Qoraqalpog‘istonlik Malika

Informatika va matematika olimpiadalarda “bronza” olgan qiz hikoyasi

Malika Xojamuratova xalqaro yosh matematiklar olimpiadasida, shuningdek, informatika va matematika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadalarida medallar qo‘lga kiritgan. Iste’dodli o‘g‘il-qizlarni tanishtirishga bag‘ishlangan “Umid” loyihasining ilk soni nukuslik o‘quvchi qizning muvaffaqiyat tarixi haqida hikoya qiladi.
Malika Xojamuratova xalqaro yosh matematiklar olimpiadasida, shuningdek, informatika va matematika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadalarida medallar qo‘lga kiritgan. Iste’dodli o‘g‘il-qizlarni tanishtirishga bag‘ishlangan “Umid” loyihasining ilk soni nukuslik o‘quvchi qizning muvaffaqiyat tarixi haqida hikoya qiladi.
Iste’dodli va iqtidorli bolalar bor ekan, ertangi kunga bo‘lgan umid so‘nmaydi. “Umid” loyihasi turli sohalarda o‘z yo‘lini topayotgan o‘zbekistonlik umidbaxsh o‘g‘il-qizlar haqida hikoya qiladi.
16 yoshli Malika bilimi ortidan nafaqat medallar, balki xorijga chiqish pasportidagi muhrlar sonini ham ko‘paytirishni istaydi. Hozirgacha Niderlandiya, Kosovo va Germaniyada bo‘lgan qizaloq, har safar xalqaro fan olimpiadalaridan qaytgach, yutuqlarini — oilasidagi an’anaga ko‘ra — yaqinlari davrasida palov bilan nishonlagisi keladi.
“Malika, sen dahosan”
Davletmurat Turdishev va Dilfuza Qutlimuratova Qoraqalpog‘istonning turli tumanlaridan. Ularni Nukus va informatika tanishtirgan. Keyinchalik shu shaharda o‘z qo‘rg‘onini qurgan bu juftlikning o‘rtancha farzandi matematika va informatikaga mehr qo‘ygan.
“Qizim, sen dahosan!” deyishdan charchamaydigan Dilfuza opa formulalar jonu dili bo‘lgan Malikani 9 yoshligida matematikadan qo‘shimcha darslarga olib bora boshlagan.
реклама
реклама
Bolalar uchun eng katta rag‘bat — ota-onaning e’tibori va qo‘llovi. Hech nima, hatto medal va chet el safarlari ham ularni ota-onasining „Barakalla! Sen eplaysan!“ degan daldasichalik ruhlantira olmasligi mumkin. Bu borada mening omadim chopgan. Kichkinaligimda „nega bunchalik ko‘p o‘qishim kerak?!“, deya xarxasha qilgan bo‘lsam-da, meni to‘g‘ri yo‘naltirgani va jarayonda doim qo‘llab-quvvatlagani uchun hozir ota-onamdan minnatdorman”, — deydi Malika.

Muayyan fan yoki sohaga qanchalik erta qiziqsa, shuncha yaxshiligiga ishonchi komil bo‘lgan Malika bolalikdagi o‘yinlar ham ijodiy fikrlash, turli vaziyatlarda yechim topishga yordam berishini inkor qilmaydi.

U matematika va informatika olimpiadalaridagi ishtiroki davomida tasavvur kuchi naqadar muhimligini anglagach, shunday fikrga kelgan.

“Bolaligimda opam bilan boshqotirma (kvest) o‘ynardik: ma’lum bir jumboqni yechib, vazifa bajarilgach, keyingisiga o‘tardik va oxirida yashirin sovg‘ani topardik. Matematika ham men uchun shunday kvest — har bir masala go‘yo kalitini topish kerak bo‘lgan eshik, javob esa misoli shu eshikni ochganingda qo‘lga kiritgan mukofotingdek”, — deydi u.

Malika 6-sinfdan informatikadan qo‘shimcha darslarga qatnay boshlagan. U katta qiziqish bilan Python dasturlash tilini o‘rgangan.

Lekin bu kurslarga asosan o‘g‘il bolalar qatnashiga, umuman, informatika tayyorlov kurslarida ham, matematikadagi kabi, qizlar juda kam yo yo‘qligiga ajablangan.
Ko‘pchilik qizlarning uy ishi ko‘pligi uchun darslarga vaqt topa olmasligini aytadi. Menimcha, qiz va o‘g‘il farzandlar kichkinaligidan teng ko‘rilsa, ularga bir xil sharoit va imkoniyat yaratilsa, matematika va informatika bilan shug‘ullanadigan qizlar ham ancha ko‘paygan bo‘lardi.
Malika 7-sinfda STEAM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) fanlari bo‘yicha hududiy olimpiadada qatnashib, informatikadan birinchi, matematikadan esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Respublika bosqichida faqat bitta fandan qatnashish kerak edi. Ustozlari unga matematika bo‘yicha tayyorlanishni tavsiya qiladi, ammo Malika informatikani tanlaydi. Baxtga qarshi, respublika bosqichida omadi chopmaydi — 30-o‘rinni egallaydi.

8-sinfga o‘tgach jiddiyroq tayyorlanib, natijasini sezilarli yaxshilaydi va bu safar 6-o‘ringa ko‘tariladi. 8-sinfga o‘tishi arafasida u onlayn darsliklar va videolar orqali sportcha dasturlash (competitive programming)da eng samarali tillardan biri hisoblangan C++ ni o‘rganishga kirishgan edi.
Tayyorgarlik
Olimpiadalarga tayyorgarlik intizom va maqsad sari maksimal kuch bilan ishlashni o‘rgatgani bilan, stress, uyqusiz tunlar va xavotirlarga ham sabab bo‘ladi.
Masalan, 7−8-sinflarda Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasiga tayyorlangan Malika o‘zi bilan shug‘ullanayotgan, 95 foizi o‘g‘il bolalardan iborat iqtidorli o‘quvchilarning hozirjavobligini ko‘rib, “eplolarmikinman?!” deya o‘z salohiyatidan shubhalangan ham.
Qattiq stressdan yig‘lagan paytlarim ham bo‘lgan. Shunday kunlarning birida: "Agar xonangda eng aqllisi sen bo‘lsang, demak, noto‘g‘ri joydasan", degan gapni eshitib qoldim, bu menga juda ta’sir qildi. O‘zimdan kuchliroqlar orasida bo‘lishim o‘sish, o‘rganish va o‘z ustimda ko‘proq ishlash uchun qanchalik foydali bo‘lishi mumkinligini angladim. Shundan so‘ng yanada puxta tayyorlanib, olimpiada oldidan o‘tkazilgan sinov imtihonida kuchli o‘quvchilar orasida 2-o‘rinni oldim.
2024-yilgi Al-Xorazmiy xalqaro olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan Malika 6−7 yil davomida o‘qituvchilaridan qaysi darslik va saytlardan foydalanish kerakligini o‘rganib, yo‘l-yo‘riq olgach hozir o‘zi mustaqil shug‘ullanadi. Faqat xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun Toshkentda ustozlar qo‘l ostida ishlaydi.

Masalan, informatika bo‘yicha musobaqalarga Raqamli texnologiyalar vazirligidan mutaxassislar yoki Davlatbek Mirakilov va Dilshodbek Xo‘jayev tayyorlaydi. Matematikadan esa xalqaro olimpiadalar treneri O‘tkir Boltayev yordam beradi.
Informatikadan olimpiada
Qayerda qanday olimpiada bo‘layotgani haqida Malika asosan onasidan biladi. Masalan, 2024-yilgi informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (EGOI — European Girlsʼ Olympiad in Informatics) bo‘layotgani, unga saralash esa O‘zbekistondagi ICT4Girls olimpiadasi orqali bo‘lishini ham u onasidan eshitgan.
ICT4Girls'da qatnashib, kuchli to‘rtlikka kirsa, Niderlandiyaga borishi mumkin ekan, degan gapini eshitishi bilan otasi ushbu davlat haqida ma’lumot izlashga kirishadi.

“Dada, men avval qatnashay-chi” deyishiga qaramay, “Sen aniq o‘tishingga ishonaman”, deya Malikaga binolar, do‘konlarning rasmini tashlab, “qara, havosi musaffo, hammayoqda gullar, interneti ham yaxshi ishlar ekan”, deya xursandligidan ichiga sig‘maydi.

“Uyidagilari chetga chiqishga ruxsat bermagani uchungina olimpiadalarda qatnasha olmagan qizlarni bilaman. Bu nafaqat ularning kelajagi, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchiga ham ta’sir qiladi. Ota-onamning ishonchi sabab, men bilim bilan zabt etib bo‘lmaydigan biror marra yo‘qligiga, o‘qib, harakat qilgan kishi hamma narsaga erishish mumkinligiga ishonchim komil”, — deydi u.

Ota-onasining xayolida allaqachon Niderlandiyada yurgan Malika nima uchundir ICT4Girls ishtirokchilari ro‘yxatida o‘z ismni topolmaydi.

“Balki bu bir ishora, demak, qatnashmasligim kerakdir”, deb o‘ylaydi. Ammo ro‘yxatdan o‘tish muddati yakunlanganiga qaramay, onasi taslim bo‘lishni istamaydi.

“Onam tashkilotchilarga qo‘ng‘iroq qilganida, to‘ldirilgan arizam yuborilmay qolganini bildik. Tashkilotchilar buni to‘g‘ri tushunib, ro‘yxatni vaqtincha ochdi va men tezda formani yubordim. Onam o‘sha paytda hafsalasizlik qilib, qo‘l siltaganida, ehtimol, xalqaro olimpiada ham, Niderlandiya ham faqat xomxayol bo‘lib qolardi”, — deydi Malika.
ICT4Girls'ning Qoraqalpog‘iston hududiy bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Malika respublika bosqichida ham eng kuchlilar qatoridan joy olib, Yevropa qizlar informatika olimpiadasida (EGOI) ishtirok etish uchun Niderlandiyaga yo‘l oladi.

Ikki kun davomida uchtadan masalani yechish uchun besh soatdan vaqt beriladigan ushbu xalqaro musobaqada Malika e’tiborga molik natija ko‘rsata olmaydi, ammo 2025-yili Germaniyada o‘tkazilgan, 60 ga yaqin davlat vakillari qatnashgan navbatdagi olimpiadada bronza medal sohibiga aylanadi.
Matematika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi
Malika 2025-yili yana bir fan olimpiadasida qatnashadi — Kosovoda 55 mamlakatdan kelgan 300 ga yaqin ishtirokida Yevropa qizlar matematika olimpiadasi (EGMO —The European Girls' Mathematical Olympiad) o‘tkaziladi.

Unda ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi tarkibida Malika Xojamuratova ham bor edi — u mazkur musobaqada ham bronza egasiga aylanadi.
Uning bu olimpiada ishtirokchisiga aylanishining ham o‘ziga xos tarixi bor. Aslida u dastlab saralashning Qoraqalpog‘iston hududiy bosqichidan o‘tolmagan. Apellyatsiya jarayonida esa masala shartini noto‘g‘ri tushungani va shu bois yechimda ham xato qilganini anglagan.

Shoshqaloqligi va e’tiborsizligi uchun o‘zini koyib, tushkunlikka tushgan payti kutilmagan qo‘ng‘iroq bo‘ladi — Al-Xorazmiy olimpiadasida medal olgan olti nafar qiz qatorida u ham EGMO saralashiga chaqiriladi. Ota-onasi esa bu safar ikkinchi imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslikni qat’iy tayinlaydi.
Toshkentdagi 16 qiz ishtirok etgan saralashning birinchi bosqichida yana o‘sha xato — masala shartini noto‘g‘ri tushunib, qoralamadan yanglish ko‘chirib, 11-o‘ringa tushib ketdim. Apellyatsiya qilish imkoniyati yo‘qligini eshitgach, battar tushkunlikka tushdim. Toshkentga meni ko‘rgani kelgan onam yig‘layotganimni ko‘rib, EGMO’ga chiqishning o‘zi katta yutuqligini aytib meni yupatdi. Ammo men uning o‘zidan o‘rgangan qat’iyat bilan: "Tug‘ilgan kuningizga medal olib kelaman", dedim. Ikkinchi saralashda esa yig‘gan balim bilan 11-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildim. Natijada va’damni bajarib, Kosovodan bronza medal bilan qaytdim.
реклама
реклама
Olimpiadalar naqadar turfa bo‘lmasin, Malika doim qog‘oz chetiga: “Qo‘rqma, jarayondan rohatlan, hammasi yaxshi bo‘ladi!” deb yozib, har safar otasini ko‘z oldiga keltiradi.

“Dadam nazariyotchi bo‘lsa-da, uyda masala yecholmayotganimni ko‘rsa, „Qani, menga ko‘rsat-chi“, deydi va keyin o‘zim ham biladigan narsalarni aytadi. Sportcha dasturlashni tushunmasa-da, uning shu tarzda qo‘llab-quvvatlashi meni tinchlantiradi. Shuning uchun qattiq hayajonlanganimda uni eslab, o‘zimni qo‘lga olaman. Tinchlangach, masalalarimni ancha oson yechaman”, — deydi Malika.

Olimpiadalardan hissiyotlarni boshqarishni o‘rgangan qahramonimizning fikricha, informatika va matematikadagi algoritmlash kundalik hayotni tartibga solish va muammolarga yechim topishda ham ancha ko‘maklashadi.

“Masala yechishda, eng avvalo, shartini to‘g‘ri tushunish lozim. Keyin fikrlar paydo bo‘ladi va ularning ichidan to‘g‘ri yechimni tanlab olish muhim. So‘ng bu fikrni to‘g‘ri va chiroyli kodda ifodalash kerak. Mana shunday aniq ketma-ketlikda harakatlanish hayotni ham ancha osonlashtiradi”, — deydi u.
Ayni vaqtda Nukusdagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 10-sinfida tahsil olayotgan Malika kelajakda software engineer (dasturiy ta’minot muhandisi) bo‘lishni rejalashtirgan.

U xorijda ta’lim olib, so‘ng Nukusga qaytishni, “informatika degani Word bilan Excel’dan iborat” deb o‘ylaydiganlarga aslida uning naqadar keng, qiziq va foydali ekanini o‘z bilimi va amali bilan ko‘rsatishni orzu qiladi.
Matn muallifi: Guliraʼno Musayeva.
Fotosuratlar Malika Xojamuratovaning shaxsiy arxividan.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda