FOTO: Mumtozbegim

“Ona, men cho‘pon emas, katta odam bo‘laman”

Paraqilichboz Muhriddin Islomov hikoyasi

U nafaqat aravachada qilichbozlik bilan shug‘ullanadi, balki paraqilichbozlik bo‘yicha murabbiylik ham qiladi. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — raqibdan avval inson o‘zini yengishi kerak deb hisoblaydigan sportchi Muhriddin Islomovdir.

U nafaqat aravachada qilichbozlik bilan shug‘ullanadi, balki paraqilichbozlik bo‘yicha murabbiylik ham qiladi. “Iroda” loyihasining navbatdagi qahramoni — raqibdan avval inson o‘zini yengishi kerak deb hisoblaydigan sportchi Muhriddin Islomovdir.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo oʻzi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga eʼtibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda oʻz hayot hikoyasi bilan boʻlishmoqchi boʻlganlar Telegramʼda @Iroda_loyihaBot orqali bogʻlanishi mumkin.
“En garde! Prêts? Allez” — hakamning fransuzchalab ishtirokchilarni pozitsiyani egallashga chorlovi, bahsga tayyor-tayyormasliklari haqida so‘rab, jangga start berishi bilan, bolaligida eng sevimli qahramoni Dartanyan bo‘lgan Muhriddin bir qo‘li bilan mushketyorlarinikidek shpagasi, ikkinchi qo‘li bilan esa platformaga mustahkamlangan aravachasini mahkam tutadi. Vaqt va dunyo tashvishlari go‘yo to‘xtagan, o‘y-xayol va emotsiyalari esa vaqtincha muzlatilgandek, butun diqqatini jang va raqibiga qaratadi.
Paraqilichbozlikning “B” kategoriyasi bo‘yicha shug‘ullanadigan Muhriddin Islomov 2022-yili paraqilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ikkinchi, 2023-yilgisida birinchi va 2024−2025-yilgi bahslarda esa uchinchi o‘rinni egallagan.
“Bilasizmi, Muborak opam meni yelkasida opichib yurardi”, — deydi savollarga tortinchoqlik bilan javob berayotgan Muhriddin intervyuning bolalikka bag‘ishlangan qismi boshlanganida ancha samimiylashib. “Qishloqdoshlarim ham mehribon — ko‘chada ko‘rib qolishsa, qiynalmasin, deya manzilgacha ulovida eltib qo‘yardi”, deya dadil ohangda davom etadi u.
Jizzaxning Baxmalida tug‘ilib-o‘sgan Muhriddinga uch oylik chaqaloqligida noto‘g‘ri ukol qilib qo‘ygan shifokor nervlaridan birining falajlanishiga sabab bo‘lgan. Bolaligida biroz sho‘x va to‘polonchiroq bo‘lgan qahramonimiz maktabga borishni unchalik ham xushlamagan. Shunchalikki, yarim yo‘ldan ortga qaytgan paytlari ham bo‘lgan.
реклама
реклама
Sinfdoshlari uni qo‘llab-quvvatlab, ustozlari yaxshi munosabatda bo‘lsa ham o‘qishga borgisi kelmaganini u “sog‘lomlar orasida o‘zimni noqulay, begonadek his qilardim”, deya tushuntiradi.
Muhriddinning yaxshiroq o‘qishi, fan olimpiadalarida qatnashib, sinfning eng a’lochi o‘quvchilaridan biriga aylanishiga, chamasi, 5-sinfga o‘tishi arafasida yuz bergan bir voqea sabab bo‘ladi.
Amakivachcham bilan tortishib qolganimda, uning "Qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Seni kim ham ishga olardi, shu qishloqdan nariga chiqa olmaysan!", deganini eshitib qolgan onam qattiq ranjigan. "Bolam, maktabga bormay yurishing bo‘lsa, qishloqda cho‘pon qilib ham ishga olishmasa-chi, taqdiring nima bo‘ladi?", deya kelajagim haqida qattiq qayg‘urgan.
O‘shanda onasi va o‘ziga “cho‘pon emas, katta odam bo‘laman!”, deya so‘z bergan Muhriddin maktabni tamomlagach, Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kollejida kompyuter injiniringi yo‘nalishida o‘qish uchun Toshkentga keladi.

“Kollejga birinchi borganimda, yigit-qizlarning kulishib o‘tirganini ko‘rib, oqsoqlanayotganim uchun mening ustimdan kulishyapti, deb o‘ylaganman. Keyin bilsam ular gapirmaydigan yoki eshitish bo‘yicha nogironligi bor yoshlar — o‘shanda o‘zaro gurunglashib o‘tirgan ekan. O‘zimga o‘xshagan tengdoshlar bilan tanishib, ularning safida o‘zimni erkin va bemalol his qilib o‘qiganman”, — deydi u.
Kollejdan keyin San’at va madaniyat institutining Madaniyat va san’at sohasini tashkil etish hamda boshqarish sohasiga o‘qishga kirgan Muhriddin oilasining davlat granti asosida talaba bo‘lgan birinchi vakili bo‘ladi.

Dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib oila tebratgan ota-onasi o‘g‘lining bu yutug‘idan ichiga sig‘maydi. Bu orada u nogironligi bor shaxslar haqidagi “Markazdagilar” nomli ko‘rsatuvida boshlovchilik qilib, serial va filmlarda ham suratga tushadi.

U sportga kollejda o‘qib yurgan yillari — jismoniy tarbiya ustozi Abror Abdullayevning: “Sport bilan shug‘ullanib, terma jamoa tarkibida bo‘lsang, O‘zbekistonga ham foydang tegadi”, degan gapidan keyin kirib, para yengil atletika bilan shug‘ullanadi.
“Dadam sport bilan shug‘ullanishim, o‘zimni urintirishimni xohlamagan. O‘tirib ishlaydigan, jismoniy zo‘riqish talab qilmaydigan sohada faoliyat yuritishim tarafdori bo‘lgan”.

Taxminan bir yilcha shug‘ullangach, sportchilar ko‘pligi va raqobat kuchliligi bois para og‘ir atletikaga o‘tadi. Musobaqalarga qatnashib, o‘rinlar oladi, ammo bu xalqaro maydonga chiqish uchun yetarli emasdi.
Orada hafsalasi pir bo‘lib, sportni tashlamoqchi bo‘lganida maslahati koriga yaragan do‘stining tavsiyasiga ko‘ra paraqilichbozlik bilan shug‘ullanib ko‘rishga qaror qiladi.
Ochig‘i, oldin ko‘chaga chiqish, odamlarga qo‘shilishdan tortinardim. Sport bilan shug‘ullana boshlaganimdan keyin ko‘p narsa o‘zgardi. Hayotga bo‘lgan qiziqishim ortdi — qanday ishlash, taslim bo‘lmaslik, harakat qilish kerakligini o‘rgandim.
Paraqilichbozlik mustaqil O‘zbekistonda 1992-yili tuzilib, o‘sha yilning o‘zida qilichbozlarning Osiyo va Xalqaro federatsiyalariga a’zo bo‘lgan Qilichbozlik federatsiyasiga nisbatan “navnihol”. Buni aravachada qilichbozlik bo‘yicha ilk O‘zbekiston chempionati bor-yo‘g‘i uch yil avval — 2022-yili o‘tkazilganidan ham bilish mumkin.
реклама
реклама
Muhriddin esa sportning ushbu turiga 2023-yilda qadam qo‘ydi. Chirchiqdagi Olimpiya-Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida shug‘ullana boshlaganiga uch kun bo‘lmay, Qoraqalpog‘istondagi musobaqada ishtirok etadi. Yakka janglardan ko‘ngli to‘lmasa-da, jamoaviy natijalardan ilhomlanib, yaxshiroq tayyorlanishga harakat qiladi.
Dastlab qilich bilan jang qilish qanaqasiga zavq berishi mumkinligini aqlimga sig‘dirolmaganman. Muntazam mashg‘ulot va janglardan keyin esa bu boradagi fikrim o‘zgargan. Ushbu sport turining naqadar emotsiyaga boyligini anglaganman. O‘zbekiston chempionatida jamoaviy birinchilikni qo‘lga kiritganimiz eng esda qolarli va yorqin voqealardan biri bo‘lgandi.
Ushbu sportning jihozlari, kiyim-kechaklari qimmat — ularni sotib olish, yangilashga hammaning ham cho‘ntagi chidamasligi mumkin. Muhriddin ham mana shunday moddiy sabablar bilan biroz tanaffus qilishiga to‘g‘ri kelgan.
Paraqilichbozlikning kurtka (kolet) va brijdan iborat oppoq yengil himoya kiyimi bo‘ladi. Oyoqqa maxsus poyabzal va tizzagacha uzun paypoq kiyiladi. Sportchining yuzini himoya qilish uchun metall panjarali niqob va bo‘g‘izni himoya qiluvchi moslama, qurolni ushlaydigan qo‘liga esa qo‘lqop taqadi. Aravachada jang qilingani uchun har bir sportchiga alohida aravacha yasalib, undan faqat jang payti foydalaniladi.
2024-yil Rossiyadagi musobaqaga uydagilardan pul olib, amallab borib kelgan Muhriddindagi uncha ijobiy bo‘lmagan kayfiyat musobaqadagi ishtirokidan keyin o‘zgaradi. Keyin Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati, Vengriyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqa va 2−8-sentabrda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogida qatnashadi.
Bilasizmi, bu sport uchun tajriba juda muhim. Raqiblarimiz yillar davomida — ba’zilari hatto 8−10 yildan beri shug‘ullanib tajriba orttirgan. Aravachada qilichbozlik O‘zbekistonda endi rivojlanayotgani, qolaversa, o‘zimning ham shug‘ullanayotganimga hali ko‘p bo‘lmagani uchun xalqaro bellashuvlarda o‘rin olish qiyinroq bo‘lyapti. Reyting ochkolari bo‘yicha hozir dunyoning kuchli 20 talik sportchilari orasida o‘zbek paraqilichbozlari ham bor. Sovrindor bo‘lishimizga juda yaqin, deyarli bir qadam qolyapti. Asosiysi o‘z ustimizda ishlashdan to‘xtamayapmiz va mehnatimiz tez orada o‘z mevasini berishiga ishonamiz.
Nafaqat g‘alaba, balki mag‘lubiyat ham abadiy emas, deb biladigan sportchini yengilish sindirmaydi, aksincha, ko‘proq harakat qilish, yaxshiroq shug‘ullanishga undaydi. Muhriddinning fikricha, inson raqibidan avval o‘zini yengishi kerak.
Muhriddinning paraqilichbozlikdagi ilk murabbiyi Sayitbek Jenbayev edi, hozir esa ushbu jang san’ati sirlarini Sherali Nasirovdan o‘rganyapti. Ayni vaqtda, o‘zi ham Andijondagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 15 yoshdan katta va 30 yoshdan kichik sportchilarga murabbiylik qilyapti.

Kuniga ikki mahal — ertalab 8:30 dan 10:00 gacha, so‘ng 17:00 dan 19:00 gacha mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Orada o‘quvchilar ovqatlanib, dam oladi. Mashg‘ulotlarda qo‘l texnikasi, tezlikdan tashqari, cho‘ziluvchanlik, ya’ni elastiklikka ham ishlanadi.

“Og‘ir atletika bilan shug‘ullanganda qo‘llarim qotib ketgani uchun o‘zim ham cho‘ziluvchanlik ustida ko‘proq ishlashimga to‘g‘ri kelgan”, — deydi Muhriddin.
Paraqilichbozlik bo‘yicha musobaqalar ham qilichbozlik kabi tuzilishi, o‘lchami va qo‘lda tutilishi bilan farq qiladigan uch xil qilich — rapira, shpaga va sablyada o‘tkaziladi. Mazkur sportdan tez va operativ qaror qilishni o‘rgangan suhbatdoshimiz asosan shpaga va sablya bilan jang qiladi.
Qilichbozlikni matematikaga o‘xshataman: unda har bir hujum, usul va tajribadan foydalanish uchun sizda hisobli vaqt — atigi bir-ikki soniya bo‘ladi. Shu qisqa vaqt ichida qaror qabul qilish, uni tezik bilan qo‘llash lozim. Yana undan qachon harakat qilish, qay vaqt to‘xtash kerakligini o‘rganish mumkin.
Tinimsiz mashg‘ulotlarda holsizlik, faollikning susayishi kuzatilishi mumkinligini ta’kidlagan Muhriddin janglarga psixologik tayyorlanishdan tashqari, raqibning usuli, texnikalarini o‘rganish ham juda muhimligini aytadi. Uning o‘zi ham vaqt topishi bilan yuzlashadigan sportchining taktikasini diqqat bilan ko‘zdan kechiradi.

Mustaqil hayot uchun qishlog‘idan ketganiga 8 yil bo‘lgan Muhriddin asosiy ishi Andijonda bo‘lgani uchun uyiga deyarli 5−6 oyda bir boradi. Ota-onasiga qishloqdoshlari: “O‘g‘lingiz baraka topsin, xalqaro musobaqalarda qatnashyapti, yurtma-yurt kezyapti”, deganini eshitib, bu gap-so‘zlardan ko‘ngli ko‘tariladi.
Hozirda 2026-yil Yaponiyada bo‘ladigan Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan Muhriddin Islomov inson har qanday holatda ham harakatdan to‘xtamasligi kerak, deb hisoblaydi.

“Harakatdan to‘xtash — hayot tugadi, degani. Uyda o‘tirib qolish, hech nima qila olmaslik, umuman, chorasizlik — eng katta mag‘lubiyat”, — deydi u.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Mumtozbegim / Gazeta

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda