Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Mahallalar musiqasi
Reper Shaka bilan Nurobod bo‘ylab sayr
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bu safar reper Shaka bilan birga Ohangaron tumanidagi Nurobod shaharchasini aylandik. U bilan o‘zbek repi, so‘kinish va haqoratli so‘zlari bor matnlar, to‘ylar musiqa sanoatiga qanchalik ta’sir qilayotgani va Nurobod haqida gaplashdik.
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bu safar reper Shaka bilan birga Ohangaron tumanidagi Nurobod shaharchasini aylandik. U bilan o‘zbek repi, so‘kinish va haqoratli so‘zlari bor matnlar, to‘ylar musiqa sanoatiga qanchalik ta’sir qilayotgani va Nurobod haqida gaplashdik.
10−15 yil avval “o‘zbekcha rep” desa ko‘pchilikning xayoliga birinchi bo‘lib “Radius 21”, Shohrux va Shahriyor kelardi. So‘nggi yillarda esa bu yo‘nalish gurkirab rivojlanyapti, o‘syapti, deyish mumkin. Muntazam yangi nomlar paydo bo‘lyapti, Konsta, Asl Wayne, Shokir, Massa, Minor, Java kabi allaqachon o‘z nomi va o‘rnini topib bo‘lgan yangi avlod reperlari orasida esa Shaka (SHAKA) taxallusi ostida ijod qiluvchi Shahriyor Qarshiyevni ham alohida qayd etish mumkin. U jamiyatdagi og‘riqli va dolzarb mavzularni ko‘targan “Kana”, “Ijtimoiy tarmoqlar”, “May” singari treklari bilan omma nazariga tushdi.
Shaka Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida doimiy yashaydi, ishi esa Toshkent shahrida. Ammo biz xonanda bilan uning bolalik va o‘smirlik davri o‘tgan Ohangaron tumanidagi Nurobod shaharchasida sayr qildik.
“Tug‘ilishi bilan bo‘g‘ilgan” ijod
Shaka bilan Qo‘yliq tarafdagi Rohat halqasi oldida ko‘rishib, Ohangaron tomon taksida yo‘l oldik. Yo‘l-yo‘lakay uning bolaligi, ijodining boshlanishi haqida gaplashdik.
“O‘zi asl ismim Shahriyor, ko‘pchilik buni bilmaydi. Hindlarning sovet davrida ommalashgan „Gul va tosh“ nomli filmida Shaka ismli qahramon bor. O‘sha filmni ko‘rgan qarindoshlarimdan biri kichkinaligimda meni Shaka deb chaqira boshlagan, shu-shu hamma shunday deydi. Ijodni ham Shaka taxallusi bilan boshlaganman”, — deydi u.
Eng kenja farzand hisoblangan Shahriyor shifokorlar oilasida tug‘ilgan, lekin kichkinaligidan musiqaga qiziqqan. 3-sinfni tamomlagach, uch nafar tengdosh qarindoshi bilan general Petrov nomidagi Respublika musiqa tarbiyalanuvchilari maktab-internatiga o‘qishga kirgan. O‘sha vaqtda asosan harbiy orkestrlar uchun damli cholg‘u ijrochilarini tayyorlashga ixtisoslashgan bu muassasa hozir Milliy gvardiyaning Harbiy-musiqa akademik litseyi hisoblanadi.
“Bir oy o‘tgach, uch kishi internatni tashlab ketganmiz. U yerdagi muhit qiyin edi. Misol uchun, har kuni tong soat 7:00 da uyg‘onib, safda yurardik. Biz, 10 yoshli bolalar bunday kuchli tartib-intizomga ko‘nikolmaganmiz. O‘qishni o‘zimizning oddiy maktabimizda davom ettirganmiz.

Ma’lum muddat fortepiano to‘garagiga borganman, 6-sinfligimda esa FL Studio (ovoz va musiqa bilan ishlash dasturi) orqali audiolar yozishni o‘rganib olganman. Ammo akademik musiqiy bilim yo‘q, biror muassasa yo mutaxassisdan musiqa bo‘yicha ta’lim olish fikri tug‘ilmagan ham.

E’tibor bersangiz, hozirgi o‘zbek reperlarining hech biri musiqiy ta’limga ega emas. Aslida rep aytish uchun musiqiy ta’lim ko‘rganlik juda muhim, deb o‘ylamayman. Ta’lim mutlaqo kerak emas, demoqchi emasman, lekin rep bo‘yicha biror joyda ta’lim berilishini, bu bo‘yicha alohida yo‘nalish borligini eshitmaganman ham-da”.
Shaka bitiruvchi bo‘lgan yili o‘qib turgan maktabi Iqtisodiyot va energetika kasb-hunar kollejiga aylantiriladi, u keyingi ta’limni ham shu yerda davom ettirishga qaror qiladi.

U ijodkor bola bo‘lgani uchun kollejning QVZ jamoasi safida tanlovlarda qatnashadi. Navbatdagi tanlov oldidan unga ijobiy va salbiy ruhdagi qo‘shiqlar yozib, ikkisini ham sahnada ijro etish vazifasi yuklatiladi. Qo‘shiq fonogramma orqali ijro etilishi kerak bo‘lgani uchun u qo‘shiqlarni Bluetooth orqali jamoadoshiga o‘tkazib beradi. Undan esa qo‘shiq nafaqat butun kollej yo mahallaga, balki butun Ohangaronga tarqalib ketadi.
“U qo‘shiqda hech kim haqorat qilinmagan, qo‘pol so‘zlar ham yo‘q edi. Faqat talabalikning mashaqqati haqida o‘tkirroq fikrlar bor edi, shuningdek, mahalladagi har xil bo‘lmag‘ur ishlar bo‘ladigan “buzuq dom” ham tilga olingandi. Ammo bu qo‘shiq shunchalik jiddiy qabul qilinishini kutmagan edik. Ba’zilar o‘zicha noto‘g‘ri tushunib, pashshadan fil yasab, vahima ko‘targan.

Shundan keyin menga kollej rahbariyati menga turli bosimlar qilib, alohida “ma'naviyat darslari” ham o‘tgan. Bu, endi, 2008-yillardagi gaplar. Men haqimda “u qamalibdi”, degan mish-mishlar ham tarqalgan hatto (kuladi). Tuman hokimligida ishlagan bir kishi, keyinchalik: “O‘sha qo‘shiqni aytib, yaxshi qilgansan. Sen sabab yaxshi o‘zgarishlar bo‘lgan, o‘sha „buzuq dom“ ham tuzatilgan”, degandi”.
Lekin tuman hokimligidagilar bu gaplarni, ya’ni, “sening shu qo‘shig‘ing sabab yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi”, degan gapni 2008-yilda ayta olmasdi, yosh ijodkorga dalda bera olmasdi. Shu tariqa, birinchi ommaviy taronasidan so‘ng turli bosimlar ostida qolgan Shaka qo‘rqib qoladi. U ijodni to‘xtatmaydi, ammo qo‘shiqlarini endi hech kimga eshittirmaydi. Ehtimol, shu bosimlar keyingi kasb, ta’lim yo‘nalishi tanlashiga ham ta’sir qilgandir.
Kollejni bitirgach, biznes boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha Singapur va Malayziyadagi universitetlarga hujjat topshirganman. Imtihondan o‘tib, talabalikka qabul ham qilinganman — to‘liq grant yutib olganim uchun Malayziyadagi universitetni tanlaganman. Ammo o‘qishga borishim bilan bu oliygoh qandaydir sabablar bilan yopilib ketgan.

“Bu holat menga juda og‘ir ta’sir qilgan, chunki u yerga katta orzu-maqsadlar bilan borgandim. Bir haftadan so‘ng Dubayda yashaydigan akamning oldiga ketganman. U yerda 2013-yildan 2022-yilgacha har xil sohalarda ishlab ko‘rdim, ayni vaqtda qo‘shiq yozishni ham to‘xtatmadim, sekin-asta treklarimni ham e’lon qila boshladim.

Lekin u yerdagi bir xil kun tartibidan charchadim, shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, tabiatiga ham ko‘nika olmadim. Umuman, men Dubayda hech kimman, O‘zbekistonda esa ozmi-ko‘pmi muxlislarim bor, o‘zimga yarasha nomim bor. Shunday omillar sabab Vatanga qaytdim. Hozir asosan Toshkentda, yengil sanoat (tekstil) va qurilish yo‘nalishidagi loyihalarda ishlayapman”.
2008-yili “tug‘iliboq bo‘g‘ilgan” ijodi oradan sakkiz-to‘qqiz yil o‘tib qayta ko‘z ochishiga 2016-yildan so‘ng O‘zbekistonda yuzaga kelgan erkinlik muhiti sabab bo‘lganini, aynan shu davrda uning ichidagi qo‘rquv chekina boshlaganini Shakaning o‘zi ham tan oladi.

“2016-yilning oxirlarida Instagram, YouTube’da o‘zbekistonliklarning dadil, tanqidiy chiqishlarini paydo bo‘ldi. Keyinroq Sanjay’ning qo‘shiqlarini tinglagach, menda ham ichki bir iroda shakllana boshladi. Aynan Sanjay’ning ijodi ma’lum ma’noda meni ilhomlantirgan, kuch bergan, deyish mumkin.

Erkinlikni, yangiliklarga ochiqlik ruhini his qilgach, “Ha, endi men ham qo‘shiqlarimni e’lon qilsam bo‘larkan”, degan qat’iy qarorga kelganman. 2018-yili “Zuluklar” qo‘shig‘im e’lon qilinishi bilan tarmoqlarda juda tez tarqaldi, omma uni yaxshi qabul qildi. Bu esa menga yanada kuch berdi.

Tan olish kerak, 2016-yildan keyin O‘zbekistonda erkinlik shamoli esa boshladi. Bu gaplarim kimgadir siyqa yo maddohlikdek ko‘rinishi mumkin. Ammo, biroz bo‘lsa-da, so‘z erkinligi berilgani haqiqat”.
IES va to‘qaylar orasida
Bir yarim soat yo‘l yurib, Nurobod shaharchasiga yetib keldik. U ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga tashlab, ekologiyaga jiddiy xavf solishi bilan tanilgan “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasi yaqinida joylashgan. Shaka 2024-yili ekofaol Mo‘'tabar Xushvaqtova (O‘rikguli) bilan bu IES haqida video tayyorlab, muammoga jamoatchilik e’tiborini qaratgan edi.
“Nurobod — men tug‘ilib o‘sgan, bolalagim o‘tgan shaharcha. Katta yo‘l bo‘yidagi mana bu ko‘p qavatli uyning 3-qavatida 20 yoshimgacha yashaganmiz. Keyinchalik Yangiyo‘l shahriga ko‘chdik. Hozir bu yerda qarindoshlarim yashaydi, bizning xonadonda esa xolam oilasi bilan istiqomat qiladi.

Har oy bir marta bo‘lsa ham kelib turaman bu yerlarga. Ijodimni mana shu mahallada boshlaganman. Ramil ismli o‘rtog‘im bilan FL Studio dasturi orqali qo‘shiqlar yozardik. 2008-yili shaxsiy kompyuterimni olganimdan keyin treklarimni shu qurilma yordamida yaratishni o‘rgandim.
2000-yillarda bir qarindoshim Eminemning kassetasini olib kelib, mana bu dunyodagi eng taniqli reper bo‘ladi, deya uning qo‘shiqlarini eshittirgan. U paytda chamasi 11−12 yoshli bola edim, Eminem nima deyayotganiga tushunmasdim, ammo musiqasi yoqqani uchun tinglardim.

Shu vaqtdan boshlab u mening dunyomga kirib keldi, uning ashaddiy muxlisiga aylandim: domimiz podyezdi Eminem va o‘zimning ismim, turli inglizcha yozuvlarga to‘lgandi. Qo‘shnilarimiz bu yozuvlarni hozirgacha saqlab keladi. Har safar “dom"ni ta’mirlansa, aynan shu yozuvlarga tegishmaydi, „sendan qolgan esdalik“, deyishadi (kuladi)”.
Nurobod bo‘ylab aylanarkanmiz, Shaka shaharchada katta o‘zgarishlar bo‘lganini ta’kidladi. Ko‘p yillar shu yerda yashagan reperning nigohi bilan qaraganda, Nurobod haqiqatan ham ancha obodlashgandir. Biroq ko‘p qavatli uylarning aksariyati ta’mirtalab ekani, ko‘chalar yanada obod bo‘lishga muhtojligi sezilib turibdi.

“Bu shaharcha Sovet Ittifoqi qulayotgan vaqtlarda qurilgan. Shu bois o‘sha vaqtda qurilishi chala qolgan imoratlar hali ham bor. Oldin ular ko‘proq va shuning uchun shaharcha ham qo‘rqinchliroq edi, ammo o‘tgan yillar davomida ko‘pi ta’mirlandi, qurib bitkazildi.

Bu shaharcha piyoda aylanish uchun juda qulay. Qurilayotgan paytda bosh reja tuzishda piyodalar ham e’tibordan chetda qolmagan. Sokin va ixcham bu shaharchada ko‘pchilik bir-birini taniydi. Aksariyat aholi shu atrofdagi korxonalarda ishlab, tirikchilik qiladi.
Nurobodning bir tarafi IESga yaqin bo‘lsa, qolgani tog‘ yonbag‘rida, to‘qayzar ustida. Sezgan bo‘lsangiz, bu tarafida yashillik ko‘p, sokin, havosi ham tozaroq. Bu yerda ekoturizmni rivojlantirish mumkin, deb o‘ylayman. Sovet payti sanatoriyga o‘xshash katta bino ham qurilgan, ammo keyinroq u buzib tashlandi. Ehtimol, yana shunday dam olish maskanlarini qurish kerakdir.

Hozir boshqa joyda yashasam-da, kindik qonim to‘kilgan, bolaligim o‘tgan Nurobodning baribir yanada rivojlanishi, zamonaviy qiyofaga kirishi, bu yerda odamlar farovon, ziyoli qatlam ko‘payishini istayman. U bunga to‘la haqli!”.
Reper — zamonaviy shoir
Shakaning ta’rifiga ko‘ra, reper bu — ichki dunyosini titkilaydigan, o‘zi va yon-atrofi haqida kuylaydigan zamonaviy shoir. Rep esa — katta madaniyat.

“Eminem, Lil Wayne kabi rep qirollarini eshitib, ulardan motivatsiya oldim, ingliz tilini o‘rgandim. O‘zimning hozirgi variantim mavjudligining sabablaridan biri ham aynan rep, deb o‘ylayman. Agar rep bo‘lmaganida yoki repga qiziqmaganimda, hozir umuman boshqa soha odami bo‘lardim yoki boshqa joyda yashayotgan bo‘lardim. Rep hayotimda juda muhim ahamiyatga ega.
Menimcha, hozir ham ko‘pchilik rep nimaligini yaxshi tushunmaydi. Bizda bunga yuzaki qarashadi, hatto ba’zi reperlar ham shunaqa, deb o‘ylayman. Reperlarning tashqi ko‘rinishi yoki kliplaridagi muhitni qiziqish bilan tomosha qilishi mumkin, ammo uning nima deyayotgani, nimani ilgari surayotganini anglab, tahlil qilib ham ko‘rmaydi. Bu juda katta xato.
Har bir tinglovchi, qaysi tilda ijro etilayotganidan qat’i nazar, repning ma’nosini tushunib eshitishi kerak. Balki reper boshdan kechirgan qiyinchiliklari yoki jamiyatdagi biror illat yo boshqa bir masala targ‘iboti haqida kuylayotgandir. Reperning imidji yoki yoqimli ovoziga mahliyo bo‘lish ikkinchi darajali masalaga aylanishi kerak”.
Shaka repda axloq chegarasi hamisha bo‘lishi kerakligini, ammo, ayni damda, reper qoliplarni buzishi ham shartligini ta’kidlaydi.

“Amerikalik reperlarning qo‘shiqlarida so‘kinish odatga aylangan. Boshqa janrlarda ham so‘kinish so‘zlarini ishlatishadi. Ammo, nazarimda, chegarani bilish kerak. Bilasizmi, reper trek yozayotganida qoliplardan biroz chiqishi kerak. Qo‘pol so‘zlar aytib, so‘kinishi shart emas, albatta. Biroq qo‘shiqda reallik, haqiqiy hayotni saqlash lozim.
Masalan, hayotda o‘zimni qo‘lga olishga qanchalik harakat qilmay, ba’zi vaziyatlarda baribir so‘kinib yuboraman. Ba’zida “ahmoq”, “tentak”, “ovsar” kabi o‘tkir sifatlarni ham ishlataman. Shuning uchun ham qo‘shiqlarimda shunday so‘zlardan foydalanaman. Treklarimda rol o‘ynab, faqat qolipli, odobli so‘zlarni ishlata olmayman. Hayotda qanday bo‘lsam, ijodimda shunday bo‘lishni istayman.

Chunki boshqalarni aldasangiz ham, o‘zingizni alday olmaysiz. Reper o‘z ijodida o‘zligini ham boricha namoyish qilishi lozim. Lekin, aytganimdek, axloq bo‘lishi zarur, albatta. Birovlarni haddan tashqari kamsitish yoki so‘kib tashlash kerakmas.

Deylik, biror trekimda so‘kinish ishlatdim. Qo‘shiq tarqalgach, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlarimning tanbehini eshitaman, muxlislarni ham bir deganda yo‘qotib qo‘yish hech gap emas. Umuman, qo‘shiqlarimdagi so‘zlarga qattiq qarayman.
Bir qo‘shig‘imda “Shaka akaga keltirma shak”, degan jumla ishlatilgan. “Shak” degani “gumon”, “shubha” so‘zlarining sinonimi. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi odamlar bu so‘zga diniy tus berib, xeyt qilishdi. O‘ylashimcha, ular “shirk” so‘zi bilan adashtirib yuborgan. Aslida men diniy mavzulardan uzoqman, chunki e’tiqod har bir insonning shaxsiy tanlovi, unga aralashishga hech kimning haqi yo‘q.
Mening qo‘shiq yozish jarayonim sal yovvoyiroq, hech qanday tartib yo‘q. Ba’zida so‘zlar quyilib kelsa, boshqa vaqt musiqaga qarab matn yozaman. Lekin ko‘pincha avval matn yoziladi. Umar Hayyom va Abdulla Oripov she’rlaridan foydalangan vaqtlarim ham bo‘lgan.

Avvallari matnlarni o‘zim yozardim. Yaqindan boshlab bu masalada jiyanim Javohir bilan hamkorlik qilyapman. Javohir bilan hozir Jahongir Otajonov ham hamkorlik qilyapti”.
To‘ybop bo‘lmagan ijod
Shaka repning rivoji haqida gapirarkan, bu yo‘nalish pop-musiqa yoki jazsiz ham rivojlana oladi, deb hisoblaydi. Hozir rep janr nuqtai nazaridan dunyoda eng yuqori pog‘onada turibdi. Hatto O‘zbekistonda ham keng ommalashyapti.

“Tahlil qilsangiz, O‘zbekistonda san’at 2000-yillar boshida gullab-yashnagan, zo‘r asarlar yaratilgan. Biroq 2010-yillardan sekin orqaga ketish, susayish boshlandi. Shu davr ichida rep yo‘nalishi ham qaysidir ma’noda yo‘q bo‘lib ketdi. To‘g‘ri, “Ummon” guruhi sal ushlab turdi, lekin ulardan boshqa yaxshi ijod qilganlarni eslolmayman.
Ilgari rep faqat televideniye, radio va konsertlarga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Yoki Tarona Records prodyuserlik kompaniyasi orqali tanilish mumkin edi. Bu juda yaxshi kompaniya, o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojlanishida alohida o‘rni bor. Ammo vaqtida monopolistga ham aylanib qolgandi, deb o‘ylayman.

2016-yildan keyin o‘zbek repida inqilob kuzatildi, desam yanglishmayman. Yangi avlod kirib keldi, ular faqat sevgi-muhabbat emas, jamiyatdagi muammolarni ham qo‘shiq qilyapti. Bunga O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning keng ommalashuvi ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Endi reper televideniye yoki ayrim monopol kompaniyalar kayfiyatiga qarab o‘tirgani yo‘q.
Lekin, shu bilan birga, bu janr bizda juda yuqori darajada rivojlanib ketdi, deb ham aytolmayman. Hali yana o‘sish kerak, buning uchun imkoniyatlar ham bor. Rep janri industriyaga aylanib, monetizatsiyasi (daromadliligi) kuchayishi zarur.

Hozir bizda repdan boshqa hamma yo‘nalishda ijod qiluvchilar faqat to‘y orqali pul ishlaydi. Shu bois qo‘shiqlar bir xil, mavzulari ham, kliplari ham bir-biriga o‘xshash, xilma-xillik yo‘q, faqat to‘y uchun ijod qilinyapti. Eshitishga arzigulik qo‘shiqlar barmoq bilan sanarli.
Agar mualliflik huquqi rostmana ishlasa, internetdagi qaroqchi kanallar faoliyati cheklansa, odamlar qo‘shiqlarni pul to‘lab eshita boshlasa, san’atkorlar aynan mualliflik huquqi orqali daromad qila boshlagan bo‘lardi. Shunda ko‘pchilik san’atkorlar to‘y uchun ijod qilishni ham to‘xtatadi, deb o‘ylayman.

Lekin bu yo‘nalishda ham 5−6 yil avvalgiga nisbatan yaxshi tomonga o‘zgarish bor. Masalan, Yandex Music orqali daromad topayotgan ijodkorlarni bilaman. Bunday o‘zgarishlar ko‘proq bo‘lishi kerak. Spotify, Apple Music va boshqa platformalarga pul to‘lab, shu orqali o‘zbek san’atkorlarini qo‘llab-quvvatlaydigan tinglovchilar, leybllar ko‘payishini xohlayman”.
Shaka sayr qilishni tavsiya etadi
Shaka sayr qilishni tavsiya etadi

Matn: Mirolim Isajonov.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli. Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda