Foto: Dilruh Isomiddinova
“Iroda”da Gazeta fotomuxbiri — Murod Yusufning hikoyasi
“Paxtakor” klubi va Gazeta nashrining fotografi Murod Yusuf — “Iroda” loyihasi 16-sonining qahramoni bo‘ldi. U nega o‘qituvchi bo‘lish fikridan qaytgani, fotografiyaga qanday kirib qolgani, shuningdek, inklyuziya va odamlarning nega muhojirlikka ketishi haqidagi mulohazalari bilan bo‘lishdi.
“Paxtakor” klubi va Gazeta nashrining fotografi Murod Yusuf — “Iroda” loyihasi 16-sonining qahramoni bo‘ldi. U nega o‘qituvchi bo‘lish fikridan qaytgani, fotografiyaga qanday kirib qolgani, shuningdek, inklyuziya va odamlarning nega muhojirlikka ketishi haqidagi mulohazalari bilan bo‘lishdi.
Murod Yusuf sayohat qilishni, safar davomida manzaralar, ayniqsa qushlarni suratga olishni yoqtiradi. Odatda, bu yo‘nalishda ijod qiladigan fotograflar kerakli lahzani “ushlash” uchun pana joyda, uzoq payt poylashiga to‘g‘ri keladi. Lekin buning uchun vaqt xuddi toqat singari hadebam topilavermaydi.
Shu bois Murod tabiat qo‘ynida shunchaki atrofni diqqat bilan kuzatib, sayr qiladi. Qulay fursat bo‘lishi bilan kadrga muhrlaydi. Natijada esa Sultonhovuzdagi kabi ajoyib rasmlar paydo bo‘ladi.
Bolalik, paxta va muhojirlik
Ayni payt Toshkentda yashaydigan Murod Sirdaryoga tez-tez borib, oilasi davrasida ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlaydi. Lekin poytaxtning hech ado bo‘lmaydigan ish-u tashvishlarini deb yo‘lga chiqishga oyda bir imkon topadi. “Alisher Navoiy” MFY`ning uyiga eltuvchi, esini taniganidan beri asfaltga yolchimaydigan yo‘llari unga — “valsapiti"da “shumaxerlik qilish” sevimli mashg‘uloti bo‘lgan bolaligini eslatadi.
“
Garchi, ilk uchishda aravaning tagida qolishimga sal qolgan bo‘lsa-da, bolalikdagi eng yaxshi xotiralarim shu — haligacha hovlida turadigan ko‘k velosiped bilan bog‘liq. Uni 4-sinf paytimda, paxta terimidan kelgan pul evaziga sotib olganmiz. Umuman, kichkinaligimda paxta dalasida ko‘p vaqt o‘tkazganman. Yer chopishdan tortib, terimgacha bo‘lgan yumushlarda asosan onam faol bo‘lgan. U ko‘pincha 100−120 kg, ba’zan esa 150 kilogacha, men bo‘lsa ko‘pi bilan 20−30 kg paxta terardim.
Daladagi ish faqat paxta terimidan iborat bo‘lmagan. Kombaynning tepasiga chiqishni yoqtirgan Murod orada makkajo‘xorilarga “xo‘jayinchilik” qilgan. Amakilariga qo‘shilib, qovun ham ekkan. O‘zi ko‘pchilik dehqonchilik bilan shug‘ullangani uchun bu ishlar, xususan, qish kunlarida g‘o‘za poyasini o‘rish odatiy hol bo‘lgan. O‘rilgan poyadan tandirga o‘t yoqishda foydalanilgan.
“
Qishloq bolalari odatda mehnat bilan andarmon bo‘lib ba’zan katta-katta orzu qilolmasligi mumkin. Qo‘shimcha kurslarga borishga imkoni bo‘lsa, ba’zida bunga vaqt topilmaydi. Men bu kabi vaziyatlarni to‘g‘ri baholardim. Chunki ota-onam bizga yaxshi sharoit yaratish uchun imkon qadar harakat qilganini bilaman.
Uning otasi aslida sholikorlik bilan shug‘ullangan. Biroq guruch yetishtirishdan tushgan daromad xarajatlarni qoplashga yetmagach, u mavsumiy ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Yillar davomida o‘rmonda, avtomobil zavodida, orada chorva fermasida va bir muddat obodonlashtirishda faoliyat yuritgan.

Murodning ta’kidlashicha, aksari boyovutliklar bola-chaqa va ro‘zg‘or tashvishi sabab olis yurtlarda ishlaydi. Qishloqdagi ko‘plab uylarning qurib-ta'mirlanishi, yangi mashinalar olinishi, to‘ylar o‘tkazilishiga ko‘pincha shu — o‘zga ellardagi musofirlik badal bo‘ladi.
Migratsiya agentligining 2026-yil avgustdagi maʼlumotiga koʻra, qariyb 1,4 million Oʻzbekiston fuqarosi 40 ga yaqin davlatda ishlaydi.
“
Odamlar shunchaki havas uchun Rossiyaga ishlagani ketmaydi. Men taniganlarning aksariyati oilasining ehtiyojlarini qoplash, turmush sharoitini yaxshilash uchun bunga majbur bo‘lgan. Begona yurtda topadigan daromadining yarmini shu yerda ololsa — ko‘pchilik jon deb yaqinlarining yonida qolardi.
Murodning aytishicha, tag‘inam hozir muhojirlik geografiyasi ancha o‘zgargan — endi odamlar pul topish uchun faqat rus o‘lkasiga emas, Xorvatiya va Koreya kabi davlatlarga ham ketmoqda. Ishga ketgan, ketayotganlar orasida uning diplomli, maktabdosh tengqurlari ham bor.
May tongi
Murod tumandagi 3-sonli maktabda o‘qigan. Tabiiy fanlarga, ayniqsa geografiyaga juda ham qiziqqan. Bir necha bor olimpiadalarda qatnashgan. U uchun boshlang‘ich sinf — maktabdagi eng yaxshi yillari o‘tgan davr. Keyinchalik esa sinfdoshlariga unchalik qo‘shilolmagan. Buning sababini u 5-sinf paytidagi — bahor tongida sodir bo‘lgan voqea bilan bilan bog‘laydi.
реклама
реклама
“Garchi, bir kun oldin hammasi joyida bo‘lganiga qaramay, ertalab turganimda hech narsani eshitmaganman. Faqat qandaydir shovqin bor edi, xolos”, — deydi o‘sha voqea bilan bog‘liq tafsilotlar va shifokorlar masalasiga to‘xtalishni istamaydigan suhbatdoshimiz.

U dastlab ovoz kuchaytirgich taqqan, 8-sinfgacha esa eshitish apparatidan foydalangan. Keyinroq shovqin kuchayib, apparat ham ish bermay qo‘ygan. So‘ngra mutaxassislar implant qo‘ydirishni tavsiya qilgan. Lekin Murodning aytishiga qaraganda, koxlear qurilmasi hammaga ham birdek mos kelavermaydi. Mabodo, mos kelgan taqdirda ham narxi juda qimmat.
JSST`ning “Eshitish salomatligi bo‘yicha” hisobotiga ko‘ra, koxlear implantatsiya bilan bog‘liq xarajatlar Hindistonda 11,3 ming, Rossiyada 18 ming, Yangi Zelandiyada esa 34,3 ming dollarni tashkil etadi. O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumot yo‘q bo‘lgan ushbu hisobotdagi raqamlar — implant qurilmasining narxi bilan birga, operatsiya va unga bog‘liq tibbiy xizmatlar xarajatini qamrab oladi.

O‘zbekistonda-chi, operatsiya qildirish va implant tizimini sotib olish qanchaga tushadi?

O‘zi eshitish implantini o‘rnatish bo‘yicha bu kabi jarrohlik amaliyoti O‘zbekistonda 2017-yildan boshlab o‘tkаzilа boshlаgan. Bolalar milliy tibbiyot markazining ayni paytdagi rasmiy narxlar ro‘yxatida yozilishicha, koxlear implantatsiya operatsiyasining implant narxi kiritilgani ham kiritilmagani ham negadir bir xil -- 13 million 691 ming so‘m, ichki quloq anomaliyasi bo‘lgan holatlarda esa 20 million 757 ming so‘mni tashkil qiladi.

Koxlear implantatsiya xarajatlari mamlakat, ishlab chiqaruvchi, qurilma modeli va komplektatsiyasiga qarab farq qiladi. 2015-yilda 62−75 million so‘m turishi qayd etilgan. Bugungi kunda esa Cochlear va МED-EL kabi kompaniyalarining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutorlarining saytida implant tizimlarining narxi ochiq ko‘rsatilmagan.

2026-yilgi tenderlardagi boshlang‘ich qiymatlar va xarid qilinadigan tizimlar soniga ko‘ra, bir dona koxlear implant tizimining boshlang‘ich qiymati taxminan 125 million so‘mdan 158 million so‘mgachа bo‘lgan. Xususan, 100 dona tizimni xarid qilish uchun 13,23 milliard so‘m boshlang‘ich qiymat belgilangan. Bu bir dona tizim uchun 132,3 million so‘mga to‘g‘ri keladi.

Davlat xaridlaridagi ushbu ko‘rsatkichlar implant tizimlarining qiymati haqida umumiy tasavvur beradi. Biroq tenderlarda belgilangan boshlang‘ich narxlar bemorlar uchun taklif etiladigan chakana sotuv narxidan farq qilishi mumkinligini inobatga olish lozim.
“
Ba'zan eski, allaqachon unutilgan tovushlar, qo‘shiqlar quloqqa chalinayotgandek bo‘ladi. Kutilmaganda, qayta-qayta eshitilgandek tuyiladi. Keyin esa yo‘qolib, birdaniga tinchib qoladi. Yaqinlarimning ovozlarini esa asta-sekin unutib boryapman.
O‘qish, fotografiya va Gazeta
2021-yilda 11-sinfni tamomlagan Murod o‘qish uchun Toshkentga kelgan. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, O‘zbekiston Milliy universitetining talabasi bo‘lgan. Kirish imtihonlarida ham, tarix fakultetidagi darslarda ham qiynalmagan. Yaxshiroq o‘zlashtirish uchun esa ko‘proq mustaqil harakat qilgan.
“Eshitishida nogironligi bor o‘g‘il-qizlar asosan sport yo‘nalishiga o‘qishga topshiradi. Chunki boshqa fakultetlarda ma’ruzalar ko‘p. Darslarda esa imo-ishora tarjimoni bo‘lishi kerakligiga e’tibor berilmaydi”, — deydi u.

Universitetni bitirgach, o‘qituvchi bo‘lishni istagan qahramonimizning kasb borasidagi tanlovi amaliyot davomida o‘zgargan. Bunga maktablardagi ahvol, xususan, ustozlarga munosabat, past maoshlar va dars jarayonida inklyuziya bilan bog‘liq to‘siqlar ta’sir qilgan.
“
Ko‘pincha oliy ta’limda sharoit yaratish masalasi ko‘tariladi. Ammo o‘qish imkoniyati bilan birga, undan keyin munosib ish topish va mehnat faoliyatida boshqalar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lish ham muhim. Mutaxassislar boshqa omillar emas, bilimi, tajribasi va malakasiga qarab baholanishi kerak.
U IT kurslariga qatnab ko‘rgan, bir muddat reklama agentligida ham ishlagan. Orada telefonida xobbi uchun rasmga olib yurgan Murod 2021-yili ijtimoiy tarmoqlarda zaif eshituvchilar uchun fotografiya kursi bo‘layotganidan xabar topgan. Uning asoschisi — fotograf Husniddin Atoga qatnashmoqchiligi haqida yozib, kursning 2022-yildagisiga qo‘shilgan.

“Kursdagilarning ko‘pi o‘tgan yili ham qatnashgan, aksariyati esa tug‘ma eshitish imkoniyati cheklangan o‘quvchilar edi. Birinchi darsni kamera sozlamalari va rakurs tanlashni o‘rganishdan boshladik”, — deydi u.

1,5 yil davom etgan darslar yakuni bo‘yicha Toshkent Fotosuratlar uyida ko‘rgazma bo‘lib o‘tgan. Unda 9 nafar havaskor yoshlar, xususan, Murod Yusufning ishlari ham namoyish etilgan.
“O‘sha maxsus kurs doirasida Gazeta`da amaliyot o‘tay boshlaganman. Ilk bor 2024-yil martda, Mirolim Isajonov bilan rassom Akmal Nurning ko‘rgazmasidan reportaj tayyorlaganmiz. Suratlarim aks etgan maqola saytning bosh sahifasida turganini ko‘rgach, ichimda quvonch kapalaklari uchgan”, — eslaydi u.

U ommaviy axborot vositalari inklyuzivlikka befarq bo‘lmasligi darkor, deb biladi. Bu jamiyatdagi stereotiplarni o‘zgartirishga, odamlar duch kelayotgan to‘siqlarga e’tibor qaratish bilan birga, teng imkoniyatlar yaratilishiga ham xizmat qiladi. Ayniqsa, mas’ul idorayu vakolatli shaxslar o‘z vazifalarini bajarishi uchun muammo avval ommaga olib chiqilishi, so‘ng albatta yuqoridan aralashuv va tegishli ko‘rsatma berilishi tendensiyaga aylangan bugungi sharoitda OAVning roli yanada dolzarb.
“
Biror narsaning to‘g‘riligini anglash va bu haqda gapirish, tabiiyki, yaxshi. Lekin, menimcha, aytilayotgan gaplarning hayotga tatbiq etilishi, amalda unga qanchalik rioya qilinishi ko‘proq muhim. Nogironligi bo‘lgan insonlar bilan bog‘liq masalalarni muntazam yoritib keladigan Gazeta`ni men mana shunday quruq gaplar bilan cheklanmaydigan, yozayotganlariga o‘zi ham amal qiladigan nashrlardan deb bilaman. Masalan, birgina inklyuzivlik masalasida tahririyat nafaqat meni, balki Mariya Маlinovskaya va Gulnoza Adham singari hamkasblarimni qo‘llab-quvvatlagan — ularning fotolari ham saytda bir necha bor chiqqan.
2024-yildan buyon Gazeta`da Murodning turli mavzulardagi fotoreportajlari e’lon qilib kelinadi. Ularning orasida hayit nаmozidan, Beshyog‘och bozoridan, qorli Toshkentdan, shuningdek, turli sport musobaqalaridan olingan rasmlar bor.

Qolaversa, u XXV yozgi Surdlimpiya o‘yinlarini ustozi Husniddin Ato boshchiligidagi jamoa bilan birga yoritgan. Yaponiyadagi safari davomida esa u va boshqa ijodkorlarning 80 dan ortiq ishlari “O‘zbekistonlik kar va zaif eshituvchi fotosuratchilarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi"da namoyishga qo‘yilgan.
Murodning ta’kidlashicha, odamlar ko‘rgazmalarda fotosuratlarni tomosha qilib zavq olgani kabi, ijodkor uchun ham ijod jarayonining maroqli kechishi va undan ko‘ngli to‘lishi kerak. Kadrlar mazmunli bo‘lsa, bu zavq ikki hissa ortadi.

Murod bu eyforiyani hozir o‘zining Nikon Z6 II kamerasi orqali his qiladi. Oldinroq esa u ustozining fotoapparatidan foydalangan. Husniddin Ato u va boshqa o‘quvchilaridan faqat o‘z texnikalarinigina emas, bir umr asqatadigan ijodiy tavsiyalarini ham ayamagan.
“
Bu kasb menga ishonch va sevgan ishim orqali daromad topish imkonini berdi. Ungacha o‘zimni turli sohalarda sinab ko‘rgan bo‘lsam ham negadir ko‘nglim to‘lmasdi. O‘zi shunaqa — inson o‘zini, o‘ziga mos ishni va davrani topgunicha ko‘p narsani boshdan kechirarkan. Jarayonda nimadir o‘xshamasligi, natija turli bo‘lishi tabiiy hol. Asosiysi esa har qanday vaziyatda ham odam o‘zini qo‘lga olishi, barchasini tajriba deb bilishi lozim. To‘g‘risi, bularni o‘zim ham endi-endi yaxshiroq anglay boshladim.
Shaharsozlik, inklyuzivlik va muloqot
2025-yilning martidan buyon “Paxtakor” futbol klubining fotografi sifatida faoliyat yuritayotgan Murod skuter, moped va elektrosamokatlar ko‘paygani sabab ko‘chada harakatlanish xavfsiz emasligiga e’tibor qaratadi. Bundan tashqari, piyoda yo‘laklarining yetarli emasligi, ayrim joylaridagi uzilishlar, qolaversa, ba’zan mashinalarning trotuarning qoq o‘rtasiga qo‘yilishini ham hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolardan deb biladi.
Uning fikricha, ko‘chada turli yoshdagi va turli imkoniyatlarga ega insonlar o‘zini xavfsiz his qilishi kerak. Shunchaki, bir manzildan boshqasiga yetib olaman deb yo‘lga chiqqan odam boshqalarning qonunbuzarligi va e’tiborsizligini deb uyiga stress bilan qaytmasligi lozim.
“
Bir safar orqamdan mashina kelayotganini sezmay qolganman. Yonimdagilar meni yo‘lning chetiga tortib olishgan. Haydovchi esa to‘xtamasdan so‘kinib ketgan. Men unga hech narsa deya olmay qolganman. O‘sha paytda maktab ko‘chasida edim, u yerda alohida piyodalar yo‘lagi yo‘q, ko‘cha esa juda ham tor edi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, odatda jamoat transportidan foydalanishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmaydi. Transport qatnovi haqida telefonidagi ilovalardan xabardor bo‘lib turadi. Aeroport va vokzallarda esa kerakli ma’lumotni tablolar orqali oladi.

Bank xizmatlardan foydalanish ham unga qulay. Ayniqsa, Davlat xizmatlari markazlaridagi yozma muloqot va onlayn navbat imkoniyati ishlarini osonlashtiradi. Kichik do‘konlarda narxlarni so‘rashga to‘g‘ri kelishi sababli biroz noqulaylik sezadi, yirik supermarketlarda esa bunday muammo yo‘q.
Eng katta qiyinchilik esa tibbiyot muassasalarida yuzaga keladi. Davlat shifoxonalarida onlayn navbat tizimining yo‘qligi va shifokorlarning ma’lumotni tushunarli yetkazmasligi xizmatlardan foydalanishini qiyinlashtiradi. Xususiy klinikalardagi muloqot esa nisbatan qoniqarliroq.

“Garchi, hozir hammasi yaxshi bo‘lsa-da, men ba’zan o‘zimni “Osmondagi bolalar"da aytilgandek -- vokzalda qolib ketgan yo‘lovchi kabi his qilaman. Imo-ishora tilini mukammal o‘rgana olmadim. Shu bilan birga, jamiyatga ham kirishib keta olmayotgandekman. Bunga muloqot sabab bo‘lsa kerak. Menga telegram orqali yoki umuman yozma ravishda gaplashish qulay, telefondagi imkoniyatlardan esa bemalol foydalanaman. Umuman olganda esa hali hammasi yanada yaxshi bo‘lishiga, kun kelib o‘z poyezdimga chiqishimga ishonaman”, — deydi u.
Murod va maqsad
National Geographic bilan hamkorlikni maqsad qilgan hamkasbimiz aslida “Iroda"ning dastlabki sonlaridayoq loyihaga mehmon sifatida chaqirilgan. Biroq o‘shanda ishtirok etish taklifini rad qilgan. Bunga o‘zini “hali intervyu beradigan darajada yutuqlarga erishmaganman”, deb hisoblagani sabab bo‘lgandi.

Fotograf do‘stimizdagi bu kamtarlik qarshisida shlyapamizni yechamiz va uning bahonasida murodi odamlarning yutuqlariga urg‘u berish bo‘lmagan loyiha bilan bog‘liq muhim jihatlarga bir sidra to‘xtalamiz.
Gazeta`ning “qancha emas, qanday yashash (ni) muhim” bilgan “Iroda"si 2024-yil mayda — Madina A’zamning “gapiradigan” rasmlari va Muhrim A’zamxo‘jayev muharrirligi ostida boshlangan.

OIV statusini ommaga ochiqlаgan ilk o‘zbekistonlik qiz, reabilitatsiya uchun boshlagan sporti ortidan dunyo shohsupalariga chiqqan parasportchi va kutubxonachilikni hayotining eng yaxshi bobi deb biladigaн ayol haqida hikoyalarni jamlagan loyiha doirasida bugungacha 15 ta turkum maqola e’lon qilindi.

Qahramonlar orasida “orzuning ro‘yobiga xalal berayotgan infratuzilma"larni taнqid qilgan, normal jamiyat qurish uchun “imtiyoz emas, imkoniyat kerak"ligini ta’kidlaganlar bo‘ldi. Ular “insonlarga achinmang, hammadek munosabatda bo‘ling”, deya eslatdi. “Islohot yoki qaror qabul qilishda odamlarning turliligini inobatga olish kerak"ligi haqida gapirdi.
“Iroda” uchun respondentlarning orzu-intilishi, salohiyatiyu jamiyatda o‘z o‘rnini topish yo‘lidagi harakatlari muhim edi. Xayotiy hikoyalar bilan shaxslararo munosabatlar, oila va jamiyatdagi muammolarga oyna tutishni maqsad qildik. Shaxsiy tajribalar orqali shaharsozlik, tibbiyot va ta’lim kabi sohalardagi kamchiliklar insonlar hayotiga qanchalik ta’sir qilishini ko‘rsatmoqchi bo‘ldik (buni qanchalik uddalaganimizga esa siz — aziz o‘quvchi baho berishi lozim).
Odatda, maqsaddan chalg‘imaslik uchun ayni savollar berilgan bo‘lsa-da, materiallar suhbatdoshlarning dunyoqarashi va qismati singari turfa chiqdi. Kimningdir hikoyasida urg‘u shaxsiy hayotdagi pastu balandliklarda bo‘lsa, ba’zi sonlarda kundalik hayotdagi to‘siqlar, huquqlar masalasi ustuvor bo‘ldi.

Biz vatandoshlarning boshdan kechirganlari haqida boricha gapirib berishlarini haqiqiy iroda deb bildik. Bunga hurmat sifatida hikoyalarni bir qolipga solmaslikka, ularning pozitsiyasi va hayot falsafasidan kelib chiqib bayon qilishga harakat qildik. Intervyularni esa doim bir odat — qahramonlar qaysi masalada gaplashishni istamasliklari haqida so‘rashdan boshladik.
“Iroda"ning so‘nggi soni bo‘lgani uchun bu safar loyihada qatnashishga ko‘ngan Murod Yusuf bilan bo‘lgan suhbatda ham aynan shu an’anaga amal qildik.
Materialni Guliraʼno Musayeva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Foto: Dilruh Isomiddinova / Gazeta

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar Gazeta nashriga tegishli. Gazeta internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Made on
Tilda