Jiddadan keltirilgan “Al-Musalla”, “Qonayotgan yurak” va “Yulduzlar ummoni”
Buxoro biyennalesidagi installyatsiyalar
Zamonaviy sanʼat biyennalesidagi xalqaro va mahalliy ijodkorlar kollabratsiyalari asosida yaratilgan loyihalar, zamonaviy yondashuv anʼanalarni inkor etmasligi, oʻtmishning bugun bilan uygʻunlashuvi, aksincha, oʻziga xos sanʼat asari yaratilishiga sabab boʻlishi mumkinligiga bir isbotdir. Gazeta bunga misol boʻladigan installyatsiyalarni jamladi.
Zamonaviy sanʼat biyennalesidagi xalqaro va mahalliy ijodkorlar kollabratsiyalari asosida yaratilgan loyihalar, zamonaviy yondashuv anʼanalarni inkor etmasligi, oʻtmishning bugun bilan uygʻunlashuvi, aksincha, oʻziga xos sanʼat asari yaratilishiga sabab boʻlishi mumkinligiga bir isbotdir. Gazeta bunga misol boʻladigan installyatsiyalarni jamladi.
Buxoroda 5-sentabrda boshlangan “Qalblar dardiga darmon” zamonaviy san’at biyennalesining tugash sanasi 20-noyabrdan 23-noyabrga ko‘chirilgan. Gazeta avvalroq ko‘rgazmani qanday tomosha qilish haqida qo‘llanma tayyorlab, unda asosiy installyatsiyalar haqida ham hikoya qilgan.

Ammo 140 dan ortiq ijodkorning 70 dan ziyod art loyihasini o‘zida jamlagan biyennalening boshqa, qolgan loyihalari ham bir-biridan ajoyib va o‘ziga xos. Shunday ekan, turli mualliflarning qalblarga dardiga darmon bo‘ladigan retseptlari bilan tanishish ziyon qilmaydi.
“Al-Musalla”
Ko‘rgazmaning me’morchilik yo‘nalishidagi betakror obyektlaridan biri EAST Architecture Studios me’morlik byurosi, AKT II xalqaro injenerlik kompaniyasi va rassom Reyyan Tabet bilan hamkorlikda, rassom Anni Albersning “On weaving” nomli kitobidan ilhomlanilgan shu nomli loyihadir.
U ilk bor 2025-yil yanvarda Saudiya Arabistonining Qirol Abdulaziz xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan Islom san’at biyennalesida namoyish qilingan. Diriyah Biennale fondining xalqaro arxitektura tanlovi — “Al-Musalla"da birinchi o‘rinni egallagan ushbu loyiha Jiddadan Buxoroga ACWA Power energetik kompaniyasi tomonidan olib kelingan.

“Inshoot 150 ta xurmo daraxtining ikki tonnadan ortiq po‘stloqlarini qayta ishlash natijasida bunyod etilgan. Ip holiga keltirilgan tolalar tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan. Masalan, qizil uchun za’faronli xinadan, sariq uchun kurkuma, yashil uchun bo‘lsa zaytun moyidan foydalanilgan”, — deydi biyennale mediatori Zebuniso Abdullayeva.
реклама
реклама
Loyiha ziyoratgohlardagi hovli tipologiyasi, Saudiya Arabistonida xurmo daraxtidan qurilish materiali sifatida foydalanish an’anasi va Fors ko‘rfazi mintaqasiga xos bo‘lgan qadimiy to‘qimachilik texnologiyasiga ishora qiluvchi san’atni birlashgan. jami 80 kishiga mo‘ljallangan installyatsiya qismlarga ajratilgan bo‘lib, unda ayol va erkaklar alohida ibodat qilishi mumkin.

“„Al-Musalla“ loyihasi Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi umumiy islomiy va madaniy an’analarni aks ettiradi. Loyiha Ipak yo‘li bo‘ylab tarixiy bog‘liqlikni qayta eslash, an’analarga tayangan barqaror dizayn yaratish va zamonaviy arxitektura merosni qanday saqlashi mumkinligini ko‘rsatishga qaratilgan”, — deydi biyennale mediatori Zebuniso Abdullayeva.
“Shifo”
Ko‘rgazmadan iste’dodli fotograf Behzod Boltayevning fotosuratlari ham o‘rin olgan. Topshirgan 100 ta ijodiy ishidan 9 tasi saralab olingan muallif biyennale mavzusidan kelib chiqib, suratlariga “Shifo” deb nom bergan. Bunga ma’naviy oziqani qalb uchun eng yaxshi shifo, deb bilishi qaychidir ma’noda sabab bo‘lgan.
“San'atning ma’naviy oziqa berishdagi roli beqiyos. Fotografiya san’atining esa hissiyotlar, idrok va xotiraga katta ta’sir qilishiga ishonchim komil. Suratlar tomoshabinni fikrlashga undaydi, ularning yodida qoladi xamda kun sayin noyoblashib borayotgan odamlar orasidagi mehr-oqibat, muruvvat tuyg‘ularini uyg‘otadi”, — deydi Behzod.
Behzod Boltayevning biyennaledan oʻrin olgan suratlari
Bolalik davri, oila qurish, farzandli bo‘lish va hayotning oxirgi manzilini o‘zida aks ettirgan suratlar shamoldek uchib o‘tadigan umrga ishora qiladi. Behzod bu ishlarni namoyish qilishda yangicha uslubdan foydalanib, keramikaga chop etgan. Bunda u keramikachi-musavvir Dilnoza Karimova bilan hamkorlik qilgan.

“Suratlarda biroz kontrast — oq va qora bilan ishlagan bo‘lishim mumkin, lekin fotografiyada filtr va shu kabi vositalar bilan ishlashni yoqtirmayman. Dunyoga fotoshopsiz ham go‘zal ijod qolish mumkinligini ko‘rsatishni xohlayman”, — deydi u.
“Al-Jabr va Al-Jazr: davolash algoritmi”
Arabistonlik me’mor va rassom Ahmad Angaviyning o‘zbekistonlik Elyor Jumayev bilan hamkorlikda yaratgan installyatsiyasini — oddiylik va mantiq, fan va hunarmandlikning o‘ziga xos umumlashuvi deyish mumkin.
“„Al-jabr“ va „Al-jazr“ atamalarining etimologiyasini o‘rgangan Angavi parchalangan qalb, geometriya yoki raqamlarni bilim orqali qanday qilib muvozanatga keltirish mumkinligini tasvirlamoqchi bo‘lgan. Bu g‘oyaga Buxorodaning an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi yordami bilan „hayot bergan“”, — deydi Zebuniso Abdullayeva.
Foto: Ahmad Angavining Instagram sahifasidan
реклама
реклама
Elyor Jumayevning yog‘och panjarali “ekran"i algebra formulasidek aniq va o‘zgarmas ko‘rinishda. Uning ortidagi ranglar esa algoritmik ritmda harakatlanadi. Zebuniso Abdullayevaning ta’kidlashicha, bu Ibn Sinoning ranglar terapiyasi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, qizil — hayotiy kuch, sariq — tinchlik, ko‘k rang esa xotirjamlikni ifodalaydi.
“Qonayotgan yurak”
O‘zbekistonlik ijodkorlar — zardo‘z Nodir Rasulov, so‘zanachi Madina Qosimboyeva va yog‘och o‘ymakori Abdulla Abdurazzoqov bilan hamkorlik qilgan fransiyalik Yeva Jospenning “Qonayotgan yurak” asari ikki xil ma’noni o‘zida aks ettiradi.
Asosi yog‘ochdan ishlangan moviy fondagi qizg‘ish-jigarrang va yashil rangli kashtalarda boshqa bir nomi “Qonayotgan yurak” bo‘lgan ditsentrani ko‘rish mumkin. Shuningdek, ayni vaqtda insonning ichki holati — yaralangan qalbga ham ishora qilinadi.

“Asarning „Qonayotgan yurak“ deb atalishi bejiz emas. Tasvirga yaxshilab nazar tashlansa, o‘simlik o‘sgani sari ochilib, gurkiraganini payqaysiz. Bu kun kelib qalbdagi yaralar bitishi, yuragi parchalanganiga qaramay, inson yashashda, gullab-yashnashda davom etishi mumkinligini ifodalaydi”, — deydi Zebuniso.
“Yulduzlar ummoni”
Tarixiy karvonsaroyning qoq o‘rtasidagi — yorqin rang va zamonaviy abstrakt tasvir tashrif buyuruvchilar e’tiboridan chetda qolmaydi. Biyennaledagilarga fotomaydoncha vazifasini o‘tayotgan ushbu installyatsiya nomsiz bo‘lib, u braziliyalik muallif Marina Perez Simaonning loyihasidir.
Rang va dinamik shakllar bilan borliq haqida mulohazaga undaydigan ijodkor ushbu loyihani Buxoroning Minorayi Kaloni, Mir Arab madrasasi, Bahouddin Naqshband tasavvuf majmuasi kabi diqqatga sazovor joylarning ta’mirlash ishlarida ishtirok etgan restavratsiyachi me’mor Baxtiyor Bobomurodov bilan hamkorlikda amalga oshirgan.
Mediatorning tushuntirishicha, keramik mozaikada yulduzlar ummonini aks ettirish uchun Marina geografik koordinatalarni aniqlash imkonini beradigan astralyabiyalar, shuningdek, mintaqaning samo ilmiga qiziqqan tarixiy shaxslari — astronomlar, matematik va shoirlaridan ilhomlangan.

“Ilojsiz, umidsiz qolgan yoki tushkunlikka tushgan odam odatda samoga boqib, undan javob izlashini yaxshi bilgan muallif ko‘kdan karvonsaroy poli uzra yog‘iladigandek tasavvur paydo qiladigan, odamlarga sayr qilish, raqsga tushish va san’atga yaqinlashish imkonini beruvchi xayoliy koinot xaritasini yaratishni maqsad qilgan”, — deydi Zebuniso.
“Bir matoning parchasi”
Migratsiya, o‘zlik, mustamlakachilik, shuningdek, Markaziy Osiyo va uning diasporasidagi xotin-qizlarga nisbatan munosabatlarni o‘rganuvchi Aziza Qodiriy ham ko‘rgazmada o‘z loyihasi bilan ishtirok etgan.
Muallifning Amerikada suv xo‘jaligi va melioratsiya bo‘yicha izlanishlar olib borgan tadqiqotchi bobosiga bag‘ishlangan “Bir matoning parchasi” nomli asari ikki qismdan iborat.

Kashtachilik ustasi Yulduz Muhiddinova bilan hamkorlikdagi birinchi qism so‘zanadagi o‘zbek kashtalari va paxta tozalash mashinalarining mexanik shakllarini o‘zida birlashtiradi. Rassom Matyo Bissonnett bilan hamkorlikdagi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ikkinchi qismda esa armon bo‘lib qolgan so‘zlar o‘rin olgan.
“Xorijdaligida bobosi vafot etgan muallif, dafn marosimiga yetib borolmagan. Aytilmagan gaplari, bolalik xotiralari uchun ifoda qilib ulgurilmagan minnatdorlik tuyg‘usi armon bo‘lib qolgan. Qog‘ozlar orasidan bobosining Amerikadagi hayoti, ilmiy izlanishlari, safar taassurotlari, hatto she’rlarini ham jamlagan kundalik topib olgan. Installyatsiyadagi barabanlar ustiga tushirilgan qaydlar aynan o‘sha kundalik sahifalaridan olingan. U o‘z kechinmalarini san’ati orqali yetkazishni istagan”, — deydi mediator.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kundalikda shuningdek, Kolorado va Sirdaryo daryolari taqqoslangan qaydlar ham bo‘lgan. Installyatsiyada qo‘llangan sariq va to‘q sariq ranglar o‘sha Kolorado, Arizona kabi janubiy shtatlardagi sahro landshaftlari haqidagi eslatmalarni jonlantiradi.
“Qutadg‘u bilig”
Yana bir qiziq obyektlardan biri — xirom aylayotgan, doira chalayotgan insonlar aks etgan loyiha. Asarga asos sifatida polietilen paketlardan foydalanilgani va ular Buxoro ahlidan yig‘ilgani bilan o‘ziga xosdir.
Qozog‘istonlik Saule Suleymanova “Baxt keltiradigan donolik” ma’nosini anglatuvchi mazkur ishi bilan Markaziy Osiyo ayollari o‘zini ijodda qanday ifoda etishini aks ettirishni maqsad qilgan.
Foto: Saule Suleymenovaning Instagram sahifasidan
“Ushbu asar keksa yoshdagi ayollar duch keladigan marginallikka qarshi faol kurashib kelayotgan „Shiru shakar“ folklor ansamblidan nafaqaga chiqqan bir guruh ijrochilar bilan hamkorlikda yaratilgan”, — deydi Zebuniso.
“Hammaga mo‘ljallangan burchak”
Biyennaleda shuningdek, bir qarashda bolalarga mo‘ljallangandek tuyiladigan, ammo istalgan yoshdagi odam vaqt o‘tkazsa bo‘ladigan maydon ham diqqatdan chetda qolmaydi. Mediatorning qayd etishicha, aslida loyiha muallifi — rassom va teatr dizayneri Zi Qahramonovaning maqsadi ham shu bo‘lgan.
U hamma o‘zini uyidagidek qulay va xavfsiz his qiladigan “burchak” yaratishni istagan. Buni amalga oshirish uchun u buxorolik va ingliz mutaxassislar bilan maslahatlashgach, bolalar konstruksiyasi va tekstilidan foydalanib, 70 yillar vaybini eslatadigan maydoncha yaratgan.
“Bolaligimda, yozni bobom va buvimning orqa hovlisida — oila davrasida, taom va musiqalar og‘ushida o‘tkazardim. Iliqlik va an’analar bilan sug‘orilgan bu makon hamon mening uchun uyni ifodalaydi. Endi men o‘sha xotiralardan va ular uyg‘otadigan sog‘inchdan ilhomlanib, bu tuyg‘uni Buxoroda ildiz otgan boshqalarning his-tuyg‘ulari bilan bog‘layman. Bu installyatsiya ramziy unsurlardan tashkil topgan bo‘lib, uyimizdan uzoqda bo‘lganimizda sog‘inib qoladigan makonni aks ettiradi”, — degan ijodkor asari haqida gap ketganida.
“Nomsiz”
Boshqa miniatyuralardan odamlarsiz tasvirlangani bilan farq qiladigan mo‘'jazgina san’at asari arab va o‘zbek ramzlari yordamida tarixni aks ettirgan.
Vael Shavkiy va Jo‘rabek Siddiqovning bir qarashda me’morchilik, tog‘ va o‘simliklar ko‘zga tashlanadigan ushbu nomsiz asari Buxoroning VIII asrda Arab xalifaligi tomonidan bosib olinishi haqida so‘zlaydi.
Foto: Vael Shavkiyning Instagram sahifasidan
“Latundan yasalgan mazkur kandakorlik ishini yaratishda misrlik rassom o‘zbek miniatyuralaridan ilhomlangan. Arablar istilosidan keyin islom dinining asosiy markazlaridan biriga aylangan Buxoroga meros bo‘lib qolgan me’morchilik va oltin uslubni ko‘rsatishga uringan”, — deydi Zebuniso.
“Kosmopoetik”
Zamonaviy san’at asarlari orasida xotin-qizlar mavzusiga bag‘ishlangan loyihalar ham bir qancha. Buxoroning boy gilam to‘qish an’analaridan ilhomlanib, afrikalik ayollarning qishloq xo‘jaligi merosi bilan uyg‘unlashtirilgan “Kosmopoetik” asari ham shu jumladan.
Italiyalik Binta Diav va o‘zbekistonlik Zarnigor Mahmudova hamkorligida yaratilgan ushbu installyatsiyada xotin-qizlar xotira, bardosh va avloddan-avlodga o‘tadigan bilimlar egasi sifatida ulug‘lanadi. Shu bilan birga asar, O‘zbekistonning Afro-Osiyo aloqalaridagi tarixiy o‘rniga ham ishora qiladi.

“Soch Afrika ayollari uchin umid va erkinlik ramzi bo‘lgan. Migratsiya paytida xotin-qizlar guruchni soch o‘rami orasiga yashirib, olib yurgan. Muallif ayollar o‘zaro muloqot uchun turli soch o‘rish usullari va maxfiy kodlar yaratgani, vaqt o‘tishi bilan bu usullar tirik qolish vositasi, barqarorlik belgisi va xotira marosimiga aylanganiga e’tibor qaratishni xohlagan. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Afro-Osiyo mamlakatlarining ayollari orasida uchraydigan ilk soch o‘rish usuli haqida ham so‘z boradi”, — deydi Zebuniso Abdullayeva.

Matn va grafik materiallarga boʻlgan barcha huquqlar Gazetaʻga tegishli. Gazetaʻda eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan havola orqali tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda