Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta
Xorazm bo‘yicha gastronomik qo‘llanma
Nimani qayerda tatib ko‘rish mumkin?
Xorazm nuqul qadimiy qal’alaru qumtepalar degani emas — uning o‘ziga xos oshxonasi ham bor. U ko‘katlar, ziravorlar va baliqli taomlar ko‘pligi bilan ajralib turadi — Amudaryoning yaqinligi mintaqa didiga ta’sir ko‘rsatgan. Gazeta bu yerda qaysi taomlar mashhur-u ularni qayerda yeb ko‘rish mumkinligini o‘rgandi.
Xorazm nuqul qadimiy qal’alaru qumtepalar degani emas — uning o‘ziga xos oshxonasi ham bor. U ko‘katlar, ziravorlar va baliqli taomlar ko‘pligi bilan ajralib turadi — Amudaryoning yaqinligi mintaqa didiga ta’sir ko‘rsatgan. Gazeta bu yerda qaysi taomlar mashhur-u ularni qayerda yeb ko‘rish mumkinligini o‘rgandi.
Foto: Azamat Matkarimov
Shivit oshi
Shivit oshi — Xorazm oshxonasining eng mashhur ovqatlaridan biri bo‘lib, “yashil lag‘mon” nomi bilan ham mashhur. U shivit (ukrop) sharbatida tayyorlangan yashil rangdagi ingichka ugradan iborat bo‘lib, bu taomga nozik is va yengillik baxsh etadi. Taxminlarga ko‘ra, shivit oshi Xorazmda bir asrcha avval paydo bo‘lgan va tezda to‘y-marakalarning bezagi bo‘lib olgan. Bugungi kunda u YUNESKOning gastronomik merosi ro‘yxatiga kiritilgan va mintaqaning oshpazlik an’analari ramziga aylangan.

Taom Xorazmning issiq iqlimi uchun juda mos, bu yerda yozda yengil va tetiklantiruvchi ovqatlar afzal ko‘riladi. Yashil xamirdan tayyorlangan ugra yumshoq bo‘lguncha qaynatiladi hamda go‘sht, sabzavot va pomidordan tayyorlangan quyuq qaylaga qo‘shiladi. Qatiq yoki suzma bilan dasturxonga tortiladi. Shivit oshi shivit va sut mahsulotlari tufayli mazali va hazmi oson bo‘ladi.

Shivit oshi Xorazmga gastronomik sayohatning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib qolyapti va o‘zining g‘ayrioddiy ko‘rinishi hamda ta’mi bilan sayyohlarni hayratga solishda davom etyapti.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Ayvon
Shivit oshini Xivaning eng qiziqarli joylaridan biri bo‘lgan Ayvon restoranida tatib ko‘rish mumkin. Shaharning tarixiy qismida joylashgan va milliy uslubda bezatilgan ushbu restorandan qadimiy gumbaz va minoralarning go‘zal manzarasi ochiladi. Taomnoma milliy va Yevropa taomlaridan iborat: mashhur shivit oshidan tashqari, bu yerda xivacha mastava, un oshi, gurut barak, turli salatlar, shuningdek, go‘shtli va xamirli taomlar tayyorlanadi.

Porsiya narxi — 50 ming so‘m atrofida.
  • Manzil
    Xiva shahri, Pahlavon Mahmud ko‘chasi
  • Ish vaqti
    11:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 88 451-77-77
Foto: Gavhar restorani
Simto‘rdagi sazan
Xorazm taomlari orasida baliqning o‘rni bo‘lakcha — ushbu mintaqa Amudaryo bilan tirik, shu bois bu yerda baliqli taomlar o‘zgacha bir mehr bilan tayyorlanadi. Bu borada eng asosiy taom simto‘rdagi zog‘ora (sazan)dir. Uni tayyorlash oddiy, ta’mi esa ajoyib!

Zog‘orabaliq tuz, qalampir va limon sharbati aralashmasi bilan marinadlanadi, so‘ng simto‘rga qo‘yib, manqalda pishiriladi. Ushbu usul tufayli baliq sersuv bo‘lib pishadi, ustida esa tillarang qobiq hosil bo‘lib, yengil tutun hidi ham qo‘shiladi. Ba’zan ziravorli sirkamoyi (marinadi)ga ozgina zira yoki kashnich qo‘shib yuboriladi.

Taom yangi piyoz, ko‘katlar, limon va non bilan tortiladi. Ba’zi joylarda zog‘orabaliqning yoniga suzma yoki sabzavotli salat ham taklif qilinishi mumkin.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Gavhar
Simto‘rda pishirilgan zog‘oraning eng yaxshilaridan biri Urganchdagi Gavhar xalqaro restoranida tayyorlanadi. Tutun va qovurilgan baliq hidi mehmonlarni kiraverishdayoq kutib oladi. Bu yerda nafaqat zog‘ora, balki laqqa va sudakdan turli usullarda tayyorlangan boshqa taomlarni ham tatib ko‘rish mumkin. Menyuda Xorazm palovi, tuxumbarak, qayish oshi, zig‘iriq, qorin tuyoq, sho‘r kabob, lag‘mon, kabob, sho‘rva va mavsumiy salatlar ham bor.

Porsiya narxi — 145 ming so‘m.
  • Manzil
    Urganch shahri, Xonqa ko‘chasi, 9
  • Ish vaqti
    10:00 dan 00:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 95 289−17−17
Foto: Olimp Garden restorani
Manqalda go‘sht
Manqalda pishirilgan go‘sht Xorazm oshxonasining oddiy, ammo juda to‘yimli taomlaridan biridir. Qo‘y yoki mol go‘shti bo‘laklari piyoz, ziravorlar va ba’zan anor sharbati bilan sirkamoylanadi, so‘ng ko‘mirda tillarangga kirguncha pishiriladi. Shu tariqa ichi sersuv, usti esa qarsildoq qobiq bilan qoplangan go‘sht hosil bo‘ladi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Olimp Garden
Olimp Garden restorani go‘shtli taomlarga ixtisoslashgan. Mehmonlar keng yozgi bog‘dani ochiq oshxonada o‘z buyurtmalari qanday tayyorlanayotganini kuzatishi ham mumkin. Taom yupqa non, marinadlangan piyoz va uy souslari bilan tortiladi.

Porsiya narxi — 260 ming so‘m.
  • Manzil
    Urganch shahri, Xiva ko‘chasi
  • Ish vaqti
    11:00 dan 00:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 99 240−00−38
Foto: “Saltanat milliy taomlari” restorani
Un oshi
Un oshi — Xorazmning an’anaviy taomi bo‘lib, xamir, sho‘rva va go‘shtdan tayyorlangan quyuq sho‘rvadir. Yupqa to‘g‘ralgan uy ugrasi mol yoki tovuq bulonida pishiriladi. Retseptga qarab, un oshiga tuxum, sabzavotlar, ko‘kat va ziravorlar qo‘shiladi. Taom to‘yimli va issiq bo‘lib, ko‘pincha kundalik va bayram dasturxonlari uchun tayyorlanadi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: “Saltanat milliy taomlari”
“Saltanat milliy taomlari” restoranida un oshi klassik retsept bo‘yicha sersuv teftellar, yumshoq ugra va xushbo‘y ko‘katlar bilan tayyorlanadi. Muassasa an’anaviy Xorazm taomlarini Yevropa taomlari bilan uyg‘unlashtirgan. Mehmonlar uchun favvorali keng ayvon mavjud.

Porsiya narxi — 23 ming so‘m.
  • Manzil
    Urganch shahri, Mash’al mahallasi
  • Ish vaqti
    09:00 dan 02:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 91 093-10-01
Tuxumbarak
Tuxumbarak — Xorazm oshxonasining eng mashhur va sevimli taomlaridan biri. U chuchvaraga o‘xshaydi, lekin xamiriga tuxum va ziravorlar aralashmasi solinadi. Baraklarning bir necha turi mavjud: go‘shtli qo‘tirbarak, qovoqli kadibarak, ko‘katli ko‘kbarak, pishloqli gurutbarak va kartoshkabarak. Ular dasturxonga qatiq, smetana yoki yogurt bilan tortiladi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Terrassa
Haqiqiy tuxumbarakni tatib ko‘rish uchun Terrassa restoraniga tashrif buyurish kerak. Restoran mahalliy matolar va sopol buyumlardan foydalanilgan holda milliy uslubda bezatilgan. Mehmonlar uchun manzarali keng ayvon mavjud, kechqurunlari jonli musiqa yangraydi. Menyuda Xorazm salatlari, sho‘rvalari va issiq taomlari ham bor.

Porsiya narxi — 25−30 ming so‘m.
  • Manzil
    Xiva shahri, Bo‘yoqchilar ko‘chasi, 7A
  • Ish vaqti
    10:30 dan 23:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 94 936-00-18
Qapshirma
Qapshirma — Xorazm oshxonasining eng mashhur va to‘yimli taomlaridan yana biri. U go‘shtli cheburekka o‘xshaydi, faqat kamroq yog‘da qovuriladi.

Xamir uchun qatiq, tuz va yog‘ aralashtiriladi. Asta-sekin un qo‘shib, yumshoq elastik xamir qoriladi. So‘ngra yupqa qilib yoyib, bo‘laklarga ajratiladi. Har bir bo‘lakka qiyma solinadi, chetlari ehtiyotkorlik bilan yopiladi va perashkalar shakllantiriladi. Keyin ular tovada qizarguncha qovuriladi. Tayyor taom issiq holda, xohishga ko‘ra smetana yoki qizil sous bilan tortiladi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Khiva Moon
Xivadagi Khiva Moon restoranida qapshirma yangi ko‘katlar va maxsus souslar bilan tortiladi. Restoran binosi qadimiy uslubda bezatilgan. Hovlida supa (chorpoya)lar qo‘yilgan, kechqurunlari raqs tomoshalari uyushtiriladi, taomnoma esa mehmonlarni Xorazm oshxonasining mashhur taomlari bilan tanishtiradi.

Porsiya narxi — 15 ming so‘m.
  • Manzil
    Xiva shahri, Polvon Qori ko‘chasi, 101A
  • Ish vaqti
    09:00 dan 22:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 90 648-21-22
Foto: Azamat Matkarimov
Gumma
Gumma — Xorazm oshxonasining an’anaviy taomi bo‘lib, yupqa xamirdan iborat. U oltin rangga kirguncha qovuriladi va turli masalliqlar: go‘sht, kartoshka, pishloq yoki ko‘kat solib tayyorlanadi. Toshkentda bu nom ostida ko‘pincha qovurilgan go‘shtli perashkalar tushuniladi, ammo Xorazmning o‘zida gumma cheburekka yaqinroq bir narsa.

Bu taomning bir necha — qovurilgan va qotirma deb ataladigan pishirilgan turi bor. Ular odatda issiq holda, ko‘pincha sous yoki qatiq bilan tortiladi. Gumma o‘simlik yog‘i solingan chuqur qozonda asta-sekin qovuriladi, shuning uchun u yumshoq va juda mazali bo‘ladi. Bu Xorazmdagi bayram dasturxonlarining eng sevimli taomlaridan biridir.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Khorezm Art
Xivadagi Khorezm Art restoranida haqiqiy Xorazm gummasini tatib ko‘rish mumkin. Restoran hunarmandchilik ustaxonalari yonida joylashgan. Bu yerda gumma an’anaviy retsept bo‘yicha — go‘shtli qiyma bilan tayyorlanadi. Taomnomada Xorazm oshxonasining boshqa taomlari ham bor.

Porsiya narxi — 10−15 ming so‘m.
  • Manzil
    Xiva shahri, Bo‘yoqchilar ko‘chasi, 78/1
  • Ish vaqti
    10:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 95 333-69-74
Ijjon
Ijjon — Xorazm oshxonasining eng noodatiy va qadimiy taomlaridan biri bo‘lib, asosan Xivaga xos. Mahalliy afsonaga ko‘ra, bir vaqtlar Xiva xonligida xalq qo‘zg‘olonlaridan qo‘rqib, odamlarni ochlik bilan qiynagan shafqatsiz xon hukmronlik qilgan. Go‘sht pishirish qat’iyan man etilgan, uy tepasida tutun ko‘tarilishi bilanoq qorovullar darhol kelib, ovqatni tortib olavergan. Shunda aholi bunga qarshi chora topgan — go‘shtni olovsiz, maydalab, faqat tuz va yog‘ qo‘shib tayyorlay boshlagan. Shu tariqa xorazmliklarning zukkoligi va matonati ramzi bo‘lgan ijjon taomi paydo bo‘lgan emish.

Bugungi kunda ijjon xom, odatda qo‘y go‘shtidan tayyorlanadi. Go‘sht avval yaxshilab qiymalanib, tuz, yog‘, suv va ozgina qirg‘ichdan o‘tkazilgan piyoz bilan ziravorlanadi. Go‘sht oldindan 48 soatga muzlatiladi. Taom non, ko‘katlar va qalampir bilan birga gazak sifatida tortiladi.
Qayerda tatib ko‘rish mumkin: Sultan
Sultan restoranida klassik retsept bo‘yicha tayyorlangan ijjon javdar noni, ko‘katlar va an’anaviy souslar bilan taklif qiladi. Shuningdek, restoranda Xorazmcha kabob, shivit oshi, kadibarak, pahlava, mevali assorti va boshqa xil Xorazm taomlarini tatib ko‘rish mumkin.

Porsiya narxi — 20 ming so‘m atrofida.
  • Manzil
    Xiva shahri, Islomxo‘ja ko‘chasi, 9-uy
  • Ish vaqti
    11:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunlarisiz
  • Telefon raqami
    (+998) 91 436-68-62
Material O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlandi

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.


Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.

Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan

havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda