Foto: Murodbek Yusuf / Gazeta
Mahallalar musiqasi
Troll.uz blogi muallifi Umid Gafurov bilan Buxoro bo‘ylab sayr
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bu gal jamoat faoli, Troll.uz loyihasi muallifi Umid Gafurov bilan Eski Buxoroni piyoda aylandik. U bilan o‘zbek blogosferasi, so‘z erkinligi, turizm va e’tirozlarga sabab bo‘lgan “Boqiy Buxoro” etnoparki haqida suhbatlashdik.
Gazeta va Yandex Music “Mahallalar musiqasi” loyihasini davom ettiradi. Bu gal jamoat faoli, Troll.uz loyihasi muallifi Umid Gafurov bilan Eski Buxoroni piyoda aylandik. U bilan o‘zbek blogosferasi, so‘z erkinligi, turizm va e’tirozlarga sabab bo‘lgan “Boqiy Buxoro” etnoparki haqida suhbatlashdik.
Umid Gafurov bilan uning bolaligi va o‘smirligi o‘tgan Ark mahallasida, yana ham aniqrog‘i, u katta bo‘lgan uy oldida ko‘rishdik. Bu mahalla Ark qo‘rg‘oni biqinida joylashgan bo‘lib, buxoroliklar orasida “Professorlar uyi” nomi bilan tanilgan.

“Yo‘l yoqasidagi bu ikki qavatli uylar taxminan bir asr oldin ilm ahli — dotsent va professorlar uchun qurilgan. Bobom kimyo fani bo‘yicha olim bo‘lgani bois ularga ham shu yerdan xonadon ajratilgan va keyinchalik hamma bu xonadonlarni xususiylashtirib olgan. Bu “dom"ga yetti yoshimda ko‘chib kelganmiz. Hozir bu yerda onam yashaydilar.

Bu uylar o‘tgan yili yaxshilab ta’mirlandi, bolalar maydonchasi ham qurildi. Yonimizda Ark bor, shu sabab bu yerlar “qizil hudud” hisoblanadi, ya’ni bu uylarni buzib, o‘rniga boshqa obyekt qurish mumkin emas. Shunga qaramay, bu uylarni buzib, o‘rniga biror boshqa narsa qurishlari mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarni ko‘p eshitamiz. Shuning oldini olish uchun bu uylar davlat muhofazasiga olinishini istardik", — deydi u.
Buxorodagi qurilishlar va buzilishlar haqida
Umid Gafurov 2016-yildan beri Toshkentda yashaydi. Yilda uch-to‘rt bor ona shahriga mehmon sifatida keladi. Aytishicha, buzilish va qurilishlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar uni har doim ham xursand qilavermaydi.

“Kichkinaligimda uyimiz oldidagi mana shu yo‘l yoqasiga bobom bilan har yili ko‘chatlar o‘tqazib, sug‘orardik. Daraxtlar ko‘pligidan uylar ham ko‘rinmasdi. Lekin 2007-yillarda mas’ullar hammasini kesib tashladi. Bugungi kunda hech bo‘lmasa suvsizlikka chidamli gullar ekilgan, shaharning ko‘p qismida shunday manzara”.
2000-yillarda qurilish va yo‘llarni kengaytirish bahonasida shahardagi ko‘plab daraxtlar kesilib ketgan. O‘sha vaqtlarda Ark qarshisidagi xiyobon ham hozirgidan-da qalinroq va yashilroq daraxtzor edi.

Mamlakatning boshqa shaharlarida, xususan, poytaxtda ham bo‘lgani singari, Buxorodagi qurilishlar ham bosh rejasiz amalga oshirilyapti. Blogerning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurilgan imoratlarning bir qismi hali ham kadastr hujjatlariga ega bo‘lmasligi mumkin, chunki qurilish noqonuniy bo‘lgan.

“Nazoratsiz qurilishlarni O‘zbekistonning asosiy muammolaridan biri, deb bilaman. To‘g‘ri, qonunchilikka qandaydir o‘zgartishlar kiritildi, ammo muammo butunlay yo‘qolib ketgani yo‘q”, — deydi Umid Gafurov.
U misol tariqasida Ark yaqinidagi tilla va gilam bozorlarini misol qilib keltiradi. Ushbu savdo majmualari, har qanday bozor singari, ko‘plab mahalliy aholi va turistlarni o‘ziga jalb qilardi, ya’ni, gavjum joylar edi. 2017-yili bu bozorlar ularning o‘rnida yangi savdo majmuasi qurish maqsadi bilan buzildi. Bu hududda hozirgacha hech qanday qurilish bo‘lgani, chunki eski bozorlar o‘rnida arxeologik yodgorliklar chiqib keldi.

2025-yil bahoridan boshlab bu yerda xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi ekspeditsiya bu yerda qazilma ishlarini olib boryapti. Oynavand devorlar orqali ularning ishini kuzatish ham mumkin. To‘g‘ri, boshqa vaqt bu joy xuddi tashlandiqdek, shamol bu yerdagi changni ko‘tarib, chor-atrofga yoyadi va oddiy o‘tkinchiga u hozir ochiq osmon ostidagi muzey yonidan o‘tib ketayotganini bildiruvchi biror belgi yo‘q.

Tilla va gilam bozorlariga qarama-qarshi tarafda esa boshqa bir — mebel bozori bor edi.

“Har kuni tongda non va qaymoq shu yerga olgani kelardik”, — deya eslaydi Umid Gafurov. Buzilib ketgan bozorlar bilan bog‘liq o‘tmish xotiralari uyg‘onganida, unda afsus hissi paydo bo‘ladi.
Buxoro zamonaviy san’at biyennalesi haqida
Umid Gafurov boy tarixga ega Buxoroi sharifda tug‘ilganidan hamisha fahrlanishini ta’kidlarkan, bugungi kunda bu ko‘hna shaharning turizm salohiyatidan to‘la foydanilmayotgani, shaharda infratuzilma lozim darajada yaxshi rivojlantirilmayotganini ham qayd etib o‘tdi.

“Yozda Buxoro juda issiq, shuning uchun turistlar ham kam keladi. Bu vaqtda shaharda tungi turizmni rivojlantirish mumkin. Shaharning tungi qiyofasi ham chiroyli, sayrbop. Faqat bunga yetarlicha e’tibor qaratish zarur. Hozir tungi vaqtda faqat muhim deb hisoblangan binolar yoritiladi, xolos, ammo shaharning qolgan qismi qorong‘i qoladi. Ehtimol, quyoshdan energiya olib tunda yonadigan chiroqlarni ko‘paytirish kerakdir. Albatta xarajat va daromadlar nisbatini hisoblab chiqish kerak.
Jahondagi ko‘plab tarixiy-turistik hududlarda sayyohlarning e’tibori tarixiy obidalar, sayyohlik obyektlaridan chalg‘imasligi uchun dizayn-kodga katta ahamiyat beriladi. Bizda esa vizual shovqin haddan ziyod ko‘p, hamma joyda “archa bayram”: bunday rang-baranglik ko‘zni chalg‘itadi. Buxoro kabi qadimiy shaharlarning go‘zalligi va tarixiy muhitini qanday qilib alohida ajratib ko‘rsatib berishni biladigan mutaxassislarni jalb qilish mumkin, deb hisoblayman.
“O‘lik mavsum” vaqtida ham yirik festivallar orqali turistlarni jalb qilish mumkin. Har holda, ko‘plab mamlakatlarda shunday tajriba mavjud.

Masalan, Buxoroda 5-sentabrdan 20-noyabrgacha o‘tkazilgan zamonaviy san’at biyennalesi kabi xalqaro tadbirlar ko‘proq va tez-tez bo‘lishi tarafdoriman. Bu tadbirga siyqasi chiqqan uslubda yondashilmagani, tarixiy va zamonaviy san’atning uyg‘unlashuvi menga juda yoqdi. Ko‘pchilik bu ko‘rgazma haqida ijobiy fikrlar bildiryapti. Mehmonxonalar, restoranlardagi ish yurituvchilar ham sayyohlar ko‘pligini, joylar tezda tugab qolayotganini aytdi. Mana shunday uzoq muddatli loyihalar bilan sayyohlar oqimini oshirish juda muhim", — deydi bloger.
“Mehmonxonada ishlaganim dunyoqarashimga ta’sir qilgan”
Umid Gafurov Eski shahardagi 9-maktabda o‘qigan. Ushbu ta’lim muassasasi hozirda O‘zbekiston xalq artisti Maryam Yoqubova nomi bilan ataladi.

“Uyimiz atrofida maktablar ko‘p. Ammo qarindoshlarim, akam va opam ham shu maktabda o‘qigani uchun meni ham shu yerga o‘qishga berishgan. Qolaversa, xolam shu yerda kimyo fani o‘qituvchisi edi. To‘qqiz yil umrim shu maktabda o‘tdi. Har kuni ertalab Eski shahar kesib, darsga kelardim. Ba’zan katta yo‘l bo‘ylab borib-kelardim. A’lochi o‘quvchilardan bo‘lganman, hatto bir yil stipendiya ham olgandim. Derazalari men o‘qigan vaqtlarda ham shunday edi. Maktabimiz ham tarixiy bino, shuning uchun uni boricha saqlash kerak, deb o‘ylayman. Bu ham bir tarix”, — deydi bloger.
Umid Gafurovning sayyohlar bilan gavjum ertaknamo shaharda tug‘ilib, shunday muhitda ulg‘aygani uning kasb tanlashiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Maktabni bitirgach, Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kirgan. Talabalik vaqti ikkita mehmonxonada ishlagan.
“O‘smirlik paytim ko‘cha-ko‘yda turistlar biror yordam so‘rasa, imkon qadar javob berib, tushuntirib yuborardim, ba’zan o‘zim aylantirardim ham. Ammo buni gidlik deb hisoblamaganman. Shunga qaramay, ayrim sayyohlar choychaqa ham berardi.

Universitetga turizm va mehmonxona xo‘jaligi yo‘nalishiga o‘qishga kirgan vaqtim “Fond Forum"ning ta’lim grantini yutib olganman. Lekin kundalik xarajatlarim uchun pul topish uchun 2-kursdan boshlab ikki yarim yilcha Labi Hovuz yaqinidagi Emir va Minzifa nomli mehmonxonalarda ishlay boshladim. Asosiy ishim mehmonlarni kutib olish, nonushtaga uyg‘otish va telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish edi.

O‘sha vaqtlarda men kabi administratorlar juda ko‘p pul topmasdi. 120 ming so‘m atrofida oylik olardim, bu yeb-ichishimga ham yetmasdi. Lekin mehmonxonada ishlash menga ko‘p narsa bergan: turistlar bilan suhbatlashib, turli jamiyat va madaniyat vakillaridan nimadir o‘rganganman, bu dunyoqarashimga ham ta’sir qilgan. Ingliz va fransuz sayyohlar ko‘p kelardi, inglizcha gaplashardik", — deydi Umid Gafurov.
Italiyadagi bir yillik o‘qish va unutilmas taasurotlar
U bakalavriatni Buxoro davlat universitetida tugatgach, bir yil turizm menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida ham o‘qigan. 2014-yili esa Erasmus dasturi orqali Italiyaning Boloniya universiteti talabasiga aylangan.
“Men universitetning Riminidagi kampusida o‘qiganman. Italiyaliklarning dunyoqarashi menga juda qiziq ko‘ringan. Bizning jamiyat moddiyat (materializm), ya’ni latta-putta, temir-tersak, mashina, uy qurish kabi narsalar ustiga qurilgan. U yerdagilarning bir-biriga, hayotga, tabiatga bo‘lgan munosabati butunlay boshqacha. Bu dunyoqarashimga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, deb o‘ylayman.

O‘qish payti stipendiya pullarimni ko‘proq sayohatga sarflay boshladim. Poyezdda sayohat arzon edi, shu bois kursdoshlar bilan Italiyaning ko‘p joylarida bo‘lganmiz. 20 yevroga chipta olib, Parijga uchganimiz kechagidek yodimda. Chet elda sayohat qilish bizda ko‘pchilik o‘ylaganidek juda katta xarajat talab qilmaydi. Ammo O‘zbekistonda, masalan, aviachiptalar qimmatligi uchun ko‘pchilik dunyo kezishga imkon topolmaydi. Vaholanki, sayohat inson uchun juda muhim.
O‘sha vaqtlarda oila a’zolarim ham, tanishlarim ham meni Yevropada qolib ketadi, deb o‘ylagan. Tan olay, o‘zimda ham shunday fikr bo‘lgan. Chunki Italiyada yaxshi daromadli ish topish muammo emas, imkoniyatlar ko‘p. Lekin o‘qishni bitirib, O‘zbekistonga qaytib kelganman va bundan sira afsuslanmayman", — deydi u.

Afsuski, O‘zbekistondagi universitet Umidning Italiyada o‘qigan bir yilini hisobga olmagan va magistrlik darajasini olish uchun O‘zbekistonning o‘zida ham yana bir yil qayta o‘qish taklif qilingan. Buning o‘rniga u ijtimoiy tarmoqlarga qiziqishi ortidan faoliyatini SMM sohasida davom ettirishga qaror qilgan. Bu Troll.uz nomli loyihaning boshlanishi edi.
Nima uchun Troll.uz?
Umid blogsferadagi ilk qadamlarini eslarkan, 2012-yili Facebook’da ona shahri Buxoro haqida ingliz tilida “Fairy Bukhara” nomli blog yaratib, uni yuritishni boshlaganini ta’kidlaydi. Sayyohlarni jalb qilish maqsadida ochilgan sahifaga shahardagi tarixiy obidalar, hunarmandchilik mahsulotlari haqida suratlar va postlar joylanardi. Ammo inglizcha blog bo‘lgani uchun yozganlari ommalashmasdi, layk va obunachilar yig‘ish qiyin edi, sahifa sekin rivojlanardi: yarim yil ichida atigi 500 ga yaqin obunachi to‘plagan.

“O‘sha vaqtda internet orqali tarmoqlardagi sahifalarni yuritish usullari haqidagi maqolani o‘qib qoldim. Unda hazil va kinoya sahifa qamrovini sezilarli darajada oshirishi mumkinligi yozilgan edi. Menda qiziqish paydo bo‘ldi va yangi sahifa ochishga qaror qildim. O‘sha vaqtlarda “Trollface” degan mem — masxaraomuz yovuz yuz tasvirlangan rasm juda ommalashgan edi. Aynan uni asos qilgan holda 2013-yil iyul oyida Facebook’da Troll.uz blogini boshladim. Birinchi oyning o‘zidayoq mingta obunachi to‘plandi. Keyinchalik, “Fairy Bukhara” sahifasini to‘xtatib, bor e’tiborimni Troll.uz'ga qaratdim.
Universitet talabasi bo‘lganligim uchun boshida talabalar hayotiga oid mavzu va muammolarni trolling, sarkazm, kinoya va hazilga o‘rab, olib chiqardim. 2014-yili Italiyaga o‘qishga ketganim bois loyiha bir yilcha to‘xtab qoldi. Yakuniy imtihonlarni ertaroq topshirganimdan so‘ng bo‘sh vaqtim paydo bo‘ldi va blogni bemalol yuritib, ijod qilish imkoni tug‘ildi. Yarim yilda 10 ming obunachi yig‘dim. O‘sha davrdagi Facebook uchun bu katta ko‘rsatkich edi. O‘quvchilarning ko‘payishi jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni ham yoritishimga turtki bo‘ldi.

Blogni anonim yuritganim tufayli sahifa egasi menligimni birov bilmasdi. “Sen O‘zbekistonda yashamaysan, shu sabab jur’atlisan, chet elda turib olib, tanqid qilish oson”, degan turli izohlar soni ham ko‘paydi. 2016-yilda Troll.uz asoschisi va admini men ekanligimni yozib, post joyladim va o‘zimni ko‘rsatgan holda videolar olishni boshladim. Shundan keyin “O‘zingni reklama qilyapsan”, degan fikrlar yozishdi. Odamlar na issiq va na sovuqqa ko‘nishini o‘shanda bilgandim (kuladi).
2014−2016-yillarda internetning o‘zbek segmentida maqtovli axborotlar ko‘p bo‘lardi. Tarmoqlarda jamiyatdagi vaziyatni boricha ko‘rsatadigan va o‘z qarashlarini yozadigan bloglar kam edi. Odamlar bir xil xabarlardan zerikkani uchun ularda muqobil axborotga ehtiyoj bor edi. Jamiyatdagi muammolarni kimdir aytishi kerak bo‘lgan paytda Troll.uz va sanoqli bloglar media maydonga kirib keldi. Shu tariqa foydalanuvchilar nazariga tushib, doimiy obunachilarimni topganman, deb o‘ylayman.

Ilgari biror muammo haqida eshitsam, buni yoritmasam bo‘lmaydi, juda muhim, degan fikrda postlar yozardim. Hozir esa qiziqish yo‘q. Chunki men yozmasam ham, boshqa blogerlar yoki jurnalistlar yoritishi mumkin. Hozir internet orqali muammoni ko‘tarish oson ishga aylandi, odamlar o‘z haqini talab qilyapti, bu albatta, ijobiy holat", — deydi Umid Gafurov.
O‘zbek blogsferasi va so‘z erkinligi haqida
“Bloger o‘z fikriga ega shaxs, shunisi bilan u jurnalistdan farq qiladi. Jurnalistda ham shaxsiy fikr bo‘ladi, albatta, ammo u bu fikrini o‘z materialida ishlata olmaydi, xulosa chiqarolmaydi. Chunki u ikki tarafni ham eshitishi kerak. Bloger esa o‘ziga yoqadigan mavzudagi shaxsiy fikrini o‘zi xohlagan ko‘rinishda — video, rasm yoki matn bilan ifoda etib ketaveradigan shaxs. Biroq bloger ham mas’uliyatni his qilishi kerak. Qonunchilikda javobgarlik mavjudligini, har bir xatosi, noto‘g‘ri gapi o‘ziga qarshi ishlashi ham mumkinligini ham esdan chiqarmasligi lozim.

Hozir pul ishlash qilish uchun, deylik, biror muammoni yoritib, evaziga xizmat haqi olaman, degan maqsadda blogerlikni boshlayotganlar ham yo‘q emas. Shunday toifa odamlar sabab ko‘pchilikning blogerlarga nisbatan munosabati salbiy tomonga o‘zgardi. Bloger — muammoni yorituvchi, olib chiquvchi, deb tushunadigan va qabul qiladigan qatlam paydo bo‘ldi. “Bloger faqat pul uchun ishlaydi, xalqni o‘ylamaydi”, degan fikr shakllanib ulgurdi. Vaholanki, taom tayyorlab, shuni videoga oladiganlar ham, avtomashina tuzatib, sahifa yuritadiganlar ham bloger", — deya tushuntiradi u.
Umid Gafurovning fikricha, so‘z erkinligi — chiroyli ibora va u o‘ta nisbiy tushuncha. So‘z erkinligi, bu — mas’uliyat bilan fikr bildirish degani, deb hisoblaydi bloger.
“Bizda ko‘pchilik so‘z erkinligini xohlagan gapini gapirish, deb tushunadi. Nazarimda, so‘z erkinligi, bu — mas’uliyat bilan fikr bildirishdir. Bloger bo‘lishni reja qilayotganlarga maslahat sifatida inson qayerda va qanday jamiyatda yashayotganini anglashi kerak, deb ta’kidlayman. Blogerlarning tayyorlagan postlari (xabarlari) ba’zan amaldorlarga yoqmasa, ba’zida jamiyatning o‘zi qabul qilmaydi. Ikkala taraf ham bloger tilidan o‘ziga yoqadigan gaplar chiqishini istaydi va shuni kutadi. Post yozishdan oldin: „Bu haqda yozaymi yoki yo‘qmi, tepadagilar qanaqa tushunadi, odamlar-chi?“, degan fikrlar bo‘ladi. O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga ta’sir qiluvchi omillarning ko‘pi jamiyat bilan bog‘liq, deb o‘ylayman”, — deydi u.
Umid Gafurov bilan sayrimiz davomida yo‘l-yo‘lakay O‘zbekistonda yagona hisoblangan milliy qo‘g‘irchoqlar muzey-ustaxonasiga ham kirib o‘tdik. Bloger bu ustaxonani 1-sinflik vaqtidan beri bilishini aytadi. 2024-yili shu yerda ishlovchi katta usta Zokir Jo‘rayev jamoatchilikka videomurojaat qilib, ustaxona yopilish yoqasida turganini ma’lum qilgandi. Tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng, Buxoro shahar hokimligi bino ustalar ixtiyorida qolishini bildirgandi.
“O‘tgan yili bu hunarmandlardan shu binoni olib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Videomurojaatni kanalimda chiqarib, o‘z noroziligimni ham yozgandim. Jamoatchilikning keskin munosabatidan keyin, ustalar binodan chiqarilmaydigan bo‘ldi. Dunyoning boshqa biror burchagida bunga o‘xshash muzey-ustaxonani topolmaysiz. Bu joy turistlarning ham sevimli manzili. Hozir qayerga qaramang, hammayoq yo dorixona, yo restoran. Lekin insonga ruhiy xotirjamlik berib, estetik didini shakllantiradigan mana shunday muzey-ustaxonalar ham kerak”, — deydi bloger.
“Boqiy Buxoro” parkining qurilishi haqida
Eski shahar bo‘ylab kechgan suhbatimiz Buxoroning tarixiy qismi bilan chegaradosh hududda qurilayotgan va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lgan “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki tomonga ko‘chdi. Loyiha 32,6 gektar hududni egallaydi. Uning qurilishi e’lon qilinganida, mahalliy aholi o‘z noroziligini bildirgan. Ular safiga Umid Gafurov ham qo‘shilgan.

“Men hozir ham bu qurilishga qarshiman. Ko‘plab mavjud ob’ekatlar: viloyat va shahar hokimliklari, 30 mln dollarga barpo etilgan viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi binolari, o‘rta ta’lim va san’at maktablari, “Buxoro Arena” stadioni buzib tashlandi. Sovet davrida qurilgan viloyat hokimligi binosi modernizm yodgorligi hisoblanardi.
Eski shaharning shundoq oldida unga taqlidan zamonaviy maket qurilayotgani juda g‘alati va mantiqsiz. Parkni shahardan tashqaridagi bo‘sh yerlarga qurish ham mumkin edi va shunda bu loyihani hatto qo‘llab-quvvatlash ham mumkin bo‘lardi. Misol uchun, Yangi Toshkent loyihasi shahar chekkasidagi bo‘sh maydonlarda qurilyapti, uning uchun poytaxtni buzib yuborishgani yo‘q-ku.
Hozir nima uchundir “Boqiy Buxoro” parkining qurilishi to‘xtatib qo‘yildi. Ish nega to‘xtab qolgani haqida har xil gap yuribdi: kimdir “investorlar fikridan qaytibdi” desa, boshqalar “pul yo‘qmish” deyapti. Loyihani puxta o‘ylab, hech qayerni buzmasdan qurishni reja qilish kerak edi", — deb hisoblaydi Umid Gafurov.
“Toshkent — mashinalarga moslashtirilgan shahar”
Umid Gafurov O‘zbekiston poytaxtida xotirjam sayr qilish mumkin bo‘lgan joylar barmoq bilan sanarli, deb hisoblaydi. U oilasi bilan Ekoparkka tez-tez borib turadi, Aytishicha, u yerda dam oluvchilar uchun har jihatdan sharoit yaratilgan.

“Central Park ham borishga arziydagan manzil. Yangi O‘zbekiston bog‘i sal uzoq bo‘lgani uchun u yerga ko‘p bormaymiz. Daraxatlar ko‘p, salqin va ko‘zga chiroyli ko‘rinadigan joylarga borish yoqadi, ammo bunday joylar juda kam. O‘zbekiston ovozi ko‘chasi ham piyodalar uchun moslashtirildi. Toshkentdagi boshqa ko‘chalar, aholi gavjum nuqtalarni ham piyodalar uchun shunday moslashtirishish kerak. Shunda ko‘pchilik oilasi bilan bemalol sayrga chiqa oladi.
Toshkentda tirbandlik muammosi tobora chuqurlashib boryapti. Bu muammoga qarshi kurashning turli yo‘llari bor. Shulardan biri — jamoat transportini rivojlantirish. Boshqa ko‘p davlatlarda mashinaga talab yo‘qligini ko‘raman. Avtotururgohlarga kirish asosan pullik va qimmat, shu sababli ham ko‘pchilik jamoat transportidan foydalanadi. U orqali istalgan joyingizga yetib olishingiz mumkin. Toshkent esa mashinalar uchun moslashtirilgan, unda avtoulovdan voz kechishni xohlab yuboradigan darajada namunali jamoat transporti tizimi yo‘q.

Shota Rustaveli ko‘chasining o‘rtasida avtobuslar uchun alohida yo‘lak qilingani, albatta, quvonarli holat. Bunday yo‘laklarni boshqa ko‘chalarda ham qilish, ularni ko‘paytirish kerak. Shuningdek, pullik parkovkalar paydo bo‘lganini ham — uning narxi va ba’zi ko‘chalardagi yondashuviga biroz e’tirozim borligini inobatga olmasa — umuman olganda, ijobiy qadam, deb hisoblayman. Haydovchilar endi pul to‘lashi kerakligini o‘ylab, tartibga tushyapti”, — deb xulosa qildi Troll.uz blogi muallifi Umid Gafurov.
Umid Gafurov sayr qilishni tavsiya etadi
Umid Gafurov tinglashni tavsiya etadi

Matnni Mirolim Isajonov tayyorladi

Fotosuratlar muallifi: Murod Yusuf.

Fotomuharrir: Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda