“103 xizmatida ishlash uchun unga „chalinish“ kerak”

Tez yordam brigadasi bilan bir kun
103 raqamiga bitta qo‘ng‘iroq va tez yordam yo‘lda. O‘zbekistondagi 3 mingga yaqin tez yordam brigadasi yiliga kamida 13 mln chaqiruvga xizmat ko‘rsatadi. Gazeta shifokorlar jamoasi bilan bir kun birga yurib, vazifasi odamlar hayotini saqlab qolish bo‘lgan bu insonlar mehnati ortida nimalar turgani bilan tanishdi.
103 raqamiga bitta qo‘ng‘iroq va tez yordam yo‘lda. O‘zbekistondagi 3 mingga yaqin tez yordam brigadasi yiliga kamida 13 mln chaqiruvga xizmat ko‘rsatadi. Gazeta shifokorlar jamoasi bilan bir kun birga yurib, vazifasi odamlar hayotini saqlab qolish bo‘lgan bu insonlar mehnati ortida nimalar turgani bilan tanishdi.
O‘zbekistonda 2022-yilgacha tez tibbiy yordam tizimi “tez yordam” deb yuritiluvchi alohida bo‘linmalardan iborat bo‘lib, markazlashgan tuzilmaga ega emasdi. O‘z jihozlari, mashinalari, dori-darmonlari va hatto xodimlariga ega bo‘lgan podstansiyalar turli tuzilmalarga qarashli bo‘lib, bu fuqarolarga noqulaylik tug‘dirardi. 2022-yili amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlardan so‘ng, 14 ta hududiy filialga ega Respublika tez tibbiy yordam markazi tashkil etildi. 103 xizmati yagona tuzilmaga ega bo‘ldi, bu esa tibbiy yordam ko‘rsatish darajasi, tezkorligi va sifatini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Tizimda tibbiyot xodimlari va avtomobillar soni ko‘paydi, jarayonlarni avtomatlashtirish esa brigadalar ishini tezlashtirdi.

Respublika markazining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 13,5 millionga yaqin chaqiruv kelib tushgan — amalda mamlakatning har uchinchi fuqarosi kamida bir marta tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Joriy yilning birinchi choragidayoq 3 million 300 mingdan ziyod chaqiruv qayd etilgan bo‘lib, shundan qariyb 2 million 400 mingtasi shoshilinch holatlar toifasiga kiritilgan. Ular orasida nafaqat kechiktirib bo‘lmas favqulodda vaziyatlar, balki surunkali kasalliklar, tug‘ruq va tibbiy transportirovka ham uchraydi.

Hozir butun mamlakat bo‘ylab 2857 ta tez tibbiy yordam brigadasi navbatchilik qilyapti, ulardan 300 dan ortig‘i poytaxtda. Har bir brigadaga 13 ming aholi to‘g‘ri keladi. Har bir tumanga bittadan podstansiya xizmat ko‘rsatadi. Brigadalar butun respublika bo‘ylab, dam olish va bayram kunlarisiz, 24 soat ishlaydi.
Gazeta muxbirlari shunday brigadalardan biri bilan 12 soat birga yurib, bir navbatchilik davomida qancha chaqiruv bo‘lishi, shifokorlar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi va nima uchun ular, qiyinchiliklarga qaramay, o‘z kasbiga sodiq qolib, odamlar hayotini saqlab qolishda davom etayotganini o‘rgandi.
Navbatchilikning boshlanishi
Soat 8:00. Yunusobodning Markaz-4 mavzesidagi 11-sonli tez tibbiy yordam podstansiyasi. Navbatchi brigada endigina smenani qabul qilib oldi. Uning tarkibi har kuni o‘zgarib turadi. Vaziyat va ehtiyojga qarab, ba’zan jamoada ham shifokor, ham feldsher, ba’zan esa faqat feldsher ishlaydi. Bugungi navbatchilikka uch kishi kirishdi: shifokor Nuritdin Zohidov, feldsher Lev Kolmakov va haydovchi Ixtiyor Ahmadov.

Kolmakov va Zohidov shoshilinch yordam brigadalari orasida eng yaxshi jihozlangan va tajribali reanimatsiya brigadasi tarkibiga kiradi. Umumiy ixtisoslikdagi brigadalardan farqli o‘laroq, reanimatsiya brigadasi eng og‘ir chaqiruvlarga boradi, bu yerda har daqiqa g‘animat: yo‘l-transport hodisalari, yurak to‘xtab qolishi, hushdan ketish, jarohatlar, hayot uchun xavfli holatlar. Ular oldinda qancha chaqiruv va qanday bemorlar kutib turganini bilmaydi. Lekin shunisi aniqki, bu 24 soatlik ish avvalgilariga o‘xshamaydi.
Shifokorlar podstansiyaga yetib kelgach, birinchi navbatda tez yordam mashinasining jihozlarini tekshiradi. Brigadalar ixtiyorida turli rusumdagi avtomobillar bo‘lib, ularning har biri turli sharoitlarda ishlash uchun jihozlangan va moslashtirilgan. Lev Kolmakov bu podstansiyada 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri feldsher bo‘lib ishlaydi va tez yordam transportini mukammal biladi. U tomida sirenasi miltillab turgan reanimobil — katta oq Ford Transitʼga yaqinlashadi.

“Bunday mashinalarning har biri — g‘ildirakli ixcham reanimatsiya. Salon ichida tibbiy to‘plamlar, zambillar, shinalar, kislorod ballonlari, sonator, defibrillyator, o‘pkaga sun’iy havo yuborish apparati, shuningdek, bemorning qon bosimi, yurak urishi va boshqa hayotiy ko‘rsatkichlarini kuzatish imkonini beruvchi monitor mavjud, — deydi feldsher. — Mashinada ham ichki, ham tashqi yoritish bor. Qorong‘i paytda yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri kelsa, tashqi yoritish ayniqsa muhim”.
Feldsher Lev Kolmakov.
Shundan so‘ng Kolmakov reanimatsiya sumkasini tekshirishga kirishadi. Har bir brigada ixtiyoridagi tibbiy to‘plamda birinchi yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar mavjud, lekin vazifalar va ish sharoitlariga qarab ularning tarkibi biroz farq qilishi mumkin. Reanimatsiya sumkasida shoshilinch holatlarda kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha narsalar bor: tonometr, fonendoskop, pulsoksimetr, turli hajmdagi shpritslar, tomchilab dori quyish tizimlari, suyuqlik hajmini to‘ldirish uchun fiziologik eritma, bog‘lov materiallari va intensiv terapiya uchun preparatlar.

Har smenaning oxirida brigada dori-darmonlar zaxirasini to‘ldiradi va tibbiy asbob-uskunalarni tekshiradi. Bu — qat’iy qoida: biror narsa hatto faqat bir marta ishlatilgan bo‘lsa ham, hammasi to‘ldirilishi shart. Smenani qabul qiluvchi jamoa barcha asboblarning soz holatda, dori-darmonlar joyida ekanligi va yaroqlilik muddati o‘tmaganligiga ishonch hosil qilishi kerak. Agar qandaydir preparatlar yetishmasa, ular uchun 70 dan ortiq nomdagi dori vositalari saqlanadigan komplektatsiya bo‘limiga boriladi. Shifokor har bir preparatning ishlatilishini planshetda qayd etadi. Xarajatlar avtomatik ravishda umumiy tizimda aks etadi. Bu har bir chaqiruv paytida dori-darmonlar aylanishini kuzatish imkonini beradi.
“Avtomatlashtirish tufayli mutaxassislar real vaqt rejimida dori vositalarining qancha va qayerda ishlatilayotganini kuzatib, talab o‘zgarishining sabablarini tahlil qiladi. Tizimda hammasi shaffof — har qanday dori vositasining kelib tushishidan tortib, undan foydalanish va hisobdan chiqarishgacha. Xarid qilingan dori-darmonlar avval markazning bosh feldsheriga kelib tushadi, so‘ngra podstansiyalarga tarqatiladi, u yerda mudirlar ularni brigadalar o‘rtasida taqsimlaydi. Agar biror bir dori kamayib qolsa, favqulodda vaziyatda yetishmovchilik yuzaga kelmasligi uchun zaxira oldindan to‘ldiriladi. Bu uzluksiz ishlash va zarur dori-darmonlarning doimiy mavjudligini ta’minlaydi”, — deydi Nuritdin Zohidov.
реклама
реклама
Nuritdin aka tez yordam xizmatida 30 yildan beri ishlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt ichida podstansiyada ko‘p narsa o‘zgargan: mashinalar yaxshilangan, uskunalar zamonaviylashgan, dori-darmonlarning ham boshqacha. Faqat bir narsa o‘sha-o‘sha — inson hayoti uchun javobgarlik.
Shifokor Nuritdin Zohidov.
Shifokorlar bilan bir vaqtda Ixtiyor Ahmadov ham ko‘rik o‘tkazadi. U qariyb yetti yildan beri tez yordam mashinasi haydovchisi. Podstansiya avtoparkida har bir haydovchiga alohida mashina biriktirilgan. Ixtiyor dastlab 943-raqamli reanimobilining kapotini ochib, texnik holatini tekshiradi. Keyin yoqilg‘i quyish jarayoni boshlanadi: podstansiyaga avtotsisterna keladi, undan yoqilg‘i quyish pistoleti yordamida tez yordam mashinalariga yoqilg‘i quyiladi. Bu yoqilg‘i va vaqtni tejash imkonini beradi, natijada mashina istalgan paytda chaqiruvga chiqishga tayyor turadi.

Shundan so‘ng Ixtiyor Ahmadov salondagi navigatorni sozlab, yo‘l varaqasiga birinchi yozuvni kiritadi. Smena davomida u barcha chaqiruvlarni, ularning kelib tushish va bajarilish vaqtini ushbu varaqaga qayd etib boradi. Navbatchilik oxirida bu varaqani transport bo‘limiga topshiradi.
Smenaga tayyorgarlik ko‘pi bilan 5 daqiqa davom etadi, lekin shu qisqa vaqt ichida brigadaning har bir a’zosi ish maromiga tushib oladi. Ortiqcha gap-so‘zsiz, tez va aniq, xuddi ahil jamoadek. Tibbiy anjomlarni tayyorlash o‘z nihoyasiga yetgach, shifokorlar podstansiya binosiga qaytadi — chaqiruv tizimiga ulanish imkoniyatiga ega planshetni oladi, navbatchilikka kirish hujjatlarini rasmiylashtiradi va besh daqiqalik qisqa yig‘ilish o‘tkazadi.
103 ning yuragi
11-podstansiyada Respublika tez tibbiy yordam markazi va shahar koll-markazi joylashgan. Uni butun tizimning yuragi deb atashadi. Telefon bir daqiqa ham tinmaydi. Operatorlar ketma-ket qo‘ng‘iroqlarni qabul qiladi. Quloqchinlardagi ovoz yangisi bilan almashaveradi — shoshilinch, xavotirli, ba’zan mujmal.

“Assalomu alaykum, tez yordam, nima bo‘ldi?” — deb so‘raydi dispetcher bir vaqtning o‘zida sichqonchani bosib.
Tizim avtomatik tarzda qo‘ng‘iroq qiluvchining joylashuvini aniqlaydi, tuman va shahar xaritasidagi barcha bo‘sh brigadalarni ko‘rsatadi. Yonida operator chaqiruv bo‘yicha ma’lumotlarni kiritadigan elektron shakl paydo bo‘ladi: bemorning ismi, yoshi, shikoyatlarning xususiyati, shoshilinchlik darajasi. Ba’zida dispetcher aniqlashtiruvchi savollar beradi: surunkali kasalliklar bor-yo‘qligi, qandaydir dori-darmonlar qabul qilinganligi, ilgari bemorda shunday holat kuzatilgan-kuzatilmaganligi va hokazo. Shakl to‘ldirilgach, sichqoncha tugmasi bosiladi va chaqiruv tegishli hududga xizmat ko‘rsatuvchi eng yaqin podstansiyaga uzatiladi. Agar bu hududda bo‘sh brigadalar bo‘lmasa, chaqiruv qo‘shni brigadalarga yo‘naltirilishi mumkin.
“Ilgari bitta chaqiruvni qabul qilish uchun 6−8 daqiqa vaqt ketardi. Operator barcha ma’lumotlarni qo‘lda jurnalga yozib olar, keyin boshqa xodim talonlarni yig‘ib, telefon orqali podstansiyalarga taqsimlardi. Yo‘llanma olingach, dispetcherlar bo‘sh mashina qidirib, brigadalarga qo‘ng‘iroq qilib chiqishardi. Elektron tizim joriy etilgandan so‘ng vaziyat tubdan o‘zgardi: endilikda 103 yagona raqami butun mamlakat bo‘ylab ishlaydi, chaqiruvlarni qabul qilish atigi 1 daqiqa, brigadaga ma’lumot uzatish esa 30 soniya davom etadi. Natijada tez yordam chaqiruvdan so‘ng o‘rtacha 1,5 daqiqada yo‘lga chiqadi”, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori o‘rinbosari Nozimjon Dalibayev.
Shoshilinch yordam tizimi takomillashtirilmoqda. Yaqin kelajakda koll-markazlarda onlayn maslahatlar yo‘lga qo‘yiladi. Turli mutaxassislikdagi tajribali shifokorlar bemorlarga telefon orqali maslahat beradi. Ba’zi hollarda tez yordam brigadasi yuborilishiga xojat qolmaydi, bu esa tizimni yengillashtiradi va tibbiy yordamga chinakamiga muhtoj bo‘lganlarga xizmat ko‘rsatishni tezlashtiradi.
Chaqiruv turlari
“Shaharda har bir tumanning o‘z podstansiyasi mavjud, u yerda umumiy ixtisoslikdagi (yo‘nalishli) brigadalar ishlaydi. Ular odatiy chaqiruvlarga boradi — masalan, qon bosimi ko‘tarilganda yoki harorat oshganda. Navbatchi brigada chaqiruv joyida bemorning ahvoli og‘irligini aniqlasa, darhol koll-markazga bog‘lanib, reanimatsiya brigadasini chaqiradi. Chaqiruvni kimga yo‘naltirishni dispetcher hal qiladi, qiyinchilik tug‘ilganda esa katta navbatchi shifokorga murojaat qiladi”, — deya tushuntiradi reanimatsiya brigadasi shifokori Nuritdin Zohidov.
Chaqiruvlarni brigadalar o‘rtasida taqsimlash bir nechta omillarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi: murojaatning shoshilinchligi, bemorning ahvoli va brigadaning voqea joyiga geografik yaqinligi. Agar bir nechta brigada bo‘sh bo‘lsa, uzoqroq vaqt chaqiruvlarsiz bo‘sh turgan brigadaga ustunlik beriladi — bu orqali shifokorlarga tushayotgan yuklama teng taqsimlanadi.

Biroq, barcha brigadalar band bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda, dispetcherlar bemorga eng yaqin, bo‘sh turgan reanimatsiya guruhini yuboradi, hatto u boshqa podstansiya yoki ma’muriy hududga qarashli bo‘lsa ham. Bu imkon qadar tezroq javob berishni ta’minlaydi va bemorlarning kutish vaqtini qisqartiradi.

“Shunday holatlar bo‘ladiki, biz allaqachon chaqiruvga ketayotgan bo‘lsak ham, yaqin atrofda yanada og‘irroq va ustuvorlik beriladigan chaqiruv kelib tushsa, bizni joriy vazifadan olib, shoshilinch yordam talab qiladigan joyga yuborishlari mumkin. Dastlabki chaqiruvga esa yaqin atrofdagi boshqa brigadani jo‘natishadi. Ba’zan joyga avval yo‘nalishli brigada tarkibidagi umumiy amaliyot shifokori borib, birinchi yordamni ko‘rsatadi. Biz esa ularning ortidan yetib borib, reanimatsiya choralarini o‘z zimmamizga olamiz”, — deya tushuntiradi Lev Kolmakov.
Shoshilinchlik darajasiga ko‘ra chaqiruvlar to‘rt toifaga bo‘linadi. Eng og‘ir holatlar — yurak to‘xtashi, insult, infarkt, og‘ir jarohatlar — birinchi toifaga kiradi. Ikkinchi toifaga tibbiy yordamsiz qisqa fursatda yomonlashishi mumkin bo‘lgan holatlar kiradi, masalan, surunkali kasalliklarning zo‘rayishi yoki yosh bolalarda yuqori harorat. Uchinchi toifa — yengil jarohatlar, qon bosimining ko‘tarilishi yoki isitma kabi nisbatan xavfli bo‘lmagan holatlarni o‘z ichiga oladi. To‘rtinchi toifaga hayot va sog‘liqqa jiddiy xavf tug‘dirmaydigan holatlar bo‘yicha chaqiruvlar kiradi. Ish vaqtida tez yordamga ortiqcha yuklama tushmasligi uchun bunday holatlar bilan poliklinikalarning ko‘chma brigadalari ham shug‘ullanishi mumkin.
“Hozirda har qanday chaqiruvga, uning shoshilinchlik darajasidan qat’i nazar, tez yordam brigadasi albatta boradi, — deydi markaz direktori o‘rinbosari Nozimjon Dalibayev. — Kelajakda qo‘ng‘iroqlarni saralashning uch bosqichli avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni rejalashtiryapmiz. Bu bemorning ahvoli qanchalik shoshilinch ekanligini oldindan aniqlash va uning holatiga mos keladigan brigadani yuborish imkonini beradi. Tizimni dastlab Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushiramiz, keyin boshqa hududlarda ham qo‘llaymiz”.
Arterial gipertenziya
Vaqt ertalabki to‘qqizga yaqinlashmoqda. Shifokorning planshetiga birinchi chaqiruv — qabul qilinmaguncha yangrab turadigan qisqa tovush signali keladi. Yurak xurujiga shubha qilingan keksa ayolga yordam zarur. Chaqiruv kelib tushgandan so‘ng podstansiyani tark etish uchun brigada ixtiyorida roppa-rosa ikki daqiqa vaqt bor. Agar kechiksa, tizimda qizil ogohlantirish paydo bo‘ladi — bu chaqiruv kechikib qabul qilinganining belgisi. Rahbariyat bunday signallarni ko‘radi va brigadalar ishiga baho berishda ularni hisobga oladi.

Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas butun brigada mashinaga o‘tirib, yo‘lga chiqadi. Salonda odatdagi sukunat: hamma o‘z ishi bilan band. Haydovchi mashinani boshqarayotganda, tibbiyot xodimlari jihozlarni tekshiradi, kerakli dori-darmonlarni tayyorlaydi va qo‘lqoplarni kiyadi.

“Endigina ish boshlagan vaqtlarimiz qo‘limizda Chazovning shoshilinch yordam bo‘yicha ma’lumotnomasi bo‘lardi. Biror narsa sodir bo‘lishi bilan, shu ma’lumotnomaga murojaat qilardik. Undan o‘rganardik, hamma narsani xotiramizda saqlashga, har bir narsani tekshirishga harakat qilardik, — deydi Nuritdin Zohidov. — Endi „Qayoqqa ketyapmiz?“ deb so‘ralsa, „O‘sha joyning o‘zida hal qilamiz“, deb javob beramiz. Chunki bilamizki, hushsiz bemorga yordam ko‘rsatish uchun chaqiruv shunchaki isitma, „jiddiy bo‘lmagan“ shikoyat esa og‘ir ahvol bo‘lib chiqishi mumkin. Voqelik har doim dispetcherlik tavsifidan to‘liqroq bo‘ladi. Uzoq vaqtdan beri tez yordam xizmatida ishlayotganlar allaqachon hamma narsani tushunib yetgan. Borayotgan joyimizdan nimani kutish kerakligini tushunish uchun chaqiruv sababi va bemorning yoshiga qarash kifoya. Simptomlarga qarab, odamning qayeri og‘riyotgani va unga nima bo‘lganini darhol aniqlaymiz. Bu „sezgi“ yillar davomida shakllanadi”.
Ayol hushida, uning ahvoli barqaror, lekin qon bosimini tushirish kerak. Shifokor asosiy davolash usulini qo‘llaydi: papaverin va dibazol eritmasini mushak orasiga yuboradi. Kasalxonaga yotqizish talab qilinmaydi.

“Surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlar bor, kuniga besh-olti marta tez yordam chaqiradi — qon bosimini o‘lchash, ukol qilish, tomchi qo‘yish uchun. Tushunamiz, ularga og‘ir, lekin tez yordam bunday holatlarga doimiy xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallanmagan. Poliklinikalar qoshida bunday bemorlarni muntazam kuzatib, qo‘llab-quvvatlab turadigan o‘zlarining ko‘chma xizmatlari yoki uchastka tez yordam bo‘limlari faoliyat ko‘rsatsa, ancha samarali bo‘lardi. Bu shoshilinch brigadalarning ishini yengillashtiradi”, — deydi Nuritdin Zohidov.
реклама
реклама
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bunday “yolg‘on” chaqiruvlar ko‘p uchraydigan muammo. Odamlar ko‘pincha arzimas sabablar bilan tez yordamga qo‘ng‘iroq qiladi, buning oqibatida resurslar behuda sarf bo‘lishini anglamaydi. Shunday holatlar bo‘ladiki, inson hayoti xavf ostida deya xabar berilgan, lekin brigada chaqiruv joyiga kelib, bemorning bor-yo‘g‘i harorati ko‘tarilganiga guvohi bo‘ladi, xolos.

“Chaqiruvlar natijasida kasalxonaga yotqizishning past foizidan ham yaqqol ko‘rinib turibdiki, tez yordamga murojaat qilgan bemorlarning aksariyati bizning aralashuvimizsiz ham bemalol sog‘ayib ketardi”, — deya ta’kidlaydi shifokor.
Chaqiruv kartasi rasmiylashtirilgach, jamoa reanimobilga qaytadi. Boshqa chaqiruvlar bo‘lmagani uchun, u podstansiyaga jo‘naydi.

“Agar chaqiruvlar bo‘lmasa, podstansiyaga qaytamiz. U markazda joylashgan va u yerdan istalgan hududga tezroq borish mumkin. Agar shahar chekkasida qolib ketsak — keyingi chaqiruvga borgunimizcha, shaharning yarmi tirbandlikda qolib ketishi mumkin”, — deya tushuntiradi Zohidov.
Takroriy insult
Soat 10:00 da shifokorning planshetiga ikkinchi chaqiruv kelib tushdi. Brigada ahvoli keskin yomonlashgan keksa erkak huzuriga yo‘l oladi. Yetib kelgach, haydovchi darhol kerakli manzilni topa olmaydi. Yashovchilarning telefoni o‘chirilgan, ko‘cha esa xaritada yangi nom bilan ko‘rsatilgan, lekin tez yordam ma’lumotlar bazasida eski nomi saqlanib qolgan. Qidirishga bir necha daqiqa ketadi. Nihoyat, qo‘shnilar bemorning uyini topishga yordam beradi.

“Ishimizga ko‘pincha eng oddiy narsalar — noto‘g‘ri ko‘rsatilgan manzil to‘sqinlik qiladi. Ba’zida chaqiruvchilar o‘zi ham qayerda yashashini aniq bilmaydi. Keyin ularni tuman bo‘ylab qidirishga to‘g‘ri keladi. Ba’zida tez yetib boramiz-u, eshik oldida turib qolamiz, chunki aholi eshik kodini aytishni unutgan bo‘ladi. Qayta qo‘ng‘iroq qilishga yoki derazasi ochiq biror kimga qichqirishga urinamiz. Pod’ezdlar goh daraxt, goh shlagbaum, goh mashinalar bilan to‘sib qo‘yilgan bo‘ladi. Reanimobil o‘ta olmaydi, biz esa har daqiqa g‘animat bo‘lib turgan bir paytda 10 kiloli og‘ir yuk va asboblar bilan piyoda yurishga majbur bo‘lamiz”, — deya afsuslanadi shifokor.
Keksa erkak divanda yotibdi, yuzi ifodasiz, ko‘zlarida sarosima. Dastlab, bemorning ahvoli unchalik jiddiy emasdek ko‘ringan: rafiqasi tez yordam chaqirsammi-yo‘qmi deya ikkilanib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, qaror qabul qilingan — va, aftidan, o‘z vaqtida. Takroriy insult. Erkak uni uchinchi bor boshidan kechirayotgan ekan.

Shifokor darhol bemorni tekshiruvdan o‘tkazadi. Qon bosimi 220 ga 120 — halokatli darajada yuqori. Ahvoli zudlik bilan shifoxonaga yotqizishni talab qiladi. Feldsher dastlabki barqarorlashtirish choralarini ko‘rib, bosimni 170−180 gacha tushiradi. Bu bemorni transportirovkaga tayyorlash uchun yetarli. Ko‘rsatkichlar va holat qisqa qayd etilgach, brigada erkakni 7-sonli (sobiq 17-sonli) shahar klinik shifoxonasiga yotqizish uchun olib ketadi.
“Yotqizish to‘g‘risidagi qarorni brigadada shifokor qabul qiladi. U bemorning umumiy ahvolini, uning transportirovkaga chidamliligini va statsionar davolanishga muhtojligini baholaydi — ba’zida yordam uyda ham ko‘rsatilishi mumkin. Kasalxonaga yotqizish kerak bo‘lsa, bemorni transportirovka qilishni tashkil etish bizning vazifamiz. Ko‘pincha bemorlarni o‘zimiz ko‘tarishimizga yoki haydovchi va qo‘shnilarni yordamga chaqirishimizga to‘g‘ri keladi, chunki qarindoshlar har doim ham yordam beravermaydi. Bemorlar esa turlicha bo‘ladi: hushsiz, ortiqcha vaznli. Shuning uchun tez yordamda ishlash nafaqat tibbiy bilimlarni, balki yaxshi jismoniy tayyorgarlikni ham talab qiladi”, — deydi Lev Kolmakov.

Podstansiyaga qaytgach, shifokorlar biroz nafas rostlab olishlari mumkin. Masalan, dam olish xonasida biroz uxlash, oshxonada tamaddi yoki choy ichish, degandek.
Chaqiruvlar ketma-ket kelganda, yo‘l-yo‘lakay ovqatlanishga to‘g‘ri keladi, dam olish esa manzillar orasida mashinada qisqa muddat mizg‘ishga aylanadi. Lekin shifokorlar shikoyat qilmaydi, chunki bunday tartibga allaqachon ko‘nikib qolgan va buni o‘z ishlarining ajralmas qismi deb biladi.
Qisman falajlik
Keyingi chaqiruv soat birda 7-oilaviy poliklinikadan keladi. Nevrologik belgilari bor o‘rta yoshli erkak. Kecha chap qo‘li uvishib qolganini sezgan, lekin o‘tib ketishiga umid qilgan. Bugun ahvoli keskin og‘irlashib, poliklinikaga murojaat qilgan.

“Ko‘p hollarda odamlar yotib qolmagunicha sabr qiladi. Poliklinikaga bormaydi, vaqtida tekshiruvdan o‘tmaydi, og‘riq paydo bo‘lganida esa o‘z-o‘zidan o‘tib ketishini kutadi yoki o‘zini o‘zi davolashga kirishadi. Oxiri o‘lim to‘shagida yotgan odamga tez yordam chaqiriladi. Bir voqea bo‘lgan edi: ikki opa-singil ko‘cha ovqatidan zaharlangan, ota-onalari esa ularni uyda davolashga qaror qilgan — faollashtirilgan ko‘mir ichirib, ahvol yaxshilanishini kutgan. Kattasini hartugul qutqarishga ulgurganmiz, kichigining joni esa biz kelguncha uzilgandi”, — deya afsus bilan eslaydi Zohidov.
Poliklinikadagi shifokorlar erkakning qon bosimini o‘lchashga uringan, lekin aritmiya tufayli ko‘rsatkichlarda adashgan. Shundan so‘ng bemorni muolaja xonasiga yuborgan, u yerda hatto EKG ham olisholmagan, chunki apparat bo‘lmagan. Miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi belgilari aniqlangach, unga tez yordam chaqirishgan.

Brigada yetib kelganida ahvol kundek ravshan: bemor nigohini to‘play olmayapti — yon tomonga qarash falaji kuzatilmoqda. Bu ishemik insultning o‘ziga xos belgisi. Tananing o‘ng tomoni gipertonusda. Ahvoli og‘ir, lekin barqaror: bosim 200/120.
Tez yordam shifokori magniy eritmasini yubordi. Bu bosqichda jiddiyroq dori-darmon bilan davolash o‘tkazilmaydi. Birinchi navbatda, insultning xususiyatini xatosiz aniqlash kerak, shundan so‘ng bemorni kasalxonaga yotqizishga qaror qilindi. Biroq so‘nggi lahzada u ahvoli yaxshilanganini aytib, shifoxonaga borishdan bosh torta boshladi. Shifokorlar shifoxonaga yotqizish zaruriy chora ekaniga bemorni ishontirib, uni Ergashev nomidagi 4-sonli shahar klinik shifoxonasiga olib bordi.

“Agar bemor shifoxonaga yotishdan qat’iyan bosh tortsa, biz, albatta, uni ko‘ndirishga harakat qilamiz. Rad etish sabablari turlicha bo‘ladi: kimdir injiqlik qiladi, kimdir xarajatlardan qo‘rqadi, yana kimdir shifoxona tanlay boshlaydi. Biz ketganimizdan keyin ular, katta ehtimol bilan, yana tez yordam brigadasi chaqiradi, lekin vaqt boy berilgan bo‘ladi, bemor esa jiddiyroq xavf ostida qoladi, — deydi Zohidov. — Bir safar bemor erkakda miokard infarktiga aylanish xavfi bilan o‘tkir koronar sindrom rivojlangan holatga duch keldik. Vaqt oz qolgandi, uni esa hech narsaga ko‘ndirib bo‘lmasdi. Shunda rafiqasi va o‘g‘lining ruxsati bilan bemorga tinchlantiruvchi dori yuborib, kasalxonaga olib ketdik. Qabulxonada hushiga kelgach, albatta, jahli chiqdi, lekin bu uning hayotini saqlab qolish uchun zarur edi”.
Lekin ba’zi hollarda, masalan, madaniy yoki diniy sabablarga ko‘ra bemorga yaqinlashtirilmasa, tez yordam shifokorlari tibbiy yordam ko‘rsatmasdan ketishga majbur bo‘ladi.

“Ruxsat berishmayaptimi, bosh shifokorga qo‘ng‘iroq qilamiz, rad etganlikni qayd etib, ketamiz. Yordam bizga emas, ularga kerak. O‘lim to‘shagida yotgan odamda tanlash imkoni bo‘lmaydi. „Uni xohlayman, buni xohlamayman“ deb boshlayaptimi, demak, bemorning ahvoli unchalik og‘ir emas. Agar shifokor jinsini tanlamoqchi bo‘lishsa, marhamat, xususiy xizmatni chaqirishsin. Biz shoshilinch holatlarda ishlaymiz va biz uchun barcha bemorlar teng — xoh vazir, xoh uysiz bo‘lsin. Biz istaklarga xizmat ko‘rsatmaymiz, insonlar hayotini saqlab qolamiz”.
YTH
Kechki soat olti — tig‘iz vaqtning avji. Shahar tirbandlikka cho‘mgan, ko‘chalar avtomobillarga to‘la, havoda signal ovozlari yangraydi. Mayda yomg‘ir tomchilab turibdi. Planshet ekranida yangi shoshilinch chaqiruv yonadi.

“Lyova, yo‘l-transport hodisasi, ketdik!”, deydi shifokor feldsherga baland ovozda.

Brigada shu zahoti voqea joyiga yo‘l oladi. Biroq tez yetib borishning imkoni yo‘q. Sirena yoqilgan reanimobil mashinalar qatorlari orasida harakatlanishga majbur. Haydovchi signal berishni, yo‘lni bo‘shatish uchun ovoz kuchaytirgichdan foydalanishni boshlaydi.

U: “O‘ngga! Chapga! Burilinglar!”, deya harakatning boshqa ishtirokchilariga murojaat qilib, ratsiya orqali qichqiradi.
Ko‘pchilik haydovchilar yo‘l berishga harakat qiladi, lekin sirena ovozini eshitmaganga oladiganlar ham topiladi. Bunday holatlarda tez yordam xodimlari ularga mashina raqami orqali murojaat qilishadi. Ba’zan qo‘shnilardan kimdir qayta tizilish kerakligini aytadi.

“Tirbandlikdan qattiq aziyat chekamiz. Qiyinchilik tug‘ilgan taqdirda, albatta, sirenani yoqamiz va haydovchilar yo‘l beradi. Lekin yo‘l berishning imkoni bo‘lmasa, boshqa gap: ko‘chalar gavjum, yo‘l chetlari band. To‘qqiz balli tirbandlik yoki yo‘l ta’miri sharoitida hamma qatori oqimda turishga majburmiz. Keyin aylanma yo‘llarni qidiramiz, lekin bu ham vaqt oladi. Ba’zida shaharning bir chekkasidan boshqasiga yetib borish uchun 40 daqiqadan bir soatgacha vaqt ketadi”, — deya shikoyat qiladi feldsher.
Brigada tirbandliklardan o‘tib borar ekan, dispetcherdan aniqlik kiritiladi: mast haydovchi ikki piyodani urib yuborgan. Vaziyat shoshilinch aralashuvni talab qiladi.

“Eng og‘ir holatlar — asosan YTHlar. Jabrlanganlar ko‘pincha og‘ir ahvolda bo‘ladi: kuchli qon ketish, yurak yoki nafas olishning to‘xtab qolishi. Insonni hayotga qaytarish uchun atigi 5−7 daqiqa vaqtimiz bor. Ba’zida yo‘lda yo‘qotilgan aynan shu daqiqalar bemorning o‘limiga sabab bo‘ladi. Qutqarish mumkin edi-yu, vaqt boy berilganini tushunganingda, ko‘ngling g‘ash bo‘ladi. Smenadan so‘ng nimani boshqacha qilish mumkin, kelajakda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak — hammasini xayoldan o‘tkazasan va tahlil qilasan”, — deya ta’kidlaydi shifokor.

“Ba’zida tez yordam juda kech, bemor allaqachon vafot etganida chaqiriladi, — deya qo‘shimcha qiladi feldsher. — Oxirgi marta bunday holat yarim yil oldin sodir bo‘lgan — erkak yettinchi qavatdan tushib ketgan, yaqinlari esa uni hali qutqarish mumkinligiga umid qilib, tez yordam chaqirgan. Biz yetib borganimizda u nafas olmayotgan, tomiri ham urmayotgan edi. Imkoniyat yo‘qligini bilsak ham, reanimatsiya tadbirlarini o‘tkazishga majburmiz. So‘ng yaqinlariga vaziyatni tushuntirib, o‘lim haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, qarindoshlarga yoki uchastka shifokoriga topshiramiz”.
Brigada chorrahaga yetar-yetmas, telefon orqali yangi xabar keldi.

“Beshinchi olib ketdi, qaytaveringlar!” — degan ovoz eshitiladi go‘shakdan.

Nuritdin Zohidovning tushuntirishicha, bir nechta kishi jabrlangan ommaviy hodisalarda bir vaqtning o‘zida ikkita brigada ishtirok etadi. Lekin ko‘pincha ulardan biri tezroq yetib boradi va ikkinchisi, bu holatdagidek, endi “ortiqcha” bo‘lib qoladi. Signal kelib tushgandan hodisa joyiga yetib borgunga qadar 25 daqiqa o‘tdi. Tez yordam mashinasi qizil chiroqda o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, tezlikni oshirganiga qaramay, tirbandlikni yengib o‘ta olmadi.

“Qizil chiroqda o‘tganlik uchun jarimalar maxsus mashinalarga avtomatik ravishda keladi, chunki ular tizim tomonidan qoidabuzarlik sifatida qayd etiladi. Biroq, tasdiqlangan chaqiruv va yoqilgan maxsus signallar mavjud bo‘lsa, ular bekor qilinadi — bu YHXXning hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan”, — deya tushuntiradi markaz direktori o‘rinbosari Nozimjon Dalibayev.
2025-yil 1-yanvardan boshlab favqulodda xizmatlar mashinalari uchun yangi davlat raqamlari joriy etildi. Ular avtomatik ravishda maxsus transport vositasi sifatida aniqlanadi va qizil chiroqda o‘tish yoki favqulodda zarurat tufayli sodir etilgan boshqa qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortilmaydi. Bunday avtomobillar YHXBning maxsus bazasiga kiritiladi va tizimning o‘zi bu tez yordam, ichki ishlar yoki FVV ekanligini kuzatib boradi. Bundan tashqari, qonunga ko‘ra, endi sirena va mayoqchasi yoqilgan mashinaga yo‘l bermagan haydovchilar ham jarimaga tortiladi.
Og‘ir jarohat
Beshinchi chaqiruv avvalgisidan keyinoq, soat yetti yarimda keldi. Havotirli xabar: qurilishda og‘ir jarohat. Sirena yoqilgan reanimatsiya mashinasi shahar ko‘chalarida yelib bormoqda. Tibbiyot xodimlari favqulodda vaziyatga tayyorlanadi: og‘riqsizlantirish va infuzion davolash zarur bo‘ladi — ehtimol, suyak sinishlari va shok holati yuz bergandir.

Brigada voqea joyiga yetib kelganda, vaziyat to‘liq tasdiqlandi. Jabrlanuvchi — yosh yigit. U qo‘rquvdan gangib qolgan ishchilar to‘dasi orasida yerda yotibdi. Odamlar bir joyga to‘planib, voqea tafsilotlarini shifokorlarga tushuntirishga urinadi. Bunday sharoitda sovuqqonlikni saqlash nihoyatda muhim: brigada darhol odamlardan chetlanishni so‘rab, ish uchun joy ochadi.

“Eng yomon ko‘rganim — ishimizga xalal berishlari, — deydi shifokor. — Olomon to‘planib oladi-da, hamma bizga nima qilish kerakligini o‘rgata boshlaydi: „Tezroq bo‘linglar!“, „Nimaga vaqtni o‘tkazasizlar, kasalxonaga olib bormaysizmi!“. Odamlar avvalo joyida birinchi yordam ko‘rsatib, bemorning ahvolini barqarorlashtirish kerakligini tushunmaydi. Tez yordam — bu taksi emas. Odamning hayotini xavf ostida qoldirib, shunchaki mashinaga o‘tqazib olib ketib bo‘lmaydi”.
Yigitning ustiga og‘ir oyna tushib ketgan. Yaxshiyamki, boshiga emas — aynan shu omil uning hayotini saqlab qoldi. Shifokor ikkala son suyagi va o‘ng qo‘lning sinishi, ko‘p qon yo‘qotish, travmatik og‘riq shoki tashxisini qo‘ydi. Qon bosimi juda past — 80 ga 40.

Avval og‘riq sindromini bartaraf etish uchun vena ichiga fentanil yuborildi. Bir vaqtning o‘zida aylanayotgan qon hajmini to‘ldirish va shokning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tomchilatib fiziologik eritma yuborildi. Shifokorlar bemorning ahvolini imkon qadar tezroq barqarorlashtirish va ichki qon ketishini kuchaytirmaslik uchun shikastlangan qo‘l-oyoqlarni imkon qadar harakatsizlantirib, uning tanasini mahkamlashga harakat qildi.
реклама
реклама
Asta-sekin qon bosimini me’yorga keltirishga muvaffaq bo‘lindi — 110 ga 70, tomir urishi bir maromga tushdi, shok belgilari yo‘qoldi. Bemor ehtiyotkorlik bilan reanimobilga joylashtirildi va qabul bo‘limini oldindan ogohlantirib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga (16-sonli shahar shifoxonasi) olib ketildi: bu bemorni allaqachon shifoxonada kutishyapti.

“Bir vaqtning o‘zida bir nechta jabrlanuvchi bo‘lgan holatlar eng ko‘p qiyinchilik tug‘diradi. O‘tkinchilar va jabrlanuvchilarning qarindoshlari avval o‘zlarini yoki yaqinlarini ko‘rib qo‘yishimizni so‘rab, bizni tortqilashni boshlaydi. Biz esa shu paytda birinchi navbatda kimga yordam kerakligini tezda aniqlab olishimiz kerak. Atrofda olomon, baqir-chaqir va vahima bo‘lsa, ikki tibbiyot xodimi uchun vaziyatni boshqarish juda qiyin. Bunday hollarda yana bir brigadani yordamga chaqiramiz”, — deya tan oladi Kolmakov.
Jabrlanuvchi og‘ir, lekin barqaror holatda — eng asosiysi shu — shifoxonaga yetkazildi. Mashinaga qaytayotganda shifokor va feldsher aholining birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha savodsizligi haqida bahs yuritadi.

“Odamlar yordam bermoqchi bo‘ladi-yu, aksincha bo‘lib chiqadi… Bir safar bizni avtohalokatga uchragan ayolga chaqirishdi. Tez yordam yetib kelguncha, o‘tkinchilar jabrlanuvchini mashinadan chiqarib, chalqancha yotqizgan. Natijada u o‘z qusug‘idan bo‘g‘ilib vafot etgan. Agar uni qoidaga ko‘ra chap yonboshiga yotqizishganda, hamma narsa tashqariga oqib chiqib, u nafas olishi mumkin bo‘lardi. Ko‘pincha odamning yuragi urib, nafas olayotgan bo‘lsa ham, yurakni bilvosita uqalashni boshlashadi. Yoki umurtqa pog‘onasi singan deb gumon qilingan jabrlanuvchini ko‘tarishga urinishadi, vaholanki har qanday ortiqcha harakat jarohatni og‘irlashtirishi mumkin. Bularning bari bilimsizlikdan. Aslida bular juda elementar narsalar, lekin ba’zida inson hayoti shunga bog‘liq”.

Nuritdin Zohidov va Lev Kolmakovning fikricha, bunday bilimlarni maktab dasturiga albatta kiritish va ta’lim jarayoniga tez yordam xodimlarining o‘zini ham jalb etish kerak.

“Bu qiyin emas: shunchaki qanday yo‘l tutish, shifokorlar kelguncha qanday yordam ko‘rsatish mumkinligini tushuntirish kifoya. Qon bosimi yoki harorat ko‘tarilishi kabi oddiy holatlarni tez yordam chaqirmasdan ham hal qilsa bo‘ladi. Agar odam tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lsa, o‘zi uddalaydi. Demak, kimdir o‘sha paytda haqiqatan ham zarur bo‘lgan yordamni o‘z vaqtida oladi”, — deya xulosa qiladi feldsher.
Oxirgi chaqiruvda ochiq jarohatli bemor bo‘lgani uchun, podstansiyaga qaytgach, sanitarka salonni puxta tozalaydi. Ishga feldsher ham qo‘shiladi. Ular maxsus dezinfeksiyalovchi eritma bilan zambil, devor va tutqichlarni artib, tegib ketgan barcha yuzalarga ishlov beradi. Hamma narsa tozalandi, mashina yana yo‘lga chiqishga tayyor.
Navbatchilik oxiri
Vaqt kechki soat to‘qqizdan o‘tdi. O‘n ikki soat tik oyoqda turgan brigada a’zolari podstansiyaga — biror so‘z demay, biroz horg‘in kayfiyatda — qaytdi. Chetdan kuzatgan odamga o‘tgan bu 12 soat jangari filmdagi sahnani eslatishi mumkin: sirenalar, qon, shoshilinch qarorlar, saqlab qolingan hayotlar. Ammo brigada a’zolari uchun bu — oddiy bir kun.

Faoliyati davomida Zohidov va Kolmakov turli xil vaziyatlarga duch kelgan: masalan, uy sharoitida tug‘ruqni qabul qilgan, ko‘chada bemorlarni jonlantirgan, ommaviy zaharlanishlarda yordam ko‘rsatgan. Har bir hodisa o‘ziga xos tarzda esda qolgan, lekin ular bularni sovuqqonlik bilan qabul qilishga o‘rganib qolgan — aks holda bu kasbda ishlab bo‘lmaydi.

“Tez yordamga endigina ishga kelganimda og‘riq, azob, o‘limni ko‘rish qiyin edi. Avvaliga hammasini o‘z tanangdan o‘tkazasan. Lekin bir og‘ir hodisa ikkinchisi bilan almashadi va oldingisi asta-sekin xotiradan o‘chib ketadi. Ma’naviy yukka to‘liq ko‘nikib bo‘lmaydi, lekin vaqt o‘tishi bilan his-tuyg‘ularni chekkaga surib, faqat ishga e’tibor qaratishni o‘rganasan”, — tan oladi Lev Kolmakov.
24 soatlik smenada brigada o‘rtacha 15−20 ta chaqiruvga xizmat ko‘rsatishga ulguradi. Ba’zida podstansiyada shifokorlar yangi chaqiruvni 20−30 daqiqa kutishlari mumkin, ba’zida esa kun bo‘yi deyarli tanaffussiz ishlashga to‘g‘ri keladi. Bir sutkalik navbatchilikdan so‘ng, oldinda bir-ikki kunlik dam kutadi. Garchi bu yerda “dam olish” so‘zi shartli bo‘lsa-da: ko‘pchilik kimningdir o‘rniga qoladi, o‘qiydi yoki shunchaki qayerdadir kimdir yana yordamga muhtojligini o‘ylab, chinakamiga dam ololmaydi.

“Tez yordam — bu yaxshi ma’noda kasallikka o‘xshaydi. 103 xizmatida ishlash uchun unga „chalinish“ kerak. Sog‘lom odamlar bu yerda uzoq qololmaydi: keladi, sinab ko‘radi va ketadi. Kimki o‘z ishiga chinakamiga „kasal bo‘lsa“, uni tashlab ketolmaydi, — deydi shifokor jilmayib. — Men, masalan, top-toza xalatda kabinetda o‘tirishni yoqtirmayman. Men — dala ishchisiman. Men uchun tezroq yetib borish, vaziyatni baholash, birinchi yordam ko‘rsatish va bemorning taqdirini hal qilish muhim. Bu zavq beradi. Og‘ir bemorni ko‘rganingda hamma narsani, hatto o‘z dardlaringni ham unutasan. Faqat bir narsa qoladi: uni qutqarish kerak”.
Tibbiyot xodimlariga kuch va aqlni tiklashda ochiq havoda sayr qilish, musiqa, filmlar va sport yordam beradi. Lekin eng qimmatli va samarali “dori” yordam bera olganini anglashdir, deb tan oladi tez yordam xodimlari.

“Sening harakatlaring tufayli kimdir tirik qolganini ko‘rganingda, barcha charchoqlar yo‘qoladi. Va, albatta, odamlar minnatdorchilik bildirganida — bu har doim juda yoqimli, ayniqsa, “rahmat”ni bemorlardan eshitganingda. Demak, ular chindan ham o‘zlarini yaxshi his qilyapti, shu bilan birga, o‘zingning ham ko‘ngling ko‘tarilib ketadi. Bu esa ishni davom ettirishga kuch beradi”, — deydi Nuritdin aka.

“Odamgarchilik, mehr-muruvvat, bemorni tushunish qobiliyati va, albatta, yordam berish istagi — bizning ishimizda eng asosiysi. Odamlarning munosabati har xil bo‘ladi: kimdir minnatdorchilik bilan qarshi olsa, kimdir baqirib-chaqirib, ta’na-dashnomlar bilan, ba’zan hatto musht bilan kutib turadi. Lekin biz tushunamiz: bularning bari hissiyotlar. Odamlar o‘z yaqinlari uchun qayg‘uradi, bizning vazifamiz esa ularni saqlab qolish uchun qo‘limizdan kelganini qilish, — deb qo‘shimcha qiladi feldsher Lev Kolmakov. — Lekin ba’zida shunchaki bu inson mehnati ekanligini, biz hamma narsaga ham qodir emasligimizni tushunishlarini xohlaymiz. Mo‘’jiza bor, lekin u darajada emas. Biz ham oddiy, tirik odamlarmiz. Va yana bir narsa — buni o‘qiyotgan har bir kishi o‘z salomatligini ko‘proq ehtiyot qilsin va bizga sira ishi tushmasin”.

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi: Mark Solihov va Shahzod Habibullayev.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda