“Ovozimni butun qishloq eshitadi”
20 yillik jarchining hikoyasi
Gazeta va Uklon’ning hamkorlikdagi “Otameros” loyihasi bugungacha yetib kelgan, ammo zamon taraqqiyoti bilan ahamiyatini yo‘qotib borayotgan kasblar va taqdiri shu kasblarga tutash o‘z ishining ustalariga bag‘ishlanadi. Bu galgi qahramon — Qarshi tumanidagi Chorbog‘-Boyg‘undi qishlog‘i jarchisi Pirnazar Bekniyozov.
Gazeta va Uklon’ning hamkorlikdagi “Otameros” loyihasi bugungacha yetib kelgan, ammo zamon taraqqiyoti bilan ahamiyatini yo‘qotib borayotgan kasblar va taqdiri shu kasblarga tutash o‘z ishining ustalariga bag‘ishlanadi. Bu galgi qahramon — Qarshi tumanidagi Chorbog‘-Boyg‘undi qishlog‘i jarchisi Pirnazar Bekniyozov.
Jarchi degan bir kasb bor. Masalan, Namanganning Chortoq tumani Arbag‘ish qishlog‘ida to‘y egasi ehtiyojmandroq bir qarindoshini jarchi qilib yollaydi. U belgilab berilgan xonadonlarga birma-bir kirib, to‘y xabarini yetkazadi. “To‘yxat"ni olgan kishi esa jarchiga ko‘ngildan chiqarib pul uzatadi. Jarchi topgan pullarini o‘zining ehtiyoji uchun ishlatishi mumkin. Buni Arbag‘ishgagina xos odat desa ham bo‘ladi.

Yoki Qo‘qonning ham ayrim manzillarida jarchilar xizmatidan foydalaniladi. Ular ovozkuchaytirgichdan foydalanib goh piyoda, goh velosipedda yurib, odamlarni to‘y yoki janoza bo‘layotgan xonadonlarga chorlaydi.

Bizning bugungi qisqa hikoyamiz esa O‘zbekistonning butunlay boshqa tarafi — Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Shodlik mahallasi Chorbog‘-Boyg‘undi qishlog‘ida yashovchi 61 yoshli jarchi — Pirnazar Bekniyozov haqida. U 20 yildirki qishloq aholisining ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlaridan xabar berib keladi.
61 yoshli jarchi
Qarshi shahridan chamasi 20 km uzoqlikdagi Shodlik mahallasida to‘rtta qishloq bor: Xushvaqt, Chorbog‘-Boyg‘undi, Govxona, Lo‘ndacha. Pirnazar aka Chorbog‘-Boyg‘undining hamma odamlari yaxshi taniydigan mehnatkash bir vakili. Jarchilik unga hamqishlog‘i — rahmatli Eshonqul bobodan meros.
“To‘y yoki janozaga xabar bersam, ovozim olamni tutadi. Hech qanday karnay yoki mikrofonsiz chaqiraman. Ko‘chaboshi „Sizga ovozkuchaytirgich olib beraman, shu bilan xabar berasiz“, degandi bir. Lekin hali olib berganicha yo‘q”
Jarchining xizmat haqi har xil. Har kim ko‘ngildan chiqarib, degandek — kimdir faqat 15 ming so‘m, kimdir 30−40 ming so‘m ham berishi mumkin.
Bugun Pirnazar aka hamqishlog‘i Navro‘z akaning uyida bo‘layotgan to‘y haqida jar soladi. Buning uchun qishloqni bor bo‘yicha tomosha qilish mumkin bo‘lgan Oltintepaga chiqib borish kerak. Jarchining aytishicha, bu yerdan baqirganda uni qishloqning yarmi eshitadi.
“Ahli jamoa!
Navro‘zvoynikiga
to‘yga-hoooo!”
Ammo qishloqning qolgan yarmiga ham to‘y xabarini yetkazish kerak. Buning uchun yo piyoda, yo mashinada, kerak bo‘lsa eshak-arava minib bo‘lsa ham qishloqni aylanib chiqish kerak.

Shu payt Bakir bobo eshak aravasida Pirnazar akaga yo‘liqdi va jarchining iltimosiga hech bir istiholasiz ko‘ndi. Xabar berish eshak-arava ustida davom etdi.
“Oldin ko‘p to‘ylarga xabar berardim, tinmasdim. Endi faqat 100 kishi bilan to‘y o‘tkazasan, dedi-ku, shuning uchun to‘yga ko‘p ham chaqirmaydigan bo‘ldim. Asosan, qabristondagi hasharga yoki janozaga chaqiraman”
Pirnazar akaning aytishicha, qishloqqa baribir jarchi kerak. “Ba'zi joylarda jarchilarga kam pul bergani uchun ko‘pchiligi Rossiyaga ishga ketib qoldi”, — deydi u o‘z kasbining saqlanib qolishidan umidini uzmay.
Jarchilik — Pirnazar akaning asosiy ishi emas. Axir qishloq joy, bu yerlarda har kuni ham to‘y-tadbir bo‘lavermaydi, onda-sonda bo‘ladigan marosimlar haqida jar solishning o‘zi bilan esa ro‘zg‘orni butlash imkonsiz.
Qishloqning o‘ziga to‘q kishilaridan hisoblangan Alisher akaning uyidagi ishlarni bajarib, Pirnazar aka kuniga 45 ming so‘m moyana oladi. Mol-qo‘ylarning go‘ngidan hosil bo‘lgan chalmalarni tashiydi, ho‘kizlarga yem tayyorlaydi, qo‘ylarni boqadi va yana boshqa shunga o‘xshash mayda-chuyda yumushlar.
“Bugun siz tasvirga olasiz, shu bilan ovora bo‘lamiz, deb ishga kelmoqchi emasdim. Lekin kampir: „Ishga boravering!“, deb qo‘ymadi. U kishim do‘kondan savdo qilganlar, shuning pulini ishlayapmiz-da hozir”, — deydi otaxon hazil aralash.
Jarchi yoshlikdagi xonanda bo‘lish orzusiga yetolmagan, aniqrog‘i uydagilari bunga imkon bermagan.
Qo‘shiqchi bo‘la olmagan bo‘lsa-da, u ish davomida Sherali Jo‘rayev, G‘ulomjon Yoqubov kabi ustoz san’tkorlarning qo‘shiqlaridan hirgoyi qiladi, shu tariqa ko‘nglini ovutadi.
To‘ygacha — jarchi,
to‘yda — samovarchi
Pirnazar akani to‘y odami desa ham bo‘ladi. Uni jarchilikdan tashqari samovar qaynatish hunari ham bor. To‘y egasi Navro‘z aka keladigan mehmonlarga choy yetkazib berishni ham Pirnazar akaga ishonib topshirgan.

Samovarga 9 chelak suv ketadi, qaynagach 50 litr choy tayyor bo‘ladi. Lekin samovar degani to‘y qachon tugasa shunda tinadi, samovarchi Pirnazar aka ham shundan keyin dam oladi.
Aksiga olib, bu safar samovar teshik chiqdi. Ne baxtki, suv qaynatishga ishlatiladigan ikkita bochka ham Pirnazar akaning ixtiyorida — choyni endi, noqulayroq bo‘lsa-da, bochkalarda qaynatishga to‘g‘ri keladi.
Pirnazar akaning samimiyati, bolalarcha beg‘uborligini qishloq ahli hamisha ham to‘g‘ri qabul qilavermaydi. Inson o‘z qadr-qimmatini bildirish uchun biroz kek saqlashi, kibrli bo‘lishiga zarurat bordek, o‘ta kamtarin jarchining bundayin samimiyligi o‘tgan-ketganning g‘ashiga tegishi mumkin.

Shu sababdan uni mensimagan, o‘rni kelganda hurmat ko‘rsatmaydigan kishilar ham topiladi. Biroq Pirnazar aka bunday munosabatlarga parvoi palak. O‘z orzu-o‘ylari, havaskorona hirgoyilari bilan kunini o‘zicha mazmunli o‘tkazaveradi.
Eng asosiysi, “yoshim o‘tib qoldi, uyoq-buyog‘im og‘riyapti”, deb yotib qolmagan. Sahar turadi, elni muhim xabardan ogoh qiladi, Rossiyada ishlab kelgan o‘g‘liga yordam bo‘lsin deb, ro‘zg‘orga baholiqudrat ko‘maklashadi.

O‘z kasbiga oshiq bu jarchining ovozi hali o‘ktam, qishloqda sahar turib tinglasang, uning hayqirig‘iga xo‘rozlar ham jim quloq tutadi go‘yo.
Texnologiyalar shaharlarni o‘zgartiradi, bizni olg‘a undaydi va hayotni qulaylashtirishga yordam beradi. Shuningdek, bizni tark etayotgan narsalar haqidagi xotiralarni saqlab qolishga ham imkon beradi.

Taraqqiyot ortida doimo inson, uning mehnati va hikoyasi turishini eslatuvchi “Otameros” loyihasining bir bo‘lagi ekanimizdan mamnunmiz. Zotan biz kelajakni o‘z ildizlarimizga suyangan holdagina qurish mumkinligiga ishonamiz.
Matn va fotosuratlar muallifi: Otabek Turdiyev.

Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Gazeta’ga tegishli.
Gazeta’da e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda