Art Basel — zamonaviy san’at yarmarkalaridan biri bo‘lib, ilk bor 1970-yili Shveysariyaning Bazel shahrida tashkil etilgan. Keyinchalik uning maydonlari kengayib, Mayami (2002) va Gonkong (2013) shaharlarida ham o‘tkazila boshlangan. 2022-yildan ro‘yxatga Parij ham qo‘shilgan.
Ko‘rgazmada rassom va galereyalar o‘z asarlarini sotish, muzey va kolleksionerlar o‘z bazalarini kengaytirish, san’atshunoslar va soha vakillari esa yangi nomlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu yilgi Art Basel Paris’da 200 dan ortiq galereya, 40 dan ziyod mamlakat vakillari hamda yuzlab san’at instituti vakillari qatnashdi. Ular orasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan Toshkent Zamonaviy san’at markazi loyihasi ham bor.
O‘zbekiston bu ko‘rgazmada ilk bor mustaqil loyiha bilan qatnashdi. U Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan Studio KO fransuz arxitektura byurosi tomonidan loyihalashtirilgan va Italiyaning Atelier Misto ijodiy ustaxonasi tomonidan tayyorlangan Toshkent Zamonaviy san’at markazi (ZSM, Centre for Contemporary Arts) maketi edi.
Zamonaviy san’at markazi Toshkentning Amir Temur ko‘chasidagi tarixiy binoda joylashgan. Toshkentdagi ilk tramvay tarmog‘i uchun energiya ishlab chiqaruvchi shaharning birinchi dizel elektrostansiyasi hisoblangan bu obyekt 1912-yili qurilgan. Uni rekonstruksiya qilish loyihasi 2019-yili taqdim etilgan, 2021-yili esa jarayon boshlangan. Markazning ochilishi 2026-yil martiga rejalashtirilgan.
Konsepsiyaga ko‘ra, eski elektr stansiyasi madaniy makonga aylanadi. Unda katta ko‘rgazma paviloni, ma’ruza zali, vorkshop hududi, kitob do‘koni, kutubxona, kinoteatrli ochiq maydon va markaz xodimlari uchun ofislar bo‘ladi. Kinoteatr, zaruratga ko‘ra, sahnaga aylantirilishi ham mumkin.
ZSM direktori Otabek Abduvositov O‘zbekiston Art Basel Paris’da nima uchun aynan bu loyiha bilan qatnashganini tushuntirarkan, mazkur tashabbus O‘zbekistonning zamonaviy san’at yo‘nalishidagi yangi qirralari va salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etish imkonini berishini ta’kidladi.
Pavilon markazidagi aylanib turuvchi ustunga Toshkent zamonaviy san’at markazining bronzadan yasalgan maketi qo‘yilgan bo‘lib, uni Atelier Misto (Italiya) ijodiy ustaxonasi rahbari Miza Muchcharelli yasagan. Loyihani tushuntiruvchi elementlar sifatida obyekt devori suratlari va uning umumiy ko‘rinishini bayon qiluvchi videorolik namoyish etildi.
Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi vakillari ta’kidlashicha, loyihaning asosiy g‘oyasi — o‘ziga xos tarixiy hudud bilan yangi qurilayotgan inshoot o‘rtasidagi muloqotni ko‘rsatish.
Studio KO fransuz arxitektura byurosi vakili, Zamonaviy san’at markazi arxitektori Olive Marti hozirda markaz qurilishi yakuniga yetayotganini ta’kidlarkan, bino butkul qayta qurilmagani, balki qisman saqlab qolinganinini aytib o‘tdi.
Zamonaviy san’at markazi badiiy direktori va bosh kuratori Sara Rezaning aytishicha ZSMning ilk ko‘rgazmasi “Hikmat” deb nomlanadi. Bu ko‘rgazma binoda mujassam bo‘lgan “donolik” g‘oyasini zamonaviy shaklda yoritish imkonini beradi. Unda moddiy madaniyat, ongning yuqori darajalari haqida fikr yuritiladi.
Xususan, markazda dastlab bir qator xalqaro rassomlar asarlari namoyish etiladi. Masalan, tunis-ukrain rassomi Nadya Kaabi Linke (Berlinda faoliyat yuritadi), falastinlik rassom Tarek Kisvanson (Parij), Ali Sheri, Kim Suja va boshqalar. Shuningdek, O‘zbekistondan, jumladan Qoraqalpog‘istondan ham bir nechta rassomlar ishtirok etadi.
Matn va fotosuratlar muallifi: Shohruh Haydarov.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.
Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.