Kuala-Lumpurga sayohat
Foto: Shohruh Haydarov / Gazeta
Zamonaviylik va an’analar uyg‘unlashgan poytaxt
Malayziya poytaxtining o‘rni bundan besh yuz yil ilgari ham botqoq va aholi yashamaydigan bir makon edi. Hozir esa Kuala-Lumpur osmono‘par binolar va savdo markazlariga to‘la, global biznes va turizm tutashgan hamda turli din va millat vakillarini jamlagan zamonaviy va bag‘rikeng megapolislardan biri.

Kuala-Lumpurga sayohatga otlanishdan avval ushbu maqolani o‘qib olish zarar qilmaydi. Unda shaharning me’moriy va tarixiy yodgorliklari, betakror masjidlari-yu boshqa ibodatxonalari, savdo markazlari hamda osmono‘par binolaridan ochiladigan manzaralar, bu shaharda nimalar qilish va qilmaslik kerak, borish shart bo‘lgan joylar va yana boshqa ko‘plab muhim jihatlar haqida so‘z boradi.
Shaharchadan megapolisga
1857-yilda asos solingan va dastlab kichik konchilik shaharchasi sifatida paydo bo‘lgan Kuala-Lumpur nomi malay tilida «loyqa ikki daryoning qo‘shilish joyi» ma’nosini bildiradi, ya’ni shahar ikki daryo — Gombak va Klang qo‘shilishi nuqtasida paydo bo‘lgan.

XIX asrda va XX asrning boshlarida Kuala-Lumpur Buyuk Britaniya mustamlakasi ostida bo‘lgan. Ushbu davrda infratuzilma shakllanib, u muhim siyosiy va iqtisodiy markazga aylangan. Britaniya hukmronligi Malayziyaning ko‘p qismiga ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, qishloq sifatidagi joyga kerak bo‘lgan resurslar va ishchi kuchi hind, xitoy va mahalliy malay jamoalarini bu yerga olib kelgan. Shu tariqa shahar boshidanoq yuqoridan tilga olingani kabi ko‘p millatli, ko‘p dinli, ko‘p tilli bo‘lib shakllangan.

Mamlakat 1957-yilda mustaqillikka erishgach, yangi davlatning siyosiy markazi sifatida Kuala-Lumpurda infratuzilma, ma’muriy binolar, yirik avtoyo‘llar, ta’lim va savdo markazlari qurilgan. 1970–1990-yillar davomida hukumat dasturlari hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish siyosati tufayli shahar zamonaviy arxitektura, ko‘p qavatli binolar va iqtisodiy faoliyatning turli sohalari bilan boyigan. Shu tariqa Kuala-Lumpur Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan megapolislardan biriga aylangan.
Qanday borish mumkin?
Siz bu davlatga Uzbekistan Airways aviakompaniyasi reyslari orqali borishingiz mumkin. Aviakompaniya Toshkent — Kuala-Lumpur — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftalik parvozlarni yo‘lga qo‘ygan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar haftada ikki marta amalga oshiriladi:

  • Toshkentdan uchish chorshanba va yakshanba kunlari soat 23:05 da — Kuala-Lumpurga yetib kelish ertasi kuni soat 09:35 da;
  • Kuala-Lumpurdan uchish dushanba va payshanba kunlari soat 11:00 da — Toshkentga yetib kelish soat 16:00 da.
Aviachipta narxi bir tomonga bagajsiz 2 mln 314 ming, bagaj bilan 2 868 ming so‘mdan boshlanadi. Borish-qaytish esa bagajsiz 4 mln 304 ming, bagaj bilan 5 mln 412 ming so‘mga tushadi. Narxlar maqola e’lon qilingan vaqt uchun aktual, amaldagisini aviakompaniyaning booking.uzairways.com sayti, ilovasi yoki Uzbekistan Airways Sales filiallaridan olish mumkin.

Parvoz davomida sizga ichimliklar, issiq taom va qo‘nish oldi yengil tamaddi hamda shippaklar tarqatiladi.
Viza kerakmi?
O‘zbekiston fuqarolari (2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra) Malayziyaga vizasiz kira oladi hamda shaharda 30 kungacha qolishlari mumkin. Agar sayohat muddati uzoqroq yoki maqsadi boshqa (ishlash, o‘qish va hokazo) bo‘lsa, unda alohida viza olish lozim.

Biroq Malayziyaga kiruvchi barcha xorijiy fuqarolar majburiy Malaysia digital arrival card ma’lumotnomasini olishi shart. Uni mamalakatga uchib kelishdan 1−2 kun oldin to‘ldirish kerak. Hujjatda shaxsiy ma’lumotlar, kelish maqsadi va boshqalar kiritiladi. Sayohatchi kartani to‘ldirgandan keyin uning elektron nusxasi bilan aeroportdagi immigratsiya nazoratidan o‘tish mumkin.
Aeroport va shaharga yetib olish
Shahar markazidan taxminan 45 kilometrlik masofada joylashgan Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti (KLIA) ikkiga: uchib ketish va uchib kelish zonalariga bo‘lingan. Ularni shattl poyezdlar bog‘lab turadi. Yo‘lovchilar mazkur transport orqali uchish va qo‘nish zonalariga yetib oladi. Ushbu terminallar orasidagi safar taxminan 1−2 daqiqa davom etadi va poyezd manzilga yetib borgach, yo‘lovchilar tushishi uchun birinchi navbatda chapdan chiqish eshiklari ochiladi, shundan so‘ng boshqa tarafdagilari ochiladi (yoki teskarisi).

Alohida qayd etish kerakki, qo‘nganingizdan so‘ng aeroport hududida Wi-Fi tarmog‘iga hech qanday kod va avichipta ma’lumotlarini kiritmasdan ulanish imkoni yaratilgan.

Kuala-Lumpur aeroporti jamoat transporti tizimi bilan ham yaxshi bog‘langan. Siz aeroportdan shahar markaziga yetib olishingiz uchun avtobus, poyezd va taksi variantlari bor.
Poyezdlar KLIA Ekspres va KLIA Transit bo‘lib, ekspres shaharga tezroq, tranzit esa yo‘lda boshqa stansiyalarga to‘xtashga muhtoj bo‘lganlar uchun qulay. Chiptalar faqat bir tarafga kattalar uchun 55 ringgit (2025-yil 13-noyabr holatiga ko‘ra, $13 atrofida), bolalar uchun 25 ringgit ($6 atrofida), 6 yoshgacha bo‘lganlarga bepul. Tranzit yo‘nalishda shahar markazigacha bo‘lgan bekatlargacha narxlar arzon bo‘lishi mumkin.

Avtobuslar ham qulay va konditsionerli. Ular asosiy terminaldan chiqishda joylashgan, unga yetib olish uchun LCCT Shuttle Service yozuvi bo‘ylab borish kerak. Avtobuslar har yarim soatda bir yuradi (06:30 dan 00:30 gacha). Bilet narxi bir tomonga 10 ringgit ($2,5 atrofida).

Kuala-Lumpurda eng ommabop taksi chaqirish ilovasi bu — Grab. Ko‘pfunksiyaliligi jihatidan u O‘zbekistondagi «Яндекси Такси»ga o‘xshash. Kuala-Lumpurda ko‘cha taksilaridan ko‘ra Grab ilovasi orqali taksi chaqirish ko‘proq tavsiya etiladi, chunki u ham arzon, ham ishonchli, ham qulay. Bu sizga aeroportdan shahargacha taxminan 60−70 ringgitga ($17 atrofida) tushishi mumkin.
Tavsiyalar
Malayziya poytaxti nafaqat binolari, balki iqlimi, odamlari va maromi bilan ham boshqa shaharlardan farq qiladi. Shuning uchun yo‘lga chiqishdan avval bir necha omillarni hisobga olish foydadan xoli bo‘lmas.
  • Ob-havo
    Kuala-Lumpur tropik iqlimda joylashgan. Bu shaharda yil davomida issiq va nam havo kuzatiladi. Harorat odatda +25…+35 daraja atrofida bo‘lib, yog‘ingarchilik, ayniqsa, noyabrdan martgacha bo‘lgan davrda ko‘p bo‘ladi. Sayrga chiqqan odam dim havo sababli tez charchashi mumkin, shuning uchun, safarda qulay, yengil kiyim kiyish, quyoshdan himoyalanish uchun ko‘zoynak taqib olish tavsiya etiladi.
  • Til
    Mamlakatda rasmiy til malay tili, lekin ingliz tili ham keng tarqalgan va ko‘pchilik odamlar, ayniqsa, yoshlar va xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodimlar ingliz tilini yaxshi biladi. Shu sababli, turistlar uchun ingliz tilida muloqot qilish odatda qiyinchilik tug‘dirmaydi.
  • To‘lov
    Rasmiy valyuta — Malayziya ringgiti. 1 ringgit odatda 1 RM deb yoziladi. Valyuta almashtirish uchun aeroportdan ko‘ra shahar markazidagi rasmiy ayirboshlash punktlari qulay va arzon. Visa kartasi orqali to‘lovda qiynalmaysiz - ular deyarli har qanday xizmat ko‘rsatish sohasi yoki savdo do‘konlarida topiladi. Naqd pul strit-fud yoki kichik ko‘cha do‘konlarida kerak bo‘lishi mumkin.
  • Internet
    Kuala-Lumpurda bepul Wi-Fi’ni topish oson: u ko‘plab kafelar, restoranlar, mehmonxonalar qabulxonasi va savdo markazlarida mavjud, shunchaki, xodimlardan parolni so‘rash kifoya. Mamlakatda G turidagi rozetka (Buyuk Bratiniya standarti) ishlatiladi. Adapter olib kelish tavsiya qilinadi.
Jamoat transporti
Avtobus, metro va monorels soat 06:00 dan 23:00 gacha harakat qiladi. Ayrim maxsus avtobus yo‘nalishlari, masalan aeroportga boruvchilari 24 soat xizmat ko‘rsatadi. Oddiy yo‘nalishlarda bilet narxi 1−3 ringgit (2-8 ming so‘m trofida).

Metro ham shu vaqt oralig‘ida ishlaydi. Yo‘nalish va masofaga qarab chipta narxi 1−4 ringgit orasida bo‘ladi. Metro shaharning asosiy hududlarini, biznes markazlari, savdo markazlari va turizm nuqtalari bilan bog‘laydi.

Monorelsning narxi ham yo‘nalish va masofaga qarab 1,5−3 ringit atrofida. Uning yo‘nalishi 8,6 kilometrni tashkil etib, jami 11 ta stansiyadan iborat. Monorels qisqa masofalar uchun qulay, ko‘pincha shahar markazida xizmat qiladi. Yo‘lovchilarga shahar panormasinini ko‘rish imkonini beradi.

Kuala-Lumpur jamoat transportida to‘lovlar odatda Touch’n Go nomli kontaktsiz elektron karta amalga oshiriladi. Bu kartani aeroportlarda, metro stansiyalarida yoki turli do‘konlarda (masalan, 7-Eleven, Petronas Mesra) xarid qilish mumkin. Ko‘chada buyumlaringizni doimo nazoratda ushlab yurish tavsiya qilinadi. Ayniqsa, gastronomik ko‘chalarda va gavjum turistik joylarda.
Qayerlarga albatta borish kerak?
Shaharni ilk bor ko‘rgan odamni hayratda qoldiradigan jihat — osmono‘par binolar bilan qorishib ketgan an’anaviy ibodatxonalar, ko‘chalardagi turli millat va din vakillarining hamjihatlikdagi turmushi manzaralari bo‘lsa kerak. Quyida shaharning albatta borib ko‘rishga arziydigan manzillar, madaniy va tarixiy yodgorliklar, savdo va dam olish markazlari haqida so‘z boradi.
1
Petronas Towers
Kirish: bepul
Sayohatni shaharning tashrif qog‘oziga aylangan bino — Twin Towers (egizak minoralar)dan boshlamasa bo‘lmas. Kuala Lumpur City Centre (KLCC) — Kuala-Lumpur shahri markazidagi bu obyekt Malayziya identifikatsiyasining asosiy belgisidir. Bu egizak minoralar mamlakat haqidagi reklama roliklari, sayyohlar uchun mo‘ljallangan yoki davlat imidjini aks ettiruvchi har qanday materialda uchraydi.

1990-yillar boshida Malayziya hukumati mamlakatni sanoatlashtirish, millionlab turistlarni jalb etish va xalqaro biznes markaziga aylantirish maqsadini qo‘yadi. Bu g‘oyani amalga oshirishda Petronas kompaniyasi — milliy neft-gaz korporatsiyasi asosiy kuch sifatida maydonga chiqadi. Aynan shu kompaniya tomonidan mazkur bino qurilishi 1992-yilda boshlangan va 6-yilda yakunlangan. Loyihani argentinalik me’mor Sezar Pelli ishlab chiqqan. Qurilish ishlarining asosiy qismini Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari bajargan.

Islomiy geometrik simmetriyaga asoslangan yulduzsimon strukturaga ega bino balandligi 452 metr, 88 qavatdan iborat. Agar yuqoridan qaralsa, ular ikki marotaba bir-biriga tushirilgan kvadratlardan tashkil topgan sakkiz qirrali yulduzga o‘xshaydi. Bu islom me’morchiligida keng uchraydigan geometriya. Shunday ekan, bino tashqi jihatdan zamonaviy bo‘lsa-da, u milliy va diniy estetika bilan bog‘langan.

Ikki minora o‘rtasidan o‘tgan ko‘prik faqatgina estetik bog‘lovchi element bo‘libginma qolmay, xavfsizlik maqsadida qurilgan evakuatsiya yo‘li hamdir. Skybridge 41−42 qavatlarda joylashgan va dunyodagi eng baland ko‘prik sanaladi.
Twin Towers 1998−2004-yillarda dunyodagi eng baland bino bo‘lib turgan, so‘ngra o‘z o‘rnini Dubaydagi Burj Halifaga bo‘shatib bergan (bu haqda batafsil Dubay safari haqidagi maqolada o‘qishingiz mumkin). Hozir u umumiy balandlik bo‘yicha dunyo top-20 taligiga kiradi. Qolaversa, eng baland egizak minoralar reytingida birinchiligini saqlab qolgan.

Minoralar ostida Suria Mall savdo markazi joylashgan bo‘lib, u mamlakatdagi premium darajadagi tijorat maydonilaridan biri sanaladi. 6 qavatli savdo markazi supermarket, fudkort, kitoblar, texnika va maishiy tovarlar, luxury-brend kiyim-kechaklar, kosmetika va aksessuarlar do‘konlari va akvariumga ega. Bu yerda siz uchun ovqatlanishda katta tanlov bor: byudjetdan premiumgacha.
Savdo markazi faqat shoping uchun emas, balki markaziy shahar maydoni, ya’ni odamlar uchrashadigan, dam oladigan, ko‘ngil ochadigan makon vazifasini ham bajaradi. Chunki undan siz Kuala-Lumpur markaziy bog‘iga chiqasiz.
2
KLCC bog‘i va As-Syakirin jome masjidi
Kirish: bepul
Egizak minoralar ostida joylashgan 20 gektarlik katta shahar bog‘i poytaxtining asfalt va shisha bilan to‘lgan hayotiga havo va tabiat rangini kiritish maqsadida yaratilgan. U braziliyalik mashhur landshaft me’mori Roberto Burle Marks tomonidan loyihalashtirilgan. Unda markaziy ko‘l, fontan, yugurish yo‘laklari, bolalar maydonchasi va piknik zonalari bor.

Bog‘ yonida 1990-yillar oxirida qurilgan As-Syakirin jome masjidi ham bo‘lib, dastlab u KLCC hududidagi kichik jamoat masjidi sifatida qurilgan, ammo egizak minoralar va KLCC majmuasi o‘sishi bilan u ham kengaytirilgan. Bu kengaytirish vaqtda masjidda malay an’anaviy uslubi va turk me’morchiligidan ilhomlangan elementlar qo‘shilgan.
12 ming kishini sig‘dira oladigan masjid nomi As-Syakirin — «shukr qiluvchilar», «shukr ahli» ma’nosini beradi. Bino minimalizmga yaqin, ammo islomiy identifikatsiyani yo‘qotmagan holda qurilgan.

Tashqi hovlisida tabiiy havo aylanish imkoniyati bor va bu Kuala-Lumpurning issiq iqlimiga mos tushadi. Shahar markazida, osmono‘par binolar orasidagi bu masjid Malayziyaning zamonaviylik va an’anaviylik konsepsiyasini yaqqol ko‘rsatib turadi.
Xulosa qilib aytganda, siz Twin Towers’ga kelish orqali birdaniga uchta lokatsiyani ko‘rib ketish imkoniga ega bo‘lasiz.
3
Mustaqillik maydoni
Kirish: bepul
Mustaqillik maydoni (Merdaka Square) — Kuala-Lumpur markazida joylashgan tarixiy maydon bo‘lib, Malayziya uchun davlat mustaqilligi ramzi. Aynan shu yerda 1957-yil 31-avgustda mamlakat Buyuk Britaniyadan rasman mustaqilligini e’lon qilgan va birinchi marta davlat bayrog‘i ko‘tarilgan.

Britaniya mustamlakasi davrida kriket maydoni sifatida foydalanilgan maydon shu kundan boshlab milliy xotira va faxr joyiga aylangan. Uning atrofida milliy tarix, islohotlar va me’morchilikni aks etuvchi muassasalar ham joylashgan.

Ulardan biri Sultan Abdul Samad binosi bo‘lib, XIX asr me’morchilik yodgorligi hisoblanadi. Mazkur obyekt shaharning asosiy tarixiy ramzlaridan biridir, biroq sulton bu binoga bevosita aloqador bo‘lmagan, bu yondashuv o‘sha davr siyosiy ehtirom an’analariga mos bo‘lgan.
1894−1897-yillarda qurilgan bu bino Britaniya mustamlaka ma’muriyati uchun xizmat qilgan, hozir esa bu yerda Malayziya Madaniyat vazirligi joylashgan.

Binoda mavritancha, islomiy va qisman hind-ingliz uslubi elementlari qo‘llangan. Uning o‘rtasidagi soat minorasi asosiy vizual markaz hisoblanib, balandligi 41 metrni tashkil qiladi. Kechqurun yorug‘likda bino oltin-qizg‘ish rangda yonib, ajib manzara hosil qiladi.
Hozirda binoni saqlash va madaniy markaz sifatida rivojlantirish maqsadida restavratsiya ishlari ketmoqda. Binoning tashqi ko‘rinishi ko‘pchilikka ochiq, ammo ichki qismiga kirish cheklangan.
4
Jamek masjidi
Kirish: bepul
Mustaqillik maydonidan biroz yursangiz, qarshingizda Jamek masjidi chiqadi. U 1909-yilda qurilgan bo‘lib, shaharning markazida, ikki daryo — Klang va Gombakning qo‘shilish joyida qurilgan. Bu masjid arxitekturasida hind va mavritancha uslublar aks etgan. Uning uch yirik gumbazi va ikki minorasi mavjud.

Hozirgi kunda Jamek masjid nafaqat ibodat joyi, balki turistlar uchun ham qiziqarli manzil hisoblanadi.
Masjid atrofidagi bog‘lar, ko‘chalar va daryo bo‘yi sayyohlarga dam olish va shaharning tarixiy qirralarini o‘rganish imkonini beradi. Ana shunday nuqtalardan biri esa bu — River of life.
5
Hayot daryosi
Kirish: bepul
Shahardagi ikki daryo tutashgan nuqta shunday ataladi va bu bejiz emas. Bir vaqtlar bu joylar qarovsiz yerlar bo‘lgan. O‘shanda Malayziya hukumati ifloslangan Klang daryosini tijorat qiymatiga ega gullab-yashnayotgan va jonli qirg‘oqqa aylantirish uchun River of life (Hayot daryosi) nomli obodonlashtirish va ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihaga start bergan.

2011-yilda boshlangan ishlar davomida daryoni tozalash, uning suv sifatini yaxshilash va qirg‘oqbo‘yini obodonlashtirishga kirishilgan.
Bu loyiha orqali daryo atrofidagi joylar tozalangan, suv bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilgan va ko‘plab turizm zonalari, kafe, restoranlar va savdo markazlari yaratilgan.
6
Markaziy bozor
Kirish: bepul
Daryo bo‘ylab janub tomon yurib borarkansiz, ko‘zingiz Markaziy bozor (Central market)ga tushadi. 1888-yili ochilgan bu joy asosan mahalliy aholi uchun oziq-ovqat va kundalik mahsulotlarni sotuvchi muassasa edi.

Keyinchalik u madaniy markazga aylantirildi va bu yerda turistik tovarlar keng sotila boshlangan.
Bu yerda sovg‘a va esdalik buyumlari tanlovi juda katta — hunarmandchilik mahsulotlari, suvenirlar, quritilgan meva va choylar, mahalliy kiyim-kechaklar va boshqalar.

Bozor atrofida mahalliy va xalqaro taomlarni taklif qiladigan ko‘plab kafe va restoranlar ham mavjud.
7
Kuala-Lumpur minorasi
Kirish: bepul. Kuzatuv maydoniga chiqish: 140 ringgit ($34 atrofida).
Kuala-Lumpur minorasi (KL Tower) shaharning eng mashhur inshootlaridan biri sanalib, u 1996−1998-yillar oralig‘ida qurilgan. Balandligi 421 metr bo‘lgan minora qurilishi radio va telekommunikatsiya signallarini uzatish maqsadida boshlangan bo‘lsa-da, u yerda kuzatish maydonchasi, restoranlar va turli madaniy tadbirlar uchun maydonchalar ham o‘rin olgan.
Kuzatish maydonchasi 276 metr balandlikda, u yerga chiqqan tashrif buyuruvchilar shaharning butun ko‘rinishi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, minora ostida dam olish zonasi, restoran va do‘konlar joylashgan.
Bir deganda butun shaharni ko‘rishni va Kuala-Lumpur ko‘z oldingizda kaftdek namoyon bo‘lishini istasangiz, bu nuqta ayni muddao bo‘ladi.
8
Batu g‘orlari
Kirish: bepul
Batu g‘orlari (Batu Caves) shahar markazidan taxminan 13 km uzoqlikda joylashgan va u yerga avtobus yoki poyezd orqali yetib borish mumkin. Ushbu manzil Malayziyadagi eng qadimiy va mashhur hind ziyoratgohlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda hinduizmning Shiva ma’budiga bag‘ishlangan ibodatxona joylashgan.

Transportdan tusharkansiz, sizni ulkan sariq rangli haykal, yuqoriga cho‘zilgan rang-barang zinapoyalar va ular ortidagi yashil cho‘qqilar qarshilaydi. Tepadagi g‘orga kirish uchun 272 zinapoyadan iborat yo‘lni bosib o‘tish kerak. Bu zinapoyalar sayyohlarni hayratga soluvchi ajoyib manzaralarni taqdim etadi.

G‘orlar ichida bir necha ibodatxona va hindlar uchun muqaddas hisoblangan hududlar joylashgan. Undagi harorat va namlik darajasi sayyohlar uchun qulay bo‘lib, tabiiy havo va nurlar betakror atmosfera yaratadi.
Pastda qolgan, balandligi 42,7 metr bo‘lgan katta sariq rangli Murugan ma’budining haykali Osiyodagi hind ma’budlari sharafiga o‘rnatilgan eng katta haykal hisoblanadi.

Batu g‘orlari nafaqat diniy ziyoratgoh, balki keng miqyosli sayyohlik markazi ham. Bu yerda mahalliy suvenirlar sotiladigan do‘konlar va turli oshxonalar bor.
Bu yerda diqqatni tortadigan yana bir jihat — maymunlar. Ular shu darajada ko‘pki, oyoq ostida o‘ralishishi, qo‘ldagi o‘zi uchun qiziq ko‘ringan buyumlarni olib qochishi va ba’zida sheriklari bilan oshkora mushtlashuv boshlab yuborishi ham mumkin.
9
Milliy masjid (Negara)
Kirish: bepul
Kuala-Lumpurdagi Milliy masjid mamlakatning eng katta va muhim masjidlaridan biri bo‘lib, Malayziyaning milliy madaniyati va diniy merosining ramzi hisoblanadi. 1965-yili ochilgan bu masjid shaharning me’moriy va madaniy hayotidagi eng ko‘zga ko‘rinarli manzillardan biri ham.

Uning arxitekturasidagi eng ko‘zga tashlanadigan xususiyati — devorlari va 16 burchakli yopiq tomi. Tomning dizayni Malayziyadagi 13 ta hududni ifodalaydi. Masjidning umumiy hududi va bir vaqtda 15 000 namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Masjid atrofidagi bog‘lar, favvoralar va osoyishta muhit mehmonlar va ziyoratchilar uchun juda qulay va jozibador bo‘lib, bu joylar madaniy tadbirlar, diniy ta’lim va jamoat uchrashuvlari uchun ham xizmat qiladi.
10
Alor gastronomik ko‘chasi
Alor gastronomik ko‘chasi (Jalan Alor) shaharning eng mashhur va jonli ko‘chalaridan biri bo‘lib, asosan turli milliy oshxonalar va ko‘cha taomlarini tortiq qiladi.

Bu — ko‘cha ovqatini sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydiganlar uchun eng mos joy. Alorda malay, hind, xitoy va boshqa xalqlar oshxonalari bilan tanishi mumkin.
Bu ko‘cha shaharning markaziy qismida, Bukit Bintang hududida joylashgan. U haqiqiy ma’noda tungi vaqtda jonlanadi. Shundan ham Kuala-Lumpurda kun-u tun hayot qaynashini tasavvur qilish mumkin.
10
Bukit Bintang hududi
Jalan Alor ko‘chasi yaqinida Kuala-Lumpurning ko‘ngilochar, savdo va madaniy markazi sifatida tanilgan Bukit Bintang hududiga tushasiz. Bu joy shahardagi turistlar va mahalliy aholi uchun asosiy istirohat nuqtasi hisoblanadi, u yerda har xil savdo markazlari, restoranlar, klublar va oziq-ovqat majmualari joylashgan.

Bukit Bintang shahar markazida, Kuala-Lumpurning asosiy transport va turizm oqimlari o‘rtasida joylashgan. Bu hududning geografik joylashuvi unga har tomondan osonlikcha yetib borish imkonini beradi.
Bukit Bintang‘da shaharning eng katta va mashhur savdo markazlari, masalan, Pavilion Kuala Lumpur, Lot 10, Fahrenheit 88 va Berjaya Times Square kabi katta komplekslar joylashgan. Bu yerda dunyodagi eng mashhur brendlar va mahalliy dizaynerlarning mahsulotlari sotiladi.
10
China Town
Bu joy Malayziyaning Xitoy jamoasi madaniyati va tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, u Petaling ko‘chasida, Kuala-Lumpurning eski qismlaridan birida joylashgan. Hudud kichik ko‘chalar va savdo do‘konlari bilan to‘lgan bo‘lib, sayyohlar uchun suvenirlar, kiyim-kechak, hunarmandchilik mahsulotlari va turli xil tovarlar sotiladi.

Petaling ko‘chasi va atrofidagi yo‘laklarda ko‘plab grafitlar uchraydi. Bu grafittilar China Town’ga o‘zgacha ruh va, ayni damda, zamonaviylik ham bag‘ishlaydi, mahalliy san’atkorlar va yoshlar tomonidan yaratilgan ko‘cha rassomchiligi sayyohlarni jalb qiladigan muhim elementga aylangan. Har bir grafitti o‘zida biror hikoyani mujassam etgan bo‘lib, aksariyati Kuala-Lumpurning ko‘pmillatli jamiyati va madaniyatini aks ettiradi.
Nimalardan yeb ko‘rish kerak?
Malayziya taomlari go‘yo xitoy, hind va tay oshxonasining qorishmasiga o‘xshaydi. Janubiy-Sharqiy Osiyoga ilk bor kelgan kishi uchun ular dastlab biroz yoqmasligi ham mumkin. Chunki g‘ayrioddiy masalliqlar, o‘tkir hidli ziravorlar va butunlay tushunarsiz nomlar ikkilantirib qo‘yadi.

Shunday bo‘lsa-da, ayrim taomlarni qo‘rqmasdan sizga tavsiya qilishga qaror qildik. Axir bir necha kunga O‘zbekistondan tashqariga chiqib, yana o‘zbek oshxonasini qidirib yurmaysiz-ku, to‘g‘rimi? Sayohatdan maqsad — yangi taassurotlar, yangi hissiyotlar, shuningdek, yangi ta’mlarni kashf qilish emasmi?

  • Satey
    Dengiz mahsulotlari, tovuq yoki mol go‘shtidan tayyorlanadigan bu taom tayyorlanishi va ko‘rinishidan o‘zbekcha shashlikka o‘xshaydi, faqat hajmi kichikroq. Lekin shashlikka qo‘shib beriladigan yeryong‘oq qaylasi sizga butunlay yangi bir ta’mni taqdim etsa ajab emas.
  • Nasi lamak
    Kokos sutida pishirilgan guruch qovurilgan tovuq go‘shti yoki baliq, piyoz, qaynatilgan tuxum, bodring va achchiq sous bilan birga, banan barglariga solib, dasturxonga tortiladi. Bu taomni malaycha palov desa ham bo‘ladi, u Malayziya milliy taomlari orasida eng taniqlisi ham.
  • Tex tarik
    Bu sutli qora choy bo‘lib, Malayziyaning milliy ichimligi hisoblanadi. Choy bir idishdan ikkinchisiga balanddan quyish orqali ko‘pirtiriladi va shunda uning o‘ziga xos ta’mi hosil bo‘ladi. Bu choyni issiq holida ham, sovitilgan holda ham ichish mumkin.
Uyga nima olib ketish mumkin?
  • turli xil choylar va mahalliy kofe turlari (masalan, White Coffee juda mashhur);
  • an’anaviy batik texnikasida tayyorlangan mato va kiyimlar (masalan, sharflar va ko‘ylaklar);
  • mahalliy shirinlik va sneklar (masalan, Kuih-Muih nomli an’anaviy malay shirinligi);
  • qo‘lda tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari (masalan, qog‘ozga tikilgan lotos gullari, mahalliy san’at asarlari, haykalchalar);
  • KL Tower, Batu Caves, Petronas Twin Towers kabi mashhur joylarni aks ettiruvchi magnitlar, otkritkalar va boshqa kichik sovg‘alar.
Shunday qilib, Kuala-Lumpurni zamonaviylik va an’analar uyg‘unlashgan shahar, deyish mumkin. Agar Janubiy-Sharqiy Osiyo qalbini his etmoqchi bo‘lsangiz, albatta Kuala-Lumpurga ham kirib o‘ting.

U nafaqat arxitekturasi, osori-atiqalari, parklari-yu taomlari bilan, balki, maqolamiz boshida ta’kidlanganidek, turli din va millat vakillarini totuvlikda birlashtirgan madaniy muhiti bilan kishini hayratga sola oladi.

Qayerga bo‘lsa ham, albatta sayohat qiling!
Material Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ko‘magida tayyorlangan
Matn va fotosuratlar muallifi— Shohruh Haydarov.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Made on
Tilda