olish va ma’naviy poklanish joyi bo‘lib ham xizmat qilgan.
Karvonsaroylar
XVIII-XIX asrlarda qurilgan bir-biri bilan bog‘liq to‘rtta karvonsaroy — Fatxullajon, Ayozjon, Ahmadjon va Ulug‘bek Tamakifurush sayohatchi savdogarlar uchun vaqtinchalik turar joy, ya’ni mehmonxona vazifasini o‘tagan. Binolar markaziy hovlini o‘z ichiga oladi, uning atrofida kichik hujralar, eshak oxurlari va otxonalar joylashgan. XX asrda karvonsaroylar majmuasi turar-joy binolariga aylantirildi. Vaqt o‘tishi bilan ular eskirdi. 2000-yillarda faqat ikkita bino tiklandi. Qolgan ikkitasi vayrona holida qoldi.
Biyennale doirasida majmua ko‘rgazma yo‘nalishining boshlang‘ich nuqtasiga aylanadi. Bir vaqtlar sayohatchilarga uzoq safar oldidan kuchlarini tiklab olish uchun bu yerda to‘xtash taklif qilingan bo‘lsa, bugungi kunda tomoshabinlar o‘z sayohatlarini bir zum tin olib, san’atni mushohada qilish uchun ichki tayyorgarlikdan boshlashga taklif qilinmoqda. Konsepsiya mualliflari karvonsaroyning vazifasini ramziy ma’noda ko‘rib chiqadilar: qalbi og‘rigan odam davolanishdan oldin tin olishi kerak, bu vaqt davomida u o‘zi bilan yolg‘iz qolishi va o‘z dardini qayta anglashi mumkin.

Ushbu g‘oyaga amal qilib, dunyoning turli burchaklaridan kelgan rassomlar majmua arxitekturasidan o‘z ijodlari uchun mato sifatida foydalanganlar.
Gavkushon madrasasi
1570-yilda sobiq chorva bozori o‘rnida qurilgan Gavkushon madrasasi ko‘p asrlar davomida ilm-fan markazi bo‘lib xizmat qilgan. XX asrgacha 30 ta xona, kutubxona va namozxonaga ega bino muhim ta’lim muassasasi bo‘lib kelgan. Sovet hokimiyati o‘rnatilgach, madrasa turar joy va hunarmandchilik maktabiga aylantirildi.
Biyennale doirasida Gavkushon madrasasi “Hassos qalblar uyi” nomini oldi. U Bag‘dod donishmandlik uyi g‘oyasiga — IX-X asrlarda turli odamlar falsafa, fan va madaniyat haqida suhbatlashish va bir-biridan o‘rganish uchun to‘plangan ilmiy markazga ishora qiladi.

Madrasada ko‘rgazma zallari, kutubxona, hunarmandchilik studiyasi va rassomlar ustaxonalari tashkil etilgan. Hovlida adabiy uchrashuvlar, she’riyat kechalari, mahorat darslari va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda. Madrasaning bunday vazifasi va tadbirlar dasturi Bag‘dod donishmandlik uyi an’anasini davom ettirib, tajriba, muloqot va ochiqlik orqali o‘rganishni taklif etadi.

“Hassos qalblar uyi” madrasasining shiori fors shoiri Shams Tabriziyning “O‘qish orqali o‘rganish mumkin, biroq tushunish — faqat muhabbat bilan” degan so‘zlari bo‘ldi.
Xo‘ja Kalon masjidi
1598-yilda Xoja Kalon nomi bilan tanilgan shayx Xoja Said tashabbusi bilan qurilgan masjid Buxoroda ikkinchi yirik masjid hisoblanib, Gavkushon ansambli tarkibiga kirgan.

Mahalliy aholining Gazeta bilan suhbatda aytishicha, sovet davrida bino uzoq vaqt bo‘sh turgan va boshqa ko‘plab masjidlar singari omborxona sifatida foydalanilgan. Uzoq vaqt qarovsiz qolganligi sababli u asta-sekin vayron bo‘lib borgan. Faqat yonidagi minora saqlanib qolgan. Masjid peshtoqi 1990-yillarda qayta tiklangan. Majmuaning ichki qismi bugungi kungacha ta’mirga muhtoj.
Bugun xarobalar yangicha talqinda ko‘rib chiqilmoqda. Masjid maydoni ruhiy shifo maskaniga aylantirilgan bo‘lib, unda san’at ichki muvozanatning eng muhim manbai sifatida hayrat tuyg‘usini o‘rganadi, deya tushuntiradi prodyuser. Bu yerda go‘zallikni his qilish va ulug‘vor narsalarga teginish insonga o‘z cheklovlarini yengishga va Yerning hayotiy kuchi bilan aloqa o‘rnatishga qanday yordam berishi haqidagi muloqot paydo bo‘ladi.
Rashid madrasasi
Rashid madrasasini XVIII-XIX asrlarda afg‘on choyfurush Abdurashid qurdirgan. U eski kashtado‘zlar mahallasidagi Shohrud arig‘i yonida joylashgan. Sovet hokimiyati o‘rnatilishi bilan madrasa ma’rifiy-diniy vazifani bajarmay qo‘ydi. Binodan turar joy sifatida, keyinchalik esa texnikani ta’mirlash ustaxonasi sifatida foydalanilgan.
Biyennale doirasida madrasa og‘riqni yengish va keyingi harakatlar uchun kuch topish haqida so‘zlashiladigan makon sifatida ko‘rib chiqiladi. Bu yerda taqdim etilgan asarlar turli yo‘llarni taklif qiladi: og‘irlikni yengillashtirish uchun hazil, ifodalanmagan his-tuyg‘ularga shakl berish uchun motam marosimlari va boshqa odamlar bilan aloqaga qaytaruvchi ijtimoiy amaliyotlar. Shunday qilib, madrasa ichki tiklanish ustaxonasiga aylanadi, deydi prodyuser. Undagi ishlar faqat birgalikdagi tajriba orqali asta-sekin shifo topish mumkinligini eslatadi.
Zamonaviy rassomlarning asosiy loyihalari
Anastasiya Skvorsovaning ta’kidlashicha, biyennaleda taqdim etilgan zamonaviy rassomlar asarlarida yakuniy nuqta yo‘q: ular rangtasvir, performans va installyatsiyalar orqali shifo yo‘llarini izlaydilar. Bu yo‘lda san’at umid va tiklanish ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

“Har bir joyda mediatorlar — rassom va tomoshabin o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaruvchilar ishlaydi. Biyennale ochilishidan oldin 30 nafar mediator loyihalar g‘oyalarini chuqurroq tushunish uchun kurator bilan ta’lim oldi, — deydi prodyuser. — Ularning vazifasi tashrif buyuruvchilarga nafaqat asarlar bilan tanishish, balki ularni muhokama qilish, fikr yuritish va chuqurroq anglashga yordam berishdir”.
реклама
реклама
Anastasiya Skvorsovaning tavsiyasiga ko‘ra, Gazeta chet ellik va o‘zbekistonlik zamonaviy rassomlarning hamkorlikda yaratgan 10 ta eng qiziqarli va ta’sirchan asarlari haqida hikoya qiladi.
Sog‘inch
Himali Singx Soin va Devid Soin Tappezer Rasuljon Mirzaahmedov bilan hamkorlikda
Hind-Britaniya Hylozoic/Desires duetining Longing loyihasi Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi va usta Rasuljon Mirzaahmedov bilan hamkorlikda yaratilgan. Asar biyennalening eng yirik ishlaridan biriga aylandi. Shohrud kanali bo‘ylab 350 metrga cho‘zilgan monumental ikat matosi ko‘rgazma marshrutining boshi va oxirini bog‘laydi.
Loyiha marg‘ilonlik to‘quvchilarning yarim yillik mehnati evaziga dunyo yuzini ko‘rdi. Ular 2300 metrdan ortiq ikatni qo‘lda yaratib, tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yadilar. Matoga yo‘qolib borayotgan Orol dengizi xaritasi tikilgan: 1960-yillardan 2024-yilgacha bo‘lgan davrga oid 23 ta sun’iy yo‘ldosh tasviri ikat naqshlariga aylantirilgan. Asta-sekin suvning to‘yingan ko‘k rangi tuz, mox va suv o‘tlarining sariq-oq ranglari bilan almashadi — shunday qilib, mato yo‘qotish tarixini aniq aks ettiradi.

“O‘zbekistonga kelganimizda, bu yerdagi yerlarning qurg‘oqchilligi va dehqonchilikka yaroqli hududlarning kamligi darhol ko‘zga tashlandi. Suv noyob va bebaho resurs ekanligini angladik. Mamlakat quruqlik bilan o‘ralgan va suvga chiqishning eng yaqin yo‘li Orol dengizi edi, undan deyarli hech narsa qolmagan. Bizningcha, bu yo‘qotishni shunchaki qayd etish emas, balki suvni qaytib kelishga va uning qadr-qimmatini eslatishga undovchi sirli harakat, o‘ziga xos marosim yaratish muhim edi. Umid qilamizki, bu installyatsiya odamlarga suvning go‘zalligi va qudratini anglashga, kanaldan axlatxona sifatida emas, balki hayrat manbai va san’atga aylanishi mumkin bo‘lgan makon sifatida foydalanishga yordam beradi”, — deydi Devid Soin Tappezer.
To‘qima “daryo” bir vaqtning o‘zida ham sog‘inch, ham umid ramziga aylandi. U Orolning yo‘q bo‘lib ketishi nafaqat ekologik, balki butun mintaqa uchun hissiy yo‘qotish ekanligini eslatadi.

To‘lin oy kunlarida kanal bo‘yida musiqiy amaliyotlar o‘tkaziladi. Tomoshabinlar yomg‘ir chaqirish va suv haqidagi suhbatni shahar maydoniga qaytarish marosimlarida ishtirok etishadi, deya ta’kidlaydi Devid Soin Tappezer.
Qora safro
Pakui Hardware Alisher va Shohrux Rahimovlar bilan hamkorlikda
Litvaning Pakui Hardware san’at birlashmasi o‘zbekistonlik kulollar Alisher va Shohrux Rahimovlar bilan hamkorlikda Black Bile ko‘p joyli installyatsiyasini yaratdi.

Rassomlar Rashid madrasasidagi uchta xonani audio makonga aylantirdilar. Tashrif buyuruvchilar quloq chanog‘i shaklidagi mikrofonlarga o‘z fikrlarini bayon etadilar, ularning so‘zlari maxsus dastur yordamida Buxoro filarmoniyasi orkestri ishtirokida yozilgan musiqaga aylantiriladi. Hosil bo‘lgan kuy uchta haykal — “o‘t pufaklari"dan yangraydi. Ular qora sir bilan qoplangan metall va sopoldan yasalgan bo‘lib, marshrutning narigi chekkasida — Karvonsaroyda o‘rnatilgan.
“Qora sir — bu otam Alisher Rahimovning „qora baxmal keramika“ to‘plami uchun yaratgan ishlanmasi. Bu oilamizning mahalliy gil va minerallar bilan ko‘p yillik tajribalari natijasi, — deydi Shohrux Rahimov. — Biz kuydirilganidan ketsin mustahkam va jonli qoladigan teran, zich rangga erishishga muvaffaq bo‘ldik. Loyihada bu sir „qora safro“ — ichki og‘irlik va tushkunlik holati ramziga aylandi. Men uchun bu vayronkorlik haqida emas, balki qabul qilish haqida: har bir inson o‘zida zulmatni olib yuradi va aynan uni tan olish yorug‘likka olib boradigan yo‘lning bir qismiga aylanadi”.
Ustaning so‘zlariga ko‘ra, kulolchilik buyumlari qo‘l va olov taftini o‘zida saqlaydi, tovush esa bevosita his-tuyg‘ularga ta’sir qiladi. Ularni birlashtirib, rassomlar “ovoz orqali shifo topish” ta’siriga erishadilar: tashrif buyuruvchining ovozi musiqaga aylanib, makonni uyg‘unlik bilan to‘ldiradi va har bir kishini umumiy audiovizual sayohatga jalb etadi.
Yaqinlik
Entoni Gormli Temur Jumayev bilan hamkorlikda
Entoni Gormli — zamonaviy haykaltaroshlar orasida yetakchilardan biri bo‘lib, inson tanasining chegaralari va uning makon, vaqt hamda tabiat bilan munosabati borasidagi izlanishlari bilan dovrug‘ qozongan. Uning haykallari odatda aniq nisbatlarda, ko‘pincha statik holatlarda bajarilgan tabiiy o‘lchamdagi odam qiyofalarini aks ettiradi. Bu jamlangan kuch va ayni paytda zaiflik hissini uyg‘otadi.
Biyennale uchun Gormli Xo‘ja Kalon masjidi hovlisida keng ko‘lamli Close installyatsiyasini yaratdi. Rassom buxorolik restavrator Temur Jumayev bilan birgalikda 3000 ta haykaltaroshlik loy g‘ishtidan yasalgan 80 ta shakldan iborat labirintni qurdi. Ish uchun somon aralashtirilgan 20 tonnaga yaqin loy ishlatilgan.

Har bir g‘isht qadimiy Buxoro usulida qo‘lda tayyorlangan: ustalar loyni puxta ezish va shakl berish uchun butun tanalarini — qo‘llari, oyoqlari va yelkalarini ishga solishgan. Bunday yondashuv g‘ishtni mustahkam va jonli qiladi, jarayonning o‘zi esa usta va material o‘rtasida yaqin aloqa o‘rnatadi.
“Piksellar va selfilar davrida mening ishim g‘ishtni ulug‘laydi — bu bizni yaratadigan qurilgan dunyoning qo‘lda yasalgan elementi, birlamchi pikseldir. Tabiiy sokinlik shahar shovqiniga qo‘shni bo‘lgan makonda vaqtning ildizlarini hamda qurilgan dunyoning tana va ongga qanday ta’sir etishini his qilish mumkin. Ushbu loy g‘ishtlar yordamida men tanalar maydonini yarataman, toki tomoshabinlar biz o‘zimiz qanday shakllanayotganimizni va dunyo bilan birga shakllanishda davom etayotganimizni his qila olsinlar”, — deya tushuntiradi Gormli.
Shamol uchirgan tuz
Subodx Gupta Baxtiyor Nazirov bilan hamkorlikda
Hindistonlik rassom Subodx Gupta odatiy oshxona buyumlarini keng ko‘lamli badiiy ifodalarga aylantirishi bilan tanilgan. U Buxoroda Salt Carried by the Wind installyatsiyasini taqdim etdi. U Ayozjon karvonsaroyi yonida joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyoda islom o‘rnatilishidan oldin ziravorlar va shifobaxsh giyohlar bozori bo‘lgan Magoki Attori masjidi me’morchiligiga ishora qiladi.

Makon vazifalarining o‘zgarishi rassomni taom, hunarmandchilik va me’morchilik yagona badiiy ifodada kesishadigan xotira makonini yaratishga ilhomlantirdi.
“Men ovqat pishirishni yaxshi ko‘raman, Hindistonda oshxona juda muhim marosim joyidir… turli ta’m va hushbo‘y hidlar sizni xuddiki boshqa olamga olib boradi. Chunki taom sizga o‘tmishu xotiralarni eslatadi, bu esa har doim umrguzaronlik va vaqt haqidagi bir hikoyadir. Buxoroda esa bu Ipak va Ziravor yo‘li tarixini esga olish imkoni, chunki aynan shu yerda odamlar asrlar davomida uchrashib, fikr almashishgan va dasturxon atrofida umumiy til topishgan”, — deydi Subodx Gupta.
Installyatsiya har bir o‘zbek xonadoniga tanish bo‘lgan ommaviy ishlab chiqariladigan emal idishlardan qurilgan. Pavilon ichida Rishtonda usta Baxtiyor Nazirov va uning shogirdlari tomonidan yasalgan 3000 ta sopol laganlar osilgan. Bu kontrast qiyofasiz sanoat va noyob qo‘l mehnati o‘rtasidagi farqqa urg‘u beradi.

Rassom o‘zi oshpazlik tomoshalarini o‘tkazganda va tomoshabinlarni o‘z retsepti bo‘yicha tayyorlangan taomlar bilan mehmon qilganda, makon jonlanadi.
Yer soyasi
Delsi Morelos Baxtiyor Ahmedov bilan hamkorlikda
Buxoro me’morchiligi, tarixi va to‘qimachilik an’analari kolumbiyalik rassom Delsi Morelos loyihasiga asos bo‘lgan. Uning The Earth’s Shadow asari — jarohatlangan dunyoni ruhan qayta jonlantirishga urinish. Sobiq Xo‘ja Kalon masjidida rassom bino arxitekturasiga o‘rgimchak to‘ridek to‘qilgan yog‘och konstruksiyasini yaratdi. Buxorolik ustalar jut iplarini “Yaratganning ko‘zi” usulida to‘qib, ular yordamida ustunlarni birlashtirishgan. Shunday qilib, ish o‘zbek va hind to‘qimachilik an’analarini bog‘laydi.
Ольфакторный
Относящийся к запахам или чувству обоняния.
To‘rtta ip markaziy nuqtadan chiqib, unsurlar — yer, havo, suv va olov, shuningdek, dunyoning to‘rt tomonini ifodalaydi. Har bir tugun hayot va jamiyatga qaratilgan duo bilan bog‘lanadi. Konstruksiya cho‘l qumi, loy, tuproq, dolchin, chinnigul va zarchava aralashmasi bilan bo‘yalgan. Materiallar va ziravorlarning bunday uyg‘unligini buxorolik ziravor savdogarining to‘rtinchi avlodi Baxtiyor Ahmedovning oilasi o‘ylab topgan.

Ish olfaktor va tana tajribasini yaratadi: tomoshabin makonni qamrab olgan va Buxoroning ipak merosini — ziravorlar ipak kabi qadrli bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘li davrini eslatuvchi xushbo‘y hidlar bulutiga sho‘ng‘iydi.
“Yorug‘lik va soya — bu asar va bino o‘rtasidagi munosabatlarning asosi bo‘lgan matoda o‘zaro bog‘langan ikki o‘lchamdir. Soya himoyasiz qolgan hamma narsani qurituvchi va kuydiruvchi jazirama quyoshdan hayotni saqlaydigan yo‘ldosh”, — deya ta’kidlaydi Morelos.
Moviy xona
Abdulvohid Buxoriy, Dilnozaxon Karimova va Jo‘rabek Siddiqov
Buxorolik kulol Abdulvohid Karimov (Buxoriy)ning rafiqasi Dilnozaxon Karimova bilan hamkorlikda yaratgan “Moviy xona” loyihasi uning yo‘qolib ketgan Buxoro moviy kulolchiligi an’anasini tiklash borasidagi izlanishlarining davomi bo‘ldi. Inshoot ustidagi yarim yillik mehnat sobiq Gavkushon madrasasida mujassam.
Makon tomoshabinni suv va uning shifobaxsh kuchi ramzlari bilan to‘ldirilgan suv osti dunyosiga olib kiradi. Xonaning devorlari va pollari butunlay to‘q ko‘k rangdagi qo‘lda yasalgan koshinlar bilan qoplangan bo‘lib, masjidlar va boshqa inshootlarning gumbazlari shu rangga bo‘yaladi. Rang abadiylik va osmonni ifodalaydi.

Rassom kulolchilik sirida tabiiy pigmentlardan foydalanadi. Pavilon mediatorining so‘zlariga ko‘ra, shu yo‘l bilan Abdulvohid Buxoriy an’analarni saqlab qolishga intiladi va ularni yangi badiiy kontekstga ko‘chiradi. Ilgari ustalar muqobil yo‘qligi sababli tabiiy bo‘yoqlardan foydalangan bo‘lsalar, bugun tabiiy materiallar foydasiga tanlov an’anaviy texnikani badiiy ifodaga aylantiradi.

Xona markazida usta Jo‘rabek Siddiqov bilan hamkorlikda latun, mis va sopoldan yasalgan haykal osilgan. Uning shakli qadimiy shifobaxsh marosimlar bilan bog‘liq baliq tasviridan ilhomlangan. Devor va poldagi sopol buyumlar, qandilni to‘ldiruvchi idishlar to‘qimachilik naqshlari, baliqlar, suv o‘tlari va suv oqimlarini eslatuvchi naqshlar bilan bezatilgan.
“Xalqimizda bola kasal bo‘lganda yoniga baliq solingan tog‘ora qo‘yish odat tusiga kirgan. Bu oilamizda tez-tez uchrab turadigan amaliyot edi — men soatlab baliqlarni kuzatib, og‘riqni unutardim, — deydi Dilnozaxon Karimova. — Bu xotirani o‘z ishimga ko‘chirdim: bu yerdagi baliqlar qadimdan tumor hisoblangan Nurota so‘zanalarining naqshlariga monand tarzda tasvirlangan. Hayot va shifo manbai bo‘lgan suv og‘riqni yuvib ketadi, ruhni tinchlantiradi va poklaydi. Xonamizga kirgan har bir kishi shu xotirjamlikni his qilishini va baliqlarga qarab, yuragini tilka-pora qilayotgan narsalardan xalos bo‘lishini istadik”.
Osmonning yetti jilosi (Haft avrang)
Davlat Toshev shogirdlari bilan
Gavkushon madrasasining ikkinchi xonasida buxorolik miniatyurachi, musavvir va xattot Davlat Toshev ulkan badiiy asar yaratdi. Ichkariga kirganda, tashrif buyuruvchilar go‘yo rasmnining ichiga tushib qolgandek bo‘lishadi. Devor va shiftlar ebru (marmarlash) usulida bo‘yalgan qog‘oz bilan qoplangan. Ebru san’ati aynan Buxoroda paydo bo‘lgan deb hisoblanadi.
Rassom ko‘plab tasvirlar yaratib, ularni murakkab mozaika kompozitsiyalariga birlashtirdi. Asarning markaziy elementi hayot va birlik ramzi bo‘lgan anor daraxti tasviridir.

Toshev loyihani “Ustoz shogird” ustaxonasidagi shogirdlari, jumladan, eshitish va so‘zlashish imkoniyati cheklangan shogirdlari bilan birgalikda amalga oshirdi. Biyennaleda ishtirok etish va ijod qilish rassom uchun bir vaqtning o‘zida ham ta’lim usuli, ham ma’naviy amaliyotga aylandi: u ish orqali bolalarga o‘zlarini ifoda etishga yordam berdi.
“Ebru — bu tinchlantiruvchi amaliyot. Suv ustiga rasm chizishni boshlaganingizda qanday naqsh paydo bo‘lishini bilmay turib, fikringizni butunlay jarayonga qaratasiz. Bo‘yoqlarni asta-sekin tushirganingiz sari, turli shakllar paydo bo‘ladi. Men ularni ko‘pincha hayot yo‘llari sifatida tasavvur qilaman. Biz har doim yo‘l bosamiz va bu sayohat ebru naqshlarida ham aks etadi”, — deydi rassom.
Haqiqat izlab
Jahongir Boboqulov Sanjar Qo‘bayev bilan hamkorlikda
Gavkushon madrasasining uchinchi xonasi joylashuv nomini — House of Softness (Yumshoqlik uyi)ni o‘zida mujassamlashtirgan. Makon ikki qismga bo‘lingan.
Birinchi xona yorqin sariq va to‘q sariq ranglarda ishlangan. Devorlar butunlay poliuretan ko‘pigi (porolon) bilan qoplangan, aerograf bilan bo‘yalgan va muloyim yorug‘lik bilan yoritilgan. Buxorolik yosh rassom Jahongir Boboqulov so‘nggi yillarda porolon bilan tajribalar o‘tkazib, o‘z asarlariga ta’sirchan hajm va jonli, egiluvchan to‘qima bag‘ishlamoqda. Materialning xususiyatlari tufayli makon yumshoq, yorug‘ va hatto jismonan iliq bo‘lib chiqdi: yoritgichlar bilan isitilgan ko‘pik haroratni saqlab qoladi. Shu bois xonani “chilla xona” deb atashgan. Rassom uchun “chilla xona” nomi nafaqat yozning jazirama issig‘iga, balki inglizcha chill — “salqinla” so‘zi anglatadigan yolg‘izlik va sukunatga ham ishora qiladi.

“Makon nima? Men uchun u hech qachon bo‘sh bo‘lmaydi. Bo‘shliq ham nimadandir iborat, u tirik”, — deydi rassom.
Installyatsiyaning ikkinchi qismi birinchisidan keskin farq qiladi. U zulmatga cho‘mgan. Markazda Sanjar Qo‘bayev yaratgan sopol yurak osilgan. U a’zoga sovuq ko‘k rang berib, loy tomchilari bilan qoplagan. Shiftdagi manba yurakni yorug‘lik va suv tomchilari bilan yuvib, asta-sekin g‘uborlardan tozalaydi.

“Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislarida aytilishicha, ruhda bitta a’zo bor, agar u kasal bo‘lsa — butun tana kasal, agar u sog‘lom bo‘lsa — butun inson sog‘lom. Ushbu installyatsiyada biz aynan qalbni ko‘rsatamiz. Loy — gunohlar ramzi, tomchilayotgan suv esa uni poklaydigan va hayotga qaytaradigan ezgu amallarga ishora”, — deydi Boboqulov.
Mur-Mur
Devid Soyn Tappezer Boris Shershenkov va Kubaro Babayeva bilan hamkorlikda
Britaniyalik bastakor, ovoz va musiqiy makonlar tadqiqotchisi Devid Soin Tappezer Boris Shershenkov bilan hamkorlikda karvonsaroyda Mur-Mur interaktiv installyatsiyasini yaratdi.

Loyiha “Qushlar yig‘ini” so‘fiylik dostonidan ilhomlangan bo‘lib, unda barcha qushlar o‘zlarining in’ikosi, qismlarni yaxlitlikka birlashtiruvchi yo‘lboshchi Semurg‘ni izlashga otlanadilar.
Installyatsiya asosida Buxoroda Navro‘z bayrami munosabati bilan bolalar uchun an’anaviy tarzda yasaladigan qush shaklidagi “xushtak” sopol o‘yinchoq-hushtaklar yotadi. Tashrif buyuruvchilar o‘zlari bilan xushtak olib, qo‘shni xonada 10 soniyalik kuyni yozib olishlari mumkin. Hushtak ovozlari saqlanib, bir-birining ustiga qo‘yiladi va xorga qo‘shiladi. Ovoz butun makon bo‘ylab tarqaladi.
“Meni shifo topish va o‘zgarish jamoa bilan ro‘y berishi g‘oyasi ilhomlantirdi. Har bir tashrif buyuruvchi xushtak ovozini yozib olar ekan, har bir yangi ishtirokchi bilan o‘sib borayotgan ulkan xorning bir qismiga aylanadi. Bu ish shuni ko‘rsatadiki, hatto kichik harakatlar ham bizni yaxlitlikka birlashtirishga qodir. Galadagi qushlar ham xuddi shunday [birlashadi]”, — deb tushuntiradi Tappezer.
Alohida zallarda Buxoro viloyatining Vobkent tumanidan bo‘lgan afsonaviy marhuma kulol Kubaro Boboyeva va uning shogirdlarining asarlari namoyish etilmoqda. Hushtaklarda qushlar, qo‘chqorlar, ajdarlar va boshqa afsonaviy mavjudotlar tasvirlangan. Kubaro mashhur hunarmand Hamro Rahimovaning shogirdi bo‘lib, qadimiy xushtak yasash an’anasini asrovchi sifatida shuhrat qozongan.
Baxtiyor ona shahar
Syuy Chan Behruz Axmedov va Jasurbek Javxanazarov bilan hamkorlikda
Xitoylik rassom Syuy Chan o‘zining Happiness Hometown nomli asarida 1997-yilda Chen Min tomonidan yaratilgan musiqiy klipga murojaat qildi. Videorolik islohotlar davrining timsoliga aylandi. Syujetga ko‘ra, qo‘shiqchi Markaziy Osiyo libosidagi raqqosalar hamrohligida katta yo‘l bo‘ylab yuradi — go‘yo baxt yo‘li G‘arbga, O‘zbekistonga olib boradigan yo‘ldan o‘tadi. Rassom uchun bu obraz “baxtning vatani” qayerda joylashgani va uni Markaziy Osiyoning yuragidan topish mumkinligi haqidagi mulohazalarning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi.
Ish karvonsaroylardan birida joylashgan. Loyiha har biri baxtning ramziy xaritasiga aylanadigan uchta xonaga sayohat tarzida qurilgan. Barcha xonalarga marg‘ilonlik kashtado‘z Behruz Ahmedov bilan hamkorlikda yaratilgan ipak matolar osilgan.

Birinchi xonada sayyohlarning kunduzgi yo‘llari va tungi orzulari haqida hikoya qilinadi, deydi Syuy Chan. Bu yerda ramziy anor daraxti ham tasvirlangan: mevalarida mitti yuraklar ko‘zga tashlanadi — bu bir butunlikda yashiringan ko‘plab hayotlarni ifodalaydi. Ikkinchi xona inson tanasining “ichki xaritasi"ni o‘rganadi, u baxtga erishish yo‘li ichkaridan boshlanishini ko‘rsatadi. Uchinchi xona insonning ichki dunyosi koinot bilan qanday o‘zaro ta’sirlashishini, uning “Men"i koinotning bir qismiga aylanishini namoyish etadi, deydi loyiha muallifi.
“Yurak obrazi meni doim o‘ziga maftun qilgan. Men uchun u odatiy qarama-qarshiliklar — tana va ruh, shaxsiy va ijtimoiy chegaralardan tashqariga chiqadi. Yurak turli shakllarda namoyon bo‘ladi: tana xaritasida, ipak naqshida yoki yulduzli osmonda. O‘z ishimda jarohatlangan qalb nafaqat og‘riq, balki izlanish usuli, oldinga siljish imkoniyati ekanligini ko‘rsatishni istadim. Qalbimizni ochib, biz madaniyatlar xilma-xilligiga yo‘l ochamiz va turli yo‘llar hamda tarixlar uchrashadigan makon yaratamiz. Yurak o‘z-o‘zidan baxt retsepti va o‘zini dunyoga moslashtirish usuliga aylanadi”, — deydi Syuy Chan.

Bastakor Jasurbek Javxanazarov rassomning asarlariga o‘z musiqasi bilan jo‘r bo‘ldi. U Chen Minning Happiness Hometown qo‘shig‘ini milliy cholg‘ular yordamida qayta ishladi va uning asosida uchta — har bir xona uchun alohida she’riy saundtrek yaratdi.
Ta’m san’atning bir qismi sifatida
Biyennale konsepsiyasining muhim qismi oshxona bo‘ldi. 1809-yilda qurilgan Abdurahmon A’lam madrasasida Café Oshqozon restorani ochildi. Uning nomi o‘zbekcha “oshqozon” so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ham oshqozon, ham ovqat pishiriladigan idishni anglatadi. Ko‘rgazma prodyuseri Anastasiya Skvorsovaning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki ma’nolilik biyennaleni tirik organizm sifatida ta’kidlaydi: oshqozon tanani oziqlantirgani kabi, birgalikda taomlanish ishonch va o‘zaro shifo muhitini yaratadi.
реклама
реклама
Café Oshqozon menyusini rassom Karsten Xeller (Germaniya/Shvetsiya), bosh oshpaz Daniele Purichelli (Italiya), Brutalisten restorani rahbari Koen Dileman (Niderlandiya), shuningdek, o‘zbekistonlik oshpazlar Bahriddin Chustiy va Pavel Georganovlar ishlab chiqishgan.
Ishtirokchilar g‘ayrioddiy yondashuvni taklif qilishdi: har bir taom bitta asosiy mahsulot atrofida quriladi — tekstura, ziravorlar va taqdim etish usuli o‘zgaradi, lekin asos har doim bir xil bo‘lib qoladi. Bunday format masalliqning o‘zini chuqurroq his qilish imkonini beradi va taomlanishni o‘ziga xos tajribaga aylantiradi. Mehmonlarni pazandachilik mahorat darslari va ma’ruzalar kutmoqda, ularda taomlar madaniyat va san’atning bir qismi sifatida taqdim etiladi.
Gastronomik namoyishlar jadvali
23−24-sentabr — Yelena Reygadas, Meksika.
3−5-oktabr — Pavel Georganov, O‘zbekiston.
10−12-oktabr — Fatmata Binta, Serra-Leone.
17−19-oktabr — Bahriddin Chustiy, O‘zbekiston.
24−26-oktabr — Yekaterina Yenileeva, Aleksandr Tolkachev, Vladimir Kogay, O‘zbekiston.
7−8-noyabr — Zuri Kamil de Souza, Hindiston-Fransiya.
16−20-noyabr — Chong Kvan, Janubiy Koreya.
Boshqa tadbirlar jadvali sanalar yaqinlashganida biyennale saytida e’lon qilinadi.

Matn va fotosuratlar muallifi — Farzona Hamidova.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda